Soliq monitoringi
Umumiy Qism
169-modda. Soliq monitoringi to‘g‘risidagi umumiy qoidalar
Quyidagilar soliq monitoringining predmetidir: soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etish, o‘ziga nisbatan soliq monitoringi o‘tkazilayotgan yuridik shaxs tomonidan soliqlar va yig‘imlarni hisoblashning to‘g‘riligi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘langanligi (o‘tkazib berilganligi).
Soliq monitoringi ushbu Kodeksga muvofiq yuridik shaxs qaysi soliqlar va yig‘imlarga nisbatan soliq to‘lovchi yoki soliq agenti bo‘lsa, barcha shunday soliqlar va yig‘imlarni qamrab oladi.
Soliq to‘lovchilar uchun soliq monitoringi ixtiyoriydir.
Soliq monitoringi soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror asosida soliq organi tomonidan amalga oshiriladi.
Yuridik shaxs, agar uning oldingi yil uchun daromadlari yillik moliyaviy hisobot ma’lumotlariga ko‘ra kamida besh milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza bilan soliq organiga murojaat qilishga haqli.
Yuridik shaxs soliq organiga soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risida ariza taqdim etgan yildan keyingi kalendar yil soliq monitoringi o‘tkaziladigan davrdir.
Soliq monitoringini o‘tkazish soliq monitoringi o‘tkaziladigan yilning 1-yanvaridan boshlanadi va soliq monitoringi o‘tkazilgan davrdan keyingi yilning 1-iyulida tugallanadi.
170-modda. Axborotga doir hamkorlik reglamenti
Soliq monitoringida ishtirok etuvchi yuridik shaxs va soliq organi o‘rtasidagi axborotga doir hamkorlik reglament asosida amalga oshiriladi.
Axborotga doir hamkorlik reglamentida soliqlar hamda yig‘imlarni hisoblab chiqarish va to‘lash (ushlab qolish va o‘tkazib berish) uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi hujjatlarni (axborotni) soliq organiga elektron shaklda taqdim etish tartibi va (yoki) ko‘rsatilgan hujjatlar (axborot) mavjud bo‘lgan yuridik shaxsning axborot tizimlariga kirish tartibi aks ettiriladi.
Yuridik shaxs axborotga doir hamkorlik tartibini mustaqil ravishda tanlashga haqli.
Yuridik shaxs axborotga doir hamkorlik reglamentida:
- 1) buxgalteriya (soliq) hisobi registrlarida daromad va xarajatlar, soliq solish obyektlarini aks ettirish tartibini;
- 2) soliq hisobining tahliliy registrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
- 3) soliqlar va yig‘imlarning to‘g‘ri hisoblab chiqarilganligi (ushlab qolinganligi), to‘liq va o‘z vaqtida to‘langanligi (o‘tkazib berilganligi) ustidan ichki nazorat tizimi to‘g‘risidagi axborotni ko‘rsatadi.
Ichki nazorat tizimi to‘g‘risidagi axborot bunday tizim mavjud bo‘lgan taqdirda taqdim etiladi.
Axborotga doir hamkorlik reglamentining shaklini va unga doir talablarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tasdiqlaydi.
171-modda. Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror
Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza soliq monitoringi o‘tkaziladigan davrdan oldingi yilning 1-iyulidan kechiktirmay hisobga olish joyidagi soliq organiga yuridik shaxs tomonidan taqdim etiladi.
Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaning shaklini O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tasdiqlaydi.
Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza bilan birga quyidagilar taqdim etiladi:
- 1) belgilangan shakl bo‘yicha axborotga doir hamkorlik reglamenti;
- 2) soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risida ariza taqdim etgan yuridik shaxsda bevosita va (yoki) bilvosita ishtirok etadigan hamda bunday ishtirok ulushi 25 foizni tashkil etadigan jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risidagi axborot;
- 3) soliq solish maqsadi uchun amaldagi hisob siyosati.
Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risida ariza taqdim etgan yuridik shaxs soliq organi tomonidan soliq monitoringini o‘tkazish yoki uni o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinguniga qadar chaqirib olish haqidagi yozma ariza asosida uni chaqirib olishi mumkin.
Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza chaqirib olingan taqdirda berilgan deb hisoblanmaydi.
Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi arizani va ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq yuridik shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni (axborotni) ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) ariza berilgan yilning 1-noyabriga qadar quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
171-modda. Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror (davomi)
- 1) soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni;
- 2) soliq monitoringini o‘tkazishni rad etish haqidagi qarorni.
Soliq monitoringini o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi qaror asoslantirilgan bo‘lishi kerak.
Soliq monitoringini o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun quyidagilar asosdir:
- 1) ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq hujjatlarni (axborotni) taqdim etmaslik yoki to‘liq hajmda taqdim etmaslik;
- 2) ushbu Kodeksning 169-moddasi beshinchi qismida nazarda tutilgan shartlarga rioya etmaslik;
- 3) axborotga doir hamkorlik reglamentining belgilangan shakl va talablarga nomuvofiqligi.
Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror (soliq monitoringini o‘tkazishni rad etish haqidagi qaror) qabul qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida arizachiga yuboriladi.
172-modda. Soliq monitoringini muddatidan oldin tugatish
Soliq monitoringi quyidagi hollarda muddatidan oldin tugatiladi:
- 1) axborotga doir hamkorlik reglamenti yuridik shaxs tomonidan ijro etilmaganda, agar bunday ijro etmaslik soliq monitoringini o‘tkazish uchun to‘siq bo‘lgan bo‘lsa;
- 2) soliq organi tomonidan soliq monitoringini o‘tkazish chog‘ida yuridik shaxs tomonidan ishonchli bo‘lmagan axborot taqdim etilganligi fakti aniqlanganda;
- 3) soliq monitoringini o‘tkazish jarayonida ushbu Kodeksning 173-moddasida nazarda tutilgan tartibda hujjatlar (axborot), tushuntirishlar soliq organiga muntazam ravishda (ikki marta va undan ortiq) taqdim etilmaganda.
Soliq organi ushbu moddaning 1-bandida nazarda tutilgan holatlar aniqlangan kundan e’tiboran o‘n kun ichida, lekin soliq monitoringi o‘tkazilayotgan davrdan keyingi yilning 1-iyunidan kechiktirmay yuridik shaxsni soliq monitoringini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida yozma shaklda xabardor qiladi.
173-modda. Soliq monitoringini o‘tkazish tartibi
Soliq monitoringi soliq organining vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan o‘z xizmat majburiyatlariga muvofiq soliq organi joylashgan yer bo‘yicha o‘tkaziladi.
Agar soliq monitoringini o‘tkazish chog‘ida taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlar o‘rtasida ziddiyatlar yoki yuridik shaxs tomonidan taqdim etilgan hamda soliq organida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar o‘rtasida nomuvofiqliklar aniqlansa, soliq organi bu haqda zarur tushuntirishlar berish yoki tegishli tuzatishlar kiritish talabi bilan yuridik shaxsga xabar qiladi. Bunday tushuntirishlar yuridik shaxs tomonidan talabnoma olingan kundan e’tiboran besh kun ichida taqdim etiladi, tuzatishlar esa o‘n kun davomida kiritiladi.
Agar taqdim etilgan tushuntirishlar ko‘rib chiqilganidan keyin yoki ular mavjud bo‘lmagan taqdirda soliq organi soliqlar yoki yig‘imlar noto‘g‘ri hisoblab chiqarilganligi (ushlab qolinganligi), to‘liq yoki o‘z vaqtida to‘lanmaganligi (o‘tkazilmaganligi) to‘g‘risida dalolat beruvchi faktni aniqlasa, soliq organi ushbu Kodeksning 174-moddasida nazarda tutilgan tartibda asoslantirilgan fikrini tuzishi shart.
Soliq monitoringi o‘tkazilayotganda soliq organi soliqlar va yig‘imlar to‘g‘ri hisoblab chiqarilganligi (ushlab qolinganligi), to‘liq va o‘z vaqtida to‘langanligi (o‘tkazilganligi) bilan bog‘liq bo‘lgan zarur hujjatlarni (axborotni), tushuntirishlarni yuridik shaxsdan talab qilib olishga haqlidir.
Talab qilinadigan hujjatlar (axborot) va tushuntirishlar soliq organiga shaxsan yoki vakil orqali taqdim etilishi, pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilishi, telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali, soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda topshirilishi yoki axborotga doir hamkorlik reglamentida nazarda tutilgan tartibda berilishi mumkin.
173-modda. Soliq monitoringini o‘tkazish tartibi (davomi)
Hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etish yuridik shaxs tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalar shaklida amalga oshiriladi. Agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq organiga (mansabdor shaxsga) taqdim etiladigan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini notarial tarzda tasdiqlashni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Soliq organining talabiga ko‘ra telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali elektron shaklda hujjatlar taqdim etish to‘g‘risidagi talabnomani yuborish va hujjatlarni taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Soliq monitoringini o‘tkazishda ushbu moddaning to‘rtinchi qismiga muvofiq talab qilingan hujjatlar (axborot) va tushuntirishlar yuridik shaxs tomonidan tegishli talabnoma olingan kundan e’tiboran besh kun ichida taqdim etiladi.
Agar talabnomani belgilangan muddatda ijro etish imkoni bo‘lmasa, yuridik shaxs talabnoma olingan kundan keyingi kun davomida soliq organining soliq monitoringini o‘tkazuvchi mansabdor shaxslarini uni ijro etish imkoni yo‘qligi to‘g‘risida sabablarini hamda u talab etilayotgan hujjatlarni (axborotni) va tushuntirishlarni qaysi muddatlar ichida taqdim etishi mumkin bo‘lsa, o‘sha muddatlarni ko‘rsatgan holda yozma ravishda xabardor qiladi. Soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) mazkur bildirishnoma asosida u olingan kundan e’tiboran ikki kun ichida hujjatlarni (axborotni) va tushuntirishlarni taqdim etish muddatlarini uzaytirishga yoki muddatlarni uzaytirishni rad etishga haqli bo‘lib, bu haqda alohida qaror chiqariladi.
173-modda. Soliq monitoringini o‘tkazish tartibi (davomi)
Soliq monitoringini o‘tkazish davomida soliq organi yuridik shaxs tomonidan ilgari soliq organiga tasdiqlangan ko‘chirma nusxalar ko‘rinishida taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emas.
174-modda. Soliq organining asoslantirilgan fikri
Soliq organining asoslantirilgan fikri soliq organining soliqlar va yig‘imlar to‘g‘ri hisoblab chiqarilganligi (ushlab qolinganligi), to‘liq va o‘z vaqtida to‘langanligi (o‘tkazilganligi) masalalariga doir nuqtai nazarini ifodalaydi.
Soliq organi soliq monitoringini o‘tkazish chog‘ida o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki yuridik shaxsning so‘roviga binoan asoslantirilgan fikr tuzadi.
Asoslantirilgan fikr soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) imzosi bilan yuridik shaxsga yuboriladi.
Soliq organi asoslantirilgan fikrining shakli va uni tuzishga doir talablar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Agar soliq monitoringi o‘tkazilayotganda yuridik shaxs tomonidan soliqlar va yig‘imlar noto‘g‘ri hisoblab chiqarilganligi (ushlab qolinganligi), to‘liq yoki o‘z vaqtida to‘lanmaganligi (o‘tkazilmaganligi) to‘g‘risida dalolat beruvchi fakt aniqlangan bo‘lsa, soliq organining asoslantirilgan fikri tuziladi.
Soliq organining asoslantirilgan fikri tuzilgan kundan e’tiboran besh kun ichida yuridik shaxsga yuboriladi.
Soliq organining asoslantirilgan fikri soliq monitoringini o‘tkazish muddati tugaguniga qadar kamida uch oy oldin tuzilishi mumkin.
Asoslantirilgan fikr taqdim etish to‘g‘risidagi so‘rov yuridik shaxs tomonidan xo‘jalik faoliyatining sodir etilgan faktlari natijalariga ko‘ra soliq monitoringi o‘tkaziladigan davr uchun soliqlar va yig‘imlar to‘g‘ri hisoblab chiqarilganligiga (ushlab qolinganligiga), to‘liq va o‘z vaqtida to‘langanligiga (o‘tkazilganligiga) nisbatan shubhalar mavjud bo‘lganda yoki ushbu masalalar yuzasidan noaniqliklar bo‘lgan taqdirda soliq organiga yuboriladi.
174-modda. Soliq organining asoslantirilgan fikri (davomi)
Asoslantirilgan fikr taqdim etish to‘g‘risidagi so‘rovda yuridik shaxsning mazkur masalalarga doir nuqtai nazari bayon etiladi.
Asoslantirilgan fikr taqdim etish to‘g‘risidagi so‘rov soliq monitoringi davridan keyingi yilning 1-iyunidan kechiktirmay yuborilishi mumkin.
Yuridik shaxsning so‘rovi bo‘yicha soliq organining asoslantirilgan fikri ushbu yuridik shaxsga mazkur so‘rov olingan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida yuborilishi kerak. Bu muddat soliq organi tomonidan ushbu yuridik shaxsdan yoki boshqa shaxslardan asoslantirilgan fikrni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish uchun bir oyga uzaytirilishi mumkin.
Soliq organi asoslantirilgan fikrni yuborish muddatini uzaytirish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida yuridik shaxsga yozma shaklda xabar qiladi.
Yuridik shaxs soliq organining asoslantirilgan fikriga roziligi to‘g‘risida shu asoslantirilgan fikrni tuzgan soliq organini mazkur asoslantirilgan fikr bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (ular mavjud bo‘lgan taqdirda) ilova qilgan holda asoslantirilgan fikr olingan kundan e’tiboran bir oy ichida xabardor qiladi.
Yuridik shaxs asoslantirilgan fikrni soliq organining buxgalteriya (soliq) hisobidagi va soliq hisobotidagi asoslantirilgan fikrda bayon etilgan nuqtai nazarini e’tiborga olish orqali, aniqlashtirilgan soliq hisobotini berish orqali yoki boshqa usulda bajaradi.
174-modda. Soliq organining asoslantirilgan fikri (davomi)
Yuridik shaxs soliq organining asoslantirilgan fikriga rozi bo‘lmagan taqdirda, u olingan kundan e’tiboran bir oy ichida soliq organiga o‘z e’tirozlarini taqdim etadi. Mazkur e’tirozlarni olgan soliq organi ular olingan kundan e’tiboran uch kun ichida bu e’tirozlarni o‘zida mavjud bo‘lgan barcha materiallar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga o‘zaro kelishuv tartib-taomili tashabbusi bilan chiqish uchun yuborishi shart.
Soliq organi soliq monitoringi tugagan sanadan e’tiboran ikki oydan kechiktirmay yuridik shaxsni soliq monitoringini o‘tkazish jarayonida ushbu yuridik shaxsga yuborilgan, bajarilmagan asoslantirilgan fikrlar mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risida xabardor qiladi.
175-modda. O‘zaro kelishuv tartib-taomili
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ushbu Kodeksning 174-moddasi o‘n beshinchi qismiga muvofiq soliq organi tomonidan taqdim etilgan e’tirozlar va materiallar olinganidan keyin o‘zaro kelishuv tartib-taomilini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqadi.
O‘zaro kelishuv tartib-taomili asoslantirilgan fikrni tuzgan soliq organi va e’tirozlarni taqdim etgan yuridik shaxs (uning vakili) ishtirokida, soliq organi tomonidan taqdim etilgan e’tirozlar va boshqa materiallar olingan kundan e’tiboran bir oy ichida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi rahbari (rahbarining o‘rinbosari) tomonidan o‘tkaziladi.
O‘zaro kelishuv tartib-taomili natijalariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi asoslantirilgan fikr o‘zgartirilganligi yoki o‘zgarishsiz qoldirilganligi to‘g‘risida yuridik shaxsni xabardor qiladi.
Asoslantirilgan fikrni o‘zgartirish yoki o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi bildirishnomani O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi rahbari (rahbarining o‘rinbosari) imzolaydi.
Bildirishnoma u tuzilgan kundan e’tiboran uch kun ichida yuridik shaxsga beriladi yoki yuboriladi.
Asoslantirilgan fikrni o‘zgartirish yoki uni o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi bildirishnoma olingan kundan e’tiboran bir oy ichida yuridik shaxs asoslantirilgan fikrni tuzgan soliq organini asoslantirilgan fikrga rozi ekanligi (rozi emasligi) haqida mazkur asoslantirilgan fikr bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (ular mavjud bo‘lgan taqdirda) ilova qilgan holda xabardor qiladi.
175-modda. O‘zaro kelishuv tartib-taomili (davomi)
VI BO‘LIM.
TRANSFERT NARXNI BELGILASHDA SOLIQ NAZORATI
Bilimingizni sinang
Yuridik shaxs soliq monitoringini o‘tkazish haqida ariza bilan murojaat qilishi uchun uning oldingi yildagi daromadlari yillik hisobotga ko‘ra kamida qancha bo‘lishi kerak?
- o‘n milliard so‘m
- uch milliard so‘m
- bir milliard so‘m
- besh milliard so‘m
To‘g‘ri javob: besh milliard so‘m. Oldingi yil daromadlari yillik moliyaviy hisobotga ko‘ra kamida besh milliard so‘m bo‘lgan yuridik shaxs ariza berishga haqli.
Soliq kodeksiga ko‘ra soliq to‘lovchilar uchun soliq monitoringi qanday xususiyatga ega?
- Majburiy, barcha yuridik shaxslar uchun
- Ixtiyoriy
- Faqat davlat korxonalari uchun majburiy
- Faqat yirik soliq to‘lovchilar uchun majburiy
To‘g‘ri javob: Ixtiyoriy. 169-moddaga ko‘ra soliq to‘lovchilar uchun soliq monitoringi ixtiyoriydir.
«Sarvar-Prom» MChJ ning oldingi yil uchun daromadi yillik moliyaviy hisobot ma’lumotlariga ko‘ra 4,8 milliard so‘mni tashkil etdi. MChJ soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risida ariza bermoqchi. Soliq kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Murojaat qilishga haqli emas, chunki daromad kamida besh milliard so‘m bo‘lishi kerak
- Murojaat qilishga haqli, daromad miqdori ahamiyatga ega emas
- Murojaat qilishga haqli, agar daromad kamida bir milliard so‘m bo‘lsa
- Murojaat qilishga haqli emas, chunki faqat daromadi o‘n milliard so‘mdan oshganlar murojaat qila oladi
To‘g‘ri javob: Murojaat qilishga haqli emas, chunki daromad kamida besh milliard so‘m bo‘lishi kerak. 169-moddaga ko‘ra yuridik shaxsning oldingi yil daromadi yillik moliyaviy hisobotga ko‘ra kamida besh milliard so‘m bo‘lsa, ariza berishga haqli.
Soliq kodeksiga ko‘ra soliq monitoringini o‘tkazish qachon tugallanadi?
- Soliq monitoringi o‘tkaziladigan yilning 31-dekabrida
- Soliq monitoringi o‘tkaziladigan yilning 1-iyulida
- Soliq monitoringi o‘tkazilgan davrdan keyingi yilning 1-iyulida
- Soliq monitoringi o‘tkazilgan davrdan keyingi yilning 1-yanvarida
To‘g‘ri javob: Soliq monitoringi o‘tkazilgan davrdan keyingi yilning 1-iyulida. 169-moddaga ko‘ra monitoring o‘tkaziladigan yilning 1-yanvaridan boshlanadi va o‘tkazilgan davrdan keyingi yilning 1-iyulida tugallanadi.
Soliq monitoringini o‘tkazish haqidagi ariza bilan birga yuridik shaxsda bevosita va bilvosita ishtirok etuvchi qanday ulushga ega shaxslar to‘g‘risida axborot taqdim etiladi?
- 25 foiz
- 33 foiz
- 10 foiz
- 50 foiz
To‘g‘ri javob: 25 foiz. Arizaga ishtirok ulushi 25 foizni tashkil etadigan jismoniy va yuridik shaxslar haqidagi axborot ilova qilinadi.
«Mirobod-Tex» MChJ 2028-yilda soliq monitoringi o‘tkazilishini xohlaydi. Soliq kodeksiga ko‘ra MChJ soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi arizani qachongacha berishi kerak?
- 2028-yil 1-yanvargacha
- 2027-yil 1-iyulidan kechiktirmay
- 2028-yil 1-iyulidan kechiktirmay
- 2027-yil 1-noyabrdan kechiktirmay
To‘g‘ri javob: 2027-yil 1-iyulidan kechiktirmay. 171-moddaga ko‘ra ariza monitoring o‘tkaziladigan davrdan oldingi yilning 1-iyulidan kechiktirmay beriladi.
Soliq kodeksiga ko‘ra soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza bilan birga quyidagilardan qaysi biri taqdim etiladi?
- Oxirgi uch yil uchun tekshiruv dalolatnomalari nusxasi
- Bank tomonidan berilgan kafolat xati nusxasi
- Rahbarning shaxsiy daromad deklaratsiyasi nusxasi
- Soliq solish maqsadi uchun amaldagi hisob siyosati
To‘g‘ri javob: Soliq solish maqsadi uchun amaldagi hisob siyosati. 171-moddaga ko‘ra arizaga reglament, 25 foiz ishtirokchilar haqida axborot va amaldagi hisob siyosati ilova qilinadi.
Soliq monitoringini o‘tkazish yoki uni rad etish haqidagi qaror qabul qilingan kundan e’tiboran necha kun ichida arizachiga yuboriladi?
- o‘n besh kun
- uch kun
- o‘n kun
- besh kun
To‘g‘ri javob: besh kun. Qaror qabul qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida arizachiga yuboriladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash