Transfert narxni belgilashda narxlar va soliq solish to‘g‘risidagi umumiy qoidalar
Umumiy Qism
176-modda. Transfert narxni belgilash to‘g‘risidagi umumiy qoidalar
O‘zaro aloqador taraflar o‘rtasidagi bitimlarda shakllanadigan va (yoki) mustaqil shaxslar o‘rtasida bitimlar tuzilayotganda taqqoslanadigan iqtisodiy sharoitlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan xolis tarzda shakllanadigan narxdan farq qiladigan narx ushbu Kodeks maqsadida transfert narx deb tushuniladi.
O‘zaro aloqador taraflar faoliyatining mustaqil shaxslar tomonidan taqqoslanadigan iqtisodiy sharoitlarda olinishi mumkin bo‘lgan sharoitlar va natijalardan farq qiladigan tijoratga oid va (yoki) moliyaviy sharoitlar va (yoki) natijalar ushbu Kodeksning maqsadida transfert narxni belgilash deb tushuniladi.
Bitimning taraflaridan biri tomonidan olinishi mumkin bo‘lgan, lekin transfert narxni belgilash natijasida taraf olmagan har qanday daromadlar soliq solish maqsadida ushbu bo‘limda belgilangan hollarda va tartibda bitimning shu tarafida hisobga olinadi.
Ushbu bo‘limda belgilangan hollarda va tartibda tashqi savdo faoliyati ishtirokchilarining daromadlari soliq solish maqsadida bitim narxining bitim predmeti bo‘lgan tovarlarga (xizmatlarga) doir bozor narxidan farq qilishiga sabab bo‘lgan to‘liq olinmagan daromadlar summasiga ko‘paytirilishi mumkin. Bunda shunday bitimlar ishtirokchilari o‘zaro aloqador yoki mustaqil shaxslar ekanligi e’tiborga olinmaydi. Xuddi shunday qoidalar ushbu bo‘limda belgilangan hollarda va tartibda ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlari bo‘lgan bitimlarda qo‘llanilishi mumkin.
176-modda. Transfert narxni belgilash to‘g‘risidagi umumiy qoidalar (davomi)
Soliq solish maqsadida daromadlarni hisobga olish budjet tizimiga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasining kamayishiga yoki ushbu Kodeksning Maxsus qismiga muvofiq aniqlanadigan zarar summasining ko‘payishiga olib kelmagan taqdirda, bunday hisobga olish ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan daromadlarni aniqlash ushbu bo‘limda belgilangan usullarni qo‘llagan holda transfert narxni belgilash chog‘ida soliq nazorati doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur qoida soliq to‘lovchining bitimning haqiqiy narxi o‘rniga soliq summasini hisoblab chiqarish chog‘ida bitimning bozor narxini soliq solish maqsadida mustaqil ravishda qo‘llash huquqini, agar bu narx haqiqiy narxdan farq qilsa va ushbu moddaning beshinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, cheklamaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi transfert narxni belgilashda soliq nazorati doirasida, ushbu bo‘limda nazarda tutilgan tartibda quyidagi soliqlarning to‘liq hisoblab chiqarilishi va to‘lanishini tekshiradi:
- 1) foyda solig‘ini;
- 2) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini;
- 3) yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqni;
- 4) qo‘shilgan qiymat solig‘ini;
- 5) aksiz solig‘ini.
Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqqa oid qismi bo‘yicha transfert narxni belgilash chog‘idagi soliq nazorati, agar bitimning taraflaridan biri mazkur soliqni soliq to‘lovchisi bo‘lsa hamda qazib olinishi chog‘ida soliq solish advalor soliq stavkasi bo‘yicha amalga oshiriladigan foydali qazilma bitimning predmeti bo‘lsa, amalga oshiriladi.
176-modda. Transfert narxni belgilash to‘g‘risidagi umumiy qoidalar (davomi)
Qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘iga oid qismi bo‘yicha transfert narxni belgilash chog‘idagi soliq nazorati, agar bitimning taraflaridan biri tegishli soliq to‘lovchisi bo‘lmagan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lsa, amalga oshiriladi.
Transfert narxni belgilash chog‘idagi soliq nazorati maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarining bunday ishtirokchi bo‘lmagan shaxslar bilan tuzilgan bitimlariga nisbatan ham amalga oshirilishi mumkin.
Transfert narxni belgilashda soliq nazorati natijasida ushbu moddaning yettinchi — o‘ninchi qismlarida ko‘rsatilgan soliq summalari kamaytirilganligi yoki zararning summasi ko‘paytirilganligi aniqlangan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tegishli soliq bazasiga va (yoki) soliq summasiga tuzatishlar kiritishni amalga oshiradi.
177-modda. Soliq to‘lovchi tomonidan soliq bazasiga mustaqil ravishda tuzatish kiritish
Agar transfert narxning belgilanishi ushbu Kodeksning 176-moddasi yettinchi qismida ko‘rsatilgan bir yoki bir nechta soliqning (bo‘nak va joriy to‘lovining) summalari kamaytirilishiga yoki zarar summasining ko‘paytirilishiga olib kelgan bo‘lsa, soliq to‘lovchi soliq bazasiga va (yoki) tegishli soliqlarning (zararning) summasiga mustaqil ravishda tuzatishlar kiritishni amalga oshirishga haqli. Bunday tuzatish kiritish summalariga tuzatish kiritilishi lozim bo‘lgan soliqlar bo‘yicha soliq davrini (soliq davrlarini) o‘z ichiga oluvchi kalendar yil o‘tgach amalga oshiriladi.
Soliq to‘lovchi qaysi bitimga nisbatan soliq bazasiga va (yoki) soliq summasiga mustaqil ravishda tuzatish kiritgan bo‘lsa, o‘sha bitimni identifikatsiya qilish imkonini beradigan ma’lumotlar tegishli aniqlashtirilgan soliq hisobotiga ilova qilinadigan tushuntirishlarda ko‘rsatiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tuzatishlar kiritish:
- 1) yuridik shaxslar tomonidan — foyda solig‘i bo‘yicha soliq hisobotini taqdim etish uchun belgilangan muddatlarda;
- 2) jismoniy shaxslar tomonidan — jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risida deklaratsiyani topshirish muddatlarida amalga oshirilishi mumkin.
Ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq amalga oshirilgan tuzatish kiritish natijalariga ko‘ra soliq to‘lovchi tomonidan mustaqil ravishda aniqlangan to‘lanmagan soliqlar summasi tegishli soliq davri uchun foyda solig‘ini (jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini) to‘lash sanasidan kechiktirilmagan muddatda to‘lanishi kerak. Bunda taqdim etilgan aniqlashtirilgan hisobot bo‘yicha soliq majburiyati yuzaga kelgan sanadan to mazkur moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilgan muddat tugaguniga qadar bo‘lgan davr uchun to‘lanmagan soliqlar summasiga penyalar hisoblanmaydi.
177-modda. Soliq to‘lovchi tomonidan soliq bazasiga mustaqil ravishda tuzatish kiritish (davomi)
Kalendar yil ichida tugaydigan soliq davrlarining (hisobot davrlarining) yakunlari bo‘yicha soliqlarni (bo‘nak va joriy to‘lovlarni) hisoblab chiqarishda soliq to‘lovchi bitimlarning haqiqiy narxlaridan foydalanishga haqli.
178-modda. Bozor narxlari to‘g‘risidagi umumiy qoidalar
Ushbu Kodeks maqsadida, agar ushbu bo‘limda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, bitimlarning narxlari, ushbu bitimlar taraflarining daromadlari va xarajatlari quyidagi hollarda bozor narxlari deb e’tirof etiladi:
- 1) mustaqil shaxslar o‘rtasidagi bitimlar;
- 2) O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga yoki chet davlatning qonunchiligiga muvofiq o‘tkazilgan birja savdolarining natijalariga ko‘ra tuzilgan bitimlar;
- 3) monopoliyaga qarshi organning ko‘rsatmalariga muvofiq (tartibga solinadigan narxlar qo‘llaniladigan bitimlar uchun ushbu Kodeksning 179-moddasida nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda) narxlari belgilangan bitimlar;
- 4) narxlari ushbu Kodeksning 25-bobida nazarda tutilgan narxni belgilash to‘g‘risidagi kelishuviga muvofiq belgilangan bitimlar.
Nazorat qilinadigan bitimlarda bitimning narxi, agar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan buning aksi isbotlanmagan bo‘lsa yoki soliq to‘lovchi ushbu Kodeksning 177-moddasiga muvofiq soliq (zarar) summalariga mustaqil tuzatish kiritishni amalga oshirmagan bo‘lsa, bozor narxi deb topiladi.
Agar ushbu Kodeksning Maxsus qismida soliq solish maqsadida ayrim soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash masalalari bo‘yicha tovarning (xizmatning) narxini yoki bitim taraflarining daromadlarini (xarajatlarini) aniqlashning boshqacha qoidalari belgilangan bo‘lsa, ushbu Kodeksning Maxsus qismi qoidalari qo‘llaniladi.
179-modda. Narxlarni tartibga solishda bozor narxi deb topishning o‘ziga xos xususiyatlari
Agar ayrim turdagi bitimlarga nisbatan narxni belgilash, eng ko‘p va (yoki) eng kam chegaraviy narxlarni belgilash vositasida narxlarni tartibga solish nazarda tutilgan bo‘lsa, ko‘rsatilgan turdagi bitimlardagi narxlar ushbu moddaning to‘rtinchi — yettinchi qismlarida nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda soliq solish maqsadida bozor narxlari deb topiladi.
Agar ayrim turdagi bitimlarga nisbatan narxga doir eng ko‘p va (yoki) eng kam ustamalar yoki narxlardan chegirmalar belgilash vositasida yoxud rentabellikka yoki foydaga doir cheklovlar vositasida narxlarni tartibga solish nazarda tutilgan bo‘lsa, ko‘rsatilgan turdagi bitimlardagi narxlar soliq solish maqsadida ushbu moddaning sakkizinchi qismida belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda bozor narxlari deb topiladi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan o‘ziga xos xususiyatlar, agar narxlarni tartibga solish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va chet davlatlarning qonunchiligiga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshirilsa, hisobga olinadi.
Belgilangan narxlarga muvofiq bo‘lgan narxlar va narxning kelishilgan formulasiga muvofiq bo‘lgan narxlar bozor narxlari deb topiladi.
Eng kam chegaraviy narxni belgilashda bunday narx, agar bozor narxlari oralig‘ining ushbu Kodeksning 23-bobiga muvofiq mazkur eng kam chegaraviy narx hisobga olinmagan holda aniqlangan eng kam ko‘rsatkichi ushbu eng kam chegaraviy narxdan ko‘p bo‘lsa, bozor narxini aniqlashda hisobga olinmaydi. Aks holda, eng kam ko‘rsatkichi ushbu eng kam chegaraviy narxga teng bo‘lgan oraliq bozor narxlarining oralig‘i deb e’tirof etiladi, eng ko‘p ko‘rsatkich esa uning ushbu Kodeksning 23-bobiga muvofiq belgilangan eng ko‘p ko‘rsatkichiga teng ravishda qabul qilinadi.
179-modda. Narxlarni tartibga solishda bozor narxi deb topishning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Eng ko‘p chegaraviy narxni belgilash chog‘ida bunday narx bozor narxini aniqlashda, agar ushbu eng ko‘p chegaraviy narx bozor narxlari oralig‘ining ushbu Kodeksning 23-bobiga muvofiq mazkur eng ko‘p chegaraviy narx hisobga olinmagan holda aniqlangan eng ko‘p ko‘rsatkichidan ko‘p bo‘lsa, bozor narxini aniqlashda hisobga olinmaydi. Aks holda, eng ko‘p ko‘rsatkichi ushbu eng ko‘p chegaraviy narxga teng bo‘lgan oraliq bozor narxlarining oralig‘i deb e’tirof etiladi, eng kam ko‘rsatkich esa uning ushbu Kodeksning 23-bobiga muvofiq belgilangan eng kam ko‘rsatkichiga teng ravishda qabul qilinadi.
Bir vaqtning o‘zida eng kam va eng ko‘p chegaraviy narxlar belgilanganda ular bozor narxlarini aniqlashda, agar bozor narxlari oralig‘ining ushbu Kodeksning 24-bobiga muvofiq aniqlangan eng kam ko‘rsatkichi eng kam chegaraviy narxdan ko‘p bo‘lsa, eng ko‘p chegaraviy narx esa bozor narxlarining ushbu oralig‘ining eng ko‘p ko‘rsatkichidan ko‘p bo‘lsa, bozor narxini aniqlashda hisobga olinmaydi. Aks holda, bozor narxlari oralig‘ining tegishincha eng kam va (yoki) eng ko‘p ko‘rsatkichiga ushbu moddaning beshinchi — oltinchi qismlariga muvofiq tuzatishlar kiritiladi.
Agar bitim uchun narxga doir eng kam va (yoki) eng ko‘p ustamalar belgilangan bo‘lsa yoxud rentabellik yoki foyda miqdorlari uchun boshqa cheklovlar belgilangan bo‘lsa, ushbu Kodeksning 23-bobiga muvofiq aniqlangan bozor narxlari oraliqlariga (rentabellik oraliqlariga) ushbu moddaning beshinchi — yettinchi qismlarida nazarda tutilgan xuddi shunday tartibda tuzatishlar kiritilishi lozim.
Bilimingizni sinang
Soliq kodeksiga ko‘ra, o‘zaro aloqador taraflar o‘rtasidagi bitimda shakllanadigan va mustaqil shaxslar o‘rtasida taqqoslanadigan sharoitlardagi xolis narxdan farq qiladigan narx qanday ataladi?
- Transfert narx
- Chegaraviy narx
- Birja narxi
- Tartibga solinadigan narx
To‘g‘ri javob: Transfert narx. 176-moddaga ko‘ra bunday narx transfert narx deb tushuniladi.
Transfert narx belgilashda soliq nazorati doirasida qaysi soliqning to‘liq hisoblanishi va to‘lanishi tekshiriladi?
- Aksiz solig‘i
- Yer solig‘i
- Mol-mulk solig‘i
- Aylanmadan olinadigan soliq
To‘g‘ri javob: Aksiz solig‘i. 176-modda ro‘yxatiga foyda solig‘i, JShDS, yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i, QQS va aksiz solig‘i kiradi.
«Nur-Resurs» MChJ yer qa’ridan foydalanganlik solig‘ini to‘lovchi bo‘lib, qazib olinishida advalor stavka qo‘llanadigan foydali qazilmani o‘z sho‘ba korxonasiga arzon narxda sotdi. Transfert narx bo‘yicha soliq nazorati bu bitimga nisbatan o‘tkazilishi mumkinmi?
- Yo‘q, chunki bitim sho‘ba korxona bilan tuzilgan bo‘lib, bunday bitimlar transfert narx nazoratiga kirmaydi
- Ha, taraflardan biri shu soliq to‘lovchisi va bitim predmeti advalor stavkali foydali qazilma bo‘lgani uchun
- Yo‘q, chunki yer qa’ri solig‘i bo‘yicha bitimlar transfert narx nazorati doirasiga hech qachon kirmaydi
- Faqat bitim chet el bilan tuzilgan va qazib olish hajmi katta bo‘lsagina o‘tkazilishi mumkin
To‘g‘ri javob: Ha, taraflardan biri shu soliq to‘lovchisi va bitim predmeti advalor stavkali foydali qazilma bo‘lgani uchun. 176-modda: taraflardan biri soliq to‘lovchisi bo‘lsa va foydali qazilmaga advalor stavka qo‘llansa, nazorat amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkor Sardor QQS to‘lovchisi bo‘lmagan holda, QQS to‘lovchisi «Baraka» MChJ bilan o‘zaro aloqador sifatida bitim tuzdi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Nazorat o‘tkazib bo‘lmaydi, chunki taraflardan biri QQS to‘lovchisi bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkor
- Nazorat faqat yuridik shaxslar o‘rtasidagi bitimlarga nisbatan mumkin, tadbirkor bilan bitimga emas
- QQS bo‘yicha transfert narx nazorati o‘tkazilishi mumkin, chunki taraflardan biri tegishli soliq to‘lovchisi emas
- Nazorat faqat ikkala taraf ham QQS to‘lovchisi bo‘lgan taqdirdagina o‘tkazilishi mumkin, aks holda emas
To‘g‘ri javob: QQS bo‘yicha transfert narx nazorati o‘tkazilishi mumkin, chunki taraflardan biri tegishli soliq to‘lovchisi emas. 176-moddaga ko‘ra taraflardan biri tegishli soliq to‘lovchisi bo‘lmagan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lsa nazorat amalga oshiriladi.
Transfert narx tufayli soliq summasi kamaygan bo‘lsa, soliq to‘lovchi soliq bazasiga mustaqil tuzatishni qachon kirita oladi?
- Tuzatish kiritilishi lozim bo‘lgan soliq davrini o‘z ichiga oluvchi kalendar yil o‘tgach
- Har chorak yakunidan keyin, bitim tuzilgan chorakni o‘z ichiga olgan soliq davri tugagach
- Bitim tuzilgan kuni, tuzatish kiritilishi lozim bo‘lgan soliq davri boshlanishidan oldin
- Soliq organi talabnoma yuborgandan keyin uch kun ichida, soliq davri yakunlanishini kutmasdan
To‘g‘ri javob: Tuzatish kiritilishi lozim bo‘lgan soliq davrini o‘z ichiga oluvchi kalendar yil o‘tgach. 177-moddaga ko‘ra tuzatish tegishli soliq davrini o‘z ichiga oluvchi kalendar yil o‘tgach amalga oshiriladi.
Soliq to‘lovchi mustaqil tuzatish kiritgan bitimni identifikatsiya qilish imkonini beradigan ma’lumotlar qayerda ko‘rsatiladi?
- Bitim taraflarining ustavida va soliq organi bilan tuzilgan shartnomada
- Soliq organining soliq tekshiruvi to‘g‘risidagi qarorida va dalolatnomada
- Aniqlashtirilgan soliq hisobotiga ilova qilinadigan tushuntirishlarda
- Davlat reyestriga kiritiladigan bitim to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘plamida
To‘g‘ri javob: Aniqlashtirilgan soliq hisobotiga ilova qilinadigan tushuntirishlarda. 177-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra ma’lumotlar tushuntirishlarda ko‘rsatiladi.
Mustaqil tuzatishni yuridik shaxslar qaysi muddatlarda kiritishi mumkin?
- Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq hisobotini taqdim etish uchun belgilangan muddatlarda
- Istalgan vaqtda, soliq hisobotini taqdim etish muddatlari bilan cheklanmagan holda
- Jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirish uchun belgilangan muddatlarda
- Foyda solig‘i bo‘yicha soliq hisobotini taqdim etish uchun belgilangan muddatlarda
To‘g‘ri javob: Foyda solig‘i bo‘yicha soliq hisobotini taqdim etish uchun belgilangan muddatlarda. 177-modda: yuridik shaxslar foyda solig‘i hisoboti muddatlarida, jismoniy shaxslar deklaratsiya muddatlarida kiritadi.
Mustaqil tuzatish natijasida aniqlangan to‘lanmagan soliq summasiga penyalar haqida qaysi hukm to‘g‘ri?
- Majburiyat yuzaga kelgan sanadan boshlab to to‘lov amalga oshirilgunga qadar davr uchun penya to‘liq hisoblanadi
- Penya ikki baravar miqdorda hisoblanadi, chunki mustaqil tuzatish soliq huquqbuzarligi hisoblanadi
- Penya faqat jismoniy shaxslarga hisoblanmaydi, yuridik shaxslarga esa majburiyat paydo bo‘lgan sanadan hisoblanadi
- Majburiyat yuzaga kelgan sanadan to belgilangan to‘lov muddati tugaguniga qadar davr uchun penya hisoblanmaydi
To‘g‘ri javob: Majburiyat yuzaga kelgan sanadan to belgilangan to‘lov muddati tugaguniga qadar davr uchun penya hisoblanmaydi. 177-moddada ko‘rsatilgan davr uchun penyalar hisoblanmasligi belgilangan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash