XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Sudlar to‘g‘risida» qonun · 18–24-m.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi (1/2)

Moddalar

18-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organidir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi:

o‘z vakolatlari doirasida ishlarni birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish instansiyasi sudi sifatida, shuningdek yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ko‘rib chiqadi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumida sud amaliyotining dolzarb masalalarini ko‘rib chiqadi va qonunchilikning qo‘llanilishi yuzasidan tushuntirishlar beradi;

harbiy sudlarning, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarining, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining tashkiliy faoliyatini o‘rganadi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining tushuntirishlari sudlar tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

sud amaliyoti va sud statistikasining tizimli tahlilini amalga oshiradi;

sudyalarning va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

19-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rais, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari — ma’muriy, fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atlari raislari hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyalaridan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi quyidagi tarkibda ish yuritadi:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati;

Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati;

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati;

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati;

Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati.

Sudlov hay’atlarida ixtisoslashtirilgan sudlov tarkiblari tuzilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalarining son jihatdan tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.

20-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi raislaridan iborat tarkibda ish yuritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlislarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi, Sudyalar oliy kengashi raisi, Bosh prokurori, adliya vaziri, Advokatlar palatasi raisi, sudyalar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi a’zolari ishtirok etishi mumkin.

21-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumini chaqirish tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi zaruriyatga qarab, lekin to‘rt oyda kamida bir marta chaqiriladi. Qonunchilikni qo‘llash masalalariga doir qarorlar loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining a’zolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga majlisdan yigirma kun ilgari yuboriladi.

22-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi Plenum a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lgan taqdirda vakolatlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi:

sud amaliyotini umumlashtirish materiallarini ko‘rib chiqadi va qonunchilikni qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirishlar beradi;

qonunchilik tashabbusi tartibida ishlab chiqilgan qonun loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqadi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga rasmiy sharh berish masalalari yuzasidan murojaat kiritish, shuningdek muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risidagi sudlar tashabbusi bilan kiritilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat kiritish haqidagi taqdimnomasini ko‘rib chiqadi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi tarkibini tasdiqlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining taqdimnomalariga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining tarkibini, sudlov hay’atlarining tarkibini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining kotibini tasdiqlaydi;

22-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining vakolatlari (davomi)

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining ishi to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek sudlov hay’atlari faoliyati haqidagi ma’ruzalarni eshitadi;

O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari raislarining qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risidagi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qonunchilikni qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirishlari bajarilishi haqidagi ma’ruzalarini eshitadi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi apparati rahbarini tasdiqlaydi va uning O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi apparati faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot organining tahrir hay’ati tarkibini tasdiqlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Rayosati reglamentlarini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi o‘z vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.

23-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarori majlisda ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarori O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining kotibi tomonidan imzolanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarori qabul qilingan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining rasmiy nashrlarida e’lon qilinadi.

24-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi majlisining bayonnomasi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlislarida bayonnoma yuritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi majlisining bayonnomasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining kotibi tomonidan imzolanadi.

Bilimingizni sinang

«Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qaysi ishlarni yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi?
  1. Faqat fuqarolik, jinoiy va ma’muriy sud ishlari
  2. Jinoiy, iqtisodiy va konstitutsiyaviy sud ishlari
  3. Fuqarolik, iqtisodiy, mehnat va soliq sud ishlari
  4. Fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlari

To‘g‘ri javob: Fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlari. 18-moddaga ko‘ra Oliy sud fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organidir.

Oliy sud quyi sudlarga nisbatan qanday huquqqa ega?
  1. Quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga
  2. Quyi sudlarning sudyalarini o‘z qaroriga ko‘ra lavozimdan ozod qilish huquqiga
  3. Quyi sudlar qarorlarini bekor qilmasdan o‘zgartirish huquqiga hamma ishda
  4. Quyi sudlarga ishlarni ko‘rish tartibini buyruq bilan belgilash huquqiga

To‘g‘ri javob: Quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga. 18-moddaga ko‘ra Oliy sud quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.

Oliy sud o‘z vakolatlari doirasida ishlarni qaysi instansiyalar sifatida ko‘rib chiqadi?
  1. Faqat birinchi instansiya va apellyatsiya instansiyasi sudi sifatida, kassatsiya va taftish tartibida ishlar ko‘rilmaydi
  2. Birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish instansiyasi sudi sifatida, shuningdek yangi ochilgan holatlar bo‘yicha
  3. Birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi sifatida, taftish tartibida ishlar faqat Prezident topshirig‘i bilan
  4. Faqat kassatsiya va taftish instansiyasi sudi sifatida, shuningdek yangi ochilgan holatlar bo‘yicha birinchi instansiya sudi sifatida

To‘g‘ri javob: Birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish instansiyasi sudi sifatida, shuningdek yangi ochilgan holatlar bo‘yicha. 18-moddaga ko‘ra Oliy sud ishlarni birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish instansiyasi sudi sifatida, shuningdek yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ko‘rib chiqadi.

Sud amaliyotining dolzarb masalalarini ko‘rib chiqadigan va qonunchilikning qo‘llanilishi yuzasidan tushuntirishlar beradigan Oliy sud tarkibiy qismi qaysi?
  1. Oliy sud Rayosati
  2. Sudyalar oliy kengashi
  3. Oliy sud Plenumi
  4. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati

To‘g‘ri javob: Oliy sud Plenumi. 18-moddaga ko‘ra sud amaliyotining dolzarb masalalarini Oliy sud Plenumi ko‘rib chiqadi va tushuntirishlar beradi.

«Sudlar to‘g‘risida» qonun — 19-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining vakolatlari
  2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibi
  3. Sud ishlari yuritiladigan til
  4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining kotibi

To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibi. 19-modda: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibi.

«Sudlar to‘g‘risida» qonun: «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 19-modda
  2. 22-modda
  3. 26-modda
  4. 13-modda

To‘g‘ri javob: 19-modda. 19-modda: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibi.

Quyidagilardan qaysi biri Oliy sud tarkibida ish yuritadigan tarkibiy qismlar sirasiga kirmaydi?
  1. Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati
  2. Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati
  3. Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati
  4. Harbiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati

To‘g‘ri javob: Harbiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati. 19-moddada Oliy sud tarkibi sifatida Plenum, Rayosat va ma’muriy, fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atlari sanalgan.

Oliy sud sudyalarining son jihatdan tarkibini kim belgilaydi?
  1. Oliy sud raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  2. Oliy sud Plenumining qaroriga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  3. Oliy sud raisining taqdimnomasiga binoan Senat Kengashi qarori bilan
  4. Adliya vazirining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

To‘g‘ri javob: Oliy sud raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti. 19-moddaga ko‘ra sudyalarning son tarkibi Oliy sud raisining taqdimnomasiga binoan Prezident tomonidan belgilanadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiUmumiy qoidalar (2/2)Keyingi →O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi (2/2)