Transfert narxni belgilashda soliq nazorati
Umumiy Qism
193-modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazorati maqsadida axborotni tayyorlash va taqdim etish
Soliq to‘lovchi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining talabiga ko‘ra mazkur talabda ko‘rsatilgan aniq bitimga (bir turdagi bitimlar guruhiga) taalluqli hujjatlarni taqdim etadi. Hujjatlar deganda hujjatlar majmui yoki erkin shaklda tuzilgan yagona hujjat (agar bunday hujjatlarni belgilangan shaklda tuzish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilmagan bo‘lsa) tushuniladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlar nazorat qilinadigan bitimni (bir turdagi bitimlar guruhini) amalga oshirgan soliq to‘lovchining (boshqa shaxslarning) faoliyati to‘g‘risidagi, ushbu bitim bilan bog‘liq bo‘lgan quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak:
- 1) nazorat qilinadigan bitim o‘zi bilan amalga oshirilgan shaxslarning ro‘yxati (ular soliq rezidenti bo‘lgan davlatlar va hududlarni ko‘rsatgan holda), bitimning tavsifi, uning shartlari, jumladan narxni belgilash usulining tavsifi (mavjud bo‘lsa), to‘lovlarni amalga oshirish shartlari va muddatlari hamda bitim haqidagi boshqa axborot;
- 2) bitim taraflari bo‘lgan shaxslarning vazifalari haqidagi (soliq to‘lovchi tomonidan funksional tahlil o‘tkazilgan taqdirda), ular tomonidan foydalaniladigan, ushbu nazorat qilinadigan bitim bilan bog‘liq bo‘lgan aktivlar to‘g‘risidagi va ular tomonidan qabul qilinayotgan, soliq to‘lovchi bitim tuzishda inobatga olgan iqtisodiy (tijorat) tavakkalchiliklar haqidagi ma’lumotlar.
193-modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazorati maqsadida axborotni tayyorlash va taqdim etish (davomi)
Agar soliq to‘lovchi ushbu Kodeksning 23-bobida nazarda tutilgan usullardan foydalangan bo‘lsa, hujjatlarga foydalanilgan usullar haqidagi quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:
- 1) foydalanilayotgan usulni tanlash va qo‘llash usuli sabablarining asosi;
- 2) foydalanilayotgan axborot manbalariga havola;
- 3) taqqoslanadigan bitimlarni tanlash uchun foydalanilgan yondashuvni tavsiflagan holda, nazorat qilinayotgan bitim bo‘yicha bozor narxlari oralig‘ining (rentabellik oralig‘ining) hisob-kitobi;
- 4) nazorat qilinadigan bitim amalga oshirilishi natijasida olingan daromadlarning (foydaning) summasi va (yoki) amalga oshirilgan xarajatlarning (ko‘rilgan zararlarning) summasi, olingan rentabellik;
- 5) nazorat qilinadigan bitimdan uni amalga oshirgan shaxs tomonidan axborotni, intellektual faoliyat natijalarini, korxonani, uning mahsulotini va xizmatlarini individuallashtirish belgilariga (firma nomi, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilariga) bo‘lgan huquqlarni va boshqa mutlaq huquqlarni (tegishli holatlar mavjud bo‘lganda) qabul qilish natijasida olinadigan iqtisodiy naf haqidagi ma’lumotlar;
- 6) nazorat qilinadigan bitimning narxiga (rentabelligiga) ta’sir ko‘rsatgan boshqa omillar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan nazorat qilinadigan bitimni tuzgan shaxsning bozor strategiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, agar ushbu bozor strategiyasi nazorat qilinadigan bitim narxiga (rentabelligiga) ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa;
193-modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazorati maqsadida axborotni tayyorlash va taqdim etish (davomi)
- 7) soliq to‘lovchi tomonidan soliq bazasiga va soliq summasiga ushbu Kodeks 177-moddasining birinchi qismiga muvofiq kiritilgan tuzatishlar.
Soliq to‘lovchi nazorat qilinadigan bitimlarning tijorat va (yoki) moliyaviy shartlari mustaqil shaxslarning taqqoslanadigan bitimlari shartlariga mos kelishini tasdiqlovchi boshqa axborotni mazkur shartlarni taqqoslashni ta’minlash uchun kiritilgan tuzatishlarni hisobga olgan holda taqdim etishga haqli.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar soliq to‘lovchidan nazorat qilinadigan bitimlar tuzilgan kalendar yildan keyingi yilning 1-iyunidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan talab qilinishi mumkin.
Ushbu modda birinchi — to‘rtinchi qismlarining qoidalari quyidagi hollarda qo‘llanilmaydi:
- 1) agar bitimlarning narxlari yuzasidan ushbu Kodeks 178-moddasi birinchi qismining 3-bandiga muvofiq monopoliyaga qarshi organlar tomonidan ko‘rsatma belgilangan yoki narx tartibga solinadigan bo‘lsa va ushbu Kodeks 179-moddasining uchinchi qismiga muvofiq qo‘llanilsa;
- 2) agar bitim nazorat qilinmaydigan bo‘lsa;
- 3) qimmatli qog‘ozlarga doir va qimmatli qog‘ozlarning uyushgan bozorida muomalada bo‘lgan muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga doir bitimlar tuzilsa;
- 4) ushbu Kodeksning 25-bobiga muvofiq soliq solish maqsadida narxni belgilash to‘g‘risidagi kelishuv tuzilgan bitimlar amalga oshirilsa.
Soliq to‘lovchi ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan bitimlar bo‘yicha mazkur hujjatlarni ixtiyoriy ravishda taqdim etishga haqli.
193-modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazorati maqsadida axborotni tayyorlash va taqdim etish (davomi)
Soliq organlariga taqdim etiladigan hujjatlarning batafsilligi va asoslanganligi bitimning murakkabligiga hamda uning narxi shakllanishiga (bitimlar taraflarining rentabelligiga) mutanosib bo‘lishi kerak.
194-modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazorati
Transfert narxni belgilashda soliq nazorati doirasida nazorat qilinadigan bitimlar tuzilganligi munosabati bilan soliqlarning to‘liq hisoblab chiqarilishi va to‘lanishini tekshirish (bundan buyon ushbu bobda tekshiruv deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan uning joylashgan yeri bo‘yicha o‘tkaziladi.
Tekshiruv ushbu Kodeksning 182-moddasiga muvofiq yuborilgan nazorat qilinadigan bitimlar haqidagi bildirishnoma yoki hududiy soliq organining xabarnomasi asosida, shuningdek soliq tekshiruvini o‘tkazish natijasida nazorat qilinadigan bitim aniqlangan taqdirda o‘tkaziladi.
Tekshiruvlarni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ushbu Kodeksning 150 — 152-moddalarida belgilangan soliq nazorati tadbirlarini o‘tkazishga haqli.
Nazorat qilinadigan bitimlar narxlarining bozor narxlariga muvofiqligini nazorat qilish Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi yoki hududiy soliq organlari tomonidan o‘tkaziladigan soliq nazoratining predmeti bo‘lishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, nazorat qilinadigan bitta bitimga (bir xil bitimlar guruhiga) nisbatan aynan bir kalendar yil uchun ikki va undan ortiq tekshiruv o‘tkazishga haqli emas.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan nazorat qilinadigan bitta bitimga (bir xil bitimlar guruhiga) nisbatan takroriy tekshiruv o‘tkazishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:
194-modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazorati (davomi)
- 1) soliq to‘lovchi ushbu Kodeksning 177-moddasiga muvofiq soliq summasi ilgari soliq hisobotida bayon etilganidan ko‘ra kamroq miqdorda (zarar summasi — kattaroq miqdorda) aks ettirilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etganda;
- 2) soliq to‘lovchi tomonidan nazorat qilinadigan bitim haqida ilgari taqdim etilgan axborotda nomutanosiblik aniqlanganda.
Tekshiruv doirasida tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan yildan avvalgi uch kalendar yildan oshmaydigan davrda tuzilgan nazorat qilinadigan bitimlar tekshirilishi mumkin.
Soliq to‘lovchi tomonidan tuzilgan bitimga nisbatan tekshiruv o‘tkazish ushbu soliq to‘lovchining soliq tekshiruvlarini hamda mazkur bitim tuzilgan soliq davri uchun soliq monitoringini o‘tkazishga to‘sqinlik qilmaydi.
Transfert narxni belgilashda soliq nazorati tadbirlarini amalga oshirish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan olingan materiallar va ma’lumotlardan tekshirilayotgan nazorat qilinadigan bitim ishtirokchilari bo‘lgan boshqa shaxslarni tekshirishda foydalanilishi mumkin.
195-modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazoratini o‘tkazish tartibi
Tekshiruv O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori asosida uning mansabdor shaxslari tomonidan o‘tkaziladi.
Tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu Kodeksning 182-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan bildirishnoma yoki xabarnoma olingan kundan e’tiboran uch yildan kechiktirmay chiqarilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi qaror qabul qilinganligi to‘g‘risida u qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida soliq to‘lovchini xabardor qiladi.
Agar soliq to‘lovchi ushbu Kodeksning 177-moddasiga muvofiq soliq summasi soliq hisobotida ilgari berilganidan ko‘ra kam miqdorda (zarar summasi — kattaroq miqdorda) aks ettirgan holda aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etgan bo‘lsa, tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror ushbu aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilgan kundan e’tiboran uch yildan kechiktirmay chiqarilishi mumkin. Bunda tekshiruv faqat tuzatish kiritish amalga oshirilgan nazorat qilinadigan bitimga nisbatan o‘tkaziladi.
Tekshiruv olti oydan oshmaydigan muddatda o‘tkaziladi.
Tekshiruv o‘tkazish muddati uni o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqarilgan kundan e’tiboran va bunday tekshiruv o‘tkazilganligi haqidagi ma’lumotnoma tuzilgan kunga qadar hisoblab chiqariladi.
Alohida hollarda, tekshirish o‘tkazishning mazkur muddati O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) qaroriga ko‘ra o‘n ikki oygacha uzaytirilishi mumkin.
195-modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazoratini o‘tkazish tartibi (davomi)
Tekshiruv o‘tkazish muddatini uzaytirish asoslarini va tartibini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Chet davlat organlaridan axborot olish, soliq to‘lovchi tomonidan chet tilida taqdim etilgan hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish va (yoki) o‘zbek yoki rus tiliga tarjima qilish zarur bo‘lgan taqdirda, tekshiruv o‘tkazish muddati qo‘shimcha ravishda olti oydan oshmaydigan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Agar tekshiruv chet davlat organlaridan axborot olish uchun uzaytirilgan bo‘lsa va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi so‘ralayotgan axborotni olti oy ichida ololmagan bo‘lsa, mazkur tekshiruvni uzaytirish muddati qo‘shimcha ravishda uch oyga ko‘paytirilishi mumkin.
Tekshiruv o‘tkazish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarorning ko‘chirma nusxasi soliq to‘lovchiga qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida yuboriladi.
Agar nazorat qilinadigan bitimlarning tijorat va (yoki) moliyaviy shartlarining mustaqil shaxslar o‘rtasidagi taqqoslanadigan bitimlarning shartlari bilan taqqoslanishini aniqlash uchun soliq to‘lovchi ushbu Kodeksning 23-bobida ko‘rsatilgan usullarni yoki ularning kombinatsiyasini qo‘llagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tekshiruvni amalga oshirish chog‘ida soliq to‘lovchi tomonidan qo‘llanilgan usulni (usullar kombinatsiyasini) qo‘llaydi.
Agar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi nazorat qilinadigan bitimni tuzish shartlaridan kelib chiqqan holda soliq to‘lovchi tomonidan qo‘llanilgan usul (usullar kombinatsiyasi) nazorat qilinadigan bitimlarning tijorat va (yoki) moliyaviy shartlarining mustaqil shaxslar o‘rtasidagi taqqoslanadigan bitimlar shartlari bilan taqqoslanishi mumkinligi yoki taqqoslana olmasligi to‘g‘risida asoslangan xulosa chiqarishga imkon bermasligini isbotlasa, boshqa usul (usullar kombinatsiyasi) qo‘llanilishi mumkin.
195-modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazoratini o‘tkazish tartibi (davomi)
Tekshiruv davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ushbu Kodeksning 23-bobida nazarda tutilmagan boshqa usullarni qo‘llashga haqli emas.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ushbu Kodeksning 146-moddasida nazarda tutilgan tartibda soliq to‘lovchiga tekshirilayotgan bitimga (bir xil bitimlar guruhiga) nisbatan ushbu Kodeksning 193-moddasida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etish haqidagi talabnomani yo‘llashga haqli.
Talab qilinayotgan hujjatlar tegishli talabnoma olingan kundan e’tiboran o‘ttiz kalendar kun ichida soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining tekshiruv o‘tkazayotgan mansabdor shaxsi tekshirilayotgan bitimlarning ushbu bitimlarga taalluqli hujjatlarga (axborotga) ega bo‘lgan ishtirokchilaridan hujjatlarni (axborotni) talab qilishga haqli. Hujjatlarni (axborotni) bunday talab qilish hujjatlarni talab qilishning ushbu Kodeksning 147-moddasida belgilangan tartibiga o‘xshash tartibda amalga oshiriladi.
Tekshiruvning oxirgi kunida tekshiruvchi o‘tkazilgan tekshiruv to‘g‘risidagi ma’lumotnomani tuzishi shart bo‘lib, unda tekshiruv predmeti va uni o‘tkazish muddatlari qayd etiladi.
O‘tkazilgan tekshiruv to‘g‘risidagi ma’lumotnoma o‘ziga nisbatan bunday tekshiruv o‘tkazilgan shaxsga yoki uning vakiliga imzo qo‘ydirib topshiriladi yoki u olingan sana haqida dalolat beruvchi boshqa usulda topshiriladi.
195-modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazoratini o‘tkazish tartibi (davomi)
Agar soliq to‘lovchi (uning vakili) o‘tkazilgan tekshiruv to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olishdan bosh tortsa, mazkur ma’lumotnoma soliq to‘lovchiga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.
O‘tkazilgan tekshiruv to‘g‘risidagi ma’lumotnoma pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilganda, buyurtma xat yuborilgan sanadan e’tiboran hisoblaganda beshinchi kun u topshirilgan sana deb hisoblanadi.
Agar tekshiruv natijalariga ko‘ra soliq summasining kamayishiga (zarar summasining oshishiga) olib kelgan, nazorat qilinadigan bitim narxining bozor narxlaridan chetga chiqishi faktlari aniqlangan bo‘lsa, tekshiruvni o‘tkazgan vakolatli mansabdor shaxslar belgilangan shakldagi tekshiruv dalolatnomasini tekshiruv to‘g‘risidagi ma’lumotnoma tuzilgan kundan e’tiboran ikki oy ichida tuzishi kerak.
Tekshiruv dalolatnomasi tekshiruvni o‘tkazgan mansabdor shaxslar va o‘ziga nisbatan ushbu tekshiruv o‘tkazilgan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
O‘ziga nisbatan tekshiruv o‘tkazilgan shaxs yoki uning vakili tekshiruv dalolatnomasini imzolashni rad etgan taqdirda ushbu dalolatnomaga bu haqda tegishli yozuv kiritiladi.
Tekshiruv dalolatnomasi ushbu Kodeksning 156-moddasi beshinchi qismida nazarda tutilgan talablar hisobga olingan holda tuziladi.
Tekshiruv dalolatnomasi nazorat qilinadigan bitim narxining bozor narxlari oralig‘i chegarasidan chiqishining hujjatlar bilan tasdiqlangan faktlarini ham, shuningdek ushbu holat soliq summasining kamayishiga (zarar summasining oshishiga) olib kelganligining asoslanishini va bunday kamayish (ko‘payish) summasining hisob-kitobini o‘z ichiga olishi kerak.
195-modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazoratini o‘tkazish tartibi (davomi)
Tekshiruv dalolatnomasi o‘ziga nisbatan tekshiruv o‘tkazilgan shaxsga u tuzilgan sanadan e’tiboran besh kun ichida yoki ushbu shaxsning vakiliga imzo qo‘ydirib topshirilishi yoki olingan sana haqida dalolat beruvchi boshqa usulda topshirilishi kerak.
Agar o‘ziga nisbatan tekshiruv o‘tkazilgan shaxs yoki uning vakili tekshiruv dalolatnomasini olishdan bosh tortsa, ushbu fakt tekshiruv dalolatnomasida aks ettiriladi va tekshiruv dalolatnomasi yuridik shaxsning joylashgan yeri yoki jismoniy shaxsning yashash joyi bo‘yicha pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.
Tekshiruv dalolatnomasi pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilganda, buyurtma xat yuborilgan sanadan e’tiboran hisoblaganda beshinchi kun u olingan sana deb hisoblanadi.
O‘ziga nisbatan tekshiruv o‘tkazilgan shaxs (uning vakili) tekshiruv dalolatnomasida bayon qilingan faktlarga va (yoki) tekshiruvchilarning xulosalari hamda takliflariga rozi bo‘lmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga umuman mazkur dalolatnoma bo‘yicha yoki uning alohida qismlari bo‘yicha yozma e’tirozlarini taqdim etishga haqli.
Bunda mazkur shaxs o‘z e’tirozlarining asoslanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (ularning tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini) yozma e’tirozlariga ilova qilishga yoki kelishilgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga topshirishga haqli.
Bunday e’tirozlar soliq tekshiruvi dalolatnomasi olingan kundan e’tiboran yigirma kalendar kun ichida taqdim etiladi.
195-modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazoratini o‘tkazish tartibi (davomi)
Soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan dalolatnomani, boshqa tekshiruv materiallarini va dalolatnomaga doir yozma e’tirozlarni ko‘rib chiqish, shuningdek tekshiruv natijalariga ko‘ra qaror qabul qilish ushbu Kodeksning 158 — 160-moddalarida nazarda tutilgan materiallarni ko‘rib chiqish va soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qaror qabul qilish tartibiga o‘xshash tartibda amalga oshiriladi.
Bilimingizni sinang
Soliq kodeksiga ko‘ra, transfert narx bo‘yicha soliq nazorati maqsadida soliq to‘lovchi hujjatlarni kimning talabiga ko‘ra taqdim etadi?
- Davlat soliq qo‘mitasining talabiga ko‘ra
- Markaziy bankning talabiga ko‘ra
- Hududiy hokimning talabiga ko‘ra
- Bojxona qo‘mitasining talabiga ko‘ra
To‘g‘ri javob: Davlat soliq qo‘mitasining talabiga ko‘ra. 193-modda birinchi qism.
Taqdim etiladigan hujjatlarda usul bo‘yicha qaysi ma’lumot ko‘rsatilishi kerak (soliq to‘lovchi 23-bobdagi usuldan foydalangan bo‘lsa)?
- Soliq to‘lovchi rahbarining shaxsiy fikri
- Usulni tanlash va qo‘llash sabablarining asosi
- Taraflarning oilaviy ahvoli
- Soliq to‘lovchining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi
To‘g‘ri javob: Usulni tanlash va qo‘llash sabablarining asosi. 193-modda ikkinchi qism 1-band.
Davlat soliq qo‘mitasi transfert narx bo‘yicha hujjatlarni soliq to‘lovchidan qaysi muddatdan keyin talab qilishi mumkin?
- Bitim tuzilgandan keyin besh yil o‘tgach, nazorat qilinadigan bitimlar tuzilgan yilga qaramasdan
- Nazorat qilinadigan bitimlar tuzilgan kalendar yilning 1-oktabridan keyin, shu yil ichida
- Nazorat qilinadigan bitimlar tuzilgan kalendar yildan keyingi yilning 1-iyunidan keyin
- Nazorat qilinadigan bitim tuzilgan kunning ertasidan boshlab, yil tugashini kutmasdan
To‘g‘ri javob: Nazorat qilinadigan bitimlar tuzilgan kalendar yildan keyingi yilning 1-iyunidan keyin. 193-modda: keyingi yilning 1-iyunidan keyin talab qilinishi mumkin.
Quyidagilardan qaysi bitimlarga nisbatan 193-moddadagi hujjatlarni taqdim etish qoidalari qo‘llanilmaydi?
- Besh milliard so‘mdan oshiq summaga tuzilgan, o‘zaro aloqador shaxslar o‘rtasidagi tashqi savdo bitimlari
- Qimmatli qog‘ozlarning uyushgan bozoridagi muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga doir bitimlar
- Jahon birja tovarlari tashqi savdosiga doir bitimlar va ofshor yurisdiksiya bilan bitimlar
- Ofshor yurisdiksiya shaxslari bilan tuzilgan, qimmatbaho metallar savdosiga doir tashqi savdo bitimlari
To‘g‘ri javob: Qimmatli qog‘ozlarning uyushgan bozoridagi muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga doir bitimlar. 193-modda: qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlar istisno.
«Zafar-Savdo» MChJ ning bitimi aloqador bo‘lmagan taraf bilan tuzilgan, ya’ni nazorat qilinadigan bitim emas. MChJ direktori baribir bitim hujjatlarini soliq organiga o‘z xohishi bilan taqdim etmoqchi. Bunga haqlimi?
- Yo‘q, bunday hujjatlarni taqdim etish taqiqlanadi
- Ha, ixtiyoriy ravishda taqdim etishga haqli
- Faqat soliq organi ruxsati bilan taqdim etadi
- Faqat sud ruxsati bilan taqdim etishga haqli
To‘g‘ri javob: Ha, ixtiyoriy ravishda taqdim etishga haqli. 193-modda: ixtiyoriy taqdim etishga haqli.
Transfert narxni belgilashda soliq nazoratini (tekshiruvni) kim va qayerda o‘tkazadi?
- Sud ijrochilari
- Hududiy soliq organlari soliq to‘lovchining joyida
- Davlat soliq qo‘mitasi uning joylashgan yeri bo‘yicha
- Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo inspeksiya
To‘g‘ri javob: Davlat soliq qo‘mitasi uning joylashgan yeri bo‘yicha. 194-modda birinchi qism.
Soliq qo‘mitasi nazorat qilinadigan bitta bitimga nisbatan aynan bir kalendar yil uchun nechta tekshiruv o‘tkazishga haqli?
- Ikki va undan ortiq tekshiruv o‘tkazishga haqli emas, ya’ni bittagina
- Har chorakda bittadan, ya’ni jami to‘rtta tekshiruv o‘tkazishga haqli
- Cheklov yo‘q, soliq qo‘mitasi istagan miqdorda tekshiruv o‘tkazishi mumkin
- Ikkitagacha tekshiruv o‘tkazishga haqli, uchinchisi mumkin emas
To‘g‘ri javob: Ikki va undan ortiq tekshiruv o‘tkazishga haqli emas, ya’ni bittagina. 194-modda: ikki va undan ortiq tekshiruv o‘tkazishga haqli emas.
Soliq to‘lovchi 2025-yildagi bitim bo‘yicha tekshiruvdan keyin soliq summasini kamroq ko‘rsatgan aniqlashtirilgan hisobot taqdim etdi. Shu bitimga takroriy tekshiruv o‘tkazish mumkinmi?
- Yo‘q, chunki aniqlashtirilgan hisobot hisobga olinmaydi va takroriy tekshiruv uchun asos bo‘la olmaydi
- Yo‘q, takroriy tekshiruv mutlaqo taqiqlangan, hatto aniqlashtirilgan hisobotda soliq kamaygan bo‘lsa ham
- Ha, lekin faqat sud qarori bilan, aniqlashtirilgan hisobotda soliq kamaygan bo‘lsa ham tekshiruv mumkin
- Ha, aniqlashtirilgan hisobotda soliq ilgari ko‘rsatilganidan kam bo‘lsa, takroriy tekshiruvga yo‘l qo‘yiladi
To‘g‘ri javob: Ha, aniqlashtirilgan hisobotda soliq ilgari ko‘rsatilganidan kam bo‘lsa, takroriy tekshiruvga yo‘l qo‘yiladi. 194-modda 1-band: shunday holda takroriy tekshiruvga yo‘l qo‘yiladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash