Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi
Umumiy Qism
61-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi
Soliq to‘lovchilarning xo‘jalik faoliyati bo‘yicha jami moliyaviy natijasini hisobga olgan holda foyda solig‘ini (bundan buyon matnda soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘i deb yuritiladi) hisoblab chiqarish va to‘lash maqsadida, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartib hamda shartlarda tegishli shartnoma asosidagi ixtiyoriy birlashmasi soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi deb e’tirof etiladi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risida tuzilgan amaldagi shartnomaning tarafi bo‘lgan va ushbu Kodeksda bunday guruh ishtirokchilari uchun nazarda tutilgan barcha shartlarni qanoatlantiradigan yuridik shaxs soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchisi deb e’tirof etiladi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq zimmasiga soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash majburiyati yuklatilgan ishtirokchi soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi deb e’tirof etiladi.
Ko‘rsatilgan soliqni hisoblab chiqarish va to‘lashga oid huquqiy munosabatlarda, foyda solig‘ini to‘lovchilar kabi, soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi shunday huquqlarni amalga oshiradi va majburiyatlarni zimmasiga oladi.
Ushbu Kodeksga va O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligiga muvofiq tuzilgan soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatdir.
62-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish shartlari
O‘zbekiston Respublikasining ushbu moddada nazarda tutilgan barcha shartlarni qanoatlantiruvchi yuridik shaxslari soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etishga haqli.
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchilari tomonidan qanoatlantirilishi lozim bo‘lgan ushbu moddada nazarda tutilgan shartlar, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, mazkur guruhni tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning butun amal qilish muddati mobaynida bajarilishi kerak.
Basharti bir yuridik shaxs boshqa yuridik shaxslarning ustav fondida (ustav kapitalida) bevosita va (yoki) bilvosita ishtirok etsa hamda har bir shunday yuridik shaxsdagi bunday ishtirok etish ulushi kamida 90 foizni tashkil etsa, yuridik shaxslar tomonidan soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi tashkil etilishi mumkin. Ko‘rsatilgan shartga soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning butun amal qilish muddati mobaynida rioya etilishi kerak.
Bir yuridik shaxsning boshqa yuridik shaxsda ishtirok etish ulushi ushbu Kodeksning 38-moddasida belgilangan tartibda aniqlanadi.
Yuridik shaxs soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning tarafi sifatida quyidagi barcha shartlarni qanoatlantirishi kerak:
agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, u qayta tashkil etilish yoki tugatilish jarayonida bo‘lmasligi kerak;
62-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish shartlari (davomi)
unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan bo‘lmasligi kerak;
soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish (o‘zgartirish) to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni soliq organiga taqdim etish sanasidan oldingi oxirgi hisobot sanasidagi moliyaviy hisobot asosida hisob-kitob qilingan shaxs sof aktivlarining miqdori uning ustav fondi (ustav kapitali) miqdoridan oshishi kerak.
Soliq to‘lovchilarning mavjud konsolidatsiyalashgan guruhiga yangi yuridik shaxsni qo‘shib olish, agar qo‘shib olinayotgan yuridik shaxs o‘zining qo‘shib olinishi sanasida ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan shartlarni qanoatlantirsa, mumkin bo‘ladi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilari bo‘lgan jami yuridik shaxslar quyidagi shartlarni qanoatlantirishi kerak:
- 1) ular tomonidan kalendar yil mobaynida to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, foyda solig‘i va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqning jami summasi kamida yuz milliard so‘mni tashkil etadi;
- 2) kalendar yil uchun moliyaviy hisobot ma’lumotlariga ko‘ra tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan tushumning, shuningdek boshqa daromadlarning jami hajmi kamida besh yuz milliard so‘mni tashkil etadi;
- 3) aktivlarning jami qiymati kalendar yil oxirida moliyaviy hisobot ma’lumotlariga ko‘ra kamida bir trillion so‘mni tashkil etadi;
62-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish shartlari (davomi)
- 4) foyda solig‘i bo‘yicha bir xil soliq stavkasini qo‘llaydi.
Ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan barcha ko‘rsatkichlar soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlar soliq organiga taqdim etiladigan yildan oldingi yil yakunlariga ko‘ra hisob-kitob qilinadi.
Quyidagilar soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilari bo‘lishi mumkin emas:
- 1) maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari bo‘lgan yuridik shaxslar;
- 2) maxsus soliq rejimlarini qo‘llovchi yuridik shaxslar;
- 3) banklar, bundan ushbu konsolidatsiyalashgan guruhga kiruvchi boshqa barcha yuridik shaxslar banklar bo‘lgan hol mustasno;
- 4) sug‘urta tashkilotlari, bundan ushbu konsolidatsiyalashgan guruhga kiruvchi boshqa barcha yuridik shaxslar sug‘urta tashkilotlari bo‘lgan hol mustasno;
- 5) qimmatli qog‘ozlar bozorining banklar bo‘lmagan professional ishtirokchilari, bundan ushbu konsolidatsiyalashgan guruhga kiruvchi boshqa barcha yuridik shaxslar qimmatli qog‘ozlar bozorining banklar deb hisoblanmaydigan professional ishtirokchilari bo‘lgan hol mustasno;
- 6) foyda solig‘ini to‘lovchilar deb e’tirof etilmaydigan yuridik shaxslar;
- 7) kliring tashkilotlari;
- 8) mikromoliya tashkilotlari.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi, faqat basharti ushbu moddada nazarda tutilgan talablarni qanoatlantiradigan barcha yuridik shaxslar ushbu konsolidatsiyalashgan guruhning ishtirokchilari bo‘lsa, tashkil etilishi mumkin.
62-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish shartlari (davomi)
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining tarkibi unga faqat bunday talablarni qanoatlantiradigan ishtirokchilarning qo‘shib olinishi yoxud undan bunday talablarni qanoatlantirmay qo‘ygan ishtirokchilarning chiqarilishi hisobiga o‘zgarishi mumkin. Mazkur talabni buzgan holda tashkil etilgan yoxud bu talabga muvofiq bo‘lmay qolgan soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi g‘ayriqonuniy ravishda tashkil etilgan yoxud ushbu talab buzilgan sanadan e’tiboran amal qilishi tugatilgan deb e’tirof etiladi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi kamida ikki kalendar yil muddatga tashkil etiladi.
63-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq, ushbu Kodeksning 62-moddasida belgilangan shartlarni qanoatlantiruvchi yuridik shaxslar soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘ini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda va shartlarda hisoblab chiqarish hamda to‘lash maqsadida ixtiyoriy ravishda birlashadi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish yuridik shaxsni tashkil etmagan holda amalga oshiriladi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomada quyidagi qoidalar bo‘lishi kerak:
- 1) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning predmeti;
- 2) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilari bo‘lgan yuridik shaxslarning ro‘yxati va rekvizitlari;
- 3) soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi bo‘lgan yuridik shaxsning nomi;
- 4) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilari ushbu guruhning mas’ul ishtirokchisiga ushbu bobga muvofiq o‘tkazadigan vakolatlar ro‘yxati;
- 5) soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi va boshqa ishtirokchilari tomonidan ushbu Kodeksda nazarda tutilmagan majburiyatlarni bajarish hamda huquqlarni amalga oshirish tartibi va muddatlari, belgilangan majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlik;
63-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma (davomi)
- 6) agar soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi muayyan muddatga tuzilayotgan bo‘lsa, kalendar yillarda hisoblanadigan muddat yoxud bu guruh qancha muddatga tashkil etilayotganligining muayyan muddati mavjud emasligini ko‘rsatish;
- 7) soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining har bir ishtirokchisi bo‘yicha ushbu Kodeksning Maxsus qismida nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda soliq bazasini aniqlash va foyda solig‘ini to‘lash uchun zarur bo‘lgan ko‘rsatkichlar. Bunda tanlangan ko‘rsatkichlar soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning butun amal qilish muddati mobaynida o‘zgartirilmaydi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaga asoslangan huquqiy munosabatlarga nisbatan soliq to‘g‘risidagi qonunchilik, soliq to‘g‘risidagi qonunchilik bilan tartibga solinmagan qismiga nisbatan esa, fuqarolik qonunchiligi qo‘llaniladi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma va uning qoidalari qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan taqdirda, sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma quyidagi sanalardan eng avvalgisi yuzaga kelguniga qadar amal qiladi:
- 1) shartnoma amal qilishining tugash sanasi;
- 2) shartnomani bekor qilish sanasi.
63-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma (davomi)
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi bo‘lgan yuridik shaxs turgan joydagi soliq organida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Agar soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan bo‘lsa, soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma konsolidatsiyalashgan guruhning ko‘rsatilgan mas’ul ishtirokchisi yirik soliq to‘lovchi sifatida hisobga olingan joydagi soliq organida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
64-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini ro‘yxatdan o‘tkazish
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ushbu guruhning mas’ul ishtirokchisi o‘zi hisobda turgan joydagi soliq organiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- 1) tashkil etilayotgan konsolidatsiyalashgan guruh barcha ishtirokchilarining vakolatli shaxslari tomonidan imzolangan soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi ariza;
- 2) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning ikkita nusxasi;
- 3) ushbu Kodeks 62-moddasining uchinchi, beshinchi, yettinchi va to‘qqizinchi qismlarida nazarda tutilgan shartlar bajarilganligini tasdiqlovchi, soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi tomonidan tasdiqlangan hujjatlar. Bunday hujjatlar jumlasiga, xususan, ushbu Kodeks 62-moddasi yettinchi qismining 1-bandida ko‘rsatilgan soliqlarni to‘lashga doir to‘lov topshiriqnomalarining (soliq organining bu soliqlar bo‘yicha hisobga olish amalga oshirilganligi to‘g‘risidagi qarorining ko‘chirma nusxalari), guruh ishtirokchilaridan har biri uchun oldingi kalendar yildagi buxgalteriya balanslari, moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotlarning ko‘chirma nusxalari kiradi;
- 4) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan shaxslarning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar.
64-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini ro‘yxatdan o‘tkazish (davomi)
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi uchun foyda solig‘i hisoblanadigan va to‘lanadigan soliq davridan oldingi yilning 30-oktabridan kechiktirmay soliq organiga taqdim etiladi.
Soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar soliq organiga taqdim etilgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazadi yoki uni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish haqida asoslantirilgan qaror qabul qiladi. Ushbu moddada belgilangan muddat doirasida bartaraf etiladigan qoidabuzarliklar aniqlanganda, soliq organi soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisini bu haqda xabardor qilishi shart. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi aniqlangan qoidabuzarliklarni ushbu moddada belgilangan muddat tugagunga qadar bartaraf etishga haqli.
Ushbu Kodeksning 62-moddasida, 63-moddasining uchinchi qismida hamda ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan shartlarga rioya etilgan taqdirda soliq organi soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.
Shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran besh kun ichida soliq organi soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisiga ushbu shartnomaning bir nusxasini uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida belgi qo‘ygan holda, shaxsan imzo qo‘ydirib yoki olinganlik sanasi to‘g‘risida guvohlik beruvchi boshqa usulda berishi shart.
64-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini ro‘yxatdan o‘tkazish (davomi)
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilganligi haqidagi axborot xuddi shu muddatlarda soliq organi tomonidan soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilari bo‘lgan yuridik shaxslar joylashgan yerdagi soliq organlariga yuboriladi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ushbu guruhni tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma soliq organi tomonidan ro‘yxatga olingan yildan keyingi kalendar yilning birinchi sanasida tashkil etilgan deb e’tirof etiladi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazishni soliq organi tomonidan rad etishga faqat quyidagi holatlardan hech bo‘lmaganda bittasi mavjud bo‘lganda yo‘l qo‘yiladi:
- 1) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etishning ushbu Kodeksning 62-moddasida nazarda tutilgan shartlariga muvofiq emasligi;
- 2) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning ushbu Kodeks 63-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilgan talablarga muvofiq emasligi;
- 3) ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni vakolatli soliq organiga taqdim etmaslik yoxud to‘liq hajmda taqdim etmaslik yoki mazkur moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etish muddatini buzish;
64-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini ro‘yxatdan o‘tkazish (davomi)
- 4) hujjatlar uni imzolashga vakolati bo‘lmagan shaxslar tomonidan imzolangan taqdirda.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish soliq organi tomonidan rad etilgan taqdirda, ushbu guruhning mas’ul ishtirokchisi kamchiliklar bartaraf etilganidan so‘ng bunday shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi hujjatlarni qayta taqdim etishga haqli.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish haqidagi qarorning ko‘chirma nusxasi u qabul qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida soliq organi tomonidan bunday shartnomada soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi sifatida ko‘rsatilgan vakolatli vakiliga shaxsan imzo qo‘ydirib yoki olingan sanani tasdiqlovchi boshqa usul orqali topshiriladi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilganligi ustidan bunday shartnomada soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi sifatida ko‘rsatilgan shaxs tomonidan mazkur Kodeksda soliq organlarining va ular mansabdor shaxslarining harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilish uchun belgilangan tartibda va muddatlarda shikoyat qilinishi mumkin.
Ariza (shikoyat) qanoatlantirilgan taqdirda soliq organi ushbu shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazishi shart, soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi esa ushbu moddaning to‘rtinchi qismiga muvofiq ro‘yxatdan o‘tishi lozim bo‘lgan yildan keyingi kalendar yilning birinchi sanasidan e’tiboran tashkil etilgan deb e’tirof etiladi. Agar soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ushbu bobda belgilangan boshqa to‘siqlar bo‘lmasa, ko‘rsatilgan qoida qo‘llaniladi.
65-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani o‘zgartirish va uning amal qilish muddatini uzaytirish
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda va shartlarda o‘zgartirilishi mumkin.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma taraflari quyidagi hollarda mazkur shartnomaga o‘zgartishlar kiritishi shart:
- 1) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilari bo‘lgan bir yoki bir nechta yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda;
- 2) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilari bo‘lgan bir yoki bir nechta yuridik shaxsni qayta tashkil etish to‘g‘risida (qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, ajratib chiqarish yoki bo‘lish shaklida) qaror qabul qilinganda;
- 3) bir yoki bir nechta yuridik shaxs soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhiga qo‘shib olinganda;
- 4) yuridik shaxs mazkur Kodeksning 62-moddasida nazarda tutilgan shartlarga javob bermay qolgan hollarda, ushbu yuridik shaxs soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhidan chiqib ketganda;
- 5) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda.
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchisi qayta tashkil etilganda qayta tashkil etilgan yuridik shaxslar, agar ular ushbu Kodeksning 62-moddasida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq bo‘lsa, shu konsolidatsiyalashgan guruh tarkibiga kiritilishi shart.
65-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani o‘zgartirish va uning amal qilish muddatini uzaytirish (davomi)
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani o‘zgartirish to‘g‘risidagi bitim shunday guruhning barcha ishtirokchilari tomonidan yangidan qo‘shib olinayotgan ishtirokchilarni qo‘shib hisoblaganda va guruhdan chiqayotgan ishtirokchilarni istisno etgan holda qabul qilinadi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani o‘zgartirish to‘g‘risidagi bitim ro‘yxatdan o‘tkazish uchun soliq organiga quyidagi muddatlarda taqdim etiladi:
- 1) mazkur shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda — soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning amal qilish muddati tugashidan kamida bir oy oldin;
- 2) boshqa hollarda — soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani o‘zgartirish uchun holatlar yuzaga kelgan kundan e’tiboran bir oy ichida.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani o‘zgartirish to‘g‘risidagi bitimni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uning mas’ul ishtirokchisi soliq organiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- 1) shartnomaga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi bildirish xati;
- 2) soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining vakolatli shaxslari tomonidan shartnomani o‘zgartirish, shu jumladan uning muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi imzolangan bitimning ikkita nusxasi;
65-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani o‘zgartirish va uning amal qilish muddatini uzaytirish (davomi)
- 3) shartnomaga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan shaxslarning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar;
- 4) shartnomaga kiritilgan o‘zgartishlarni hisobga olgan holda ushbu Kodeksning 62-moddasida nazarda tutilgan shartlar bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
- 5) shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarorning ikkita nusxasi.
Soliq organi soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani o‘zgartirish to‘g‘risidagi bitimni ushbu moddaning oltinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etilgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazishi va mazkur guruh mas’ul ishtirokchisining vakolatli vakiliga o‘zgartishlarning bir nusxasini, u ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi belgini qo‘ygan holda, berishi shart.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani o‘zgartirish to‘g‘risidagi bitimni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
- 1) ushbu Kodeksning 62-moddasida nazarda tutilgan shartlarning soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining hech bo‘lmaganda bitta ishtirokchisiga nisbatan bajarilmaganligi;
- 2) hujjatlarning bunga vakolati bo‘lmagan shaxslar tomonidan imzolanganligi;
- 3) mazkur shartnomani o‘zgartirish uchun hujjatlar taqdim etish muddatining buzilganligi;
- 4) ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlar taqdim etilmaganligi (to‘liq hajmda taqdim etilmaganligi).
65-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani o‘zgartirish va uning amal qilish muddatini uzaytirish (davomi)
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani o‘zgartirish to‘g‘risidagi bitim quyidagi tartibda kuchga kiradi:
- 1) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaga bunday guruhga yangi yuridik shaxslar qo‘shib olinishi bilan bog‘liq o‘zgartishlar (bundan guruh ishtirokchilari qayta tashkil etilgan hollar mustasno) shartnomaga tegishli o‘zgartishlar soliq organi tomonidan ro‘yxatga olingan yildan keyingi kalendar yilning kamida birinchi kunidan keyin kuchga kiradi;
- 2) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaga bunday guruh tarkibidan ishtirokchilar chiqib ketishi bilan bog‘liq o‘zgartishlar shartnomaga tegishli o‘zgartishlar kiritish uchun holatlar yuzaga kelgan yildan (agar ushbu qismning 3-bandida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa) keyingi kalendar yilning birinchi kunidan kuchga kiradi;
- 3) boshqa hollarda soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartishlar uning taraflari ko‘rsatgan sanadan e’tiboran, lekin tegishli o‘zgartishlar soliq organi tomonidan ro‘yxatga olingan sanadan keyin keladigan sanada kuchga kiradi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaga majburiy o‘zgartishlarni kiritishdan bo‘yin tovlash shartnomaga tegishli majburiy o‘zgartishlar kuchga kirishi kerak bo‘lgan kalendar yilning birinchi kunidan e’tiboran shartnomaning amal qilishi tugatilishiga sabab bo‘ladi.
66-modda. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchilari quyidagilarga haqli:
- 1) konsolidatsiyalashgan guruhning mas’ul ishtirokchisidan ushbu konsolidatsiyalashgan guruhning faoliyati munosabati bilan soliq organi tomonidan mas’ul ishtirokchiga taqdim etilgan hujjatlar, qarorlar, talabnomalar, solishtirma dalolatnomalar va boshqa hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini olish;
- 2) ushbu Kodeksda nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda soliq organlarining hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilish;
- 3) soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘ini to‘lash majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarish;
- 4) mas’ul ishtirokchida soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘i hisoblab chiqarilishi va to‘lanishi munosabati bilan o‘tkaziladigan soliq tekshiruvlarini o‘tkazishda, shuningdek bunday soliq tekshiruvlarining materiallarini ko‘rib chiqishda ishtirok etish.
Ushbu Kodeksning 62-moddasida soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilari uchun nazarda tutilgan shartlarga muvofiq bo‘lgan bunday guruh ishtirokchisi soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning amal qilish muddati mobaynida o‘zining ushbu guruhdagi ishtirokini ixtiyoriy ravishda tugatishga haqli emas.
66-modda. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari (davomi)
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchilari:
- 1) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tuzish to‘g‘risidagi shartnomani va unga o‘zgartishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan barcha harakatlarni amalga oshirishi hamda barcha hujjatlarni taqdim etishi;
- 2) soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisiga soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘ini to‘lovchining majburiyatlarini bajarish va huquqlarini amalga oshirish uchun unga zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etishi (shu jumladan elektron shaklda taqdim etishi). Bunday ma’lumotlar jumlasiga olingan daromadlar va qilingan xarajatlarga nisbatan foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasining hisob-kitoblari, hisobga olish registrlarining ma’lumotlari va boshqa hujjatlar kiradi;
- 3) soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining faoliyati munosabati bilan soliq organi tomonidan soliq nazorati tadbirlari amalga oshirilganda talab qilinadigan hujjatlar va boshqa axborotni ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq organlariga taqdim etishi;
- 4) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘ini (bo‘nak va joriy to‘lovlarni), tegishli penyalar va jarimalarni to‘lash bo‘yicha majburiyat ushbu Kodeksning III bo‘limida belgilangan tartibda ushbu guruhning mas’ul ishtirokchisi tomonidan bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda, bunday majburiyatni bajarishi;
66-modda. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari (davomi)
- 5) ushbu Kodeksning 62-moddasida nazarda tutilgan shartlarga rioya etilmagan taqdirda, soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisini va mazkur guruhni tuzish to‘g‘risidagi shartnoma ro‘yxatga olingan soliq organini darhol xabardor qilishi;
- 6) ushbu Kodeksning II bo‘limida nazarda tutilgan tartibda soliq solish maqsadida hisob yuritishi shart.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘iga nisbatan soliq majburiyati mas’ul ishtirokchi tomonidan bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda, ushbu guruhning ko‘rsatilgan soliq majburiyatini bajargan ishtirokchisi fuqarolik qonunchiligida va mazkur guruhni tuzish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan miqdorlarda hamda tartibda regress talabi qo‘yish huquqiga ega bo‘ladi. Ushbu qoida soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi o‘rniga uning soliq majburiyati (shu jumladan bo‘nak va joriy to‘lovlarni to‘lash) shu konsolidatsiyalashgan guruhning bir nechta ishtirokchisi tomonidan bajarilgan hollarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Yuridik shaxs soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi tarkibidan chiqqanda:
- 1) yuridik shaxs foyda solig‘i bo‘yicha konsolidatsiyalashgan guruh tarkibidan chiqqan soliq davridan boshlab soliq hisobiga soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchisi bo‘lmagan soliq to‘lovchining soliq hisobi bo‘yicha ushbu Kodeksning II bo‘limi talablariga rioya etishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritishi;
66-modda. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari (davomi)
- 2) ushbu yuridik shaxs soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining tarkibidan chiqib ketgan soliq davridan boshlab o‘zi tomonidan haqiqatda olingan foydadan kelib chiqqan holda foyda solig‘ini hisoblab chiqishi va to‘lashi. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi tomonidan ushbu guruh bo‘yicha haqiqatda to‘langan foyda solig‘i summalarini hisobga olgan holda, ko‘rsatilgan talab tegishli hisobot va soliq davrlariga nisbatan tatbiq etiladi hamda foyda solig‘i bo‘yicha bo‘nak va joriy to‘lovlarni ushbu Kodeksning XII bo‘limida belgilangan muddatlarda to‘lash majburiyatini o‘z ichiga oladi;
- 3) ushbu Kodeksning XII bo‘limida nazarda tutilgan muddatlarda foyda solig‘i bo‘yicha soliq hisobotini o‘zi hisobda turgan yerdagi soliq organiga taqdim etishi shart.
Yuridik shaxsning soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi tarkibidan chiqib ketishi uni ushbu yuridik shaxs shunday konsolidatsiyalashgan guruhning ishtirokchisi bo‘lgan davrda yuzaga kelgan soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘iga nisbatan soliq majburiyatlarini bajarishdan ozod etmaydi.
Mazkur qoida, ushbu yuridik shaxsga uning soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi tarkibidan chiqib ketguniga qadar mazkur soliq majburiyati bajarilmaganligi yoki soliq to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi to‘g‘risida ma’lum bo‘lganidan yoki ma’lum bo‘lmaganidan qat’i nazar, qo‘llaniladi.
67-modda. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining huquqlari va majburiyatlari
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi ushbu Kodeksning 66-moddasida nazarda tutilgan huquqlar va majburiyatlardan tashqari, ushbu moddada belgilangan huquqlarga ega bo‘ladi va majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi.
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining faoliyati munosabati bilan yuzaga keladigan munosabatlarda foyda solig‘ini to‘lovchilar uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquqlarga ega bo‘ladi va majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi.
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi quyidagi huquqlarga ega:
- 1) soliq organlariga va ularning mansabdor shaxslariga soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘ini (bo‘nak va joriy to‘lovlarni) hisoblab chiqarish va to‘lash yuzasidan har qanday tushuntirishlarni taqdim etish;
- 2) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘i to‘lanishi munosabati bilan bunday guruhning istalgan ishtirokchisi va uning alohida bo‘linmalari joylashgan yerda o‘tkaziladigan sayyor soliq tekshiruvlari hamda soliq auditi o‘tkazilayotganda ishtirok etish;
- 3) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘i to‘lanishi munosabati bilan o‘tkaziladigan soliq tekshiruvlari hujjatlarining va soliq tekshiruvlarining natijalari yuzasidan soliq organi tomonidan chiqarilgan qarorlarning ko‘chirma nusxalarini olish. Shuningdek foyda solig‘ini (bo‘nak to‘lovlarini) to‘lash to‘g‘risidagi talabnomalarni hamda soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi faoliyati bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni olish;
67-modda. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining huquqlari va majburiyatlari (davomi)
- 4) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘ini to‘lash munosabati bilan o‘tkaziladigan soliq tekshiruvlarining va soliq nazorati qo‘shimcha tadbirlarining materiallari ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda va tartibda soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan ko‘rib chiqilayotganda ishtirok etish;
- 5) soliq organlaridan soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilari to‘g‘risidagi soliq sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni olish;
- 6) soliq organlarining va boshqa vakolatli organlarning hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan, shu jumladan soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda ular tomonidan majburiyatlarning bajarilishi (huquqlarning amalga oshirilishi) munosabati bilan soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ayrim ishtirokchilari manfaatlarini ko‘zlab belgilangan tartibda shikoyat qilish;
- 7) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha ortiqcha to‘langan foyda solig‘ini hisobga olish (qaytarish) to‘g‘risidagi ariza bilan soliq organiga murojaat etish.
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi:
- 1) soliq organiga ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tuzish to‘g‘risidagi shartnomani, ushbu shartnomani o‘zgartirish to‘g‘risidagi bitimni, soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi qarorni yoki bildirish xatini taqdim etishi;
67-modda. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining huquqlari va majburiyatlari (davomi)
- 2) ushbu Kodeksning XII bo‘limida belgilangan tartibda soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha soliq hisobini yuritishi, foyda solig‘ini (bo‘nak va joriy to‘lovlarni) hisoblab chiqarishi va to‘lashi;
- 3) soliq organiga soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘i bo‘yicha soliq hisobotini, shuningdek mazkur guruhning boshqa ishtirokchilaridan olingan hujjatlarni ushbu Kodeksda belgilangan tartibda va muddatlarda taqdim etishi;
- 4) soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining faoliyati tugatilgan taqdirda, ushbu guruh ishtirokchilariga foyda solig‘ini (bo‘nak va joriy to‘lovlarni) hisoblab chiqarish va to‘lash hamda tegishli hisobot hamda soliq davrlari uchun soliq hisobotini tuzish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tuzish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda taqdim etishi. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi tarkibidan bir yoki bir nechta yuridik shaxs chiqib ketganda bunday ma’lumotlar ushbu konsolidatsiyalashgan guruhning boshqa ishtirokchilariga va konsolidatsiyalashgan guruh tarkibidan chiqib ketgan yuridik shaxslarga xuddi shunday tartibda taqdim etiladi;
- 5) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘ini to‘lovchining majburiyatlarini bajarish munosabati bilan yuzaga keladigan soliq qarzini uzishi;
67-modda. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining huquqlari va majburiyatlari (davomi)
- 6) soliqlarni to‘lash to‘g‘risidagi talabnoma olinganligi haqida u olingan kundan e’tiboran besh kun ichida soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarini xabardor qilishi;
- 7) soliq organlari tomonidan soliq nazorati amalga oshirilishi hamda soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘ini to‘lovchining majburiyatlari bajarilishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni, izohlarni va boshqa axborotni soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilaridan talab qilib olishi;
- 8) ushbu konsolidatsiyalashgan guruhni tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazgan soliq organi tomonidan soliq nazorati tadbirlari doirasida talab qilingan, soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha boshlang‘ich hujjatlarni, soliq hisobi registrlarini va boshqa axborotni taqdim etishi shart.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi tarkibidan bir yoki bir nechta yuridik shaxs chiqib ketgan taqdirda shu konsolidatsiyalashgan guruhning mas’ul ishtirokchisi:
- 1) soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining foyda solig‘i bo‘yicha yuridik shaxslar konsolidatsiyalashgan guruh tarkibidan chiqib ketgan soliq davri boshlanishidan soliq hisobiga tegishli o‘zgartishlar kiritishi;
- 2) tugagan hisobot davrlari bo‘yicha foyda solig‘i yuzasidan bo‘nak va joriy to‘lovlarni qaytadan hisoblashni amalga oshirishi va hisobda turgan joyidagi soliq organiga soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘iga doir aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishi shart.
67-modda. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining huquqlari va majburiyatlari (davomi)
Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida soliq to‘lovchining ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqlariga ega bo‘ladi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘ladi.
68-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi faoliyatini tugatish
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi quyidagi holatlardan hech bo‘lmaganda bittasi mavjud bo‘lgan taqdirda faoliyatini tugatadi:
- 1) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning amal qilish muddati tugaganda;
- 2) taraflarning kelishuviga ko‘ra soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma bekor qilinganda;
- 3) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi sudning qarori qonuniy kuchga kirganda;
- 4) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani uning ishtirokchilari tarkibi o‘zgarishi munosabati bilan o‘zgartirish to‘g‘risidagi bitim belgilangan muddatlarda soliq organiga taqdim etilmaganda;
- 5) soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi qayta tashkil etilganda (bundan qayta o‘zgartirish mustasno) yoki tugatilganda;
- 6) qonunchilikka muvofiq soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisiga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish yuritish qo‘zg‘atilganda;
- 7) soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi ushbu Kodeksning 62-moddasida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq kelmaganda;
- 8) soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaga majburiy o‘zgartishlarni kiritishdan bo‘yin tovlaganda.
68-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi faoliyatini tugatish (davomi)
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchisi bo‘lgan yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) ushbu Kodeks 62-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan shartlarning buzilishiga olib kelmaydigan xarid qilish yoki sotish soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi faoliyatini tugatishga sabab bo‘lmaydi.
Ushbu modda birinchi qismining 2-bandida ko‘rsatilgan holat mavjud bo‘lganda, soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi ushbu guruhni tuzish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazgan soliq organiga uning faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi, konsolidatsiyalashgan guruh ishtirokchilari bo‘lgan barcha yuridik shaxslarning vakolatli vakillari tomonidan imzolangan qarorni yuborishi shart. Bunday qaror ko‘rsatilgan soliq organiga qaror qabul qilingan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay yuboriladi.
Ushbu modda birinchi qismining 1, 3 — 7-bandlarida ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lganda, soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisi ushbu guruhni tuzish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazgan soliq organiga bunday holatlar yuzaga kelgan sanani ko‘rsatgan holda bildirish xati yuborishi shart. Bunday bildirish ixtiyoriy shaklda tuziladi va mazkur soliq organiga tegishli holat yuzaga kelgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay yuboriladi.
Soliq organi ushbu moddaning uchinchi yoki to‘rtinchi qismlarida ko‘rsatilgan hujjatlar olingan sanadan e’tiboran besh kun ichida soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi faoliyati tugatilganligi haqidagi axborotni soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilari bo‘lgan yuridik shaxslar joylashgan yerdagi soliq organlariga yuboradi.
68-modda. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi faoliyatini tugatish (davomi)
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar yuzaga kelgan yildan keyingi kalendar yilning birinchi kunidan e’tiboran faoliyatini tugatadi.
Ushbu modda birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan asos mavjud bo‘lgan taqdirda, soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi foyda solig‘i bo‘yicha sudning ko‘rsatilgan qarori qonuniy kuchga kirgan soliq davrining birinchi kunidan e’tiboran faoliyatini tugatadi.
Ushbu modda birinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asos mavjud bo‘lgan taqdirda, soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi foyda solig‘i bo‘yicha ushbu Kodeksning 65-moddasida belgilangan shart qaysi soliq davrida buzilgan bo‘lsa, o‘sha soliq davrining birinchi kunidan e’tiboran faoliyatini tugatadi.
Ushbu modda birinchi qismining 5, 6 yoki 7-bandlarida nazarda tutilgan asos mavjud bo‘lgan taqdirda, soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi tegishli holat yuzaga kelgan kalendar yilning birinchi kunidan e’tiboran faoliyatini tugatadi.
Bilimingizni sinang
Soliq kodeksiga ko‘ra, soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi nima?
- Barcha soliqlarni jami moliyaviy natijani hisobga olib hisoblash va to‘lash maqsadida qonun bo‘yicha majburiy tuziladigan birlashma
- Foyda solig‘ini jami moliyaviy natijani hisobga olib hisoblash va to‘lash maqsadida shartnoma asosida tuziladigan ixtiyoriy birlashma
- Foyda solig‘ini jami moliyaviy natijani hisobga olib hisoblash maqsadida soliq organlari tomonidan tashkil etiladigan majburiy birlashma
- Qo‘shilgan qiymat solig‘ini jami hisobda to‘lash maqsadida yirik soliq to‘lovchilar tomonidan shartnoma asosida tuziladigan yagona yuridik shaxs
To‘g‘ri javob: Foyda solig‘ini jami moliyaviy natijani hisobga olib hisoblash va to‘lash maqsadida shartnoma asosida tuziladigan ixtiyoriy birlashma. 61-modda: foyda solig‘ini jami moliyaviy natijani hisobga olib to‘lash uchun shartnoma asosidagi ixtiyoriy birlashma konsolidatsiyalashgan guruh deb e’tirof etiladi.
Soliq kodeksiga ko‘ra, guruhni tashkil etish shartnomasiga muvofiq foyda solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash majburiyati kimning zimmasiga yuklatiladi?
- Guruhning eng kichik ishtirokchisi
- Soliq organining rahbari
- Guruhning barcha ishtirokchilari teng nisbatda
- Konsolidatsiyalashgan guruhning mas’ul ishtirokchisi
To‘g‘ri javob: Konsolidatsiyalashgan guruhning mas’ul ishtirokchisi. 61-modda: shartnomaga muvofiq foyda solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash majburiyati yuklatilgan ishtirokchi mas’ul ishtirokchi deb e’tirof etiladi.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi tashkil etilishi uchun yuridik shaxsning boshqa yuridik shaxslar ustav fondidagi ishtirok ulushi kamida qancha bo‘lishi kerak?
- 51 foizni
- 75 foizni
- 90 foizni
- 80 foizni
To‘g‘ri javob: 90 foizni. Konsolidatsiyalashgan guruh tuzish uchun har bir yuridik shaxsdagi ishtirok ulushi kamida 90 foizni tashkil etishi kerak.
«Alfa» AJ «Beta» MChJ ustav kapitalida 85 foiz, «Gamma» MChJ ustav kapitalida 95 foiz ulushga ega. Ular soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etmoqchi. Soliq kodeksiga ko‘ra bu mumkinmi?
- Yo‘q, chunki har bir yuridik shaxsdagi ishtirok ulushi kamida 90 foiz bo‘lishi kerak
- Ha, chunki ikkala ulushning o‘rtacha qiymati 90 foizdan yuqori bo‘lsa yetarli hisoblanadi
- Ha, chunki ishtirok ulushi 50 foizdan oshsa, guruh tuzish uchun yetarli hisoblanadi
- Ha, chunki ishtirok ulushi kamida 80 foiz bo‘lishi talab qilinadi va u bajarilgan
To‘g‘ri javob: Yo‘q, chunki har bir yuridik shaxsdagi ishtirok ulushi kamida 90 foiz bo‘lishi kerak. 62-modda: har bir yuridik shaxsdagi ishtirok ulushi kamida 90 foizni tashkil etishi kerak.
Konsolidatsiyalashgan guruh ishtirokchilari kalendar yil mobaynida QQS, aksiz solig‘i, foyda solig‘i va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqni jami kamida qancha summada to‘lagan bo‘lishi kerak?
- besh yuz milliard
- yuz milliard
- ikki yuz milliard
- ellik milliard
To‘g‘ri javob: yuz milliard. Guruh ishtirokchilari to‘lagan sanalgan soliqlarning jami summasi kamida yuz milliard so‘m bo‘lishi shart.
Soliq kodeksiga ko‘ra, guruh ishtirokchilari kalendar yil mobaynida to‘lagan qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, foyda solig‘i va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqning jami summasi kamida qancha bo‘lishi kerak?
- O‘n milliard so‘m
- Ellik milliard so‘m
- Yuz milliard so‘m
- Besh yuz milliard so‘m
To‘g‘ri javob: Yuz milliard so‘m. 62-modda 7-qism 1-band: to‘langan soliqlarning jami summasi kamida yuz milliard so‘mni tashkil etishi kerak.
Quyidagi yuridik shaxslardan qaysi biri, Soliq kodeksiga ko‘ra, konsolidatsiyalashgan guruh ishtirokchisi bo‘lishi mumkin emas?
- Foyda solig‘ini umumiy tartibda to‘laydigan ishlab chiqarish korxonasi
- Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi bo‘lgan yuridik shaxs
- Foyda solig‘ini to‘lovchi savdo kompaniyasi
- Foyda solig‘ini to‘lovchi qurilish kompaniyasi
To‘g‘ri javob: Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi bo‘lgan yuridik shaxs. 62-modda: maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari guruh ishtirokchilari bo‘lishi mumkin emas.
Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi Soliq kodeksiga ko‘ra kamida qancha muddatga tashkil etiladi?
- Kamida ikki kalendar yil muddatga
- Kamida bir kalendar yil muddatga
- Kamida uch kalendar yil muddatga
- Kamida besh kalendar yil muddatga
To‘g‘ri javob: Kamida ikki kalendar yil muddatga. 62-modda: guruh kamida ikki kalendar yil muddatga tashkil etiladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash