Soliq nazorati to‘g‘risidagi umumiy qoidalar. Soliq tekshiruvlari (1/2)
Umumiy Qism
135-modda. Soliq nazorati to‘g‘risidagi umumiy qoidalar
Vakolatli organlarning soliq to‘lovchilar va soliq agentlari tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilishga doir faoliyati soliq nazoratidir.
Soliq nazorati maqsadida ushbu Kodeksning 133-moddasida ko‘rsatilgan davlat organlari, muassasalari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar soliq to‘lovchilarni soliq bo‘yicha hisobga olish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq organlariga taqdim etishi shart.
Soliq nazorati maqsadida banklar ushbu Kodeksning 134-moddasida o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajaradi.
Soliq, bojxona organlari va boshqa vakolatli organlar, prokuratura organlari hamda tergov organlari soliq to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlari, o‘zlari olib borayotgan soliq tekshiruvlari haqidagi o‘zida mavjud materiallar to‘g‘risida bir-birini xabardor qiladi. Shuningdek mazkur organlar o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida boshqa zarur axborot bilan almashishni amalga oshiradi. Bunday xabardor qilish tartibi mazkur organlar o‘rtasidagi kelishuvlar bilan belgilanadi.
Soliq to‘lovchi (soliq agenti) to‘g‘risida qonunchilik talablarini buzgan holda olingan hujjatlar yoki boshqa axborot ushbu shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortishga asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas.
Soliq nazorati materiallari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda soliq to‘lovchi hisobda turgan joydagi soliq organida tekshiruv tugagan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
136-modda. Soliq nazoratining shakllari
Soliq organlari soliq nazoratini:
- 1) soliq tekshiruvlari;
- 2) soliq monitoringi shaklida amalga oshiradi.
Bojxona organlari tovarlarning O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o‘tilishi munosabati bilan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlarga nisbatan o‘z vakolatlari doirasida ushbu Kodeksga va bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq soliq nazoratini amalga oshiradi.
137-modda. Soliq tekshiruvlarining turlari
Soliq tekshiruvlari soliq to‘lovchilar, yig‘imlarni to‘lovchilar va soliq agentlari tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish maqsadida o‘tkaziladi.
Soliq tekshiruvi soliq to‘lovchi to‘g‘risida soliq organlarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni o‘rganish va tahlil qilish asosida amalga oshiriladi.
Soliq organlari soliq tekshiruvlarining quyidagi turlarini o‘tkazadi:
- 1) kameral soliq tekshiruvi;
- 2) sayyor soliq tekshiruvi;
- 3) soliq auditi;
- 4) transfert narxning shakllanishini tekshirish.
Tadbirkorlik subyektlari yuqori barqarorlik reytingining “AAA” toifasidagi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan (bundan davlat korxonalari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar mustasno) soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (bundan jinoiy ishlar doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar mustasno).
138-modda. Kameral soliq tekshiruvi
Kameral soliq tekshiruvi soliq to‘lovchi (soliq agenti) tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotini, moliyaviy hisobotni, shuningdek soliq to‘lovchining faoliyati to‘g‘risida soliq organida mavjud bo‘lgan boshqa hujjatlar hamda ma’lumotlarni tahlil qilish asosida soliq organi tomonidan o‘tkaziladi.
Kameral soliq tekshiruvida quyidagi soliq nazorati tadbirlarini o‘tkazish taqiqlanadi, bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining o‘rnini qoplash (qaytarish) maqsadida o‘tkaziladigan kameral soliq tekshiruvi mustasno:
- 1) soliq to‘lovchining hududiga kirish;
- 2) soliq to‘lovchining hududini va binolarini ko‘zdan kechirish;
- 3) soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish;
- 4) soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish.
Soliq organlari kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilishi boshlanguniga qadar tekshiruvdan oldingi tahlilni o‘tkazishi mumkin. Bunda soliq auditi o‘tkazilgan yoki o‘tkazilayotgan soliq davri uchun tekshiruvdan oldingi tahlil o‘tkazilmaydi.
Tekshiruvdan oldingi tahlil — taqdim etilgan soliq hisobotini va soliq to‘lovchining faoliyati to‘g‘risidagi boshqa axborotni soliq organlari tomonidan axborot tizimlaridan foydalangan holda, soliq to‘lovchining ishtirokisiz o‘tkaziladigan avtomatlashtirilgan tahlildir.
Tekshiruvdan oldingi tahlil soliq organi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) buyrug‘isiz amalga oshiriladi.
Agar tekshiruvdan oldingi tahlil chog‘ida soliq organi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotida soliq organida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar bilan tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlansa, soliq to‘lovchiga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali soliq hisobotiga tegishli tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi xabarnoma yuboriladi.
138-modda. Kameral soliq tekshiruvi (davomi)
Soliq to‘lovchi tegishli tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi xabarnoma olingan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki aniqlangan tafovutlarning asosnomasini taqdim etishi shart. Bunday majburiyatning bajarilmaganligi soliq organi tomonidan soliq to‘lovchida kameral soliq tekshiruvini tayinlash uchun asos bo‘ladi.
Tekshiruvdan oldingi tahlil aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki aniqlangan tafovutlar asosnomasi soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan yoxud kameral soliq tekshiruvi tayinlagan sanadan e’tiboran yakunlangan hisoblanadi.
Kameral soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida o‘tkaziladi. Buyruqda soliq to‘lovchining nomi va identifikatsiya raqami, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi, tekshiruvni o‘tkazish muddatlari, tekshirilayotgan davr, tekshirilayotgan soliqlar va yig‘imlarning turlari ko‘rsatiladi.
Kameral soliq tekshiruvi ushbu Kodeksning 88-moddasida belgilangan da’vo muddati o‘tmagan soliq davrlariga nisbatan o‘tkazilishi mumkin. Bunda aynan bitta soliq (hisobot) davri uchun aynan bir xil soliqlar bo‘yicha qayta kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish mumkin emas, bundan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish chog‘ida soliq organiga ma’lum bo‘lmagan yangi holatlar aniqlangan hollar mustasno.
Agar soliq to‘lovchi kameral soliq tekshiruvi tugaguniga qadar ushbu Kodeksning 83-moddasida nazarda tutilgan tartibda hisoblab chiqarilgan soliq summasi o‘zgartirilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etsa, kameral soliq tekshiruvi taqdim etilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotini hisobga olgan holda o‘tkaziladi.
138-modda. Kameral soliq tekshiruvi (davomi)
Agar o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvi yakuni bilan taqdim etilgan soliq hisobotida tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlangan bo‘lsa, soliq organi soliq to‘lovchiga ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq hisobotlariga tuzatishlar kiritish talabnomasini yuboradi.
Soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish haqida talabnoma yuborilgan sana kameral soliq tekshiruvi tugatilgan sana hisoblanadi. Agar o‘rganish va tahlil qilish yakunlariga ko‘ra tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlanmagan bo‘lsa ham kameral soliq tekshiruvi yakunlangan hisoblanadi.
Soliq to‘lovchi tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi talabnoma olingan kundan e’tiboran besh kun ichida tegishli soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoxud tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan holda aniqlangan tafovutlarning asosnomasini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda taqdim etishi shart.
Soliq to‘lovchi soliq organining tegishli talabnomasida ko‘rsatilgan, aniqlangan tafovutlarning asosnomasi sifatida soliq maslahatchilari tashkilotining xulosasini taqdim etishga haqli. Soliq to‘lovchining nomidan bunday asosnomani soliq maslahatchilari tashkiloti soliq to‘lovchi bilan tuzilgan shartnoma asosida mustaqil ravishda taqdim etishi mumkin.
Soliq to‘lovchining taqdim etgan asosnomasi tegishli hujjatlar (asosnomalar) olingan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida soliq organining rahbari (rahbari o‘rinbosari) tomonidan ko‘rib chiqiladi.
138-modda. Kameral soliq tekshiruvi (davomi)
Aniqlangan tafovutlar bo‘yicha taqdim etilgan asosnomalariga to‘liq yoki qisman rozilik berilgan taqdirda, soliq organi ilgari yuborilgan talabnoma bekor qilinganligi to‘g‘risidagi bildirish xatini yoxud soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi aniqlashtirilgan talabnomani soliq to‘lovchiga yuboradi.
Agar soliq to‘lovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etmasa (shu jumladan aniqlashtirilgan talabnomadan keyin), yoxud aniqlangan tafovutlar bo‘yicha asosnomalarni taqdim etmasa, yoki u taqdim etgan asosnomalar yetarli emas deb topilsa, soliq organi soliq to‘lovchiga soliq auditini tayinlashga haqli.
Agar soliq (hisobot) davri uchun soliq monitoringi o‘tkazilayotgan bo‘lsa, bunday davr uchun kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi. Mazkur qoida soliq monitoringi muddatidan oldin tugatilganda qo‘llanilmaydi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, zimmasiga soliq hisobotini taqdim etish bo‘yicha majburiyat yuklatilgan soliq agentlarining va boshqa shaxslarning kameral soliq tekshiruvlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi soliq to‘lovchi tomonidan soliq davri uchun soliq hisoboti taqdim etish chog‘ida soliq organlari qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) to‘g‘risida xabardor qilingan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida soliq organining buyrug‘isiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra soliq hisobotiga o‘zgartishlar kiritish haqidagi talabnoma yozib berilmaydi.
138-modda. Kameral soliq tekshiruvi (davomi)
Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra soliq organlari ushbu summani qoplash to‘g‘risidagi qaror yoxud ularni qoplashni rad etish (to‘liq yoki qisman) to‘g‘risidagi asoslantirilgan qaror qabul qiladi.
Kameral soliq tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
139-modda. Sayyor soliq tekshiruvi
Soliq to‘lovchilarning soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lash sohasidagi ayrim majburiyatlarini, shuningdek soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlarini bajarilishini tekshirish sayyor soliq tekshiruvidir.
Sayyor soliq tekshiruvi chog‘ida hisobga olish hujjatlarining, tovar-moddiy qimmatliklar va pul mablag‘lari harakatining, shuningdek soliq to‘lovchining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa axborotning tahlili o‘tkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvlarini o‘tkazish chog‘ida soliq organlari profilaktika tadbirlarini va xronometraj kuzatuvlarini amalga oshirishga, nazorat-kassa texnikasi va to‘lov terminallari qo‘llanilishini tekshirishga va soliq nazoratining boshqa tadbirlarini o‘tkazishga haqli.
Sayyor soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida o‘tkaziladi. Buyruqda soliq to‘lovchining nomi, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda lavozimi, tekshiruvlarni o‘tkazish muddatlari va maqsadi ko‘rsatiladi.
Sayyor soliq tekshiruvi o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvini tayinlash to‘g‘risidagi buyruqda ko‘rsatilgan sana ushbu tekshiruvni o‘tkazish muddatining boshlanishi deb hisoblanadi.
Soliq to‘lovchiga sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasini topshirilgan yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga elektron hujjat tarzida yuborilgan kun sayyor soliq tekshiruvi muddatining tugashi deb hisoblanadi.
139-modda. Sayyor soliq tekshiruvi (davomi)
Sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
140-modda. Soliq auditi
Muayyan davr uchun soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lashning to‘g‘riligini tekshirish soliq auditidir.
Soliq auditi soliq to‘lovchilarning (soliq agentlarining) yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga mansub soliq to‘lovchiga (soliq agentiga) nisbatan o‘tkaziladi.
Soliq organlari soliq auditi o‘tkazilishi boshlanishidan kamida o‘ttiz kalendar kun oldin soliq to‘lovchiga soliq auditi o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnoma yuboradi.
Xabarnomada soliq auditining boshlanish sanasi, tekshirilishi lozim bo‘lgan masalalarning ro‘yxati, zarur hujjatlarning dastlabki ro‘yxati, shuningdek soliq auditini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Agar soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash belgilari mavjud bo‘lsa, soliq organi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan kelishgan holda soliq to‘lovchini oldindan xabardor etmasdan soliq auditini boshlashga haqlidir.
Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga mansub bo‘lgan soliq to‘lovchilarning soliq auditi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan inspeksiya boshlig‘ining (inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.
Soliq auditida ishtirok etish uchun boshqa soliq organlarining mansabdor shaxslari jalb etilishi mumkin.
Soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) soliq auditini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘ida tekshiriladigan soliq to‘lovchining nomi va identifikatsiya raqami, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda lavozimi, soliq auditini o‘tkazish muddatlari va maqsadi ko‘rsatiladi.
140-modda. Soliq auditi (davomi)
Soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) soliq auditini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan uni o‘tkazish dasturi ham tasdiqlanadi.
Ushbu Kodeksning 143-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq auditi faqat ushbu Kodeksning 88-moddasida belgilangan da’vo qilish muddati o‘tmagan oxirgi soliq auditidan keyingi davrni qamrab olishi mumkin.
Soliq to‘lovchi ixtiyoriy ravishda tugatilayotganda soliq auditi, soliq to‘lovchining bevosita soliq auditi o‘tkazilayotgan yildan oldingi uch yildan ko‘p bo‘lmagan faoliyatini qamrab olishi mumkin.
Soliq auditi o‘tkazilayotgan davrda tekshirilayotgan davrning soliq hisobotiga soliq to‘lovchi tomonidan o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Soliq auditi o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
141-modda. Soliq auditini o‘tkazish muddati
Agar ushbu Kodeksning 142-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq auditi o‘ttiz kundan ortiq davom etishi mumkin emas.
Soliq auditini o‘tkazish muddati soliq to‘lovchiga (soliq agentiga) soliq auditini tayinlash to‘g‘risidagi buyruq topshirilgan kunda boshlanadi.
142-modda. Soliq auditini o‘tkazish muddatini uzaytirish
Agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq auditini o‘tkazish muddati ikki oygacha, alohida hollarda esa — uch oygacha uzaytirilishi mumkin.
Soliq auditini o‘tkazish muddatini uzaytirish asoslari va tartibini O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi belgilaydi.
Soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) soliq auditi o‘tkazilishini quyidagilar uchun ham uzaytirishga haqli:
- 1) ushbu Kodeksning 146-moddasi birinchi qismiga muvofiq hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish;
- 2) chet el davlat organlaridan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasida axborot olish;
- 3) ekspertizalar o‘tkazish;
- 4) chet tilida taqdim etilgan hujjatlarni tarjima qilish.
Soliq auditi muddatini ushbu moddaning uchinchi qismi 1-bandida ko‘rsatilgan asos bo‘yicha uzaytirishga hujjatlar talab qilinayotgan har bir shaxs bo‘yicha ko‘pi bilan bir marta yo‘l qo‘yiladi.
Soliq auditi muddatini uzaytirish soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) tegishli buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
Soliq auditining umumiy muddati olti oydan oshishi mumkin emas.
Soliq auditini o‘tkazish muddati o‘tkazilgan soliq auditi to‘g‘risida dalolatnoma tuzilgan (imzolangan) kunda tugaydi.
143-modda. Soliq auditini o‘tkazishga doir cheklovlar
Soliq organlari soliq to‘lovchining aynan bitta davr uchun aynan bir xil soliqlar bo‘yicha bir martadan ortiq soliq auditini o‘tkazishga haqli emas, bundan soliq auditini o‘tkazish chog‘ida soliq organiga ma’lum bo‘lmagan yangi holatlar aniqlangan hollar mustasno. Yangi holatlar aniqlangan taqdirda soliq organi takroriy soliq auditini tayinlashga haqli.
144-modda. Mansabdor shaxslarning soliq to‘lovchining hududiga kirishi
Bevosita soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi soliq organlari mansabdor shaxslarining tekshirilayotgan shaxsning hududiga yoki binosiga kirishi ushbu mansabdor shaxslar tomonidan xizmat guvohnomalari va soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) ushbu shaxsning soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i (qarori) taqdim etilgan taqdirda amalga oshiriladi.
Soliq organlarining bevosita soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxslari ko‘rsatilgan obyektlar to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlarning tekshirilayotgan shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga asoslangan ma’lumotlarga muvofiqligini aniqlash maqsadida tekshirilayotgan shaxsning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalaniladigan hududlarini yoki binosini yoxud soliq solish obyektlarini ko‘zdan kechirishni o‘tkazishi mumkin.
Soliq organlarining soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxslariga mazkur hududlarga yoki binolarga (bundan turar-joy binolari mustasno) kirishiga to‘sqinlik qilingan taqdirda soliq organining mansabdor shaxsi o‘zi va tekshirilayotgan shaxs tomonidan imzolanadigan dalolatnomani tuzadi. Bunday dalolatnoma asosida soliq organi tekshirilayotgan shaxs to‘g‘risida o‘zida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar yoki xuddi shunday soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasini mustaqil tarzda aniqlashga haqli. Tekshirilayotgan shaxs ko‘rsatilgan dalolatnomani imzolashni rad etgan taqdirda mazkur dalolatnomaga tegishli qayd kiritiladi.
144-modda. Mansabdor shaxslarning soliq to‘lovchining hududiga kirishi (davomi)
Soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi soliq organlari mansabdor shaxslarining turar-joy binolariga ularda yashovchi jismoniy shaxslarning xoxishiga qaramay yoki xoxishiga qarshi qonunda yoki sudning qarori asosida belgilangan hollardan boshqacha tarzda kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
145-modda. Hududni va binolarni ko‘zdan kechirish
Soliq organining soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxslari tekshiruvning to‘liqligi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni aniqlashtirish maqsadida tekshirilayotgan shaxsning hududlari va binolarini, shuningdek hujjatlar va buyumlarni ko‘zdan kechirishni amalga oshirishga haqli.
Agar hujjatlar va buyumlar soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan soliq nazoratini amalga oshirish yuzasidan ilgari bajarilgan harakatlar natijasida yoki ushbu buyumlar egasi ularni ko‘zdan kechirishni amalga oshirishga rozi bo‘lgan taqdirda olingan bo‘lsa, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan hollarda hujjatlar va buyumlarni ko‘zdan kechirishga yo‘l qo‘yiladi.
Ko‘zdan kechirish videotasvirga olingan holda amalga oshiriladi, bunday imkoniyat mavjud bo‘lmaganda esa — xolislar ishtirokida amalga oshiriladi.
Ko‘zdan kechirish o‘tkazilayotganda tekshirilayotgan shaxs yoki uning vakili, shuningdek mutaxassislar ishtirok etishga haqlidir.
Zarur bo‘lgan hollarda, ko‘zdan kechirish chog‘ida fotosuratga olish va videoyozuvga tushirish amalga oshiriladi, hujjatlardan ko‘chirma nusxalar olinadi yoki ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq boshqa harakatlar bajariladi.
Ko‘zdan kechirish o‘tkazilganligi to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.
Bilimingizni sinang
«Gulshan» MChJ hujjatlari soliq organi tomonidan qonunchilik talablarini buzgan holda olindi. Soliq organi shu hujjatlar asosida MChJ ni soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortmoqchi. Soliq kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Hujjatlar asosida javobgarlikka tortish mumkin, faqat jarima summasi yarmiga kamaytirilishi shart
- Hujjatlar faqat MChJ roziligi bilan javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi mumkin, rozilik bo‘lmasa emas
- Qonunchilik talablarini buzib olingan hujjatlar javobgarlikka tortishga asos bo‘lib xizmat qila olmaydi
- Hujjatlar to‘liq asos bo‘ladi, chunki hujjatlarning olinish usuli javobgarlikka tortishda ahamiyatga ega emas
To‘g‘ri javob: Qonunchilik talablarini buzib olingan hujjatlar javobgarlikka tortishga asos bo‘lib xizmat qila olmaydi. 135-modda: qonunchilik talablarini buzib olingan hujjatlar yoki axborot javobgarlikka tortishga asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas.
Soliq kodeksiga ko‘ra soliq organlari soliq nazoratini qaysi shakllarda amalga oshiradi?
- Soliq tekshiruvlari va soliq inventarizatsiyasi
- Soliq monitoringi va soliq ekspertizasi
- Soliq auditi va soliq aksiyalari
- Soliq tekshiruvlari va soliq monitoringi
To‘g‘ri javob: Soliq tekshiruvlari va soliq monitoringi. 136-moddaga ko‘ra soliq organlari nazoratni soliq tekshiruvlari va soliq monitoringi shaklida amalga oshiradi.
“AAA” toifali tadbirkorlik subyektlariga soliq tekshiruvi o‘tkazilmaslik qoidasidan istisno sifatida ustav fondida davlat ulushi qancha foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar ko‘rsatilgan?
- 50 foiz
- 25 foiz
- 30 foiz
- 75 foiz
To‘g‘ri javob: 50 foiz. Davlat korxonalari hamda ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga bu imtiyoz tatbiq etilmaydi.
Soliq kodeksiga ko‘ra soliq organlari o‘tkazadigan soliq tekshiruvlarining turlari qaysi javobda to‘g‘ri sanalgan?
- Kameral soliq tekshiruvi, inventarizatsiya, soliq auditi, soliq monitoringi va narxlarni tekshirish
- Sayyor soliq tekshiruvi, ekspertiza, soliq auditi, kameral soliq tekshiruvi va transfert narx monitoringi
- Kameral soliq tekshiruvi, sayyor soliq tekshiruvi, soliq auditi, transfert narxning shakllanishini tekshirish
- Kameral soliq tekshiruvi, sayyor soliq tekshiruvi, soliq monitoringi, ekspertiza va narxlarni tekshirish
To‘g‘ri javob: Kameral soliq tekshiruvi, sayyor soliq tekshiruvi, soliq auditi, transfert narxning shakllanishini tekshirish. 137-modda soliq tekshiruvlarining to‘rt turini sanaydi: kameral, sayyor, soliq auditi va transfert narxning shakllanishini tekshirish.
Yuqori barqarorlik reytingining «AAA» toifasidagi xususiy MChJ ga nisbatan soliq organi sayyor soliq tekshiruvi tayinlamoqchi. MChJ ga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilmagan, davlat ulushi yo‘q. Soliq kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Tekshiruv istalgan vaqtda o‘tkazilishi mumkin
- Soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi
- Faqat kameral tekshiruv o‘tkaziladi, sayyor tekshiruv emas
- Tekshiruv MChJ roziligi bilan o‘tkaziladi
To‘g‘ri javob: Soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi. 137-moddaga ko‘ra «AAA» toifasidagi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (davlat korxonalari va jinoiy ishlar doirasidagi tekshiruvlar mustasno).
Soliq kodeksiga ko‘ra kameral soliq tekshiruvida (qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish maqsadidagi tekshiruvdan tashqari) quyidagilardan qaysi birini o‘tkazish taqiqlanadi?
- Soliq to‘lovchining hududini va binolarini ko‘zdan kechirish
- Taqdim etilgan soliq hisobotini tahlil qilish
- Moliyaviy hisobotni tahlil qilish
- Soliq organida mavjud boshqa hujjatlarni tahlil qilish
To‘g‘ri javob: Soliq to‘lovchining hududini va binolarini ko‘zdan kechirish. 138-moddaga ko‘ra kameral tekshiruvda hududga kirish, hudud va binolarni ko‘zdan kechirish, hujjatlarni talab qilish va olib qo‘yish taqiqlanadi.
«Mehnat-Servis» MChJ ga tekshiruvdan oldingi tahlil natijasida soliq hisobotidagi tafovutlar haqida xabarnoma shaxsiy kabinetga yuborildi. MChJ o‘n kun ichida aniqlashtirilgan hisobotni ham, tafovutlar asosnomasini ham taqdim etmadi. Soliq kodeksiga ko‘ra qanday oqibat yuzaga keladi?
- Bu soliq organi tomonidan MChJ faoliyatini darhol to‘xtatish uchun asos bo‘ladi
- Bu soliq organi tomonidan avtomatik ravishda mol-mulkni xatlash uchun asos bo‘ladi
- Bu soliq organi tomonidan tahlilni to‘xtatib, ishni yopish uchun asos bo‘ladi
- Bu soliq organi tomonidan kameral soliq tekshiruvini tayinlash uchun asos bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Bu soliq organi tomonidan kameral soliq tekshiruvini tayinlash uchun asos bo‘ladi. 138-modda: majburiyatning bajarilmaganligi soliq organi tomonidan kameral soliq tekshiruvini tayinlash uchun asos bo‘ladi.
Soliq to‘lovchi soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish haqidagi talabnoma olingan kundan e’tiboran necha kun ichida aniqlashtirilgan hisobotni yoki tafovutlar asosnomasini taqdim etishi shart?
- besh kun
- o‘n besh kun
- uch kun
- o‘n kun
To‘g‘ri javob: besh kun. Talabnoma olingan kundan e’tiboran besh kun ichida aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki tasdiqlovchi hujjatli asosnoma taqdim etiladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash