Ota-onaning shaxsiy nomulkiy huquq va majburiyatlari (1/2)
Iv Bo‘Lim. Ota-Ona Hamda Voyaga Yetmagan Bolalarning Huquq Va Majburiyatlari
71-modda. Ota-ona huquq va majburiyatlarining tengligi
Ota-ona o‘z bolalariga nisbatan teng huquq va majburiyatlarga egadirlar (ota-onalik huquqlari). Ushbu bobda nazarda tutilgan ota-onalik huquqlari bolalar o‘n sakkiz yoshga to‘lganlarida (voyaga yetganda), shuningdek voyaga yetmagan bolalar nikohga kirganlarida hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda bolalar voyaga yetmasdan to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lganlarida tugaydi.
72-modda. Voyaga yetmagan ota-onaning huquqlari
Voyaga yetmagan ota-ona o‘z bolasi bilan birga yashash va uning tarbiyasida ishtirok etish huquqiga ega.
O‘zaro nikohda bo‘lmagan voyaga yetmagan ota-ona ulardan bola tug‘ilganda hamda ularning onaligi va (yoki) otaligi belgilanganda o‘n olti yoshga to‘lishlari bilan ota-onalik huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirishga haqlidirlar. Voyaga yetmagan ota-ona o‘n olti yoshga yetgunga qadar, bolani voyaga yetmagan ota-ona bilan birgalikda tarbiyalash uchun bolaga vasiy tayinlanishi mumkin. Bolaning vasiysi bilan voyaga yetmagan ota-ona o‘rtasida kelib chiqadigan kelishmovchiliklar vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.
Voyaga yetmagan ota-ona o‘z otaligi va onaligini umumiy asoslarda e’tirof etish yoki bunga e’tiroz bildirish huquqiga egadir.
73-modda. Ota-onaning bolalarga ta’lim-tarbiya berishga oid huquq va majburiyatlari
Ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart.
Ota-ona o‘z bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular o‘z bolalarining sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishlari shart.
Ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalashda boshqa barcha shaxslarga nisbatan ustun huquqqa ega.
Ota-ona bolalarining qonunchilikda belgilangan zarur darajada ta’lim olishini ta’minlashi shart.
74-modda. Bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ota-onaning huquq va majburiyatlari
Bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ularning ota-onasi zimmasiga yuklatiladi.
Ota-ona o‘z bolalarining qonuniy vakillari hisoblanadilar hamda har qanday jismoniy va yuridik shaxslar bilan bo‘lgan munosabatlarda, shu jumladan sudda alohida vakolatsiz ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladilar.
Vasiylik va homiylik organi tomonidan ota-ona va bolalar manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik borligi aniqlanganda, ota-ona o‘z bolalarining manfaatlarini himoya qilishga haqli emas. Ota-ona va bolalar o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lganda vasiylik va homiylik organi bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun vakil tayinlashi shart.
75-modda. Ota-onalik huquqini amalga oshirish
Ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emas. Bolalarning eng ustun manfaatlarini ta’minlash ota-ona g‘amxo‘rligining asosini tashkil qilishi lozim.
Ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emas. Bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan xoli bo‘lishi kerak.
O‘z ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Bolalarning ta’lim-tarbiyasiga taalluqli barcha masalalar bolalarning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan va ularning fikrini hisobga olgan holda ota-ona tomonidan o‘zaro kelishuv asosida hal etiladi. Agar ota-ona o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lsa, ular (ulardan biri) bu kelishmovchiliklarni hal qilish uchun vasiylik va homiylik organiga yoki sudga murojaat qilishga haqlidir.
Ota-ona alohida yashaganda bolalarning qayerda yashashi ota-onaning kelishuviga binoan belgilanadi. Ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, nizo sud tomonidan bolalarning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan, ularning fikrini hisobga olgan holda hal etiladi. Bunda sud, bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bog‘lanib qolganligini, bolaning yoshini, ota-onasining axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola o‘rtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining mashg‘ulot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini hisobga oladi.
76-modda. Boladan alohida yashayotgan ota(ona)ning ota-onalik huquqini amalga oshirishi
Boladan alohida yashayotgan ota (ona) bola bilan ko‘rishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va ta’lim olishi masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega.
Bola bilan birga yashayotgan ota (ona) bolaning ona (ota)si bilan ko‘rishishiga, agar bunday ko‘rishish bolaning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy kamolotiga zarar keltirmasa, qarshilik qilmasligi kerak.
Ota-ona boladan alohida yashaydigan otaning (onaning) ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida yozma ravishda kelishuv tuzishga haqlidir. Bu boradagi nizo ota-onaning (yoki ulardan birining) talabiga binoan sudga murojaat qilinguniga qadar mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish orqali hal qilinishi mumkin.
Agar ota-ona kelisha olmasa, nizo ota-onaning (yoki ulardan birining) talabiga binoan sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi. Sudning hal qiluv qarori bajarilmagan taqdirda aybdor ota-onaga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qo‘llaniladi. Sudning hal qiluv qarori qasddan bajarilmagan taqdirda sud boladan alohida yashayotgan otaning (onaning) talabiga binoan bolaning eng ustun manfaatlarini va fikrini hisobga olgan holda bolani unga berish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
Boladan alohida yashayotgan ota (ona) tarbiya, davolash, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalari va boshqa shunga o‘xshash muassasalardan o‘z bolasi to‘g‘risida axborot olish huquqiga ega. Ota (ona) tomonidan bolaning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf-xatar bo‘lgandagina, ularga axborot berish rad etilishi mumkin. Axborot berishning rad etilishi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
77-modda. Bobo, buvi, aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlarning bola bilan ko‘rishib turish huquqi
Bobo, buvi, aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlar bola bilan ko‘rishib turish huquqiga ega.
Ota-ona (ulardan biri) yaqin qarindoshlarning bola bilan ko‘rishishiga imkoniyat bermasalar, vasiylik va homiylik organi ota-onani (ulardan birini) bunday imkoniyat berishga majbur qilishi mumkin.
Agar ota-ona (ulardan biri) vasiylik va homiylik organining qarorini bajarmasa, bolaning yaqin qarindoshlari yoki vasiylik va homiylik organi bola bilan ko‘rishib turishga to‘sqinlik qiluvchi hollarni bartaraf qilish haqida da’vo bilan sudga murojaat qilishga haqlidir. Sud bolaning eng ustun manfaatlarini va bolaning fikrini hisobga olgan holda nizoni hal qiladi.
Sudning hal qiluv qarori bajarilmagan taqdirda aybdor ota (ona)ga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qo‘llaniladi.
78-modda. Ota-onalik huquqini himoya qilish
Ota-ona bolani qonunga asoslanmasdan ushlab turgan har qanday shaxsdan uning qaytarilishini talab qilishga haqli. Nizo chiqqan taqdirda, ota-ona o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishga haqli. Bu talablarni ko‘rishda sud bolani ota-onasiga qaytarish uning eng ustun manfaatlariga zid degan xulosaga kelsa, bolaning fikrini hisobga olgan holda ota-onaning da’vosini rad qilishga haqli.
Agar sud ota-ona ham, bolani o‘z qaramog‘iga olgan shaxs ham bolaga lozim darajada tarbiya berishni hamda uni kamolotga yetkazishni ta’minlay olmaydilar, deb topsa, bolani vasiylik va homiylik organi qaramog‘iga olib beradi.
79-modda. Ota-onalik huquqidan mahrum qilish
Ota-ona (ulardan biri) quyidagi hollarda:
ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa;
uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘z bolasini tug‘uruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o‘xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa;
ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lsa, jumladan jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatsa;
muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan bo‘lsa;
o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.
80-modda. Ota-onalik huquqidan mahrum qilish tartibi
Ota-onalik huquqidan mahrum qilish sud tartibida amalga oshiriladi.
Ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar ota (ona)ning (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning), prokurorning, shuningdek voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini himoya qilish majburiyati yuklatilgan organ yoki muassasalarning (vasiylik va homiylik organi, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar muassasalari hamda boshqa muassasalarning) da’vosiga binoan ko‘riladi.
Ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar prokuror hamda vasiylik va homiylik organi ishtirokida ko‘rib chiqiladi.
Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda bolaning ta’minoti uchun ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onadan (ularning biridan) aliment undirish masalasini hal qiladi.
Agar sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi ishlarni ko‘rishda ota-ona (ulardan biri)ning harakatida jinoyat alomatlari mavjudligini aniqlasa, bu haqda prokurorga xabar berishi shart.
Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin uch kun ichida ushbu qarorning ko‘chirmasini bolaning tug‘ilganligi davlat tomonidan ro‘yxatga olingan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart.
Bilimingizni sinang
Ota-onalik huquqlari bolalar necha yoshga to‘lganlarida (voyaga yetganda) tugaydi?
- o‘n olti yoshga
- o‘n to‘rt yoshga
- o‘n sakkiz yoshga
- yigirma bir yoshga
To‘g‘ri javob: o‘n sakkiz yoshga. Ota-onalik huquqlari bolalar o‘n sakkiz yoshga to‘lganda, ya’ni voyaga yetganda tugaydi.
Oila kodeksi — 71-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Bolaning ismi va familiyasini o‘zgartirish
- Ota-ona huquq va majburiyatlarining tengligi
- Bolaning ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqi
- Boladan alohida yashayotgan ota(ona)ning ota-onalik huquqini amalga oshirishi
To‘g‘ri javob: Ota-ona huquq va majburiyatlarining tengligi. 71-modda: Ota-ona huquq va majburiyatlarining tengligi.
Oila kodeksi: «Ota-ona huquq va majburiyatlarining tengligi» qaysi moddada belgilangan?
- 70-modda
- 66-modda
- 71-modda
- 76-modda
To‘g‘ri javob: 71-modda. 71-modda: Ota-ona huquq va majburiyatlarining tengligi.
Oila kodeksiga ko‘ra ota-ona o‘z bolalariga nisbatan qanday huquq va majburiyatlarga ega?
- Onaning huquqlari otanikidan ustun
- Otaning huquqlari onanikidan ustun
- Teng huquq va majburiyatlarga ega
- Faqat majburiyatlarga ega, huquqlarga emas
To‘g‘ri javob: Teng huquq va majburiyatlarga ega. 71-moddaga ko‘ra ota-ona bolalariga nisbatan teng huquq va majburiyatlarga egadir.
Oila kodeksiga ko‘ra ota-onalik huquqlari bola necha yoshga to‘lganda (voyaga yetganda) tugaydi?
- O‘n sakkiz yoshga
- O‘n olti yoshga
- O‘n to‘rt yoshga
- Yigirma bir yoshga
To‘g‘ri javob: O‘n sakkiz yoshga. 71-modda: ota-onalik huquqlari bolalar o‘n sakkiz yoshga to‘lganlarida tugaydi.
Quyidagilardan qaysi biri Oila kodeksiga ko‘ra ota-onalik huquqlarining tugashiga olib keladi?
- Ota-onaning boshqa shaharga ko‘chib ketishi
- Bolaning boshqa oilada vaqtincha yashashi
- Ota-ona o‘rtasidagi nikohning bekor qilinishi
- Voyaga yetmagan bolaning nikohga kirishi
To‘g‘ri javob: Voyaga yetmagan bolaning nikohga kirishi. 71-moddaga ko‘ra voyaga yetmagan bolalar nikohga kirganlarida ota-onalik huquqlari tugaydi.
O‘zaro nikohda bo‘lmagan voyaga yetmagan ota-ona necha yoshga to‘lishlari bilan ota-onalik huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli bo‘ladi?
- o‘n to‘rt yoshga
- o‘n olti yoshga
- o‘n besh yoshga
- o‘n sakkiz yoshga
To‘g‘ri javob: o‘n olti yoshga. Nikohda bo‘lmagan voyaga yetmagan ota-ona o‘n olti yoshga to‘lishlari bilan ota-onalik huquqlarini mustaqil amalga oshiradi.
Voyaga yetmagan ota-ona necha yoshga yetgunga qadar bolani ular bilan birgalikda tarbiyalash uchun bolaga vasiy tayinlanishi mumkin?
- o‘n besh yoshga
- o‘n olti yoshga
- o‘n to‘rt yoshga
- o‘n sakkiz yoshga
To‘g‘ri javob: o‘n olti yoshga. Voyaga yetmagan ota-ona o‘n olti yoshga yetgunga qadar bolaga vasiy tayinlanishi mumkin.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash