Soliq majburiyatini bajarish
Umumiy Qism
89-modda. Soliqlar va yig‘imlarni to‘lash
Soliqni to‘lash, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, milliy valyutada amalga oshiriladi.
Chet el valyutasida hisoblab chiqarilgan soliq summasini milliy valyutada qaytadan hisoblash O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining soliqni to‘lash sanasidagi rasmiy kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Soliq to‘lovchining soliqni to‘lash bo‘yicha majburiyati, agar ushbu moddaning to‘rtinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, quyidagi hollarda bajarilgan deb e’tirof etiladi:
- 1) pul mablag‘larini soliq to‘lovchining bankdagi hisobvarag‘idan budjet tizimiga tegishli g‘aznachilik hisobvarag‘iga o‘tkazishga doir topshiriqnoma bankka taqdim etilgan paytdan e’tiboran – soliq to‘lovchining hisobvarag‘ida to‘lov kunida yetarlicha pul qoldig‘i mavjud bo‘lgan taqdirda;
- 2) bankda hisobvaraq ochmasdan tegishli g‘aznachilik hisobvarag‘iga budjet tizimiga o‘tkazish uchun bank kassasiga naqd pul mablag‘lari topshirilgan paytdan e’tiboran. Bunday qoida soliqni to‘lash uchun pul mablag‘lari yetarlicha bo‘lgan taqdirda, faqat jismoniy shaxslar tomonidan soliqni to‘lashda qo‘llaniladi;
- 3) bank yoki aloqa bo‘limiga budjet tizimiga o‘tkazish uchun naqd pul mablag‘lari kiritilgan kundan e’tiboran. Bunday qoida soliqni to‘lash uchun pul mablag‘lari yetarlicha bo‘lgan taqdirda, faqat jismoniy shaxslar tomonidan soliqni to‘lashda qo‘llaniladi;
- 4) g‘aznachilikda shaxsiy hisobvarag‘i ochilgan yuridik shaxsning shaxsiy hisobvarag‘ida tegishli pul mablag‘larini budjet tizimiga o‘tkazishga doir operatsiya aks ettirilgan paytdan e’tiboran;
89-modda. Soliqlar va yig‘imlarni to‘lash (davomi)
- 5) ortiqcha to‘langan summalarni yoki ortiqcha undirilgan soliqlar, penyalar, jarimalar summalarini tegishli soliq turi bo‘yicha majburiyatning bajarilishi hisobiga hisobga olish to‘g‘risida soliq organi tomonidan qaror chiqarilgan kundan e’tiboran;
- 6) soliqni hisoblab chiqarish va soliq to‘lovchining pul mablag‘laridan ushlab qolishga doir majburiyat ushbu Kodeksga muvofiq soliq agentiga yuklatilgan bo‘lsa, soliq summalari soliq agenti tomonidan ushlab qolingan kundan e’tiboran.
Soliq to‘lovchining soliqni to‘lash bo‘yicha majburiyati quyidagi hollarda bajarilgan deb e’tirof etilmaydi:
- 1) tegishli pul mablag‘larini budjet tizimiga o‘tkazishga doir bajarilmagan topshiriqnoma soliq to‘lovchi tomonidan qaytarib olinganda yoki bank tomonidan unga qaytarilganda;
- 2) g‘aznachilikda shaxsiy hisobvarag‘i ochilgan yuridik shaxs tomonidan tegishli pul mablag‘larini budjet tizimiga o‘tkazishga doir bajarilmagan topshiriqnoma qaytarib olinganda yoki g‘aznachilik tomonidan unga qaytarilganda;
- 3) pul mablag‘lari ushbu pul mablag‘larini budjet tizimiga o‘tkazishga doir to‘lov topshiriqnomasida bank rekvizitlari noto‘g‘ri ko‘rsatilganligi sababli budjet tizimining tegishli g‘aznachilik hisobvarag‘iga o‘tkazilmay qolganda;
- 4) agar soliq to‘lovchi soliq to‘lovi uchun bankka pul mablag‘larini o‘tkazish uchun topshiriqnoma taqdim etgan kuni uning fuqarolik qonunchiligiga muvofiq birinchi navbatda bajariladigan hisobvarag‘iga taqdim etilgan bajarib bo‘lmaydigan boshqa talablar mavjud bo‘lsa, agar ushbu hisobvaraqda barcha talablarni qanoatlantirish uchun yetarlicha qoldiqqa ega bo‘lmasa.
89-modda. Soliqlar va yig‘imlarni to‘lash (davomi)
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar penyalar va jarimalarga nisbatan ham qo‘llaniladi hamda soliq agentlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Soliq organlari budjet tizimiga tushumlar hisobini hisoblangan hamda to‘langan soliqlar va yig‘imlar summalarini, shuningdek penyalar va jarimalarni soliq to‘lovchining shaxsiy hisobvarag‘ida aks ettirish orqali yuritadi. Soliq to‘lovchining shaxsiy hisobvarag‘ini yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Bojxona organlari O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tish bilan bog‘liq to‘lanishi lozim bo‘lgan, soliqlar va yig‘imlarning, shuningdek penyalar va jarimalarning budjet tizimiga tushumlari hisobini yuritadi. Hisob yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Undirilishi boshqa davlat organlari va tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan davlat bojining hamda boshqa yig‘imlarning budjet tizimiga tushumlarini hisobga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
90-modda. Soliqlarni o‘tkazishga doir to‘lov topshiriqnomalarining banklar tomonidan bajarilishi
Banklar soliq to‘lovchining pul mablag‘lari hisobidan soliqni budjet tizimiga o‘tkazishga doir to‘lov topshiriqnomasini (bundan buyon ushbu moddada soliq to‘lovchining topshiriqnomasi deb yuritiladi), shuningdek soliq organining soliqni budjet tizimiga o‘tkazishga doir inkasso topshiriqnomasini (bundan buyon ushbu moddada soliq organining inkasso topshiriqnomasi deb yuritiladi) bajarishi shart.
Soliq to‘lovchining topshiriqnomalari va soliq organining inkasso topshiriqnomalari fuqarolik qonunchiligida belgilangan navbat bo‘yicha bajarilishi lozim.
Soliq to‘lovchining topshiriqnomasi yoki soliq organining inkasso topshiriqnomasi bunday topshiriqnoma olingan kundan keyingi bir operatsiya kuni ichida bank tomonidan bajariladi.
Soliq to‘lovchining hisobvarag‘ida pul mablag‘lari mavjud bo‘lgan va to‘lov hujjatida rekvizitlari to‘g‘ri ko‘rsatilgan taqdirda bank soliq to‘lovchining topshiriqnomasini yoki soliq organining inkasso topshiriqnomasini bajarishni kechiktirishga haqli emas.
Soliq to‘lovchining hisobvarag‘ida pul mablag‘larining yo‘qligi (yetarli emasligi) sababli soliq organining inkasso topshiriqnomasini belgilangan muddatda bajarishning imkoni bo‘lmaganda, bank belgilangan muddat tugaganidan keyingi kundan kechiktirmay inkasso topshiriqnomasini yuborgan soliq organiga uning topshiriqnomasi bajarilmaganligi (qisman bajarilganligi) to‘g‘risida xabar qilishi shart.
Soliq to‘lovchining topshiriqnomasi yoki soliq organining inkasso topshiriqnomasi bajarilmaganligi (qisman bajarilganligi) to‘g‘risidagi bank xabarnomasining shakli va uni elektron shaklda uzatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
90-modda. Soliqlarni o‘tkazishga doir to‘lov topshiriqnomalarining banklar tomonidan bajarilishi (davomi)
Ushbu moddada nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun banklar ushbu Kodeksda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Javobgarlik choralarining qo‘llanilishi bankni soliq to‘lovchining topshiriqnomasini yoki soliq organining inkasso topshiriqnomasini bajarish majburiyatidan ozod etmaydi.
Banklar soliq to‘lovchilarning topshiriqnomalarini va soliq organlarining inkasso topshiriqnomalarini ko‘rsatilgan operatsiyalar bo‘yicha xizmat ko‘rsatilganligi uchun haq undirmasdan bajaradi. Soliq to‘lovchilarga yoki soliq agentlariga ortiqcha to‘langan (undirilgan) soliqlar, penyalar va jarimalar summalarini qaytarish bo‘yicha banklar tomonidan topshiriqnomalar bajarilganda ko‘rsatilgan operatsiyalar bo‘yicha xizmat ko‘rsatilganligi uchun ham haq undirilmaydi.
91-modda. Yuridik shaxs tugatilganda soliq majburiyatini bajarish
Tugatilayotgan yuridik shaxsning soliq majburiyati mazkur yuridik shaxsning pul mablag‘lari, shu jumladan uning mol-mulkini realizatsiya qilishdan olingan pul mablag‘lari hisobidan tugatuvchi tomonidan bajariladi.
Agar tugatilayotgan yuridik shaxsning pul mablag‘lari, shu jumladan uning mol-mulkini realizatsiya qilishdan olingan pul mablag‘lari uning soliq qarzini to‘liq hajmda uzish uchun yetarli bo‘lmasa, to‘lanmay qolgan qarz mazkur yuridik shaxsning ishtirokchilari tomonidan qonunchilikda belgilangan miqdorda va tartibda uzilishi mumkin.
Yuridik shaxs tugatilayotganda soliq majburiyatini mazkur yuridik shaxsning boshqa kreditorlari bilan hisob-kitoblari o‘rtasida bajarish navbati fuqarolik qonunchiligi bilan belgilanadi.
Tugatilayotgan yuridik shaxs tomonidan ortiqcha to‘langan yoki undan ortiqcha undirilgan soliqlar (penyalar, jarimalar) summalari soliq organi tomonidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda boshqa soliqlar bo‘yicha soliq qarzini uzish hisobiga hisobga olinishi lozim.
Ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan soliqlarning (penyalarning, jarimalarning) hisobga olinishi lozim bo‘lgan summasi boshqa soliqlar bo‘yicha soliq qarziga mutanosib ravishda yoki tugatuvchining qaroriga binoan taqsimlanadi.
Tugatilayotgan yuridik shaxsning soliqlar bo‘yicha qarzi bo‘lmagan taqdirda, ortiqcha to‘langan yoki undan ortiqcha undirilgan soliqlar (penyalar, jarimalar) summasi shu yuridik shaxsga ushbu Kodeksda belgilangan tartibda u ariza bergan kundan e’tiboran o‘n besh kundan kechiktirmay qaytarilishi lozim. Soliq to‘lovchi tomonidan ariza taqdim etilmagan taqdirda, ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan soliqlar (penyalar, jarimalar) summasi O‘zbekiston Respublikasi soliq to‘lovchilarining yagona reyestridan chiqarilgan soliq to‘lovchining shaxsiy hisobvarag‘idan hisobdan chiqariladi.
91-modda. Yuridik shaxs tugatilganda soliq majburiyatini bajarish (davomi)
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tish munosabati bilan soliqlar to‘lashda ham qo‘llaniladi.
92-modda. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda soliq majburiyatini bajarish
Qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning soliq majburiyati ushbu moddada belgilangan tartibda uning huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) tomonidan bajarilishi lozim.
Qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning soliq majburiyatini bajarish, qayta tashkil etish tugallanguniga qadar huquqiy vorisga (huquqiy vorislarga) qayta tashkil etilgan yuridik shaxs soliq majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi faktlari va (yoki) holatlari ma’lum bo‘lganligi-bo‘lmaganligidan qat’i nazar, uning huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) zimmasiga yuklatiladi.
Huquqiy voris (huquqiy vorislar) o‘ziga o‘tgan majburiyatlar bo‘yicha jami soliq qarzini, shu jumladan qayta tashkil etilgan yuridik shaxsga uning qayta tashkil etilishi tugallanguniga qadar soliq huquqbuzarliklarini sodir etganlik uchun belgilangan jarimalar summalarini ham uzishi shart.
Qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) o‘z zimmasiga ushbu modda bilan yuklatilgan majburiyatlarni bajarishda soliq to‘lovchilar uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda huquqlardan foydalanadi va zimmasida majburiyatlar bo‘ladi.
Yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi uning huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) tomonidan uning soliq majburiyatlarini bajarish muddatlarini o‘zgartirmaydi.
Bir necha yuridik shaxslar qo‘shib yuborilganda ularning majburiyatlarini bajarish qismi bo‘yicha bunday qo‘shib yuborish natijasida vujudga kelgan yuridik shaxs ularning huquqiy vorisi deb e’tirof etiladi.
92-modda. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda soliq majburiyatini bajarish (davomi)
Bir yuridik shaxs boshqa yuridik shaxsga qo‘shib olinganda, uni qo‘shib olgan yuridik shaxs soliq majburiyatini bajarish qismi bo‘yicha qo‘shib olingan yuridik shaxsning huquqiy vorisi deb e’tirof etiladi.
Yuridik shaxs bo‘linganda bunday bo‘lish natijasida vujudga kelgan yuridik shaxslar soliq majburiyatini bajarish qismi bo‘yicha uning huquqiy vorislari deb e’tirof etiladi.
Bir necha huquqiy vorislar mavjud bo‘lgan taqdirda, ulardan har birining qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning soliq majburiyatini bajarishdagi ishtiroki ulushi fuqarolik qonunchiligiga muvofiq tuzilgan taqsimlash balansi bilan aniqlanadi. Agar taqsimlash balansi qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning har bir huquqiy vorisining ulushini aniqlash imkonini bermasa, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslar qayta tashkil etilgan shaxsning soliq majburiyatini sudning qaroriga ko‘ra solidar bajarishi mumkin.
Agar qayta tashkil etish soliq majburiyatini bajarmaslikka qaratilgan bo‘lsa, qayta tashkil etilgan yuridik shaxs soliq majburiyatining hech bo‘lmaganda bitta huquqiy voris tomonidan unga to‘g‘ri keladigan soliq majburiyati qismini to‘liq hajmda bajarish imkoniyatini istisno etgan taqdirda ham, ushbu moddaning to‘qqizinchi qismida ko‘rsatilgan qoida qo‘llaniladi.
Yuridik shaxs tarkibidan bir yoki bir necha yuridik shaxslar ajratib chiqarilganda qayta tashkil etilgan yuridik shaxsga nisbatan uning soliq majburiyatini bajarish qismi bo‘yicha huquqiy vorislik, agar ushbu moddaning o‘n ikkinchi qismida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, yuzaga kelmaydi.
92-modda. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda soliq majburiyatini bajarish (davomi)
Agar yuridik shaxs tarkibidan bir yoki bir necha yuridik shaxslarni ajratib chiqarish natijasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxs o‘zining soliq majburiyatini to‘liq hajmda bajarish imkoniyatiga ega bo‘lmasa va bunday qayta tashkil etish soliq majburiyatini bajarmaslikka qaratilgan bo‘lsa, ajratib chiqarilgan yuridik shaxslar ushbu qayta tashkil etilgan shaxsning soliq majburiyatiga sudning qaroriga ko‘ra solidar ega bo‘lishi mumkin.
Bir yuridik shaxs boshqa yuridik shaxs etib o‘zgartirilganda, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxs soliq majburiyatini bajarish qismida qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquqiy vorisi deb e’tirof etiladi.
Yuridik shaxs tomonidan u qayta tashkil etilgunga qadar undan ortiqcha undirilgan yoki ortiqcha to‘langan soliq (penya, jarima) summasi huquqiy voris (huquqiy vorislar) qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning soliq qarzini uzishi hisobiga soliq organi tomonidan hisobga olinishi lozim. Bunday hisobga olish qayta tashkil etish tugallangan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay ushbu moddada nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Yuridik shaxs tomonidan u qayta tashkil etilgunga qadar ortiqcha to‘langan yoki undan ortiqcha undirilgan soliqning (penyaning, jarimaning) hisobga olinishi lozim bo‘lgan summasi hisoblanishi va to‘lanishi ustidan nazorat qilish soliq organlari zimmasiga yuklatilgan boshqa soliqlar bo‘yicha soliq qarziga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
92-modda. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda soliq majburiyatini bajarish (davomi)
Qayta tashkil etilgan yuridik shaxsda soliq qarzi bo‘lmagan taqdirda, ushbu yuridik shaxs tomonidan ortiqcha to‘langan yoki undan ortiqcha undirilgan soliq (penya, jarima) summasi uning vorisiga (huquqiy vorislariga) huquqiy voris (huquqiy vorislar) ariza bergan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay qaytarilishi lozim. Bunda ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan soliq (penya, jarima) summasi qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquqiy vorisiga (huquqiy vorislariga) har bir huquqiy vorisning taqsimlash balansi asosida aniqlanadigan ulushiga mutanosib ravishda qaytariladi.
Ushbu moddaning qoidalari yuridik shaxs qayta tashkil etilganda yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatni bajarishga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar chet davlat qonunchiligiga muvofiq qayta tashkil etilgan chet el tashkiloti majburiyatlarining huquqiy vorisini (huquqiy vorislarini) aniqlashda ham qo‘llaniladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tish munosabati bilan soliqlar to‘lashda ham qo‘llaniladi.
93-modda. Mol-mulkni ishonchli boshqaruvga berishda soliq majburiyatini bajarish
Ishonchli boshqaruvchi ishonchli boshqaruv shartnomasi tuzilgan sanadan e’tiboran ishonchli boshqarish shartnomasi bo‘yicha soliq majburiyatlarini bajaradi.
Ishonchli boshqaruvni ta’sis etuvchi (naf oluvchi), mol-mulk ishonchli boshqaruvga topshirilishi munosabati bilan o‘zida yuzaga keladigan soliq majburiyatlarini, agar soliq majburiyatlarini bajarish (qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha majburiyatlardan tashqari) ishonchli boshqaruvchiga yuklatilmagan bo‘lsa yoxud mol-mulk O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lgan ishonchli boshqaruvchiga ishonchli boshqarishga topshirilgan taqdirda, mustaqil ravishda bajaradi.
Ishonchli boshqaruvchi soliq solish obyektlarining va (yoki) soliq solish bilan bog‘liq obyektlarning hisobini ishonchli boshqaruvni ta’sis etuvchining (naf oluvchining) manfaatlarida amalga oshiriladigan ishonchli boshqaruv faoliyati bo‘yicha va boshqa faoliyat bo‘yicha alohida-alohida yuritishi shart.
Agar ishonchli boshqaruvni ta’sis etuvchi (naf oluvchi) uchun soliq majburiyatini bajarish, shuningdek soliq hisobotini va moliyaviy hisobotni tuzish hamda taqdim etish bo‘yicha majburiyatni bajarish ishonchli boshqaruvchiga yuklatilgan bo‘lsa, bunday soliq majburiyatini bajarish ishonchli boshqaruvchi hisoblanuvchi shaxs nomidan ushbu Kodeksning Maxsus qismida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Agar ishonchli boshqaruvchi soliqlarni hisoblash va to‘lash bo‘yicha ushbu moddada nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmagan yoki to‘liq hajmda bajarmagan bo‘lsa, ularni bajarish majburiyati ishonchli boshqaruvni ta’sis etuvchiga (naf oluvchiga) yuklatiladi.
94-modda. Jismoniy shaxs vafot etgan yoki u vafot etgan deb e’lon qilingan taqdirda soliq majburiyatini bajarish
Soliq qarzi mavjud bo‘lgan jismoniy shaxs vafot etgan taqdirda, soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni lozim darajada bajarmaganlik uchun unga hisoblangan penyalar va jarimalar summasi undirilishi umidsiz summalar deb e’tirof etiladi. Ushbu jismoniy shaxsning soliqlar bo‘yicha uzilmay qolgan qarzi vafot etgan shaxsning meros qilib olinadigan mol-mulkini meros qilib olish tartibida qabul qilib olgan uning merosxo‘ri (merosxo‘rlari) tomonidan meros qilib olinadigan mol-mulkning qiymati doirasida va uning (ularning) merosdagi ulushiga mutanosib ravishda, ushbu moddaning qoidalarini inobatga olgan holda uziladi.
Agar vafot etgan jismoniy shaxsning soliqlar bo‘yicha soliq qarzi meros qilib olinadigan mol-mulk qiymatidan ortiq bo‘lsa, soliq qarzining meros qilib olinadigan mol-mulk qiymatidan ortiq summasi undirilishi umidsiz summa deb e’tirof etiladi. Mazkur norma merosxo‘r (merosxo‘rlar) tomonidan meros qilib olinadigan mol-mulkning qiymati hujjatlar bilan tasdiqlangan hollarda qo‘llaniladi.
Merosxo‘r bo‘lmaganda yoki merosxo‘r (merosxo‘rlar) meros olish huquqidan voz kechganda, vafot etgan jismoniy shaxsning soliq qarzi undirilishi umidsiz qarz deb e’tirof etiladi. Umidsiz soliq qarzi soliq organlari tomonidan hisobdan chiqarilishi lozim.
Soliq qarzi bo‘lgan jismoniy shaxs vafot etgan taqdirda, mazkur jismoniy shaxs hisobga qo‘yilgan joydagi va (yoki) uning mol-mulki turgan joydagi soliq organi vafot etgan shaxsning merosxo‘ri (merosxo‘rlari) to‘g‘risida axborot olingan paytdan e’tiboran bir oy ichida unga (ularga) soliq qarzi mavjudligi to‘g‘risida xabar qilishi shart.
94-modda. Jismoniy shaxs vafot etgan yoki u vafot etgan deb e’lon qilingan taqdirda soliq majburiyatini bajarish (davomi)
Vafot etgan jismoniy shaxsning merosxo‘ri (merosxo‘rlari) mazkur jismoniy shaxsning soliqlar bo‘yicha qolgan qarzini meros qabul qilib olingan kundan e’tiboran bir yildan kechiktirmay uzishi shart.
Soliq organining qaroriga binoan uzish muddati, agar soliq qarzi mavjudligi to‘g‘risidagi xabarni merosxo‘r (merosxo‘rlar) to‘lash muddati o‘tishiga olti oydan kam vaqt qolganida olgan bo‘lsa, uzaytirilishi mumkin.
Vafot etgan jismoniy shaxsning jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni to‘lash bo‘yicha qarzi umidsiz qarz deb e’tirof etiladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar fuqarolik qonunchiligida belgilangan tartibda vafot etgan deb e’lon qilingan jismoniy shaxsning soliq qarziga nisbatan ham qo‘llaniladi.
95-modda. Bedarak yo‘qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan jismoniy shaxsning soliq majburiyatini bajarish
Sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb e’tirof etilgan jismoniy shaxsning soliqlarni to‘lash bo‘yicha soliq majburiyati ushbu bedarak yo‘qolgan shaxsning mol-mulkini boshqarish huquqiga ega bo‘lgan shaxs (bundan buyon matnda vakolatli shaxs deb yuritiladi) tomonidan qonunchilikka muvofiq uning mol-mulki hisobidan bajariladi.
Vakolatli shaxs sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan jismoniy shaxsning u bedarak yo‘qolgan deb topilgan kunda vujudga kelgan butun soliq qarzini shu bedarak yo‘qolgan shaxsning pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulki hisobidan uzishi shart.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan jismoniy shaxsning soliq majburiyati shu muomalaga layoqatsiz shaxsning mol-mulki hisobidan uning vasiysi tomonidan bajariladi.
Vasiy muomalaga layoqatsiz jismoniy shaxsning soliqlar bo‘yicha butun soliq qarzini shu muomalaga layoqatsiz shaxsning pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulki hisobidan uzishi shart.
Sud tomonidan bedarak yo‘qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan jismoniy shaxsning soliqlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatini, shuningdek unga tegishli penyalar va jarimalarni to‘lash bo‘yicha majburiyatni bajarish, shu jismoniy shaxsning pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulki ko‘rsatilgan majburiyatni bajarish uchun yetarli bo‘lmagan (mavjud bo‘lmagan) taqdirda, tegishli soliq organining qarori bilan to‘xtatiladi.
Jismoniy shaxsni bedarak yo‘qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topishni bekor qilish to‘g‘risida belgilangan tartibda qaror qabul qilingan taqdirda, to‘xtatib turilgan majburiyatlarning bajarilishi mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran tiklanadi.
95-modda. Bedarak yo‘qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan jismoniy shaxsning soliq majburiyatini bajarish (davomi)
Ushbu moddaga muvofiq, sud tomonidan bedarak yo‘qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan jismoniy shaxslarning soliqlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatlari yuklatilgan shaxslar soliq to‘lovchilar uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda barcha huquqlardan foydalanadi va barcha majburiyatlarni mazkur moddada nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda bajaradi. Ushbu modda bilan o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish chog‘ida, shu munosabat bilan soliq huquqbuzarliklarini sodir etganlik aybi uchun javobgarlikka tortiladigan mazkur shaxslar ushbu Kodeksda nazarda tutilgan jarimalarni tegishlicha sud tomonidan bedarak yo‘qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsning mol-mulki hisobidan to‘lashga haqli emas.
96-modda. Soliq qarzining undirilishini umidsiz deb e’tirof etish
Ayrim soliq to‘lovchilar va soliq agentlari zimmasida turgan soliqlarning to‘lanishi va (yoki) undirilishi quyidagi hollarda undirish imkoni bo‘lmay qolgan umidsiz soliq qarzi deb e’tirof etiladi:
- 1) yuridik shaxs tugatilganda — yuridik shaxsning mol-mulki yetarli emasligi va (yoki) shu yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari) tomonidan qonunchilikda belgilangan miqdorda va tartibda uning soliq qarzini uzish imkoni bo‘lmaganligi sababli uning ushbu Kodeksning 91-moddasida nazarda tutilgan tartibda uzilmay qolgan qismi bo‘yicha;
- 2) yakka tartibdagi tadbirkor yoki jismoniy shaxs bankrot deb e’tirof etilganda — qarzdorning mol-mulki yetarli emasligi sababli soliq qarzining uzilmay qolgan qismi bo‘yicha;
- 3) jismoniy shaxs vafot etganda yoki jismoniy shaxs vafot etgan deb e’lon qilinganda — uning mol-mulki yetarli emasligi sababli, shu jumladan meros davlat mulkiga o‘tgan taqdirda, uning soliq qarzining ushbu Kodeksning 94-moddasida nazarda tutilgan tartibda uzilmay qolgan qismi bo‘yicha;
- 4) sud tomonidan hujjat qabul qilinib, unga muvofiq soliq organi soliq qarzini undirishning belgilangan muddati o‘tishi munosabati bilan uni undirish imkoniyatini yo‘qotganda, shu jumladan sud tomonidan soliq qarzini undirish to‘g‘risida ariza berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklashni rad etish haqida ajrim chiqarilganda;
4¹) Majburiyatlar reyestriga kiritilgan sanadan e’tiboran o‘n yil davomida qarzdorning mol-mulki yoki pul mablag‘lari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniqlanmaganda — soliq qarzining uzilmay qolgan qismi bo‘yicha;
96-modda. Soliq qarzining undirilishini umidsiz deb e’tirof etish (davomi)
- 5) mazkur Kodeks 129-moddasining yettinchi qismiga muvofiq, chet el yuridik shaxsi soliq organidan hisobdan chiqarilganda — doimiy muassasaning mol-mulki yetarli emasligi va qonunchilikda belgilangan miqdor va tartibda O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lgan yuridik shaxs tomonidan to‘lash imkonsizligi sababli to‘lanmagan soliq qarzi bo‘yicha undirilishi umidsiz deb e’tirof etilgan mazkur soliq qarzi shu chet el yuridik shaxsi ushbu Kodeks 129-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra soliq organida qaytadan hisobga qo‘yilganda tiklanishi lozim.
Quyidagilar soliq qarzini undirilishi umidsiz qarz deb e’tirof etish va uni hisobdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish vakolatiga ega organlardir:
- 1) yuridik shaxs joylashgan yerdagi yoki jismoniy shaxsning yashash joyidagi soliq organlari (ushbu qismning 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) – mazkur modda birinchi qismining 1, 2, 3 va 4¹-bandlarida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lganda;
- 2) soliq to‘lovchi yoki soliq agenti hisobda turgan joydagi soliq organlari (ushbu qismning 3-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) — ushbu modda birinchi qismining 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lganda;
- 3) O‘zbekiston Respublikasining Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan belgilanadigan bojxona organlari — O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar olib o‘tilishi munosabati bilan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar, penyalar va jarimalar bo‘yicha.
96-modda. Soliq qarzining undirilishini umidsiz deb e’tirof etish (davomi)
Undirilishi umidsiz deb e’tirof etilgan soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibi va ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar olib o‘tilishi munosabati bilan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar bo‘yicha tartib va hujjatlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasining Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Bilimingizni sinang
Chet el valyutasida hisoblab chiqarilgan soliq summasi milliy valyutada qaytadan hisoblanganda qaysi kurs qo‘llaniladi?
- Tijorat banklarining soliq to‘lash sanasidagi o‘rtacha bozor kursi bo‘yicha
- O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining soliqni to‘lash sanasidagi rasmiy kursi
- Chet el valyutasidagi shartnoma tuzilgan sanada Markaziy bank belgilagan rasmiy kurs
- Soliq hisoblab chiqarilgan sanadagi Markaziy bankning o‘rtacha bozor kursi bo‘yicha
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining soliqni to‘lash sanasidagi rasmiy kursi. 89-modda: qayta hisoblash Markaziy bankning soliqni to‘lash sanasidagi rasmiy kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Bobur jismoniy shaxs bo‘lib, bankda hisobvarag‘i yo‘q. U yer solig‘ini to‘lash uchun naqd pulni bank kassasiga topshirdi (mablag‘ yetarli edi). Soliq kodeksiga ko‘ra uning soliq majburiyati qaysi paytdan e’tiboran bajarilgan hisoblanadi?
- Naqd pul bank kassasiga topshirilgan paytdan e’tiboran
- Pul g‘aznachilik hisobvarag‘iga tushgan kundan e’tiboran
- Soliq hisoboti taqdim etilgan kundan e’tiboran
- Keyingi oyning birinchi kunidan e’tiboran
To‘g‘ri javob: Naqd pul bank kassasiga topshirilgan paytdan e’tiboran. 89-modda: hisobvaraq ochmasdan bank kassasiga naqd pul topshirilgan paytdan e’tiboran majburiyat bajarilgan hisoblanadi (faqat jismoniy shaxslar uchun).
«Oqtepa» MChJ soliq to‘lash uchun bankka topshiriqnoma berdi, ammo unda bank rekvizitlari noto‘g‘ri ko‘rsatilgani sababli pul g‘aznachilik hisobvarag‘iga o‘tmay qoldi. Soliq majburiyati qanday baholanadi?
- Topshiriqnoma berilgan kunda bajarilgan hisoblanadi
- Bajarilgan hisoblanadi, lekin penya hisoblanadi
- Bajarilgan deb e’tirof etilmaydi
- Bajarilgan hisoblanadi, faqat jarima to‘lanadi
To‘g‘ri javob: Bajarilgan deb e’tirof etilmaydi. 89-modda: rekvizitlar noto‘g‘ri ko‘rsatilgani sababli pul budjet hisobvarag‘iga o‘tmasa, majburiyat bajarilgan deb e’tirof etilmaydi.
Soliq kodeksiga ko‘ra, soliq to‘lovchining topshiriqnomasi yoki soliq organining inkasso topshiriqnomasi bank tomonidan qancha muddatda bajariladi?
- Olingan kunning o‘zida soat 12 gacha
- Olingan kundan keyingi uch operatsiya kuni ichida
- Olingan kundan keyingi besh kun ichida
- Olingan kundan keyingi bir operatsiya kuni ichida
To‘g‘ri javob: Olingan kundan keyingi bir operatsiya kuni ichida. 90-modda: topshiriqnoma olingan kundan keyingi bir operatsiya kuni ichida bajariladi.
«Zarbdor» MChJ hisobvarag‘ida yetarli pul bor va to‘lov topshiriqnomasida rekvizitlar to‘g‘ri. Bank ish ko‘pligini bahona qilib, soliq to‘lovini ikki kun kechiktirmoqchi. Soliq kodeksiga ko‘ra bankning bunday harakati qanday baholanadi?
- Qonuniy, chunki bank ish yuki ko‘p bo‘lganda inkasso topshiriqnomasini ikki kungacha kechiktirishga haqli
- Qonuniy emas, chunki bank bunday holatda topshiriqnomani bajarishni kechiktirishga haqli emas
- Qonuniy, agar «Zarbdor» MChJ yozma rozilik bersa, bank to‘lovni kechiktirishi mumkin
- Qonuniy, agar bank buni soliq organiga oldindan xabar qilsa, ikki kungacha kechiktirishi mumkin
To‘g‘ri javob: Qonuniy emas, chunki bank bunday holatda topshiriqnomani bajarishni kechiktirishga haqli emas. 90-modda: hisobvaraqda mablag‘ bo‘lib, rekvizitlar to‘g‘ri bo‘lsa, bank bajarishni kechiktirishga haqli emas.
Banklar soliq to‘lovchilarning topshiriqnomalarini va soliq organlarining inkasso topshiriqnomalarini bajarishda xizmat uchun haq undiradimi?
- Yo‘q, bunday operatsiyalar bo‘yicha haq undirmasdan bajaradi
- Ha, har doim belgilangan tarif bo‘yicha
- Faqat yuridik shaxslardan haq undiradi
- Faqat inkasso topshiriqnomalari bo‘yicha haq undiradi
To‘g‘ri javob: Yo‘q, bunday operatsiyalar bo‘yicha haq undirmasdan bajaradi. 90-modda: banklar topshiriqnomalarni xizmat uchun haq undirmasdan bajaradi.
Tugatilayotgan yuridik shaxsning soliq qarzi bo‘lmasa, ortiqcha to‘langan soliq summasi u ariza bergan kundan e’tiboran qancha muddatdan kechiktirmay qaytarilishi lozim?
- o‘ttiz kundan
- o‘n kundan
- besh kundan
- o‘n besh kundan
To‘g‘ri javob: o‘n besh kundan. Qarzi bo‘lmagan tugatilayotgan yuridik shaxsga ortiqcha to‘langan summa ariza bergan kundan o‘n besh kundan kechiktirmay qaytariladi.
Tugatilayotgan yuridik shaxsning soliq majburiyati uning pul mablag‘lari hisobidan kim tomonidan bajariladi?
- Soliq organi tomonidan
- Yuridik shaxsning muassislari tomonidan avtomatik
- Tugatuvchi tomonidan
- Bank tomonidan
To‘g‘ri javob: Tugatuvchi tomonidan. 91-modda: tugatilayotgan yuridik shaxsning soliq majburiyati uning pul mablag‘lari hisobidan tugatuvchi tomonidan bajariladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash