Fuqarolik jamiyatining shakllanishi va rivojlanishi
Milliy davlatchilikning tiklanishi
Bilib olasiz
- Fuqarolik jamiyati rivoji.
- Ko‘ppartiyaviylik va raqobat.
- Shaffof saylov tizimi.
- O‘zbekistonda o‘tkazilgan referendumlar.
Fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Shavkat Mirziyoyev
Yodda tuting!
Jamoat birlashmalari fuqarolarning qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan birlashmalari hisoblanadi.
Fuqarolik jamiyati rivoji
O‘zbekistonning fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘li to‘rtta asosiy bosqichdan iborat bo‘lib, har bir bosqich o‘ziga xos mazmun va ahamiyatga ega. Birinchi bosqich 1991–2000-yillarni qamrab olib, o‘tish davri islohotlari va milliy davlatchilik poydevorini yaratish davri bo‘ldi. Mustaqillikning ilk yillarida fuqarolik jamiyatining tashkiliy-huquqiy asoslari shakllantirildi, ko‘ppartiyaviylik tizimi, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) keng tarmog‘i yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, mustaqil ommaviy axborot vositalarining faoliyati uchun zarur sharoitlarni belgilovchi qonunlar ham qabul qilindi. Bu davrda, aslida fuqarolik jamiyati hali yangi shakllanayotgan bo‘lsa-da, keyingi taraqqiyot uchun zarur huquqiy poydevor yaratildi.
Fuqarolik jamiyati rivoji
Ikkinchi bosqich – 2001–2010-yillar – mamlakatni faol demokratik yangilash davri sifatida tarixda qoldi. Bu yillarda asosiy maqsad kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich o‘tish edi. Ikki palatali parlament tizimi joriy qilindi, siyosiy partiyalarni moliyalashtirishning milliy tizimi shakllandi, parlament fraksiyalari va muxolifatning huquqiy maqomi aniq belgilandi. Natijada siyosiy maydon yanada jonlandi, parlament faoliyati esa ko‘proq demokratiya tamoyillariga moslashdi. Shu bilan birga, mahallaning ijtimoiy hayotdagi o‘rni kuchaydi, yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash va milliy qadriyatlarni mustahkamlash borasidagi vakolatlari kengaytirildi. Bu bosqichda davlat jamiyatga nisbatan ochiqroq bo‘la boshladi.
Fuqarolik jamiyati rivoji
Uchinchi bosqich (2011–2016-yillar) fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy-iqtisodiy faolligi oshgan davr bo‘ldi. Nodavlat notijorat tashkilotlarning soni sezilarli darajada ortdi, ular mamlakatdagi islohotlarni rejalashtirish, amalga oshirish va nazorat qilish jarayonida faol qatnasha boshladi. Avvalgi bosqichlarda ko‘proq tashqi kuzatuvchi sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, endi ular davlatning hamkori sifatida yuzaga chiqdi. Bu
o‘z-o‘zidan demokratik jarayonlarning chuqurlashganini ko‘rsatadi.
To‘rtinchi bosqich – 2016-yildan hozirgi kungacha bo‘lgan davr Yangi O‘zbekistonni barpo etish davri hisoblanadi. Bu davrning asosiy mohiyati “Inson manfaatlari – ustuvor” tamoyiliga asoslangan bo‘lib, fuqarolik jamiyati institutlari davlat va jamiyat o‘rtasidagi ko‘prikka aylandi. 2017–2024-yillarda fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 60 dan ortiq hujjat qabul qilindi. Konstitutsiyaga ilk bor fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan maxsus bob kiritildi.
Fuqarolik jamiyati rivoji
Keng ko‘lamli amaliy ishlar sifatida NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni soddalashtirildi, davlat xizmatlari elektron shaklda taqdim etila boshladi (e-ngo.uz portali ishga tushdi), xorijiy mablag‘larni olish tartibi yengillashtirildi. Nogironlar jamiyati, Ko‘zi ojizlar jamiyati kabi yuzlab tashkilotlar to‘liq davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Har bir viloyatda “Do‘stlik va nodavlat tashkilotlar uylari” ochilib, yuzlab NNT va milliy madaniy markazlarga bepul joy berildi.
Bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlari nafaqat davlatning hamkori, balki xalq manfaatlarini ifoda etuvchi asosiy kuchga aylanmoqda. “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, “Hunarmand” uyushmasi, “Vatandoshlar” fondi va boshqa ko‘plab tashkilotlar mamlakatning demokratik rivojlanishida faol ishtirok etmoqda. Ularning ishtiroki natijasida O‘zbekistonning xalqaro imiji ham mustahkamlanmoqda, jamiyatda adolat, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari tobora chuqurroq qaror topmoqda.
Yodda tuting!
Davlatchiligimiz tarixida birinchi marta “mahalla” tushunchasi Konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va maqomi qat’iy belgilab qo‘yildi.
2018-yilda “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Nishondagi belgilarga ta’rif bering.
Ijodiy faoliyat
1. “Qiyosla va xulosa qil” tarixiy o‘zgarishlar jadvali
| Yo‘nalish | 1-bosqich (1991–2000) | 4-bosqich (2016–2025) | Farqi / Taraqqiyot darajasi | | Fuqarolik institutlari | | | | | OAV erkinligi | | | | | Mahalla tizimi | | | |
Ko‘ppartiyaviylik va raqobat
Ko‘ppartiyaviylik jamiyatda ikki yoki undan ortiq partiyaning faoliyat yuritishi demakdir. U demokratiyaning eng muhim belgilaridan biri bo‘lib, turli fikrlarning erkin aytilishiga yo‘l ochadi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, xalq o‘z manfaatlari va siyosiy irodasini erkin ifoda etishi uchun huquqiy asoslar yaratildi. Natijada mamlakatda siyosiy partiyalar birin-ketin tashkil topa boshladi.
O‘zbekistonda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan birinchi siyosiy partiya Xalq demokratik partiyasi bo‘lib, u mustaqillikning ilk yillarida (1991-yilda) tuzildi va shu kundan buyon Prezident hamda parlament saylovlarida faol ishtirok etib kelmoqda.
Ko‘ppartiyaviylik va raqobat
1992-yilda esa “Vatan taraqqiyoti” partiyasi tashkil topdi. Biroq u besh yil faoliyat yuritib, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarini amalga oshira olmagani sababli 2000-yilda “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasiga qo‘shildi.
1995-yilda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vujudga keldi. U O‘zbekistondagi ilk sotsial-demokratik partiya hisoblanadi. Asosiy g‘oyasi tenglik, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta’minlashdir.
Xuddi shu yili, 1995-yilda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham tuzildi. U milliy qadriyatlarni asrash, madaniyat va an’analarni rivojlantirishni maqsad qilib oldi.
1999-yilda esa “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasi tashkil etildi. U ko‘proq yoshlar faolligi va vatanparvarlik g‘oyalariga urg‘u berdi. 2008-yilda “Fidokorlar” partiyasi “Milliy tiklanish” partiyasi bilan birlashtirildi. Buning sababi ikkala partiyaning g‘oyalari va maqsadlari bir-biriga o‘xshash bo‘lganida edi. Alohida faoliyat yuritish kuchni bo‘lib yuborardi, shuning uchun ularni birlashtirish orqali yagona va kuchliroq siyosiy partiya shakllantirildi.
Ko‘ppartiyaviylik va raqobat
O‘zbekiston siyosiy tizimida o‘ziga xos o‘ringa ega partiyalardan biri O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP)dir. U 2003-yil noyabrda bo‘lib o‘tgan Ta’sis qurultoyida tuzilgan. Partiya mulkdorlar, kichik biznes vakillari, fermerlar, ishlab chiqarish mutaxassislari va ishbilarmonlar manfaatlarini ifodalashni maqsad qilgan.
Ekologiya masalasi ham mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim o‘rin egallaydi. Shu bois 2008-yilda O‘zbekiston ekologik harakati vujudga keldi. Keyinchalik u kengayib, 2019-yilda Ekologik partiya nomi bilan rasmiy ro‘yxatdan o‘tdi va ilk bor parlament saylovida qatnashdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda bir nechta siyosiy partiya faoliyat yuritmoqda. Ularning har biri turlicha g‘oya va dasturlarni ilgari suradi: biri milliy qadriyatlarni, yana biri yoshlar manfaatlarini, boshqasi esa ijtimoiy tenglik yoki iqtisodiy taraqqiyotni ustuvor hisoblaydi.
Ko‘ppartiyaviylik va raqobat
Ko‘ppartiyaviylik tufayli saylovlarda xalqning tanlovi kengaydi. Fuqarolar o‘zlariga ma’qul partiyani qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa jamiyatda sog‘lom raqobatni shakllantirib, demokratiya taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.
Siyosiy partiyalar bilan bir qatorda turli jamoat birlashmalari ham faoliyat yuritmoqda. Ularga kasaba uyushmalari, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari, faxriylar va nogironlar uyushmalari, shuningdek, madaniy-ma’rifiy va sport jamiyatlari kiradi. Bunday birlashmalar fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy hayotga faol jalb etishda muhim rol o‘ynaydi.
Yodda tuting!
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi 1991-yilda asos solindi. “Vatan taraqqiyoti” partiyasi 1992-yilda tashkil etildi. O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi 1995-yilda tashkil topgan. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi 1995-yilda tuzilgan. “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasi 1999-yili tashkil topgan. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) 2003-yilda tashkil topgan. Ekologik partiya 2019-yili tashkil etilgan.
Ijodiy faoliyat
1. Jadvalni daftaringizga chizing va to‘ldiring. Har bir o‘zgarish ortida qanday tarixiy ehtiyoj yotganiga e’tibor qarating.
| Islohot turi | Tarixiy ehtiyoj (sababi) | Ko‘zda tutilgan maqsad | | Konstitutsiyaga fuqarolik jamiyati institutlariga doir alohida bob kiritilishi | Davlat – jamiyat – fuqaro tizimida huquqiy mustahkam aloqa zarurati | Fuqarolarni davlat ishining bevosita ishtirokchisiga aylantirish | | | | |
2. “Ijobiy o‘zgarishni tanishtir”. So‘nggi 5 yilda yashash hududingizdagi fuqarolik jamiyatiga oid o‘zgarishlar haqida yozing: mahalladagi yangiliklar; jamiyatda nogironlar uchun yaratilgan qulayliklar; yoshlar yoki ayollar uchun tadbir va loyihalar; OAVda yoritilgan ijobiy misol va shu kabilar haqida. 3. Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini kuchaytirish uchun taklif bildiring. 4. “Vatanparvarlik jamiyat hayotida ishtirok etish, mavjud muammolarga befarq bo‘lmaslikda ham ko‘rinadi”. Ushbu fikrga munosabat bildiring. 5. Qo‘shimcha manbalarga, xususan, huquq fani darsliklaridagi ma’lumotlarga tayanib, quyida keltirilgan fuqarolik jamiyati institutlarining har biriga izoh bering. – nodavlat notijorat tashkilotlar (NNTlar); – fuqarolik harakatlari va jamoaviy tashabbuslar; – mahalla va mahalla fondlari; – kasaba uyushmalari va mehnat tashkilotlari; – professional va ilmiy assotsiatsiyalar; – talaba-yoshlar va ayollar tashkilotlari; – inson huquqlari tashkilotlari va huquqiy yordam markazlari; – fondlar va xayriya tashkilotlari (vaqflar); – mustaqil ommaviy axborot vositalari va jurnalistika markazlari; – fikr-tadqiqot markazlari; – madaniy, sport va ko‘ngilochar klublar; – raqamli platformalar, onlayn hamjamiyatlar.
Shaffof saylov tizimi
Davlat ishlarini boshqarishda fuqarolarning ishtiroki juda muhim. Chunki davlat qarorlari xalq manfaatlariga xizmat qilishi kerak. Fuqarolar bunga ikki yo‘l bilan ta’sir o‘tkazadilar.
Birinchisi – bevosita ishtirok. Bu degani, odamlar o‘zlari saylovlarda ovoz berishlari, referendumlarda qatnashishlari, qonun loyihalari muhokamasida o‘z fikrlarini bildirishlari mumkin. Shuningdek, mahalla yig‘inlarida qatnashish ham bevosita ishtirok shakllaridan biridir.
Ikkinchisi – vakillar orqali ishtirok. Fuqarolar o‘zlari ishonch bildirgan vakillarni saylab, ular orqali davlat ishlariga ta’sir ko‘rsatadilar. Masalan, Prezident, Oliy Majlis deputatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi a’zolari, shuningdek, viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari shular jumlasidandir.
Shaffof saylov tizimi
O‘zbekistonda mustaqillikdan buyon bir necha bor saylov va referendumlar o‘tkazilgan. Bu jarayonlarda xalq o‘z fikri, o‘z tanlovini ifoda etadi. O‘tgan vaqt davomida saylov tizimi ham takomillashib bordi. Ya’ni qonunlar, tartib-qoidalar va amaliyot yildan yilga adolatli, qulay va xalqaro talablar darajasiga yaqin bo‘lib bormoqda.
Saylov va referendumlar – xalq hokimiyatining asosiy ko‘rinishlaridan biri. Har bir fuqaro bu jarayonlarda ishtirok etish orqali davlat hayotiga o‘z hissasini qo‘shadi. Shu sababli saylovlarda ovoz berish nafaqat huquq, balki fuqarolik burchi ham hisoblanadi.
Ijodiy faoliyat
Yodda tuting!
Siyosiy partiyalarning jamiyatdagi mavqeyini belgilovchi asosiy mezon ularning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarda erishgan natijasi hisoblanadi.
O‘zbekistonda o‘tkazilgan referendumlar
O‘zbekiston Respublikasida mustaqillikdan keyin bir necha marta referendum o‘tkazilgan. Referendum – davlat ahamiyatiga ega muhim masalalar yuzasidan xalq fikrini aniqlash jarayoni, umumxalq so‘rovi.
Birinchi referendum 1991-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan. U paytda O‘zbekiston hali SSSR tarkibida edi. Referendumda “O‘zbekiston mustaqil respublika sifatida yangilangan ittifoq tarkibida qolishiga rozimisiz?” deb so‘ralgan. O‘zbekistonliklarning katta qismi bunga rozilik bildirgan. Bu o‘sha paytda odamlar mustaqillikni xohlagan bo‘lsalar ham SSSR bilan aloqalarni uzil-kesil to‘xtatishga tayyor emasliklarini ko‘rsatgan.
Ikkinchi referendum 1991-yil dekabrda o‘tkazildi. Bu safar xalq oldiga aniq masala qo‘yildi: “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini ma’qullaysizmi?” Ovoz berganlarning deyarli barchasi mustaqillikni qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa xalq o‘z tanlovini qat’iy bildirdi va mustaqillikni yoqladi.
O‘zbekistonda o‘tkazilgan referendumlar
Bu ikki referendum O‘zbekiston tarixida burilish yasagan voqealar bo‘ldi. Chunki birinchisida xalq mustaqil respublika bo‘lish fikrini bildirdi, ikkinchisida esa mamlakatning to‘liq mustaqilligi e’tirof etildi. Keyingi yillarda o‘tkazilgan referendumlarda ham xalqimiz muhim siyosiy o‘zgarishlarga o‘z munosabatini bildirib keldi.
Uchinchi referendum 1995-yilda o‘tkazilgan. Unda Prezidentning lavozim muddatini uzaytirish masalasi so‘ralgan. Aksariyat saylovchilar bu taklifni qo‘llab-quvvatladi va natijada Prezident vakolati 2000-yilgacha uzaytirildi.
To‘rtinchi referendum 2002-yilda bo‘lib o‘tgan. Bu safar ikki masala muhokama qilingan: Oliy Majlisni ikki palatali parlament qilish va Prezident vakolat muddatini uzaytirish. Xalqning katta qismi ikkala taklifni ham qo‘llab-quvvatlagan. Natijada mamlakatda ikki palatali parlament tizimi joriy etildi va Prezident vakolatlari muddati uzaytirildi.
O‘zbekistonda o‘tkazilgan referendumlar
Beshinchi referendum esa 2023-yil aprelida o‘tkazildi. Bu safar Konstitutsiyani yangilash masalasi xalq muhokamasiga qo‘yildi. Fuqarolarning katta qismi o‘z ovozi bilan 150 dan ortiq moddani o‘z ichiga olgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qo‘llab-quvvatladi.
Ma’lumot uchun
Yodda tuting!
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (MSK) 1998-yildan e’tiboran mustaqil organ sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Saylov qonunchiligiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida Oliy Majlis, Prezidentlik saylovlari hamda O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazadi. MSK kollegial organ bo‘lib, davlat hokimiyati organlaridan mustaqildir. MSK faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. MSK eng kamida 15 kishidan iborat tarkibda Oliy Majlis palatalari tomonidan tuziladi. 2024-yil sentyabrdan 9 kishilik tarkibdagi komissiya faoliyat ko‘rsatmoqda.
Savol va topshiriqlar
Muhim sanalar
- 1991–2000-yillarni — Birinchi bosqich 1991–2000-yillarni qamrab olib, o‘tish davri islohotlari va milliy davlatchilik poydevorini yaratish davri bo‘ldi.
- 1991-yilda — O‘zbekistonda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan birinchi siyosiy partiya Xalq demokratik partiyasi bo‘lib, u mustaqillikning ilk yillarida (1991-yilda) tuzildi va shu kundan buyon Prezident hamda parlament saylovlarida faol…
- 1991-yilda — O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi 1991-yilda asos solindi.
- 1991-yil — Birinchi referendum 1991-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan.
- 1991-yil — Ikkinchi referendum 1991-yil dekabrda o‘tkazildi.
- 1992-yilda — 1992-yilda esa “Vatan taraqqiyoti” partiyasi tashkil topdi.
- 1992-yilda — “Vatan taraqqiyoti” partiyasi 1992-yilda tashkil etildi.
- 1995-yilda — 1995-yilda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vujudga keldi.
- 1995-yilda — Xuddi shu yili, 1995-yilda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham tuzildi.
- 1995-yilda — O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi 1995-yilda tashkil topgan.
Bilimingizni sinang
Fuqarolarning qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan birlashmalari nima deb ataladi?
- Jamoat birlashmalari
- Fuqarolar yig‘inlari
- Kasaba uyushmalari
- Ijtimoiy fondlar
To‘g‘ri javob: Jamoat birlashmalari. Jamoat birlashmalari fuqarolarning qonun bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan birlashmalaridir.
Jamoat birlashmalari qanday birlashmalar hisoblanadi?
- Davlat organlari tomonidan tuzilgan va byudjetdan to‘liq moliyalashtiriladigan birlashmalar
- Fuqarolarning qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan birlashmalari
- Xorijiy fuqarolar tomonidan tashkil etilgan, ro‘yxatdan o‘tmagan birlashmalar
- Faqat siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalarining qonunda belgilangan birlashmalari
To‘g‘ri javob: Fuqarolarning qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan birlashmalari. Jamoat birlashmalari fuqarolarning qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan birlashmalaridir.
O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini shakllantirishning birinchi bosqichi qaysi yillarni qamrab oladi?
- 1991–1996-yillarni
- 1992–2002-yillarni
- 1991–2010-yillarni
- 1991–2000-yillarni
To‘g‘ri javob: 1991–2000-yillarni. Birinchi bosqich 1991–2000-yillarni qamrab olib, milliy davlatchilik poydevorini yaratish davri bo‘lgan.
O‘zbekistonning fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘li nechta asosiy bosqichdan iborat?
- Ikkita
- Beshta
- Oltita
- To‘rtta
To‘g‘ri javob: To‘rtta. Fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘li to‘rtta asosiy bosqichdan iborat.
O‘tish davri islohotlari va milliy davlatchilik poydevorini yaratish bosqichi qaysi yillarni qamrab olgan?
- 1991–2000-yillarni
- 2001–2010-yillarni
- 2011–2016-yillarni
- 2016-yildan hozirgacha
To‘g‘ri javob: 1991–2000-yillarni. Birinchi bosqich 1991–2000-yillarni qamrab olgan.
Fuqarolik jamiyatini shakllantirishning mamlakatni faol demokratik yangilash davri bo‘lgan ikkinchi bosqichi qaysi yillarga to‘g‘ri keladi?
- 2000–2012-yillar
- 2001–2010-yillar
- 1996–2010-yillar
- 2001–2008-yillar
To‘g‘ri javob: 2001–2010-yillar. Ikkinchi bosqich 2001–2010-yillarni qamraydi va faol demokratik yangilash davri sifatida qoldi.
2001–2010-yillarni qamrab olgan ikkinchi bosqich tarixda qanday davr sifatida qolgan?
- Mustaqil ommaviy axborot vositalarini yaratish davri
- Ijtimoiy-iqtisodiy faollik oshgan davr
- Mamlakatni faol demokratik yangilash davri
- Yangi O‘zbekistonni barpo etish davri
To‘g‘ri javob: Mamlakatni faol demokratik yangilash davri. 2001–2010-yillar mamlakatni faol demokratik yangilash davri sifatida tarixda qolgan.
2001–2010-yillardagi faol demokratik yangilanish davrining asosiy maqsadi nima edi?
- NNTlarni davlat hamkoriga aylantirib, ularni islohotlarni nazorat qilishga jalb etish
- Mustaqil OAV faoliyati uchun qonunlar qabul qilish va ko‘ppartiyaviylikni yo‘lga qo‘yish
- Davlat boshqaruvini markazlashtirib, siyosiy partiyalar sonini kamaytirish
- Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich o‘tish
To‘g‘ri javob: Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich o‘tish. Bu yillarda asosiy maqsad kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘lgan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash