Soliq nazorati to‘g‘risidagi umumiy qoidalar. Soliq tekshiruvlari (2/2)
Umumiy Qism
146-modda. Soliq tekshiruvini o‘tkazishda hujjatlarni talab qilib olish
Soliq organining soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan mansabdor shaxsi tekshirilayotgan shaxsdan tekshiruv uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni talab qilib olishga haqli.
Hujjatlar taqdim etish to‘g‘risidagi talabnoma tekshirilayotgan shaxsga (uning qonuniy yoki vakolatli vakiliga) shaxsan imzo qo‘ydirgan holda topshiriladi. Agar hujjatlarni taqdim etish to‘g‘risidagi talabnomani mazkur usulda topshirish imkoni bo‘lmasa, u ushbu Kodeks 19-moddasining ikkinchi qismida belgilangan tartibda yuboriladi.
Talab qilib olinadigan hujjatlar soliq organiga shaxsan yoki vakil orqali taqdim etilishi, pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilishi yoxud telekommunikatsiya aloqa tarmoqlari yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda topshirilishi mumkin.
Hujjatlarni qog‘ozda taqdim etish tekshirilayotgan shaxs tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalar shaklida amalga oshiriladi. Agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq organiga (mansabdor shaxsga) taqdim etiladigan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini notarial tarzda tasdiqlashni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hisobga olish hujjatlari elektron shaklda tuzilgan taqdirda soliq to‘lovchi (soliq agenti) soliq tekshiruvi chog‘ida soliq organlari mansabdor shaxslarining talabiga ko‘ra bunday hujjatlarning qog‘ozdagi ko‘chirma nusxalarini taqdim etishi shart, bundan elektron hisobvaraq-fakturalarning axborot tizimida ro‘yxatga olingan hisobvaraq-fakturalar mustasno.
146-modda. Soliq tekshiruvini o‘tkazishda hujjatlarni talab qilib olish (davomi)
Zarur bo‘lgan taqdirda soliq organi hujjatlarning asl nusxalari bilan tanishishga haqli.
Soliq tekshiruvi davomida talab qilib olingan hujjatlar tegishli talabnoma olingan kundan e’tiboran besh kun ichida taqdim etiladi. Agar tekshirilayotgan shaxs talab qilinayotgan hujjatlarni belgilangan muddat ichida taqdim etish imkoniga ega bo‘lmasa, u tekshiruvchi mansabdor shaxslarni bu haqda yozma ravishda xabardor qiladi.
Soliq to‘lovchi talab qilinadigan hujjatlarni ko‘rsatilgan muddatlarda taqdim etishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi, talab qilib olinayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoni bo‘lmagan sabablar ko‘rsatilgan yozma shakldagi xabarnomani hujjatlar taqdim etish haqidagi talabnoma olingan kundan keyingi kun davomida yuborishi kerak. Xabarnomada soliq to‘lovchi talab qilingan hujjatlarni taqdim eta olishi mumkin bo‘lgan muddatlar ko‘rsatilishi lozim.
Soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) soliq to‘lovchidan xabarnomani olgan kundan e’tiboran ikki kun ichida ushbu xabarnoma asosida hujjatlarni taqdim etish muddatlarini uzaytirish yoki muddatlarni uzaytirishni rad etishga haqli bo‘lib, bu haqda alohida qaror chiqaradi.
Tekshirilayotgan shaxsning talab qilinayotgan hujjatlarni taqdim etishni rad etganligi soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan tuziladigan bayonnomada qayd etiladi. Bayonnoma soliq organining mansabdor shaxsi va tekshirilayotgan shaxs tomonidan imzolanadi. Tekshirilayotgan shaxs bayonnomani imzolashni rad etgan taqdirda bu haqda tegishli qayd kiritiladi. Ko‘rsatilgan hujjatlarni taqdim etish soliq to‘lovchi tomonidan rad etilganligi yoki belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganligi ushbu hujjatlarni ushbu Kodeksning 148-moddasida nazarda tutilgan tartibda olib qo‘yish uchun asos bo‘ladi.
146-modda. Soliq tekshiruvini o‘tkazishda hujjatlarni talab qilib olish (davomi)
Soliq tekshiruvi va soliq nazoratining boshqa tadbirlari jarayonida soliq organlari tekshirilayotgan shaxsning kameral yoki sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilganda soliq organlariga ilgari taqdim etilgan hujjatlarni, shuningdek soliq monitoringini o‘tkazish jarayonida tasdiqlangan ko‘chirma nusxalar shaklida taqdim etilgan hujjatlarni tekshirilayotgan shaxsdan talab qilib olishga haqli emas. Agar hujjatlar ilgari soliq organiga asl nusxalar tarzida taqdim etilib, keyinchalik tekshirilayotgan shaxsga qaytarilgan bo‘lsa, shuningdek soliq organiga taqdim etilib, bartaraf etib bo‘lmaydigan kuch holatlari oqibatida yo‘qotilgan taqdirda, hujjatlar tekshirilayotgan shaxsdan qayta talab qilib olinishi mumkin.
147-modda. Uchinchi shaxslardan hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish
Soliq organining soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan mansabdor shaxsi tekshirilayotgan soliq to‘lovchining faoliyatiga taalluqli hujjatlarga (axborotga) ega bo‘lgan kontragentdan yoki boshqa shaxslardan ushbu hujjatlarni (axborotni) talab qilib olishga haqli.
Tekshirilayotgan soliq to‘lovchining (soliq agentining) faoliyatiga taalluqli hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) soliq nazoratining qo‘shimcha tadbirlarini tayinlash to‘g‘risidagi qarori asosida soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish chog‘ida ham amalga oshirilishi mumkin.
Soliq tekshiruvlarini yoki soliq nazoratining boshqa tadbirlarini amalga oshiruvchi soliq organi tekshirilayotgan soliq to‘lovchining faoliyatiga taalluqli hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish to‘g‘risidagi topshiriqnomani mazkur hujjatlar (axborot) talab qilib olinishi kerak bo‘lgan shaxsning hisobda turgan joyidagi soliq organiga yuboradi. Bunda topshiriqnomada soliq nazoratining qaysi tadbirini o‘tkazish chog‘ida hujjatlar (axborot) taqdim etish zarurati yuzaga kelganligi ko‘rsatiladi, muayyan bitimga taalluqli axborot talab qilib olinayotganda esa ushbu bitimni identifikatsiyalash imkonini beruvchi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Topshiriqnoma olingan kundan e’tiboran uch kun ichida hujjatlar (axborot) qaysi shaxsdan talab qilib olinayotgan bo‘lsa, o‘sha shaxsning hisobda turgan joyidagi soliq organi ushbu shaxsga hujjatlarni (axborotni) taqdim etish to‘g‘risida talabnoma yuboradi.
147-modda. Uchinchi shaxslardan hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish (davomi)
Talabnomaga hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish to‘g‘risidagi topshiriqnomaning ko‘chirma nusxasi ilova qilinadi.
Hujjatlarni (axborotni) taqdim etish to‘g‘risidagi talabnomani olgan shaxs talabnoma olingan kundan e’tiboran besh kun ichida uni bajaradi yoki talab qilib olinayotgan hujjatlarga (axborotga) ega emasligini o‘sha muddatda xabar qiladi. Agar talab etiladigan hujjatlarni (axborotni) mazkur muddatda taqdim etish imkoni bo‘lmasa, soliq organi hujjatlar qaysi shaxsdan talab qilib olingan bo‘lsa o‘sha shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra ushbu hujjatlarni (axborotni) taqdim etish muddatini uzaytirishga haqli.
Talab etiladigan hujjatlar ushbu Kodeks 146-moddasining uchinchi — beshinchi va o‘n birinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar hisobga olingan holda taqdim etiladi.
Hujjatlarni (axborotni) talab qilib olishning ushbu moddada nazarda tutilgan tartibi soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchilariga taalluqli hujjatlarni (axborotni) talab qilib olishda ham qo‘llaniladi.
Hujjatlarni (axborotni) talab qilib olishning ushbu moddada nazarda tutilgan tartibi soliq agentlariga tegishli bo‘lgan hujjatlar va axborotni talab qilib olishda ham qo‘llaniladi.
Hujjatlarni (axborotni) taqdim etish to‘g‘risidagi talabnomani olgan shaxs ushbu moddaning qoidalariga muvofiq bo‘lmagan talabnoma bo‘yicha hujjatlarni (axborotni) taqdim etishni rad etishga haqli.
148-modda. Hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yish
Hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yish soliq organining soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan mansabdor shaxsining asoslantirilgan qarori asosida amalga oshiriladi.
Hujjatlar va buyumlarni tungi paytda olib qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yish xolislar hamda hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish amalga oshirilayotgan shaxslar ishtirokida o‘tkaziladi. Zarur bo‘lgan hollarda, olib qo‘yishni amalga oshirishda ishtirok etish uchun mutaxassis taklif etiladi.
Olib qo‘yish boshlanguniga qadar soliq organining mansabdor shaxsi olib qo‘yishni amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorni taqdim etadi hamda hozir bo‘lgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi.
Soliq organining mansabdor shaxsi hujjatlar va buyumlarini olib qo‘yish amalga oshirilayotgan shaxsga ularni o‘z ixtiyori bilan topshirishni taklif etadi, taklif rad etilgan taqdirda esa olib qo‘yishni majburiy tarzda amalga oshiradi.
O‘ziga nisbatan olib qo‘yish amalga oshirilayotgan shaxs olib qo‘yilishi lozim bo‘lgan hujjatlar va buyumlar saqlanishi mumkin bo‘lgan binolarni yoki boshqa joylarni ochishdan bosh tortganda, soliq organining mansabdor shaxsi tambalarga, eshiklarga va boshqa buyumlarga zarurat sababli yuzaga kelmagan shikast yetkazishdan qochib olib qo‘yishni mustaqil tarzda bajarishga haqli.
Soliq tekshiruvi predmetiga aloqasi bo‘lmagan hujjatlar va buyumlar olib qo‘yilmaydi.
Hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yishni amalga oshirish to‘g‘risida ushbu Kodeksning 154-moddasida hamda mazkur moddada nazarda tutilgan talablarga rioya etgan holda bayonnoma tuziladi.
148-modda. Hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yish (davomi)
Olib qo‘yilgan hujjatlar va buyumlar olib qo‘yish bayonnomasida yoki unga ilova qilinadigan ro‘yxatlarda aniq nomi, soni, o‘ziga xos xususiyatlari va imkon qadar buyumlarning qiymati ko‘rsatilgan holda sanab o‘tiladi hamda ro‘yxatga olinadi.
Agar soliq nazorati tadbirlarini o‘tkazish uchun tekshirilayotgan shaxs hujjatlarining ko‘chirma nusxalari yetarli bo‘lmasa hamda soliq organlarida hujjatlarning asl nusxalari yo‘q qilinishi, yashirilishi, o‘zgartirilishi yoki almashtirib qo‘yilishi mumkinligi to‘g‘risida taxmin qilish uchun yetarlicha asoslar mavjud bo‘lsa, soliq organining mansabdor shaxsi hujjatlarning aslini ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda olib qo‘yishga haqli. Bunday hujjatlar olib qo‘yilayotganda ulardan soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadigan ko‘chirma nusxalar olinadi va hujjatlar olib qo‘yilayotgan shaxsga topshiriladi.
Hujjatlarni olib qo‘yish bilan bir vaqtning o‘zida ko‘chirma nusxalarni tayyorlash yoki topshirish imkoni bo‘lmagan taqdirda, soliq organi ko‘chirma nusxalarni hujjatlari olib qo‘yilgan shaxsga hujjatlar olib qo‘yilganidan keyin besh kun ichida topshiradi.
Barcha olib qo‘yiladigan hujjatlar va buyumlar xolislarga hamda olib qo‘yishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga ko‘rsatiladi va zarur bo‘lgan taqdirda olib qo‘yilgan joyda o‘raladi.
Olib qo‘yilgan hujjatlar raqamlanishi, tikilishi va olib qo‘yilayotgan shaxsning muhri yoki imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Ushbu shaxs olib qo‘yilayotgan hujjatlarni muhr yoki imzo bilan tasdiqlashdan bosh tortgan taqdirda, olib qo‘yish to‘g‘risidagi bayonnomaga bu haqda maxsus belgi qo‘yiladi.
148-modda. Hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yish (davomi)
Hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yish to‘g‘risidagi bayonnomaning ko‘chirma nusxasi ular qaysi shaxsdan olib qo‘yilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsga imzo qo‘ydirib topshiriladi yoki yuboriladi.
149-modda. Guvohning ishtiroki
Soliq nazoratini amalga oshirish uchun ahamiyatga ega biror-bir holatlar o‘ziga ma’lum bo‘lgan har qanday voyaga yetgan jismoniy shaxs ko‘rsatmalar berish uchun guvoh sifatida chaqirilishi mumkin.
Guvohning ko‘rsatmalari bayonnomaga kiritiladi.
Guvoh sifatida quyidagi shaxslar jalb etilishi mumkin emas:
o‘zining jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari sababli soliq nazoratini amalga oshirish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni to‘g‘ri idrok etishga qodir bo‘lmagan shaxslar;
o‘z kasbiy majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan soliq nazoratini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan va ushbu shaxslarning kasbiy siriga taalluqli bo‘lgan axborotni olgan shaxslar. Chunonchi, bunday shaxslar jumlasiga — advokat, auditor, soliq maslahatchisi va mediator kiradi.
Guvohning ko‘rsatmalari, agar u kasalligi, keksaligi, nogironligi tufayli soliq organiga kela olmasa, u turgan joyda olinishi mumkin.
Ko‘rsatmalar olishdan avval soliq organining mansabdor shaxsi guvohni ko‘rsatmalar berishni rad etganlik yoki bundan bosh tortganlik yoxud bila turib yolg‘on ko‘rsatmalar berganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantiradi, bu haqda bayonnomaga guvohning imzosi bilan tasdiqlanadigan belgi kiritiladi.
Soliq organiga guvoh sifatida chaqirilgan xodimlar uchun soliq organiga kelganligi sababli ishda bo‘lmagan vaqt uchun asosiy ish joyidagi oylik ish haqi saqlanib qoladi.
150-modda. Ekspertiza
Zarur bo‘lgan hollarda, soliq nazoratini amalga oshirishga doir aniq harakatlarni o‘tkazishda ishtirok etish uchun ekspert jalb etilishi mumkin.
Shaxsni ekspert sifatida jalb etish soliq organi va ekspert o‘rtasidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Agar yuzaga keladigan masalalarni tushuntirish uchun ilm-fan, san’at, texnika yoki hunarmandchilik sohasidagi maxsus bilimlar talab etilsa, ekspertiza tayinlanadi. Soliq organining soliq nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxsida bunday bilimlarga egaligi ekspertiza tayinlash zaruratidan ozod etmaydi.
Ekspert oldida qo‘yilgan masalalar va uning xulosasi ekspertning maxsus bilimlari doirasidan chiqishi mumkin emas.
Ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qarorni soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan mansabdor shaxsning iltimosnomasi asosida soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) qabul qiladi.
Qarorda ekspertizani tayinlash uchun asoslar, ekspertiza o‘tkazishi kerak bo‘lgan tashkilotning nomi yoki ekspertning familiyasi, ismi, otasining ismi, ekspertning oldiga qo‘yiladigan masalalar va uning ixtiyoriga beriladigan materiallar ko‘rsatiladi. Ekspert ekspertiza predmetiga taalluqli tekshiruv materiallari bilan tanishishga, o‘ziga qo‘shimcha materiallar taqdim etilishi to‘g‘risida iltimosnomalar berishga haqli.
Ekspert xulosani o‘z nomidan yozma shaklda beradi. Ekspert xulosasida o‘zi o‘tkazgan tekshirishlar, ular asosida qilingan xulosalar hamda qo‘yilgan masalalarga asoslantirilgan javoblar bayon etiladi.
150-modda. Ekspertiza (davomi)
Agar ekspertga berilgan materiallar yetarli bo‘lmasa yoki u ekspertiza o‘tkazish uchun zarur bilimlarga ega bo‘lmasa, ekspert xulosa berishni rad etishi mumkin.
Soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan soliq organining mansabdor shaxsi tekshirilayotgan shaxsni ekspertiza tayinlanganligi to‘g‘risidagi qaror bilan tanishtirishi va uning ushbu moddaning o‘ninchi qismida nazarda tutilgan huquqlarini tushuntirishi shart bo‘lib, bu haqda bayonnoma tuziladi.
Ekspertiza tayinlash va o‘tkazish jarayonida tekshirilayotgan shaxs:
- 1) ekspertni rad etish;
- 2) ekspertni o‘zi ko‘rsatgan shaxslar orasidan tayinlash to‘g‘risida iltimos qilish;
- 3) qo‘shimcha savollarni taqdim etib, ular yuzasidan ekspert xulosasini olish;
- 4) soliq organi mansabdor shaxsining ruxsati bilan ekspertiza o‘tkazishda ishtirok etish va ekspertga tushuntirishlar berish;
- 5) ekspertning xulosasi bilan tanishish;
- 6) ekspertning xulosasi yuzasidan asoslantirilgan fikr taqdim etish huquqiga ega.
151-modda. Mutaxassisni jalb etish
Zarur bo‘lgan hollarda, soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarda ishtirok etish uchun soliq organi tomonidan maxsus bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan hamda ishning natijasidan manfaatdor bo‘lmagan mutaxassis jalb etilishi mumkin.
Shaxsning mutaxassis sifatida jalb qilinishi soliq organi va mutaxassis o‘rtasidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Shaxsning mutaxassis sifatida ishtirok etishi uning guvoh sifatida aynan shu holatlar yuzasidan so‘roq qilinishi imkoniyatini istisno etmaydi.
152-modda. Tarjimonning ishtiroki
Zarur bo‘lgan hollarda, soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarda ishtirok etish uchun tarjimon jalb etilishi mumkin.
Ishning natijasidan manfaatdor bo‘lmagan, tarjima qilish uchun zarur darajada til biladigan yoki kar yoxud soqov jismoniy shaxsning imo-ishoralarini tushunadigan shaxs tarjimonlik qilishi mumkin.
Shaxsning tarjimon sifatida jalb qilinishi soliq organi va tarjimon o‘rtasidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Tarjimon soliq organi mansabdor shaxsining chaqiruviga binoan kelishi va o‘ziga topshirilgan tarjimani aniq bajarishi shart.
153-modda. Soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarning xolisligini ta’minlash
Soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarning xolisligi videotasvirga olish qurilmalaridan foydalanish vositasida amalga oshiriladi, bunday imkoniyat mavjud bo‘lmaganda esa — xolislar ishtirokida amalga oshiriladi.
Videotasvirni yozib olish to‘xtovsiz va izchil ravishda olib boriladi. Videotasvir materiallarining ko‘chirma nusxasi soliq to‘lovchiga yoki uning vakiliga soliq nazoratiga oid tadbir tugagach taqdim etiladi.
Soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarda videotasvirga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.
Qonunchilikda videoyozuv taqiqlangan hollarda yoki videoyozuvga olish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda xolislar soliq nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq harakatlarga majburiy tartibda jalb etiladi.
154-modda. Soliq nazorati doirasida harakatlarni amalga oshirish chog‘idagi bayonnomaga qo‘yiladigan umumiy talablar
Soliq nazorati harakatlarini o‘tkazish chog‘ida bayonnoma tuziladi. Bayonnomada quyidagilar ko‘rsatiladi:
- 1) tekshirish o‘tkazishning asoslari, turi va davri;
- 2) amalga oshiriladigan aniq harakatning joyi va sanasi;
- 3) harakatning boshlanish va tugash vaqti;
- 4) bayonnomani tuzgan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi;
- 5) harakatda ishtirok etgan yoki uni o‘tkazishda hozir bo‘lgan har bir shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, zarur bo‘lgan hollarda esa — uning manzili;
- 6) harakatning mazmuni, uni amalga oshirish ketma-ketligi;
- 7) harakatni bajarish chog‘ida aniqlangan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan faktlar va holatlar.
Bayonnoma harakatlarni amalga oshirishda ishtirok etgan yoki uni o‘tkazishda hozir bo‘lgan barcha shaxslar tomonidan o‘qib chiqiladi. Mazkur shaxslar bayonnomaga kiritilishi yoki materiallarga qo‘shib qo‘yilishi lozim bo‘lgan fikr-mulohazalarini bildirishga haqli.
Bayonnoma soliq organining uni tuzgan mansabdor shaxsi, shuningdek harakatni amalga oshirishda ishtirok etgan yoki uni o‘tkazishda hozir bo‘lgan barcha shaxslar tomonidan imzolanadi.
Bayonnomaga fotosuratlar, videoyozuvlar va harakatni amalga oshirish chog‘ida bajarilgan boshqa materiallar ilova qilinadi.
155-modda. Soliq tekshiruvini o‘tkazish chog‘ida g‘ayriqonuniy harakatlar orqali zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik
Soliq tekshiruvini o‘tkazish chog‘ida tekshirilayotgan shaxslarga yoki ularning egaligida, foydalanishida yoxud tasarrufida bo‘lgan mol-mulkka g‘ayriqonuniy harakatlar orqali zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Soliq tekshiruvini o‘tkazish chog‘ida soliq organlarining g‘ayriqonuniy qarorlari yoki ular mansabdor shaxslarining harakatlari orqali yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq hajmda qoplanishi lozim.
Soliq organlarining g‘ayriqonuniy qarorlari orqali tekshirilayotgan shaxslarga yetkazilgan zarar uchun ularning mansabdor shaxslari qonunda nazarda tutilgan tartibda javobgar bo‘ladi.
Soliq organlari mansabdor shaxslarining qonuniy harakatlari orqali tekshirilayotgan shaxslarga yoki ularning vakillariga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanmaydi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Bilimingizni sinang
Soliq kodeksiga ko‘ra soliq organiga (mansabdor shaxsga) taqdim etiladigan hujjatlarning ko‘chirma nusxalariga nisbatan qaysi hukm to‘g‘ri (qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa)?
- Ko‘chirma nusxalar har doim notarial tarzda tasdiqlanishi shart, aks holda qabul qilinmaydi
- Ko‘chirma nusxalarni faqat soliq organining mansabdor shaxsi tasdiqlashi mumkin
- Faqat asl nusxalar qabul qilinadi, ko‘chirma nusxalar esa umuman qabul qilinmaydi
- Ko‘chirma nusxalarini notarial tarzda tasdiqlashni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi
To‘g‘ri javob: Ko‘chirma nusxalarini notarial tarzda tasdiqlashni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. 146-moddaga ko‘ra nusxalarni notarial tasdiqlashni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi; ular tekshirilayotgan shaxs tomonidan tasdiqlanadi.
Soliq tekshiruvi davomida talab qilib olingan hujjatlar talabnoma olingan kundan e’tiboran necha kun ichida taqdim etiladi?
- besh kun
- ikki kun
- uch kun
- o‘n kun
To‘g‘ri javob: besh kun. Talab qilib olingan hujjatlar talabnoma olingan kundan e’tiboran besh kun ichida taqdim etiladi.
Soliq kodeksiga ko‘ra soliq tekshiruvi davomida talab qilib olingan hujjatlar talabnoma olingan kundan e’tiboran qancha muddat ichida taqdim etiladi?
- Uch kun ichida
- Besh kun ichida
- O‘n kun ichida
- O‘n besh kun ichida
To‘g‘ri javob: Besh kun ichida. 146-moddaga ko‘ra talab qilib olingan hujjatlar talabnoma olingan kundan e’tiboran besh kun ichida taqdim etiladi.
Tekshirilayotgan «Yoshlik» MChJ 12 martda soliq organidan hujjatlar taqdim etish haqida talabnoma oldi. Kerakli hujjatlar boshqa shaharda saqlanadi va ularni besh kunda taqdim etishning imkoni yo‘q. Soliq kodeksiga ko‘ra MChJ nima qilishi kerak?
- Hech qanday xabarnoma yubormaydi, chunki hujjatlarni boshqa shaharda saqlayotgan shaxs uchun taqdim etish muddati avtomatik tarzda o‘n kunga uzayadi
- Taqdim etish imkoni bo‘lmagan sabablar va mumkin bo‘lgan muddatlar ko‘rsatilgan yozma xabarnomani talabnoma olingan kundan keyin o‘n kun davomida yuboradi
- Taqdim etish imkoni bo‘lmagan sabablar va mumkin bo‘lgan muddatlar ko‘rsatilgan yozma xabarnomani talabnoma olingan kundan keyingi kun davomida yuboradi
- Hujjatlarni taqdim etishni rad etib, soliq organiga yozma xabarnoma yubormaydi va faqat tekshiruv bayonnomasini imzolaydi, sabab ko‘rsatmaydi
To‘g‘ri javob: Taqdim etish imkoni bo‘lmagan sabablar va mumkin bo‘lgan muddatlar ko‘rsatilgan yozma xabarnomani talabnoma olingan kundan keyingi kun davomida yuboradi. 146-modda: imkon bo‘lmasa sabablar va taqdim etish mumkin bo‘lgan muddatlar ko‘rsatilgan yozma xabarnoma talabnoma olingan kundan keyingi kun davomida yuboriladi.
Soliq kodeksiga ko‘ra tekshirilayotgan shaxsning talab qilinayotgan hujjatlarni taqdim etishni rad etishi yoki ularni belgilangan muddatda taqdim etmasligi nimaga asos bo‘ladi?
- Hujjatlarni 148-moddada nazarda tutilgan tartibda olib qo‘yish uchun asos bo‘ladi
- Soliq to‘lovchining faoliyatini darhol to‘xtatib qo‘yish uchun asos bo‘ladi
- Soliq to‘lovchining bank hisobvaraqlarini yopib qo‘yish uchun asos bo‘ladi
- Soliq to‘lovchining litsenziyasini darhol bekor qilish uchun asos bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Hujjatlarni 148-moddada nazarda tutilgan tartibda olib qo‘yish uchun asos bo‘ladi. 146-moddaga ko‘ra rad etish yoki muddatda taqdim etmaslik hujjatlarni 148-moddada nazarda tutilgan tartibda olib qo‘yish uchun asos bo‘ladi.
«Zarafshon-Agro» MChJ kameral soliq tekshiruvi chog‘ida soliq organiga hujjatlarini taqdim etgan edi. Keyinchalik sayyor soliq tekshiruvida soliq organi o‘sha hujjatlarni yana talab qilmoqda. Hujjatlar MChJ ga qaytarilmagan va yo‘qolmagan. Soliq kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Soliq organi ilgari taqdim etilgan hujjatlarni qayta talab qilib olishga haqli emas
- Soliq organi bunday hujjatlarni har safar tekshiruvda qayta talab qilishga haqli
- Soliq organi qayta talab qilishi mumkin, lekin faqat sudning yozma ruxsati bilan
- Qayta talab faqat hujjatlarning asl nusxalari uchun mumkin, nusxalar uchun emas
To‘g‘ri javob: Soliq organi ilgari taqdim etilgan hujjatlarni qayta talab qilib olishga haqli emas. 146-moddaga ko‘ra kameral yoki sayyor tekshiruvda ilgari taqdim etilgan hujjatlarni qayta talab qilib olishga haqli emas (qaytarilgan yoki yo‘qolgan bo‘lsa mustasno).
Hujjatlarni talab qilib olish topshiriqnomasi olingan kundan e’tiboran necha kun ichida hujjat talab qilinayotgan shaxsning hisobdagi soliq organi unga talabnoma yuboradi?
- uch kun
- besh kun
- bir kun
- o‘n kun
To‘g‘ri javob: uch kun. Topshiriqnoma olingach, uch kun ichida hujjatlar talab qilinayotgan shaxsning hisobda turgan joyidagi soliq organi unga talabnoma yuboradi.
Soliq kodeksiga ko‘ra uchinchi shaxsdan hujjatlar (axborot) talab qilish uchun topshiriqnoma olgan, shu shaxsning hisobda turgan joyidagi soliq organi unga talabnomani qancha muddatda yuboradi?
- Topshiriqnoma olingan kundan e’tiboran besh kun ichida
- Topshiriqnoma olingan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida
- Topshiriqnoma olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida
- Topshiriqnoma olingan kundan e’tiboran uch kun ichida
To‘g‘ri javob: Topshiriqnoma olingan kundan e’tiboran uch kun ichida. 147-moddaga ko‘ra topshiriqnoma olingan kundan e’tiboran uch kun ichida o‘sha shaxsning hisobda turgan joyidagi soliq organi talabnoma yuboradi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash