XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Ombudsman to‘g‘risida» qonun · 19–27-m.

Ombudsman tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi

Moddalar

19-modda. Ombudsman tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish

Ombudsman arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqadi. Ombudsman shikoyatlarni ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda, arizalar hamda takliflarni “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi.

Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, O‘zbekiston Respublikasi hududida turgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, yuridik shaxslarning inson huquqlari va erkinliklarini buzayotgan tashkilotlarning yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi hamda o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqiga ega.

Ombudsman uchinchi shaxslarning, shu jumladan nodavlat notijorat tashkilotlarining muayyan bir shaxsning yoki bir guruh shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun, basharti ularning bunga roziligi bo‘lsa, qabul qiladi.

Shikoyatlar og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda berilishi mumkin.

Ombudsman qabul jadvallariga muvofiq jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining shaxsiy qabulini, shuningdek jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullarini tashkil etadi.

Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish jadvallari, qabulni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish to‘g‘risidagi axborot, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tartibi Ombudsmanning rasmiy veb-saytida e’lon qilish, shuningdek uning ma’muriy binosida hamma kirishi mumkin bo‘lgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi.

19-modda. Ombudsman tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish (davomi)

Ombudsman sudning vakolatlari doirasiga kiradigan masalalarni, shuningdek jismoniy shaxslarning boshqa jismoniy shaxslar tomonidan ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzadigan harakatlariga (harakatsizligiga) doir murojaatlarini ko‘rib chiqmaydi.

Anonim murojaatlar Ombudsman tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.

20-modda. Ombudsman tomonidan shikoyatlarni ko‘rib chiqish shartlari

Ombudsman murojaat etuvchiga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida ma’lum bo‘lib qolgan paytdan e’tiboran yoki, agar murojaat etuvchi o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning boshqa vositalaridan foydalangan hamda qabul qilingan qarorlardan qanoatlanmagan bo‘lsa, uning shikoyati bo‘yicha oxirgi qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran bir yil ichida berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqadi.

Shikoyat berishning uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati Ombudsman tomonidan tiklanishi mumkin.

21-modda. Ombudsmanga beriladigan shikoyatlarga qo‘yiladigan talablar

Ombudsmanga berilgan shikoyatda murojaat etuvchining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shikoyat yuridik shaxs tomonidan berilgan taqdirda esa uning to‘liq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Shikoyatda qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilinayotgan tashkilotning nomi, mansabdor shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi) ko‘rsatiladi, murojaat etuvchining fikricha, uning huquqlarini buzgan qarorlarning, harakatlarning yoki harakatsizlikning mohiyati bayon etiladi.

Shikoyatlar davlat tilida yoki boshqa tillarda berilishi mumkin.

Yozma shikoyat murojaat etuvchining imzosi yoki yuridik shaxs vakolatli vakilining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Yozma shikoyatni murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, shikoyat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilishi kerak.

Elektron shaklda berilgan shikoyat qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab shikoyatlar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda ularning qonuniy vakillari tomonidan berilishi mumkin.

Ombudsman inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi to‘g‘risida axborot mavjud bo‘lganda yoki himoyaning huquqiy vositalaridan mustaqil ravishda foydalanishga layoqatsiz shaxslarni himoya qilish uchun o‘z tashabbusi bilan faktlar tekshiruvini o‘tkazishga haqlidir.

21-modda. Ombudsmanga beriladigan shikoyatlarga qo‘yiladigan talablar (davomi)

Shikoyat bo‘yicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning ko‘chirma nusxalari, shuningdek shikoyatni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar shikoyatga ilova qilinishi mumkin, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, bundan murojaat etuvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar mustasno.

Murojaat etuvchilar va ularning vakillari shikoyatni u ko‘rib chiqilguniga qadar va ko‘rib chiqilayotgan paytda shikoyat yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoki elektron shaklda ariza berish yo‘li bilan chaqirib olishi mumkin. Shikoyatni chaqirib olish to‘g‘risidagi ariza qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha Ombudsman tomonidan choralar ko‘rilishini istisno etmaydi.

Ombudsmanga berilgan shikoyat uchun davlat boji undirilmaydi.

22-modda. Ombudsmanning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish chog‘idagi huquqlari

Ombudsman jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish chog‘ida quyidagi huquqlarga ega:

aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlarni tekshirishda ko‘maklashishni so‘rab tashkilotlar va mansabdor shaxslarga murojaat qilish;

aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlarni tekshirish uchun tashkilotlarning vakillarini va mansabdor shaxslarni taklif etish;

mansabdor shaxslardan tushuntirishlar olish, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;

aniqlanishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan tashkilotlar va mutaxassislarga xulosalar tayyorlashni topshirish;

murojaatni uning mohiyatiga ko‘ra hal qilishga vakolatli bo‘lgan tashkilotga yoki mansabdor shaxsga yuborish;

murojaatni ko‘rib chiqishni sababini ko‘rsatgan holda rad etish.

Ombudsman jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish chog‘ida qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

23-modda. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarning Ombudsmanga murojaat etishi

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar og‘zaki, yozma yoki elektron shakldagi murojaatlarni ularning soni cheklanmagan holda Ombudsman nomiga yuborish huquqiga ega.

Ombudsman nomiga yuboriladigan murojaatlar senzuradan o‘tkazilmaydi.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarning ma’muriyati mazkur joylarda saqlanayotgan shaxslarning murojaatlarini Ombudsmanga yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay, muhrlangan tarzda yuboradi, telegrammalarni esa jazoni ijro etish muassasalari darhol yuboradi.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarning murojaatlariga Ombudsmanning yuborilgan javobi ko‘zdan kechirilishi mumkin emas va murojaat etuvchiga zudlik bilan yetkazib beriladi.

Ombudsman, uning o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari murojaatlar ko‘rib chiqilayotganda, shuningdek inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi hollari Ombudsman tashabbusi bilan o‘rganilayotganda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga moneliksiz kirish huquqiga ega. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarning ma’muriyati Ombudsmanning, uning o‘rinbosarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillarining xavfsizligini ta’minlashi shart.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarning ma’muriyati Ombudsmanga, uning o‘rinbosariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillariga mazkur joylarda saqlanayotgan shaxslar bilan moneliksiz va xoli uchrashish hamda suhbatlashish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashi shart, uchrashuv va suhbatlar ushbu muassasalar xodimlari ularni ko‘rib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda xoli o‘tkaziladi.

23-modda. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarning Ombudsmanga murojaat etishi (davomi)

Ombudsman Devonining xodimlari harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga Ombudsman tomonidan beriladigan maxsus yo‘llanma bilan moneliksiz kirishi mumkin.

24-modda. Ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlarning Ombudsmanga murojaatlar qutisi orqali murojaat qilishi

Jazoni ijro etish muassasalarining har bir turar joy sektorida, sanoat zonalarida, qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan binolarda mahkumlar murojaatlarni qoldirishi uchun qulay bo‘lgan joyda Ombudsmanga murojaatlar qutisi (bundan buyon matnda Ombudsman qutisi deb yuritiladi) o‘rnatiladi.

Ombudsman qutisi faqat Ombudsman yoki uning Devoni xodimlari tomonidan bir oyda kamida bir marta ochiladi.

Ombudsman yoki uning Devoni xodimlari Ombudsman qutisiga kelib tushgan murojaatlarni qabul qilish uchun jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirishga haqli.

Ombudsman qutisini o‘rnatish, undan foydalanish va u orqali murojaatlar yuborish tartibi Ombudsman va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

25-modda. Ombudsman tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlari

Ombudsmanga murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxs, shuningdek Ombudsman tomonidan axborot to‘plash va uni tahlil qilish yoki ekspert bahosini berish topshirilgan shaxslar bunday harakat uchun ta’qib qilinishi yoki ularning huquqlari boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.

Ombudsman tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilayotganda jismoniy shaxsning jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyiga, shuningdek yuridik shaxslarning mulk shakllari, joylashgan yeri (pochta yoki elektron manzili), tashkiliy-huquqiy shakllariga va boshqa holatlarga qarab kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollari tekshirilayotganda ma’lum bo‘lib qolgan, murojaat etuvchining va boshqa shaxslarning shaxsiga doir ma’lumotlar ularning roziligisiz oshkor qilinishi mumkin emas.

26-modda. Arizalar va da’volar

Ombudsman fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab arizalar va da’volar bilan sudlarga murojaat qilishi mumkin.

Ombudsman fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab beriladigan arizalar va da’volar bilan sudlarga murojaat qilganda davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

27-modda. Xulosa

Ombudsman shikoyatni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan harakatlarida yoki harakatsizligida inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi aniqlangan tashkilotga yoki mansabdor shaxsga insonning buzilgan huquqlarini tiklashga doir tavsiyalar mavjud bo‘lgan o‘z xulosasini yuborishi mumkin.

Ombudsmanning xulosasida quyidagi tavsiyalar nazarda tutilishi mumkin:

ishning tashkilot yoki mansabdor shaxs tomonidan oxiriga yetkazilishi zarurligi;

tashkilotning yoki mansabdor shaxsning qarori o‘zgartirilishi yoxud bekor qilinishi kerakligi;

tashkilotning yoki mansabdor shaxsning qarori asoslanishi zarurligi;

tashkilot yoki mansabdor shaxs qo‘shimcha qaror qabul qilishi kerakligi.

Ombudsmanning xulosasida boshqa tavsiyalar ham bo‘lishi mumkin.

Ombudsmanning xulosasini olgan tashkilot yoki mansabdor shaxs uni ko‘rib chiqishi va bir oydan kechiktirmay asoslantirilgan javob yuborishi shart.

Bilimingizni sinang

Ombudsman arizalar va takliflarni qaysi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi?
  1. “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi Qonun
  2. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun
  3. “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonun
  4. “Inson huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun

To‘g‘ri javob: “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun. Arizalar va takliflar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan tartibda ko‘riladi.

«Ombudsman to‘g‘risida» qonun — 19-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Ombudsmanning majburiyatlari
  2. Ombudsmanning muqobil ma’ruzasi
  3. Ombudsman faoliyatining ochiqligi
  4. Ombudsman tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish

To‘g‘ri javob: Ombudsman tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish. 19-modda: Ombudsman tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish.

«Ombudsman to‘g‘risida» qonun: «Ombudsman tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 17-modda
  2. 16-modda
  3. 19-modda
  4. 13-modda

To‘g‘ri javob: 19-modda. 19-modda: Ombudsman tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish.

«Ombudsman to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, Ombudsman shikoyatlarni qaysi tartibda ko‘rib chiqadi?
  1. Faqat Prezident belgilagan tartibda
  2. Faqat Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda
  3. Ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda
  4. Hokim belgilagan tartibda

To‘g‘ri javob: Ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda. 19-moddaga ko‘ra, shikoyatlar ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda, arizalar va takliflar esa murojaatlar to‘g‘risidagi Qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Nodavlat notijorat tashkiloti bir guruh shaxslarning huquqlari buzilganligi ustidan Ombudsmanga shikoyat yubordi, lekin ta’sirlangan shaxslarning roziligi yo‘q. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Uchinchi shaxslarning shikoyatlari rozilikdan qat’i nazar, nodavlat tashkilot orqali ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi
  2. Uchinchi shaxslarning shikoyatlari rozilikdan qat’i nazar, nodavlat tashkilot orqali ko‘rib chiqiladi
  3. Uchinchi shaxslarning shikoyatlari, basharti ularning bunga roziligi bo‘lsa, ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi
  4. Uchinchi shaxslarning shikoyatlari faqat ta’sirlangan shaxslarning yozma roziligi bo‘lsa, ammo sud tartibida ko‘rib chiqiladi

To‘g‘ri javob: Uchinchi shaxslarning shikoyatlari, basharti ularning bunga roziligi bo‘lsa, ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi. 19-moddaga ko‘ra, uchinchi shaxslarning shikoyatlari ular manfaatida bo‘lgan shaxslarning roziligi bo‘lgandagina qabul qilinadi.

Ombudsman O‘zbekiston hududida turgan chet el fuqarolarining shikoyatlarini ko‘rib chiqa oladimi?
  1. Yo‘q, faqat O‘zbekiston fuqarolarining shikoyatlarini ko‘rib chiqadi, chet el fuqarolari sud orqali murojaat qiladi
  2. Ha, faqat chet el fuqarolarining shikoyatlarini ko‘rib chiqadi, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarniki esa ko‘rib chiqilmaydi
  3. Ha, O‘zbekiston hududida turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shikoyatlarini ham ko‘rib chiqadi
  4. Ha, ammo faqat Tashqi ishlar vazirligi tavsiyasi bilan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar shikoyatlarini ham ko‘rib chiqadi

To‘g‘ri javob: Ha, O‘zbekiston hududida turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shikoyatlarini ham ko‘rib chiqadi. 19-moddaga ko‘ra, Ombudsman hududdagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shikoyatlarini ham ko‘rib chiqadi.

Ombudsmanning qabul jadvallari, vaqti, joyi va qabulga yozilish to‘g‘risidagi axborot qayerda e’lon qilinadi?
  1. Faqat Ombudsmanning rasmiy veb-saytida, stendlarda e’lon qilinmaydi
  2. Ichki ishlar organlari binosidagi stendlarda hamda mahalliy gazetalarda
  3. Ombudsmanning rasmiy veb-saytida hamda ma’muriy binosidagi stendlarda
  4. Hokimlik veb-saytida hamda tuman prokuraturasi binosidagi stendlarda

To‘g‘ri javob: Ombudsmanning rasmiy veb-saytida hamda ma’muriy binosidagi stendlarda. 19-moddaga ko‘ra, axborot rasmiy veb-saytda e’lon qilinadi va binodagi stendlarga joylashtiriladi.

Fuqaro Dilshod qo‘shnisi ustidan, ya’ni boshqa jismoniy shaxs ustidan uning huquqlarini buzayotgani to‘g‘risida Ombudsmanga shikoyat qildi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Ombudsman bunday shikoyatni qabul qilib, qo‘shni ustidan jinoyat ishini qo‘zg‘atish masalasini o‘zi hal etadi
  2. Ombudsman bunday shikoyatni faqat qo‘shni yozma ravishda javob berishga rozilik bildirsa, ko‘rib chiqadi
  3. Ombudsman jismoniy shaxslarning boshqa jismoniy shaxslar harakatlariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqmaydi
  4. Ombudsman bunday murojaatni ko‘rib chiqadi, chunki jismoniy shaxslar o‘rtasidagi nizolar uning vakolatiga kiradi

To‘g‘ri javob: Ombudsman jismoniy shaxslarning boshqa jismoniy shaxslar harakatlariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqmaydi. 19-moddaga ko‘ra, jismoniy shaxslarning boshqa jismoniy shaxslar harakatlariga doir murojaatlari Ombudsman tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOmbudsmanning asosiy vazifalari, huquqlari, majburiyatlari va faoliyati kafolatlariKeyingi →Ombudsmanning ta’sir choralari (1/2)