XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Oila kodeksi · 81–89-m.

Ota-onaning shaxsiy nomulkiy huquq va majburiyatlari (2/2)

Iv Bo‘Lim. Ota-Ona Hamda Voyaga Yetmagan Bolalarning Huquq Va Majburiyatlari

81-modda. Ota-onalik huquqidan mahrum qilish oqibatlari

Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-ona qaysi bolaga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa, shu bolaga nisbatan bo‘lgan qarindoshlik faktiga asoslangan barcha huquqlardan, shu jumladan undan ta’minot olish, shuningdek bolali fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqlaridan mahrum bo‘ladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani o‘z bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onaning (ulardan birining) bundan keyin bola bilan birgalikda yashash-yashamaslik masalasi sud tomonidan uy-joy to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilinadi.

Ota-onasi (ulardan biri) o‘ziga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bola, agar u farzandlikka olingan bo‘lmasa, turar joyga bo‘lgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini saqlab qoladi, shuningdek ota (ona)si va boshqa qon-qarindoshlari bilan tug‘ishganlik faktiga asoslangan barcha mulkiy huquqlarini, jumladan meros olish huquqini saqlab qoladi.

Bolani ota yoki onasiga berishning imkoniyati bo‘lmagan yoki ota-onaning har ikkalasi ham ota-onalik huquqidan mahrum qilingan taqdirda, bola vasiylik va homiylik organining qaramog‘iga olib beriladi.

Ota-ona (ulardan biri) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda bolani farzandlikka olishga ota-ona (ulardan biri) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori chiqarilgan kundan keyin kamida olti oy o‘tgach yo‘l qo‘yiladi.

82-modda. Ota-onalik huquqini tiklash

Ota-ona (ulardan biri) o‘z xulq-atvorini, turmush tarzini va (yoki) bola tarbiyasiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirgan hollarda ota-onalik huquqi tiklanishi mumkin.

Ota-onalik huquqini tiklash ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onaning (ulardan birining) da’vosiga binoan sud tartibida amalga oshiriladi. Ota-onalik huquqini tiklash to‘g‘risidagi ishlar vasiylik va homiylik organining, shuningdek prokurorning ishtirokida ko‘rib chiqiladi.

Ota-onaning (ulardan birining) ota-onalik huquqini tiklash to‘g‘risidagi da’vosi bilan birga bolani ota-onaga (ulardan biriga) qaytarish to‘g‘risidagi talabi ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

Agar ota-onalik huquqining tiklanishi bolaning eng ustun manfaatlariga zid bo‘lsa, sud bolaning fikrini hisobga olgan holda ota-onaning (ulardan birining) ota-onalik huquqini tiklash to‘g‘risidagi da’vosini qanoatlantirishni rad qilishga haqlidir.

O‘n yoshga to‘lgan bolaga nisbatan ota-onalik huquqining tiklanishiga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Bola farzandlikka olingan va farzandlikka olish bekor qilinmagan bo‘lsa, ota-onalik huquqini tiklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

83-modda. Ota-onalik huquqining cheklanishi

Sud bolaning eng ustun manfaatlarini hisobga olgan holda ota-onani ota-onalik huquqidan mahrum qilmay turib, bolani ota-onadan (ularning biridan) olish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarishi (ota-onalik huquqini cheklashi) mumkin.

Bolani ota-ona (ulardan biri) bilan qoldirish ota-onaga (ulardan biriga) bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra (ruhiyatning buzilishi yoki boshqa surunkali kasallik, og‘ir holatlarni boshdan kechirish va boshqalar) bola uchun xavfli bo‘lsa, ota-onalik huquqini cheklashga yo‘l qo‘yiladi.

Agar bolani ota-ona (ulardan biri) bilan qoldirish oqibatida ota-onaning xulq-atvori bola uchun xavf tug‘dirsa, ota-onani (ulardan birini) ota-onalik huquqidan mahrum qilish uchun esa yetarli asoslar aniqlanmagan taqdirda ham ota-onalik huquqini cheklashga yo‘l qo‘yiladi. Agar ota-ona (ulardan biri) o‘z xulq-atvorini o‘zgartirmasa, vasiylik va homiylik organi sud tomonidan ota-onalik huquqini cheklash to‘g‘risidagi hal qiluv qarori chiqarilgandan keyin olti oy o‘tgach, ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risida da’vo taqdim etishi shart. Vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlarini e’tiborga olib ota-onani (ulardan birini) bu muddat o‘tmasdan turib, ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqida da’vo taqdim etishga haqli.

Ota-onalik huquqini cheklash to‘g‘risidagi da’vo bolaning yaqin qarindoshlari, voyaga yetmagan bolalar huquqlarini himoya qilish majburiyati qonun bilan zimmasiga yuklatilgan organlar va muassasalar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim muassasalari va boshqa muassasalar, shuningdek prokuror tomonidan taqdim etilishi mumkin.

