Soliq tekshiruvlarining va soliq nazorati boshqa choralarining huquqiy oqibatlari
Umumiy Qism
156-modda. Soliq auditi natijalarini rasmiylashtirish
Soliq auditi natijalariga ko‘ra soliq organlarining ushbu tekshiruvni o‘tkazgan vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan soliq auditi dalolatnomasi tuzilishi kerak.
Soliq auditi dalolatnomasida quyidagilar ko‘rsatiladi:
- 1) soliq auditi dalolatnomasini tuzish sanasi – ushbu tekshiruvni o‘tkazgan shaxslar tomonidan dalolatnoma imzolangan sana;
- 2) tekshirilayotgan shaxsning to‘liq va qisqartirilgan nomi yoki familiyasi, ismi, otasining ismi. Yuridik shaxs uning alohida bo‘linmasi joylashgan yerda tekshirilgan taqdirda yuridik shaxsning nomidan tashqari tekshirilayotgan alohida bo‘linmaning to‘liq va qisqartirilgan nomi hamda uning joylashgan yeri ko‘rsatiladi;
- 3) o‘zlari vakili bo‘lgan soliq organining nomi ko‘rsatilgan holda soliq auditini o‘tkazgan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, ularning lavozimlari;
- 4) soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) soliq auditi o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i sanasi va raqami;
- 5) soliq auditi davomida tekshirilayotgan shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlar ro‘yxati;
- 6) soliq auditi o‘tkazilgan davr;
- 7) soliq auditi qaysi soliqqa nisbatan o‘tkazilgan bo‘lsa, o‘sha soliqning nomi;
- 8) soliq auditi boshlangan va tugagan sana;
- 9) yuridik shaxs joylashgan yerning yoki jismoniy shaxs yashash joyining manzili;
- 10) soliq auditini amalga oshirish chog‘ida o‘tkazilgan soliq nazorati tadbirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- 11) soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning tegishli normasiga havola qilgan holda soliqqa oid huquqbuzarlikning (u mavjud bo‘lgan taqdirda) batafsil tavsifi;
156-modda. Soliq auditi natijalarini rasmiylashtirish (davomi)
- 12) soliq auditi natijalari bo‘yicha xulosalar va takliflar.
Agar o‘tkazilgan soliq auditi natijalariga ko‘ra soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlari aniqlanmagan bo‘lsa, bu haqda soliq auditi dalolatnomasida qayd etiladi.
Soliq auditi dalolatnomasiga tekshiruv davomida aniqlangan soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlari faktlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Soliq auditi dalolatnomasi shaklini va uni tuzishga doir talablarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi belgilaydi.
Soliq auditi dalolatnomasi kamida uch nusxada tuziladi.
Soliq auditi dalolatnomasining barcha nusxalari soliq organining soliq auditini o‘tkazgan mansabdor shaxslari tomonidan imzolanadi. Soliq auditi dalolatnomasining bir nusxasi soliq to‘lovchiga tekshiruv tugaganidan keyin uch kun ichida topshiriladi. Soliq to‘lovchi dalolatnomaning barcha nusxalariga uni olgan sanani ko‘rsatgan holda soliq auditi dalolatnomasini olganligiga imzo qo‘yishi shart. Soliq auditi dalolatnomasining soliq organida qolgan nusxalari soliq auditi materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.
Soliq to‘lovchining soliq auditi dalolatnomasidagi imzosi uning soliq auditi natijalariga roziligini bildirmaydi.
Soliq to‘lovchi (uning vakili) soliq auditi dalolatnomasini olishdan bosh tortgan taqdirda, soliq organining mansabdor shaxsi bu haqda soliq auditi dalolatnomasiga tegishli yozuv kiritadi. Bunday holda soliq auditi dalolatnomasining bir nusxasi soliq to‘lovchiga yuridik shaxs (alohida bo‘linma) joylashgan yer bo‘yicha yoki jismoniy shaxsning yashash joyi bo‘yicha pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.
156-modda. Soliq auditi natijalarini rasmiylashtirish (davomi)
Soliq auditi dalolatnomasi pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilgan taqdirda buyurtma xat yuborilgan sanadan boshlab hisoblaganda beshinchi kun ushbu dalolatnoma topshirilgan sana deb hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirmaydigan chet el yuridik shaxsiga (bundan xalqaro tashkilot yoki diplomatik vakolatxona mustasno) soliq auditi dalolatnomasi pochta orqali O‘zbekiston Respublikasi soliq to‘lovchilarining yagona reyestridagi manzil bo‘yicha buyurtma xat bilan yuboriladi. Buyurtma xat yuborilgan sanadan boshlab hisoblaganda yigirmanchi kun ushbu dalolatnoma topshirilgan sana deb hisoblanadi.
O‘ziga nisbatan soliq auditi o‘tkazilgan shaxs (uning vakili) soliq tekshiruvi dalolatnomasida bayon etilgan faktlarga va (yoki) tekshiruvchilarning xulosalari hamda takliflariga rozi bo‘lmagan taqdirda, soliq auditi dalolatnomasini olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida tegishli soliq organiga mazkur dalolatnoma bo‘yicha umuman yoki uning ayrim holatlari yuzasidan yozma e’tirozlarini taqdim etishga haqli.
Soliq to‘lovchi o‘z e’tirozlarining asoslanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (ularning tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini) yozma e’tirozlarga ilova qilishga yoki kelishilgan muddatda soliq organiga topshirishga haqli.
157-modda. Soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish tartibi
Soliq auditi, sayyor soliq tekshiruvi yoki qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan taftish natijasida aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar ushbu Kodeksning 158 va 159-moddalarida nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqiladi. Mazkur ko‘rib chiqish tartibi ushbu Kodeksning 223 yoki 224-moddalarida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan, soliq tekshiruvi va (yoki) soliq nazoratining boshqa tadbirlari natijasida aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar, agar ushbu Kodeksning 159¹-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu Kodeksning 165 va 166-moddalarida nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Soliq organlarining mansabdor shaxslari tomonidan ushbu Kodeksda belgilangan talablarga rioya etmaslik yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan soliq organining qarorini bekor qilish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish tartib-taomilining muhim shartlarini buzish yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan soliq organining soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish va (yoki) soliq summalarini qo‘shib hisoblash to‘g‘risidagi qarorini bekor qilish uchun asos bo‘ladi. Bunday muhim shartlar jumlasiga o‘ziga nisbatan soliq tekshiruvi o‘tkazilgan shaxsning soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish jarayonida shaxsan va (yoki) o‘z vakili orqali ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash hamda soliq to‘lovchining tushuntirishlar berish imkonini ta’minlash kiradi.
157-modda. Soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish tartibi (davomi)
Soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish tartib-taomilining boshqacha buzilishlari ham, agar bunday qoidabuzarliklar soliq organi rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan g‘ayriqonuniy qaror qabul qilishga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin bo‘lsa, yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan soliq organining qarorini bekor qilish uchun asos bo‘lishi mumkin.
158-modda. Soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish tartibi
Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlari qaysi soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi davomida aniqlangan bo‘lsa, o‘sha soliq auditi dalolatnomasi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi materiallari, agar ushbu Kodeksning 159¹-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq tekshiruvini o‘tkazgan soliq organi yoki soliq tekshiruvi boshqa hududiy soliq organi yoxud boshqa vakolatli organ tomonidan o‘tkazilgan hollarda, shu soliq to‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgan soliq organining rahbari (rahbari o‘rinbosari) tomonidan ushbu soliq tekshiruvi dalolatnomasi tuzilgan kundan e’tiboran o‘n kun o‘tgach, lekin o‘n besh kundan kechiktirmay ko‘rib chiqilishi kerak. Ularga doir qaror soliq tekshiruvi materiallari ko‘rib chiqilganidan keyin besh kundan kechiktirmay qabul qilinishi lozim.
Agar tekshirilayotgan shaxs (uning vakili) soliq auditining dalolatnomasiga va (yoki) sayyor soliq tekshiruvining materiallariga doir yozma e’tirozlarini ushbu Kodeksning 156-moddasi o‘n ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddatlarda taqdim etgan bo‘lsa, ushbu e’tirozlar ham ko‘rib chiqilishi lozim.
Soliq organi tekshiruv materiallari ko‘rib chiqiladigan sana, vaqt va joy to‘g‘risida soliq to‘lovchini ularni ko‘rib chiqish boshlanguniga qadar kamida ikki ish kuni oldin xabardor qiladi. Soliq to‘lovchining iltimosnomasi yoki soliq organining tashabbusi (soliq to‘lovchining roziligi) bilan, taraflarda videokonferensaloqani amalga oshirishning texnik imkoniyati mavjud bo‘lganda tekshiruv materiallari videokonferensaloqa rejimida ko‘rib chiqilishi va uning audio-vizual tartibda yozib olingan shakli soliq to‘lovchiga uning shaxsiy kabineti orqali yetkazib berilishi mumkin. Tekshiruv materiallari ushbu rejimda ko‘rib chiqiladigan sana va elektron manzil haqida soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga ko‘rib chiqish boshlanguniga qadar kamida ikki ish kuni oldin xabar yuboriladi.
158-modda. Soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish tartibi (davomi)
Agar soliq to‘lovchi soliq organini uzrli sabablarga ko‘ra soliq tekshiruvi materiallarining ko‘rib chiqilishiga kela olmasligi to‘g‘risida xabardor qilgan bo‘lsa, soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) soliq tekshiruvi materiallarining ko‘rib chiqishni besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatga qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, soliq to‘lovchi bu haqda xabardor qilinadi.
O‘ziga nisbatan soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilgan shaxs soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish jarayonida shaxsan va (yoki) o‘z vakili orqali ishtirok etishga haqli.
O‘ziga nisbatan soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilgan, tekshiruv materiallari ko‘rib chiqiladigan vaqt va joy haqida tegishli tarzda xabardor qilingan shaxsning (uning vakilining) kelmaganligi soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi, bundan ushbu shaxsning ishtirok etishi soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan mazkur materiallar ko‘rib chiqilishi uchun shart deb topilgan holatlar mustasno.
Soliq tekshiruvi materiallarini mohiyatiga ko‘ra ko‘rib chiqishdan oldin soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari):
- 1) ishni kim ko‘rib chiqayotganligini va qaysi soliq tekshiruvi materiallari ko‘rib chiqilishi lozimligini e’lon qilishi;
- 2) ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun taklif etilgan shaxslarning kelgan-kelmaganligi faktini aniqlashi shart.
Ushbu shaxslar kelmagan taqdirda soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) ish yuritish ishtirokchilari belgilangan tartibda xabardor qilingan-qilinmaganligini aniqlashtiradi va soliq tekshiruvi materiallarini mazkur shaxslarning yo‘qligida ko‘rib chiqish yoki ushbu ko‘rib chiqishni keyinga qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
158-modda. Soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish tartibi (davomi)
- 3) o‘ziga nisbatan soliq tekshiruvi o‘tkazilgan shaxsning vakili ishtirok etgan taqdirda ushbu vakilning vakolatlarini tekshirishi;
- 4) ko‘rib chiqish tartib-taomilida ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi;
- 5) ko‘rib chiqish uchun ishtirok etishi zarur bo‘lgan shaxs kelmagan taqdirda, soliq tekshiruvi materiallarining ko‘rib chiqilishini keyinga qoldirish to‘g‘risida qaror chiqarishi kerak.
Soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish chog‘ida tekshiruv dalolatnomasi, zarur bo‘lgan taqdirda esa soliq nazorati tadbirlarining boshqa materiallari, shuningdek o‘ziga nisbatan tekshiruv o‘tkazilgan shaxsning yozma e’tirozlari ham o‘qib eshittirilishi mumkin.
Yozma e’tirozlarning mavjud emasligi ushbu shaxsni (uning vakilini) tekshiruv materiallarini ko‘rib chiqish bosqichida o‘z tushuntirishlarini berish huquqidan mahrum etmaydi.
Soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish vaqtida taqdim etilgan dalillar, shu jumladan o‘ziga nisbatan tekshiruv o‘tkazilgan shaxsdan ilgari talab qilib olingan hujjatlar, ushbu shaxs soliq tekshiruvlaridan o‘tkazilganda soliq organlariga taqdim etilgan hujjatlar hamda soliq organida mavjud bo‘lgan boshqa hujjatlar o‘rganiladi.
Ushbu Kodeks talablari buzilgan holda olingan dalillardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Soliq to‘lovchining faoliyati to‘g‘risidagi qo‘shimcha ma’lumotlar (axborot), agar ular ushbu Kodeksda belgilangan muddatlar buzilgan holda soliq organiga taqdim etilgan bo‘lsa ham ko‘rib chiqilishi mumkin.
158-modda. Soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish tartibi (davomi)
Soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish davomida zarur bo‘lgan taqdirda ushbu ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun guvohni, ekspertni, mutaxassisni jalb etish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi mumkin.
Soliq tekshiruvi materiallari ko‘rib chiqilayotganda bayonnoma yuritiladi.
Soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish jarayonida soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari):
- 1) o‘ziga nisbatan tekshiruv dalolatnomasi tuzilgan shaxs soliq to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishini sodir etgan-etmaganligini;
- 2) aniqlangan qoidabuzarliklar soliqqa oid huquqbuzarlik alomatini tashkil etish-etmasligini;
- 3) shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortishga asoslar mavjud-mavjud emasligini;
- 4) soliq to‘lovchining e’tirozlari asoslanganligini belgilaydi.
Soliqqa oid huquqbuzarlik alomati mavjud bo‘lgan taqdirda soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etishdagi aybini istisno etuvchi holatlarni yoki soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikni yumshatuvchi yoxud og‘irlashtiruvchi holatlarni aniqlaydi.
Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlari sodir etilganligi faktini tasdiqlash uchun qo‘shimcha dalillar olish zarur bo‘lgan taqdirda yoki ular bo‘lmaganda soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) soliq nazoratining qo‘shimcha tadbirlarini bir oydan oshiq bo‘lmagan muddatda o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqarishga haqlidir.
158-modda. Soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish tartibi (davomi)
Soliq nazoratining qo‘shimcha tadbirlarini tayinlash to‘g‘risidagi qarorda bunday qo‘shimcha tadbirlarni o‘tkazish zaruratini keltirib chiqargan holatlar bayon etiladi, ularni o‘tkazish muddati va aniq shakli ko‘rsatiladi.
Soliq nazoratining qo‘shimcha tadbirlari sifatida ushbu Kodeksning 146 va 147-moddalariga muvofiq hujjatlarni talab qilib olish, guvohni so‘roq qilish, ekspertiza amalga oshirilishi mumkin.
Soliq nazorati qo‘shimcha tadbirlarining boshlanishi va tugashi, soliq nazoratining o‘tkazilgan qo‘shimcha tadbirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek soliq to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlari sodir etilganligi yoki ularning mavjud emasligi faktini tasdiqlash uchun olingan qo‘shimcha dalillar, tekshiruvchilarning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etishga doir xulosalari va takliflari hamda ushbu Kodeksning moddalariga oid havolalar, agar ushbu Kodeksda soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning ushbu buzilishlari uchun javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lsa, soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasiga doir qo‘shimchada qayd etiladi.
Soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasiga doir qo‘shimcha soliq nazoratining qo‘shimcha tadbirlarini o‘tkazgan soliq organining mansabdor shaxslari tomonidan bunday tadbirlar tugagan kundan e’tiboran o‘n kun ichida tuzilishi va imzolanishi kerak.
Soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasiga doir qo‘shimcha soliq nazoratining qo‘shimcha tadbirlari natijasida olingan materiallar ilova qilingan holda ushbu qo‘shimcha tuzilgan sanadan e’tiboran uch kun ichida o‘ziga nisbatan tekshiruv o‘tkazilgan shaxsga (uning vakiliga) imzo qo‘ydirib berilishi yoki u olingan sana to‘g‘risida dalolat beruvchi boshqa usulda topshirilishi kerak.
158-modda. Soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish tartibi (davomi)
Agar o‘ziga nisbatan tekshiruv o‘tkazilgan shaxs (uning vakili) soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasiga doir qo‘shimchani olishdan bosh tortsa, bunday fakt tekshiruv dalolatnomasiga doir qo‘shimchada aks ettiriladi. Bunday holda soliq tekshiruvi dalolatnomasiga doir qo‘shimcha tashkilotning (alohida bo‘linmaning) joylashgan yeri yoki jismoniy shaxsning yashash joyi bo‘yicha pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi va buyurtma xat yuborilgan sanadan e’tiboran beshinchi kunda qabul qilingan deb hisoblanadi.
O‘ziga nisbatan soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilgan shaxs (uning vakili) soliq tekshiruvi dalolatnomasiga doir qo‘shimcha olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida tekshiruv dalolatnomasiga doir bunday qo‘shimcha bo‘yicha umuman yoki uning alohida qoidalari yuzasidan yozma e’tirozlarini taqdim etishga haqli.
159-modda. Soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilish
Soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ushbu Kodeksning 158-moddasida nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari), agar ushbu Kodeksning 159¹-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa quyidagilarni nazarda tutuvchi qarorni (bundan buyon matnda soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qaror deb yuritiladi) qabul qiladi:
- 1) soliqlar va penyalar qo‘shib hisoblash yoki buni rad etish;
- 2) soliq to‘lovchini soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish yoki buni rad etish.
Shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorda sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarlik holatlari mazkur holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa ma’lumotlarga, o‘ziga nisbatan tekshiruv o‘tkazilgan shaxs tomonidan o‘z himoyasi uchun keltiriladigan vajlarga hamda ushbu vajlarni tekshirish natijalariga havola qilgan holda, o‘tkazilgan soliq tekshiruvida qanday belgilangan bo‘lsa, shunday bayon etiladi.
Shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorda ushbu Kodeksning shu huquqbuzarliklarni nazarda tutuvchi moddalari va qo‘llaniladigan javobgarlik choralari ko‘rsatiladi.
Soliqlarni qo‘shib hisoblashni nazarda tutuvchi qarorda, agar soliqlarga oid qarzdorlik tekshiruv jarayonida aniqlangan bo‘lsa, soliqlarga oid aniqlangan ushbu qarzdorlik miqdori va tegishli penyalar summasi ko‘rsatiladi.
159-modda. Soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilish (davomi)
Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortishni rad etishni nazarda tutuvchi qarorda bunday rad etish uchun asos bo‘lgan holatlar bayon etiladi.
Soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qarorda o‘ziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxs ushbu qaror ustidan qaysi muddat ichida shikoyat qilishga haqli bo‘lsa, o‘sha muddat va qaror ustidan yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilish tartibi ko‘rsatiladi.
Agar soliq auditi jarayonida soliq organining qarori asosida ortiqcha qaytarilgan soliq summasi aniqlangan bo‘lsa, soliqlar summalarini qo‘shib hisoblash to‘g‘risidagi qarorda mazkur summa ushbu soliq bo‘yicha soliq qarzi deb e’tirof etiladi. Ushbu soliq summasi soliq to‘lovchiga qaytarilgan taqdirda, u mablag‘larni haqiqatda olgan kundan e’tiboran, soliq summasi hisobga o‘tkazishga qabul qilingan taqdirda esa — ushbu soliq summasi hisobga olishga qabul qilingan kundan e’tiboran ushbu summa soliq qarzi deb e’tirof etiladi.
Soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qaror qabul qilinganidan keyin soliq organining rahbari (rahbari o‘rinbosari) ushbu Kodeksning 161-moddasida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda ushbu qarorning ijrosi uchun ta’minlash choralarini ko‘rishga haqli.
159¹-modda. Ayrim hollarda sayyor soliq tekshiruvini tashkil etish, tekshiruv materiallarini ko‘rib chiqish hamda natijalari bo‘yicha qaror qabul qilishning o‘ziga xos xususiyatlari
Soliq organlari xodimlari tomonidan ularga biriktirilgan korxonalardagi yoki mahallalardagi soliq to‘lovchilarda ushbu Kodeks 221-moddasining birinchi qismida, 223-moddasi uchinchi qismining o‘n uchinchi va o‘n beshinchi xatboshilarida, 429-moddasining o‘n yettinchi qismida belgilangan soliqqa oid huquqbuzarliklar yoki holatlar sodir etilgani aniqlangan taqdirda, birinchi marta rasmiy ogohlantiriladi va ushbu hujjat elektron tarzda soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Mazkur soliqqa oid huquqbuzarliklar yoki holatlar rasmiy ogohlantirishdan keyin uch kun muddatda bartaraf etilmagan va (yoki) ular qayta sodir etilganligi aniqlangan taqdirda, ushbu soliq to‘lovchida sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkaziladi.
Ushbu Kodeks 223-moddasi uchinchi qismining o‘n uchinchi va o‘n beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha sayyor soliq tekshiruvi materiallari soliq tekshiruvini o‘tkazgan soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan ushbu soliq tekshiruvi dalolatnomasi tuzilgan kundan e’tiboran bir kun o‘tgach, lekin uch kundan kechiktirmay ko‘rib chiqilishi kerak. Ularga doir qaror soliq tekshiruvi materiallari ko‘rib chiqilganidan keyin bir kundan kechiktirmay qabul qilinishi lozim.
Ushbu Kodeks 165-moddasining ikkinchi qismida va oltinchi — o‘n sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar mazkur Kodeks 221-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar hamda 429-moddasining o‘n yettinchi qismida nazarda tutilgan holatlar bo‘yicha o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasiga nisbatan qo‘llanilmaydi. Mazkur huquqbuzarliklar yoki holatlar bo‘yicha o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvi to‘g‘risida tuzilgan dalolatnoma asosida qaror soliq tekshiruvini o‘tkazgan soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan ushbu soliq tekshiruvi dalolatnomasi tuzilgan kundan e’tiboran bir kun o‘tgach, lekin uch kundan kechiktirmay qabul qilinishi lozim.
159¹-modda. Ayrim hollarda sayyor soliq tekshiruvini tashkil etish, tekshiruv materiallarini ko‘rib chiqish hamda natijalari bo‘yicha qaror qabul qilishning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda qabul qilingan qaror o‘ziga nisbatan ushbu qaror qabul qilingan shaxsga (shaxsning vakiliga) berilgan yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga elektron hujjat tarzida yuborilgan kundan e’tiboran uch kun o‘tgach kuchga kiradi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklarni yoki holatlarni birinchi marta sodir etgan tadbirkorlik subyektini rasmiy ogohlantirish shakli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
160-modda. Soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qarorning kuchga kirishi
Soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha ushbu Kodeksning 159-moddasida nazarda tutilgan tartibda qabul qilingan qaror, agar ushbu Kodeksning 159¹-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa o‘ziga nisbatan ushbu qaror qabul qilingan shaxsga (shaxsning vakiliga) berilgan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach kuchga kiradi.
Soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qaror u qabul qilingan kundan e’tiboran ikki kun ichida o‘ziga nisbatan ushbu qaror qabul qilingan shaxsga (uning vakiliga) imzo qo‘ydirib berilishi yoki olingan sana to‘g‘risida dalolat beruvchi boshqa usul orqali topshirilishi kerak.
Agar qarorni berish yoki u olingan sana to‘g‘risida dalolat beruvchi boshqa usulda topshirish imkoni bo‘lmasa, u yuridik shaxsning (alohida bo‘linmaning) joylashgan yeri yoki jismoniy shaxsning yashash joyi bo‘yicha pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi. Qaror pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilganda buyurtma xat yuborilgan kundan e’tiboran beshinchi kun u berilgan sana deb hisoblanadi.
Soliq organining qarori ustidan shikoyat berilgan taqdirda, mazkur qaror ushbu Kodeksning 163-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradi.
O‘ziga nisbatan tegishli qaror chiqarilgan shaxs qaror kuchga kirguniga qadar uni to‘liq yoki qisman ijro etishga haqli. Bunda shikoyatning berilishi shaxsni kuchga kirmagan qarorni to‘liq yoki qisman ijro etish huquqidan mahrum etmaydi.
161-modda. Ta’minlash choralari
Soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qaror qabul qilinganidan so‘ng soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) mazkur qarorni ijro etish imkonini ta’minlashga qaratilgan choralarni (ta’minlash choralarini) ko‘rishga haqli.
Agar ushbu choralarni ko‘rmaslik keyinchalik ushbu qarorning ijrosini va (yoki) soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan soliq qarzini undirishni qiyinlashtirishi mumkin yoxud undirishni imkonsiz qilib qo‘yadi deb taxmin qilish uchun yetarlicha asoslar bo‘lsa, ta’minlash choralari ko‘riladi.
Ta’minlash choralarini ko‘rish uchun soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tegishli qaror qabul qiladi. Mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi va soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror ijro etiladigan va (yoki) soliqlar qo‘shib hisoblanadigan kunga qadar yoxud yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan qabul qilingan qaror bekor qilingan kunga qadar amal qiladi.
Soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) ushbu moddaning o‘n birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda ta’minlash choralarini bekor qilish yoki ularni almashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli.
Ta’minlash choralarini bekor qilish (almashtirish) to‘g‘risidagi qaror u chiqarilgan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Soliq organining roziligisiz mol-mulkni boshqa shaxsning ixtiyoriga o‘tkazishga (garovga qo‘yishga) doir taqiq va ushbu Kodeksning 111-moddasida belgilangan tartibda bankdagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish ta’minlash choralari bo‘lishi mumkin.
161-modda. Ta’minlash choralari (davomi)
Boshqa shaxsning ixtiyoriga o‘tkazishga (garovga qo‘yishga) doir taqiq izchillik bilan quyidagilarga nisbatan amalga oshiriladi:
- 1) ko‘chmas mol-mulkka, shu jumladan mahsulotlarni ishlab chiqarishda (xizmatlarni ko‘rsatishda) ishtirok etmaydigan mol-mulkka;
- 2) transport vositalariga, qimmatli qog‘ozlarga, xizmat xonalarining dizayn buyumlariga;
- 3) tayyor mahsulot, xom ashyo va materiallardan tashqari boshqa mol-mulkka;
- 4) tayyor mahsulotga, xom ashyo va materiallarga.
Oldingi guruhlardagi mol-mulkning qiymati soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qaror asosida to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq qarzining umumiy summasidan kam bo‘lgan taqdirda, har bir navbatdagi guruhning mol-mulkini boshqa shaxs ixtiyoriga o‘tkazishga (garovga qo‘yishga) doir taqiq qo‘llaniladi. Bunda mol-mulkning qiymati buxgalteriya hisobi ma’lumotlari bo‘yicha belgilanadi.
Bankdagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish bo‘yicha ta’minlash choralari tartibida faqat mol-mulkni boshqa shaxs ixtiyoriga o‘tkazishga (garovga qo‘yishga) doir taqiq qo‘yilganidan keyin va faqat agar bunday mol-mulkning jami qiymati soliq qarzining umumiy summasidan kam bo‘lsa, qo‘llanilishi mumkin.
Bankdagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qarorda ko‘rsatilgan soliq qarzining umumiy summasi bilan boshqa shaxs ixtiyoriga o‘tkazish (garovga qo‘yish) mumkin bo‘lmagan mol-mulk qiymati o‘rtasidagi farqqa nisbatan yo‘l qo‘yiladi.
161-modda. Ta’minlash choralari (davomi)
O‘ziga nisbatan ta’minlash choralarini ko‘rish to‘g‘risida qaror chiqarilgan shaxsning iltimosiga ko‘ra soliq organi ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan ta’minlash choralarini:
- 1) bankning javobgarlikka tortish va (yoki) soliqlarni qo‘shib hisoblash to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan soliq qarzi summasini o‘ziga nisbatan shunday qaror chiqarilgan shaxs ushbu summalarni to‘lamagan taqdirda soliq organi tomonidan belgilangan muddatda to‘lashga roziligini tasdiqlovchi bank kafolatiga;
- 2) qimmatli qog‘ozlarning uyushgan bozorida muomalada bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarni garovga qo‘yishga yoki ushbu Kodeksning 107-moddasida nazarda tutilgan tartibda rasmiylashtirilgan boshqa mol-mulkni garovga qo‘yishga;
- 3) ushbu Kodeksning 108-moddasida nazarda tutilgan tartibda rasmiylashtirilgan uchinchi shaxsning kafilligiga almashtirishga haqlidir.
Soliq to‘lovchi tomonidan soliq auditi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qaror asosida budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan summaga doir amaldagi bank kafolati taqdim etilgan taqdirda, soliq organi bu soliq to‘lovchiga ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan ta’minlash choralarini almashtirishni rad etishga haqli emas.
Ta’minlash choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi qarorning va ularni bekor qilish haqidagi qarorning ko‘chirma nusxalari ular chiqarilgan kundan e’tiboran besh kun ichida o‘ziga nisbatan mazkur qarorlar chiqarilgan shaxsga (uning vakiliga) imzo qo‘ydirib beriladi yoki olingan sana to‘g‘risida dalolat beruvchi boshqa usulda topshiriladi. Qarorning ko‘chirma nusxasi pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilganda ushbu nusxa buyurtma xat yuborilgan sanadan e’tiboran besh kun o‘tgach olingan deb hisoblanadi.
162-modda. Soliq organlari qarorlarini ijro etishning o‘ziga xos xususiyatlari
Qaysi qoidabuzarliklar uchun jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslarning mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortilishi lozim bo‘lsa, soliq organi tomonidan aniqlangan shunday qoidabuzarliklar yuzasidan soliq organining sayyor soliq tekshiruvini yoki soliq auditini o‘tkazgan vakolatli mansabdor shaxsi o‘z vakolatlari doirasida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzadi.
Ushbu huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish hamda ularni sodir etganlikda aybdor bo‘lgan jismoniy shaxslarga va yuridik shaxslarning mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy jazo choralarini qo‘llash ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Agar soliq organi jismoniy shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan keyin materiallarni prokuratura organlariga yuborgan bo‘lsa, ushbu soliq organi shu jismoniy shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorning ijrosini to‘xtatib turishi shart.
Materiallarni prokuratura organlariga yuborish bilan bir vaqtning o‘zida ushbu jismoniy shaxsdan soliq qarzini undirish to‘g‘risidagi qarorning ijrosi to‘xtatib turiladi. Bunday to‘xtatib turish soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) qarori bilan materiallar prokuratura organlariga yuborilgan kundan keyingi kundan kechiktirmay amalga oshiriladi. Bunda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan soliq qarzini undirish muddatlarining o‘tishi ushbu soliq qarzini undirish to‘g‘risidagi qarorning ijrosini to‘xtatib turish davriga to‘xtatib turiladi.
162-modda. Soliq organlari qarorlarini ijro etishning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Agar prokuratura organlariga yuborilgan materiallar bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qaror yoki jinoyat ishini tugatish haqidagi qaror chiqariladigan bo‘lsa, soliq organining to‘xtatib turilgan qarorlarining amal qilishi qayta tiklanadi. Qarorning amal qilishini qayta tiklash soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) qarori bilan prokuratura organlaridan ushbu faktlar to‘g‘risida bildirishnoma olingan kundan keyingi kundan kechiktirmay amalga oshiriladi. Agar tegishli jinoyat ishi bo‘yicha oqlov hukmi chiqariladigan bo‘lsa, xuddi shunday qoida qo‘llaniladi.
Agar jismoniy shaxsning uni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan harakatlari (harakatsizligi) ushbu jismoniy shaxsga nisbatan ayblov hukmini chiqarish uchun asos bo‘lgan bo‘lsa, soliq organi qabul qilingan qarorni ushbu jismoniy shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish qismi bo‘yicha bekor qiladi.
Soliq organlaridan materiallar olgan prokuratura organlari soliq organlariga tegishli qaror qabul qilingan kundan keyingi kundan kechiktirmay ularni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi bildirishnomalarni yuborishi shart.
Ushbu moddada ko‘rsatilgan soliq organi qarorlarining ko‘chirma nusxalari tegishli qaror chiqarilgan kundan e’tiboran besh kun ichida soliq organi tomonidan o‘ziga nisbatan tegishli qaror chiqarilgan shaxsga (uning vakiliga) topshiriladi (yuboriladi).
162-modda. Soliq organlari qarorlarini ijro etishning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Ushbu moddaning qoidalari soliq to‘lovchilar, yig‘imlarni to‘lovchilar va (yoki) soliq agentlari bo‘lgan jismoniy shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
163-modda. Shikoyat qilinganda soliq organlari qarorlarini ijro etish
Soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qabul qilingan soliq organining qarori ustidan shikoyat qilinganda, bunday qaror yuqori turuvchi soliq organi tomonidan bekor qilinmagan va ustidan shikoyat qilinmagan qismi bo‘yicha shikoyat yuzasidan yuqori turuvchi soliq organi tomonidan qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Agar shikoyatni ko‘rib chiqadigan yuqori turuvchi soliq organi quyi soliq organining qarorini bekor qilsa va yangi qaror qabul qilsa, yuqori turuvchi soliq organining bunday qarori u qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Agar yuqori turuvchi soliq organi shikoyatni ko‘rib chiqmasdan qoldirsa, quyi soliq organining qarori yuqori turuvchi soliq organi tomonidan ushbu shikoyatni ko‘rib chiqmasdan qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran, lekin mazkur shikoyatni berish muddati tugamasdan kuchga kiradi.
164-modda. Soliq organlarining qarorlarini ijro etish
Soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qaror u kuchga kirgan kundan e’tiboran ijro etilishi lozim.
Tegishli qarorni ijroga qaratish ushbu qarorni qabul qilgan soliq organining zimmasiga yuklatiladi.
Shikoyat yuqori turuvchi soliq organi tomonidan ko‘rib chiqilgan taqdirda, ushbu yuqori turuvchi soliq organining kuchga kirgan qarori yuqori turuvchi soliq organining qarori kuchga kirgan kundan e’tiboran uch kun ichida dastlabki qaror qabul qilgan soliq organiga yuboriladi.
165-modda. Soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ish yuritish
Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning ushbu Kodeks 157-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan buzilishlari to‘g‘risida dalolat beruvchi faktlar aniqlangan taqdirda, soliq organining soliqqa oid huquqbuzarlik faktini aniqlagan mansabdor shaxsi ushbu mansabdor shaxs va huquqbuzarlik sodir etgan shaxs tomonidan imzolanishi lozim bo‘lgan dalolatnomani tuzadi.
Dalolatnoma belgilangan shaklda soliqqa oid huquqbuzarlik aniqlangan kundan e’tiboran o‘n kun davomida tuziladi.
Dalolatnomada soliq to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlarining hujjatlar bilan tasdiqlangan faktlari, shuningdek ushbu faktlarni aniqlagan mansabdor shaxsning aniqlangan qoidabuzarlikni bartaraf etishga doir xulosa va takliflari ko‘rsatilishi kerak.
Dalolatnomaning shaklini va uni tuzishga doir talablarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi belgilaydi.
Dalolatnoma soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga imzo qo‘ydirib beriladi yoki u olingan sana to‘g‘risida dalolat beruvchi boshqa usulda topshiriladi. Agar mazkur shaxs dalolatnomani olishdan bosh tortsa, soliq organining mansabdor shaxsi dalolatnomaga tegishli belgi qo‘yadi. Bunday holda dalolatnoma ushbu shaxsga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi. Mazkur dalolatnoma buyurtma xat bilan yuborilgan sanadan boshlab hisoblaganda beshinchi kun u topshirilgan sana deb hisoblanadi.
Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxs dalolatnomada bayon etilgan holatlarga va (yoki) soliqqa oid huquqbuzarlikni aniqlagan mansabdor shaxsning xulosalari hamda takliflariga rozi bo‘lmagan taqdirda, dalolatnoma olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida dalolatnoma bo‘yicha umuman yoki uning ayrim qoidalari yuzasidan yozma e’tirozlarini tegishli soliq organiga taqdim etishga haqlidir. Bunda mazkur shaxs e’tirozlarining asoslanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (ularning tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini) yozma e’tirozlariga ilova qilishga yoki kelishilgan muddatda soliq organiga topshirishga haqli.
165-modda. Soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ish yuritish (davomi)
Ushbu moddaning oltinchi qismida ko‘rsatilgan muddat o‘tganidan keyin soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) soliq to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlari faktlari qayd etilgan dalolatnomani, shuningdek soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va materiallarni ko‘rib chiqadi.
Dalolatnoma javobgarlikka tortilayotgan shaxs yoki uning vakili ishtirokida ko‘rib chiqiladi.
Soliq organi tekshiruv dalolatnomasi ko‘rib chiqiladigan sana, vaqt va joy to‘g‘risida soliq to‘lovchini ko‘rib chiqish boshlanadigan kunga qadar kamida ikki ish kuni oldin xabardor qiladi.
Agar soliq to‘lovchi soliq organini uzrli sabablarga ko‘ra dalolatnomaning ko‘rib chiqilishiga kelolmasligi to‘g‘risida xabardor qilgan bo‘lsa, soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) dalolatnomaning ko‘rib chiqilishini ko‘pi bilan uch kun muddatga qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilib, soliq to‘lovchi bu haqda xabardor qilinadi.
Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilayotgan, tegishli tarzda xabardor qilingan shaxsning yoki uning vakilining kelmaganligi soliq organi rahbarini (rahbar o‘rinbosarini) dalolatnomani ushbu shaxsning yo‘qligida ko‘rib chiqish imkonidan mahrum etmaydi.
Dalolatnomani ko‘rib chiqish chog‘ida tuzilgan dalolatnoma, soliq nazorati tadbirlarining boshqa materiallari, shuningdek soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilayotgan shaxsning yozma e’tirozlari o‘qib eshittirilishi mumkin. Yozma e’tirozlarning mavjud emasligi ushbu shaxsni dalolatnomani ko‘rib chiqish bosqichida o‘z tushuntirishlarini berish huquqidan mahrum etmaydi.
165-modda. Soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ish yuritish (davomi)
Dalolatnoma ko‘rib chiqilayotganda javobgarlikka tortilayotgan shaxsning tushuntirishlari eshitiladi, boshqa dalillar o‘rganib chiqiladi.
Ushbu Kodeks talablarini buzgan holda olingan dalillardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Javobgarlikka tortilayotgan shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlar (axborot), hatto ular soliq organiga ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarni buzgan holda taqdim etilgan bo‘lsa ham ko‘rib chiqilishi mumkin.
Dalolatnomani ko‘rib chiqish chog‘ida bayonnoma yuritiladi.
Dalolatnomani va soliq nazorati tadbirlarining boshqa materiallarini ko‘rib chiqish jarayonida, zarur bo‘lgan taqdirda, ushbu ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun guvohni, ekspertni, mutaxassisni jalb etish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi mumkin.
Dalolatnomani va boshqa materiallarni ko‘rib chiqish davomida soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari):
- 1) o‘ziga nisbatan dalolatnoma tuzilgan shaxs soliq to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlarini sodir etgan-etmaganligini;
- 2) aniqlangan qoidabuzarliklar ushbu Kodeksdagi soliqqa oid huquqbuzarliklar tarkibini tashkil etish-etmasligini;
- 3) o‘ziga nisbatan dalolatnoma tuzilgan shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish uchun asoslar mavjud-mavjud emasligini belgilaydi.
Soliqqa oid huquqbuzarlik alomati mavjud bo‘lgan taqdirda soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlikdagi aybini istisno etuvchi holatlarni yoxud soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikni yumshatuvchi yoki og‘irlashtiruvchi holatlarni aniqlaydi.
166-modda. Soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi materiallar bo‘yicha qaror qabul qilish
Soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) dalolatnomani hamda unga ilova qilingan hujjatlar va materiallarni ushbu Kodeksning 165-moddasida nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra quyidagilarni nazarda tutuvchi qarorni qabul qiladi:
- 1) soliqlar va penyalarni qo‘shib hisoblashni yoki buni rad etishni;
- 2) soliq to‘lovchini soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortishni yoki buni rad etishni.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan qaror dalolatnoma ko‘rib chiqilganidan keyin besh kun ichida qabul qilinadi.
Shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorda sodir etilgan huquqbuzarlik holatlari bayon etiladi, mazkur holatlarni, javobgarlikka tortilayotgan shaxs tomonidan o‘z himoyasi uchun keltirilayotgan vajlarni tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa ma’lumotlar hamda ushbu vajlarni tekshirish natijalari ko‘rsatiladi. Shuningdek qarorda ushbu Kodeksning shu qoidabuzarliklarni nazarda tutuvchi moddalari va qo‘llaniladigan javobgarlik choralari ko‘rsatiladi.
Shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorda o‘ziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxs shu qaror ustidan qaysi muddat ichida shikoyat qilishga haqli bo‘lsa, o‘sha muddat va qaror ustidan yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilish tartibi ko‘rsatiladi.
Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning qaysi aniqlangan buzilishlari uchun shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilishi lozim bo‘lsa, o‘sha qoidabuzarliklar bo‘yicha soliq organining vakolatli mansabdor shaxsi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzadi. Ushbu huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va ularni sodir etganlikda aybdor shaxslarga nisbatan ma’muriy jazoni qo‘llash soliq organlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
167-modda. Moliyaviy sanksiyani undirish to‘g‘risidagi ariza
Yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lmagan jismoniy shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror chiqarilganidan keyin tegishli soliq organi mazkur shaxsga nisbatan ushbu Kodeksda belgilangan moliyaviy sanksiya qo‘llash haqidagi ariza bilan sudga murojaat qiladi. Moliyaviy sanksiyalarni undirishning suddan tashqari tartibiga yo‘l qo‘yilmaydigan hollarda moliyaviy sanksiya qo‘llashning xuddi shunday tartibidan foydalaniladi.
Sudga murojaat qilingunga qadar soliq organi soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilayotgan shaxsga moliyaviy sanksiyaning tegishli summasini o‘z ixtiyori bilan to‘lashni yozma shaklda taklif qilishi shart.
Zarur bo‘lgan hollarda, soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilayotgan shaxsdan moliyaviy sanksiya undirish to‘g‘risida ariza berish bilan bir vaqtda soliq organi qonunchilikda belgilangan tartibda talabnomani ta’minlash haqidagi iltimosnomani sudga yuborishi mumkin.
168-modda. Moliyaviy sanksiyalarni undirish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va qarorlarni ijro etish
Soliq organlarining yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishini nazarda tutuvchi qarorlari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalar summalarini undirish soliq organlari tomonidan ushbu Kodeksning 120 — 124-moddalarida nazarda tutilgan tartibda mustaqil tarzda amalga oshiriladi.
Soliq organlarining arizasiga ko‘ra yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lmagan jismoniy shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar undirish to‘g‘risidagi ishlar sud tomonidan ko‘rib chiqiladi. Sudlarning moliyaviy sanksiyalarni undirish to‘g‘risidagi qonuniy kuchga kirgan qarorlarini ijro etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bilimingizni sinang
Soliq auditi dalolatnomasining bir nusxasi soliq to‘lovchiga tekshiruv tugaganidan keyin necha kun ichida topshiriladi?
- besh kun
- uch kun
- bir kun
- o‘n kun
To‘g‘ri javob: uch kun. Dalolatnomaning bir nusxasi tekshiruv tugaganidan keyin uch kun ichida soliq to‘lovchiga topshiriladi.
Soliq kodeksiga ko‘ra soliq auditi dalolatnomasining bir nusxasi soliq to‘lovchiga tekshiruv tugaganidan keyin qancha muddat ichida topshiriladi?
- Bir kun ichida
- Uch kun ichida
- Besh kun ichida
- O‘n kun ichida
To‘g‘ri javob: Uch kun ichida. 156-moddaga ko‘ra dalolatnomaning bir nusxasi soliq to‘lovchiga tekshiruv tugaganidan keyin uch kun ichida topshiriladi.
Soliq auditi tugagach «Fayz-Invest» MChJ rahbari dalolatnomaning barcha nusxalariga uni olganligiga imzo qo‘ydi. Soliq organi bu imzoni audit natijalariga rozilik deb hisoblab, MChJ e’tirozlarini qabul qilmasligini aytmoqda. Soliq kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Imzo natijalarga rozilik hisoblanadi, shuning uchun MChJ keyinchalik e’tiroz bildirib bo‘lmaydi
- Imzo natijalarga rozilikni bildiradi, e’tiroz esa faqat sud tartibida bildirilishi mumkin
- Imzo qo‘ygan shaxs dalolatnomani qaytarib berish va e’tiroz bildirish huquqidan mahrum bo‘ladi
- Imzo natijalarga roziligini bildirmaydi, MChJ rozi bo‘lmasa, yozma e’tiroz taqdim etishga haqli
To‘g‘ri javob: Imzo natijalarga roziligini bildirmaydi, MChJ rozi bo‘lmasa, yozma e’tiroz taqdim etishga haqli. 156-moddaga ko‘ra dalolatnomadagi imzo audit natijalariga roziligini bildirmaydi; rozi bo‘lmagan shaxs yozma e’tiroz taqdim etishga haqli.
Soliq auditi dalolatnomasiga rozi bo‘lmagan shaxs dalolatnomani olgan kundan e’tiboran necha kun ichida yozma e’tiroz taqdim etishga haqli?
- o‘n besh kun
- besh kun
- uch kun
- o‘n kun
To‘g‘ri javob: o‘n kun. Dalolatnomaga rozi bo‘lmagan shaxs uni olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida yozma e’tiroz taqdim etishga haqli.
«Baraka-Tex» MChJ soliq auditi dalolatnomasini oldi va uning ayrim xulosalariga rozi emas. Soliq kodeksiga ko‘ra MChJ yozma e’tirozlarini qaysi muddat ichida taqdim etishga haqli?
- Dalolatnomani olgan kundan e’tiboran besh kun ichida
- Dalolatnomani olgan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida
- Dalolatnomani olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida
- Dalolatnomani olgan kundan e’tiboran bir oy ichida
To‘g‘ri javob: Dalolatnomani olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida. 156-moddaga ko‘ra yozma e’tirozlar dalolatnomani olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida taqdim etiladi.
Soliq kodeksiga ko‘ra soliq auditi dalolatnomasi bo‘yicha tekshiruv materiallari qancha muddatda ko‘rib chiqilishi kerak?
- Dalolatnoma tuzilgan kundan uch kun o‘tgach, lekin besh kundan kechiktirmay
- Dalolatnoma tuzilgan kundan besh kun o‘tgach, lekin o‘n kundan kechiktirmay
- Dalolatnoma tuzilgan kundan ikki kun o‘tgach, lekin o‘n kundan kechiktirmay
- Dalolatnoma tuzilgan kundan o‘n kun o‘tgach, lekin o‘n besh kundan kechiktirmay
To‘g‘ri javob: Dalolatnoma tuzilgan kundan o‘n kun o‘tgach, lekin o‘n besh kundan kechiktirmay. 158-moddaga ko‘ra materiallar dalolatnoma tuzilgan kundan e’tiboran o‘n kun o‘tgach, lekin o‘n besh kundan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi.
Soliq kodeksiga ko‘ra soliq organi tekshiruv materiallari ko‘rib chiqiladigan sana, vaqt va joy to‘g‘risida soliq to‘lovchini ko‘rib chiqish boshlanguniga qadar kamida qancha muddat oldin xabardor qiladi?
- Kamida ikki ish kuni oldin
- Kamida bir kun oldin
- Kamida besh ish kuni oldin
- Kamida o‘n kun oldin
To‘g‘ri javob: Kamida ikki ish kuni oldin. 158-moddaga ko‘ra soliq to‘lovchi ko‘rib chiqish boshlanguniga qadar kamida ikki ish kuni oldin xabardor qilinadi.
Soliq to‘lovchi uzrli sabab bilan kela olmasligini xabar qilsa, soliq organi rahbari tekshiruv materiallarini ko‘rib chiqishni necha kundan ortiq bo‘lmagan muddatga qoldirishi mumkin?
- uch kundan
- o‘n kundan
- o‘n besh kundan
- besh kundan
To‘g‘ri javob: besh kundan. Uzrli sabab bo‘lganda ko‘rib chiqish besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatga qoldiriladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash