Soliq munosabatlarining subyektlari, ularning huquqlari va majburiyatlari
Umumiy Qism
19-modda. Soliq munosabatlarining subyektlari va hujjatlar almashish tartibi
Soliq to‘lovchilar, soliq agentlari va vakolatli organlar soliq munosabatlarining subyektlaridir.
Soliq organlari, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, hujjatlarni elektron hujjat tarzida soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga yuboradi. Yuborilgan hujjatlar soliq to‘lovchi tomonidan o‘qib chiqilganidan keyin, lekin ushbu hujjat jo‘natilgan sanadan e’tiboran uch kundan kechiktirmay olingan deb hisoblanadi.
Agar soliq to‘lovchida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti mavjud bo‘lmasa, hujjatlar buyurtma xat qilib pochta orqali yuboriladi va ular jo‘natilganidan so‘ng besh kundan keyin olingan deb hisoblanadi.
Hujjatlar soliq to‘lovchiga yoki uning vakiliga shaxsan mazkur hujjatlar olingan sana ko‘rsatilgan holda imzo qo‘ydirib topshirilishi mumkin.
Soliq to‘lovchilar, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, soliq organlariga hujjatlarni mazkur moddaning ikkinchi — to‘rtinchi qismlarida ko‘rsatilganiga o‘xshash tartibda yuboradi. Bunda ushbu hujjatlar soliq organlariga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilganda — jo‘natilgan kun, pochta orqali yuborilganda besh kundan keyin olingan deb hisoblanadi.
Soliq munosabatlarida foydalaniladigan elektron hujjatlarda hujjatni imzolagan shaxsning roziligini ifodalaydigan hamda mazkur shaxsni identifikatsiya va autentifikatsiya qilish imkonini beradigan elektron tasdiqlash usullari orqali elektron hujjatni tasdiqlash ham elektron raqamli imzoga tenglashtiriladi.
19-modda. Soliq munosabatlarining subyektlari va hujjatlar almashish tartibi (davomi)
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hujjatlarning, elektron hujjat aylanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning shakllari, mazkur hujjatlarning shakllarini to‘ldirish tartibi, bunday hujjatlarni qog‘ozda yoki telekommunikatsiya kanallari orqali elektron shaklda yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuborish hamda olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
20-modda. Soliq to‘lovchilar
Ushbu Kodeksga muvofiq zimmasiga belgilangan soliqlar hamda yig‘imlarni to‘lash majburiyati yuklatilgan yuridik va jismoniy shaxslar soliq to‘lovchilar deb e’tirof etiladi.
Yuridik shaxslarning alohida bo‘linmalari mazkur shaxslarning soliqlar va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatlarini ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda va tartibda ushbu alohida bo‘linmalar joylashgan yeri bo‘yicha bajaradi.
Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan soliq to‘lovchilar alohida bo‘linmalarni hisobga olib markazlashgan holda soliq hisobotini taqdim etadi va soliqlarni (yig‘imlarni) to‘laydi.
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmalari soliq to‘lovchilar deb e’tirof etiladi.