83-modda. Ota-onalik huquqining cheklanishi (davomi)

Ota-onalik huquqini cheklash to‘g‘risidagi ishlar prokuror hamda vasiylik va homiylik organi ishtirokida ko‘riladi.

Ota-onalik huquqini cheklash to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda sud ota-onadan (ularning biridan) bolaning ta’minoti uchun aliment undirish masalasini hal qiladi.

84-modda. Ota-onalik huquqini cheklash oqibatlari

Ota-onalik huquqi cheklangan ota-ona bolani shaxsan tarbiyalash huquqidan, shuningdek bolali fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Ota-onalik huquqining cheklanishi ota-onani bolaga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Ota-onasi (ulardan biri)ning o‘ziga nisbatan ota-onalik huquqi cheklangan bola turar joyga bo‘lgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini saqlab qoladi, shuningdek ota-ona va boshqa qarindoshlari bilan tug‘ishganlik faktiga asoslangan mulkiy huquqlarini, shu jumladan meros olish huquqini saqlab qoladi.

Ota-ona ikkalasining ota-onalik huquqi cheklangan taqdirda bola vasiylik va homiylik organi qaramog‘iga olib beriladi.

85-modda. Bolaning sud tomonidan ota-onalik huquqi cheklangan ota-ona bilan ko‘rishishi

Sud tomonidan ota-onalik huquqi cheklangan ota-onaning bolasi bilan ko‘rishishi unga salbiy ta’sir ko‘rsatmasa, bola bilan ko‘rishishga ruxsat berilishi mumkin. Ota-onaning bola bilan ko‘rishishiga vasiylik va homiylik organining roziligi bilan yoxud vasiy (homiy)ning, bolaning tutingan ota-onasi yoki bola turgan muassasa ma’muriyatining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

86-modda. Ota-onalik huquqi cheklanishini bekor qilish

Agar ota-ona (ulardan biri)ning ota-onalik huquqlari cheklanishiga asos bo‘lgan holatlar barham topsa, sud ota-onaning (ulardan birining) da’vosiga binoan bolani ota-onasiga (ulardan biriga) qaytarish va ushbu Kodeksning 83-moddasida nazarda tutilgan cheklashlarni bekor qilish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

Agar bolani ota-onasiga (ularning biriga) qaytarish uning eng ustun manfaatlariga zid bo‘lsa, sud bolaning fikrini hisobga olib, da’voni qanoatlantirishni rad qilishga haqlidir.

87-modda. Bolaning hayoti yoki sog‘lig‘i bevosita xavf ostida qolganda bolani olish

Bolaning hayoti va sog‘lig‘i bevosita xavf ostida qolganda vasiylik va homiylik organi bolani ota-onadan (ularning biridan) yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan zudlik bilan olishga haqlidir. Bolani zudlik bilan olish fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining tegishli hujjatiga asosan amalga oshiriladi.

Bola olinganda vasiylik va homiylik organi tezda prokurorga xabar berishi, bolani vaqtincha muayyan yerga joylashtirishi va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organi bolani olish to‘g‘risida hujjat qabul qilganidan keyin yetti kun ichida ota-onani ota-onalik huquqidan mahrum qilish yoki ularning ota-onalik huquqini cheklash to‘g‘risida sudga da’vo bilan murojaat etishi shart.

88-modda. Sudda bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda vasiylik va homiylik organining ishtiroki

Sud tomonidan bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq nizolar ko‘rilayotganda, bolaning himoyasi uchun kim da’vo taqdim qilganligidan qat’i nazar, ishda ishtirok etish uchun vasiylik va homiylik organi jalb qilinishi kerak.

Vasiylik va homiylik organi bolaning hamda uni o‘z tarbiyasiga berishni talab qilayotgan shaxs (shaxslar)ning turmush sharoitlarini tekshirishi va tekshirish natijalarini hamda unga asoslangan nizo mohiyatiga oid xulosasini sudga taqdim qilishi shart.

89-modda. Bolalarni tarbiyalash bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sudning hal qiluv qarorlarini ijro etish

Bolalarni tarbiyalash bilan bog‘liq ishlarga doir sudning hal qiluv qarorlari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ijrochisi tomonidan ijro qilinadi.

Agar ota-ona (bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxs) sudning hal qiluv qarori ijro etilishiga to‘sqinlik qilsa, unga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan choralar qo‘llaniladi.

Bolani olish va uni boshqa shaxs (shaxslar)ga berish bilan bog‘liq sudning hal qiluv qarorlarini majburiy tartibda ijro etish albatta vasiylik va homiylik organining hamda bola tarbiyalashga berilayotgan shaxs ishtirokida, zarur hollarda esa, ichki ishlar organi vakili ishtirokida amalga oshirilishi lozim.

Sudning bolani olish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorini bolaning eng ustun manfaatlariga zarar yetkazilmagan tarzda ijro etishning imkoni bo‘lmaganda, bola sudning ajrimiga ko‘ra tarbiyalash muassasasiga, davolash muassasasiga, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasiga yoki shunga o‘xshash boshqa muassasaga vaqtincha joylashtirilishi mumkin.

Bilimingizni sinang

Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onaning bolasini farzandlikka olishga sud qarori chiqarilgan kundan keyin kamida qancha muddat o‘tgach yo‘l qo‘yiladi?
  1. uch oy
  2. olti oy
  3. bir oy
  4. bir yil

To‘g‘ri javob: olti oy. Bunday bolani farzandlikka olishga sud qarori chiqarilgan kundan keyin kamida olti oy o‘tgach yo‘l qo‘yiladi.

Oila kodeksi — 81-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Ota-onalik huquqining cheklanishi
  2. Sudda bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda vasiylik va homiylik organining ishtiroki
  3. Ota-onalik huquqidan mahrum qilish oqibatlari
  4. Bolaning hayoti yoki sog‘lig‘i bevosita xavf ostida qolganda bolani olish

To‘g‘ri javob: Ota-onalik huquqidan mahrum qilish oqibatlari. 81-modda: Ota-onalik huquqidan mahrum qilish oqibatlari.

Oila kodeksi: «Ota-onalik huquqidan mahrum qilish oqibatlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 87-modda
  2. 88-modda
  3. 83-modda
  4. 81-modda

To‘g‘ri javob: 81-modda. 81-modda: Ota-onalik huquqidan mahrum qilish oqibatlari.

Oila kodeksiga ko‘ra ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-ona qaysi huquqlardan mahrum bo‘ladi?
  1. Bolaga ta’minot berish majburiyatidan va bola bilan bog‘liq barcha majburiyatlardan
  2. Bolali fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqlaridan
  3. Faqat bola bilan ko‘rishish huquqidan
  4. Faqat bolani shaxsan tarbiyalash huquqidan

To‘g‘ri javob: Bolali fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqlaridan. 81-moddaga ko‘ra mahrum qilingan ota-ona qarindoshlik faktiga asoslangan barcha huquqlardan, jumladan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Oila kodeksiga ko‘ra ota-onalik huquqidan mahrum qilish ota-onaning bolaga ta’minot berish majburiyatiga qanday ta’sir qiladi?
  1. Majburiyat bekor bo‘ladi
  2. Majburiyat yarmiga kamayadi
  3. Majburiyat faqat bola 14 yoshga to‘lgunga qadar saqlanadi
  4. Majburiyatdan ozod qilmaydi

To‘g‘ri javob: Majburiyatdan ozod qilmaydi. 81-modda: mahrum qilish ota-onani o‘z bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Akmal o‘g‘li Doniyorga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan; Doniyor farzandlikka olinmagan. Oila kodeksiga ko‘ra Doniyorning huquqlari haqida qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. U ota-ona bilan tug‘ishganlik asosidagi barcha mulkiy huquqlarini, jumladan meros olish huquqini yo‘qotadi
  2. U ota-ona bilan tug‘ishganlik asosidagi shaxsiy huquqlarini saqlaydi, meros olish huquqini esa yo‘qotadi
  3. U ota-ona bilan tug‘ishganlik asosidagi mulkiy huquqlarini, jumladan meros olish huquqini saqlab qoladi
  4. U ota-ona bilan tug‘ishganlik asosidagi huquqlarini faqat sud ruxsati bilan, voyaga yetgach tiklashi mumkin

To‘g‘ri javob: U ota-ona bilan tug‘ishganlik asosidagi mulkiy huquqlarini, jumladan meros olish huquqini saqlab qoladi. 81-modda: farzandlikka olinmagan bola ota (ona)si bilan tug‘ishganlik asosidagi barcha mulkiy huquqlarini, jumladan meros olish huquqini saqlab qoladi.

Ota-ona (ulardan biri) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda bolani farzandlikka olishga sudning mahrum qilish haqidagi qarori chiqarilgan kundan keyin eng kamida qancha muddat o‘tgach yo‘l qo‘yiladi?
  1. Olti oy
  2. Bir oy
  3. Uch oy
  4. Bir yil

To‘g‘ri javob: Olti oy. 81-modda: farzandlikka olishga qaror chiqarilgan kundan keyin kamida olti oy o‘tgach yo‘l qo‘yiladi.

Oila kodeksiga ko‘ra ota-onaning har ikkalasi ham ota-onalik huquqidan mahrum qilingan taqdirda bola kimning qaramog‘iga olib beriladi?
  1. Prokuratura organining vaqtinchalik qaramog‘iga
  2. Vasiylik va homiylik organining qaramog‘iga
  3. Qarindoshlaridan birining qaramog‘iga
  4. Mahalla fuqarolar yig‘inining qaramog‘iga

To‘g‘ri javob: Vasiylik va homiylik organining qaramog‘iga. 81-modda: ikkala ota-ona mahrum qilingan taqdirda bola vasiylik va homiylik organining qaramog‘iga olib beriladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOta-onaning shaxsiy nomulkiy huquq va majburiyatlari (1/2)Keyingi →Ota-ona hamda bolalarning mulkiy huquq va majburiyatlari