XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Saylov kodeksi · 55–58-m.

Ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish (2/2)

Moddalar

55-modda. Ovoz berish tartibi

Saylovchi saylov byulletenini olgach, uni yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida to‘ldiradi. Saylov byulletenini to‘ldirish chog‘ida ovoz beruvchi shaxsdan boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi taqiqlanadi. Saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli, bundan saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari mustasno.

Saylovchi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi, siyosiy partiyaning nomi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga “+” yoki “” yoxud “x” belgisini qo‘yadi.

Ovoz beruvchi to‘ldirilgan saylov byulletenini saylov qutisiga tashlaydi.

Buzib qo‘yilgan saylov byulleteni saylovchining iltimosiga ko‘ra yangisiga almashtirilishi mumkin. Buzib qo‘yilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi (yuqori chap burchagini kesish yo‘li bilan) lozim va alohida saqlanadi.

56-modda. Saylovchining turgan joyida ovoz berish

Ayrim saylovchilar sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ushbu saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etadi.

Tegishli komissiyaning kamida ikki nafar a’zosi ko‘chma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga yuboriladi, ular saylovchining xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini ta’minlaydi. Bunda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo‘lishi mumkin.

56¹-modda. Saylovchining chet davlatda turgan joyida ovoz berish

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va chet davlatlarning vakolatli davlat hokimiyati organlari bilan kelishuvlarga muvofiq chet davlatlarning aholi zich joylashgan hududlarda muddatidan oldin ovoz berish saylovchining turgan joyida o‘tkazilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning turgan joyida ovoz berish vaqti hamda joyi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda saylovchilarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.

Saylovchilarning turgan joyida ovoz berish O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida o‘tkaziladi.

Ovoz berish tugaganidan keyin uchastka saylov komissiyasi a’zolari ko‘chma ovoz berish qutisini ochadi, uning ichidagi saylov byulletenlarini sanamasdan maxsus qopga joylaydi, qopni surg‘uchlaydi va bu haqda dalolatnoma tuzadi.

Saylov byulletenlari solingan qop surg‘uchlangan holda dalolatnoma bilan birga saylov uchastkasiga olib boriladi va saylov kuni ovozlarni sanab chiqish jarayoni boshlanguniga qadar saqlanadi.

57-modda. Muddatidan oldin ovoz berish

Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.

Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.

Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi. Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.

Saylov byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi.

Saylovchi qaror qabul qiladi va to‘ldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka saylov komissiyasining ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.

58-modda. Uchastka saylov komissiyasining ovoz berish tugaganidan keyingi faoliyati

Ovoz berish tugagach, uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari ovoz berish tugaganligini komissiyaning barcha a’zolari, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida e’lon qiladi.

Uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari komissiya a’zolari bilan birgalikda:

plombalarning raqamlarini tegishli dalolatnoma bilan solishtiradi;

oldindan yozuv ashyolarini yig‘ishtirib qo‘yib, saylov byulletenlarini sanab chiqish uchun joy (stol) tayyorlaydi;

foydalanilmagan va buzilgan saylov byulletenlarini sanab chiqadi va bekor qiladi, bu haqda yakuniy bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi;

muddatidan oldin ovoz berish byulletenlari solingan yopiq konvertlarni saylov qutisiga tashlaydi;

statsionar va ko‘chma saylov qutilarini ochadi;

har bir nomzod va siyosiy partiya bo‘yicha saylov byulletenlarini o‘qib eshittirgan va namoyish etgan holda alohida-alohida bog‘lamlarga ajratadi;

har bir nomzodni va siyosiy partiyani yoqlab berilgan ovozlarni sanab chiqadi;

haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlarini aniqlaydi va sanab chiqadi, bu haqda yakuniy bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi;

yakuniy bayonnomaga ovoz berish natijalari to‘g‘risidagi yozuvni kiritadi.

Uchastka saylov komissiyasi ovoz berish hamda ovozlarni sanab chiqish chog‘ida kelib tushgan shikoyatlarni (arizalarni) ko‘rib chiqadi. Shundan so‘ng uchastka saylov komissiyasi ovozlarni sanab chiqish natijalari bo‘yicha majlis o‘tkazib, unda ovoz berish yakunlari to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

58-modda. Uchastka saylov komissiyasining ovoz berish tugaganidan keyingi faoliyati (davomi)

Ovozlarni sanab chiqish natijalari uchastka saylov komissiyasining majlisida ko‘rib chiqiladi hamda rais, rais o‘rinbosari, kotib, saylov komissiyasining boshqa a’zolari tomonidan imzolanadigan bayonnomaga kiritiladi. Shundan so‘ng bayonnoma uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari tomonidan o‘qib eshittiriladi hamda mazkur bayonnomaning ko‘chirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun uchastka saylov komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga darhol osib qo‘yiladi.

Ovozlarni sanab chiqish jarayonida ishtirok etayotgan siyosiy partiyaning vakolatli vakili, kuzatuvchilar uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini olishga haqli.

Uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining ko‘chirma nusxasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda darhol O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida hududiy saylov komissiyalariga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlari saylovida okrug saylov komissiyalariga, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari deputatlari saylovida esa tegishli tuman, shahar saylov komissiyalariga taqdim etiladi, asl nusxa esa rais yoki uning o‘rinbosari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari kuzatuvida tegishli hududiy saylov komissiyalariga (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida), okrug saylov komissiyalariga (xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlari saylovida), tuman, shahar saylov komissiyalariga (xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari deputatlari saylovida) olib borib topshiriladi.

Bilimingizni sinang

Saylov byulletenini mustaqil to‘ldira olmaydigan saylovchi yashirin ovoz berish kabinasiga boshqa shaxsni taklif qilsa, qaysi shaxslarni taklif qilishi mumkin emas?
  1. Nomzodlarning ishonchli vakillarini, mahalla raislarini va partiyalarning mahalliy rahbarlarini
  2. Yaqin qarindoshlarini, voyaga yetmagan shaxslarni va boshqa davlat fuqarolarini
  3. Saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslarni, kuzatuvchilarni va OAV vakillarini
  4. Faqat uchastkada ro‘yxatga kiritilgan boshqa saylovchilarni va ish joyidagi hamkasblarini

To‘g‘ri javob: Saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslarni, kuzatuvchilarni va OAV vakillarini. 55-moddaga ko‘ra, saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va OAV vakillari mustasno.

Saylovchi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi ro‘parasida qaerga belgi qo‘yadi?
  1. Chap tomondagi qatorga
  2. Tagiga chiziq tortadi
  3. Nomzod familiyasini chizib tashlaydi
  4. O‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga

To‘g‘ri javob: O‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga. 55-moddaga ko‘ra, belgi nomzod familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomondagi bo‘sh kvadratga qo‘yiladi.

Buzib qo‘yilgan saylov byulleteni qanday bekor qilinadi?
  1. Yuqori chap burchagini kesish yo‘li bilan
  2. O‘rtasidan yirtish yo‘li bilan
  3. Muhr bosish yo‘li bilan
  4. Pastki o‘ng burchagini kesish yo‘li bilan

To‘g‘ri javob: Yuqori chap burchagini kesish yo‘li bilan. 55-moddaga ko‘ra, buzilgan byulleten yuqori chap burchagini kesish yo‘li bilan bekor qilinadi va alohida saqlanadi.

Ko‘zi ojiz saylovchi Nasiba byulletenni mustaqil to‘ldira olmaydi va yordam uchun uchastkadagi partiya kuzatuvchisini kabinaga taklif qilmoqchi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Mumkin, kuzatuvchi kabinaga kira oladi, chunki saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra istalgan shaxsni taklif qilishi mumkin
  2. Mumkin emas, kuzatuvchilarni taklif qilish mustasno qilingan; Nasiba boshqa shaxsni taklif qilishi mumkin
  3. Mumkin, agar kuzatuvchi yozma rozilik bersa va bu haqda uchastka komissiyasi raisi xabardor qilinsa
  4. Mumkin emas, kabinaga hech kim taklif etilishi mumkin emas, ko‘zi ojiz saylovchi ovozini og‘zaki bildiradi

To‘g‘ri javob: Mumkin emas, kuzatuvchilarni taklif qilish mustasno qilingan; Nasiba boshqa shaxsni taklif qilishi mumkin. 55-moddaga ko‘ra, saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra boshqa shaxsni taklif qilishga haqli, kuzatuvchilar va komissiya a’zolari bundan mustasno.

Ovoz berishni saylovchining turgan joyida tashkil etishda ko'chma saylov qutisi bilan komissiyaning kamida nechta a'zosi yuboriladi?
  1. Bir nafar
  2. Uch nafar
  3. To'rt nafar
  4. Ikki nafar

To‘g‘ri javob: Ikki nafar. Ko'chma saylov qutisi bilan komissiyaning kamida ikki nafar a'zosi saylovchining turgan joyiga yuboriladi.

Saylov kodeksi — 56-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Saylovchining shaxsini aniqlash
  2. Saylovchining turgan joyida ovoz berish
  3. Ovoz berish binolari hamda uchastka saylov komissiyalari binolari
  4. Ovoz berish tartibi

To‘g‘ri javob: Saylovchining turgan joyida ovoz berish. 56-modda: Saylovchining turgan joyida ovoz berish.

Saylov kodeksi: «Saylovchining turgan joyida ovoz berish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 52-modda
  2. 56-modda
  3. 49-modda
  4. 55-modda

To‘g‘ri javob: 56-modda. 56-modda: Saylovchining turgan joyida ovoz berish.

Saylovchining turgan joyida ovoz berish qaysi asosda tashkil etiladi?
  1. Saylovchining iltimosiga binoan, sog‘lig‘i yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmasa
  2. Saylovchining yozma iltimosiga binoan, faqat u kasalxonada yoki harbiy qismda bo‘lgan hollardagina
  3. Hokimning qaroriga binoan, saylovchi ovoz berish binosiga kela olmaydigan mahallalarda tashkil etiladi
  4. Mahalla raisining taqdimnomasiga binoan, uchastka hududida ro‘yxatda turgan nogironligi bor saylovchilar uchun

To‘g‘ri javob: Saylovchining iltimosiga binoan, sog‘lig‘i yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmasa. 56-moddaga ko‘ra, ovoz berish saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOvoz berishni tashkil etish va o‘tkazish (1/2)Keyingi →Takroriy ovoz berish, takroriy saylov