XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Referendum to‘g‘risida» qonun · 30–37-m.

Referendumda ovoz berish byulletenlarini yetkazib berish (4/5)

Moddalar

30-modda. Referendumda ovoz berish byulletenlarini yetkazib berish

Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari ovoz berish byulletenlarini referendum o‘tkaziladigan kunga, shu jumladan muddatidan oldin ovoz berish kuniga kamida uch kun qolganida hududiy komissiyalardan oladi. Ovoz berish byulletenlari berilganligi va olinganligini hududiy komissiya va referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari yoxud kotibi tegishli hujjatda o‘z imzosi bilan tasdiqlaydi.

Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi oladigan ovoz berish byulletenlarining soni uchastka bo‘yicha ro‘yxatlarga kiritilgan fuqarolar sonining yarim foizidan ko‘p bo‘lishi mumkin emas. Ovoz berish byulletenining o‘ng tomoni yuqori burchagiga referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining ikki a’zosi imzo qo‘yadi, imzolar referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining muhri bilan tasdiqlanadi. Uchastka komissiyasi tomonidan tasdiqlanmagan ovoz berish byulletenlari ovozlarni sanab chiqishda hisobga olinmaydi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan referendum uchastkalaridagi ovoz beruvchilar soni haqida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi ovoz berish byulletenlarining tayyorlanishi va yetkazib berilishini ta’minlaydi.

VI. OVOZ BERISH VA REFERENDUM NATIJALARINI ANIQLASH

31-modda. Ovoz berish binosi

Ovoz berish maxsus ajratilgan binolarda o‘tkazilib, ularda yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar yoki xonalar jihozlangan bo‘lishi, ovoz berish byulletenlari taqdim etiladigan joy aniqlangan va ovoz berish qutilari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim. Ovoz berish qutilari ularning yoniga ovoz beruvchilar albatta yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalaridan o‘tib boradigan qilib joylashtiriladi.

Ovoz berish binosida yoki bevosita uning oldida uchastka komissiyasi stend jihozlaydi, unga ovoz berish byulletenining namunasi va uni to‘ldirish tartibi joylashtiriladi, agar referendumga qonun loyihasi qo‘yilgan bo‘lsa, stendga shu loyihaning matni ham joylashtiriladi. Agar referendumga qo‘yilgan qonun loyihasi amaldagi qonunning bekor qilinishini yoki unga o‘zgartishlar yoxud qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutsa, stendga bekor qilinishi, o‘zgartirilishi yoxud qo‘shimchalar kiritilishi taklif qilinayotgan amaldagi qonun matni joylashtiriladi.

Tuman, shahar hokimligi ovoz berishni tashkil etish uchun har bir uchastkani bino bilan ta’minlaydi.

Binoni jihozlash va unda zarur tartibni saqlab turish mas’uliyati referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi zimmasida bo‘ladi. Ovoz berish binosida boshqa hech qanday siyosiy tadbirlar o‘tkazilishiga ruxsat etilmaydi.

32-modda. Ovoz berish vaqti va joyi

Ovoz berish referendum kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha o‘tkaziladi. Ovoz berish vaqti va joyi to‘g‘risida uchastka komissiyasi referendum o‘tkaziladigan kunga kamida o‘n kun qolganda fuqarolarni xabardor qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan referendum uchastkalarida ovoz berish referendum kuni ushbu referendum uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 8.00 dan 20.00 gacha o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, shuningdek olis va borish qiyin bo‘lgan yerlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan referendum uchastkalarida, agar ro‘yxatga kiritilgan barcha fuqarolar ovoz berib bo‘lgan bo‘lsa, uchastka komissiyasi ovoz berish tugaganligini istalgan vaqtda e’lon qilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan referendum uchastkalarida ovoz berish qutilarini soat 20.00 dan oldin ochish va ovozlarni sanab chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.

33-modda. Ovoz berishning boshlanishi

Referendum kuni ovoz berish binosi referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lgandagina ochiladi. Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi raisi komissiya a’zolari hozirligida ovoz berish qutisini muhrlaydi, ovoz berish byulletenlari va referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning ro‘yxatlarini komissiya a’zolari o‘rtasida taqsimlaydi hamda ovoz berish boshlanganligini e’lon qiladi. Ovoz berish byulletenlarining umumiy soni alohida hujjat bilan rasmiylashtiriladi.

34-modda. Ovoz berishda ishtirok etuvchi fuqaroning shaxsini aniqlash

Ovoz berish binosiga kelgach, fuqaro uchastka komissiyasining a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi hamda ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi. Shundan keyin unga ovoz berish byulleteni beriladi.

Biror-bir sababga ko‘ra ro‘yxatga kirmay qolgan fuqarolarning familiyalari shaxsni, turar joyni tasdiqlovchi hujjatga asosan ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxati ilovasiga kiritiladi.

35-modda. Ovoz berish tartibi

Referendumda ovoz berish byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida to‘ldiriladi. Ovoz berish byulletenini to‘ldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi taqiqlanadi. Byulletenni mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqaro o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli, bundan referendum o‘tkazuvchi komissiya tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari mustasno.

Fuqarolar ovoz berish byulletenida referendumga qo‘yilayotgan masala bo‘yicha o‘zi ovoz berayotgan variant ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga “+” yoki “” yoxud “x” belgisini qo‘yadi.

To‘ldirilgan byulletenni fuqaro ovoz berish qutisiga tashlaydi. Ovoz berish qutilari referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi a’zolariga hamda kuzatuvchilarga ko‘rinib turishi kerak.

Buzib qo‘yilgan ovoz berish byulleteni fuqaroning iltimosiga ko‘ra yangisi bilan almashtirilishi mumkin. Buzib qo‘yilgan ovoz berish byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi va alohida saqlanishi lozim.

Ayrim fuqarolar sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka komissiyasi ovoz berishni ushbu fuqarolarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etadi.

Tegishli komissiyaning kamida ikki nafar a’zosi ko‘chma ovoz berish qutisi bilan fuqaroning turgan joyiga yuboriladi, ular fuqaroning xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini ta’minlaydi. Bunda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo‘lishi mumkin.

35-modda. Ovoz berish tartibi (davomi)

Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining a’zosi, ommaviy axborot vositasi vakili yoki kuzatuvchi ovoz berish sirini oshkor qilsa yoki fuqarolarning xohish-irodasiga ta’sir ko‘rsatishga harakat qilsa, uchastka komissiyasining a’zosi komissiya ishida ishtirok etishdan chetlashtiriladi, ommaviy axborot vositasi vakili, kuzatuvchi esa ovoz berish binosidan darhol chiqarib yuboriladi. Bu haqda referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi qaror qabul qiladi.

35¹-modda. Muddatidan oldin ovoz berish

Referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.

Muddatidan oldin ovoz berish referendumga o‘n kun qolganida boshlanadi va referendumga uch kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va fuqarolarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.

Ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun referendum kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka komissiyasidan referendumda ovoz berish byulletenini oladi.

Ovoz beruvchi referendumda ovoz berish byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.

Referendumda ovoz berish byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida ovoz beruvchi tomonidan to‘ldiriladi.

Ovoz beruvchi qaror qabul qiladi va to‘ldirilgan referendumda ovoz berish byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.

35²-modda. Fuqaroning chet davlatda turgan joyida ovoz berishi

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va chet davlatlarning vakolatli davlat hokimiyati organlari bilan kelishuvlarga muvofiq chet davlatlarning aholi zich joylashgan hududlarda muddatidan oldin ovoz berish fuqaroning turgan joyida o‘tkazilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi fuqarolarning turgan joyida ovoz berish vaqti hamda joyi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda fuqarolarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.

Fuqarolarning turgan joyida ovoz berishi O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida o‘tkaziladi.

Ovoz berish tugaganidan keyin referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi a’zolari ko‘chma ovoz berish qutisini ochadi, uning ichidagi ovoz berish byulletenlarini sanamasdan maxsus qopga joylaydi, qopni plombalaydi va bu haqda dalolatnoma tuzadi.

Ovoz berish byulletenlari solingan qop plombalangan holda dalolatnoma bilan birga referendum uchastkasiga olib boriladi va referendum kuni ovozlarni sanab chiqish jarayoni boshlanguniga qadar saqlanadi.

36-modda. Referendum uchastkasida ovozlarni sanab chiqish

Ovoz berish tugagach, foydalanilmagan barcha ovoz berish byulletenlari ovoz berish qutilarini ochishdan oldin referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining a’zolari ishtirokida sanab chiqiladi va referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi tomonidan bekor qilinadi.

Ovoz berish qutilari referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining raisi ovoz berish tugadi deb e’lon qilganidan keyin referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi tomonidan ochiladi. Ovoz berish tugaguniga qadar ovoz berish qutilarini ochish taqiqlanadi. Ovoz berish qutilarini ochish navbatma-navbat amalga oshiriladi avval ko‘chma, so‘ngra statsionar ovoz berish qutilari ochiladi.

Ovozlar bevosita referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi a’zolari tomonidan sanab chiqiladi.

Ovoz berish byulletenining haqiqiyligiga shubha tug‘ilsa, masala referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi tomonidan ovozga qo‘yish orqali hal etiladi. Ovoz berish byulletenini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilinsa, uchastka komissiyasi uning orqa tomonida haqiqiy emasligining sabablarini ko‘rsatadi. Bu yozuv referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi kamida uch a’zosining imzolari bilan tasdiqlanadi.

Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning umumiy sonini, byulletenlarni olgan fuqarolarning sonini aniqlaydi.

Ovoz berish qutilaridagi ovoz berish byulletenlariga asosan komissiya:

36-modda. Referendum uchastkasida ovozlarni sanab chiqish (davomi)

ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning sonini;

referendumga qo‘yilgan masalani yoqlab berilgan ovozlar sonini;

referendumga qo‘yilgan masalaga qarshi berilgan ovozlar sonini;

haqiqiy emas deb topilgan ovoz berish byulletenlari sonini aniqlaydi.

Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi ovoz berish hamda ovozlarni sanab chiqish chog‘ida kelib tushgan shikoyatlarni (arizalarni) ko‘rib chiqadi. Shundan so‘ng uchastka komissiyasi ovozlarni sanab chiqish natijalari bo‘yicha majlis o‘tkazib, unda ovoz berish yakunlari to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ovozlarni sanab chiqish natijalari referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining majlisida ko‘rib chiqiladi hamda rais, rais o‘rinbosari, kotib, komissiyaning boshqa a’zolari tomonidan imzolanadigan bayonnomaga kiritiladi. Shundan so‘ng bayonnoma referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari tomonidan o‘qib eshittiriladi hamda mazkur bayonnomaning ko‘chirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga darhol osib qo‘yiladi.

Ovozlarni sanab chiqish jarayonida ishtirok etayotgan kuzatuvchilar referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini olishga haqli.

Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi bayonnomasining ko‘chirma nusxasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tegishli hududiy komissiyaga darhol taqdim etiladi, asl nusxa esa rais yoki uning o‘rinbosari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari kuzatuvida olib borib topshiriladi.

37-modda. Hudud bo‘yicha ovoz berish yakunlarini aniqlash

Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalarining bayonnomalari asosida hududiy komissiya:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo‘yicha ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning umumiy sonini;

ovoz berish byulletenlarini olgan fuqarolarning sonini;

ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning sonini;

referendumga qo‘yilgan masalani yoqlab berilgan ovozlar sonini;

referendumga qo‘yilgan masalaga qarshi berilgan ovozlar sonini;

haqiqiy emas deb topilgan ovoz berish byulletenlari sonini aniqlaydi.

Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining bayonnomalarida aks ettirilgan ovozlarni sanab chiqish chog‘ida nomuvofiqliklar aniqlangan taqdirda, hududiy komissiya o‘z majlisida uchastka komissiyasiga ushbu nomuvofiqliklarni bartaraf etishni taklif qilishga haqli.

Tegishli hudud bo‘yicha ovoz berish natijalari hududiy komissiya majlisida aniqlanib, bayonnomaga kiritiladi. Bayonnoma rais, rais o‘rinbosari, komissiya kotibi, komissiyaning boshqa a’zolari tomonidan imzolanadi va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladi. Mazkur bayonnomaning ko‘chirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun hududiy komissiyaning binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga darhol osib qo‘yiladi.

Bilimingizni sinang

Uchastka komissiyalari ovoz berish byulletenlarini muddatidan oldin ovoz berish kuniga kamida necha kun qolganida hududiy komissiyalardan oladi?
  1. o‘n kun
  2. uch kun
  3. bir kun
  4. besh kun

To‘g‘ri javob: uch kun. Byulletenlar hududiy komissiyalardan kamida uch kun qolganida olinadi.

Ovoz berish byulletenining o‘ng tomoni yuqori burchagiga uchastka komissiyasining nechta a’zosi imzo qo‘yadi?
  1. bir a’zosi
  2. uch a’zosi
  3. to‘rt a’zosi
  4. ikki a’zosi

To‘g‘ri javob: ikki a’zosi. Byulletenning o‘ng yuqori burchagiga uchastka komissiyasining ikki a’zosi imzo qo‘yadi va imzolar muhr bilan tasdiqlanadi.

«Referendum to‘g‘risida» qonun — 30-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Chet davlatlarda turgan fuqarolarni ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxatlariga kiritish
  2. Ovoz berishning boshlanishi
  3. Ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatlari xususida bahslashuv
  4. Referendumda ovoz berish byulletenlarini yetkazib berish

To‘g‘ri javob: Referendumda ovoz berish byulletenlarini yetkazib berish. 30-modda: Referendumda ovoz berish byulletenlarini yetkazib berish.

«Referendum to‘g‘risida» qonun: «Referendumda ovoz berish byulletenlarini yetkazib berish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 30-modda
  2. 33-modda
  3. 26¹-modda
  4. 28-modda

To‘g‘ri javob: 30-modda. 30-modda: Referendumda ovoz berish byulletenlarini yetkazib berish.

«Referendum to‘g‘risida» qonun — 31-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Muddatidan oldin ovoz berish
  2. Ovoz berish binosi
  3. Referendumda ovoz berish byulleteni
  4. Referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning qarorlari ustidan tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish

To‘g‘ri javob: Ovoz berish binosi. 31-modda: Ovoz berish binosi.

«Referendum to‘g‘risida» qonun: «Ovoz berish binosi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 25-modda
  2. 35¹-modda
  3. 29-modda
  4. 31-modda

To‘g‘ri javob: 31-modda. 31-modda: Ovoz berish binosi.

Uchastka komissiyasi ovoz berish vaqti va joyi to‘g‘risida fuqarolarni referendum kuniga kamida necha kun qolganda xabardor qiladi?
  1. uch kun
  2. o‘n besh kun
  3. besh kun
  4. o‘n kun

To‘g‘ri javob: o‘n kun. Ovoz berish vaqti va joyi haqida fuqarolar referendum kuniga kamida o‘n kun qolganda xabardor qilinadi.

«Referendum to‘g‘risida» qonun — 33-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Ovoz berishning boshlanishi
  2. Fuqaroning chet davlatda turgan joyida ovoz berishi
  3. Ovoz berish tartibi
  4. Ovoz berish vaqti va joyi

To‘g‘ri javob: Ovoz berishning boshlanishi. 33-modda: Ovoz berishning boshlanishi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiReferendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining vakolatlari (3/5)Keyingi →Referendum natijalarini aniqlash (5/5)