Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining foydasiga soliq solishning umumiy qoidalari
Umumiy Qism
203-modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining foydasiga solinadigan soliqni to‘lovchi shaxslar
Agar ushbu bo‘limda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlari nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining taqsimlanmagan foydasidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq to‘lashi shart.
Chet el kompaniyalarini nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari deb e’tirof etish tartibi hamda yuridik va jismoniy shaxslarni bunday chet el kompaniyalarini nazorat qiluvchi shaxslar deb e’tirof etish tartibi ushbu Kodeksning tegishincha 39 va 40-moddalarida belgilanadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti nazorat qilinadigan chet el kompaniyasini nazorat qiluvchi shaxs deb e’tirof etilsa, u ushbu nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining taqsimlanmagan foydasini ushbu Kodeksga muvofiq soliq solinishi lozim bo‘lgan o‘z daromadlari tarkibiga kiritishi shart. Yuridik shaxslar mazkur taqsimlanmagan foydani foyda solig‘i bazasiga, jismoniy shaxslar esa – jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bazasiga kiritadi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar har bir nazorat qilinadigan chet el kompaniyasiga nisbatan uning har bir nazorat qiluvchi shaxsi tomonidan alohida qo‘llaniladi.
Ushbu Kodeksning 204-moddasida nazarda tutilgan hollarda nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining taqsimlanmagan foydasi ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishdan ozod qilinadi.
204-modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining foydasini soliq solishdan ozod qilish
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi, agar ushbu chet el kompaniyasiga nisbatan quyidagi shartlardan hech bo‘lmaganda bittasi bajarilsa, ushbu modda qoidalari hisobga olingan holda, ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishdan ozod qilinadi:
- 1) u o‘zi tashkil qilingan chet davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq notijorat tashkiloti bo‘lib, olingan foydani (daromadni) aksiyadorlar (ishtirokchilar, ta’sischilar) yoki boshqa shaxslar o‘rtasida taqsimlamaydigan bo‘lsa;
- 2) u aktiv chet el kompaniyasi yoki aktiv chet el xolding kompaniyasi bo‘lsa;
- 3) ushbu chet el kompaniyasi uchun daromadlarni (foydani) bunday kompaniya doimiy joylashgan davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq moliyaviy yil uchun moliyaviy hisobot tuziladigan davr yakunlari bo‘yicha ushbu Kodeksning 207-moddasiga muvofiq aniqlanadigan soliq solishning samarali stavkasi ushbu Kodeksning 337-moddasi 12-bandida ko‘rsatilgan foydadan olinadigan soliq stavkasi miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorni tashkil etsa;
- 4) u chet davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq bank yoki sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya yoxud boshqa maxsus ruxsatnoma asosida faoliyat yuritadigan bank yoki sug‘urta tashkiloti bo‘lsa.
Ushbu modda birinchi qismining 2-bandida ko‘rsatilgan nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi, agar bunday chet el kompaniyasi doimiy joylashgan davlat (hudud) ushbu Kodeksning 181-moddasi uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan ofshor yurisdiksiyalar ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lsa, ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishdan ozod qilinadi.
204-modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining foydasini soliq solishdan ozod qilish (davomi)
Ushbu moddaning birinchi qismi 3 va 4-bandlarida ko‘rsatilgan nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi, agar O‘zbekiston Respublikasi bilan soliq solish masalalari bo‘yicha xalqaro shartnomasi mavjud bo‘lgan davlat (hudud) bunday chet el kompaniyasi doimiy joylashgan yer bo‘lsa, ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishdan ozod qilinadi.
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasini aktiv chet el kompaniyasi yoki aktiv chet el xolding kompaniyasi deb e’tirof etish qoidalari ushbu Kodeksning 205-moddasida belgilanadi.
Foyda solig‘i bo‘yicha daromadga (foydaga) soliq solishning samarali stavkasini hisob-kitob qilish qoidalari ushbu Kodeksning 207-moddasida belgilanadi.
Aktiv chet el xolding kompaniyasining foydasi ushbu Kodeksning 205-moddasida ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxsi — bunday aktiv chet el xolding kompaniyasini nazorat qiluvchi shaxs uchun soliq solishdan ozod qilinadi. Mazkur aktiv chet el xolding kompaniyasining foydasi O‘zbekiston Respublikasining ushbu yuridik shaxsida — ushbu aktiv chet el xolding kompaniyasini nazorat qiluvchi shaxsda bevosita yoki bilvosita ishtirok etuvchi ushbu chet el xolding kompaniyasini nazorat qiluvchi boshqa shaxslarda ham ozod qilinadi. Ushbu foyda bunday shaxslarning mazkur nazorat qiluvchi shaxsda ishtirok etish ulushiga muvofiq miqdorda soliq solishdan ozod qilinadi.
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasini foyda solig‘i solishdan ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan asoslarga ko‘ra ushbu Kodeksga muvofiq ozod qilish huquqi hujjat bilan tasdiqlanishi kerak. Mazkur huquqni tasdiqlash uchun ushbu nazorat qilinadigan chet el kompaniyasini nazorat qiluvchi shaxs bo‘lgan soliq to‘lovchi o‘zi hisobga olingan joydagi soliq organiga bunday soliqdan ozod qilish shartlariga rioya qilinishini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi. Bu hujjatlar ushbu Kodeksning 209-moddasi ikkinchi — beshinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatda taqdim etiladi va uning nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini soliq solishdan ozod qilish huquqini beruvchi shartlarga rioya etilishini tasdiqlash uchun zarur bo‘lgan qismi davlat tiliga tarjima qilinishi lozim.
205-modda. Aktiv chet el kompaniyalari va aktiv chet el xolding kompaniyalari
O‘zining moliyaviy hisoboti ma’lumotlariga ko‘ra moliya yilida passiv faoliyatdan olingan daromadlarining ulushi ko‘rsatilgan davr uchun daromadlarining umumiy summasida 20 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorni tashkil etgan chet el yuridik shaxsi ushbu Kodeksning maqsadida aktiv chet el kompaniyasi deb e’tirof etiladi.
Ustav fondida (ustav kapitalida) O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxsi bo‘lgan nazorat qiluvchi shaxsning bevosita ishtirok etish ulushi ketma-ket keladigan kamida uch yuz oltmish besh kalendar kun ichida kamida 75 foizni tashkil etgan chet el yuridik shaxsi ushbu Kodeksning maqsadida chet el xolding kompaniyasi deb e’tirof etiladi.
Agar chet el xolding kompaniyasiga nisbatan quyidagi shartlarga bir vaqtning o‘zida rioya qilinsa, ushbu chet el xolding kompaniyasi ushbu Kodeksning maqsadida aktiv chet el xolding kompaniyasi deb e’tirof etiladi:
- 1) uning passiv faoliyatdan olingan daromadlarining (bundan aktiv chet el kompaniyasidan olingan dividendlar mustasno) ulushi moliya yilida moliyaviy hisobot ma’lumotlariga ko‘ra o‘z daromadlari umumiy summasining 5 foizidan oshmasa;
- 2) ushbu qismning 1-bandida ko‘rsatilgan ulushni hisob-kitob qilishda dividendlari passiv faoliyatdan olingan daromadlar tarkibidan chiqariladigan har bir aktiv chet el kompaniyasining ustav fondida (ustav kapitalida) uning bevosita ishtirok etish ulushi ketma-ket keladigan kamida uch yuz oltmish besh kalendar kun ichida kamida 50 foizni tashkil etsa.
205-modda. Aktiv chet el kompaniyalari va aktiv chet el xolding kompaniyalari (davomi)
Ushbu moddaning maqsadida moliya yili deganda, chet el yuridik shaxsi tashkil etilgan davlatning qonunchiligiga muvofiq moliyaviy hisobot tuziladigan vaqt davri moliyaviy yil, uning moliyaviy hisoboti deganda esa ushbu yuridik shaxsning konsolidatsiya qilinmagan moliyaviy hisoboti tushuniladi.
Qaysi faoliyat turini amalga oshirishdan olingan daromad soliq solish maqsadida passiv faoliyatdan olingan daromad deb qaralishi ushbu Kodeksning 206-moddasiga muvofiq aniqlanadi.
206-modda. Aktiv va passiv faoliyatdan olinadigan daromadlar
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining daromadlarini aniqlashda ushbu Kodeksning maqsadida uning quyidagi daromadlari hisobga olinadi:
- 1) ushbu chet el kompaniyasi tomonidan olingan dividendlar;
- 2) yuridik shaxslarning, boshqa shaxslarning yoki ular birlashmalarining foydasini yoki mol-mulkini taqsimlash natijasida, shu jumladan ularni tugatish chog‘ida taqsimlash natijasida olinadigan daromadlar;
- 3) har qanday turdagi qarz majburiyatlari bo‘yicha, shu jumladan foydada ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan obligatsiyalar va ayirboshlanadigan obligatsiyalar bo‘yicha foizli daromad;
- 4) royalti;
- 5) chet el huquqi bo‘yicha yuridik shaxs bo‘lmagan chet el tashkilotida aksiyalarni (ulushlarni) realizatsiya qilishdan va (yoki) huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazishdan olinadigan daromadlar;
- 6) muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga (hosila moliyaviy vositalariga) doir operatsiyalar bo‘yicha daromadlar;
- 7) ko‘chmas mulkni realizatsiya qilishdan olinadigan daromadlar;
- 8) mol-mulkni ijaraga yoki ikkilamchi ijaraga berishdan olinadigan daromadlar, shu jumladan lizing operatsiyalaridan olinadigan daromadlar, bundan dengiz yoki havo kemalarini va (yoki) transport vositalarini, shuningdek xalqaro tashishlarda foydalaniladigan konteynerlarni ijaraga yoki ikkilamchi ijaraga berishdan olinadigan daromadlar mustasno. Bunda lizing oluvchi tomonidan lizing predmetini olish va undan foydalanish bilan bog‘liq lizing operatsiyalaridan olinadigan daromad lizing to‘lovining lizing beruvchiga lizingga berilgan mol-mulk qiymatini to‘lashni chiqarib tashlangan holdagi barcha summasidan kelib chiqib hisob-kitob qilinadi;
206-modda. Aktiv va passiv faoliyatdan olinadigan daromadlar (davomi)
- 9) investitsiya pay fondlarining investitsiya paylarini realizatsiya qilishdan (shu jumladan to‘lanishidan) olinadigan daromadlar;
- 10) maslahat berish, yuridik, buxgalterlik, auditorlik, injiniring, reklama, marketing xizmatlari, axborotga ishlov berish xizmatlari ko‘rsatishdan, shuningdek ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirishdan olinadigan daromadlar;
- 11) xodimlarni taqdim etishga oid xizmatlardan olinadigan daromadlar;
- 12) ushbu modda birinchi qismining 1 — 11-bandlarida ko‘rsatilgan daromadlarga o‘xshash bo‘lgan boshqa daromadlar;
- 13) boshqa daromadlar.
Ushbu Kodeksning maqsadida ushbu moddaning birinchi qismi 1 — 12-bandlarida ko‘rsatilgan daromadlar passiv faoliyatdan olinadigan daromadlar deb, ushbu moddaning birinchi qismi 13-bandida ko‘rsatilgan daromadlar aktiv faoliyatdan olinadigan daromadlar deb e’tirof etiladi.
Agar bunda chet el kompaniyasining asosiy faoliyati ushbu modda birinchi qismining 3-bandida ko‘rsatilgan daromadlarni olishga yo‘naltirilgan bo‘lsa va chet davlatning (hududining) qonunchiligiga muvofiq maxsus litsenziya asosida amalga oshirilsa, ko‘rsatilgan daromadlar aktiv faoliyatdan olinadigan daromadlar jumlasiga kiritilishi mumkin. Xususan, banklar uchun bunday daromadlar aktiv faoliyatdan olinadigan daromadlar deb e’tirof etiladi.
207-modda. Daromadlarga (foydaga) soliq solishning samarali stavkasi
Chet el kompaniyasi mansub bo‘lgan davlat (hudud) qonunchiligiga muvofiq chet el kompaniyasi va uning alohida bo‘linmalari tomonidan hisoblab chiqarilgan daromad (foyda) solig‘i hamda bunday daromadlarning to‘lov manbaida ushbu kompaniya daromadlaridan (foydasidan) ushlab qolingan daromad (foyda) solig‘i summasining chet el kompaniyasining uning alohida bo‘linmalari bilan birgalikdagi daromadining (foydasining) umumiy summasiga nisbati chet el kompaniyasining daromadlariga (foydasiga) soliq solishning samarali stavkasi hisoblanadi.
Daromad (foyda) solig‘i summasini hisob-kitob qilish chog‘ida soliq to‘lovchi chet el kompaniyasining uning alohida bo‘linmalari bilan birgalikdagi daromadining (foydasining) umumiy summasini hisob-kitob qilish chog‘ida inobatga olingan daromadlar (foyda) jumlasiga kiruvchi va chet el tashkilotining chet el kompaniyasi mansub bo‘lgan davlat (hudud) qonunchiligiga muvofiq hisoblab chiqarilishi va (yoki) chet el kompaniyasining uning alohida bo‘linmalari bilan birgalikdagi daromadining (foydasining) umumiy summasi hisoblab chiqarilgan davrdan farq qiluvchi boshqa davrlarda ushlab qolinishi lozim bo‘lgan soliqlar summasiga tuzatish kiritishga haqli.
Agar soliq davri yakunlari bo‘yicha chet el kompaniyasida daromadlar mavjud bo‘lmasa yoki daromadining (foydasining) umumiy summasi manfiy yoxud nolga teng bo‘lsa, samarali soliq stavkasini hisob-kitob qilish amalga oshirilmaydi, nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi esa ushbu Kodeksning 204-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan shartlarni qanoatlantiruvchi deb e’tirof etiladi.
208-modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini soliq solishda hisobga olish tartibi
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining ushbu Kodeksning XI bo‘limiga muvofiq hisob-kitob qilingan foydasi (zarari) summasi ushbu Kodeksning maqsadida mazkur kompaniyaning foydasi (zarari) deb e’tirof etiladi.
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini hisoblab chiqarishda ushbu Kodeksning XI bo‘limida nazarda tutilgan, xususan, ushbu chet el kompaniyasi doimiy joylashgan davlat (hudud) bilan xalqaro bitim mavjudligidan kelib chiqadigan xususiyatlar hisobga olinadi.
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi bunday kompaniya mansub bo‘lgan davlat (hudud) qonunchiligiga muvofiq moliyaviy hisobot tuziladigan yildan keyingi kalendar yilda ushbu chet el kompaniyasi tomonidan to‘langan dividendlar miqdoriga, ushbu moliyaviy hisobot tuziladigan moliyaviy yil davomida to‘langan oraliq dividendlar hisobga olingan holda kamayadi.
Agar nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining moliyaviy hisoboti u mansub bo‘lgan davlat (hudud) qonunchiligiga muvofiq tuzilmasa, ushbu band maqsadida kalendar yil qo‘llaniladi.
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini aniqlashda O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari to‘lov manbai bo‘lgan dividendlar tarzidagi daromadlar, agar ushbu nazorat qilinadigan chet el kompaniyasini nazorat qiladigan shaxs bunday daromadlarga nisbatan haqiqatda huquqqa ega bo‘lsa va bunday daromadlar hisobidan soliq to‘lashdan ozod qilingan bo‘lsa yoxud ularni ushbu Kodeksga muvofiq mustaqil ravishda to‘lagan bo‘lsa, hisobga olinmaydi.
208-modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini soliq solishda hisobga olish tartibi (davomi)
Agar nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi yuridik shaxs tashkil etmagan chet el tuzilmasi bo‘lsa, uning foydasi ushbu chet el kompaniyasining nazorat qiluvchi shaxslari va (yoki) uning ta’sis hujjatlariga muvofiq benefitsiarlar deb e’tirof etilgan boshqa shunday shaxslar foydasiga taqsimlangan foyda miqdoriga kamayadi.
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining ushbu Kodeksga muvofiq aniqlanadigan taqsimlanmagan foydasi, ushbu kompaniyani nazorat qiluvchi shaxs deb e’tirof etiladigan soliq to‘lovchi tomonidan olingan daromadlarga tenglashtiriladi. Bunday daromadlar nazorat qiluvchi shaxslarda nazorat qiluvchi shaxs yuridik yoki jismoniy shaxs ekanligiga bog‘liq ravishda foyda solig‘i yoki jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda inobatga olinadi.
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining taqsimlanmagan foydasi nazorat qiluvchi shaxsda soliq bazasini aniqlashda nazorat qiluvchi shaxsning ushbu kompaniyada foydani taqsimlash haqidagi qaror qabul qilingan sanadagi holatga ko‘ra ishtirok etishi ulushiga muvofiq bo‘lgan ulushda hisobga olinadi.
Agar foydani taqsimlash haqidagi qaror bunday kompaniya mansub bo‘lgan davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq moliya yili uchun moliyaviy hisobot tuziladigan davr oxiriga to‘g‘ri keladigan yilning 31-dekabriga qadar qabul qilinmagan bo‘lsa, mazkur foyda nazorat qiluvchi shaxsning tegishli davrning oxiridagi ishtirok etishi ulushiga to‘g‘ri keladigan ulushda hisobga olinadi.
208-modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini soliq solishda hisobga olish tartibi (davomi)
Agar nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydadagi ulushini mazkur usulda aniqlash imkoni bo‘lmasa, uning foydasi nazorat qiluvchi shaxsda soliq bazasini aniqlashda haqiqatda shunday foydaga (daromadga) doir huquqqa ega bo‘lgan shaxslar o‘rtasida ushbu foyda taqsimlangan taqdirda u huquqqa ega bo‘lgan (ega bo‘ladigan) foyda summasidan kelib chiqqan holda hisobga olinadi.
Agar nazorat qiluvchi shaxs nazorat qilinadigan chet el kompaniyasida uning nazorat qiluvchi shaxslari bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan e’tirof etiladigan yuridik shaxslar orqali bilvosita ishtirok etsa, u holda ushbu nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining mazkur nazorat qiluvchi shaxsda hisobga olinadigan foydasi boshqa nazorat qiluvchi shaxslarda hisobga olinishi lozim bo‘lgan foyda summasiga kamayadi. Bunday kamaytirish mazkur nazorat qiluvchi shaxsning bilvosita ishtiroki nazorat qilinadigan chet el kompaniyasida qaysi yuridik shaxs orqali amalga oshirilayotgan bo‘lsa, nazorat qiluvchi shaxsning ana shu yuridik shaxsda ishtirok etish ulushiga mutanosib ulushda amalga oshiriladi.
Agar bunda nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining nazorat qiluvchi shaxsda soliq bazasini aniqlashda hisobga olinishi lozim bo‘lgan foydasining summasi nolga teng bo‘lsa, soliq to‘lovchi uni foyda solig‘i (jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i) bo‘yicha soliq deklaratsiyasida aks ettirmaydi.
208-modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini soliq solishda hisobga olish tartibi (davomi)
Nazorat qiluvchi shaxs quyidagi hujjatlar ilova qilingan holda soliq bo‘yicha soliq hisobotini taqdim etadi, bunda ushbu soliq bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda mazkur shaxs tomonidan nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi hisobga olinadi:
- 1) nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining soliq hisoboti taqdim etilgan soliq bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda foyda hisobga olingan davr uchun moliyaviy hisoboti yoki moliyaviy hisobot mavjud bo‘lmagan taqdirda boshqa hujjatlar;
- 2) agar ushbu nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi mansub bo‘lgan davlatning (hududning) qonunchiligiga yoki ta’sis (korporativ) hujjatlariga muvofiq bu moliyaviy hisobotning auditini majburiy ravishda o‘tkazish belgilangan bo‘lsa yoki audit chet el tashkiloti tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshirilsa, ushbu qismning 1-bandida ko‘rsatilgan nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining moliyaviy hisoboti bo‘yicha auditorlik xulosasi.
Ushbu moddaning o‘n uchinchi qismida ko‘rsatilgan, chet tilida tuzilgan hujjatlar (ularning nusxalari) davlat tiliga tarjima qilingan bo‘lishi kerak.
Agar moliyaviy hisobot bo‘yicha auditorlik xulosasini soliq hisobotini taqdim etish bilan bir vaqtda taqdim etish mumkin bo‘lmasa, moliyaviy hisobot nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari to‘g‘risidagi bildirishnomada moliyaviy hisobot bo‘yicha auditorlik xulosasi tuzilgan sana sifatida aks etgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirilmagan muddatda taqdim etiladi.
208-modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini soliq solishda hisobga olish tartibi (davomi)
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi, agar uning ushbu Kodeksning XI bo‘limiga muvofiq hisob-kitob qilingan miqdori uch yuz million so‘mdan ortiqni tashkil etsa, tegishli soliq bo‘yicha soliq davri uchun soliq bazasini ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq aniqlashda hisobga olinadi.
Agar nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi moliya yili yakunlari bo‘yicha foydani (to‘liq yoki qisman) o‘z davlati (hududi) qonunchiligida ushbu foydani ustav kapitalini ko‘paytirish uchun yo‘naltirish majburiyati belgilanganligi tufayli ishtirokchilar (paychilar, ishonchli vakillar yoki boshqa shaxslar) o‘rtasida taqsimlay olmasa, bunday foyda nazorat qiluvchi shaxsda soliq bazasini aniqlashda hisobga olinmaydi.
209-modda. Chet el kompaniyalarida ishtirok etish to‘g‘risidagi va nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomalar
O‘zbekiston Respublikasi soliq rezidentlari bo‘lgan soliq to‘lovchilar ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda va tartibda soliq organini quyidagilar to‘g‘risida xabardor qiladi:
chet el yuridik shaxsi faoliyatida o‘zining ishtirok etishi to‘g‘risida (yuridik shaxs tashkil etmagan holda chet el tuzilmalarini ta’sis etish haqida);
chet el kompaniyalarining nazorat qiluvchi shaxslari hisoblangan nazorat qilinadigan chet el kompaniyalar haqida.
Chet el yuridik shaxslari faoliyatida ishtirok etish to‘g‘risidagi xabarnoma shunday chet el yuridik shaxsida bunday xabarnomani taqdim etish uchun asos bo‘lgan ishtirok etish yuzaga kelgan (ulush o‘zgargan) sanadan e’tiboran bir oydan kechiktirilmagan muddatda taqdim etiladi.
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari to‘g‘risidagi xabarnoma nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi foydasining ulushi ushbu Kodeksning 208-moddasiga muvofiq nazorat qiluvchi shaxsda hisobga olinishi kerak bo‘lgan soliq davridan keyingi yilning 20-martidan kechiktirilmagan muddatda taqdim etiladi.
Agar chet el tashkilotlari faoliyatida ishtirok etish to‘g‘risidagi xabarnoma taqdim etilganidan keyin bunday xabarnomani taqdim etish uchun asoslar o‘zgarmagan bo‘lsa, takroriy xabarnomalar taqdim etilmaydi.
Chet el tashkilotlari faoliyatida ishtirok etish tugatilgan taqdirda, soliq to‘lovchi ishtirok etish tugatilgan sanadan e’tiboran bir oydan kechiktirilmagan muddatda soliq organini bu haqda xabardor qiladi.
209-modda. Chet el kompaniyalarida ishtirok etish to‘g‘risidagi va nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomalar (davomi)
Soliq to‘lovchilar chet el yuridik shaxslari faoliyatida ishtirok etish to‘g‘risidagi xabarnomalarni va nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomalarni o‘zi hisobga olingan joydagi soliq organiga taqdim etadi.
Chet el yuridik shaxslarida ishtirok etish to‘g‘risidagi xabarnomalar va nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomalar soliq organiga elektron shaklda taqdim etiladi. Jismoniy shaxs bo‘lgan soliq to‘lovchilar mazkur xabarnomalarni qog‘ozda taqdim etishga haqlidir.
Chet el yuridik shaxslarida ishtirok etish to‘g‘risidagi xabarnomaning va nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomaning shakli, shuningdek ularni to‘ldirish hamda taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Chet el yuridik shaxslarida ishtirok etish to‘g‘risidagi xabarnoma quyidagi axborotni o‘z ichiga olishi kerak:
- 1) xabarnomani taqdim etish uchun asoslar yuzaga kelgan sana;
- 2) soliq to‘lovchi undagi ishtiroki haqida (uning ta’sis etilganligi haqida) xabarnoma taqdim etgan chet el yuridik shaxsining (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasining) nomi;
- 3) ro‘yxatdan o‘tkazilgan (inkorporatsiya qilingan) davlatda (hududda) chet el yuridik shaxsiga berilgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik raqami, ushbu chet el yuridik shaxsining ro‘yxatdan o‘tkazilgan (inkorporatsiya qilingan) davlatda (hududda) soliq to‘lovchi sifatidagi kodi — ular mavjud bo‘lgan taqdirda;
209-modda. Chet el kompaniyalarida ishtirok etish to‘g‘risidagi va nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomalar (davomi)
- 4) soliq to‘lovchining chet el yuridik shaxsida ishtirok etish ulushi, basharti bilvosita ishtirok etish mavjud bo‘lsa, soliq to‘lovchining chet el yuridik shaxsida ishtirok etish tartibini quyidagi axborotni ko‘rsatgan holda ochib berish:
- a) chet el yuridik shaxsi faoliyatida bilvosita ishtirok etish amalga oshirilayotgan har bir keyingi yuridik shaxsga nisbatan — ushbu qismning 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan axborot;
- b) chet el yuridik shaxsi faoliyatida bilvosita ishtirok etish amalga oshirilayotgan har bir keyingi yuridik shaxs faoliyatida ishtirok etish ulushi;
- 5) chet el yuridik shaxsida (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasida) ishtirok etishning yakunlanish sanasi.
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari to‘g‘risidagi xabarnoma quyidagi axborotni o‘z ichiga olishi kerak:
- 1) xabarnoma taqdim etilayotgan davr;
- 2) chet el yuridik shaxsining (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasining) nomi;
- 3) ro‘yxatdan o‘tkazilgan (inkorporatsiya qilingan) davlatda (hududda) chet el yuridik shaxsiga berilgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik raqami, ro‘yxatdan o‘tkazilgan (inkorporatsiya qilingan) davlatda (hududda) ushbu chet el yuridik shaxsining soliq to‘lovchi sifatidagi kodi (kodlari) — ular mavjud bo‘lgan taqdirda;
- 4) chet el yuridik shaxsining (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasining) u joylashgan davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq moliya yili uchun moliyaviy hisoboti tuziladigan davrning oxirgi kuni bo‘lgan sana;
209-modda. Chet el kompaniyalarida ishtirok etish to‘g‘risidagi va nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomalar (davomi)
- 5) chet el yuridik shaxsi mansub bo‘lgan davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq moliya yili uchun moliyaviy hisobot tuzilgan sana, shuningdek u mansub bo‘lgan davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq foydadan (daromaddan) olinadigan soliq bo‘yicha soliq davrining tugallanish sanasi;
- 6) chet el yuridik shaxsining moliya yili uchun moliyaviy hisoboti bo‘yicha auditorlik xulosasi tuzilgan sana (ushbu yuridik shaxs mansub bo‘lgan davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq audit majburiy ravishda o‘tkazilgan taqdirda);
- 7) chet el yuridik shaxsida soliq to‘lovchining ishtirok etishi ulushi, bilvosita ishtirok etish mavjud bo‘lganda chet el yuridik shaxsida soliq to‘lovchining ishtirok etish tartibini quyidagi axborotni ko‘rsatgan holda ochib berish:
- a) bilvosita ishtirok etish o‘zi orqali amalga oshirilayotgan har bir keyingi yuridik shaxsga nisbatan — ushbu qismning 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan axborot;
- b) bilvosita ishtirok etish amalga oshirilayotgan har bir keyingi yuridik shaxs faoliyatida ishtirok etish ulushi;
- 8) soliq to‘lovchini nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining nazorat qiluvchi shaxsi deb e’tirof etish uchun asoslarning tavsifi;
- 9) nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishdan ozod qilish uchun asoslarning tavsifi.
Chet el yuridik shaxslarida ishtirok etish to‘g‘risida taqdim etilgan xabarnomadagi yoki nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomadagi ma’lumotlarning to‘liq emasligi, ularni to‘ldirishda yo‘l qo‘yilgan noaniqliklar yoxud xatolar aniqlanganda soliq to‘lovchi aniqlashtirilgan xabarnomani taqdim etishga haqli.
209-modda. Chet el kompaniyalarida ishtirok etish to‘g‘risidagi va nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomalar (davomi)
Soliq organida soliq to‘lovchi chet el kompaniyasining (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasining) nazorat qiluvchi shaxsi ekanligi, lekin soliq organiga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xabarnomani yubormaganligi haqida axborot mavjud bo‘lganda, soliq organi zarur tushuntirishlarni taqdim etish yoki ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xabarnomani topshirish haqidagi talabnomani ushbu soliq to‘lovchiga yuboradi.
Talabnoma soliq to‘lovchiga, xususan, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq soliq maqsadida axborot almashish doirasida chet davlatlarning vakolatli organlaridan axborot olishda, shu jumladan ushbu Kodeksning 40-moddasi birinchi qismida ko‘rsatilmagan hollarda yuboriladi. Mazkur talabnoma olingan sanadan e’tiboran yigirma kalendar kun ichida soliq to‘lovchi tomonidan bajarilishi lozim.
Soliq organining talabnomasi quyidagi axborotni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak:
- 1) xabar yuborilayotgan soliq to‘lovchining nomi;
- 2) soliq organida soliq to‘lovchi qaysi chet el yuridik shaxslarini nazorat qiluvchi shaxs ekanligi to‘g‘risida dalolat beruvchi axborot mavjud bo‘lsa, o‘sha chet el yuridik shaxslarining (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmalarining) nomi;
- 3) ro‘yxatdan o‘tkazilgan (inkorporatsiya qilingan) davlatda (hududda) chet el yuridik shaxsiga berilgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik raqami, ushbu chet el yuridik shaxsining ro‘yxatdan o‘tkazilgan (inkorporatsiya qilingan) davlatdagi (hududdagi) soliq to‘lovchi sifatidagi kodi (kodlari) — ular mavjud bo‘lgan taqdirda;
209-modda. Chet el kompaniyalarida ishtirok etish to‘g‘risidagi va nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomalar (davomi)
- 4) soliq to‘lovchini chet el yuridik shaxsning (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasining) nazorat qiluvchi shaxsi deb e’tirof etish uchun soliq organida mavjud asoslarning tavsifi.
Soliq to‘lovchi soliq organiga yuborilgan talabnomada bayon etilgan faktlarga taalluqli tushuntirishlarni taqdim etib, tushuntirishlar bilan bir vaqtda uni chet el yuridik shaxsini nazorat qiluvchi shaxs deb e’tirof etish uchun asoslar mavjud emasligi haqida dalolat beruvchi hujjatlarni qo‘shimcha ravishda taqdim etishga haqli.
Soliq organi soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan tushuntirishlarni va hujjatlarni ko‘rib chiqishi shart.
Agar taqdim etilgan tushuntirishlar va hujjatlar ko‘rib chiqilganidan keyin yoxud ular mavjud bo‘lmagan taqdirda soliq organi soliq to‘lovchini chet el yuridik shaxsini (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasini) nazorat qiluvchi shaxs deb e’tirof etish uchun asoslarni aniqlasa, soliq organining mansabdor shaxsi ushbu soliq to‘lovchiga bunday shaxsni nazorat qiluvchi shaxs deb e’tirof etish uchun shunday shaxs tomonidan nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomani yuboradi. Mazkur xabarnoma ushbu modda o‘ninchi qismining 8-bandida nazarda tutilgan axborotni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
O‘ziga xabarnoma yuborilgan shaxs mazkur xabarnoma yuzasidan u olingan sanadan e’tiboran uch oy ichida sudga shikoyat qilishga haqli. Bunda mazkur shaxs tegishli ariza sudga berilgan paytdan e’tiboran uch kun ichida ushbu fakt haqida soliq organini xabardor qiladi.
209-modda. Chet el kompaniyalarida ishtirok etish to‘g‘risidagi va nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomalar (davomi)
O‘ziga xabarnoma yuborilgan shaxs xabarnoma yuzasidan nizolashish haqidagi arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan sud hujjati qonuniy kuchga kirguniga qadar ushbu Kodeksning maqsadida chet el yuridik shaxsini (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasini) nazorat qiluvchi shaxs deb e’tirof etilishi mumkin emas.
Agar shaxs o‘zi nazorat qiladigan chet el kompaniyalari to‘g‘risida o‘z manziliga yuborilgan xabarnoma ustidan shikoyat bermagan bo‘lsa, mazkur xabarnoma olingan sanadan e’tiboran uch oy o‘tgach ushbu shaxs o‘zini chet el kompaniyasini nazorat qiluvchi shaxs deb e’tirof etgan hisoblanadi. Bunda mazkur shaxs uchun ushbu Kodeksning nazorat qilinadigan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan qoidalari tatbiq etiladi.
VIII BO‘LIM.
SOLIQQA OID HUQUQBUZARLIKLAR VA ULARNI SODIR ETGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK
Bilimingizni sinang
Soliq kodeksiga ko‘ra, nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining qaysi foydasidan O‘zbekiston soliq rezidentlari soliq to‘lashi shart?
- Taqsimlangan dividendlaridan
- Faqat asosiy vositalaridan
- Faqat sof tushumidan
- Taqsimlanmagan foydasidan
To‘g‘ri javob: Taqsimlanmagan foydasidan. 203-moddaning birinchi qismi.
Nazorat qiluvchi shaxs yuridik shaxs bo‘lsa, nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining taqsimlanmagan foydasini qaysi soliq bazasiga kiritadi?
- Aksiz solig‘i bazasiga
- Foyda solig‘i bazasiga
- Mol-mulk solig‘i bazasiga
- Qo‘shilgan qiymat solig‘i bazasiga
To‘g‘ri javob: Foyda solig‘i bazasiga. 203-modda: yuridik shaxslar foyda solig‘i bazasiga, jismoniy shaxslar JShDS bazasiga kiritadi.
Quyidagi nazorat qilinadigan chet el kompaniyalaridan qaysi birining foydasi soliq solishdan ozod qilinadi?
- Soliq to‘lovchining sho‘ba kompaniyasi bo‘lgan har qanday kompaniya
- Passiv daromad olishga ixtisoslashgan kompaniya
- Foydani aksiyadorlar o‘rtasida taqsimlamaydigan notijorat tashkiloti
- Ofshorda joylashgan har qanday kompaniya
To‘g‘ri javob: Foydani aksiyadorlar o‘rtasida taqsimlamaydigan notijorat tashkiloti. 204-modda 1-band.
Chet el yuridik shaxsi aktiv chet el kompaniyasi deb e’tirof etilishi uchun moliya yilida passiv faoliyatdan olingan daromadlarining ulushi daromadlarning umumiy summasida qancha bo‘lishi kerak?
- 20 foizdan ko‘p bo‘lmagan
- 75 foizdan ko‘p bo‘lmagan
- 5 foizdan ko‘p bo‘lmagan
- 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan
To‘g‘ri javob: 20 foizdan ko‘p bo‘lmagan. 205-modda birinchi qism.
Chet el yuridik shaxsi chet el xolding kompaniyasi deb e’tirof etilishi uchun O‘zbekiston yuridik shaxsining unda bevosita ishtirok etish ulushi qancha bo‘lishi va qancha muddat saqlanishi kerak?
- Ketma-ket kamida 180 kalendar kun ichida kamida 50 foiz
- Ketma-ket kamida 730 kalendar kun ichida kamida 100 foiz
- Ketma-ket kamida 30 kalendar kun ichida kamida 25 foiz
- Ketma-ket kamida 365 kalendar kun ichida kamida 75 foiz
To‘g‘ri javob: Ketma-ket kamida 365 kalendar kun ichida kamida 75 foiz. 205-modda ikkinchi qism: kamida uch yuz oltmish besh kalendar kun, kamida 75 foiz.
«Atlas-Holding» MChJ chet eldagi kompaniyada bevosita 80 foiz ulushga uch yil davomida egalik qiladi. Bu chet el kompaniyasining passiv daromadlari ulushi o‘z daromadlari jami summasining 4 foizini tashkil etadi, u har bir aktiv kompaniyada kamida 50 foiz ulushga ega. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- U xolding kompaniya emas
- U aktiv chet el xolding kompaniyasi deb e’tirof etilishi mumkin
- Passiv daromad ulushi 5 foizdan oshgani uchun aktiv bo‘la olmaydi
- Faqat ofshorda bo‘lsa aktiv hisoblanadi
To‘g‘ri javob: U aktiv chet el xolding kompaniyasi deb e’tirof etilishi mumkin. 205-modda: xolding (75%) va aktiv xolding sharti (5% passiv, aktiv kompaniyalarda 50%) bajarilgan.
Daromadga (foydaga) soliq solishning samarali stavkasi qanday hisoblanadi?
- Chet davlat qonunchiligi bo‘yicha hisoblangan va ushlab qolingan soliq summasining kompaniya daromadi (foydasi) umumiy summasiga nisbati
- Chet davlat qonunchiligi bo‘yicha hisoblangan va ushlab qolingan soliq summasining kompaniya aktivlari umumiy qiymatiga nisbati
- Chet davlat qonunchiligi bo‘yicha hisoblangan va ushlab qolingan soliq summasining kompaniya tannarxi umumiy summasiga nisbati
- O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha hisoblangan soliq summasining chet el kompaniyasi daromadi (foydasi) umumiy summasiga nisbati
To‘g‘ri javob: Chet davlat qonunchiligi bo‘yicha hisoblangan va ushlab qolingan soliq summasining kompaniya daromadi (foydasi) umumiy summasiga nisbati. 207-modda birinchi qism.
Agar soliq davri yakunlari bo‘yicha chet el kompaniyasining daromadlari bo‘lmasa yoki umumiy summasi manfiy yoki nolga teng bo‘lsa, nima bo‘ladi?
- Samarali stavka nolga teng deb hisoblanadi va kompaniya 204-moddadagi shartlarni qanoatlantirmaydi deb e’tirof etiladi
- Kompaniya darhol ofshor deb topilib, uning daromadlari soliq solinadigan baza sifatida qayta hisoblanadi
- Samarali stavka hisoblanmaydi va kompaniya 204-moddadagi shartlarni qanoatlantiruvchi deb e’tirof etiladi
- Foyda avvalgi soliq davridagi darajada hisoblanadi va kompaniya shartlarni qanoatlantiruvchi deb e’tirof etilmaydi
To‘g‘ri javob: Samarali stavka hisoblanmaydi va kompaniya 204-moddadagi shartlarni qanoatlantiruvchi deb e’tirof etiladi. 207-modda uchinchi qism.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash