Yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromadlariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Maxsus Qism
359-modda. Soliq solinadigan daromadlarni va chegiriladigan xarajatlarni hisobga olishning o‘ziga xos xususiyatlari
Soliq davrida yakka tartibdagi tadbirkorlar, agar mazkur Kodeksning ushbu moddasida va 360-moddasining sakkizinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan tartibda soliq solinadigan daromadlarning va chegiriladigan xarajatlarning hisobini yuritishi shart.
Savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlarida soliq solinadigan daromadlarning hamda amalga oshirilgan tovar operatsiyalarining hisobini yuritishi shart.
Quyidagilar soliq solinadigan daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlaridir:
- 1) chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorning soliq solinadigan daromadlarini va tovar operatsiyalarini hisobga olish kitobi;
- 2) tovar cheklari kitobi.
Soliq solinadigan daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlarining shakli O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Soliq solinadigan daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari yakka tartibdagi tadbirkorning arizasi asosida yakka tartibdagi tadbirkor soliq hisobida turgan joydagi soliq organlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Soliq solinadigan daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari yakka tartibdagi tadbirkorda oxirgi yozuv kiritilgan paytdan e’tiboran uch yil mobaynida saqlanadi hamda ularga raqamlar qo‘yilgan, ip o‘tkazib bog‘langan va tegishli soliq organining muhri bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
360-modda. Soliq solish obyektini va soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari
Soliq solish obyekti va soliq bazasi ushbu moddada nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda, mazkur Kodeksning 295 va 296-moddalarida nazarda tutilgan tartibda aniqlanadi.
Jami daromad yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan tadbirkorlik faoliyati doirasida olingan daromadlardan iborat bo‘ladi.
Jismoniy shaxs o‘zining tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bitimlarni tuzishda, agar bu bitimlarni tuzish vaziyatining o‘zidan aniq kelib chiqmasa, u yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritayotganligini ko‘rsatishi kerak.
Yakka tartibdagi tadbirkorning jami daromadidan soliq bazasini aniqlashda, agar ushbu moddaning beshinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, mazkur Kodeksning 44-bobiga muvofiq chegirib tashlanmaydigan xarajatlardan tashqari soliq solinadigan daromadning olinishi bilan bog‘liq barcha xarajatlar chegirib tashlanadi.
Amortizatsiya qilinadigan aktivlar bo‘yicha amortizatsiya ajratmalari aktivdan tadbirkorlik faoliyatida foydalanilgan taqdirda va tadbirkorlik faoliyati bilan xarajatlarning aloqasi aniq asoslangan bo‘lsa, jami daromaddan chegirib tashlanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkor soliq bazasini hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan tartibini tanlashga haqli.
Soddalashtirilgan tartibdagi soliq bazasi jami daromadning 25 foizi miqdorida belgilanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkor soliq bazasini hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan tartibini tanlaganda soliqni hisoblab chiqarish maqsadida xarajatlar hisobini yuritish majburiyatlaridan ozod qilinadi, bundan ushbu Kodeks 359-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan yakka tartibdagi tadbirkorlar mustasno.
360-modda. Soliq solish obyektini va soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq bazasini hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llash uchun soliq hisobida turgan joydagi soliq organiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan shakldagi bildirishnomani quyidagi muddatlarda taqdim etadi:
- 1) yangidan ro‘yxatdan o‘tkazilganlar — tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish boshlanguniga qadar;
- 2) foyda solig‘ini to‘lashga o‘tganlar, shu jumladan ixtiyoriy ravishda o‘tganlar — bir vaqtning o‘zida foyda solig‘ini to‘lashga o‘tish to‘g‘risidagi bildirishnomani soliq hisobida turgan joydagi soliq organiga yuborganda;
- 3) qolganlari — joriy yilning 25-yanvaridan kechiktirmay.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq bazasini hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llash quyidagi muddatlarda boshlanadi:
- 1) ushbu modda to‘qqizinchi qismining 1-bandida ko‘rsatilganlar uchun — tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish boshlangan paytdan;
- 2) ushbu modda to‘qqizinchi qismining 2-bandida ko‘rsatilganlar uchun — yakka tartibdagi tadbirkor foyda solig‘ini to‘lashga o‘tish to‘g‘risidagi bildirishnomani va soliq bazasini soddalashtirilgan tartibda hisoblab chiqarish haqidagi arizani soliq organiga taqdim etgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab;
- 3) ushbu modda to‘qqizinchi qismining 3-bandida ko‘rsatilganlar uchun — joriy yilning 1-yanvaridan boshlab.
Soliq bazasini hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan tartibidan ixtiyoriy ravishda voz kechish va soliq bazasini hisoblab chiqarishning ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan umumiy tartibiga o‘tish kelgusi soliq davri boshlanganidan e’tiboran amalga oshiriladi.
360-modda. Soliq solish obyektini va soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari (davomi)
Soliq bazasini hisoblab chiqarishning umumiy tartibiga o‘tish to‘g‘risidagi bildirishnoma O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan shaklda soliq davri boshlanishidan kamida bir oy oldin soliq hisobida turgan joydagi soliq organiga taqdim etiladi.
361-modda. Soliq solishda hisobga olinmaydigan daromadlar
Soliq solishda quyidagilar hisobga olinmaydi:
- 1) yakka tartibdagi tadbirkorning unga mulk huquqi asosida, shuningdek mol-mulkka egalik qilish va (yoki) undan foydalanishga yo‘l qo‘yuvchi boshqa ashyoviy huquq tufayli tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulkni sotishdan olingan daromadlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinishi lozim bo‘lgan daromadlari;
- 2) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hamda yakka tartibdagi tadbirkor foyda solig‘ini to‘lashga o‘tguniga qadar aylanmadan soliqni to‘lash davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olinadigan daromadlar.
362-modda. Soliqni hisoblab chiqarish va soliq hisobotini taqdim etish tartibi
Hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha soliq summasi yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadi.
Hisobot davri yakunlari bo‘yicha soliq summasi, agar ushbu moddada boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, soliq bazasining soliq stavkasiga muvofiq bo‘lgan foizli ulushi sifatida soliq davri boshlanishidan e’tiboran oshib boruvchi yakun tarzida hisoblab chiqariladi.
Soliq hisoboti yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan har bir hisobot va soliq davri o‘tganidan keyin, soliq solinadigan obyektlar mavjudligi yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, soliq hisobida turgan joydagi soliq organiga taqdim etiladi.
Soliq hisoboti yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan quyidagi muddatlarda taqdim etiladi:
hisobot davri yakunlari bo‘yicha — hisobot choragidan keyingi oyning yigirmanchi kunidan kechiktirmay;
soliq davri yakunlari bo‘yicha — o‘tgan soliq davridan keyingi yilning 1-martidan kechiktirmay.
363-modda. Soliqni to‘lash tartibi
Soliqni to‘lash ushbu Kodeksning 340-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
XIII BO‘LIM.
JISMONIY SHAXSLARDAN OLINADIGAN DAROMAD SOLIG‘I
Bilimingizni sinang
Yakka tartibdagi tadbirkorning soliq solinadigan daromadlarini va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlari oxirgi yozuv kiritilgandan e’tiboran necha yil saqlanadi?
- Ikki yil
- To‘rt yil
- Uch yil
- Besh yil
To‘g‘ri javob: Uch yil. Registrlar tadbirkorda oxirgi yozuv kiritilgan paytdan e’tiboran uch yil mobaynida saqlanadi.
Soliq kodeksiga ko‘ra, savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar qanday hisob yuritishi shart?
- Faqat tovar operatsiyalari hisobini yuritadi, soliq solinadigan daromadlar hisobi yuritilishi shart emas
- Soliq solinadigan daromadlar va amalga oshirilgan tovar operatsiyalari hisobini tegishli registrlarda
- Soliq solinadigan daromadlar hisobini faqat bank hisobvarag‘idagi pul oqimi asosida yuritadi, registrlarsiz
- Faqat soliq organi yuritadigan yagona elektron reyestrda tovar va daromadlar hisobini yuritadi
To‘g‘ri javob: Soliq solinadigan daromadlar va amalga oshirilgan tovar operatsiyalari hisobini tegishli registrlarda. 359-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, savdo faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlar daromadlar va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlarida hisob yuritadi.
Yakka tartibdagi tadbirkor Anvar daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish kitobiga oxirgi yozuvni 2023-yil 10-martda kiritdi. Soliq kodeksiga ko‘ra, u bu kitobni qachongacha saqlashi shart?
- 2026-yil 10-martgacha
- 2024-yil 10-martgacha
- 2025-yil 10-martgacha
- 2028-yil 10-martgacha
To‘g‘ri javob: 2026-yil 10-martgacha. 359-moddaga ko‘ra, registrlar oxirgi yozuv kiritilgan paytdan e’tiboran uch yil mobaynida saqlanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkor soliq bazasini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini tanlasa, soliq bazasi jami daromadning qancha qismi miqdorida belgilanadi?
- 35 foizi
- 50 foizi
- 25 foizi
- 15 foizi
To‘g‘ri javob: 25 foizi. Soddalashtirilgan tartibdagi soliq bazasi jami daromadning 25 foizi miqdorida belgilanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkor Malikaning jami daromadi 200 million so‘m. U soliq bazasini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini tanladi. Soliq kodeksiga ko‘ra, uning soliq bazasi qancha bo‘ladi?
- 200 million so‘m, ya’ni jami daromadning 100 foizi
- 100 million so‘m, ya’ni jami daromadning 50 foizi
- 50 million so‘m, ya’ni jami daromadning 25 foizi
- 20 million so‘m, ya’ni jami daromadning 10 foizi
To‘g‘ri javob: 50 million so‘m, ya’ni jami daromadning 25 foizi. 360-moddaga ko‘ra, soddalashtirilgan tartibdagi soliq bazasi jami daromadning 25 foizi miqdorida belgilanadi.
Soliq bazasini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini tanlagan yakka tartibdagi tadbirkorlar haqidagi quyidagi hukmlardan qaysi biri to‘g‘ri?
- Ular xarajatlar hisobini yuritish majburiyatlaridan ozod qilinadi (359-moddaning ikkinchi qismidagi tadbirkorlar bundan mustasno)
- Ular xarajatlar hisobini yuritishdan ozod qilinadi va hisobot taqdim etmaydi (359-moddaning ikkinchi qismidagi tadbirkorlar bundan mustasno)
- Ular xarajatlar hisobini yuritishga majbur, daromadlar hisobi soddalashadi (359-moddaning ikkinchi qismidagi tadbirkorlar bundan mustasno)
- Ular xarajatlar hisobini yuritishga majbur, faqat daromadlar hisobi soddalashtiriladi (359-moddaning ikkinchi qismidagi tadbirkorlar bundan mustasno)
To‘g‘ri javob: Ular xarajatlar hisobini yuritish majburiyatlaridan ozod qilinadi (359-moddaning ikkinchi qismidagi tadbirkorlar bundan mustasno). 360-moddaga ko‘ra, soddalashtirilgan tartibni tanlaganlar xarajatlar hisobini yuritishdan ozod, savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar mustasno.
«Qolgan» yakka tartibdagi tadbirkorlar (yangi ro‘yxatdan o‘tmagan va foyda solig‘iga o‘tmaganlar) soliq bazasini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini qo‘llash uchun bildirishnomani qachongacha taqdim etadi?
- Joriy yilning 15-yanvaridan kechiktirmay
- Joriy yilning 25-fevralidan kechiktirmay
- Joriy yilning 5-yanvaridan kechiktirmay
- Joriy yilning 25-yanvaridan kechiktirmay
To‘g‘ri javob: Joriy yilning 25-yanvaridan kechiktirmay. 360-modda to‘qqizinchi qismining 3-bandiga ko‘ra, qolganlar bildirishnomani joriy yilning 25-yanvaridan kechiktirmay taqdim etadi.
Yakka tartibdagi tadbirkor soliq bazasini hisoblashning umumiy tartibiga o‘tish haqidagi bildirishnomani soliq davri boshlanishidan kamida qancha muddat oldin taqdim etishi kerak?
- Uch oy
- Ikki oy
- Bir oy
- Ikki hafta
To‘g‘ri javob: Bir oy. Bildirishnoma soliq davri boshlanishidan kamida bir oy oldin soliq hisobida turgan joydagi soliq organiga taqdim etiladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash