XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida» qonun · 19–24-m.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini rejalashtirish, tashabbus qilish va tayyorlash

Moddalar

19-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashni rejalashtirish

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashni rejalashtirish, qoida tariqasida, huquqiy jihatdan tartibga solish talab qilinadigan muammolarni aniqlash va tahlil qilish yakunlari bo‘yicha tayyorlanadigan norma ijodkorligi ishining rejalari (dasturlari) doirasida amalga oshiriladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish yoki qonunchilik normalarini takomillashtirish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashning joriy (yarim yillik va yillik) hamda istiqbolga (bir yildan ortiq muddatga) mo‘ljallangan rejalarini (dasturlarini) ishlab chiqishi va tasdiqlashi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash rejalarida (dasturlarida) quyidagilar ko‘rsatiladi:

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining nomi;

ijtimoiy munosabatlarning u yoki bu sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish holatining tavsifi;

huquqiy jihatdan tartibga solishni talab qiladigan muammolarning tavsifi, ularning kelib chiqish sabablari va sharoitlarining tahlili;

huquqiy jihatdan tartibga solishni talab qiladigan muammolarning kelib chiqish sabablari va sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini qabul qilish zarurligining asosi;

moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar — moddiy xarajatlar talab qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari uchun;

normativ-huquqiy hujjatlarning turlari;

19-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashni rejalashtirish (davomi)

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash muddatlari;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlar;

normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan taqdirda, kutilayotgan natijalar, shu jumladan tartibga solish ta’sirini baholash o‘tkazilgan hollarda uning natijalari.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni rejalashtirish tartibi normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organ yoki normativ-huquqiy hujjatning loyihasini tayyorlashni amalga oshiruvchi tashkilot (bundan buyon matnda ishlab chiquvchi deb yuritiladi) tomonidan belgilanadi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash rejalari (dasturlari) majburiy tartibda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan tegishli organlarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.

20-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashni tashabbus qilish

O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini tayyorlashni tashabbus qilishga faqat, basharti davlat organlarida ko‘tarilayotgan masalalarni yoki muammolarni qonunchilikda nazarda tutilgan mexanizmlar va ma’muriy tartib-taomillar orqali hal etish vakolatlari mavjud bo‘lmasa, yo‘l qo‘yiladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar tegishli davlat organlariga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash to‘g‘risida takliflar kiritishga haqli.

21-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash

Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash quyidagi bosqichlardan iborat:

normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash to‘g‘risidagi taklifni ko‘rib chiqish va loyihani tayyorlash haqida qaror qabul qilish;

normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashkiliy-texnikaviy va moliyaviy jihatdan ta’minlash;

normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan materiallarni va axborotni to‘plash;

tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazish;

imtiyozlarni belgilashning hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan va davlat maqsadli jamg‘armalaridan mablag‘lar ajratishning maqsadga muvofiqligini asoslash;

normativ-huquqiy hujjat loyihasining matnini tayyorlash;

huquqiy va boshqa zarur ekspertizani o‘tkazish;

normativ-huquqiy hujjat loyihasiga doir tushuntirish xatini loyihaning konsepsiyasini bayon etgan holda tayyorlash.

Eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishdan oldin uning tayyorlanishi haqidagi axborot normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtiriladi hamda jamoatchilik muhokamalari ishtirokchilaridan kelib tushgan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflar inobatga olingan holda normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi davlat tilida tayyorlanadi. Zarur bo‘lganda, u boshqa tilga tarjima qilinishi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiquvchi tomonidan tayyorlash hamda tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish muddati, agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlarida boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, ikki oydan kam etib belgilanishi mumkin emas.

21-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash (davomi)

O‘zbekiston Respublikasining qonunlari loyihalarini tayyorlashning va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishning o‘ziga xos xususiyatlari “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.

22-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashkil etish

Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun ishlab chiquvchi tomonidan ishchi guruh (komissiya) tashkil etilishi mumkin.

Ishchi guruh (komissiya) tarkibiga ishlab chiquvchi bo‘linmalarining, tegishli tarmoqlar holati va rivojlanishi uchun javobgar bo‘lgan vazirliklarning yoki idoralarning, boshqa manfaatdor davlat organlarining, ilmiy va boshqa tashkilotlarning vakillari, shuningdek fuqarolar kiritilishi mumkin. Bunda nodavlat tashkilotlar vakillari, shuningdek fuqarolar o‘z roziligi bilan ishchi guruh (komissiya) tarkibiga kiritiladi.

Ishchi guruh (komissiya) a’zolari normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan bilim va tajribaga ega bo‘lishi kerak.

Ishlab chiquvchi ishchi guruhning (komissiyaning) faoliyatini ta’minlash uchun davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan materiallarni, statistika ma’lumotlarini hamda boshqa ma’lumotlarni olishga, normativ-huquqiy hujjatning loyihasi yuzasidan ilmiy va boshqa tashkilotlarning, olimlar va mutaxassislarning maslahatlari hamda tavsiyalarini, shuningdek ekspertlar xulosalarini olishga haqlidir.

Normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organ, zarur bo‘lganda, normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni davlat organlariga, ilmiy va boshqa tashkilotlarga, ayrim fuqarolarga belgilangan tartibda, o‘z vakolatlari doirasida topshirishga yoki ularga shartnoma asosida buyurtma berishga haqlidir.

22-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashkil etish (davomi)

Normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organ, zarur bo‘lganda, normativ-huquqiy hujjatlarning muqobil loyihalarini tayyorlashni bir nechta davlat organiga, ilmiy va boshqa tashkilotlarga, ayrim fuqarolarga belgilangan tartibda, o‘z vakolatlari doirasida topshirishga yoki ularga shartnoma asosida buyurtma berishga, shuningdek eng yaxshi normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun tanlovlar o‘tkazishga haqlidir.

Vazirliklar va idoralarning, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashga doir ishlarini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

23-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda qonunchilikning holatini, qo‘llanilish amaliyotini, jamoatchilik fikrini va xalqaro tajribani o‘rganish

Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda ishlab chiquvchi:

qonunchilikning holatini, normativ-huquqiy hujjat loyihasining huquqiy jihatdan tartibga solish predmeti bo‘yicha qo‘llanilish amaliyotini o‘rganadi;

ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘shliqlar va ziddiyatlarni, shuningdek huquqiy jihatdan tartibga solishga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojni, qonunchilikning samaradorligiga ta’sir etuvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlaydi;

ijtimoiy munosabatlarning tegishli sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni aniqlash nuqtai nazaridan qonunchilikni xatlovdan o‘tkazadi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, shuningdek ayrim fuqarolarning takliflarini, ommaviy axborot vositalarining materiallarini, ilmiy va boshqa tashkilotlarning, olimlar hamda mutaxassislarning maslahatlari va tavsiyalarini, jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalari ma’lumotlarini umumlashtiradi hamda ulardan foydalanadi;

xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalarini hisobga oladi, shuningdek boshqa davlatlardagi huquqiy jihatdan tartibga solish borasidagi tajribani o‘rganadi;

normativ-huquqiy hujjat loyihasining huquqiy jihatdan tartibga solish predmetiga taalluqli ilmiy tadqiqotlar natijalarini, ommaviy axborot vositalaridagi, Internet jahon axborot tarmog‘idagi maqolalarni, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘rganadi;

23-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda qonunchilikning holatini, qo‘llanilish amaliyotini, jamoatchilik fikrini va xalqaro tajribani o‘rganish (davomi)

normativ-huquqiy hujjatni amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan moliyaviy-iqtisodiy xarajatlarga bo‘lgan ehtiyojni, ularning o‘rnini qoplash miqdorlari va manbalarini belgilaydi.

O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalari “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda umumxalq muhokamasiga qo‘yilishi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik yoki mutaxassislar muhokamasiga olib chiqiladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi manfaatdor davlat organlarining, shuningdek fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining, o‘zga tashkilotlarning vakillari, olimlar, mutaxassislar va fuqarolar ishtirokida o‘tkaziladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining mutaxassislar muhokamasi tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalarining, tarmoqlarning vakillari ishtirokida o‘tkaziladi.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasining jamoatchilik yoki mutaxassislar muhokamasi ishtirokchilari ishlab chiquvchi tomonidan loyihaning matni bilan oldindan tanishtirilishi kerak.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasining muhokamasi jarayonida bildirilgan takliflar va fikr-mulohazalar tavsiya xususiyatiga ega hamda ishlab chiquvchi tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim. Normativ-huquqiy hujjat loyihasining muhokamasi materiallari normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga ko‘rib chiqish uchun normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritish bilan bir vaqtda kiritiladi.

24-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi

Ishlab chiquvchi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (bundan buyon matnda portal deb yuritiladi) jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda joylashtiriladi.

Ishlab chiquvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini portalga uni normativ-huquqiy hujjat qabul qiluvchi organga kiritishdan oldin joylashtiradi.

Ishlab chiquvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasining portaldagi jamoatchilik muhokamasi muddatini tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda belgilaydi hamda bu muddat portalda normativ-huquqiy hujjat loyihasi joylashtirilgan kundan e’tiboran o‘n besh kundan kam bo‘lmasligi kerak.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilaridan tushgan fikr-mulohazalarni va (yoki) takliflarni hisobga olishni ishlab chiquvchi qabul qilingan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflarga muvofiq loyihani maromiga yetkazish yo‘li bilan amalga oshiradi.

Kelib tushgan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflar rad etilgan taqdirda, ishlab chiquvchi ularni rad etish sababini asoslashi shart.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi natijalari, qoida tariqasida, kelib tushgan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflarni ko‘rib chiqish natijalari ko‘rsatilgan holda tegishli vazirliklar, idoralar hamda boshqa tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga (huquqiy ekspertiza uchun) va normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga (ko‘rib chiqish uchun) kiritiladi.

Bilimingizni sinang

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashning istiqbolga mo‘ljallangan rejalari qancha muddatdan ortiq davrga tuziladi?
  1. Olti oydan
  2. Uch yildan
  3. Bir yildan
  4. Ikki yildan

To‘g‘ri javob: Bir yildan. Istiqbolga mo‘ljallangan rejalar bir yildan ortiq muddatga tuziladi, joriy rejalar yarim yillik va yillik bo‘ladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi Qonunga ko‘ra, loyihalarni tayyorlashni rejalashtirish, qoida tariqasida, qaysi doirada amalga oshiriladi?
  1. Muammolarni aniqlash va tahlil qilish yakunlari bo‘yicha tayyorlanadigan norma ijodkorligi ishining rejalari (dasturlari) doirasida
  2. Faqat Prezidentning alohida topshiriqlari doirasida, norma ijodkorligi ishining rejalari (dasturlari) hisobga olinmagan holda
  3. Sud amaliyotini umumlashtirish yakunlari bo‘yicha tayyorlanadigan sudlarning yillik ish rejalari va hisobotlari doirasida
  4. Faqat jamoatchilik so‘rovnomalari natijalari bo‘yicha tayyorlanadigan takliflar ro‘yxati doirasida, hech qanday rejalarsiz

To‘g‘ri javob: Muammolarni aniqlash va tahlil qilish yakunlari bo‘yicha tayyorlanadigan norma ijodkorligi ishining rejalari (dasturlari) doirasida. 19-moddaga ko‘ra, rejalashtirish muammolarni tahlil qilish yakunlari bo‘yicha tayyorlanadigan norma ijodkorligi ishi rejalari (dasturlari) doirasida amalga oshiriladi.

Loyihalarni tayyorlash rejalarida (dasturlarida) moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar qaysi loyihalar uchun ko‘rsatiladi?
  1. Barcha loyihalar uchun istisnosiz, moddiy xarajatlar talab etilishidan qat’i nazar
  2. Faqat qonunlar loyihalari uchun, boshqa hujjatlar loyihalari uchun ko‘rsatilmaydi
  3. Moddiy xarajatlar talab qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari uchun
  4. Faqat xalqaro shartnomalar loyihalari uchun, boshqa loyihalar uchun emas

To‘g‘ri javob: Moddiy xarajatlar talab qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari uchun. 19-moddaga ko‘ra, moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar moddiy xarajatlar talab qilinadigan loyihalar uchun ko‘rsatiladi.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni rejalashtirish tartibini kim belgilaydi?
  1. Hujjat qabul qilish huquqiga ega organ yoki loyihani tayyorlashni amalga oshiruvchi tashkilot (ishlab chiquvchi)
  2. Faqat Konstitutsiyaviy sud, hujjat qabul qilish huquqiga ega organ bu tartibni belgilashga aralashmaydi
  3. Faqat Markaziy saylov komissiyasi, shu jumladan boshqa davlat organlari ishlab chiquvchi bo‘la olmaydi
  4. Faqat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, davlat organlari rejalashtirish tartibini belgilay olmaydi

To‘g‘ri javob: Hujjat qabul qilish huquqiga ega organ yoki loyihani tayyorlashni amalga oshiruvchi tashkilot (ishlab chiquvchi). 19-moddaga ko‘ra, rejalashtirish tartibini hujjat qabul qilish huquqiga ega organ yoki ishlab chiquvchi belgilaydi.

Vazirlik yillik reja (dastur) tasdiqladi, ammo uni rasmiy veb-saytiga joylamadi. Qonunga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Reja joylanmasa ham, qonunga zid emas: veb-saytda e’lon qilish majburiy emas
  2. Reja faqat bosma gazetada e’lon qilinishi shart, veb-saytga joylash talab etilmaydi
  3. Reja faqat Adliya vazirligi saytida e’lon qilinishi shart, vazirlik saytida emas
  4. Vazirlik qonunga zid ish tutgan: rejalar rasmiy veb-saytda majburiy e’lon qilinadi

To‘g‘ri javob: Vazirlik qonunga zid ish tutgan: rejalar rasmiy veb-saytda majburiy e’lon qilinadi. 19-moddaga ko‘ra, rejalar (dasturlar) majburiy tartibda rasmiy veb-saytlarda e’lon qilinadi.

Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi Qonunda «ishlab chiquvchi» deganda kim tushuniladi?
  1. Faqat hujjatni imzolovchi mansabdor shaxs, loyihani tayyorlashni amalga oshiruvchi tashkilot esa emas
  2. Faqat sud hay’ati a’zosi sifatida ishtirok etuvchi shaxs, boshqa organlar va tashkilotlar esa emas
  3. Hujjat qabul qilish huquqiga ega organ yoki loyihani tayyorlashni amalga oshiruvchi tashkilot
  4. Faqat loyihani nashr etuvchi tahririyat, hujjat qabul qilish huquqiga ega organ esa emas

To‘g‘ri javob: Hujjat qabul qilish huquqiga ega organ yoki loyihani tayyorlashni amalga oshiruvchi tashkilot. 19-moddaga ko‘ra, ishlab chiquvchi — qabul qiluvchi organ yoki loyihani tayyorlashni amalga oshiruvchi tashkilot.

Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi Qonunga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash to‘g‘risida kimlar takliflar kiritishga haqli?
  1. Faqat deputatlar va senatorlar
  2. Faqat vazirlar va hokimlar
  3. Faqat prokurorlar va sudyalar
  4. Jismoniy va yuridik shaxslar

To‘g‘ri javob: Jismoniy va yuridik shaxslar. 20-moddaga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar loyihalarni tayyorlash to‘g‘risida takliflar kiritishga haqli.

Qonun hujjatlari, Prezident farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari loyihalarini tayyorlashni tashabbus qilishga qaysi holatda yo‘l qo‘yiladi?
  1. Davlat organlarida ko‘tarilayotgan masalani qonunchilikdagi mexanizmlar va ma’muriy tartib-taomillar orqali hal etish vakolati bo‘lmasa
  2. Davlat organi ko‘tarilayotgan masalani qonunchilikdagi mexanizmlar va ma’muriy tartib-taomillar orqali hal etish vakolatiga ega bo‘lsa ham
  3. Har qanday holatda istisnosiz, davlat organlarida masalani mexanizmlar orqali hal etish vakolati bor-yo‘qligidan qat’i nazar
  4. Faqat jamoatchilik tashkiloti talab qilsa, davlat organlarida masalani mexanizmlar orqali hal etish vakolati bor-yo‘qligidan qat’i nazar

To‘g‘ri javob: Davlat organlarida ko‘tarilayotgan masalani qonunchilikdagi mexanizmlar va ma’muriy tartib-taomillar orqali hal etish vakolati bo‘lmasa. 20-moddaga ko‘ra, tashabbusga faqat masalani mavjud mexanizmlar orqali hal etish vakolatlari bo‘lmasa yo‘l qo‘yiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘zbekiston Respublikasining qonunchilik tizimi (2/2)Keyingi →Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ekspertizadan o‘tkazish va kelishish