21-modda. Soliq to‘lovchilarning huquqlari
Soliq to‘lovchilar quyidagi huquqlarga ega:
soliq organlaridan va boshqa vakolatli organlardan (ularning vakolatlari doirasida) amaldagi soliqlar to‘g‘risida, soliq to‘g‘risidagi qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida, soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi to‘g‘risida axborotni, soliq hisobotining va arizalarning shakllarini, shuningdek ularni to‘ldirish tartibi haqida tushuntirishlarni bepul olish;
o‘z soliq majburiyatlarini bajarish yuzasidan soliq organlarida va boshqa vakolatli organlarda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni olish;
ushbu Kodeksda belgilangan asoslar mavjud bo‘lganda va tartibda soliq imtiyozlaridan foydalanish yoxud ulardan foydalanishni rad etish;
soliqlar, penyalar va jarimalarning ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan summalarini o‘z vaqtida hisobga o‘tkazish yoki qaytarish;
ushbu Kodeksda belgilangan tartibda va shartlarda soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash;
soliq solish obyektlarini hisobga olishda, soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lashda o‘zlari yo‘l qo‘ygan xatolarni mustaqil ravishda tuzatish;
ushbu Kodeksga muvofiq o‘z hududida o‘tkaziladigan sayyor soliq tekshiruvini va soliq auditini o‘tkazish chog‘ida hozir bo‘lish;
sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi materiallari bilan tanishish, shuningdek ushbu tekshiruvlarning dalolatnomalarini olish;
soliq tekshiruvini amalga oshiruvchi soliq organlariga soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning ijrosiga taalluqli masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berish;
21-modda. Soliq to‘lovchilarning huquqlari (davomi)
soliq organlari va boshqa vakolatli organlarning hamda ular mansabdor shaxslarining ushbu Kodeksga va (yoki) soliq to‘g‘risidagi boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan talablarini bajarmaslik;
soliq organlari va boshqa vakolatli organlarning normativ tusga ega bo‘lmagan hujjatlari hamda qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
soliq organlari va boshqa vakolatli organlarning qonunga xilof qarorlari yoki ular mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zararlarning o‘rni qoplanishini belgilangan tartibda talab qilish;
ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, soliq tekshiruvi materiallarini yoki soliq organlarining boshqa hujjatlarini ko‘rib chiqish jarayonida ishtirok etish;
soliq munosabatlari masalalariga oid o‘z manfaatlarini shaxsan yoxud soliq maslahatchilari tashkiloti yoki boshqa o‘z vakillari orqali ifodalash;
soliq siriga rioya etish va uni saqlash.
Soliq to‘lovchilar ushbu Kodeksda va soliq to‘g‘risidagi boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan o‘zga huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Soliq to‘lovchining soliq munosabatlarida shaxsan ishtirok etishi uni vakilga ega bo‘lish huquqidan mahrum etmaydi, xuddi shuningdek vakilning ishtirok etishi soliq to‘lovchini bunday munosabatlarda shaxsan ishtirok etish huquqidan mahrum etmaydi.
Soliq to‘lovchilarning huquqlari soliq organlari va boshqa vakolatli organlar mansabdor shaxslarining tegishli majburiyatlari bilan ta’minlanadi.
21-modda. Soliq to‘lovchilarning huquqlari (davomi)
Soliq to‘lovchilarning huquqlarini ta’minlashga oid majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
22-modda. Soliq to‘lovchilarning majburiyatlari
Soliq to‘lovchilar:
belgilangan soliqlar va yig‘imlarni o‘z vaqtida hamda to‘liq hajmda hisoblab chiqarishi va to‘lashi;
hujjatlarni ko‘rib chiqish yoki tushuntirishlar berish zaruriyati to‘g‘risida chaqiruv xatini olganida soliq organiga kelishi;
tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda xaridorga hisobvaraq-fakturalarni, cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan boshqa hujjatlarni berishi;
soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan soliq organlarining mansabdor shaxslariga soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan hujjatlar, shuningdek elektron manbalarda saqlanadigan tegishli axborot bilan tanishish imkoniyatini ta’minlashi;
soliq organlari va boshqa vakolatli organlarning qonuniy talablarini bajarishi, ko‘rsatilgan organlarning va ular mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi;
agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq hisobotlarining va soliqlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lash uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlarning tegishli soliqlarni to‘lash uchun belgilangan kalendar yildan keyingi uch yil mobaynida but saqlanishini ta’minlashi;
o‘zi soliq bo‘yicha hisobga olingan joydagi soliq organlarini O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslaridagi va chet el yuridik shaxslaridagi ishtiroki to‘g‘risida, agar ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi 10 foizdan ortiq bo‘lsa, xabardor etishi shart.
Yuridik shaxs bo‘lgan soliq to‘lovchilar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari, o‘zlari hisobga olingan joydagi soliq organlariga o‘zlarining barcha alohida bo‘linmalari to‘g‘risida va alohida bo‘linmalarga oid ilgari xabar qilingan ma’lumotlaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida alohida bo‘linma tashkil etilgan yoki mazkur ma’lumotlar o‘zgartirilgan kundan e’tiboran bir oy ichida xabar qilishi shart.
22-modda. Soliq to‘lovchilarning majburiyatlari (davomi)
Ushbu Kodeks bilan zimmasiga soliq hisobotini elektron shaklda taqdim etish majburiyati yuklatilgan shaxslar soliq organlari tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonunchilik bilan tartibga solinadigan munosabatlardagi o‘z vakolatlarini amalga oshirish chog‘ida foydalaniladigan hujjatlarning soliq organidan telekommunikatsiya aloqa tarmoqlari orqali elektron shaklda olinishini ta’minlashi kerak.
Chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig‘iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag‘larini yoki mol-mulkni quyidagi maqsadlarda olgan yuridik shaxslar tegishli soliq hisobotida, jismoniy shaxslar esa jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyada olingan pul mablag‘lari yoki mol-mulki haqidagi ma’lumotni aks ettirishi shart:
jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar, so‘rovlar o‘tkazish (bundan tijorat maqsadlarida o‘tkaziladigan tadqiqot va so‘rovlar mustasno);
ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va tarqatish (bundan ushbu faoliyat tijorat maqsadlariga qaratilgan hollar mustasno).
Ushbu moddaning to‘rtinchi qismida belgilangan majburiyat quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
davlat organlari, tashkilotlari va muassasalariga;
nodavlat notijorat tashkilotlarga;
chet el diplomatik vakolatxonalariga hamda ularga tenglashtirilgan vakolatxonalar va konsullik muassasalariga;
O‘zbekiston Respublikasi a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlarning ixtisoslashtirilgan muassasalariga.
22-modda. Soliq to‘lovchilarning majburiyatlari (davomi)
Ushbu Kodeksga muvofiq soliq solish obyekti deb e’tirof etiladigan ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan chet el yuridik shaxslari ushbu moddada nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari, ko‘chmas mulk obyekti turgan joydagi soliq organiga ushbu chet el yuridik shaxsining ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda va tartibda xabar qilishi shart. Yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmalari ko‘rsatilgan holatlarda o‘z muassislari, benefitsiarlari va boshqaruvchilari haqidagi ma’lumotlarni xabar qilishi kerak. Chet el yuridik shaxsida (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasida) ushbu qismda ko‘rsatilgan bir nechta mol-mulk obyekti mavjud bo‘lgan taqdirda, ushbu shaxs tanloviga ko‘ra, xabar mol-mulk obyektlarining biri turgan yerdagi soliq organiga taqdim etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar olib o‘tilishi munosabati bilan soliqlar to‘laydigan soliq to‘lovchilar zimmasida O‘zbekiston Respublikasining bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan majburiyatlar ham bo‘ladi.
Soliq to‘lovchilarning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
23-modda. Soliq agentlari
Ushbu Kodeksga muvofiq zimmasiga soliqlarni hisoblab chiqarish, soliq to‘lovchidan ushlab qolish va budjet tizimiga o‘tkazish majburiyati yuklatilgan shaxslar soliq agentlari deb e’tirof etiladi.
Soliq agentlari, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchilar kabi huquqlarga ega bo‘ladi.
Soliq agentlari:
soliqlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida hisoblab chiqarishi, ushlab qolishi hamda budjet tizimiga o‘tkazishi;
soliq organlariga soliqni ushlab qolish imkoniyati yo‘qligi va soliq to‘lovchining soliq qarzi summasi to‘g‘risida bunday holatlar soliq agentiga ma’lum bo‘lgan kundan e’tiboran bir oy ichida yozma ravishda yoki elektron shaklda xabar qilishi;
hisoblangan va to‘langan daromadlarning, hisoblab chiqarilgan, ushlab qolingan va budjet tizimiga o‘tkazilgan soliqlarning hisobini har bir soliq to‘lovchi bo‘yicha alohida yuritishi;
soliqlarning to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi, ushlab qolinishi va o‘tkazilishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni soliq organlariga taqdim etishi;
soliq hisobotlarining hamda soliqlarni hisoblab chiqarish, ushlab qolish va o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlarning ushbu Kodeksning 88-moddasida nazar tutilgan da’vo muddati mobaynida but saqlanishini ta’minlashi shart.
Soliq agentlarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
24-modda. Soliq to‘lovchining vakillari
Soliq to‘lovchi, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq munosabatlarida qonuniy yoki vakolatli vakil orqali ishtirok etishga haqli.
Vakilning vakolatlari ushbu Kodeksga va boshqa qonunchilikka muvofiq hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Yuridik shaxs bo‘lgan soliq to‘lovchining qonuniy vakili deb ushbu yuridik shaxsga qonun yoki uning ta’sis hujjatlari asosida vakillik qilishga vakolatli shaxslar e’tirof etiladi.
Jismoniy shaxs bo‘lgan soliq to‘lovchining qonuniy vakili deb fuqarolik qonunchiligiga muvofiq uning vakillari sifatida faoliyat olib boradigan shaxslar e’tirof etiladi.
Yuridik shaxs qonuniy vakillarining mazkur yuridik shaxsning soliq munosabatlarida ishtirok etishi munosabati bilan sodir etilgan harakatlari (harakatsizligi) ushbu yuridik shaxsning harakati (harakatsizligi) hisoblanadi.
Soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan tartibda soliq organlari, bojxona organlari va soliq munosabatlarining boshqa ishtirokchilari bilan munosabatlarda o‘z manfaatlarini ifodalash vakolati berilgan soliq maslahatchilari tashkilotlari yoki boshqa shaxslar soliq to‘lovchining vakolatli vakillari bo‘lishi mumkin.
Yuridik shaxs bo‘lgan soliq to‘lovchining vakolatli vakili, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘z vakolatlarini tuzilgan shartnoma yoki fuqarolik qonunchiligida belgilangan tartibda beriladigan ishonchnoma asosida amalga oshiradi.
24-modda. Soliq to‘lovchining vakillari (davomi)
Jismoniy shaxs bo‘lgan soliq to‘lovchining vakolatli vakili o‘z vakolatlarini fuqarolik qonunchiligiga muvofiq notarial tasdiqlangan ishonchnoma asosida amalga oshiradi.
Soliq, moliya, bojxona va boshqa davlat organlarining mansabdor shaxslari soliq to‘lovchining vakolatli vakillari bo‘la olmaydi.
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi qonun asosida soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi barcha ishtirokchilarining vakolatli vakili hisoblanadi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tuzish to‘g‘risidagi shartnoma qoidalaridan qat’i nazar, ushbu guruhning mas’ul ishtirokchisi quyidagilar bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarda mazkur konsolidatsiyalashgan guruh ishtirokchilarining manfaatlarini ifodalashga haqli:
soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tuzish to‘g‘risidagi shartnomani soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek ushbu shartnomaga o‘zgartirish kiritish, shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qaror va uni tugatish bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarda;
soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchisidan soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi uchun foyda solig‘i bo‘yicha qarzlarni majburiy undirish bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarda;
soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan amalga oshirilgan harakatlar (harakatsizlik) xususiyati bo‘yicha ular soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchisi bo‘lgan yuridik shaxsning huquqlariga bevosita ta’sir qilsa.
24-modda. Soliq to‘lovchining vakillari (davomi)
Amal qilish muddati tugashi bilan soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tuzish to‘g‘risidagi shartnoma muddatidan oldin bekor qilinganda yoki tugatilganda ushbu guruhning mas’ul ishtirokchisi bo‘lgan shaxs ushbu moddaning o‘ninchi va o‘n birinchi qismlarida nazarda tutilgan vakolatlarini saqlab qoladi.
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi bo‘lgan shaxslar mazkur guruh ishtirokchilarining manfaatlarini ifodalash bo‘yicha ushbu Kodeks bilan o‘zlariga berilgan vakolatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda tuzilgan shartnoma yoki berilgan ishonchnoma asosida uchinchi shaxslarga berishga haqlidir.
25-modda. Vakolatli organlar
Quyidagilar vakolatli organlardir:
soliq organlari — O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, shuningdek tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspeksiyalari;
bojxona organlari — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari, “Toshkent — AERO” maxsus bojxona kompleksi va bojxona postlari;
yig‘imlarni undirish funksiyasini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar.
26-modda. Soliq organlarining huquqlari
Soliq organlari quyidagilarga haqli:
soliq to‘lovchilardan va uchinchi shaxslardan soliqlarni va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lash uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va ma’lumotlarni (axborotni), shu jumladan elektron tarzda taqdim etishini talab qilish;
ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq tekshiruvlari va boshqa soliq nazorati tadbirlarini o‘tkazish;
hududni, ishlab chiqarish, omborxona, savdo binolarini va boshqa binolarni, shu jumladan soliq to‘lovchi daromad olish uchun foydalanadigan yoki soliq solish obyektlarini saqlash bilan bog‘liq joylarni ko‘zdan kechirish;
mol-mulkni inventarizatsiya qilish va bajarilgan ishlar, ko‘rsatilgan xizmatlarning nazorat o‘lchovlarini o‘tkazish;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda kassani va tovar-moddiy boyliklar hamda hujjatlar saqlanadigan joylarni ikki kundan ortiq bo‘lmagan muddatga, ikki kundan ortiq muddatga esa, sud qarori bo‘yicha muhrlash;
soliqlarni va yig‘imlarni hisoblab chiqarish bilan bog‘liq hujjatlarni va elektron axborot jismlarini olib qo‘yish;
foto- va videotasvirga tushirish, tushuntirishlar hamda boshqa ma’lumotlarni olish;
tarjimonni, ekspertni jalb etish va ekspertiza tayinlash;
soliq to‘lovchi hisob hujjatlarini yo‘qotgan yoki yo‘q qilgan hollarda soliq to‘lovchi to‘g‘risidagi o‘zida mavjud axborot, shuningdek boshqa shu kabi soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida soliqlar summasini hisob-kitob orqali mustaqil ravishda aniqlash;
26-modda. Soliq organlarining huquqlari (davomi)
o‘zaro kelishuv asosida soliq monitoringida ishtirok etayotgan soliq to‘lovchi tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi, soliqlarni hisoblab chiqarishning to‘g‘riligi, to‘liqligi va o‘z vaqtida to‘lanishi yuzasidan soliq monitoringini o‘tkazish;
soliq qarzini majburiy undirish choralarini ko‘rish;
soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va moliyaviy sanksiyalar qo‘llash;
soliq huquqbuzarliklarining aniqlangan holatlari bo‘yicha tovar-moddiy boyliklarni belgilangan tartibda davlat daromadiga o‘tkazish. Yuridik shaxs bo‘lgan soliq to‘lovchilar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning tovar-moddiy boyliklarini davlat daromadiga o‘tkazish sud tartibida amalga oshiriladi;
soliq to‘lovchilarga nisbatan ular tomonidan noqonuniy olingan mablag‘larni davlat daromadiga undirish to‘g‘risida sudlarga da’volar kiritish;
hujjatlarning davlat tiliga tarjima qilinishini talab qilish;
soliq to‘lovchilarni va soliq agentlarini yozma bildirish asosida soliq organlariga ular tomonidan soliqlarni to‘lash (ushlab qolish va o‘tkazish) yuzasidan yoki soliq tekshiruvi bilan bog‘liq ravishda, shuningdek ular tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning bajarilishi bilan bog‘liq boshqa hollarda tushuntirishlar berishga chaqirish;
ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda soliq to‘lovchining yoki soliq agentining bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish va ularning mol-mulkini xatlab qo‘yish;
26-modda. Soliq organlarining huquqlari (davomi)
soliq to‘lovchilar va ularning vakillaridan, soliq agentlaridan soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini bartaraf etishni talab qilish hamda ushbu talablarning bajarilishini nazorat qilish;
ushbu Kodeksda belgilangan majburiyatlarning banklar tomonidan bajarilishini nazorat qilish.
Soliq organlari qonunga muvofiq boshqa huquqlarni ham amalga oshirishi mumkin.
27-modda. Soliq organlarining majburiyatlari
Soliq organlari:
soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etishi;
soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi, soliqlar va yig‘imlarning to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi, to‘liq hamda o‘z vaqtida to‘lanishi ustidan nazoratni amalga oshirishi;
soliq to‘lovchilar, soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bog‘liq obyektlar, hisoblangan va to‘langan soliqlar to‘liq va o‘z vaqtida hisobga olinishini ta’minlashi;
soliq tekshiruvlarini o‘tkazishda soliq to‘lovchilarga ularning huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida ma’lumot berishi, shuningdek o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari to‘g‘risida xabardor qilishi;
soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytida o‘z vaqtida e’lon qilishi;
soliq to‘lovchilarga soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni ijro etishida yordam berishi, soliq to‘g‘risidagi qonunchilik normalarini va soliq imtiyozlarini qo‘llash tartibini tushuntirishi;
soliq to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi faktlarini tahlil qilishi va baholashi, soliqqa oid huquqbuzarliklarga olib keladigan sabablar va sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi takliflarni tegishli davlat organlariga kiritishi;
huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda soliqqa oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashishga doir uzoq muddatli va joriy dasturlarni ishlab chiqishi hamda amalga oshirishi;
soliq to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi to‘g‘risidagi arizalarni, xabarlarni va boshqa axborotni o‘rganishi;
27-modda. Soliq organlarining majburiyatlari (davomi)
davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan pul mablag‘larining to‘liq va o‘z vaqtida tushishini nazorat qilishi;
masalani hal etish soliq organlari vakolatlari doirasiga kirmaydigan hollarda soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishi faktlari bo‘yicha materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirishi;
o‘z vakolatlari doirasida valyuta va eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishning belgilangan tartibiga rioya etilishi ustidan nazorat qilishi;
soliq siriga rioya etishi va uning saqlanishini ta’minlashi;
soliq to‘lovchining talabiga binoan soliqlarni to‘lash bo‘yicha soliq majburiyatining bajarilishi yuzasidan solishtirma dalolatnoma tuzishi;
ushbu Kodeksga muvofiq soliq qarzi summasini so‘zsiz undirishi;
yuridik va jismoniy shaxslarni, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarini hisobga olishi, ularga soliq to‘lovchilarning identifikatsiya raqamini berishi hamda bu haqda statistika va ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlarga rasmiy ravishda ma’lum qilishi;
soliq to‘lovchining talabiga binoan uning soliq organlarida hisobga qo‘yilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomani berishi;
soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni qo‘llash masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining yozma tushuntirishlariga amal qilishi shart.
Soliq organlarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
28-modda. Bojxona organlarining, yig‘imlarni undirishga doir vazifalarni amalga oshiruvchi davlat organlarining hamda tashkilotlarning huquq va majburiyatlari
Bojxona organlari tovarlarni va avtotransport vositalarini O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o‘tish chog‘ida bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikka, ushbu Kodeksga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq soliqlar va yig‘imlarni undirish bo‘yicha huquqlardan foydalanadi hamda vazifalarni bajaradi.
Yig‘imlarni undirishga doir vazifalarni amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlarning huquqlari hamda majburiyatlari ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
29-modda. Soliq siri
Vakolatli organlar tomonidan olingan soliq to‘lovchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq sirini tashkil etadi, quyidagilar bundan mustasno:
- 1) hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan, shu jumladan egasining roziligi bilan shunday foydalanish imkoni yaratilgan ma’lumotlar;
- 2) soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- 3) soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlari va bu qoidabuzarliklar uchun javobgarlik choralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- 4) soliq to‘lovchilar tomonidan qo‘llaniladigan soliq rejimlari va qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar sifatida hisobga qo‘yilganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- 5) to‘langan soliqlarning va soliq qarzining summalari haqidagi ma’lumotlar;
- 6) yuridik shaxsning ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- 7) xodimlarning ro‘yxatdagi o‘rtacha soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- 8) moliyaviy hisobot ma’lumotlari bo‘yicha daromadlar va xarajatlar summalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Soliq siri davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, jalb etiladigan mutaxassislar va ekspertlar tomonidan oshkor etilishi mumkin emas, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Soliq sirini oshkor etish jumlasiga, xususan, soliq to‘lovchining tijorat sirini (ishlab chiqarish sirini) tashkil etuvchi va davlat organining mansabdor shaxsiga, jalb etilgan mutaxassisga yoki ekspertga ular o‘z majburiyatlarini bajarishi chog‘ida ma’lum bo‘lib qolgan axborotdan foydalanish yoki uni boshqa shaxsga berish kiradi.
29-modda. Soliq siri (davomi)
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa davlatlarning soliq organlariga yoki boshqa tegishli organlariga soliq to‘lovchi to‘g‘risida so‘ralgan ma’lumotlarni taqdim etish soliq sirini oshkor etish sirasiga kirmaydi.
Davlat organlariga kelib tushgan soliq sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar maxsus saqlash va foydalanish rejimiga ega.
Soliq sirini tashkil etuvchi ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadigan mansabdor shaxslar foydalanish huquqiga ega.
Soliq sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlarning yo‘qotilishi yoki bunday ma’lumotlarning oshkor etilishi qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tasarrufidagi, soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritadigan va ularga ishlov beradigan tashkilotlar tomonidan olingan ma’lumotlarga, shuningdek mazkur tashkilotlarning xodimlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Bilimingizni sinang
Soliq organi shaxsiy kabinetga yuborgan hujjat jo‘natilgan sanadan e’tiboran eng ko‘pi bilan necha kundan keyin soliq to‘lovchi tomonidan olingan deb hisoblanadi?
- besh kundan
- uch kundan
- ikki kundan
- yetti kundan
To‘g‘ri javob: uch kundan. Hujjat o‘qib chiqilgandan keyin, lekin jo‘natilgan sanadan uch kundan kechiktirmay olingan hisoblanadi.
Soliq organi hujjatni elektron hujjat tarzida soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga yubordi. Hujjat qaysi muddatdan kechiktirmay olingan deb hisoblanadi?
- Jo‘natilgan sanadan e’tiboran besh kundan kechiktirmay
- Jo‘natilgan sanadan e’tiboran uch kundan kechiktirmay
- Jo‘natilgan sanadan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay
- Jo‘natilgan kundan keyingi bir oydan kechiktirmay
To‘g‘ri javob: Jo‘natilgan sanadan e’tiboran uch kundan kechiktirmay. 19-moddaga ko‘ra shaxsiy kabinetga yuborilgan hujjat jo‘natilgan sanadan e’tiboran uch kundan kechiktirmay olingan hisoblanadi.
Soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti yo‘q, shu sababli soliq organi hujjatni buyurtma xat qilib pochta orqali yubordi. Hujjat qachon olingan deb hisoblanadi?
- Jo‘natilgan kuni
- Jo‘natilgandan so‘ng uch kundan keyin
- Jo‘natilganidan so‘ng besh kundan keyin
- Jo‘natilgandan bir oy keyin
To‘g‘ri javob: Jo‘natilganidan so‘ng besh kundan keyin. 19-moddaga ko‘ra pochta orqali yuborilgan hujjat jo‘natilganidan so‘ng besh kundan keyin olingan hisoblanadi.
Soliq kodeksiga ko‘ra soliq munosabatlarining subyektlari kimlar?
- Soliq to‘lovchilar, soliq agentlari va vakolatli organlar
- Soliq to‘lovchilar, banklar va davlat statistika organlari
- Faqat soliq to‘lovchilar va soliq organlari, soliq agentlarisiz
- Faqat yuridik shaxslar va ularning vakolatli organlari
To‘g‘ri javob: Soliq to‘lovchilar, soliq agentlari va vakolatli organlar. 19-moddada soliq munosabatlarining subyektlari soliq to‘lovchilar, soliq agentlari va vakolatli organlar deb ko‘rsatilgan.
Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan kompaniyaning bir nechta alohida bo‘linmalari bor. U soliq hisobotini va soliqlarni qanday tartibda topshiradi va to‘laydi?
- Har bir alohida bo‘linma mustaqil ravishda o‘z joylashgan yerida hisobot topshiradi va soliq to‘laydi
- Faqat bosh ofis hisobot topshiradi va soliq to‘laydi, alohida bo‘linmalar hisobga olinmaydi
- Hisobotni faqat bo‘linmalar joylashgan joydagi soliq organiga topshiradi va soliq shu yerda to‘lanadi
- Alohida bo‘linmalarni hisobga olib markazlashgan holda hisobot topshiradi va soliq to‘laydi
To‘g‘ri javob: Alohida bo‘linmalarni hisobga olib markazlashgan holda hisobot topshiradi va soliq to‘laydi. 20-moddaga ko‘ra yirik soliq to‘lovchilar markazlashgan holda hisobot topshiradi va soliqlarni to‘laydi.
Soliq inspektori tadbirkor Karimovdan Soliq kodeksiga muvofiq bo‘lmagan hujjat taqdim etishni talab qildi. Karimov qanday huquqqa ega?
- Talabni albatta bajarishi shart, aks holda javobgarlikka tortiladi
- Kodeksga muvofiq bo‘lmagan talablarni bajarmaslik huquqiga ega
- Faqat sud qarori chiqqanidan keyin bajarmaslik huquqiga ega
- Talabni faqat jarima to‘lagandan keyin bajarmasligi mumkin
To‘g‘ri javob: Kodeksga muvofiq bo‘lmagan talablarni bajarmaslik huquqiga ega. 21-moddaga ko‘ra soliq to‘lovchi Kodeksga muvofiq bo‘lmagan talablarni bajarmaslik huquqiga ega.
Soliq to‘lovchi soliq hisobotlari va soliq hisoblash uchun zarur hujjatlarning but saqlanishini soliq to‘lash uchun belgilangan kalendar yildan keyin qancha muddat ta’minlashi shart?
- uch yil
- ikki yil
- besh yil
- o‘n yil
To‘g‘ri javob: uch yil. Soliq to‘lovchi hujjatlarning but saqlanishini tegishli kalendar yildan keyingi uch yil mobaynida ta’minlashi shart.
Soliq to‘lovchilar soliq hisobotlari va soliqlarni hisoblash uchun zarur hujjatlarning tegishli soliqlarni to‘lash uchun belgilangan kalendar yildan keyin qancha muddat but saqlanishini ta’minlashi shart (Kodeksda boshqacha qoida bo‘lmasa)?
- Bir yil
- Ikki yil
- Uch yil
- Besh yil
To‘g‘ri javob: Uch yil. 22-moddaga ko‘ra hujjatlar kalendar yildan keyingi uch yil mobaynida but saqlanishi kerak.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash