XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Saylov kodeksi · 67–74²-m.

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovining o‘ziga xos xususiyatlari

Moddalar

67-modda. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi

Qonunchilik palatasi besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat bo‘ladi.

Qonunchilik palatasi deputatlarining:

yetmish besh nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylanadi;

yetmish besh nafari yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda partiya ro‘yxati asosida saylanadi.

68-modda. Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish huquqi

Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan va o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini to‘plagan taqdirdagina deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkin.

Belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingandan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.

Bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya qirq ming saylovchining ko‘pi bilan sakkiz foizi imzosini to‘plashi mumkin.

69-modda. Saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomasi;

imzo varaqalari.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etilgach, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjat qabul qilib olingan sana va vaqt qayd etilgan ma’lumotnoma beradi. Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalar ro‘yxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda e’lon qilinadi.

70-modda. Siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugaydi.

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Siyosiy partiyalar:

bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha deputatlikka yetmish besh nafar nomzod, ya’ni har bir saylov okrugidan bittadan deputatlikka nomzod ko‘rsatishga;

partiya ro‘yxati bo‘yicha yetmish besh nafardan kam bo‘lmagan, yuz nafardan ko‘p bo‘lmagan deputatlikka nomzod ko‘rsatishga vakolatlidir.

Bir mandatli saylov okruglarida ayni bir shaxs faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin.

Partiya ro‘yxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning a’zolari yoki partiyasiz bo‘lishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning a’zolari ushbu ro‘yxatga kiritilishi mumkin emas.

Ayni bir nomzod faqat bitta partiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.

Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘rsatilgan nomzodlar partiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkin emas.

Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi.

Ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, shuningdek partiya ro‘yxati asosida siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida qirq foizini tashkil etishi kerak. Bunda partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozim.

70-modda. Siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish (davomi)

Siyosiy partiyalar o‘z partiyasi a’zolarini yoki partiyasizlarni deputatlikka nomzod etib ko‘rsatishga vakolatlidir. Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish hamda partiya ro‘yxatini shakllantirish to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.

71-modda. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar

Qonunchilik palatasiga saylanish huquqiga saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar egadir.

Quyidagilar:

sodir etilgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar;

saylov kuniga qadar so‘nggi besh yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar;

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qo‘mitasining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari;

diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.

72-modda. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni va partiya ro‘yxatini ro‘yxatga olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar

Siyosiy partiyaning rahbari Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishni iltimos qilib, Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

siyosiy partiya yuqori organining deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori;

siyosiy partiya yuqori organi majlisining bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish, shuningdek partiya ro‘yxati asosida ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar to‘g‘risidagi bayonnomasi, unda deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, shuningdek bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha saylov okrugining nomi va tartib raqami ko‘rsatiladi;

deputatlikka nomzodi ko‘rsatilgan shaxsning o‘z nomzodi tegishli bir mandatli saylov okrugidan ovozga qo‘yilishiga yoki partiya ro‘yxatiga kiritilishiga rozi ekanligi, basharti u Qonunchilik palatasi deputati etib saylangudek bo‘lsa, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasi.

Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga Markaziy saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni ro‘yxatga olish muddati tugallanishiga yetti kun qolganida yakunlaydi.

72-modda. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni va partiya ro‘yxatini ro‘yxatga olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar (davomi)

Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni besh kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Kodeks talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.

Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Kodeks talablaridan chetga chiqish hollari to‘g‘risida tegishli siyosiy partiyalarning rahbarlariga ma’lum qiladi. Siyosiy partiya hujjatlardagi aniqlangan nomuvofiqliklar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishga haqli.

73-modda. Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarni ro‘yxatga olish

Markaziy saylov komissiyasi bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha hududiy saylov komissiyalaridan olingan bayonnomalar asosida Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarni ro‘yxatga oladi.

Yagona saylov okrugidan saylangan deputatlarni ro‘yxatga olish ushbu Kodeksning 96¹-moddasiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Deputat etib saylangan shaxslar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan paytdan e’tiboran Qonunchilik palatasi deputati maqomiga ega bo‘ladi.

Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan shaxslar Markaziy saylov komissiyasiga Qonunchilik palatasi deputatining maqomiga to‘g‘ri kelmaydigan vazifalarni o‘z zimmasidan soqit qilganligi to‘g‘risida yozma shaklda ma’lum qilishi shart.

Qonunchilik palatasi deputatlariga ular ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan guvohnoma va ko‘krak nishoni beriladi.

74-modda. Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha bo‘shab qolgan o‘rinlarga Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish

Bir mandatli saylov okruglaridan saylangan deputatlarning vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan hollarda, tegishli saylov okruglarida yangi saylov o‘tkaziladi.

Saylov Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov o‘tkazilishiga kamida bir oy qolganida tayinlanadi va ushbu Kodeksning talablariga rioya qilgan holda tashkil etiladi. Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha bo‘shab qolgan o‘rinlarga Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Qonunchilik palatasi vakolat muddatining tugashiga olti oydan kam vaqt qolganida bir mandatli saylov okrugidan saylangan Qonunchilik palatasi deputatining o‘rni bo‘shab qolgan taqdirda, ushbu bo‘shab qolgan o‘ringa yangi deputat saylovi o‘tkazilmasligi mumkin.

74¹-modda. Qonunchilik palatasi deputatlarining muddatidan ilgarigi saylovi

Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda uch oy ichida o‘tkaziladi.

Qonunchilik palatasi tomonidan o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda ikki oy ichida o‘tkaziladi. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

74²-modda. Partiya ro‘yxati asosida shakllantirilgan va bo‘shab qolgan Qonunchilik palatasi deputatlari o‘rnini to‘ldirish

Partiya ro‘yxati asosida shakllantirilgan va bo‘shab qolgan Qonunchilik palatasi deputatlari o‘rni tegishli siyosiy partiyaning ro‘yxatdan o‘tkazilgan partiya ro‘yxatidagi mandatga ega bo‘lmagan nomzodlari hisobidan to‘ldiriladi.

Deputatlik o‘rni bo‘shab qolganidan keyin besh kun ichida Markaziy saylov komissiyasi tegishli partiya ro‘yxatidagi tartib raqami bo‘yicha mandat olmagan birinchi nomzodga deputat sifatida ro‘yxatga olinishi haqida xabarnoma yuboradi.

Xabarni olgan nomzod ushbu Kodeks 96¹-moddasining o‘ninchi qismida nazarda tutilgan talablarni bajargan taqdirda, Markaziy saylov komissiyasi nomzodni Qonunchilik palatasiga deputat sifatida ro‘yxatga oladi hamda besh kun ichida guvohnoma va ko‘krak nishonini beradi.

Agar nomzod deputat bo‘lishdan voz kechsa yoki ushbu Kodeks 96¹-moddasining o‘ninchi qismida nazarda tutilgan talablarni bajarmasa, Markaziy saylov komissiyasi tegishli partiya ro‘yxatidagi tartib raqami bo‘yicha mandat olmagan keyingi nomzodga xabarnoma yuboradi.

Ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan tartib bo‘shab qolgan deputatlik mandati to‘ldirilgunga qadar amalga oshiriladi.

Bilimingizni sinang

Qonunchilik palatasi deputatlari necha yil muddatga saylanadi?
  1. Uch yil
  2. To'rt yil
  3. Besh yil
  4. Yetti yil

To‘g‘ri javob: Besh yil. Qonunchilik palatasi besh yil muddatga saylanadigan deputatlardan iborat.

Qonunchilik palatasi nechta deputatdan iborat bo'ladi?
  1. Ikki yuz
  2. Bir yuz
  3. Bir yuz yigirma
  4. Bir yuz ellik

To‘g‘ri javob: Bir yuz ellik. Qonunchilik palatasi bir yuz ellik deputatdan iborat bo'ladi.

Saylov Kodeksiga ko‘ra, Qonunchilik palatasi necha yil muddatga saylanadigan nechta deputatdan iborat bo‘ladi?
  1. Besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik deputatdan
  2. Besh yil muddatga saylanadigan bir yuz deputatdan
  3. Yetti yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik deputatdan
  4. To‘rt yil muddatga saylanadigan ikki yuz deputatdan

To‘g‘ri javob: Besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik deputatdan. 67-moddaga ko‘ra, Qonunchilik palatasi besh yil muddatga saylanadigan 150 deputatdan iborat.

Siyosiy partiya Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko'rsatishi uchun saylov kampaniyasi e'lon qilinishidan kamida qancha oldin Adliya vazirligida ro'yxatga olingan bo'lishi kerak?
  1. Ikki oy
  2. Bir oy
  3. To'rt oy
  4. Olti oy

To‘g‘ri javob: To'rt oy. Partiya kampaniya e'lon qilinishidan kamida to'rt oy oldin ro'yxatga olingan va qirq ming imzo to'plagan bo'lishi kerak.

Qonunchilik palatasi saylovida partiya bitta ma'muriy-hududiy tuzilmada talab qilingan qirq ming imzoning ko'pi bilan qancha qismini to'plashi mumkin?
  1. Sakkiz foizi
  2. Uch foizi
  3. Besh foizi
  4. O'n foizi

To‘g‘ri javob: Sakkiz foizi. Bitta ma'muriy-hududiy tuzilmada qirq ming saylovchining ko'pi bilan sakkiz foizi imzosi to'planishi mumkin.

Saylov kodeksi — 68-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarni ro‘yxatga olish
  2. Qonunchilik palatasi deputatlarining muddatidan ilgarigi saylovi
  3. Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish huquqi
  4. Saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar

To‘g‘ri javob: Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish huquqi. 68-modda: Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish huquqi.

Saylov kodeksi: «Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish huquqi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 73-modda
  2. 69-modda
  3. 68-modda
  4. 74¹-modda

To‘g‘ri javob: 68-modda. 68-modda: Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish huquqi.

Siyosiy partiya deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi uchun kamida nechta saylovchining imzosini to‘plagan bo‘lishi kerak?
  1. Qirq ming
  2. O‘n ming
  3. Yuz ming
  4. Yigirma ming

To‘g‘ri javob: Qirq ming. 68-moddaga ko‘ra, partiya kamida qirq ming saylovchining imzosini to‘plagan bo‘lishi kerak.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining o‘ziga xos xususiyatlariKeyingi →Senatni shakllantirish tartibi (1/2)