XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Tabiatni muhofaza qilish» qonuni · 27–39-m.

Jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasi (3/5)

Moddalar

27-modda. Jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasi

Jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasi jamoat birlashmalarining tashabbusiga ko‘ra ularning mablag‘lari hisobidan yoki jamoatchilik asosida mutaxassislarning mustaqil guruhlari tomonidan amalga oshiriladi.

Jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasining xulosalari tavsiya tamoyiliga ega bo‘ladi.

VII. EKOLOGIK NAZORAT

28-modda. Atrof-muhit monitoringi

O‘zbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhitning holati va uning resurslarini kuzatish, hisobga olish, ularga baho berish va ularning istiqbolini belgilashni ta’minlash maqsadida atrof-muhitning davlat monitoringi tizimi tashkil etiladi.

Atrof tabiiy muhitning holati, tabiiy resurslardan foydalanish ustidan kuzatuv maxsus vakolat berilgan idoralar, shuningdek faoliyati atrof tabiiy muhitning holatini yomonlashtiradigan yoki yomonlashtirishi mumkin bo‘lgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tomonidan amalga oshiriladi.

Maxsus vakolat berilgan idoralar, shuningdek aytib o‘tilgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar o‘z kuzatuvlariga doir materiallarni tegishli davlat idoralariga bepul berishlari shart.

Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarning monitoringi doirasida ifloslantiruvchi manbalarda o‘rnatiladigan avtomatik monitoring stansiyalari ma’lumotlarini Atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga real vaqt rejimida kiritishi shart.

Atrof-muhitning monitoringini amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

29-modda. Ekologik nazoratning asosiy vazifalari

Ekologik nazoratning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qo‘yish;

atrof muhit holatini kuzatib borish, atrof muhitning ifloslanishiga, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanishga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni aniqlash;

mo‘ljallanayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining va boshqa faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini aniqlash;

yuridik va jismoniy shaxslarning atrof muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini, ular tomonidan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash;

atrof muhitdagi o‘zgarishlar, uning prognoz qilinayotgan holati, tabiiy resurslardan foydalanilishi va ko‘rilayotgan tegishli chora-tadbirlar to‘g‘risida davlat tashkilotlarini va boshqa tashkilotlarni hamda fuqarolarni xabardor qilish;

tabiatni muhofaza qilish faoliyatining samaradorligini oshirish hamda davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarning amalga oshirilishida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning ishtirokini ta’minlash.

30-modda. Davlat atrof tabiiy muhit holatini kuzatib borish xizmati

Davlat atrof tabiiy muhit holatini kuzatib borish xizmati tabiiy muhitda sodir bo‘layotgan fizik, kimyoviy, biologik jarayonlarni, atmosfera havosi, tuproq, yer usti va yer osti suvlarining ifloslanish darajasini, ifloslanishning o‘simlik va hayvonot dunyosiga ta’siri oqibatlarini kuzatib borish, manfaatdor tashkilotlar va aholini atrof tabiiy muhitda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida joriy va shoshilinch axborotlar hamda bu muhit holatiga doir taxminlar bilan ta’minlash maqsadida tashkil etiladi.

Atrof tabiiy muhit holati to‘g‘risidagi axborot ochiq-oshkora yo‘sinda bo‘lib, uning asosiy ko‘rsatkichlari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari tomonidan e’lon qilish uchun muntazam berib boriladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari falokatlar va boshqa hodisalar natijasida atrof tabiiy muhit normativda belgilanganidan ham ortiqroq darajada ifloslangan taqdirda bunday falokat va hodisalar to‘g‘risida jamoatchilikni darhol xabardor etishlari shart.

Tabiiy resurslarning miqdor, sifat va boshqa xil ko‘rsatkichlarini, ulardan foydalanishning hajmi, tartib tamoyilini hisobga olib borish uchun davlat tabiiy resurslar kadastrlari yuritiladi.

Atrof tabiiy muhit holatiga zararli ta’sir qiladigan yoki nomaqbul tarzda ta’sir etishi mumkin bo‘lgan obyektlar, atrof tabiiy muhitga tushadigan zararli moddalarning turlari va miqdori, chiqindilarning hajmlari va tarkibi ham nazorat etib boriladi va davlat hisobiga olinadi.

30-modda. Davlat atrof tabiiy muhit holatini kuzatib borish xizmati (davomi)

Davlat atrof tabiiy muhit holatini nazorat etish xizmatining tarkibi, uni tashkil etish va faoliyat ko‘rsatishi tartibi, davlat tabiiy resurslar kadastrlarini, atrof muhitga zararli ta’sir etuvchi obyektlarning davlat hisobini yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab beriladi.

31-modda. Ekologik nazorat sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish

Ekologik nazoratni amalga oshirish, ekologik nazorat subyektlarining vakolatlarini ro‘yobga chiqarishi munosabati bilan yuzaga keladigan huquqiy munosabatlar qonunchilik bilan tartibga solinadi.

VIII. TABIATNI MUHOFAZA QILISHNI TA’MINLASHNING IQTISODIY CHORA-TADBIRLARI

33-modda. Tabiatni muhofaza qilishni ta’minlashning iqtisodiy tartiboti

Tabiatni muhofaza qilishni ta’minlashning iqtisodiy tartiboti:

tabiiy resurslardan maxsus foydalanganlik uchun, atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik (shu jumladan chiqindilarni joylashtirganlik) va atrof tabiiy muhitga boshqacha tarzda zararli ta’sir ko‘rsatganlik uchun to‘lov undirishni;

ekologik xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar sog‘lig‘ini va atrof-muhitni g‘ildirakli transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar va ularning tirkamalari, pnevmatik rezinali shinalar va pokrishkalar o‘z iste’mol xususiyatlarini yo‘qotganidan keyin hosil bo‘ladigan chiqindilarning zararli ta’siridan himoya qilish uchun utilizatsiya yig‘imi (bundan buyon matnda utilizatsiya yig‘imi deb yuritiladi) undirishni;

kamchiqitli va resurslarni tejaydigan texnologiyalar joriy etilganida, tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslarni qayta tiklashda samara beruvchi faoliyat amalga oshirilganida korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga, shuningdek ayrim shaxslarga soliq, kredit imtiyozlari va o‘zga imtiyozlar berishni;

ekologiya nuqtai nazaridan xavfli texnologiyalarni qo‘llanganlik va o‘zga faoliyatni amalga oshirganlik uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga nisbatan maxsus soliqlar joriy etishni;

atrof tabiiy muhitni ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish, oqizish yoxud ekologiya nuqtai nazaridan o‘zga zararli faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar (ruxsatnomalar) olishni;

tabiiy muhitning qulay holatini buzgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar zimmasiga uni tiklash vazifasini yuklashni;

33-modda. Tabiatni muhofaza qilishni ta’minlashning iqtisodiy tartiboti (davomi)

tabiat obyektlarini buzish yoki yo‘q qilib yuborish oqibatida yetkazilgan zarar uchun belgilangan tartibda tovon puli undirishni;

tabiatni muhofaza qilish borasidagi rejalar va chora-tadbirlar bajarilmagan, tabiatni muhofaza qilishga doir qonunchilikning normativ-texnik va boshqa talablari buzilgan hollarda mansabdor shaxslar yoki boshqa xodimlarni asosiy ishlab chiqarish faoliyatida erishilgan natijalar bo‘yicha beriladigan pul mukofotlari yoki boshqa mukofotlardan to‘liq yoki qisman mahrum etishni;

ekologik sof mahsulot chiqarganlik uchun rag‘batlantiruvchi narxlar va ustama haqlar belgilashni;

tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik, me’yorda belgilanganidan ortiqcha foydalanganlik uchun tabiatdan foydalanuvchilarga nisbatan iqtisodiy jazo choralarini hamda tabiiy resurslardan tejab-tergab va oqilona foydalanganlik uchun iqtisodiy rag‘batlantirishni qo‘llanishni;

tabiiy muhitni saqlash sohasida va ekologik sof mahsulot ishlab chiqarishda hammadan yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan davlat, kooperativ, jamoat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari, boshqa korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarning jamoalarini va ayrim xodimlarini, shuningdek ayrim shaxslarni moddiy rag‘batlantirishni ko‘zda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlarida tabiatni muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni iqtisodiy rag‘batlantirishning boshqa turlari ham nazarda tutilishi mumkin.

33-modda. Tabiatni muhofaza qilishni ta’minlashning iqtisodiy tartiboti (davomi)

Tabiatni muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni iqtisodiy rag‘batlantirish tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlarida belgilab qo‘yiladigan tartibda qo‘llaniladi.

34-modda. Tabiatdan maxsus foydalanganlik va atrof muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lovlar

Tabiatdan maxsus foydalanganlik va atrof muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lovlar tabiiy resurslardan foydalanganlik uchun soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlardan utilizatsiya yig‘imidan, shuningdek atrof muhitni ifloslantirganlik (ifloslantiruvchi moddalarni chiqarganlik, oqizganlik va chiqindilarni joylashtirganlik) hamda issiqxona gazlari ajratmalari uchun kompensatsiya to‘lovlaridan, tabiiy resurslarni muhofaza qilganlik va qayta tiklaganlik uchun to‘lovlardan iborat bo‘ladi.

Tabiiy resurslardan foydalanganlik uchun soliq stavkalari va boshqa majburiy to‘lovlarning miqdorlari, shu jumladan ijara to‘lovining miqdori tabiiy resurslarning qay darajada keng tarqalganligi, sifati, ularni qayta tiklash imkoniyatlari, ulardan foydalanishning qay darajada qulayligi, kompleksliligi, samaradorligi, ularning joylashgan yeri, chiqindilarni qayta ishlash va ulardan foydalanish imkoniyatlari hamda boshqa jihatlarni inobatga olgan holda, shuningdek tegishli limitlar qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi va tasdiqlanadi.

Atrof muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlarining miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Tabiiy resurslarni muhofaza qilganlik va qayta tiklaganlik uchun to‘lovlarning miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

34-modda. Tabiatdan maxsus foydalanganlik va atrof muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lovlar (davomi)

Tabiiy resurslardan foydalanganlik uchun to‘lovlar tabiatdan foydalanuvchi korxonalar mahsulotlarining (bajargan ishlarining, ko‘rsatgan xizmatlarining) tannarxiga qo‘shiladi.

Atrof muhitni ifloslantirganlik uchun, shuningdek tabiatdan limitda (normativda) belgilanganidan tashqari va o‘zgacha tarzda nooqilona maxsus foydalanganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari yuridik shaxsning daromadidan (foydasidan) undiriladi.

Tabiiy resurslardan foydalanganlik, ularni muhofaza qilganlik va qayta tiklaganlik uchun to‘lov Davlat budjetiga tushadi.

Atrof muhitga ifloslantiruvchi moddalar chiqarganlik va oqizganlik hamda chiqindilar joylashtirganlik, shuningdek, issiqxona gazlari ajratmalari uchun kompensatsiya to‘lovlarining summalari Ekologiya jamg‘armasiga tushadi.

Utilizatsiya yig‘imi summalari daromadlar bo‘yicha shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga kelib tushadi.

Tabiatdan maxsus foydalanganlik uchun to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar qonunchilik bilan belgilanadi, bundan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari hamda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesganlik uchun to‘lovlar va ularni ko‘chirib o‘tqazish bilan bog‘liq majburiyatlardan ozod qilish bo‘yicha imtiyozlar mustasno.

Atrof-muhitga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarganlik va oqizganlik hamda chiqindilarni joylashtirganlik, shuningdek issiqxona gazlari ajratmalari uchun kompensatsiya to‘lovlaridan hamda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesganlik, ko‘chirib o‘tqazganlik uchun kompensatsiya tarzida ekishdan ozod qilish qonun bilan belgilanadi.

34-modda. Tabiatdan maxsus foydalanganlik va atrof muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lovlar (davomi)

Tabiiy resurslardan foydalanganlik uchun to‘lovlarni va atrof muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlarini to‘laganlik, shuningdek yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilganligi yuridik va jismoniy shaxslarni ekologiya tadbirlarini bajarishdan va yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash majburiyatidan ozod etmaydi.

35-modda. Ekologiya jamg‘armasi

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, shu jumladan chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish, bioresurslarni saqlash va qayta tiklash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va uning monitoringi sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish, targ‘ibot va ma’rifiy ishlarni tashkil etish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida Ekologiya jamg‘armasi tashkil etiladi.

Ekologiya jamg‘armasini shakllantirish hamda undan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

36-modda. Ekologiya sug‘urtasi

O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning ifloslanishi va tabiiy resurslar sifatining yomonlashuvi oqibatida zarar yetishi hollarini nazarda tutib korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mol-mulki hamda daromadlari, fuqarolarning hayoti, salomatligi va mol-mulki ixtiyoriy hamda majburiy sug‘urta qilinadi.

Ekologiya sug‘urtasining tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilab qo‘yiladi.

37-modda. Tabiatni muhofaza qilish tizimidagi rag‘batlantirish

Tabiatdan oqilona foydalanish, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishni rag‘batlantirish:

korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va tabiatni muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirganlari taqdirida ularga soliq solishda imtiyozlar berish;

tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va tabiat muhofazasini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish uchun imtiyozli shartlarda qisqa muddatli va uzoq muddatli kreditlar (ssudalar) berish;

asosiy ishlab chiqarish fondlari uchun yuqori amortizatsiya normalari belgilash;

Ekologiya jamg‘armasi mablag‘larining bir qismini ifloslantiruvchi moddalar chiqarish va oqizishni kamaytirish chora-tadbirlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ayrim shaxslarga foizli qarzlar sifatida shartnoma asosida berish orqali amalga oshiriladi.

IX. FAVQULODDA EKOLOGIYA VAZIYATLARI

38-modda. Falokatlarni va ularning ekologiyaga zararli oqibatlarini bartaraf etish

Falokat sodir bo‘lgan taqdirda korxona, muassasa yoki tashkilotlar favqulodda ekologiya vaziyatlariga mo‘ljallangan o‘z harakat rejalariga muvofiq falokatni bartaraf etishga darhol kirishishlari shart. Ayni vaqtda ular falokat haqida va uni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlariga, shuningdek bunday falokatlarning ekologiyaga zararli oqibatlarini bartaraf etishga ixtisoslashgan xizmatlarga darhol xabar qiladilar.

39-modda. Favqulodda ekologiya vaziyati va ekologiya ofati mintaqalari

Xo‘jalik faoliyati va boshqa yo‘sindagi faoliyat, tabiat stixiyali kuchlarining vayron etuvchi ta’siri yoxud ro‘y bergan falokat yoki halokat natijasida muayyan hududlarning, shu jumladan suv va havo bo‘shlig‘ining atrof tabiiy muhitda inson salomatligiga, tabiiy ekologiya tizimlarining, o‘simlik va hayvonlar genetik fondlarining holatiga tahdid soluvchi barqaror salbiy o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan qismi favqulodda ekologiya vaziyati mintaqalari deb e’lon qilinadi.

Muayyan hududning tabiat muvozanati, tabiiy ekologiya tizimlari buzilishi bilan bog‘liq holda tabiiy muhitda barqaror yoki tuzatib bo‘lmas o‘zgarishlar ro‘y bergan yoki ro‘y berayotgan qismi ekologiya ofati mintaqalari deb e’lon qilinadi.

Favqulodda ekologiya vaziyati yoki ekologiya ofati mintaqalari deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror qonunchilikda belgilab qo‘yilgan tartibda qabul qilinadi.

Favqulodda ekologiya vaziyati va ekologiya ofati mintaqalarida shu vaziyatni keltirib chiqargan ishlar to‘xtatib qo‘yiladi, atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir etuvchi faoliyat (aholiga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyat bundan mustasno) taqiqlanadi, tabiiy muhitni tiklash va sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari ko‘riladi.

Bilimingizni sinang

Jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasi kimning tashabbusi bilan va qaysi mablag‘lar hisobidan o‘tkazilishi mumkin?
  1. Jamoat birlashmalarining tashabbusiga ko‘ra ularning mablag‘lari hisobidan
  2. Faqat hokim tashabbusi bilan davlat budjeti hisobidan
  3. Faqat korxona tashabbusi bilan uning mablag‘lari hisobidan
  4. Faqat prokuratura tashabbusi bilan Ekologiya jamg‘armasi hisobidan

To‘g‘ri javob: Jamoat birlashmalarining tashabbusiga ko‘ra ularning mablag‘lari hisobidan. 27-moddaga ko‘ra, u jamoat birlashmalarining tashabbusiga ko‘ra ularning mablag‘lari hisobidan yoki mutaxassislarning mustaqil guruhlari tomonidan amalga oshiriladi.

«Tabiatni muhofaza qilish» to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, davlat tabiiy resurslar kadastrlarini yuritish tartibini kim belgilaydi?
  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
  2. Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari
  3. Jamoat birlashmalari
  4. Sud organlari

To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi. 30-moddaga ko‘ra, kadastrlarni yuritish tartibini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

«Kimyo-Sanoat» MChJ atrof muhitni ifloslantirgani uchun kompensatsiya to‘lovini to‘ladi va unga moliyaviy sanksiya qo‘llandi. Korxona yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashi shartmi?
  1. Ha, to‘lov va sanksiya uni zararni qoplash majburiyatidan ozod etmaydi
  2. Yo‘q, to‘lov zararni to‘liq qoplagan hisoblanadi
  3. Yo‘q, sanksiya qo‘llangan bo‘lsa, zararni qoplash talab etilmaydi
  4. Faqat sud talab qilsa, qoplaydi

To‘g‘ri javob: Ha, to‘lov va sanksiya uni zararni qoplash majburiyatidan ozod etmaydi. 34-moddaga ko‘ra, to‘lovlar va sanksiyalar zararning o‘rnini qoplash majburiyatidan ozod etmaydi.

Hududning bir qismi kimyo korxonasi faoliyati natijasida favqulodda ekologiya vaziyati mintaqasi deb e’lon qilindi. Qonunga ko‘ra, shu vaziyatni keltirib chiqargan ishlarga nisbatan qanday choralar ko‘riladi?
  1. Ishlar to‘xtatib qo‘yiladi
  2. Ishlar davom etadi, faqat jarima to‘lanadi
  3. Ishlar faqat tunda to‘xtatiladi
  4. Ishlarga faqat ogohlantirish beriladi

To‘g‘ri javob: Ishlar to‘xtatib qo‘yiladi. 39-moddaga ko‘ra, favqulodda ekologiya vaziyati mintaqalarida shu vaziyatni keltirib chiqargan ishlar to‘xtatib qo‘yiladi.

Tabiatni muhofaza qilish qonuniga ko‘ra, avtomatik monitoring stansiyalari ma’lumotlarini real vaqtda kiritish majburiyati atrof-muhitga ta’sirning qaysi toifalariga tegishli?
  1. Faqat I toifaga
  2. II va III toifalarga
  3. I va II toifalarga
  4. III va IV toifalarga

To‘g‘ri javob: I va II toifalarga. I va II toifadagi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar ma’lumotlarni yagona geoaxborot bazasiga real vaqtda kiritishi shart.

Tabiatni muhofaza qilish qonuniga ko‘ra, atrof muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlarining miqdorlarini kim tasdiqlaydi?
  1. Vazirlar Mahkamasi
  2. Ekologiya vazirligining o‘zi
  3. Mahalliy Kengashlar
  4. Senat Kengashi

To‘g‘ri javob: Vazirlar Mahkamasi. Miqdorlar Ekologiya vazirligining taqdimiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Tabiatni muhofaza qilish qonuniga ko‘ra, ifloslantiruvchi moddalar chiqarganlik uchun kompensatsiya to‘lovlarining summalari qayerga tushadi?
  1. Ekologiya jamg‘armasiga
  2. Davlat byudjetining umumiy hisobvarag‘iga
  3. Mahalliy hokimiyat zaxira jamg‘armasiga
  4. Davlat o‘rmon fondiga

To‘g‘ri javob: Ekologiya jamg‘armasiga. Bunday to‘lovlar summalari Ekologiya jamg‘armasiga tushadi.

Tabiat muvozanati buzilishi tufayli tabiiy muhitda barqaror yoki tuzatib bo‘lmas o‘zgarishlar ro‘y bergan hudud qismi Tabiatni muhofaza qilish qonuniga ko‘ra qanday mintaqa deb e’lon qilinadi?
  1. Muhofaza etiladigan tabiiy hudud
  2. Favqulodda ekologiya vaziyati mintaqasi
  3. Ekologik tajriba mintaqasi
  4. Ekologiya ofati mintaqasi

To‘g‘ri javob: Ekologiya ofati mintaqasi. Tuzatib bo‘lmas o‘zgarishlar ro‘y bergan qism ekologiya ofati mintaqalari deb e’lon qilinadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiAtrof tabiiy muhit sifatining normativlari va standartlari (2/5)Keyingi →Ekologiya nuqtai nazaridan xavf tug‘diradigan vaziyatlar (4/5)