Ushbu Kodeksda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar (2/3)
Umumiy Qism
41-modda. Dividendlar va foizlar
Quyidagilar dividendlar deb e’tirof etiladi:
- 1) yuridik shaxsning foydasini (shu jumladan imtiyozli aksiyalar bo‘yicha foizlar tarzidagi foydasini) ushbu yuridik shaxsning aksiyadoriga (ishtirokchisiga) tegishli aksiyalar (ulushlar) bo‘yicha taqsimlash chog‘ida aksiyador (ishtirokchi) tomonidan olingan har qanday daromad;
- 2) tugatish chog‘ida yuridik shaxsning aksiyadoriga (ishtirokchisiga) ushbu aksiyadorning (ishtirokchining) shu yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi miqdoridan ko‘p bo‘lgan qismi bo‘yicha pul yoki natura shaklidagi to‘lovlar;
- 3) jamiyatdan chiqarilgan yoki chiqib ketgan ishtirokchiga ulushi qismining chiqarilish yoki chiqib ketish sanasidan oldingi oxirgi hisobot davri uchun jamiyatning buxgalteriya hisobotlari ma’lumotlari bo‘yicha aniqlanadigan haqiqiy qiymatini ushbu aksiyadorning (ishtirokchining) shu yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi miqdoridan ko‘p bo‘lmagan qismi bo‘yicha to‘lash;
- 4) ushbu yuridik shaxsning o‘z kapitali (mol-mulki) hisobiga ustav fondi (ustav kapitali) oshgan taqdirda yuridik shaxs aksiyadorining (ishtirokchisining) qo‘shimcha aksiyalar qiymati (ulush nominal qiymatining oshishi) tarzida olingan daromadlari.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan daromadlar, basharti ular aksiyadorlarning (ishtirokchilarning) bunday daromadni to‘lovchi yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga mutanosib ravishda to‘lansa, dividendlar deb e’tirof etiladi.
41-modda. Dividendlar va foizlar (davomi)
O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi manbalardan olinadigan, chet davlatlarning qonunchiligiga muvofiq dividendlar jumlasiga kiritiladigan har qanday daromadlar ham dividendlar deb e’tirof etiladi.
Ushbu Kodeksning maqsadlari uchun xususiy korxona mulkdoriga, oilaviy korxona ishtirokchisiga yoki fermer xo‘jaligi boshlig‘iga, shuningdek bank va mikromoliya tashkilotlaridagi islomiy qimmatli qog‘ozlarga (sertifikatlarga) ega bo‘lgan shaxslarga bunday yuridik shaxslar tasarrufida qolgan foyda summasidan to‘lanadigan daromadlar dividendlarga tenglashtiriladi.
Ilgari bildirilgan (belgilangan) har qanday daromad, shu jumladan har qanday turdagi qarz majburiyatlari bo‘yicha diskont tarzida olingan daromad (uni rasmiylashtirish usulidan qat’i nazar), islomiy moliya faoliyatidan olingan daromad, shu jumladan pul omonatlari bo‘yicha olingan daromad foizlar deb e’tirof etiladi.
42-modda. Daromad
Nafni baholash imkoniyati mavjud bo‘lgan taqdirda va bunday nafni baholash mumkin bo‘lgan darajada hisobga olinadigan pul yoki natura shaklidagi iqtisodiy naf daromad deb e’tirof etiladi.
43-modda. O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan daromadlar
Soliq to‘lovchining daromadlari O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlar yoki O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlar jumlasiga kiritilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasidagi iqtisodiy faoliyatdan olingan daromadlar hamda O‘zbekiston Respublikasining yurisdiksiyasi, huquq layoqati va (yoki) uning davlat organlari va iqtisodiy munosabatlarning boshqa subyektlari bilan iqtisodiy munosabatlarga bevosita bog‘liq bo‘lgan boshqa daromadlar O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlar jumlasiga kiradi.
Agar ushbu Kodeksning qoidalari daromadlarni O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlarga yoki O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlarga qat’iy kiritish imkoniyatini bermasa, daromadni u yoki bu manbaga kiritish O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur daromadlarning O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlarga kiritish mumkin bo‘lgan ulushi va O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlarga kiritish mumkin bo‘lgan ulushi ayni shunday tartibda aniqlanadi.
44-modda. Royalti
Har qanday nomoddiy aktivdan foydalanganlik yoki foydalanish huquqi uchun to‘lovlar royalti deb e’tirof etiladi, shu jumladan:
san’at, adabiyot, ilm-fan, shu jumladan dasturiy ta’minot va ma’lumotlar bazalariga, chizmaga, dizaynga yoki modelga, rejaga, maxfiy formulaga, texnologiyaga yoki jarayonga, audiovizual asarlarga hamda turdosh huquqlar obyektlariga, shu jumladan ijrolar va fonogrammalarga bo‘lgan mualliflik huquqlari;
patentlar, tovar belgilari, savdo markalari yoki huquqning boshqa shunga o‘xshash turlari;
sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga taalluqli axborot (nou-xau). Bunda ilmiy-texnika sohasidagi intellektual faoliyat natijalari va (yoki) kasbiy faoliyatni amalga oshirish usullari to‘g‘risidagi, ilgarigi tajribadan kelib chiqadigan, iqtisodiy faoliyatda amaliy jihatdan qo‘llaniladigan, shuningdek (uning uchinchi shaxslarga ma’lum emasligi tufayli) haqiqiy yoki potensial tijorat qiymatiga ega bo‘lgan sanoat, tijorat yoki ilmiy xususiyatga ega axborot (agar bunday ma’lumotlardan qonuniy asosda erkin foydalanish imkoniyati uchinchi shaxslarda mavjud bo‘lmasa) va uning oshkor etilishi natijasida iqtisodiy naf olish mumkin bo‘lsa, bu axborot nou-xau deb tushuniladi.
Quyidagilar uchun to‘lanadigan to‘lovlarga royalti sifatida qaralmaydi:
- 1) kompyuter dasturlaridan foydalanganlik (shu jumladan dasturni joylashtirilgan ichki imkoniyatlardan foydalangan holda sozlash yo‘li bilan moslashtirish), agar foydalanish shartlari bunday dasturning mo‘ljallangan funksional maqsadi bilan cheklangan va uni takrorlash bunday foydalanish uchun zarur bo‘lgan ko‘chirma nusxalar soni bilan chegaralangan bo‘lsa;
44-modda. Royalti (davomi)
- 2) shaxsning foydalanishi, egalik qilishi va (yoki) tasarruf etishi uchun ushbu qismning 1-bandida belgilangan intellektual mulk huquqi obyektlari o‘zida aks ettirilgan yoki turgan tovarlarni (shu jumladan axborot tashuvchilarni) sotib olganlik;
- 3) kompyuter dasturlarini va ma’lumotlar bazalarini (hisoblash texnikasining dasturiy vositalarini va axborot mahsulotlarini) ishlab chiqish, shuningdek dasturlarni o‘rnatish, ularga ishlov berish va ularni sozlash, moslashtirish va modifikatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatganlik;
- 4) buyurtmachi bilan tuzilgan shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatish natijasi hisoblanadigan, yangi olingan, sanoat, tijorat yoki ilmiy xususiyatga ega bo‘lgan axborotdan foydalanganlik;
- 5) dasturiy mahsulotning nusxalarini ularni takrorlash huquqisiz yoki agar ularni takrorlash yakuniy iste’molchi tomonidan foydalanish bilan cheklangan bo‘lsa, tarqatishga bo‘lgan huquqni o‘tkazganlik.
45-modda. Tovarlar va xizmatlar. Tovarlar (xizmatlar) bozori
Tabiatning yoki inson faoliyatining (shu jumladan intellektual faoliyatning) qiymat bahosiga ega bo‘lgan va realizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan har qanday predmeti tovar deb e’tirof etiladi.
Tovarlar deb, xususan, elektr energiyasi, ma’lumotlar bazasi, axborot, intellektual faoliyat natijalari, shu jumladan ularga bo‘lgan mutlaq huquqlar e’tirof etiladi.
Soliq solish maqsadida mulkiy huquqlar ham tovar deb e’tirof etiladi.
Nomoddiy xususiyatga ega bo‘lgan, pulda ifodalangan bahoga ega mol-mulkka qaratilgan va ushbu mol-mulkdan mustaqil ravishda, unga bog‘liq bo‘lmagan holda muomalada bo‘lishga qodir (oldi-sotdi shartnomasining obyekti yoxud shartnomada yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatda ko‘rsatilgan, ushbu mulkiy huquqqa egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqiga ega bo‘lgan, o‘z mulkdoridan o‘zga shaxsga boshqacha tarzda o‘tkazish obyekti bo‘lishi mumkin bo‘lgan) fuqaroviy huquq obyekti soliq solish maqsadida mulkiy huquq deb e’tirof etiladi.
Mulkiy huquqlar jumlasiga quyidagilar kiradi, chunonchi: kreditorning qarzdorga talab qo‘yish huquqi, xo‘jalik jamiyatining ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etish ulushi, qimmatli qog‘ozlar, muallifning (yoki boshqa huquq egasining) intellektual mulk obyektiga bo‘lgan huquqi, shuningdek huquqlarning zamirida yotgan mol-mulk bilan bog‘liq, sotilishi yoki o‘z mulkdoridan o‘zga shaxsga boshqacha tarzda o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan boshqa turlari.
45-modda. Tovarlar va xizmatlar. Tovarlar (xizmatlar) bozori (davomi)
Ashyoning o‘zini o‘tkazmay turib, mustaqil muomalada bo‘lishi mumkin bo‘lmagan ashyoviy huquqlarga mulkiy huquqlar sifatida qaralmaydi.
Bojxona to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish maqsadida bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq tovarlar jumlasiga boshqa mol-mulk kiritilishi mumkin.
Boshqa shaxslarning ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan mahsulotlarni (moddiy yoki nomoddiy) ishlab chiqarishga doir tadbirkorlik faoliyatining turlari, shuningdek boshqa shaxslar uchun bajariladigan ishlar soliq solish maqsadida xizmatlar deb e’tirof etiladi.
Jismoniy shaxslarning ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi doirasidagi faoliyati xizmatlar jumlasiga kirmaydi.
Bir xil xususiyatli asosiy belgilarga ega bo‘lgan tovarlar (xizmatlar) soliq solish maqsadida aynan o‘xshash tovarlar (xizmatlar) deb e’tirof etiladi.
Tovarlarning aynan o‘xshashligini aniqlashda bunday tovarlarning tashqi ko‘rinishidagi arzimas farqlar hisobga olinmasligi mumkin.
Tovarlarning aynan o‘xshashligini aniqlashda ularning fizik xususiyatlari, sifati, mo‘ljallangan vazifasi, kelib chiqqan mamlakati va ishlab chiqaruvchisi, uning bozordagi ishbilarmonlik obro‘si hamda foydalaniladigan tovar belgisi hisobga olinadi.
Xizmatlarning aynan o‘xshashligini aniqlashda bajaruvchining (pudratchining) xususiyatlari, uning bozordagi ishbilarmonlik obro‘si va foydalaniladigan tovar belgisi hisobga olinadi.
45-modda. Tovarlar va xizmatlar. Tovarlar (xizmatlar) bozori (davomi)
Aynan o‘xshash bo‘lmagan holda, bir xil xususiyatlarga ega bo‘lgan hamda ayni bir vazifani bajarish imkoniyatini beradigan o‘xshash tarkibiy qismlardan iborat bo‘lgan va (yoki) tijorat jihatidan bir-birining o‘rnini bosa oladigan tovarlar ushbu Kodeksning maqsadlari uchun bir turdagi tovarlar deb e’tirof etiladi.
Tovarlarning bir turdaligini aniqlashda, ularning sifati, bozordagi mavqeyi, tovar belgisi, kelib chiqqan mamlakati hisobga olinadi.
Aynan o‘xshash bo‘lmagan holda, tijorat jihatidan va (yoki) bajaradigan vazifasi jihatidan bir-birining o‘rnini bosish imkoniyatini beradigan bir xil xususiyatlarga ega xizmatlar bir turdagi xizmatlar deb e’tirof etiladi.
Xizmatlarning bir turdaligini aniqlashda ularning sifati, tovar belgisi, bozordagi mavqeyi, shuningdek turlari, hajmlari, noyobligi va tijorat jihatidan bir-birining o‘rnini bosa olishi hisobga olinadi.
Tovarlarning muomalada bo‘lish sohasi tovarlar bozori deb e’tirof etiladi, bu soha xaridorning (sotuvchining) bu tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududida yoki uning hududidan tashqarida uncha ko‘p bo‘lmagan qo‘shimcha xarajatlarsiz olish (realizatsiya qilish) imkoniyatidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Xizmatlar bozori ham xuddi shunday tartibda belgilanadi.
46-modda. Tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilish
Tovarlarga bo‘lgan mulk huquqini haq olish asosida o‘tkazish yoki haq evaziga xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan qarzdor garov bilan ta’minlangan majburiyatlarini bajarmaganda garovga qo‘yilgan tovarlarni ayirboshlash va o‘tkazish tovarlarni yoki xizmatlarni realizatsiya qilish deb e’tirof etiladi.
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda tovarlarga bo‘lgan mulk huquqini bepul asosda o‘tkazish yoki bepul asosda xizmatlar ko‘rsatish ham realizatsiya qilish deb e’tirof etiladi.
Soliq to‘lovchining vakolatli davlat organlariga yuridik va jismoniy shaxslardan undirilgan jarimalar taqsimoti tarzida mablag‘larni olishga doir faoliyati vakolatli davlat organiga haq evaziga xizmatlar ko‘rsatish sifatida e’tirof etiladi.
47-modda. Hisobvaraq-faktura
Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, mazkur tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchilarga hisobvaraq-fakturani taqdim etishi shart.
Hisobvaraq-faktura, qoida tariqasida, elektron hisobvaraq-fakturalarning axborot tizimida elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish chog‘ida, agar sotuvchi xaridorga kassa cheki yoki belgilangan shakldagi boshqa hujjatni bersa, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanilmaydi.
Realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) qiymati o‘zgarganda, shu jumladan yetkazib berilgan tovarlar yoki ko‘rsatilgan xizmatlar narxi o‘zgargan yoxud miqdori (hajmi) aniqlashtirilgan hollarda, sotuvchi sotib oluvchiga ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda qo‘shimcha yoki tuzatilgan hisobvaraq-fakturani taqdim etishi shart.
Ushbu Kodeksning 279-moddasiga muvofiq hisobga turishi lozim bo‘lgan chet el yuridik shaxslari hisobvaraq-fakturalarni taqdim etmaydi, sotib olish reyestrlarini, sotish reyestrlarini, hisobga olish jurnallarini hamda ushbu Kodeks 282-moddasida ko‘rsatilgan xizmatlarni ko‘rsatish qismi bo‘yicha qabul qilingan va berilgan hisobvaraq-fakturalarni yuritmaydi.
Hisobvaraq-fakturaning shakli va uni to‘ldirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
48-modda. Maqsadli mablag‘lar
Soliq solish maqsadida soliq to‘lovchi tomonidan maqsadli mablag‘larning manbai bo‘lgan shaxs tomonidan belgilangan yoki qonunchilikda belgilangan maqsadga ko‘ra foydalanish uchun olingan mol-mulk maqsadli mablag‘larga kiradi.
Maqsadli mablag‘larga jumladan quyidagilar kiradi:
- 1) budjetdan ajratiladigan mablag‘lar va budjet subsidiyalari;
- 2) grantlar va insonparvarlik yordami;
- 3) maqsadli tushumlar.
Soliq solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda bepul asosda beriladigan quyidagi mol-mulk grant deb e’tirof etiladi:
- 1) davlatlar, davlatlarning hukumatlari, xalqaro yoki chet el hukumat tashkilotlari yoxud nohukumat tashkilotlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga berilgan mol-mulk;
- 2) chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga berilgan mol-mulk.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan u vakolat bergan tashkilotlar orqali taqsimlanadigan, aholining ijtimoiy jihatdan nochor guruhlariga tibbiy va (yoki) ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy soha muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, tabiiy ofatlar, falokatlar va halokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish uchun O‘zbekiston Respublikasiga aniq maqsadli beg‘araz ko‘maklashish soliq solish maqsadida insonparvarlik yordami deb e’tirof etiladi.
Maqsadli tushumlarga notijorat tashkilotlarni ta’minlash va ularning ustavda belgilangan faoliyatini yuritishga yo‘naltirilgan tushumlar (bundan aksiz to‘lanadigan tovarlar tarzidagi tushumlar mustasno) davlat hokimiyati organlarining qarorlari asosida bepul kelib tushgan, shuningdek boshqa yuridik va (yoki) jismoniy shaxslardan kelib tushgan, mazkur oluvchilar tomonidan maqsadli foydalaniladigan tushumlar kiradi.
48-modda. Maqsadli mablag‘lar (davomi)
Notijorat tashkilotlarni ta’minlash va ularning ustavda belgilangan faoliyatini yuritishga yo‘naltirilgan maqsadli tushumlarga quyidagilar kiradi:
- 1) muassislarning (ishtirokchilarning, a’zolarning) nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshirilgan badallari, shuningdek fuqarolik to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq deb e’tirof etiladigan xayriyalar;
- 2) notijorat tashkilotlar tomonidan bepul olingan tegishli shartnomalar asosida ko‘rsatilgan xizmatlar tarzidagi daromadlar;
- 3) ushbu Kodeksda belgilangan tartibda uy-joy mulkdorlari shirkatlari, uy-joy, bog‘dorchilik, bog‘-tomorqa, garaj-qurilish, uy-joy qurilish kooperativlari yoki boshqa ixtisoslashgan iste’molchilar kooperativlari tomonidan amalga oshiriladigan umumiy mulkni ta’mirlash, mukammal ta’mirlash uchun ularning a’zolari tomonidan zaxira shakllantirishga ajratmalar;
- 4) notijorat tashkilotlarga vasiyatnoma bo‘yicha meros tartibida o‘tadigan mol-mulk;
- 5) notijorat tashkilotlarning ustavda belgilangan faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan budjet mablag‘lari;
- 6) xayriya faoliyatini amalga oshirish uchun olingan mablag‘lar va boshqa mol-mulk;
- 7) kasaba uyushmasi tashkilotlariga kasaba uyushmasi tashkilotlarining ustavlarida nazarda tutilgan ijtimoiy-madaniy va boshqa tadbirlarni o‘tkazish uchun jamoa shartnomalariga (kelishuvlariga) muvofiq kelib tushgan mablag‘lar;
- 8) notijorat tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, ustavda belgilangan faoliyatini amalga oshirish uchun qonunchilikka muvofiq ular tomonidan tuzilgan soliq to‘lovchi bo‘lgan tarkibiy bo‘linmalardan bepul olingan mablag‘lar;
48-modda. Maqsadli mablag‘lar (davomi)
- 9) ustavda belgilangan faoliyatini amalga oshirish uchun diniy tashkilotlar tomonidan olingan mol-mulk;
- 10) notijorat tashkilotlar tomonidan ular ustavda belgilangan faoliyatini amalga oshirish uchun davlat hokimiyati organlarining qarorlariga binoan olingan davlat mulkidan bepul foydalanish huquqi tarzidagi mulkiy huquqlar.
49-modda. Qimmatli qog‘ozlar
Qimmatli qog‘ozlar mazkur hujjatlarni chiqargan yuridik shaxs bilan ularning egasi o‘rtasidagi mulkiy huquqlarni yoki qarz munosabatlarini tasdiqlaydigan, dividendlar yoki foizlar tarzida daromad to‘lashni hamda ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan huquqlarni boshqa shaxslarga o‘tkazish imkoniyatini nazarda tutadigan hujjatlardir.
Qimmatli qog‘ozlarga aksiyalar, obligatsiyalar, veksellar, depozit sertifikatlari, depozitar tilxatlar, opsionlar, fyuchers va forvard kontraktlari hamda islomiy qimmatli qog‘ozlar (sertifikatlar) kiradi, shuningdek qonunchilikka yoki chet davlatning qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qonunchiligiga muvofiq qimmatli qog‘ozlar deb e’tirof etiladigan boshqa qimmatli qog‘ozlar kiradi.
Qimmatli qog‘ozlarni emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar jumlasiga kiritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi yoki chet davlatlarning qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qonunchiligi bilan belgilanadi.
Agar qimmatli qog‘ozlar bilan bajariladigan operatsiya muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga oid operatsiyalar mezonlariga muvofiq bo‘lsa, soliq to‘lovchi uni mustaqil ravishda soliq solish maqsadida qimmatli qog‘ozlar bilan bajariladigan operatsiyalar jumlasiga yoki muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga oid operatsiyalar jumlasiga kiritishga haqli.
Soliq solish maqsadida qimmatli qog‘ozlar quyidagi shartlarga bir vaqtning o‘zida rioya etilgan taqdirda qimmatli qog‘ozlarning uyushgan bozorida muomalada bo‘layotgan qimmatli qog‘ozlar (muomaladagi qimmatli qog‘ozlar) deb e’tirof etiladi:
49-modda. Qimmatli qog‘ozlar (davomi)
ular qimmatli qog‘ozlar savdolarining hech bo‘lmaganda bitta tashkilotchisi tomonidan muomalaga kiritilgan bo‘lsa;
ularning narxlari (kotirovkalari) to‘g‘risidagi axborot ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinsa yoxud savdolarning tashkilotchisi yoki boshqa vakolatli shaxs tomonidan har qanday manfaatdor shaxsga qimmatli qog‘ozlarga doir operatsiyalar amalga oshirilgan sanadan e’tiboran uch yil ichida berilishi mumkin bo‘lsa;
soliq to‘lovchi bu qimmatli qog‘ozlarga doir bitimni tuzgan sanadan e’tiboran o‘tgan ketma-ket uch oy ichida ular bo‘yicha hech bo‘lmaganda bir marta bozor kotirovkasi hisoblab chiqarilgan bo‘lsa (bundan qimmatli qog‘ozlarni birlamchi joylashtirish chog‘idagi bozor kotirovkasining hisob-kitobi mustasno).
50-modda. Muddatli bitimlarning moliyaviy vositalari
Ushbu Kodeksning maqsadlari uchun shartnoma tomonlari huquq va majburiyatlarining asos aktivlarga nisbatan taqsimlanishi bo‘yicha va tomonlar majburiyatlarining bajarilishiga to‘g‘ri keladigan sana ko‘rsatilgan shartnoma muddatli bitimlarning moliyaviy vositasi deb e’tirof etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligiga va (yoki) chet davlatlarning qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qonunchiligiga muvofiq shartnoma talablari bo‘yicha sud himoyasi lozim bo‘lmasa, ushbu Kodeksning maqsadlari uchun o‘sha shartnoma muddatli bitimlarning moliyaviy vositasi deb e’tirof etilmaydi. Mazkur shartnoma tufayli ko‘rilgan zararlar soliq solishda hisobga olinmaydi.
Muddatli bitimlar moliyaviy vositalarining asos aktivi deganda muddatli bitimning predmeti tushuniladi.
Asos aktiv sifatida, jumladan chet el valyutasi, qimmatli qog‘ozlar va boshqa mol-mulk, foiz stavkalari, kredit resurslari, narx yoki foiz stavkalarining indekslari, muddatli bitimlarning boshqa moliyaviy vositalari ishtirok etishi mumkin.
Ushbu Kodeksning maqsadlari uchun muddatli bitimlarning ishtirokchilari deganda muddatli bitimlarning moliyaviy vositalari bilan operatsiyalarni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar tushuniladi.
Muddatli bitimlarning moliyaviy vositalarini asos aktivlarni yetkazib berish yo‘li bilan, muddatli bitimlarning moliyaviy vositasi bo‘yicha uzil-kesil o‘zaro hisob-kitobni amalga oshirish yo‘li bilan yoxud muddatli bitimning moliyaviy vositasi bilan ilgari amalga oshirilgan operatsiyaga muddatli bitim ishtirokchisi tomonidan qarama-qarshi operatsiyani amalga oshirish yo‘li bilan bajarish muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga doir operatsiyalar bo‘yicha huquqlar va majburiyatlarning bajarilishi deb e’tirof etiladi.
50-modda. Muddatli bitimlarning moliyaviy vositalari (davomi)
Muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga doir, asos aktivni xarid qilishga qaratilgan operatsiyalar uchun qarama-qarshi yo‘nalishdagi operatsiya deb — asos aktivni sotishga qaratilgan operatsiya, asos aktivni sotishga qaratilgan operatsiya uchun esa — asos aktivni xarid qilishga qaratilgan operatsiya e’tirof etiladi.
Soliq to‘lovchi asos aktivni yetkazib berish shartlarini nazarda tutuvchi bitimni muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga doir operatsiya deb yoki ijroni kechiktirgan holda bitim predmetini yetkazib berishga doir bitim deb e’tirof etib, ushbu bitimni mustaqil ravishda, ushbu moddaning talablarini inobatga olgan holda tavsiflashga haqli.
Bitimning predmetini yetkazib berishni (bundan xedjirlash operatsiyalari mustasno) nazarda tutuvchi bitimlarni muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga doir operatsiyalar toifasiga kiritish mezonlari soliq to‘lovchi tomonidan hisob siyosatida soliq solish maqsadlari uchun aniqlanishi kerak.
Muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga doir operatsiyalar bo‘yicha huquq va majburiyatlarning ijro etilish sanasi muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga doir operatsiyaning tugallanish sanasidir.
Muddatli bitimning moliyaviy vositasi bo‘yicha majburiyatlar quyidagi hollarda uni qayta tavsiflamagan holda tugatilishi mumkin:
- 1) bir turdagi talablar va majburiyatlarni hisobga o‘tkazgan holda (o‘zaro hisobga o‘tkazgan holda);
- 2) shartnomalarning namunaviy shartlariga muvofiq bo‘lgan bosh kelishuvda belgilangan tartibda, agar bunday tugatishda netto-majburiyatning summasini belgilash nazarda tutilgan bo‘lsa;
50-modda. Muddatli bitimlarning moliyaviy vositalari (davomi)
- 3) tashkil etilgan savdolarning qoidalari yoki kliring qoidalari shartlarida tuzilgan shartnomalardan kelib chiqadigan muqobil talablarni hisobga o‘tkazgan holda, agar bunday hisobga o‘tkazish netto-majburiyatning summasini aniqlash maqsadida amalga oshirilgan bo‘lsa.
Ushbu Kodeksning maqsadlari uchun bir emitentning bir turdagi, bir toifadagi (xildagi) yoki bitta pay investitsiya fondining (pay investitsiya fondlarining investitsiya paylari uchun) bir xil hajmdagi huquqlarga ega bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarini yetkazib berishga doir talablar, shuningdek pul mablag‘larini ayni shu valyutada to‘lashga doir talablar bir turdagi talablar deb e’tirof etiladi.
Ijro etishni kechiktirgan holda bitim predmetini yetkazib berishga doir bitim sifatida tavsiflangan bitimlarga soliq solish bunday bitimlarning tegishli asos aktivlari uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Ushbu Kodeksning maqsadlari uchun muddatli bitimlarning moliyaviy vositalari uyushgan bozorda muomalada bo‘lgan bitimlarning moliyaviy vositalariga (muddatli bitimlarning muomaladagi moliyaviy vositalariga) va muddatli bitimlarning uyushgan bozorda muomalada bo‘lmagan moliyaviy vositalariga (muddatli bitimlarning muomalada bo‘lmagan moliyaviy vositalariga) bo‘linadi.
Muddatli bitimlarning moliyaviy vositalari quyidagi shartlarga bir vaqtning o‘zida rioya etilgan taqdirda uyushgan bozorda muomalada deb e’tirof etiladi:
50-modda. Muddatli bitimlarning moliyaviy vositalari (davomi)
- 1) bitimlarni tuzish, ularning muomalada bo‘lishi va bajarilishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga yoki chet davlatlarning qonunchiligiga muvofiq shunday huquqqa ega bo‘lgan savdolarning tashkilotchisi tomonidan belgilansa;
- 2) muddatli bitimlar moliyaviy vositalarining narxlari to‘g‘risidagi axborot ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinsa yoxud savdolarning tashkilotchisi yoki boshqa vakolatli shaxs tomonidan har qanday manfaatdor shaxsga muddatli bitimning moliyaviy vositasiga doir operatsiyalar amalga oshirilgan sanadan keyin uch yil ichida berilishi mumkin bo‘lsa.
Agar bitim uyushmagan bozorda tuzilsa va uning shartlarida asos aktivni yetkazib berish nazarda tutilgan bo‘lsa, bitim muddatli bitimlarning moliyaviy vositasi sifatida faqat, basharti asos aktivni yetkazib berish bunday bitimning shartlariga muvofiq bitim tuzilgan kundan keyin kamida uchinchi kundan so‘ng amalga oshirilsa, muddatli bitimlarning moliyaviy vositasi sifatida tavsiflanishi mumkin.
Uyushmagan bozorda tuziladigan va shartlarida asos aktivni yetkazib berish nazarda tutilmagan bitim faqat muddatli bitimlarning moliyaviy vositasi sifatida tavsiflanishi mumkin.
O‘z shartlarida asos aktivni yetkazib berishni nazarda tutuvchi muddatli bitimlarning moliyaviy vositalari yoki o‘z shartlarida asos aktivni yetkazib berishni nazarda tutuvchi boshqa moliyaviy vositaning muddatli bitimlarini tuzish yetkazib berishga oid muddatli bitimlar deb e’tirof etiladi.
50-modda. Muddatli bitimlarning moliyaviy vositalari (davomi)
O‘z shartlarida asos aktivni yetkazib berish nazarda tutilmagan muddatli bitimlarning moliyaviy vositalari yoki o‘z shartlarida asos aktivni yetkazib berishni nazarda tutmaydigan moliyaviy vositalarning muddatli bitimlarini tuzish hisob-kitobli muddatli bitimlar deb e’tirof etiladi.
Yetkazib berishga oid muddatli bitimlar sifatida, shuningdek ijroni kechiktirgan holda bitim predmetini yetkazib berishga doir bitim sifatida tavsiflangan bitimlar majburiyatlar lozim darajada ijro etishdan farq qiladigan usullar orqali tugatilgan taqdirda hisob-kitobli muddatli bitimlar sifatida qayta tavsiflanmaydi.
Variatsiyali marja deganda savdolarning tashkilotchisi yoki kliring tashkiloti tomonidan hisoblab chiqiladigan hamda savdolarning tashkilotchilari va (yoki) kliring tashkilotlari tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq muddatli bitimlar ishtirokchilari tomonidan to‘lanadigan pul mablag‘lari summasi tushuniladi.
51-modda. Xedjirlash
Ushbu Kodeks maqsadida xedjirlash operatsiyalari deganda soliq to‘lovchi uchun noxush oqibatlarni (to‘liq yoki qisman) kamaytirish (kompensatsiya qilish) maqsadida muddatli bitimlarning moliyaviy vositalari (shu jumladan harxil turlari bilan) amalga oshiriladigan operatsiyalar (operatsiyalar majmui) tushuniladi.
Bunday noxush oqibatlar jumlasiga, xususan, zarar ko‘rish, tushumning yoki foydaning kamayishi, mol-mulk bozor qiymatining kamayishi, narxning, foiz stavkasining, milliy valyutaga nisbatan chet el valyutasi kursining yoki xedjirlash obyekti (obyektlari) boshqa ko‘rsatkichining (ko‘rsatkichlari majmuining) o‘zgarishi oqibatida soliq to‘lovchining majburiyatlari ko‘payishi kiritilishi mumkin.
Soliq to‘lovchining mol-mulki, mulkiy huquqlari va uning xedjirlash operatsiyasini amalga oshirish sanasida bajarilish muddati yetib kelmagan majburiyatlari xedjirlash obyektlari deb e’tirof etiladi.
Amalga oshirilishi (bajarilishi) tarafning shartnoma bo‘yicha talab qo‘yishi bilan bog‘liq bo‘lgan hamda ularga nisbatan soliq to‘lovchi xedjirlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan talab qilish huquqlari va majburiyatlar xedjirlash obyektlari bo‘lishi mumkin.
Muddatli bitimlar moliyaviy vositalarining xedjirlash operatsiyasi uchun foydalaniladigan asos aktivlari xedjirlash obyektidan farq qilishi mumkin.
Xedjirlash maqsadida har xil turdagi muddatli bitimning bittadan ortiq moliyaviy vositasini, shu jumladan xedjirlash muddati ichida bitta xedjirlash operatsiyasi doirasida muddatli bitimlarning bir nechta moliyaviy vositalarini tuzishga yo‘l qo‘yiladi.
51-modda. Xedjirlash (davomi)
Soliq to‘lovchi muddatli bitimlarning moliyaviy vositalari bilan operatsiyani xedjirlash operatsiyasi jumlasiga kiritish asoslanganligini tasdiqlash uchun xedjirlash operatsiyasiga doir bitimni tuzish sanasida soliq to‘lovchining taxminlaridan kelib chiqqan holda ushbu operatsiyaning amalga oshirilishi narxning, bozor kotirovkasining, valyuta kursining yoki xedjirlash obyekti boshqa ko‘rsatkichining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan noxush oqibatlarni kamaytirish imkonini berishini tasdiqlovchi ma’lumotnomani tuzadi.
Agar bitta xedjirlash operatsiyasi maqsadida muddatli bitimlarning moliyaviy vositalari bilan bog‘liq operatsiyalar majmuidan foydalanilsa, bunday ma’lumotnoma ushbu bitimlar majmuining birinchisi tuzilgan sanadagi holatga ko‘ra tuziladi.
Bilimingizni sinang
Soliq kodeksiga ko‘ra, aksiyadorlarga to‘lanadigan daromad qaysi shart bajarilganda dividend deb e’tirof etiladi?
- Daromad faqat pul shaklida va faqat yil yakunlari bo‘yicha aksiyadorlarga to‘lansa
- Daromad aksiyadorlarning ustav fondidagi ulushlariga mutanosib ravishda to‘lansa
- Daromad aksiyadorning shaxsiy mol-mulki hisobidan, aksiyalar soniga qaramasdan to‘lansa
- Daromad faqat aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi qaroriga binoan teng miqdorda to‘lansa
To‘g‘ri javob: Daromad aksiyadorlarning ustav fondidagi ulushlariga mutanosib ravishda to‘lansa. 41-modda: sanab o‘tilgan daromadlar ulushlarga mutanosib ravishda to‘lansa, dividendlar deb e’tirof etiladi.
Soliq kodeksiga ko‘ra, quyidagi daromadlardan qaysi biri foiz deb e’tirof etiladi?
- Qarz majburiyatlari bo‘yicha diskont tarzida olingan daromad
- Tugatish chog‘ida ustav fondidagi ulushdan ko‘p bo‘lgan to‘lovlar
- Ustav fondi oshganda olingan qo‘shimcha aksiyalar qiymati
- Nou-xaudan foydalanganlik uchun olingan to‘lov
To‘g‘ri javob: Qarz majburiyatlari bo‘yicha diskont tarzida olingan daromad. 41-modda: har qanday turdagi qarz majburiyatlari bo‘yicha diskont tarzida olingan daromad foizlar deb e’tirof etiladi.
Soliq kodeksiga ko‘ra, daromad deb nima e’tirof etiladi?
- Faqat pul shaklida olingan, soliq to‘lovchining mulkiga qo‘shilgan har qanday tushum va mablag‘lar
- Soliq to‘lovchining barcha sof foydasi, shu jumladan hali olinmagan kutilayotgan tushumlar
- Nafni baholash mumkin bo‘lgan darajada hisobga olinadigan pul yoki natura shaklidagi iqtisodiy naf
- Faqat O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan va bank hisobvarag‘iga o‘tkazilgan mablag‘lar
To‘g‘ri javob: Nafni baholash mumkin bo‘lgan darajada hisobga olinadigan pul yoki natura shaklidagi iqtisodiy naf. 42-modda: baholash imkoniyati mavjud bo‘lgan pul yoki natura shaklidagi iqtisodiy naf daromad hisoblanadi.
Soliq kodeksiga ko‘ra, quyidagi to‘lovlardan qaysi biri royalti hisoblanadi?
- Dasturiy mahsulot nusxalarini takrorlash huquqisiz tarqatishga bo‘lgan huquqni o‘tkazganlik uchun to‘lov
- Tovar belgisidan foydalanish huquqi uchun to‘lov
- Intellektual mulk obyekti aks etgan axborot tashuvchini sotib olganlik uchun to‘lov
- Dasturlarni sozlash va moslashtirish bo‘yicha xizmat uchun to‘lov
To‘g‘ri javob: Tovar belgisidan foydalanish huquqi uchun to‘lov. 44-modda: patentlar, tovar belgilari, savdo markalaridan foydalanganlik yoki foydalanish huquqi uchun to‘lovlar royaltidir; qolganlari royaltiga kirmaydi.
«Raqam» MChJ dasturchi Karimovga buyurtmachi sifatida omborni boshqarish dasturini ishlab chiqish va uni kompyuterlarga o‘rnatib, sozlab berish uchun shartnoma asosida haq to‘ladi. Soliq kodeksiga ko‘ra bu to‘lov qanday baholanadi?
- Royalti hisoblanmaydi, chunki dasturlarni ishlab chiqish va o‘rnatish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lov royaltiga kirmaydi
- Royalti hisoblanadi, chunki dasturiy ta’minotga bo‘lgan mualliflik huquqidan foydalanganlik uchun to‘lov amalga oshirilmoqda
- Royalti hisoblanadi, chunki ishlab chiqilgan dastur nou-xau va maxfiy texnologik ishlanma sifatida baholanadi
- Royalti hisoblanadi, chunki dastur ma’lumotlar bazasiga tenglashtirilib, uni o‘rnatish ham foydalanish huquqi hisoblanadi
To‘g‘ri javob: Royalti hisoblanmaydi, chunki dasturlarni ishlab chiqish va o‘rnatish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lov royaltiga kirmaydi. 44-modda ikkinchi qismi 3-bandi: dasturlarni ishlab chiqish, o‘rnatish va sozlash bo‘yicha xizmatlar royalti sifatida qaralmaydi.
Soliq kodeksiga ko‘ra, tovar deb nima e’tirof etiladi?
- Faqat moddiy shaklga ega bo‘lgan, inson mehnati bilan yaratilgan va realizatsiya uchun mo‘ljallangan har qanday ashyo
- Faqat bojxona hududiga olib kirilgan, qiymat bahosiga ega bo‘lgan va realizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan mol-mulk
- Faqat pul shaklida ifodalangan, qiymat bahosiga ega bo‘lgan va realizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan har qanday talab
- Tabiatning yoki inson faoliyatining qiymat bahosiga ega bo‘lgan va realizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan har qanday predmeti
To‘g‘ri javob: Tabiatning yoki inson faoliyatining qiymat bahosiga ega bo‘lgan va realizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan har qanday predmeti. 45-modda: qiymat bahosiga ega va realizatsiya uchun mo‘ljallangan har qanday predmet tovar hisoblanadi (elektr energiyasi, axborot ham).
Dilshod «Tekstil» MChJ bilan mehnat shartnomasi tuzib, tikuvchi bo‘lib ishlaydi va ish beruvchi topshiriqlarini bajaradi. Soliq solish maqsadida uning ushbu faoliyati qanday baholanadi?
- Xizmat hisoblanadi, chunki u boshqa shaxs uchun pulli asosda bajariladigan ish hisoblanadi
- Tovar hisoblanadi, chunki tikuvchi tayyorlagan mahsulot mulkiy huquqni o‘tkazish sifatida baholanadi
- Xizmat hisoblanmaydi, chunki u ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi doirasidagi faoliyat
- Faqat sotilgan taqdirda xizmat hisoblanadi, chunki mehnat shartnomasi soliq maqsadida e’tiborga olinmaydi
To‘g‘ri javob: Xizmat hisoblanmaydi, chunki u ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi doirasidagi faoliyat. 45-modda: jismoniy shaxslarning mehnat shartnomasi doirasidagi faoliyati xizmatlar jumlasiga kirmaydi.
Soliq kodeksiga ko‘ra, tovarlarning aynan o‘xshashligini aniqlashda nimalar hisobga olinadi?
- Fizik xususiyatlari, sifati, mo‘ljallangan vazifasi, kelib chiqqan mamlakati va ishlab chiqaruvchisi
- Faqat tovarning narxi, ulgurji savdo hajmi, sotuvchining joylashgan joyi va xaridorning to‘lov shakli
- Faqat xaridorning yashash joyi, tovarni sotib olish sanasi, to‘lov shakli va yetkazib berish sharti
- Sotuvchining soliq to‘lovchi sifatida hisobga olingan sanasi va tovarni realizatsiya qilish usuli
To‘g‘ri javob: Fizik xususiyatlari, sifati, mo‘ljallangan vazifasi, kelib chiqqan mamlakati va ishlab chiqaruvchisi. 45-modda: aynan o‘xshashlikni aniqlashda fizik xususiyatlar, sifat, vazifa, kelib chiqqan mamlakat va ishlab chiqaruvchi, ishbilarmonlik obro‘si, tovar belgisi hisobga olinadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash