XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Saylov kodeksi · 88–93¹-m.

Mahalliy Kengashlarga saylovning o‘ziga xos xususiyatlari

Moddalar

88-modda. Mahalliy Kengashlarga saylov

Mahalliy Kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida besh yil muddatga o‘tkaziladi.

Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi deputatlik o‘rinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda tegishli mahalliy Kengash tomonidan quyidagicha belgilanadi:

aholi soni ikki million nafargacha bo‘lgan hududlarda — o‘ttiztadan qirqtagacha;

aholi soni ikki milliondan uch million nafargacha bo‘lgan hududlarda — qirqtadan elliktagacha;

aholi soni uch million nafardan ortiq bo‘lgan hududlarda — elliktadan oltmishtagacha.

Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlik o‘rinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda tegishli mahalliy Kengash tomonidan quyidagicha belgilanadi:

aholi soni o‘ttiz ming nafargacha bo‘lgan hududlarda — o‘ntadan o‘n beshtagacha;

aholi soni o‘ttiz mingdan yuz ming nafargacha bo‘lgan hududlarda — o‘n beshtadan yigirmatagacha;

aholi soni yuz mingdan uch yuz ming nafargacha bo‘lgan hududlarda — yigirmatadan yigirma beshtagacha;

aholi soni uch yuz ming nafardan ortiq bo‘lgan hududlarda — yigirma beshtadan o‘ttiztagacha.

Hududiy va boshqa mahalliy sharoitlardan kelib chiqib, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlik o‘rinlari soniga ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida belgilangan norma doirasida Senat tomonidan o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

Saylov okrugining hududi boshqa ma’muriy-hududiy birlik tarkibiga o‘tkazilganda yoki uning hududida yangi ma’muriy-hududiy birlik tashkil etilgan taqdirda, ushbu saylov okrugidan saylangan deputatning vakolatlari saqlab qolinadi. Bunda deputat saylov okrugining hududi joylashgan xalq deputatlari Kengashi yoxud yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birlikda shakllantirilgan xalq deputatlari Kengashi tarkibiga kiradi, deputatning vakolatlari muddati esa mazkur xalq deputatlari Kengashining vakolatlari muddatiga muvofiq bo‘ladi. Bunday hollarda deputatlik o‘rinlari soni ushbu modda ikkinchi va uchinchi qismlarida belgilangan normadan oshishi yoki kamayishiga yo‘l qo‘yilishi mumkin.

88-modda. Mahalliy Kengashlarga saylov (davomi)

Yangidan tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlarga saylov xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga navbatdagi umumiy saylovlarga qadar qolgan davrdan oshmaydigan muddatga o‘tkaziladi.

89-modda. Saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida tegishli hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasiga, mahalliy Kengashlarga saylovlar Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi bilan bir vaqtda o‘tkazilganda esa Markaziy saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

saylovda ishtirok etish to‘g‘risida siyosiy partiya rahbari yoki partiyaning tegishli viloyat, tuman, shahar organi rahbari tomonidan imzolangan ariza;

siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin ro‘yxatga olinganligi haqidagi ma’lumotnoma.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etilgach, tegishli saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt qayd etilgan ma’lumotnoma beradi. Saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddatda partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalar ro‘yxati arizalarning kelib tushish navbati tartibiga qarab matbuotda e’lon qilinadi.

90-modda. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar

Saylov kuni yigirma bir yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar mahalliy Kengashlar deputatligiga saylanish huquqiga ega.

Quyidagilar:

sodir etgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar;

saylov kuniga qadar so‘nggi besh yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar;

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qo‘mitasining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari;

diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.

Sudyalar, prokuratura organlarining va ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (bundan viloyat, tuman va shahar hokimlari mustasno) deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berish sharti bilan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinadi.

91-modda. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish tartibi

Mahalliy Kengashlarning deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugallanadi.

Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning tegishli organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Siyosiy partiyalar tegishli hududda joylashgan har bir saylov okrugidan mahalliy Kengashlar deputatligiga bittadan nomzod ko‘rsatishga vakolatlidir.

Bir shaxs tegishli mahalliy Kengashga saylov o‘tkazish bo‘yicha faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin. Deputatlikka nomzodlar tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi.

Ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar umumiy sonining kamida qirq foizini tashkil etishi kerak.

Siyosiy partiyalar faqat o‘z partiyasi a’zolarini yoki partiyasizlarni deputatlikka nomzod etib ko‘rsatadi. Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilganligi to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.

92-modda. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar

Siyosiy partiya tegishli organining rahbari mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishni iltimos qilib, tegishli hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

siyosiy partiya tegishli organining deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori;

siyosiy partiya tegishli organi majlisining mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomasi, unda deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, shuningdek bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha saylov okrugining nomi va raqami ko‘rsatiladi;

mahalliy Kengash deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan shaxsning o‘z nomzodi tegishli bir mandatli saylov okrugidan ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi, ushbu Kodeks 90-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarning, basharti ular mahalliy Kengashlar deputatlari etib saylangudek bo‘lsa, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasi.

Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga tegishli hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi.

Hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni ro‘yxatga olish muddati tugallanishiga yetti kun qolganida yakunlaydi.

92-modda. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar (davomi)

Hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni besh kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Kodeks talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.

Hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Kodeks talablaridan chetga chiqish hollari to‘g‘risida tegishli siyosiy partiyalar rahbarlariga ma’lum qiladi. Siyosiy partiya hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni tegishli saylov komissiyasiga taqdim etishga haqli.

92¹-modda. Mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlarni ro‘yxatga olish

Hududiy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan olingan bayonnomalar asosida, tuman va shahar saylov komissiyalari uchastka saylov komissiyalaridan olingan bayonnomalar asosida tegishli mahalliy Kengashga saylangan deputatlarni ro‘yxatga oladi.

Deputat etib saylangan shaxslar tegishli hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan paytdan e’tiboran tegishli mahalliy Kengash deputati maqomiga ega bo‘ladi.

Ushbu Kodeks 90-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan, mahalliy Kengash deputati etib saylangan shaxslar tegishincha hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasiga deputatning maqomiga to‘g‘ri kelmaydigan vazifalarni o‘z zimmasidan soqit qilganligi to‘g‘risida yozma shaklda xabar qilishi shart.

Mahalliy Kengashlar deputatlariga tegishli hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan kundan boshlab o‘n kun ichida guvohnoma va ko‘krak nishoni beriladi.

93-modda. Bo‘shab qolgan o‘rinlarga mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish

Deputatlarning vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan hollarda tegishli saylov okruglarida yangi saylov o‘tkaziladi.

Saylov Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov o‘tkazilishiga kamida bir oy qolganida tayinlanadi va ushbu Kodeksning talablariga rioya etilgan holda tashkil etiladi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Tegishli mahalliy Kengashning vakolat muddati tugashiga olti oydan kam vaqt qolganida deputatning o‘rni bo‘shab qolgan taqdirda, bo‘shab qolgan o‘ringa yangi deputat saylovi o‘tkazilmasligi mumkin.

93¹-modda. Yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi

Yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlarga deputatlar saylovi ma’muriy-hududiy birliklarni tashkil etish to‘g‘risida belgilangan tartibda qarorlar qabul qilinganidan keyin ikki oy ichida e’lon qilinadi.

Yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov o‘tkazilishiga kamida ikki oy qolganida tayinlanadi va ushbu Kodeksning talablariga rioya etilgan holda tashkil etiladi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Agar keyingi saylov kampaniyasi boshlanishiga uch oydan kam vaqt qolgan bo‘lsa yoki vakolatlari saqlab qolingan va yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birlikning xalq deputatlari Kengashi tarkibiga kirgan deputatlar soni xalq deputatlari tuman, shahar Kengashida o‘n besh kishini hamda xalq deputatlari viloyat Kengashida o‘ttiz kishini tashkil etsa, yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birlikda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi o‘tkazilmasligi mumkin.

Bilimingizni sinang

Mahalliy Kengashlarga saylov bir mandatli okruglar bo‘yicha qancha muddatga o‘tkaziladi?
  1. olti yil
  2. to‘rt yil
  3. besh yil
  4. yetti yil

To‘g‘ri javob: besh yil. Mahalliy Kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida besh yil muddatga o‘tkaziladi.

Aholi soni qancha nafargacha bo‘lgan hududlarda viloyat va Toshkent shahar Kengashlarida o‘ttiztadan qirqtagacha deputatlik o‘rni belgilanadi?
  1. uch million
  2. ikki million
  3. besh million
  4. bir million

To‘g‘ri javob: ikki million. Aholisi ikki million nafargacha bo‘lgan hududlarda viloyat Kengashida o‘ttiztadan qirqtagacha deputatlik o‘rni belgilanadi.

Saylov kodeksi — 88-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
  2. Senat a’zolari saylovining yakunlari ustidan shikoyat qilish
  3. Senat a’zolari saylovining yakunlari
  4. Mahalliy Kengashlarga saylov

To‘g‘ri javob: Mahalliy Kengashlarga saylov. 88-modda: Mahalliy Kengashlarga saylov.

Saylov kodeksi: «Mahalliy Kengashlarga saylov» qaysi moddada belgilangan?
  1. 85-modda
  2. 92-modda
  3. 88-modda
  4. 86-modda

To‘g‘ri javob: 88-modda. 88-modda: Mahalliy Kengashlarga saylov.

Saylov Kodeksiga ko‘ra, mahalliy Kengashlarga saylov qanday okruglar bo‘yicha va qanday asosda o‘tkaziladi?
  1. Hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, ko‘ppartiyaviylik asosida, besh yil muddatga
  2. Hududiy ko‘p mandatli saylov okruglari bo‘yicha, ko‘ppartiyaviylik asosida, besh yil muddatga
  3. Hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, ko‘ppartiyaviylik asosida, to‘rt yil muddatga
  4. Yagona saylov okrugi bo‘yicha, faqat partiya ro‘yxati asosida, yetti yil muddatga

To‘g‘ri javob: Hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, ko‘ppartiyaviylik asosida, besh yil muddatga. 88-moddaga ko‘ra, saylov hududiy bir mandatli okruglar bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida besh yil muddatga o‘tkaziladi.

Aholi soni ikki million nafargacha bo‘lgan hududda xalq deputatlari viloyat Kengashidagi deputatlik o‘rinlari soni qancha bo‘lishi mumkin?
  1. O‘ttiztadan qirqtagacha
  2. Elliktadan oltmishtagacha
  3. Qirqtadan elliktagacha
  4. Yigirmatadan o‘ttiztagacha

To‘g‘ri javob: O‘ttiztadan qirqtagacha. 88-moddaga ko‘ra, aholisi ikki million nafargacha bo‘lgan hududlarda — o‘ttiztadan qirqtagacha.

Aholi soni uch million nafardan ortiq bo‘lgan hududda viloyat yoki Toshkent shahar Kengashidagi deputatlik o‘rinlari soni qancha?
  1. Qirqtadan elliktagacha
  2. Elliktadan oltmishtagacha
  3. O‘ttiztadan qirqtagacha
  4. Oltmishtadan sakson tagacha

To‘g‘ri javob: Elliktadan oltmishtagacha. 88-moddaga ko‘ra, aholisi uch million nafardan ortiq hududlarda — elliktadan oltmishtagacha.

Aholi soni o‘ttiz ming nafargacha bo‘lgan hududlarda tuman va shahar Kengashidagi deputatlik o‘rinlari soni qancha?
  1. Yigirmatadan yigirma beshtagacha
  2. O‘n beshtadan yigirmatagacha
  3. O‘ntadan o‘n beshtagacha
  4. Beshtadan o‘ntagacha

To‘g‘ri javob: O‘ntadan o‘n beshtagacha. 88-moddaga ko‘ra, aholisi o‘ttiz ming nafargacha bo‘lgan hududlarda — o‘ntadan o‘n beshtagacha.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSenatni shakllantirish tartibi (2/2)Keyingi →Saylov natijalarini aniqlash va e’lon qilish (hammaga ma’lum qilish)