XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Tabiatni muhofaza qilish» qonuni · 14–25-m.

Atrof tabiiy muhit sifatining normativlari va standartlari (2/5)

Moddalar

14-modda. Atrof tabiiy muhit sifatining normativlari va standartlari

Xo‘jalik faoliyatining atrof tabiiy muhitga zararli ta’siri atrof tabiiy muhit sifatining aholining ekologiya jihatidan xavfsizligini, tabiiy resurslarni tiklash va muhofaza qilishni kafolatlovchi normativlari va standartlari bilan cheklab qo‘yiladi.

Hududiy-ishlab chiqarish majmuilarini tarkib toptirishda, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilishni rivojlantirishda hamda shaharlar, boshqa aholi punktlarini qayta qurish va ta’mirlashda atrof tabiiy muhitga bo‘ladigan ta’sirning yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan me’yorlari belgilanadi.

15-modda. Ekologik normativlarni ishlab chiqish va tasdiqlash

Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar atrof muhitga ta’sirning yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan eng yuqori darajalarini tartibga soluvchi ekologik va boshqa yo‘sindagi mezonlarni ishlab chiqishlari shart.

Ekologik normativlar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan o‘z vakolatlariga muvofiq tasdiqlanadi.

Kimyoviy dori-darmonlarni qishloq xo‘jaligida ishlatishga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ruxsat etiladi.

V. TABIIY RESURSLARDAN FOYDALANISHNI TARTIBGA SOLISH

16-modda. Tabiiy resurslardan foydalanish shartlari

Tabiiy resurslardan foydalanishga tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etish, tabiat majmualari yaxlitligini saqlab qolish, jonli tabiat obyektlarining yashash va o‘sish muhiti buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik, boshqa tabiiy resurslardan foydalanuvchilarning huquqlarini buzmaslik sharti bilan yo‘l qo‘yiladi.

17-modda. Tuproqdan foydalanish shartlari

Tuproq deyilganida yer qobig‘ining tiriklik uchun foydalaniladigan va o‘simliklar bilan birga amal qiladigan yuzadagi unumdor qatlami tushuniladi.

Tuproqdan uning unumdorligini pasaytirmagan holda tabiiy va madaniy o‘simliklardan hosil olish uchun foydalaniladi.

Tuproqning inshoot ostida qoladigan gumusli qatlami boshqa joylarda hosildorlikni oshirish uchun olib ketilishi kerak.

18-modda. Yer osti boyliklari va foydali qazilmalardan foydalanish shartlari

Yer osti boyliklari va foydali qazilmalardan foydalanishga quyidagi shartlar asosida yo‘l qo‘yiladi:

qazib olishda yer osti boyliklari va foydali qazilmalar hamda ularga qo‘shilib chiqadigan boshqa tabiiy resurslardan kompleks va tejamli foydalanish ta’minlansa, shuningdek atrof-muhit va yer qa’ri ifloslanishining oldi olinsa;

foydali qazilmalarni qazib olish chog‘ida holati o‘zgargan yerlar rekultivatsiya qilinsa;

qayta tiklanadigan foydali qazilmalardan tabiiy qayta tiklanishiga erishiladigan darajadagina foydalanilsa;

yer osti boyliklaridan va keng tarqalgan foydali qazilmalardan foydalanish sohasida belgilangan qoidalarga rioya etilsa;

foydali qazilma konlarini ishga solish loyihalari bo‘yicha, shuningdek mineral xom ashyoni qazib olish va qayta ishlash korxonalarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda kengaytirish loyihalari yuzasidan davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lsa;

yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi ruxsatnoma mavjud bo‘lsa yoki yer qa’ri uchastkalarini foydalanishga berish nazarda tutilgan mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim mavjud bo‘lsa;

foydali qazilmalarning yuzasini olishda hosil bo‘ladigan va sig‘diradigan jinslar ag‘darmalari, saqlagichlar, terrikonlar ularning atrof-muhitga eng kam darajada zararli ta’sir ko‘rsatishi ta’minlangan holda joylashtirilsa.

19-modda. Suvlar va suv havzalaridan foydalanish shartlari

O‘zbekiston Respublikasi hududidagi yer usti, yer osti va dengiz suvlaridan zarur miqdordagi suvning tabiiy aylanishini saqlash, uning normativda ko‘rsatilgan darajada tozaligini ta’minlash, suv o‘simliklari va hayvonlarini asrash, suv havzalarining ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularda ekologiya muvozanatini saqlash va suv havzasiga landshaft elementi sifatida ziyon yetkazmaslik sharti bilan yo‘l qo‘yiladi.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari hamda suv xo‘jaligi organlari daryo irmoqlari hosil bo‘ladigan joylarda, suv havzalari sohili mintaqalarida daraxtzorlarni tiklashlari va dov-daraxtni ko‘paytirishlari hamda ularning saqlanishini ta’minlashlari shart.

20-modda. Atmosfera havosidan foydalanish shartlari

Atmosfera havosi deyilganida O‘zbekiston Respublikasi hududi ustidagi havo bo‘shlig‘i tushuniladi. Havodan foydalanishga muayyan hudud havosining sifatini o‘zgartirmaslik, uni belgilangan normativlardan ortiq darajada ifloslantirmaslik yoki siyraklashtirmaslik sharti bilan yo‘l qo‘yiladi.

Xalqaro bitimga muvofiq vazirliklar va idoralar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, xususiy shaxslar ozon qatlamiga zararli ta’sir etuvchi kimyoviy moddalar ishlab chiqarish hamda bunday moddalardan foydalanishni qisqartirishlari va kelgusida batamom to‘xtatishlari shart.

21-modda. Jonli tabiat obyektlaridan foydalanish shartlari

Jonli tabiat deyilganida tabiiy o‘simliklar, shu jumladan o‘rmon, tabiatda erkin yashaydigan hayvonlar va boshqa jonli organizmlar tushuniladi.

Jonli tabiat obyektlaridan:

ularning qayta tiklanish qobiliyatini saqlash;

ularning xilma-xil turini va to‘dalarining barqarorligini saqlash;

atrof tabiiy muhitning biologik jihatdan ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik sharti bilan foydalaniladi.

22-modda. Chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish shartlari

Chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish qonunchilikda belgilangan tartibda olib boriladi.

Chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishning atrof muhitga xavfsizligi uchun chiqindilarning mulkdorlari javob beradilar. Chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish obyektlarini tegishli hududga joylashtirish masalalarini mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hal qiladi.

23-modda. Tabiiy resurslardan foydalanish huquqidan mahrum etish

Tabiiy resurslardan foydalanish talablarini muttasil buzadigan foydalanuvchi tabiiy resurslardan foydalanish huquqidan mahrum etilishi mumkin.

VI. EKOLOGIYA EKSPERTIZASI

24-modda. Davlat ekologiya ekspertizasi

Davlat ekologiya ekspertizasi xo‘jalik qarori qabul qilinishidan oldin o‘tkazilishi shart bo‘lgan atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish tadbiridir.

Davlat ekologiya ekspertizasi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda o‘tkaziladi.

25-modda. Davlat ekologiya ekspertizasining obyektlari

Davlat ekologiya ekspertizasi obyektlari qonunchilik bilan belgilanadi.

Davlat ekologiya ekspertizasining ijobiy xulosasisiz loyihalarni ro‘yobga chiqarish man etiladi.

Bilimingizni sinang

«Tabiatni muhofaza qilish» to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, xo‘jalik faoliyatining atrof tabiiy muhitga zararli ta’siri nima bilan cheklab qo‘yiladi?
  1. Atrof tabiiy muhit sifatining normativlari va standartlari bilan
  2. Xo‘jalik faoliyatini yurituvchi tashkilotning o‘z ichki qoidalari bilan
  3. Atrof tabiiy muhit sifatining tavsiyaviy ko‘rsatkichlari bilan
  4. Faqat ekologik soliq va to‘lov stavkalari miqdori bilan

To‘g‘ri javob: Atrof tabiiy muhit sifatining normativlari va standartlari bilan. 14-moddaga ko‘ra, zararli ta’sir atrof tabiiy muhit sifatining normativlari va standartlari bilan cheklanadi.

«Tabiatni muhofaza qilish» to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, tuproq deyilganida nima tushuniladi?
  1. Yer qobig‘ining tiriklik uchun foydalaniladigan va o‘simliklar bilan birga amal qiladigan yuzadagi unumdor qatlami
  2. Yer qobig‘ining tiriklik uchun foydalanilmaydigan va o‘simliklarsiz amal qiladigan chuqur tog‘ jinslari qatlami
  3. Yer qobig‘ining o‘simliklar bilan birga amal qiladigan, ammo faqat qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yuzadagi qatlami
  4. Yer qobig‘ining yuzasidagi suv bilan to‘yingan va yer osti suvlari bilan birga amal qiladigan qatlami

To‘g‘ri javob: Yer qobig‘ining tiriklik uchun foydalaniladigan va o‘simliklar bilan birga amal qiladigan yuzadagi unumdor qatlami. 17-moddaga ko‘ra, tuproq — yer qobig‘ining yuzadagi unumdor qatlami.

Karim tabiiy resurslardan foydalanish talablarini muttasil buzmoqda. Tabiatni muhofaza qilish qonuniga ko‘ra unga nisbatan qanday chora qo‘llanishi mumkin?
  1. Tabiiy resurslardan foydalanish limiti ikki baravar kamayishi
  2. Faqat ogohlantirish xati bilan chegaralanib, huquqi saqlanishi
  3. Foydalanish uchun ajratilgan hududi kengaytirib berilishi
  4. Tabiiy resurslardan foydalanish huquqidan mahrum etilishi

To‘g‘ri javob: Tabiiy resurslardan foydalanish huquqidan mahrum etilishi. Talablarni muttasil buzgan foydalanuvchi tabiiy resurslardan foydalanish huquqidan mahrum etilishi mumkin.

Tabiatni muhofaza qilish qonuniga ko‘ra, davlat ekologiya ekspertizasi qachon o‘tkazilishi shart?
  1. Loyiha ishga tushirilgandan so‘ng
  2. Xo‘jalik qarori qabul qilingandan keyin
  3. Atrof muhitga zarar yetkazilgandan keyin
  4. Xo‘jalik qarori qabul qilinishidan oldin

To‘g‘ri javob: Xo‘jalik qarori qabul qilinishidan oldin. Davlat ekologiya ekspertizasi xo‘jalik qarori qabul qilinishidan oldin o‘tkazilishi shart bo‘lgan tadbirdir.

Tabiatni muhofaza qilish qonuniga ko‘ra, havodan foydalanishga qanday shart bilan yo‘l qo‘yiladi?
  1. Havodan faqat davlat korxonalari foydalansa
  2. Ifloslantirish uchun to‘lov to‘langan taqdirda normativdan ortiq ifloslantirish mumkin bo‘lsa
  3. Havo sifati har yili bir marta tekshirilsa
  4. Hudud havosining sifati o‘zgartirilmasa va normativlardan ortiq ifloslantirilmasa

To‘g‘ri javob: Hudud havosining sifati o‘zgartirilmasa va normativlardan ortiq ifloslantirilmasa. Havodan foydalanish hudud havosi sifatini o‘zgartirmaslik va normativlardan ortiq ifloslantirmaslik sharti bilan mumkin.

Tabiatni muhofaza qilish qonuniga ko‘ra, xalqaro bitimga muvofiq ozon qatlamiga zararli kimyoviy moddalar borasida korxonalar nima qilishi shart?
  1. Ishlab chiqarishni saqlab, faqat eksport hajmini bosqichma-bosqich oshirish
  2. Foydalanishni o‘zgartirmay, faqat ishlatilgan moddalarni qayta ishlash
  3. Ishlab chiqarish va foydalanishni qisqartirish, kelgusida batamom to‘xtatish
  4. Ishlab chiqarishni davlat nazoratida cheklovsiz davom ettirish va ko‘paytirish

To‘g‘ri javob: Ishlab chiqarish va foydalanishni qisqartirish, kelgusida batamom to‘xtatish. Korxonalar bunday moddalarni ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni qisqartirishlari hamda kelgusida batamom to‘xtatishlari shart.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘zbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilishga doir qonunchil … (1/5)Keyingi →Jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasi (3/5)