Soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi
Maxsus Qism
265-modda. Soliqni hisoblab chiqarish tartibi
Ushbu Kodeksning 247 — 257-moddalariga muvofiq soliq bazasini aniqlashda soliq summasi soliq bazasining soliq stavkasiga muvofiq bo‘lgan foizli ulushi sifatida hisoblab chiqariladi.
Soliq summasi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir operatsiyalarning soliq bazasidan, tegishli soliq davriga taalluqli bo‘lgan aylanmalarni amalga oshirish sanasidan kelib chiqqan holda, tegishli soliq davrida soliq bazasini ko‘paytiradigan yoki kamaytiradigan barcha o‘zgartishlar hisobga olingan holda har bir soliq davrining yakunlariga ko‘ra hisoblab chiqariladi.
Tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda soliqning umumiy summasi ushbu Kodeksning 254-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan soliq bazasining soliq stavkasiga mos keladigan foizli ulushi sifatida hisoblab chiqariladi.
Agar ushbu Kodeksning 254-moddasi to‘rtinchi qismida belgilangan talablarga muvofiq soliq bazasi O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan tovarlarning har bir guruhi bo‘yicha alohida aniqlansa, soliq summasi mazkur soliq bazalarining har biri bo‘yicha alohida hisoblab chiqariladi. Bunda soliqning umumiy summasi bunday soliq bazalarining har biri bo‘yicha alohida hisoblab chiqarilgan soliq summalarini qo‘shish orqali hisoblab chiqariladi.
266-modda. To‘langan soliq summalarini hisobga olish
Budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasini aniqlashda, agar ushbu Kodeksning 267-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchi haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan (to‘lanishi lozim bo‘lgan) soliq summasini hisobga olish orqali ushbu Kodeksning 265-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan soliqning umumiy summasini kamaytirishga, quyidagi shartlarni bir vaqtda bajargan taqdirda, haqli bo‘ladi:
- 1) soliq to‘lovchining tovarlarni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish (xizmat ko‘rsatish) bilan bog‘liq faoliyatini amalga oshirish chog‘ida tovarlardan (xizmatlardan), foydalanilganda realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmasiga soliq solinishi, shu jumladan nol stavka bo‘yicha soliq solinishi lozim bo‘lganda;
- 2) olingan tovarlarga (xizmatlarga) soliq to‘lovchi tomonidan hisobvaraq-faktura yoki yetkazib beruvchi tomonidan taqdim etilgan soliq summasi alohida ajratib ko‘rsatilgan boshqa hujjat olinganda hamda tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib beruvchi soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilganda;
- 3) tovarlar olib kirilgan (import qilingan) taqdirda soliq budjetga to‘langanda;
- 4) ushbu Kodeksning 255, 256 va 266¹-moddalarida nazarda tutilgan hollarda soliq budjetga to‘langanda;
- 5) nol darajali stavka bo‘yicha soliq solinadigan tovarlar eksportida chet ellik sotib oluvchi (to‘lovchi) tomonidan eksport qilinayotgan tovarlar uchun haq to‘langanligini tasdiqlovchi bank hujjatidan ko‘chirma mavjud bo‘lsa, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
266-modda. To‘langan soliq summalarini hisobga olish (davomi)
Nol darajali stavka bo‘yicha soliq solinadigan tovarlarni eksportga realizatsiya qilish aylanmasi maqsadida foydalaniladigan, haqiqatda olingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) soliq tovarlar eksportidan soliq to‘lovchining O‘zbekiston Respublikasidagi bank hisobvarag‘iga kelib tushgan valyuta tushumining ulushida hisobga olinadi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Agar soliq to‘lovchi oxirgi bir yil davomida valyuta tushumlarini o‘z vaqtida ta’minlab kelayotgan va eksport shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligi bo‘lmagan intizomli soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan bo‘lsa, eksport qilinadigan tovarlar uchun ishlatilgan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) soliq summasi soliq to‘lovchining O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi hisobvaraqlariga chet el valyutasi tushumi kelib tushishidan qat’i nazar hisobga olinadi. Tovarlar “eksport” bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan e’tiboran bir yuz sakson kalendar kuni ichida valyuta tushumi yoki uning bir qismi soliq to‘lovchining O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi hisobvaraqlariga kelib tushmagan taqdirda, hisobga olingan soliq summasi yoki uning tegishli qismi belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi.
Nol darajali stavka bo‘yicha tortiladigan tovarlar eksporti vositachilik, topshiriq shartnomasi bo‘yicha vositachi, ishonchli vakil orqali amalga oshirilgan taqdirda, soliq vositachining, ishonchli vakilning yoki soliq to‘lovchining hisobvarag‘iga kelib tushgan valyuta tushumining summasi ulushida hisobga olinadi.
266-modda. To‘langan soliq summalarini hisobga olish (davomi)
O‘zbekiston Respublikasi hududi realizatsiya qilish joyi deb e’tirof etilmaydigan xizmatlarni ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar va O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari ushbu bobda belgilangan tartibda haqiqatda olingan tovarlar bo‘yicha to‘langan (to‘lanishi lozim bo‘lgan) soliq summasini hisobga olish huquqiga ega. Bunda ushbu bobni qo‘llash maqsadida bunday xizmatlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliq solinadigan aylanmaga tenglashtiriladi.
Soliq to‘lovchi tomonidan asosiy vositalar (shu jumladan o‘rnatiladigan asbob-uskunalar), nomoddiy aktivlar va ko‘chmas mulk obyektlari, shu jumladan qurilishi tugallanmagan obyektlar sotib olinganda, shuningdek kelgusida o‘z asosiy vositalari sifatida foydalanish uchun mo‘ljallangan aktivlarni yaratish uchun tovarlar (xizmatlar) sotib olinganda sotuvchi tomonidan soliq to‘lovchiga taqdim etilgan soliq summasini hisobga olish to‘liq hajmda amalga oshiriladi. Soliq to‘lovchi O‘zbekiston Respublikasi hududiga bunday tovarlarni olib kirish chog‘ida ushbu soliq to‘lovchi tomonidan to‘langan soliq summasini hisobga olish xuddi shunday tartibda amalga oshiriladi.
Mol-mulk ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida olingan taqdirda, oluvchi mol-mulkni ustav fondiga (ustav kapitaliga) berish chog‘ida ishtirokchi tomonidan to‘langan soliq summasini hisobga olish huquqiga ega. Ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissa sifatida olingan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va ko‘chmas mol-mulk obyektlari, shu jumladan qurilishi tugallanmagan obyektlar bo‘yicha ishtirokchi ularni berish chog‘ida to‘lagan soliq ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan tartibda berilgan aktivlarni oluvchi soliq to‘lovchida hisobga olinadi.
266-modda. To‘langan soliq summalarini hisobga olish (davomi)
Soliq to‘lovchi bo‘lmagan shaxs soliq to‘lovchi sifatida ushbu Kodeksning 237-moddasiga muvofiq maxsus ro‘yxatga olish hisobiga qo‘yilganda, shuningdek soliq to‘lashdan ozod etish bekor qilingan taqdirda, soliq to‘lovchi maxsus ro‘yxatga olish hisobiga qo‘yish (ozod qilishni bekor qilish) sanasida o‘z balansida mavjud bo‘lgan tovar-moddiy zaxiralar qoldiqlarining va uzoq muddatli aktivlarning balans qiymatida hisobga olingan soliq summasini, ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan shartlarga rioya etilgan taqdirda, hisobga olish huquqiga ega.
Ushbu moddaning sakkizinchi qismiga muvofiq hisobga olinadigan soliq summasi:
tovar-moddiy zaxiralarning qoldiqlari bo‘yicha — shaxs ro‘yxatdan o‘tkazish hisobiga qo‘yilgan sanadan oldingi so‘nggi o‘n ikki oy ichida olingan, soliq to‘lovchida uni ro‘yxatdan o‘tkazish hisobiga qo‘yish (ozod etishni bekor qilish) sanasida mavjud bo‘lgan tovar-moddiy zaxiralar qoldig‘iga to‘g‘ri keladigan tovarlarning (xizmatlarning) haqiqiy qiymati bo‘yicha;
uzoq muddatli aktivlar bo‘yicha — mazkur obyektlarning shaxs soliq bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish hisobiga qo‘yilgan (ozod etish bekor qilingan) sanadagi qayta baholanishi hisobga olinmagan, soliqning tegishli summasini o‘z ichiga olgan balans (qoldiq) qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Agar soliq to‘lovchi sifatida hisobda turmaydigan chet ellik shaxs komitent (ishonch bildiruvchi) bo‘lsa, tovar tegishli vositachilik (topshiriq) shartnomasiga muvofiq shartlar asosida vositachi (ishonchli vakil) tomonidan realizatsiya qilingan taqdirda, ushbu tovar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilganda to‘langan soliq summasi tegishli soliq davrida vositachi (ishonchli vakil) tomonidan realizatsiya qilingan tovarlar ulushiga to‘g‘ri keladigan ulushda vositachi (ishonchli vakil) tomonidan hisobga olish uchun qabul qilinadi.
266-modda. To‘langan soliq summalarini hisobga olish (davomi)
O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxsi yoki yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan komitentning (ishonch bildiruvchining) topshirig‘iga ko‘ra olingan tovar O‘zbekiston Respublikasi hududiga vositachi (ishonchli vakil) tomonidan olib kirilgan taqdirda, import qilingan tovarning bojxona rasmiylashtiruvi chog‘ida vositachi (ishonchli vakil) tomonidan to‘langan soliq komitentda (ishonch bildiruvchida) hisobga olinishi lozim.
Transport ekspeditsiyasi shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarni bajarish chog‘ida ekspeditor tomonidan tashuvchidan va (yoki) boshqa yetkazib beruvchilardan olingan xizmatlarga doir soliq summasi bunday shartnoma bo‘yicha ekspeditorning mijozi bo‘lgan tarafda hisobga olinadi.
Sotuvchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining soliq to‘lovchisi bo‘lmagan chet ellik shaxsga ushbu chet ellik shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasida tovarlarni (xizmatlarni) olish chog‘ida taqdim etilgan yoki ushbu chet ellik shaxslar tovarlarni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish maqsadlari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishi chog‘ida ular tomonidan to‘langan soliq summalari hisobga olinishi lozim. Soliqning mazkur summalari ushbu Kodeksning 255-moddasiga muvofiq soliq agenti tomonidan ushbu chet ellik shaxsning daromadlaridan ushlab qolingan soliq budjetga to‘langanidan keyin, ushbu shaxs olgan (olib kirgan) tovarlardan (xizmatlardan) faqat soliq agenti qiymatidan soliqni ushlab qolgan tovarlarni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish maqsadida foydalanilgan qismi bo‘yichagina hisobga olinishi yoki ushbu chet ellik shaxsga qaytarilishi lozim. Bunda soliqning mazkur summalari, basharti chet ellik shaxs ushbu Kodeksning 237-moddasiga muvofiq soliq to‘lovchi sifatida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish hisobiga qo‘yilgan bo‘lsa, hisobga olinishi yoki ushbu shaxsga qaytarilishi lozim.
266-modda. To‘langan soliq summalarini hisobga olish (davomi)
Agar soliq to‘lovchi realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmasiga soliq solinishi lozim bo‘lgan tovarlarni (xizmatlarni), shuningdek realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmasi soliq solishdan ozod etiladigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilsa, hisobga olinishi lozim bo‘lgan soliq summasi ushbu Kodeksning 268-moddasida belgilangan tartibda aniqlanadi.
Agar hisobga olish huquqi tovarlarni (xizmatlarni) olish bo‘yicha qalbaki yoki ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitim natijasida vujudga kelganligiga oid dalillar mavjud bo‘lsa, soliq organlari hisobga olishni bekor qilishni yoki unga tuzatishni amalga oshirishga haqli.
266¹-modda. Soliq summalarini hisobga olishning ayrim o‘ziga xos xususiyatlari
Guvohnomasining amal qilishi to‘xtatib turilgan yoki tugatilgan yoxud bekor qilingan soliq to‘lovchi tomonidan haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan (to‘lanishi lozim bo‘lgan) soliq summasi hisobga olinmaydi. Mazkur hodisalar yuzaga kelganda, bunday soliq to‘lovchiga undan haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan (to‘lanishi lozim bo‘lgan) soliq summasi uning xaridorlarida ham hisobga olinmaydi.
Guvohnomaning amal qilishi to‘xtatib turilganligi munosabati bilan hisobga olish uchun qabul qilinmagan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan (to‘lanishi lozim bo‘lgan) soliq summasi guvohnomaning amal qilishi qayta tiklangan taqdirda, guvohnomaning amal qilishi to‘xtatib turilgan sanadan e’tiboran soliq to‘lovchida va uning xaridorlarida hisobga olinadi (tuzatiladi).
Hisobvaraq-fakturalar soliq xavfining yuqori darajasiga kiritilgan taqdirda, mazkur hisobvaraq-fakturalar asosida tovarlarni yetkazib berish (xizmatlar ko‘rsatish) bilan bog‘liq operatsiyalar bo‘yicha soliq summasini hisobga olish maqsadida soliq soliq agenti tomonidan to‘lanishi mumkin. Bunda soliq to‘lovchi bo‘lgan va soliq to‘lovchidan tovarlarni (xizmatlarni) oluvchi yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs soliq agenti deb e’tirof etiladi.
Tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib beruvchida soliq bo‘yicha salbiy farq yoki ortiqcha to‘lov summasi hosil bo‘lgan taqdirda, bunday summa soliq bo‘yicha kelgusi to‘lovlar hisobidan hisobga olinishi yoxud ushbu Kodeksda belgilangan tartibda qoplanishi (qaytarilishi) mumkin.
266¹-modda. Soliq summalarini hisobga olishning ayrim o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Tovarlarni yetkazib beruvchilar (xizmatlar ko‘rsatuvchilar) tomonidan rasmiylashtirilgan hisobvaraq-fakturalarning yuqori xavf darajasiga kirishi ular tomonidan olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini ushbu bo‘limda belgilangan tartibda hisobga olish huquqidan mahrum etmaydi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda soliq summalari soliq agentida tegishli soliq summasi budjetga to‘langan soliq davrida hisobga olinadi, bundan ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Hisobot taqdim etishning oxirgi muddati yetib kelmagan soliq davriga taalluqli hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha to‘lov amalga oshirilgan taqdirda, soliq agentida mazkur hisobvaraq-fakturalar sanasi bo‘yicha tegishli soliq davrida hisobga olinadi.
Hisobvaraq-fakturalarning xavf darajasini aniqlash, reyestrini yuritish, bunday hisobvaraq-fakturalar asosida soliq to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Agar xaridor tomonidan past xavf darajasiga kiritilgan hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha hisobga olingan soliq summalari qalbaki yoki ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitim natijasida yuzaga kelganligiga oid dalillar mavjud bo‘lsa, soliq organlari ushbu hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha hisobga olishni bekor qilishga yoki unga tuzatish kiritishga haqli, bundan xaridor tomonidan dastlab yuqori xavf darajasiga kiritilgan hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha ushbu moddada belgilangan tartibda soliq to‘langanligi sababli hisobga olingan soliq summalari mustasno.
267-modda. Hisobga olinmaydigan soliq summasi
Tovarlarni (xizmatlarni) olish (olib kirish) chog‘ida soliq to‘lovchi tomonidan to‘langan soliq summasi ushbu Kodeksning 266-moddasiga muvofiq quyidagi hollarda hisobga olinmaydi:
- 1) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalari ushbu bo‘limga muvofiq soliq solishdan ozod etilgan tovarlarni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish (xizmatlar ko‘rsatish) uchun mo‘ljallangan asosiy vositalar, ko‘chmas mulk obyektlari va nomoddiy aktivlar sotib olinganda (olib kirilganda);
- 2) tovarlar (xizmatlar) ushbu qismning 1-bandida ko‘rsatilgan asosiy vositalarni, ko‘chmas mulk obyektlarini qurish, modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish, texnik jihatdan qayta jihozlash va ta’mirlash uchun sotib olinganda;
- 3) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalari soliqdan ozod etilgan tovarlar (xizmatlar) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish (xizmatlar ko‘rsatish) uchun sotib olinganda;
- 4) tovarlar (xizmatlar) soliq to‘lovchi bo‘lmagan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan sotib olinganda;
- 5) vakillik xarajatlari;
- 6) tovarlar (xizmatlar) bepul olinganda, bundan oluvchi ular bo‘yicha soliq to‘lagan hollar mustasno;
- 7) soliq to‘lovchining shaxsiy ehtiyojlari uchun foydalanishga mo‘ljallangan, ushbu Kodeksning 317-moddasiga muvofiq foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda xarajatlar chegirib tashlanmaydigan tovarlar (xizmatlar) sotib olinganda.
Yuqori xavf darajasiga kiritilgan hisobvaraq-fakturalar asosida tovarlarni (xizmatlarni) xarid qilgan xaridorlar tomonidan mazkur hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi hisobga olinmaydi, bundan ushbu Kodeksning 266¹-moddasida nazarda tutilgan tartibda soliq summasi to‘langan hollar mustasno.
267-modda. Hisobga olinmaydigan soliq summasi (davomi)
Soliq to‘lovchi tovarlarni (xizmatlarni) sotib olish chog‘ida to‘lagan soliq summalari quyidagi tovarlarni (xizmatlarni) sotib olish yoki olib kirish chog‘ida ham, agar bu tovarlarni (xizmatlarni) sotib olish amalga oshirilayotgan faoliyat turiga bog‘liq bo‘lmasa, hisobga olinmaydi:
- 1) yengil avtomobillarni, mototsikllarni, vertolyotlarni, motorli qayiqlarni, samolyotlarni, shuningdek motorli vositalarning boshqa turlarini va ular uchun yoqilg‘ini;
- 2) alkogol va tamaki mahsulotlarini.
Ushbu Kodeksning 268 — 270-moddalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, hisobga olinmaydigan soliq summasi sotib olingan tovarlarning (xizmatlarning) qiymatida hisobga olinadi.
268-modda. Soliq solishdan ozod etiladigan realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma mavjud bo‘lganda soliq summasini hisobga olish uchun qabul qilish tartibi
Agar soliq to‘lovchi soliq solinadigan va soliq solishdan ozod etiladigan aylanmalarni amalga oshirsa, soliq solinadigan aylanmaga to‘g‘ri keladigan soliq summasi hisobga olish uchun qabul qilinadi.
Hisobga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan soliq summasi soliq to‘lovchining tanloviga ko‘ra alohida-alohida usulda va (yoki) mutanosib usulda aniqlanadi.
Alohida-alohida usul bo‘yicha soliq to‘lovchi soliq solinadigan va soliq solishdan ozod etilgan aylanmalar uchun foydalaniladigan, olingan tovarlarning (xizmatlarning) hamda ular bo‘yicha to‘langan soliq summalarining alohida-alohida hisobini yuritadi. Bunda alohida-alohida hisobni yuritish imkoni bo‘lmagan umumiy xarajatlar bo‘yicha xarajatlarni ajratish mutanosib usulda amalga oshiriladi.
Mutanosib usul bo‘yicha soliq to‘lovchi tomonidan hisobga olish uchun qabul qilinadigan soliq summasi soliq solinadigan aylanma summasining tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish (soliqni hisobga olmasdan) bo‘yicha aylanmaning umumiy summasidagi joriy kalendar yil ichida o‘sib boruvchi yakun bilan aniqlanadigan solishtirma miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Mutanosib usuldan foydalanish chog‘ida hisobga olish uchun qabul qilinmagan soliq, shuningdek ushbu Kodeksning 269-moddasida nazarda tutilgan tartibda hisobga olinishi lozim bo‘lgan soliq summasiga tuzatish kiritilgan hollarda hisobga olishga qabul qilinmagan soliq soliq to‘lovchi tomonidan foyda solig‘ini hisoblab chiqarish chog‘ida chegirib tashlanadigan xarajatlar tarkibida hisobga olinadi.
268-modda. Soliq solishdan ozod etiladigan realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma mavjud bo‘lganda soliq summasini hisobga olish uchun qabul qilish tartibi (davomi)
Agar soliq solinadigan aylanmalarning ulushi joriy soliq davrida aylanma umumiy summasining 5 foizidan oshib ketmasa, soliq to‘lovchi haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar bo‘yicha), shu jumladan uzoq muddatli aktivlar bo‘yicha to‘langan (to‘lanishi lozim bo‘lgan) soliq summasini joriy soliq davrida olingan tovarlarning (xizmatlarning) qiymatiga to‘liq kiritishga haqli.
269-modda. Hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summalariga tuzatish kiritish
Ilgari tovarlarni (xizmatlarni) olish chog‘ida hisobga olish uchun qabul qilingan, olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha soliq summasiga quyidagi hollarda tuzatish kiritilishi lozim:
- 1) tovarlardan (xizmatlardan) kelgusida soliq solishdan ozod etilgan aylanma uchun foydalanilganda;
- 2) ular buzilganda yoxud qonunchilikka muvofiq vakolatli organ tomonidan, ular yo‘qligida esa soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan tabiiy kamayish normalaridan ortiqcha yo‘qotilgan taqdirda. Ushbu bandning qoidasi favqulodda holatlar (tabiiy ofat, yong‘in, avariya, yo‘l-transport hodisasi va boshqa shu kabi holatlar) munosabati bilan tovarlarning buzilishiga yoxud yo‘qotilishiga nisbatan tatbiq etilmaydi;
- 3) yetkazib beruvchi tomonidan taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalar qonunchilikda belgilangan tartibda haqiqiy emas deb e’tirof etilganda;
- 4) soliq to‘lovchi maqomini yo‘qotganda (yoki soliq to‘lashdan ozod qilinganda);
- 5) ushbu tovarlar soliq organlarida hisobga qo‘yilmagan shartnomalar asosida ijaraga olingan yoki bepul foydalanilayotgan ko‘chmas mulk obyektlarida saqlanganda.
Sotib olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha ushbu Kodeks 267-moddasi birinchi qismining 1 — 4-bandlariga muvofiq ilgari hisobga olish uchun qabul qilinmagan soliq summasi kelgusida ulardan soliq solinadigan aylanma uchun foydalanilgan hollarda tuzatiladi (hisobga olinadi).
Tuzatish kiritilishi lozim bo‘lgan soliq summasi bunday tuzatishlarni amalga oshirishdan oldingi oxirgi o‘n ikki oy ichida olingan tovarlarning (xizmatlarning) soliq summasi qayta tiklanishi lozim bo‘lgan tovar-moddiy zaxiralar qoldiqlariga to‘g‘ri keladigan qiymati asosida aniqlanadi.
269-modda. Hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summalariga tuzatish kiritish (davomi)
Asosiy vositalarning obyektlari, ko‘chmas mulk obyektlari va nomoddiy aktivlar bo‘yicha tuzatish kiritilishi lozim bo‘lgan soliq summasi ushbu Kodeksning 270-moddasida nazarda tutilgan tartibda qayta baholash hisobga olinmagan, ushbu obyektlarning balans qiymatiga to‘g‘ri keladigan, ilgari bu obyektlar bo‘yicha hisobga olingan (yoki ularning qiymatiga kiritilgan) soliq summasidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Ilgari bunday tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha hisobga olish uchun qabul qilingan miqdordagi, asosiy vositalarga, ko‘chmas mulk obyektlariga va nomoddiy aktivlarga nisbatan esa ularning qayta baholash hisobga olinmagan holdagi qoldiq (balans) qiymatiga mutanosib miqdordagi soliq summalari tiklanishi lozim.
Tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib beruvchi tomonidan ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq soliq bazasiga tuzatishlar kiritish amalga oshirilganda, xaridor yetkazib beruvchi tomonidan rasmiylashtirilgan qo‘shimcha (yoki tuzatilgan) hisobvaraq-faktura asosida u tomonidan ilgari hisobga qabul qilingan soliq summasiga tegishli tartibda tuzatish kiritishi kerak.
Soliqqa tuzatish kiritish summasi ko‘rsatilgan obyektlarning balans qiymatini oshirishga (yoki kamaytirishga) taalluqli bo‘ladi yoxud foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda hisobga olinadigan xarajatlar (yoki daromadlar) tarkibiga kiritiladi.
Tovar reeksport bojxona tartib-taomiliga joylashtirilganda va ushbu tovarning importi chog‘ida soliq to‘lovchi tomonidan to‘langan soliq summasi unga bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda qaytarilganda, soliq to‘lovchi hisobga o‘tkaziladigan soliq summasiga o‘ziga qaytarilgan soliq summasi bo‘yicha tuzatish kiritadi (uni kamaytiradi).
269-modda. Hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summalariga tuzatish kiritish (davomi)
Hisobga olingan soliq summasiga tuzatishlar kiritish ushbu moddada ko‘rsatilgan holatlar yuzaga kelgan soliq davrida amalga oshiriladi.
270-modda. Asosiy vositalarning ayrim obyektlari, ko‘chmas mulk obyektlari va nomoddiy aktivlar bo‘yicha hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summalariga tuzatish kiritish
Ushbu Kodeksning 266-moddasi uchinchi va to‘rtinchi qismlarida ko‘rsatilgan obyektlar bo‘yicha hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summasiga ushbu Kodeksning 267-moddasiga muvofiq obyektlardan kelgusida foydalanilgan taqdirda tuzatish kiritilishi lozim, bundan to‘liq amortizatsiya qilingan yoki ishga tushirilgan paytidan e’tiboran o‘n yildan ortiq vaqt o‘tgan obyektlar mustasno.
Soliqqa tuzatish kiritish summasi ushbu obyektlar bo‘yicha ilgari hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summasidan kelib chiqqan holda, ularning bunday tuzatish kiritilayotgan sanadagi (qayta baholash hisobga olinmagan holdagi) balans (qoldiq) qiymatiga mutanosib ravishda hisoblab chiqariladi. Bunda soliqqa tuzatish kiritish summasi mazkur obyektlar balans qiymatining ko‘payishiga olib boriladi.
Agar ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan obyektdan kelgusida soliq to‘lovchi tomonidan ushbu bo‘limga muvofiq soliq solinishi lozim bo‘lgan tovarlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish (xizmatlar ko‘rsatish) uchun yangidan foydalanilsa, soliq to‘lovchi tuzatish kiritishga va hisoblab chiqarilgan soliq summasini ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilganiga o‘xshash tartibda hisobga olish uchun qabul qilishga haqli.
Ushbu Kodeksning 266-moddasi birinchi qismi 1-bandida ko‘rsatilgan obyektlar bo‘yicha hisobga olish uchun qabul qilinmagan soliq summasi, agar soliq to‘lovchi tomonidan keyinchalik bunday obyektlardan ushbu Kodeksning 267-moddasi birinchi qismi 1-bandida ko‘rsatilgan maqsadlar uchun foydalanilsa, hisobga o‘tkazilishi lozim, bundan to‘liq amortizatsiya qilingan yoki ishga tushirilgan paytidan e’tiboran o‘n yildan ortiq vaqt o‘tgan obyektlar mustasno.
270-modda. Asosiy vositalarning ayrim obyektlari, ko‘chmas mulk obyektlari va nomoddiy aktivlar bo‘yicha hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summalariga tuzatish kiritish (davomi)
Ushbu moddaning to‘rtinchi qismiga muvofiq soliqqa tuzatish kiritish summasi ilgari mazkur obyektlar qiymatiga kiritilgan soliq summasidan kelib chiqqan holda, ularning tegishli soliq summasini o‘z ichiga oladigan, bunday tuzatish kiritilgan sanadagi (qayta baholash hisobga olinmagan holdagi) balans (qoldiq) qiymatiga mutanosib ravishda hisoblab chiqariladi. Ushbu qismga muvofiq hisoblab chiqarilgan soliqqa tuzatish kiritish summasi ushbu Kodeksning 266-moddasi uchinchi qismida belgilangan tartibda hisobga o‘tkazilishi lozim.
Agar ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan obyektdan keyinchalik realizatsiya qilinishi soliq solishdan ozod etilgan tovarlar ishlab chiqarish (xizmatlar ko‘rsatish) uchun yangidan foydalanilsa, soliq to‘lovchi hisobga o‘tkaziladigan soliq summasiga tuzatish kiritishni amalga oshirish hamda ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibga o‘xshash tartibda hisoblab chiqarilgan soliq summasini tiklashi kerak.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan obyektdan realizatsiyasiga soliq solinadigan tovarlarni (xizmatlarni) ham, soliq solishdan ozod qilingan tovarlarni ishlab chiqarish (xizmatlarni ko‘rsatish) uchun ham foydalanilgan taqdirda, tiklanishi lozim bo‘lgan soliq summasi ko‘rsatilgan obyekt bo‘yicha hisobga olish uchun qabul qilingan, obyektning bunday tuzatish kiritilgan sanadagi balans (qoldiq) qiymatiga (qayta hisoblashni hisobga olmagan holda) to‘g‘ri keladigan soliq summasining qismi sifatida aniqlanadi. Mazkur qism soliq solishdan ozod qilingan realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining joriy kalendar yili davomida o‘sib boruvchi yakun bilan aniqlanadigan realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) umumiy qiymatining ulushiga mutanosib ravishda belgilanadi.
270-modda. Asosiy vositalarning ayrim obyektlari, ko‘chmas mulk obyektlari va nomoddiy aktivlar bo‘yicha hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summalariga tuzatish kiritish (davomi)
Agar ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan obyektdan kelgusida ham realizatsiya qilish aylanmasi soliq solishdan ozod qilinadigan, ham realizatsiya qilish aylanmasiga soliq solinadigan tovarlar ishlab chiqarish (xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalanilsa, hisobga olinmaydigan soliq summasi quyidagi tartibda aniqlanadi:
- 1) ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan tartibga o‘xshash tartibda hisoblab chiqarilgan, obyektning balans (qoldiq) qiymatida hisobga olingan soliq summasi ajratiladi;
- 2) ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan tartibga muvofiq hisobga olinmaydigan, soliq solishdan ozod qilingan aylanmaga to‘g‘ri keladigan soliq summasining ajratilgan qismi aniqlanadi. Qoldiq summa ushbu bobga muvofiq hisobga olinadi.
271-modda. Majburiyatlarni hisobdan chiqarishda hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summalariga tuzatish kiritish
Tovarlarni (xizmatlarni) olishda ilgari hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summasi, agar bunday tovarlarga (xizmatlarga) haq to‘lash bo‘yicha majburiyat ushbu Kodeksning 313-moddasiga muvofiq bunday tuzatish amalga oshirilgan soliq davrida hisobdan chiqariladi, bundan ushbu Kodeksning 266-moddasi birinchi qismi 3 va 4-bandlariga muvofiq hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summalari mustasno.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tuzatish kiritish amalga oshirilgan tovarlar (xizmatlar) uchun haq to‘langan taqdirda, haq to‘lash amalga oshirilgan soliq davridagi tegishli soliq summasiga soliq to‘lovchi hisobga olish uchun qabul qilinadigan soliq summasini ko‘paytirish tomonga teskari tuzatish kiritish huquqiga ega.
272-modda. To‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasi
Budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasi har bir soliq davri yakunlari bo‘yicha, ushbu Kodeksning 265-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan, ushbu bobga muvofiq hisobga olinishi va tuzatish kiritilishi lozim bo‘lgan summalar hisobga olingan holda hisoblab chiqariladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni olib kirish chog‘idagi soliq summasi bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq budjetga to‘lanadi.
Agar ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan, budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasi salbiy bo‘lsa, soliq to‘lovchi mazkur summaning o‘rnini ushbu Kodeksning 274-moddasida belgilangan tartibda qoplash huquqiga ega bo‘ladi.
273-modda. Soliq hisobotini taqdim etish va soliqni to‘lash tartibi
Soliq to‘lovchilar, agar ushbu bobda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq hisobotini o‘zlari soliq hisobida turgan joydagi soliq organlariga o‘tgan soliq davridan keyingi oyning yigirmanchi kunidan kechiktirilmagan muddatda taqdim etishlari shart.
Ushbu Kodeksning 272-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan soliqni to‘lash agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq hisobida turilgan joy bo‘yicha har bir soliq davrining yakunlariga ko‘ra, soliq hisoboti taqdim etishlari muddatidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni olib kirish chog‘ida soliq ushbu bo‘lim qoidalari hisobga olingan holda, bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda budjetga to‘lanadi.
Soliq agentlari soliqni o‘zi soliq hisobida turgan joy bo‘yicha to‘laydi. Soliq to‘lovchilar bo‘lmagan soliq agentlari o‘zi soliq hisobida turgan joydagi soliq organlariga tegishli soliq hisobotini ushbu Kodeksning 255 va 256-moddalariga muvofiq to‘lash amalga oshirilgan o‘tgan soliq davridan keyingi oyning yigirmanchi kunidan kechiktirmay taqdim etishi shart.
Soliq hisobotiga soliq to‘lovchining xaridlar reyestrida va sotuvlar reyestrida ko‘rsatilgan ma’lumotlar kiritiladi.
Ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar, shuningdek vositachilik (topshiriq) va transport ekspeditsiyasi shartnomalari asosida boshqa shaxsning manfaatlarni ko‘zlab tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar olingan va taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalar daftarlaridagi ma’lumotlarni ham belgilangan shakl bo‘yicha taqdim etishi shart. Agar bunday shaxslar soliq to‘lovchilar bo‘lmasa, ular soliq hisobotiga faqat soliq agenti sifatida operatsiyalarni yoki vositachilik (topshiriq) shartnomasi asosida komitentning (ishonch bildiruvchining), transport ekspeditsiyasi shartnomasi asosida yukni oluvchining (yukni jo‘natuvchining) manfaatlarini ko‘zlab vositachilik operatsiyalarini amalga oshirish chog‘ida olingan hamda taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish daftarlarida aks ettiriladigan ma’lumotlarni kiritadi.
273-modda. Soliq hisobotini taqdim etish va soliqni to‘lash tartibi (davomi)
Xaridlar va sotuvlar reyestrlarini, shuningdek kelib tushgan va taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish daftarlarini yuritish shakllari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
274-modda. Soliqning o‘rnini qoplash
Ushbu Kodeksning 272-moddasiga muvofiq o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan soliq summasi, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq bo‘yicha kelgusi to‘lovlar hisobidan hisobga olinadi.
Soliq to‘lovchi o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan soliq summasini qaytarishga doir soliq hisobotini taqdim etishda soliq organlarini bu haqda xabardor qilgan holda, soliqning salbiy summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) uchun murojaat qilish huquqiga ham ega bo‘ladi.
Agar kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra, soliq organi soliq summasining o‘rnini to‘liq yoki qisman qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilsa, mazkur soliq summasi soliq to‘lovchiga soliq hisobotini taqdim etishda soliq summasini qaytarish haqida soliq organlari xabardor qilingan sanadan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay qaytariladi.
Soliqning jami summasi o‘rnini tezlashtirilgan tarzda qoplash tartibi soliq hisobotini taqdim etishda soliq organlarini xabardor qilgan taqdirda, quyidagi toifadagi soliq to‘lovchilarga nisbatan qo‘llaniladi:
- 1) O‘zbekiston Respublikasining yirik soliq to‘lovchilar toifasiga belgilangan tartibda kiritilgan yuridik shaxslariga;
- 2) soliq hisoboti bilan birga amaldagi bank kafolatini taqdim etgan yoki soliq organlari bilan garov shartnomasini ushbu Kodeksning 107 yoki 109-moddalarida belgilangan tartibda rasmiylashtirgan soliq to‘lovchilarga;
- 3) eksport va unga tenglashtirilgan operatsiyalarni amalga oshiradigan shaxslarga — agar ilgari bu shaxslarga soliq summasi qoplangan va bunda qonunbuzarliklar aniqlanmagan bo‘lsa, nol darajali soliq stavkasi qo‘llanilishi natijasida hosil bo‘lgan soliqning oshib ketgan summalari qismida;
274-modda. Soliqning o‘rnini qoplash (davomi)
- 4) chet el diplomatik vakolatxonalariga va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalariga;
- 5) mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilariga, agar bunday bitimda nol darajali stavka qo‘llanilishi nazarda tutilgan bo‘lsa;
- 6) soliq monitoringi ishtirokchilariga;
- 7) Tadbirkorlik subyektlari yuqori barqarorlik reytingining “AAA” toifasidagi tadbirkorlik subyektlariga (bundan davlat korxonalari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar mustasno);
- 8) qishloq xo‘jaligi tovarlarini ishlab chiqaruvchilarga (bundan paxta va g‘alla mustasno);
- 9) o‘z faoliyatini kichik tadbirkorlik subyektidan o‘rta yoki yirik toifaga, o‘rta tadbirkorlik subyektidan yirik toifaga yiriklashtirgan tadbirkorlik subyektlariga — tegishli toifaga o‘tgan sanadan e’tiboran bir yil davomida. Bunda mazkur tartib tadbirkorlik subyektlarining faoliyati davomida bir marotaba qo‘llaniladi. Ushbu band qoidalari tegishli toifaga o‘tganidan keyin qayta tashkil etilgan subyektning huquqiy vorisiga (huquqiy vorislariga) nisbatan tatbiq etilmaydi.
Soliqning o‘rnini tezlashtirilgan tartibda qoplashda soliq to‘lovchi tomonidan qaytarish uchun soliq hisobotida ko‘rsatilgan soliq summasining o‘rni unga yetti kun ichida, ushbu modda to‘rtinchi qismining 7-bandida ko‘rsatilgan soliq to‘lovchilarga bir kun ichida to‘liq hajmda, ushbu modda to‘rtinchi qismining 8-bandida ko‘rsatilgan soliq to‘lovchilarga esa avtomatik tarzda uch kun ichida qoplanadi. Bunda o‘rni qoplanishi uchun soliq hisobotida ko‘rsatilgan soliq summasi asoslantirilganligining kameral soliq tekshiruvi umumiy tartibda amalga oshiriladi. Agar kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra soliq hisobotida o‘rni qoplanishi uchun ko‘rsatilgan soliq summasi yoki uning bir qismi asossiz bo‘lib chiqsa, soliq to‘lovchi soliqning o‘rni o‘ziga asossiz ravishda qoplangan summasini qoplash sanasidan to uni budjetga to‘lash sanasigacha penya hisoblangan holda budjetga to‘lashi shart. Ushbu modda to‘rtinchi qismining 7-bandida ko‘rsatilgan soliq to‘lovchilarga o‘rni qoplanishi uchun soliq hisobotida ko‘rsatilgan soliq summasining asoslantirilganligi kameral soliq tekshiruvidan o‘tkazilmaydi.
274-modda. Soliqning o‘rnini qoplash (davomi)
Soliq summalarining o‘rnini qoplash tartibi va shartlari, ushbu moddaga muvofiq kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi, shuningdek chet davlatlar fuqarolariga soliq summalarini qaytarish (TAX FREE) tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Bilimingizni sinang
Soliq kodeksiga ko‘ra, soliq bazasi aniqlangandan keyin soliq summasi qanday hisoblab chiqariladi?
- Soliq stavkasi va tovarlar sonining yig‘indisi sifatida hisoblab chiqariladi
- Soliq bazasi va xarajatlar o‘rtasidagi farq sifatida hisoblab chiqariladi
- Soliq bazasining yarmiga teng miqdorda, stavkadan qat’i nazar hisoblanadi
- Soliq bazasining soliq stavkasiga muvofiq bo‘lgan foizli ulushi sifatida
To‘g‘ri javob: Soliq bazasining soliq stavkasiga muvofiq bo‘lgan foizli ulushi sifatida. 265-modda birinchi qismi.
Soliq to‘lovchi olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan soliq summasini hisobga olishi uchun yetkazib beruvchi qanday maqomda bo‘lishi kerak?
- Soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi
- Faqat yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan
- Faqat davlat ulushi bor korxona sifatida ro‘yxatdan o‘tgan
- Faqat chet el yuridik shaxsi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan
To‘g‘ri javob: Soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi. 266-modda 2-band: yetkazib beruvchi soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.
Intizomli soliq to‘lovchi eksport tovarlari uchun to‘langan soliqni valyuta tushumidan qat’i nazar hisobga olishi uchun oxirgi qancha vaqt davomida valyuta tushumlarini o‘z vaqtida ta’minlagan bo‘lishi kerak?
- ikki yil
- olti oy
- uch oy
- bir yil
To‘g‘ri javob: bir yil. Oxirgi bir yil davomida valyuta tushumini o‘z vaqtida ta’minlagan va muddati o‘tgan debitor qarzdorligi bo‘lmagan soliq to‘lovchi intizomli toifaga kiritiladi.
Kazus: “Eksport-Reyd” MChJ nol darajali stavka bo‘yicha tovarlarni eksport qilgan va xomashyo xarid qilishda soliq to‘lagan. U oxirgi bir yil davomida valyuta tushumlarini o‘z vaqtida ta’minlagan, muddati o‘tgan debitor qarzi yo‘q. Tovarlar eksport rejimida chiqarilgan kundan 180 kalendar kuni ichida valyuta tushumi umuman kelib tushmadi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Hisobga olingan soliq summasi o‘zgarmaydi, chunki kompaniya valyuta tushumlarini avval o‘z vaqtida ta’minlagan
- Hisobga olingan soliq summasi yoki uning tegishli qismi belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi
- Hisobga olingan soliq summasi ikki baravar miqdorda qayta hisoblanib, budjetga to‘lanishi lozim
- Hisobga olingan soliq summasi darhol budjetdan to‘liq qaytariladi va tuzatish talab etilmaydi
To‘g‘ri javob: Hisobga olingan soliq summasi yoki uning tegishli qismi belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi. 266-modda: 180 kalendar kuni ichida tushum kelib tushmasa, hisobga olingan soliq summasi hisobdan chiqariladi.
Soliq to‘lovchi asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar yoki ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olganda sotuvchi taqdim etgan soliq summasi qanday hajmda hisobga olinadi?
- Faqat uchdan bir qismi hajmida
- Yarmi hajmida
- To‘liq hajmda
- Hisobga olinmaydi
To‘g‘ri javob: To‘liq hajmda. 266-modda: asosiy vositalar va ko‘chmas mulk bo‘yicha soliqni hisobga olish to‘liq hajmda.
Soliq to‘lovchi maxsus ro‘yxatga olish hisobiga qo‘yilganda, tovar-moddiy zaxiralar bo‘yicha hisobga olinadigan soliq summasi hisobga qo‘yilgan sanadan oldingi so‘nggi qancha vaqt ichida olingan zaxiralar uchun aniqlanadi?
- o‘n ikki oy
- uch oy
- olti oy
- yigirma to‘rt oy
To‘g‘ri javob: o‘n ikki oy. Zaxira qoldiqlari bo‘yicha soliq ro‘yxatga qo‘yish sanasidan oldingi so‘nggi o‘n ikki oy ichida olingan tovarlar qiymatidan hisoblanadi.
Hisobga olish huquqi qalbaki yoki ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitim natijasida vujudga kelganligiga oid dalillar mavjud bo‘lsa, soliq organlari nima qilishga haqli?
- Soliq to‘lovchining faoliyatini avtomatik to‘xtatishga
- Faqat ogohlantirish berishga
- Hisobga olishni bekor qilishni yoki unga tuzatish kiritishga
- Hech narsa qilishga haqli emas
To‘g‘ri javob: Hisobga olishni bekor qilishni yoki unga tuzatish kiritishga. 266-modda: soliq organlari hisobga olishni bekor qilishga yoki tuzatishga haqli.
Guvohnomasining amal qilishi to‘xtatib turilgan soliq to‘lovchidan haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan soliq summasi xaridorlarda qanday hisobga olinadi?
- Hisobga olinmaydi
- To‘liq hisobga olinadi
- Yarmi hisobga olinadi
- Keyingi yilda hisobga olinadi
To‘g‘ri javob: Hisobga olinmaydi. 266¹-modda birinchi qismi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash