Soliq majburiyatini bajarishning umumiy qoidalari
Umumiy Qism
85-modda. Soliq majburiyati
Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik bilan soliq to‘lovchilar zimmasiga yuklatilgan soliqlarni va yig‘imlarni to‘g‘ri hisoblab chiqarish hamda o‘z vaqtida to‘lash majburiyati ularning soliq majburiyatidir.
Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik bilan soliq agentlarining zimmasiga yuklatilgan, o‘ziga nisbatan ushbu shaxslar soliq agentlari deb e’tirof etiladigan munosabatlar doirasida soliqlarni to‘g‘ri hisoblab chiqarish, ushlab qolish va o‘z vaqtida o‘tkazish majburiyati soliq majburiyatiga tenglashtiriladi.
Soliq majburiyati ushbu Kodeks yoki boshqa soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan asoslar mavjud bo‘lganda yuzaga keladi, o‘zgartiriladi va tugatiladi.
Har bir soliqqa nisbatan soliq majburiyati soliq to‘lovchiga soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan ushbu soliqni to‘lashni nazarda tutuvchi holatlar yuzaga kelgan paytdan e’tiboran yuklatiladi.
86-modda. Soliq majburiyatini bajarish tartibi va muddati
Soliq to‘lovchi o‘zining soliq majburiyatini, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, mustaqil ravishda bajaradi.
Yakka tartibdagi tadbirkor hisoblanmaydigan jismoniy shaxs bo‘lgan soliq to‘lovchining soliq majburiyati o‘zga jismoniy shaxs tomonidan bajarilishi mumkin. Bunda soliq to‘lovchi uning soliq majburiyati o‘zga jismoniy shaxs tomonidan bajarilishi natijasida olgan moddiy naf soliq solish maqsadlarida shu soliq to‘lovchining daromadi deb e’tirof etilmaydi. O‘zga shaxs o‘zi tomonidan soliq to‘lovchi uchun to‘langan soliqning qaytarilishini talab qilishga haqli emas.
Soliq majburiyati soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan muddatda bajarilishi kerak.
Soliq majburiyatini bajarish muddatlari kalendar sana yoki vaqt davri (yil, chorak, oy, o‘n kunlik va kun) o‘tishi bilan belgilanadi.
Muddatning o‘tishi kalendar sanadan yoki muddatning boshlanishi belgilab qo‘yilgan voqea yuz berganidan keyingi kundan boshlanadi. Soliq majburiyati ushbu majburiyatni bajarish muddatining so‘nggi kuni soat yigirma to‘rtga qadar bajarilishi kerak.
Agar soliq majburiyatini bajarish muddatining so‘nggi kuni dam olish (ishlanmaydigan) kuniga to‘g‘ri kelsa, undan keyingi birinchi ish kuni muddatning tugash kuni hisoblanadi.
Soliq to‘lovchi soliq majburiyatini muddatidan oldin bajarishga haqli.
Soliq majburiyatini bajarish muddati ushbu Kodeksning 97 — 102-moddalarida nazarda tutilgan tartibda o‘zgartirilishi mumkin.
86-modda. Soliq majburiyatini bajarish tartibi va muddati (davomi)
Soliq to‘lovchi tomonidan soliq majburiyatining bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi unga soliq organi tomonidan soliq qarzini to‘lash to‘g‘risida talabnoma yuborilishi uchun asos bo‘ladi.
Soliq to‘lovchi tomonidan soliq majburiyati bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda, soliq organlari ushbu majburiyatning majburiy tartibda bajarilishi yuzasidan ushbu Kodeksning 15-bobida nazarda tutilgan choralarni ko‘rishi va (yoki) uning bajarilishini ta’minlashga doir ushbu Kodeksning 13-bobida nazarda tutilgan choralarni qo‘llashi shart.
87-modda. Soliq majburiyatining tugatilishi
Soliq majburiyati, agar ushbu moddaning ikkinchi — to‘rtinchi qismlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, quyidagi hollarda tugatiladi:
soliq to‘lovchi tomonidan soliq to‘langanda yoki soliq agenti tomonidan o‘tkazib berilganda;
soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq soliq majburiyatini tugatish bilan bog‘liq boshqa holatlar yuzaga kelganda.
Jismoniy shaxsning soliq majburiyati quyidagi hollarda tugatiladi:
mazkur shaxs vafot etganda;
uni vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi sud qarori qonuniy kuchga kirganda.
Vafot etgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan jismoniy shaxsning soliq qarzi ushbu Kodeksning 94-moddasida belgilangan tartibda meros mol-mulkning qiymati doirasida merosxo‘rlardan undiriladi.
Yuridik shaxsning soliq majburiyati quyidagi hollarda tugatiladi:
ushbu Kodeksning 91-moddasiga muvofiq, budjet tizimi bilan barcha hisob-kitoblar amalga oshirilgandan keyin u tugatilganda;
ushbu Kodeksning 92-moddasiga muvofiq, budjet tizimi bilan barcha hisob-kitoblar amalga oshirilgandan keyin u qayta tashkil etilganda.
88-modda. Soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddatlari
Soliq organi yoki boshqa vakolatli organ soliq tekshiruvini o‘tkazishga, tekshiruv natijalari bo‘yicha soliq to‘lovchiga soliq qarzini uzish to‘g‘risida talabnoma yuborishga yoki soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar miqdorini qayta ko‘rib chiqishga haqli bo‘lgan muddat soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati hisoblanadi.
Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati, natijalariga ko‘ra soliq majburiyati aniqlanadigan soliq davri tugaganidan keyin uch yilni tashkil etadi. Agar soliq majburiyatining yuzaga kelishi muayyan voqea yoki harakat bilan bog‘liq bo‘lsa, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati shu voqea yoki harakat sodir bo‘lgan paytdan e’tiboran uch yilni tashkil etadi.
Ushbu Kodeks 84-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda da’vo qilish muddati soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka ko‘ra soliq to‘lovchi tomonidan soliq stavkasi, to‘lanadigan soliq miqdori, soliq imtiyozi yoki soliq chegirmasi qo‘llanilishi va (yoki) soliqni to‘lash muddati o‘zgarishi bilan bog‘liq shartlarning amal qilish muddatiga uzaytiriladi.
Soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddatining o‘tishi fuqarolik qonunchiligiga muvofiq to‘xtatib turiladi, uziladi va qayta tiklanadi.
Bilimingizni sinang
Soliq kodeksiga ko‘ra, soliq to‘lovchining soliq majburiyati nima?
- Soliq to‘lovchining soliq organiga hisobot taqdim etish va soliq imtiyozlaridan foydalanish huquqi
- Soliqlarni va yig‘imlarni to‘g‘ri hisoblab chiqarish hamda o‘z vaqtida to‘lash majburiyati
- Faqat soliq qarzi yuzaga kelgandan keyin uni sud orqali to‘lash majburiyati bo‘yicha javobgarlik
- Soliq to‘lovchining hisob siyosatini tasdiqlash va soliq tekshiruvlarida ishtirok etish majburiyati
To‘g‘ri javob: Soliqlarni va yig‘imlarni to‘g‘ri hisoblab chiqarish hamda o‘z vaqtida to‘lash majburiyati. 85-modda: soliqlarni va yig‘imlarni to‘g‘ri hisoblab chiqarish hamda o‘z vaqtida to‘lash majburiyati soliq majburiyatidir.
Soliq kodeksiga ko‘ra, soliq agentlari zimmasiga yuklatilgan qaysi majburiyat soliq majburiyatiga tenglashtiriladi?
- Faqat soliq hisobotini taqdim etish va soliq organlarining tekshiruvlarida qatnashish
- Soliq to‘lovchilarning tekshiruvlarini o‘tkazish va soliq qarzini undirish vazifasi
- Soliq to‘lovchining hisob siyosatini tasdiqlash va hisobotlarni arxivda saqlash
- Soliqlarni to‘g‘ri hisoblab chiqarish, ushlab qolish va o‘z vaqtida o‘tkazish
To‘g‘ri javob: Soliqlarni to‘g‘ri hisoblab chiqarish, ushlab qolish va o‘z vaqtida o‘tkazish. 85-modda: agentlarning soliqlarni hisoblab chiqarish, ushlab qolish va o‘tkazish majburiyati soliq majburiyatiga tenglashtiriladi.
Aziza yakka tartibdagi tadbirkor emas. Uning soliq majburiyatini singlisi Dilfuza o‘z mablag‘i hisobidan bajardi. Soliq kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Aziza olgan moddiy naf uning daromadi hisoblanmaydi, Dilfuza esa to‘langan soliqni qaytarishni talab qilishga haqli emas
- Aziza olgan moddiy naf uning daromadi hisoblanadi va u daromad solig‘ini to‘laydi, Dilfuza esa soliqni qaytarishni talab qilishi mumkin
- Soliq majburiyatini boshqa shaxs o‘z mablag‘i hisobidan bajarishi mutlaqo taqiqlanadi, bunday to‘lov soliq to‘langan hisoblanmaydi
- Aziza olgan moddiy naf uning daromadi hisoblanmaydi, ammo Dilfuza to‘langan soliqni Azizadan qaytarib olishga haqli
To‘g‘ri javob: Aziza olgan moddiy naf uning daromadi hisoblanmaydi, Dilfuza esa to‘langan soliqni qaytarishni talab qilishga haqli emas. 86-modda: YaTT bo‘lmagan jismoniy shaxs uchun o‘zga shaxs soliq to‘lasa, olingan naf daromad hisoblanmaydi, o‘zga shaxs qaytarishni talab qila olmaydi.
«Nur» MChJ soliq majburiyatini bajarish muddatining so‘nggi kuni yakshanbaga (dam olish kuniga) to‘g‘ri keldi. Soliq kodeksiga ko‘ra, muddatning tugash kuni qaysi sana hisoblanadi?
- Dam olish kunidan oldingi oxirgi ish kuni
- Dam olish kunining o‘zi
- Undan keyingi birinchi ish kuni
- Undan keyingi birinchi kalendar oy
To‘g‘ri javob: Undan keyingi birinchi ish kuni. 86-modda: muddatning so‘nggi kuni dam olish kuniga to‘g‘ri kelsa, undan keyingi birinchi ish kuni muddat tugash kuni hisoblanadi.
Soliq majburiyati uni bajarish muddatining so‘nggi kuni soat nechagacha bajarilishi kerak?
- Soat o‘n to‘qqizga qadar
- Soat yigirma to‘rtga qadar
- Soat o‘n sakkiz o‘ttizgacha
- Soat o‘n yetti nolnolgacha
To‘g‘ri javob: Soat yigirma to‘rtga qadar. 86-modda: soliq majburiyati muddatning so‘nggi kuni soat yigirma to‘rtga qadar bajarilishi kerak.
Soliq to‘lovchining soliq majburiyatini bajarish muddati haqida qaysi hukm Soliq kodeksiga mos keladi?
- Soliq to‘lovchi soliq majburiyatini muddatidan oldin bajarishga haqli
- Soliq majburiyatini muddatidan oldin bajarish taqiqlanadi
- Muddatidan oldin bajarish faqat soliq organi ruxsati bilan mumkin
- Muddatidan oldin bajarish uchun qo‘shimcha jarima to‘lanadi
To‘g‘ri javob: Soliq to‘lovchi soliq majburiyatini muddatidan oldin bajarishga haqli. 86-modda: soliq to‘lovchi soliq majburiyatini muddatidan oldin bajarishga haqli.
Soliq to‘lovchi soliq majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda soliq organi nima qilishi uchun asos paydo bo‘ladi?
- Soliq to‘lovchining faoliyatini darhol to‘xtatish
- Soliq to‘lovchi mol-mulkini musodara qilish
- Soliq qarzini to‘lash to‘g‘risida talabnoma yuborish
- Soliq to‘lovchini davlat ro‘yxatidan chiqarish
To‘g‘ri javob: Soliq qarzini to‘lash to‘g‘risida talabnoma yuborish. 86-modda: bajarmaslik soliq organi tomonidan soliq qarzini to‘lash haqida talabnoma yuborilishi uchun asos bo‘ladi.
Soliq kodeksiga ko‘ra, boshqacha qoida bo‘lmasa, soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati soliq davri tugaganidan keyin qancha vaqtni tashkil etadi?
- ikki yilni
- besh yilni
- bir yilni
- uch yilni
To‘g‘ri javob: uch yilni. Soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati soliq davri tugaganidan keyin uch yilni tashkil etadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash