O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining o‘ziga xos xususiyatlari
Moddalar
61-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodga qo‘yiladigan talablar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yetti yil muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bo‘lishi mumkin emas.
O‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida o‘n yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi mumkin.
Quyidagilar:
qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar;
diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.
62-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish huquqi
Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan taqdirdagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatishi mumkin.
63-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagilarni taqdim etishi kerak:
saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotnoma;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etilgach, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi. Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida besh kunlik muddat ichida uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro‘yxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda e’lon qilinadi.
64-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va qirq besh kun qolganida tugaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Siyosiy partiyaning yuqori organi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bitta nomzod ko‘rsatishi mumkin.
Siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga faqat o‘z partiyasi a’zolari orasidan yoki partiyasizni nomzod etib ko‘rsatishga vakolatlidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatilganligi to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.
Siyosiy partiyaning rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni ro‘yxatga olishni iltimos qilib Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
siyosiy partiya yuqori organining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori;
siyosiy partiya yuqori organi majlisining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomasi, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaviyligi ko‘rsatiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodning o‘z nomzodi ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi;
64-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish tartibi (davomi)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari. Siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarida O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizining imzosi bo‘lishi kerak. Bunda siyosiy partiya bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) imzolar umumiy sonining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkin.
Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga Markaziy saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi.
Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni besh kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Kodeks talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.
Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Kodeks talablaridan chetga chiqish hollari to‘g‘risida tegishli siyosiy partiyalarning rahbarlariga ma’lum qiladi. Siyosiy partiya hujjatlardagi aniqlangan nomuvofiqliklar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishga haqli.
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni ro‘yxatga olish muddati tugallanishiga yetti kun qolganida yakunlaydi.
65-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari rasmiy ravishda e’lon qilingan kundan e’tiboran kechi bilan ikki oy ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida qasamyod qilgan paytdan e’tiboran o‘z lavozimiga kirishadi.
Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z vakolatlarini yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimga kirishguniga qadar bajaradi.
66-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga muddatidan ilgari saylov
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Senat Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda ikki oy ichida o‘tkaziladi. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Bilimingizni sinang
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti necha yil muddatga saylanadi?
- To'rt yil
- Yetti yil
- Besh yil
- Olti yil
To‘g‘ri javob: Yetti yil. Prezident yetti yil muddatga saylanadi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi uchun fuqaro kamida necha yoshda bo'lishi kerak?
- O'ttiz yosh
- Qirq yosh
- Yigirma besh yosh
- O'ttiz besh yosh
To‘g‘ri javob: O'ttiz besh yosh. Prezident etib o'ttiz besh yoshdan kichik bo'lmagan fuqaro saylanishi mumkin.
Saylov kodeksi — 61-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Muddatidan oldin ovoz berish
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodga qo‘yiladigan talablar
- Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi
- Saylovchining turgan joyida ovoz berish
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodga qo‘yiladigan talablar. 61-modda: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodga qo‘yiladigan talablar.
Saylov kodeksi: «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodga qo‘yiladigan talablar» qaysi moddada belgilangan?
- 61-modda
- 57-modda
- 56-modda
- 67-modda
To‘g‘ri javob: 61-modda. 61-modda: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodga qo‘yiladigan talablar.
Saylov Kodeksiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti necha yil muddatga saylanadi?
- Besh yil
- Yetti yil
- Olti yil
- To‘rt yil
To‘g‘ri javob: Yetti yil. 61-moddaga ko‘ra, Prezident yetti yil muddatga saylanadi.
Bir shaxs ketma-ket nechta muddatdan ortiq Prezident bo‘lishi mumkin emas?
- Ikki muddatdan
- Uch muddatdan
- Bir muddatdan
- To‘rt muddatdan
To‘g‘ri javob: Ikki muddatdan. 61-moddaga ko‘ra, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Prezident bo‘lishi mumkin emas.
Prezident etib saylanishi mumkin bo‘lgan fuqaroga qanday talab qo‘yiladi?
- O‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, saylovgacha kamida o‘n yil O‘zbekiston hududida muqim yashagan
- Qirq yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, saylovgacha kamida yigirma yil O‘zbekiston hududida muqim yashagan
- O‘ttiz yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, saylovgacha kamida uch yil O‘zbekiston hududida muqim yashagan
- Yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan, rus yoki ingliz tilini biladigan, saylovgacha kamida besh yil O‘zbekistonda yashagan
To‘g‘ri javob: O‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, saylovgacha kamida o‘n yil O‘zbekiston hududida muqim yashagan. 61-moddaga ko‘ra, 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, kamida o‘n yil muqim yashagan fuqaro Prezident etib saylanishi mumkin.
Fuqaro Akmalning o‘n yil oldin qasddan sodir etilgan jinoyati uchun sudlanganligi ma’lum bo‘ldi. U Prezidentligiga nomzod bo‘lishni istaydi, boshqa talablarga javob beradi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- U ro‘yxatga olinmaydi, chunki qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi
- U ro‘yxatga olinadi, chunki jinoyat sodir etilganidan o‘n yil o‘tgan va sudlanganlik bu muddatdan keyin hisobga olinmaydi
- U ro‘yxatga olinadi, chunki sudlanganlik nomzodlikka to‘siq emas, faqat partiya talab qilsa ro‘yxatga olinmaydi
- U faqat partiyasiz nomzod sifatida ro‘yxatga olinadi, chunki sudlangan fuqarolar partiyadan ko‘rsatilishi mumkin emas
To‘g‘ri javob: U ro‘yxatga olinmaydi, chunki qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi. 61-moddaga ko‘ra, qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar Prezidentlikka nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash