Elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxslariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Maxsus Qism
278-modda. Soliq to‘lovchilar
Realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston Respublikasi bo‘lgan elektron shakldagi xizmatlarni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslari bunday xizmatlarni jismoniy shaxslarga ko‘rsatishga oid qism bo‘yicha soliq to‘lovchilar deb e’tirof etiladi.
Agar chet el yuridik shaxslari jismoniy shaxslarga ushbu Kodeksning 282-moddasida belgilangan xizmatlarni elektron shaklda ko‘rsatsa hamda ularni realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston Respublikasi bo‘lsa, bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxslari bilan topshiriq, vositachilik, agentlik shartnomalari yoki boshqa shunga o‘xshash shartnomalar asosida bevosita jismoniy shaxslar bilan hisob-kitoblarda ishtirok etadigan vositachilar bo‘lgan chet el yuridik shaxslari bunday xizmatlarni realizatsiya qilishga doir operatsiyalarga nisbatan soliq agentlari deb e’tirof etiladi.
Agar bunday xizmatlar vositachilar bo‘lgan bir nechta yuridik shaxsning hisob-kitoblarida izchil ketma-ketlikda ishtirok etgan holda ko‘rsatilsa, bevosita jismoniy shaxslar bilan hisob-kitoblarda ishtirok etayotgan vositachi bo‘lgan chet el yuridik shaxsi, unda ushbu xizmatlarni ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxsi bilan shartnoma mavjudligidan qat’i nazar, soliq agenti deb e’tirof etiladi.
Agar bunday xizmatlar O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslariga va O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasalar orqali amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan bo‘lsa, bunday xizmatlarning xaridorlari bo‘lgan mazkur shaxslar soliq agentlari deb e’tirof etiladi.
279-modda. Elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxslarini hisobga qo‘yish va hisobdan chiqarish tartibi
Agar chet el yuridik shaxsi jismoniy shaxslarga ushbu Kodeksning 282-moddasida ko‘rsatilgan, realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston Respublikasi deb e’tirof etiladigan elektron shakldagi xizmatlar ko‘rsatadigan bo‘lsa, va agar bu yuridik shaxsning o‘zi vositachilarsiz xizmatlarni oluvchi bo‘lgan jismoniy shaxslar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirsa, chet el yuridik shaxsini soliq organida hisobga qo‘yish (hisobdan chiqarish) to‘g‘risidagi ariza va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ro‘yxati tasdiqlanadigan boshqa hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Shunday xizmatlarda soliq agenti deb e’tirof etiladigan vositachi bo‘lgan chet el yuridik shaxsini soliq organida hisobga qo‘yish (hisobdan chiqarish) xuddi shunday tartibda amalga oshiriladi.
Hisobga qo‘yish (hisobdan chiqarish) to‘g‘risidagi ariza chet el yuridik shaxslari tomonidan soliq organiga elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatish boshlangan (tugatilgan) kundan e’tiboran o‘ttiz kalendar kundan kechiktirmay beriladi.
280-modda. Soliq solish obyekti va soliq bazasi. Soliq davri. Chet el yuridik shaxslari tomonidan soliqni hisoblab chiqarish tartibi
Jismoniy shaxslarga elektron shakldagi xizmatlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma soliq solish obyektidir.
Chet el yuridik shaxslari jismoniy shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi realizatsiya qilish joyi deb e’tirof etiladigan, ushbu Kodeksning 282-moddasida belgilangan elektron shakldagi xizmatlarni ko‘rsatganda soliq bazasi mazkur xizmatlarning ularni realizatsiya qilishning haqiqiy narxlaridan kelib chiqib hisoblab chiqarilgan soliq summasi hisobga olingan holdagi qiymati sifatida aniqlanadi.
Bir chorak soliq davridir.
Soliq bazasi har bir chorak bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov (qisman to‘lov) kelib tushgan vaqtdan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Soliq bazasini ushbu moddaga muvofiq aniqlash chog‘ida elektron shaklda ko‘rsatiladigan xizmatlarning chet el valyutasida ifodalangan qiymati O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ko‘rsatilgan xizmatlar to‘lovi (qisman to‘lovi) kelib tushgan oyning oxirgi kunida belgilangan kursi bo‘yicha milliy valyutada qayta hisoblanadi.
Agar bunday xizmatlarni realizatsiya qilishga doir operatsiyalarga nisbatan soliqni hisoblab chiqarish bo‘yicha majburiyat ushbu moddaga muvofiq soliq agentining zimmasiga yuklatilmagan bo‘lsa, chet el yuridik shaxslari soliqni hisoblab chiqarishni mustaqil ravishda amalga oshiradi.
281-modda. Elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatishda chet el yuridik shaxslari tomonidan soliq hisobotlarini taqdim etish va soliqni to‘lash tartibi
Ushbu Kodeksning 82-moddasida belgilangan elektron shakldagi xizmatlar ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxslari soliq organiga soliq hisobotini soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali, belgilangan format bo‘yicha elektron shaklda taqdim etadi.
Chet el yuridik shaxslari tomonidan soliq organiga hujjatlarni (axborotni) va ma’lumotlarni taqdim etish uchun soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetidan foydalanish mumkin bo‘lmagan davrda bunday hujjatlar (axborot) va ma’lumotlar telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali taqdim etiladi.
Soliq hisobotlari, hujjatlar (axborot) va boshqa ma’lumotlar o‘tgan chorakdan keyingi oyning yigirmanchi kunidan kechiktirmay taqdim etiladi.
Chet el yuridik shaxslari tomonidan soliqni to‘lash soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
282-modda. Elektron shakldagi xizmatlar
Ushbu bo‘limni qo‘llash maqsadida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda jahon Internet axborot tarmog‘idan (bundan buyon matnda Internet tarmog‘i deb yuritiladi) avtomatik usulda foydalanish orqali ko‘rsatilgan xizmatlar elektron shakldagi xizmatlar jumlasiga kiradi. Xususan, bunday xizmatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
- 1) dasturiy ta’minotdan (shu jumladan Internet tarmog‘i orqali yetkazib beriladigan o‘yinlardan), shuningdek ma’lumotlar bazalaridan, ularga kiritiladigan yangi ma’lumotlardan va qo‘shimcha funksional imkoniyatlardan Internet tarmog‘i orqali, shu jumladan ulardan masofadan turib foydalanish imkonini berish yo‘li bilan foydalanishga bo‘lgan huquqlarni taqdim etish;
- 2) elektron kitoblardan (nashrlardan) va boshqa elektron nashrlardan, axborot, ta’limga oid materiallardan, grafik tasvirlardan, matnli yoki matnsiz musiqa asarlaridan, audiovizual asarlardan foydalanish huquqini Internet tarmog‘i orqali, shu jumladan Internet tarmog‘i orqali ko‘rib chiqish yoki eshitish uchun ulardan masofadan turib foydalanish imkonini berish yo‘li bilan taqdim etish;
- 3) Internet tarmog‘ida, shu jumladan elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlardan va Internet tarmog‘ida ishlab turgan ma’lumotlar bazalaridan foydalangan holda reklamaga oid xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek Internet tarmog‘ida reklama uchun reklamaga oid maydon (joy) va vaqt berish;
- 4) Internet tarmog‘ida tovarlarni (xizmatlarni) va mulkiy huquqlarni olish (realizatsiya qilish) to‘g‘risida takliflar joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish;
282-modda. Elektron shakldagi xizmatlar (davomi)
- 5) Internet tarmog‘i orqali sotuvchilar va xaridorlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatish va bitimlar tuzish uchun axborot texnologiyalari va tizimlaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan texnik, tashkiliy, axborot imkoniyatlarini hamda boshqa imkoniyatlarni berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish. Bunday xizmatlar jumlasiga, xususan, Internet tarmog‘ida real vaqt rejimida ishlaydigan savdo maydonchasini berish kiradi, bu maydonda potensial xaridorlar avtomatlashtirilgan tartib-taomil vositasida o‘z narxini taklif etadi hamda taraflar avtomatik tarzda yaratiladigan xabar orqali sotuv to‘g‘risida xabardor qilinadi;
- 6) o‘z maqsadlari uchun yoki iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish maqsadida Internet tarmog‘ida hozir bo‘lishni ta’minlash va (yoki) saqlab turish, foydalanuvchilarning elektron resurslarini (saytlarini va (yoki) Internet tarmog‘idagi saytlari sahifalarini) saqlab turish, ulardan Internet tarmog‘idan boshqa foydalanuvchilarning foydalanishini ta’minlash, foydalanuvchilarga ularni modifikatsiyalash imkonini taqdim etish;
- 7) dasturning masofadan va onlayn rejimida ishlashini avtomatik tarzda saqlab turish, Internet tarmog‘ida axborot tizimlarini, saytlarni va (yoki) sahifalarni boshqarish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish;
- 8) basharti axborotni taqdim etgan shaxs undan Internet tarmog‘i orqali foydalanish imkoniga ega bo‘lsa, ushbu axborotni saqlash va unga ishlov berish;
- 9) axborot tizimida axborotni joylashtirish uchun real vaqt rejimida hisoblash quvvatini taqdim etish;
282-modda. Elektron shakldagi xizmatlar (davomi)
- 10) domen nomlar berish, xosting xizmatlarini ko‘rsatish;
- 11) Internet tarmog‘i orqali xaridor tomonidan ma’lumotlar kiritilayotganda avtomatik usulda yuzaga keladigan axborotni yetkazib berish, ma’lumotlarni qidirish, so‘rovlarga ko‘ra ularni saralash va ajratish, axborot-kommunikatsiya tarmoqlari orqali mazkur ma’lumotlarni foydalanuvchilarga taqdim etish bo‘yicha avtomatlashtirilgan xizmatlar ko‘rsatish. Bunday yetkazib berishlar jumlasiga, xususan, fond birjasining real vaqt rejimidagi ma’lumotlari, matnlarning avtomatlashtirilgan tarjimasini real vaqt rejimida amalga oshirish kiradi;
- 12) potensial xaridorlar to‘g‘risidagi axborotni qidirish va (yoki) buyurtmachiga taqdim etish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish;
- 13) Internet tarmog‘idagi qidiruv tizimlaridan foydalanish imkonini berish;
- 14) Internet tarmog‘idagi saytlarda statistikani yuritish.
Elektron shakldagi xizmatlar jumlasiga quyidagilar kirmaydi:
- 1) agar Internet tarmog‘i orqali buyurtma berilganda tovarlar yetkazib berish (xizmatlar ko‘rsatish) aslida Internet tarmog‘idan foydalanmagan holda amalga oshiriladigan bo‘lsa, tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish;
- 2) elektron hisoblash mashinalari (shu jumladan kompyuter o‘yinlari) uchun dasturlarni va moddiy jismlardagi ma’lumotlar bazalarini realizatsiya qilish (ulardan foydalanish huquqlarini taqdim etish);
- 3) elektron pochta orqali maslahat xizmatlari ko‘rsatish;
- 4) Internet tarmog‘idan foydalanish imkonini berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish.
282-modda. Elektron shakldagi xizmatlar (davomi)
XI BO‘LIM.
AKSIZ SOLIG‘I
Bilimingizni sinang
Soliq kodeksiga ko‘ra, realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston bo‘lgan elektron shakldagi xizmatlarni jismoniy shaxslarga ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxslari qanday maqomda e’tirof etiladi?
- Soliqdan ozod shaxslar
- Soliq agentlari
- Soliq to‘lovchilar
- Faqat vositachilar
To‘g‘ri javob: Soliq to‘lovchilar. 278-modda birinchi qismi.
Elektron shakldagi xizmatlar bo‘yicha chet el yuridik shaxsi bilan shartnoma asosida bevosita jismoniy shaxslar bilan hisob-kitoblarda ishtirok etadigan vositachi chet el yuridik shaxsi qanday maqomga ega bo‘ladi?
- Soliq agenti
- Soliq to‘lovchi, agent emas
- Soliq organi vakili
- Soliq to‘lashdan ozod shaxs
To‘g‘ri javob: Soliq agenti. 278-modda ikkinchi qismi.
Elektron xizmatlar O‘zbekiston yuridik shaxslariga ko‘rsatilsa, kim soliq agenti deb e’tirof etiladi?
- Xizmatni ko‘rsatgan chet el yuridik shaxsi soliq agenti hisoblanadi
- Bunday xizmatlarning xaridorlari bo‘lgan shu yuridik shaxslar
- Davlat soliq qo‘mitasi bunday xizmatlar bo‘yicha soliq agenti
- Chet el yuridik shaxsining O‘zbekistondagi vositachisi soliq agenti
To‘g‘ri javob: Bunday xizmatlarning xaridorlari bo‘lgan shu yuridik shaxslar. 278-modda to‘rtinchi qismi: xaridorlar soliq agenti.
Elektron shaklda xizmat ko‘rsatuvchi chet el yuridik shaxsi soliq organida hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi arizani xizmat ko‘rsatish boshlangan kundan boshlab qancha muddatdan kechiktirmay berishi kerak?
- o‘n besh kalendar kundan
- yetti kalendar kundan
- o‘ttiz kalendar kundan
- to‘qson kalendar kundan
To‘g‘ri javob: o‘ttiz kalendar kundan. Ariza xizmatlar ko‘rsatish boshlangan (tugatilgan) kundan e’tiboran o‘ttiz kalendar kundan kechiktirmay beriladi.
Chet el yuridik shaxsini soliq organida hisobga qo‘yish (hisobdan chiqarish) to‘g‘risidagi ariza elektron xizmatlar ko‘rsatish boshlangan (tugatilgan) kundan e’tiboran qancha muddatdan kechiktirmay beriladi?
- O‘n kalendar kundan
- O‘ttiz kalendar kundan
- Qirq besh kalendar kundan
- Bir oydan keyin istalgan vaqtda
To‘g‘ri javob: O‘ttiz kalendar kundan. 279-modda ikkinchi qismi.
Elektron shakldagi xizmatlar bo‘yicha soliqning soliq davri qancha?
- Bir yil
- Bir oy
- Yarim yil
- Bir chorak
To‘g‘ri javob: Bir chorak. 280-modda: bir chorak soliq davridir.
Elektron xizmatlar bo‘yicha soliq bazasi har bir chorak uchun qaysi vaqtdan kelib chiqqan holda aniqlanadi?
- Xizmatlar uchun to‘lov (qisman to‘lov) kelib tushgan vaqtdan
- Shartnoma tuzilgan vaqtdan, to‘lov kelib tushishidan qat’i nazar
- Xizmat ko‘rsatish boshlangan vaqtdan, to‘lovdan qat’i nazar
- Hisobot topshirilgan vaqtdan, to‘lov kelib tushishidan qat’i nazar
To‘g‘ri javob: Xizmatlar uchun to‘lov (qisman to‘lov) kelib tushgan vaqtdan. 280-modda.
Chet el valyutasidagi qiymat soliq bazasini aniqlashda qaysi kurs bo‘yicha milliy valyutaga qayta hisoblanadi?
- Markaziy bankning to‘lov kelib tushgan oyning oxirgi kunida belgilangan kursi bo‘yicha
- Markaziy bankning shartnoma tuzilgan kunida belgilangan kursi bo‘yicha qayta hisoblanadi
- Tijorat banklarining to‘lov kelib tushgan oyning oxirgi kunidagi o‘rtacha kursi bo‘yicha
- Markaziy bankning xizmat ko‘rsatish boshlangan kunida belgilangan kursi bo‘yicha
To‘g‘ri javob: Markaziy bankning to‘lov kelib tushgan oyning oxirgi kunida belgilangan kursi bo‘yicha. 280-modda.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash