Saylov komissiyalari (1/2)
Moddalar
11-modda. Saylov komissiyalari tizimi
Saylov komissiyalari tizimiga quyidagilar kiradi:
Markaziy saylov komissiyasi;
hududiy saylov komissiyalari;
tuman va shahar saylov komissiyalari;
xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari (bundan buyon matnda okrug saylov komissiyalari deb yuritiladi);
uchastka saylov komissiyalari.
Saylov komissiyalari va ularning a’zolari o‘z faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi.
Saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Saylov komissiyalari va ularning a’zolari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Kodeksga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
Masalalarni ko‘rib chiqish va qarorlar qabul qilish saylov komissiyasi tomonidan kollegial tarzda amalga oshiriladi.
Saylov komissiyalari o‘z faoliyatini ochiq va oshkora amalga oshiradi.
Saylov komissiyasining majlislarida siyosiy partiyalarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar hozir bo‘lishi mumkin.
Saylov komissiyalari nomzodlarga, siyosiy partiyalarga saylov kampaniyasini o‘tkazish uchun teng shart-sharoitlarni, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish uchun ajratilgan budjet mablag‘larining adolatli taqsimlanishini, ovoz berishning va saylov yakunlarini chiqarishning halol bo‘lishini ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘radi.
12-modda. Markaziy saylov komissiyasini tuzish
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan to‘qqiz nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi va doimiy asosda faoliyat yuritadi. Markaziy saylov komissiyasining bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakili bo‘ladi.
Markaziy saylov komissiyasining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasiga ko‘ra Qonunchilik palatasi hamda Senat tomonidan saylanadi.
Markaziy saylov komissiyasining Raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan komissiya a’zolari orasidan besh yillik muddatga komissiya majlisida saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining Raisi etib saylanishi mumkin emas.
Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari va komissiya kotibi komissiya a’zolari orasidan komissiya majlisida saylanadi.
Markaziy saylov komissiyasining a’zosi tegishli guvohnomaga ega bo‘ladi.
Markaziy saylov komissiyasi Raisining va uning o‘rinbosarining guvohnomasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, Markaziy saylov komissiyasi boshqa a’zolarining guvohnomasi esa Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi tomonidan imzolanadi.
13-modda. Markaziy saylov komissiyasiga a’zolik
Yigirma besh yoshga to‘lgan, qoida tariqasida, oliy ma’lumotga, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, jamoatchilik o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan hamda kamida oxirgi besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaro Markaziy saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin.
Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari, diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Markaziy saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.
Markaziy saylov komissiyasining a’zosi boshqa saylov komissiyasining yoki siyosiy partiyaning a’zosi bo‘lishi mumkin emas.
Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatligiga nomzod etib, Senat a’zoligiga nomzod etib, ishonchli vakil etib ro‘yxatga olingan a’zosi komissiya tarkibidan chiqib ketgan deb hisoblanadi.
Markaziy saylov komissiyasi a’zosining vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan bevosita yoki uni a’zolikka tavsiya etgan organning taqdimnomasiga binoan quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
u o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish to‘g‘risida yozma ariza berganda;
13-modda. Markaziy saylov komissiyasiga a’zolik (davomi)
u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
u o‘z vazifalarini muntazam ravishda bajarmay kelganda;
qonunga ko‘ra u Markaziy saylov komissiyasi a’zosining vakolatlarini amalga oshirish bilan bir vaqtda shug‘ullanib bo‘lmaydigan lavozimga saylanganda yoki tayinlanganda;
u sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yo‘qolgan deb topilganda yoki vafot etgan deb e’lon qilinganda;
u O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganda yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqqanda;
u vafot etganda.
Markaziy saylov komissiyasining yangi a’zosi ushbu Kodeksda belgilangan tartibda saylanadi.
Markaziy saylov komissiyasining a’zolari ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.
Markaziy saylov komissiyasi a’zolariga Qonunchilik palatasi deputatlariga, Senat a’zolariga nisbatan qo‘llaniladigan daxlsizlik to‘g‘risidagi qoidalar tatbiq etiladi.
14-modda. Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari
Markaziy saylov komissiyasi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni tashkil etadi;
saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ushbu Kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, uning bir xil tarzda qo‘llanilishini ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi yuzasidan saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qiladi;
saylov komissiyalari faoliyatini uslubiy jihatdan ta’minlashni amalga oshiradi, saylovni tashkil etish masalalari yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi, yo‘riqnomalar hamda nizomlarni tasdiqlaydi, tushuntirishlar beradi;
Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimini joriy etish hamda O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatidan (bundan buyon matnda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati deb yuritiladi) foydalanish faoliyati bo‘yicha umumiy rahbarlikni va muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun saylov okruglarini tuzadi;
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarini tegishli hududga biriktirish to‘g‘risidagi masalalarni hal etadi;
hududiy saylov komissiyalarini tuzadi, ularga tegishli hududni (okrugni) biriktiradi hamda hududiy saylov komissiyalarining tarkibi va joylashgan manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi;
14-modda. Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari (davomi)
yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini e’lon qiladi;
yangi tashkil etilgan viloyatning xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglarini tuzadi;
saylov komissiyalarining a’zolari va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilari uchun o‘qishlarni tashkil etadi;
qonunchilikda belgilangan asoslarga ko‘ra Qonunchilik palatasi deputatining hamda Senat a’zosining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
saylov komissiyalari tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish tartibini belgilaydi;
agar saylov komissiyalarining qarorlari ushbu Kodeksga zid bo‘lsa, ushbu qarorlarni mustaqil ravishda yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qiladi;
chet davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning saylovdagi kuzatuvchilariga mandatlar beradi;
saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir xarajatlar smetasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, pul mablag‘larini saylov komissiyalariga taqsimlaydi, shu jumladan siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun taqsimlaydi, saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlanishini nazorat qiladi, saylovni moddiy-texnik jihatdan ta’minlashga doir boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi;
siyosiy partiyalarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari uchun mandat namunasini belgilaydi;
14-modda. Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari (davomi)
taqdim etilgan hujjatlar asosida siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan tegishli hujjatlarni qabul qilib oladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga va Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni, shuningdek partiya ro‘yxatini belgilangan tartibda ro‘yxatga oladi va ular haqidagi ma’lumotlar matbuotda e’lon qilinishini tashkil etadi;
ro‘yxatga olingan nomzodlarga, shu jumladan partiya ro‘yxati asosida nomzodlarga guvohnomalar beradi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga oladi hamda ularga guvohnomalar beradi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarga, shuningdek siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etishi uchun teng sharoitlarni ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylovchilar ro‘yxatlarining, imzo varaqalarining, saylov komissiyalari bayonnomalarining hamda boshqa hujjatlarning, saylov qutilarining va saylov komissiyalari muhrlarining namunalari hamda shakllarini, ularni saqlash tartibini belgilaydi;
saylov byulletenlarini tayyorlash va saylov uchastkalariga yetkazish tartibini belgilaydi;
14-modda. Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari (davomi)
saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat organlari hamda jamoat birlashmalari vakillarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi;
saylovning yakunlarini chiqaradi, O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha ovoz berishning umumiy natijalarini aniqlaydi hamda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar soni, har bir nomzod va siyosiy partiyani yoqlab berilgan ovozlar soni to‘g‘risidagi xabarni matbuotda e’lon qiladi;
ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlarining yoki Senat a’zolarining takroriy saylovi va bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylov o‘tkazilishini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida takroriy ovoz berish va takroriy saylov o‘tkazilishini tashkil etadi;
saylangan Qonunchilik palatasi deputatlarini hamda Senat a’zolarini ro‘yxatga oladi, shuningdek ularning ro‘yxatini matbuotda va boshqa manbalarda e’lon qiladi;
saylovdan keyin Qonunchilik palatasining, Senatning birinchi majlisini chaqiradi;
saylangan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganligi to‘g‘risida guvohnoma topshiradi;
Qonunchilik palatasi deputatiga va Senat a’zosiga tegishincha Qonunchilik palatasi deputatining hamda Senat a’zosining guvohnomasini va ko‘krak nishonini beradi;
saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi, bundan saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar mustasno;
14-modda. Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari (davomi)
ushbu Kodeks talablari buzilganligi to‘g‘risidagi materiallarni sudga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi;
boshqa mamlakatlarning saylov organlari, xalqaro tashkilotlar va chet davlatlarning vakillari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, uchrashuvlar tashkil etadi, bitimlar va memorandumlar tuzadi;
xorijiy mamlakatlardagi saylovlarni kuzatishda ishtirok etadi, shu jumladan xalqaro tashkilotlarning missiyalari tarkibida ishtirok etadi;
xalqaro tashkilotlarni, chet davlatlarning saylov organlarini va vakillarini saylovlarni kuzatish uchun taklif etadi;
saylovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq hujjatlarning idoraviy arxivlarga topshirilishini ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Reglamentini tasdiqlaydi;
jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni mustahkamlaydi va rivojlantiradi;
ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan o‘zga vakolatlarni amalga oshiradi.
15-modda. Markaziy saylov komissiyasining Raisi
Markaziy saylov komissiyasining Raisi:
Markaziy saylov komissiyasining faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
Markaziy saylov komissiyasining majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi, komissiya a’zolari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Markaziy saylov komissiyasining majlislarida ishtirok etish uchun davlat organlarining, siyosiy partiyalarning hamda boshqa jamoat birlashmalarining, tashkilotlarning vakillarini va mansabdor shaxslarini taklif etadi;
davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, jamoat birlashmalari bilan munosabatlarda Markaziy saylov komissiyasi nomidan ish yuritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov yakunlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga axborot beradi;
Markaziy saylov komissiyasining qarorlarini va boshqa hujjatlarini imzolaydi;
Markaziy saylov komissiyasining faoliyatini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larni taqsimlaydi va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi;
tegishincha Qonunchilik palatasining va Senatning birinchi majlisini ochadi hamda Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi saylanguniga qadar unda raislik qiladi.
Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘z vakolatlarini bajarishi imkoni bo‘lmaganda, shuningdek Rais bo‘lmagan taqdirda, Raisning vazifalari Rais o‘rinbosarining yoki Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan komissiya a’zolaridan birining zimmasiga yuklatiladi.
16-modda. Markaziy saylov komissiyasining majlislari va qarorlari
Markaziy saylov komissiyasi ishining tashkiliy shakli uning majlislari bo‘lib, ular zaruratga qarab o‘tkaziladi. Agar majlisda komissiya a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, majlis vakolatli hisoblanadi.
Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ochiq ovoz berish orqali, komissiya a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘linib qolgan taqdirda, Markaziy saylov komissiyasi Raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Markaziy saylov komissiyasining majlislarida bayonnoma yuritilib, u raislik qiluvchi va Markaziy saylov komissiyasining kotibi tomonidan imzolanadi.
Markaziy saylov komissiyasining a’zolari alohida fikr bildirishga haqli bo‘lib, bu fikr yozma shaklda bayonnomaga ilova qilinadi.
Markaziy saylov komissiyasi o‘z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi, qarorlar Markaziy saylov komissiyasining Raisi tomonidan imzolanadi.
Markaziy saylov komissiyasining qarorlari qabul qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi va Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida o‘sha kunning o‘zida, shuningdek zarur bo‘lgan hollarda, boshqa manbalarda e’lon qilinishi lozim.
Markaziy saylov komissiyasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari saylov komissiyalari, davlat organlari, siyosiy partiyalar hamda boshqa jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun majburiydir.
17-modda. Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati
Markaziy saylov komissiyasining faoliyatini ta’minlash uchun uning Kotibiyati tuziladi.
Kotibiyatning tuzilishi, shtatlari va uning ish tartibi Markaziy saylov komissiyasining Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
18-modda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Reglamenti
Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining tartibi Markaziy saylov komissiyasining majlisida qabul qilinadigan Reglamentida belgilanadi.
19-modda. Hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalarini tuzish
Hududiy saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.
Markaziy saylov komissiyasi saylovga kamida sakson kun qolganida hududiy saylov komissiyalarini komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibidan va komissiyaning o‘n ikki — o‘n sakkiz nafar boshqa a’zolaridan iborat tarkibda tuzadi.
Tuman, shahar saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda hududiy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.
Hududiy saylov komissiyasi saylovga kamida yetmish besh kun qolganida tuman, shahar saylov komissiyalarini komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibidan va komissiyaning sakkiz — o‘n sakkiz nafar boshqa a’zolaridan iborat tarkibda tuzadi.
Yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda hududiy saylov komissiyasi Senatning tavsiyasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, tuman, shahar saylov komissiyalari esa tegishli xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashining tavsiyasiga binoan hududiy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida oltmish kun qolganida tuziladi hamda o‘z vakolatlarini keyingi saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilinguniga qadar amalga oshiradi.
Hududiy, tuman, shahar saylov komissiyalari rasmiy veb-saytlarida va matbuot nashrlarida o‘z tarkibi, manzili va komissiyaning telefon raqamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi.
Bilimingizni sinang
Saylov kodeksi — 11-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Saylov komissiyalari tizimi
- Markaziy saylov komissiyasining Raisi
- Markaziy saylov komissiyasini tuzish
- Markaziy saylov komissiyasiga a’zolik
To‘g‘ri javob: Saylov komissiyalari tizimi. 11-modda: Saylov komissiyalari tizimi.
Saylov kodeksi: «Saylov komissiyalari tizimi» qaysi moddada belgilangan?
- 13-modda
- 11-modda
- 15-modda
- 12-modda
To‘g‘ri javob: 11-modda. 11-modda: Saylov komissiyalari tizimi.
Saylov kodeksiga ko‘ra, saylov komissiyalari tizimiga quyidagilardan qaysi biri kirmaydi?
- Mahalla saylov komissiyalari
- Hududiy saylov komissiyalari
- Tuman va shahar saylov komissiyalari
- Uchastka saylov komissiyalari
To‘g‘ri javob: Mahalla saylov komissiyalari. 11-moddaga ko‘ra tizimga MSK, hududiy, tuman va shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalari kiradi.
Tuman hokimi tuman saylov komissiyasiga qaysi nomzodni ro‘yxatga olish haqida ko‘rsatma berdi. Saylov kodeksiga ko‘ra, bu harakat haqida qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Bunday aralashishga yo‘l qo‘yiladi, chunki hokim komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtiradi
- Bunday aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va u qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi
- Bunday aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi, lekin u faqat intizomiy javobgarlikka sabab bo‘ladi
- Hokimning ko‘rsatmasi komissiya uchun maslahat hisoblanadi va javobgarlikka sabab bo‘lmaydi
To‘g‘ri javob: Bunday aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va u qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. 11-moddaga ko‘ra saylov komissiyalari faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Saylov kodeksiga ko‘ra, saylov komissiyasida masalalarni ko‘rib chiqish va qarorlar qabul qilish qanday tarzda amalga oshiriladi?
- Yakka tartibda, komissiya raisi tomonidan
- Faqat yuqori turuvchi komissiya ko‘rsatmasi bilan
- Kollegial tarzda
- Faqat hokimlik bilan kelishgan holda
To‘g‘ri javob: Kollegial tarzda. 11-moddaga ko‘ra masalalarni ko‘rib chiqish va qarorlar qabul qilish kollegial tarzda amalga oshiriladi.
Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis palatalari tomonidan nechta a’zodan iborat tarkibda tuziladi?
- yetti nafar
- o‘n bir nafar
- o‘n besh nafar
- to‘qqiz nafar
To‘g‘ri javob: to‘qqiz nafar. Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis palatalari tomonidan to‘qqiz nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi.
Markaziy saylov komissiyasining nechta a’zosi Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakili bo‘ladi?
- ikki nafar
- to‘rt nafar
- uch nafar
- bir nafar
To‘g‘ri javob: bir nafar. Markaziy saylov komissiyasining bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili bo‘ladi.
Saylov kodeksi — 12-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati
- Markaziy saylov komissiyasining majlislari va qarorlari
- Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari
- Markaziy saylov komissiyasini tuzish
To‘g‘ri javob: Markaziy saylov komissiyasini tuzish. 12-modda: Markaziy saylov komissiyasini tuzish.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash