Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish
Moddalar
61-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
62-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish
Quyidagilar:
mualliflarning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish;
ijrochining ismi-sharifga bo‘lgan va ijroni har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz qilinishidan himoya qilish huquqlarini buzish;
huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar obyektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish, ushbu Qonunga muvofiq shunday foydalanishga shartnoma tuzmasdan yo‘l qo‘yiladigan hollar bundan mustasno;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda haq to‘lash to‘g‘risidagi talablarni buzish;
asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha olingan huquqlarni oshirib yuborgan holda foydalanish;
huquq egalarining mulkiy huquqlarini boshqacha tarzda buzish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzishdir.
Asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining takrorlanishi yoki tarqatilishi mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan holda amalga oshiriladigan nusxalari kontrafakt nusxalardir. Ushbu Qonunga muvofiq muhofaza qilinadigan asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining bunday asarlarni va turdosh huquqlar obyektlarini muhofaza qilish to‘xtatilgan yoki hech qachon muhofaza qilinmagan davlatlardan huquq egalarining roziligisiz import qilinadigan nusxalari ham kontrafakt nusxalardir.
63-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalari
Asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanishni nazorat qiluvchi, muallif, turdosh huquqlar egasi yoxud asarlarga yoki turdosh huquqlar obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarning boshqa egasi tomonidan ruxsat etilmagan harakatlar amalga oshirilishining oldini oluvchi yoki ularni cheklovchi har qanday texnik qurilmalar yoxud ularning tarkibiy qismlari mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalari deb e’tirof etiladi.
Asarlarga yoki turdosh huquqlar obyektlariga nisbatan:
asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanishga doir mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalarining qo‘llanilishi yo‘li bilan belgilangan cheklashlarni olib tashlashga qaratilgan harakatlarni ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning ruxsatisiz amalga oshirishga;
har qanday qurilmani yoki uning tarkibiy qismlarini tayyorlashga, tarqatishga, prokatga berishga, vaqtinchalik tekin foydalanish uchun berishga, import qilishga, reklama qilishga, ulardan tijorat maqsadida foydalanishga yoxud xizmatlar ko‘rsatishga, agar bunday harakatlar natijasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalaridan foydalanish mumkin bo‘lmay qolsa yoki bunday texnika vositalari ko‘rsatilgan huquqlarning lozim darajada himoya qilinishini ta’minlamasa, yo‘l qo‘yilmaydi.
64-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida axborot
Asarni yoki turdosh huquqlar obyektini, muallifni, turdosh huquqlar egasini yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasini identifikatsiyalovchi har qanday axborot yoxud asardan yoki turdosh huquqlar obyektidan foydalanish shartlari haqidagi, asarning yoki turdosh huquqlar obyektining nusxasida mavjud bo‘lgan, ularga ilova qilingan yoxud bunday asarni yoki turdosh huquqlar obyektini barchaning e’tibori uchun yuborish yoxud barchaning e’tiboriga yetkazish munosabati bilan paydo bo‘ladigan axborot, shuningdek shunday axborotni o‘z ichiga olgan har qanday raqamlar va kodlar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi axborot deb e’tirof etiladi.
Quyidagilarga:
mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi axborotni ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning ruxsatisiz chiqarib tashlash yoki o‘zgartirishga;
mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi axboroti ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning ruxsatisiz chiqarib tashlangan asarlarni yoki turdosh huquqlar obyektlarini takrorlash, tarqatish, tarqatish maqsadida import qilish, omma oldida ijro etish, barchaning e’tibori uchun yuborishga, barchaning e’tiboriga yetkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
65-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish usullari
Muallif, turdosh huquqlar egasi yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasi huquqbuzardan quyidagilarni talab qilishga haqli:
huquqlarni tan olishini;
huquq buzilishidan oldingi holatni tiklashini va huquqni buzadigan yoki uning buzilishi xavfini yuzaga keltiradigan harakatlarni to‘xtatishini;
huquq egasining huquqi buzilmagan taqdirda, u fuqarolik muomalasining odatdagi sharoitlarida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadi miqdoridagi zararlarning o‘rnini qoplashini. Agar huquqbuzar mualliflik huquqi yoki turdosh huquqlarni buzish oqibatida daromadlar olgan bo‘lsa, huquq egalari boshqa zararlar bilan bir qatorda boy berilgan foydani bunday daromadlardan kam bo‘lmagan miqdorda qoplashini;
zararlar yetkazilishi faktidan qat’i nazar, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning aybi darajasidan kelib chiqib ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda to‘lanishi lozim bo‘lgan tovonni to‘lashini;
ushbu Qonunda belgilangan huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralar ko‘rishini.
Muallif va ijrochi o‘z huquqlari buzilgan taqdirda, huquqbuzardan ma’naviy ziyon qoplanishini talab qilishga haqlidir.
Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot mulkiy huquqlarini boshqarish shunday tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan shaxslarning buzilgan mualliflik huquqlari va turdosh huquqlarini himoya qilib qonunda belgilangan tartibda o‘z nomidan ariza bilan sudga murojaat etishga haqlidir.
65-modda. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish usullari (davomi)
Mualliflik huquqi yoki turdosh huquqlar buzilishining oldini olish yoki uni to‘xtatish uchun zarur choralar ko‘rish natijasida uchinchi shaxslarga yetkazilgan zararlar, shuningdek bunday choralarni amalga oshirgan shaxs ko‘rgan zararlar huquqbuzar hisobidan undirib olinishi kerak.
66-modda. Asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalarini musodara qilish
Asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalari, shuningdek ularni tayyorlash va takrorlashda foydalaniladigan materiallar va asbob-uskunalar hamda sodir etilgan huquqbuzarlikning boshqa vositalari qonunchilikka muvofiq sud tartibida musodara qilinadi.
Asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining musodara qilingan kontrafakt nusxalari yo‘q qilinishi kerak, ularni huquq egasiga uning iltimosiga binoan topshirish hollari bundan mustasno.
Bilimingizni sinang
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar qanday javobgar bo‘ladi?
- Belgilangan tartibda
- Faqat jinoiy tartibda
- Faqat ma’muriy tartibda
- Javobgar bo‘lmaydi
To‘g‘ri javob: Belgilangan tartibda. 61-moddaga ko‘ra aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Quyidagilardan qaysi biri mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish hisoblanadi?
- Qonunda ruxsat berilgan hollarda asardan roziliksiz va haqsiz erkin foydalanish
- Muallifning roziligi bilan asarni shartnoma asosida chop etib tarqatish
- Huquq egasi bilan tuzilgan shartnoma doirasida asardan foydalanish
- Huquq egasi bilan shartnoma tuzmasdan asarni takrorlash yoki tarqatish
To‘g‘ri javob: Huquq egasi bilan shartnoma tuzmasdan asarni takrorlash yoki tarqatish. 62-moddaga ko‘ra shartnoma tuzmasdan takrorlash yoki tarqatish buzishdir (qonunda ruxsat etilgan hollar mustasno).
Shartnoma bo‘yicha olingan huquqlarni oshirib yuborgan holda asardan foydalanish nima hisoblanadi?
- Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish
- Qonunda ruxsat etilgan erkin foydalanish turi
- Shartnomaga muvofiq qonuniy foydalanish turi
- Asarni prokatga berishning qonuniy shakli
To‘g‘ri javob: Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish. 62-moddaga ko‘ra olingan huquqlarni oshirib yuborgan holda foydalanish buzishdir.
Kontrafakt nusxalar nima?
- Muallif roziligi bilan qonuniy tarzda tayyorlangan va huquq egasi ruxsat bergan asar nusxalari
- Faqat chet elda chop etilgan va O‘zbekistonga rasmiy yo‘l bilan olib kirilgan asar nusxalari
- Eskirgan nashrlar bo‘lib, muallif huquqlari muddati tugagan asarlarning kutubxonadagi nusxalari
- Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan holda takrorlangan yoki tarqatilgan nusxalar
To‘g‘ri javob: Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan holda takrorlangan yoki tarqatilgan nusxalar. 62-moddaga ko‘ra kontrafakt nusxalar — huquqlarni buzgan holda takrorlangan yoki tarqatilgan nusxalardir.
Muhofaza to‘xtatilgan yoki hech qachon berilmagan davlatlardan huquq egalari roziligisiz import qilingan nusxalar qanday hisoblanadi?
- Prokat uchun nusxalar
- Qonuniy nusxalar turi
- Rasmiy nusxalar turi
- Kontrafakt nusxalar
To‘g‘ri javob: Kontrafakt nusxalar. 62-moddaga ko‘ra bunday nusxalar ham kontrafakt hisoblanadi.
Kazus: Noshir Aliyev muallifning kitobini unga hech narsa demasdan 5000 nusxada qayta chop etdi. Bu harakat qanday baholanadi?
- Hech qanday buzilish yo‘q, chunki noshir qonuniy huquqqa ega
- Qonuniy prokat, chunki noshir nusxalarni vaqtincha berdi
- Qonuniy erkin foydalanish, nusxalar kontrafakt hisoblanmaydi
- Mualliflik huquqini buzish; nusxalar kontrafakt hisoblanadi
To‘g‘ri javob: Mualliflik huquqini buzish; nusxalar kontrafakt hisoblanadi. 62-moddaga ko‘ra shartnomasiz takrorlash va tarqatish buzishdir, nusxalar kontrafakt.
«Mualliflik huquqi» qonuni — 63-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalari
- Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
- Asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalarini musodara qilish
- Nizolarni hal qilish
To‘g‘ri javob: Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalari. 63-modda: Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalari.
«Mualliflik huquqi» qonuni: «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalari» qaysi moddada belgilangan?
- 66-modda
- 63-modda
- 69-modda
- 67-modda
To‘g‘ri javob: 63-modda. 63-modda: Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qiluvchi texnika vositalari.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash