XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · O‘zbekiston tarixi · 6-mavzu

Milliy iqtisodiyotning barpo etilishi

Iqtisodiy islohotlar va ijtimoiy siyosat

Bilib olasiz

O‘zbekiston Respublikasida bozor munosabatlarining shakllanishi. O‘zbek modeli.

O‘zbekistonning zamonaviy transport-kommunikatsiya tizimi.

Qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning hayotimizga ta’siri.

O‘zbekiston Respublikasida bozor munosabatlarining shakllanishi. O‘zbek modeli

Mustaqillik e’lon qilinganida mamlakat iqtisodiyoti juda og‘ir ahvolda bo‘lib, aholi deyarli ocharchilik ostonasiga kelib qolgan edi. Bunday iqtisodiy tanglikdan taraqqiyot yo‘liga chiqish uchun mamlakat iqtisodiy tizimini yangilash, mustabid tuzum davridagi rejali iqtisodiyotdan yangi bozor iqtisodiyotiga o‘tish talab etilardi.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov iqtisodchilar va siyosatchilar oldiga rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, uni tahlil qilish va O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish vazifasini qo‘ydi. Shu asosda mamlakat bozor iqtisodiyotiga o‘tishning o‘ziga xos yo‘lini ishlab chiqishga kirishdi.

O‘zbekiston Respublikasida bozor munosabatlarining shakllanishi. O‘zbek modeli

1993-yilda Birinchi Prezident Islom Karimov yangi iqtisodiy tizimga o‘tish modeli haqida yozib, uning asosiy yo‘nalishlarini ko‘rsatdi. Mazkur model iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi va uni mafkuradan xoli etish, davlat bosh islohotchi bo‘lishi, qonun ustuvorligi, kuchli ijtimoiy himoya yo‘lga qo‘yilishi va bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish deb nomlangan besh tamoyildan iborat edi.

Bozor iqtisodiyotiga o‘tishda milliy valyuta — so‘mni joriy qilish masalasi juda muhim edi. Chunki o‘z valyutasiga ega bo‘lmagan mamlakat to‘liq iqtisodiy mustaqillikka erisha olmaydi.

Mustaqillikning dastlabki davrida O‘zbekiston Sovet Ittifoqining rubl zonasida, rubl iqtisodiy va moliyaviy ustunlikda edi. Biroq rubl zonasida qolish mamlakat iqtisodiyotiga katta xavf tug‘dirardi. Chunki boshqa davlatlar bilan bir xil puldan foydalanish inflyatsiyani kuchaytirishi, narx-navo beqarorligiga olib kelishi mumkin edi. Shu sababli O‘zbekiston o‘z milliy valyutasini joriy qilish yo‘lini tanladi. 1992-yildayoq so‘m-kuponlar tayyorlandi va 1993-yil 1-noyabrdan muomalaga chiqarildi. U rubl bilan tenglashtirilgan bo‘lib, vaqtinchalik pul birligi sifatida xizmat qildi. 1994-yil 1-iyulda milliy valyuta – so‘m muomalaga kiritildi. Bu voqea O‘zbekistonning iqtisodiy suverenitet yo‘lidagi eng muhim qadamlaridan biri bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasida bozor munosabatlarining shakllanishi. O‘zbek modeli

1991-yil 18-noyabrda O‘zbekiston Oliy Kengashi “Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Bu qaror mamlakatda bozor iqtisodiyotiga o‘tishning eng muhim bosqichlaridan biri edi. Chunki shu orqali mulk oddiy odamlarning ham qo‘liga o‘tishi mumkin bo‘ldi. Dastlabki bosqichda xususiylashtirish jarayoni ko‘proq aholiga yaqin sohalarni qamrab oldi. Jumladan, umumiy uy-joy fondi, savdo shoxobchalari, mahalliy sanoat korxonalari, xizmat ko‘rsatish joylari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tayyorlash tizimi asta-sekin xususiylashtirildi. Bu jarayonni to‘g‘ri tashkil qilish uchun 1992-yil fevral oyida Davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish davlat qo‘mitasi tuzildi. Qisqa davr ichida odamlar ko‘plab uy-joylarga, kichik korxonalarga va savdo shoxobchalariga egalik qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shu yillarda mulkni davlat tasarrufidan chiqarish bo‘yicha 20 dan ortiq qonun va qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasida bozor munosabatlarining shakllanishi. O‘zbek modeli

1995-yildan esa jarayon yanada kengaydi va ommaviy xususiylashtirish boshlandi. Bu bosqichda nafaqat kichik korxonalar, balki o‘rta va yirik sanoat korxonalari ham xususiy sektorga aylantirildi.

Davlat mulkini bosqichma-bosqich xususiylashtirishga kirishildi. 1996-yilga kelib, respublikada 3 million oila shaxsiy tomorqaga, 50 ming kishi kichik biznesga va 5 ming kishi ko‘chmas mulkka ega bo‘ldi. Keyingi bosqichda o‘rta va yirik korxonalar ham xususiylashtirildi, ular asosan hissadorlik jamiyatlariga aylantirildi.

2001–2016-yillarda jarayon yanada chuqurlashdi. Bu davrda investitsiyalar jalb qilish, sanoatni modernizatsiya qilish va yangi tarmoqlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Davlat mulkini sotishda ochiq tanlov va auksionlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasida bozor munosabatlarining shakllanishi. O‘zbek modeli

2017-yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish, xususiy sektorni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha faol siyosat olib borildi. Natijada shaffoflik va raqobat tamoyillari kuchaydi. Shu yillardan boshlab sezilarli natijalarga erishildi, jumladan, iqtisodiy o‘sish har yili 5–7 foiz atrofida barqarorlashdi, yangi sanoat korxonalari ishga tushirildi, eksport hajmi va xorijiy investitsiyalar miqdori oshdi, tadbirkorlar va investorlar uchun soliq imtiyozlari joriy qilindi.

Yuqorida keltirilgan bir qator iqtisodiy islohotlar natijasida 2024-yilda O‘zbekiston xalqaro ochiq ma’lumotlar (ODIN) reytingida 83 ball olib, dunyoda 12-o‘ringa ko‘tarildi va Markaziy Osiyodagi yetakchi o‘rnini saqlab qoldi.

O‘zbekiston Respublikasida bozor munosabatlarining shakllanishi. O‘zbek modeli

Bu davrda mamlakatda keng qamrovli iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. Xususan, milliy valyuta – so‘mning erkin konvertatsiyasi joriy etildi. Davlat korxonalarini xususiylashtirish dasturi kengaytirildi. Bank xizmatlari sifatini oshirishga e’tibor qaratildi. Qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va sifati oshdi. Eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish ulushi ortdi. Bu islohotlar mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirib, iqtisodiy o‘sishni ta’minladi va aholining turmush darajasini yaxshilashga xizmat qildi.

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, bozor iqtisodiyotiga o‘tishning qaysi yo‘lini tanladi? 2. O‘zbekiston o‘z milliy valyutasini joriy qilmaganda, qanday salbiy oqibatlar yuzaga kelishi mumkin edi? 3. Milliy valyutani joriy qilish yo‘lida qanday muammolarga duch kelindi?

O‘zbekistonning zamonaviy transport-kommunikatsiya tizimi

Mustaqillikdan keyin O‘zbekiston oldida turgan eng muhim vazifalardan biri zamonaviy transport va aloqa tizimini rivojlantirish edi. Chunki yaxshi yo‘llar, aeroportlar, temiryo‘llar va qulay transport xizmati nafaqat odamlar hayotini yengillashtiradi, balki mamlakat iqtisodiyoti va xalqaro aloqalarini ham mustahkamlaydi.

Birinchi navbatda milliy transport tizimi shakllantirildi. “O‘zbekiston havo yo‘llari”, “O‘zbekiston avtomobil transporti” va “O‘zbekiston temiryo‘llari” kabi yirik tashkilotlar tuzildi. Toshkent xalqaro aeroportida yangi terminallar barpo etildi, yurtimizdagi 11 ta shahar aeroporti xalqaro maqomga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, minglab kilometr avtomobil va temiryo‘l yo‘nalishlari qurildi. Masalan, Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on yoki Angren – Pop yo‘llari uzoq hududlarni bog‘lab, odamlar uchun katta qulaylik yaratdi.

O‘zbekistonning zamonaviy transport-kommunikatsiya tizimi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jizzaxdagi “BYD Uzbekistan Factory” avtomobil zavodida. 2024-yil

2011-yildan tezyurar “Afrosiyob” poyezdi dastlab Toshkent – Samarqand yo‘nalishida, keyinchalik Qarshi va Buxorogacha qatnay boshladi. 2016-yilda ochilgan Qamchiq tunneli orqali Farg‘ona vodiysi poytaxt bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘landi. Natijada yuk va yo‘lovchi tashish ancha tezlashdi.

Bu davrda Toshkent metrosi ham kengaydi. 2001-yilda Yunusobod yo‘nalishining birinchi qismi ishga tushirilgan bo‘lsa, 2020-yildan keyin yangi bekatlar ochilib, poytaxt metrosining umumiy uzunligi 70 kilometrdan oshdi. Bu esa aholi kundalik hayotini yanada qulaylashtirdi.

O‘zbekistonning zamonaviy transport-kommunikatsiya tizimi

Avtomobil yo‘llari tarmog‘i ham keskin rivojlandi. 2025-yilga kelib, umumiy yo‘llar uzunligi 184 ming kilometrdan oshdi. Shu yili Toshkentni Andijon bilan bog‘laydigan yangi 314 kilometrli magistral yo‘l loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha natijasida qatnov vaqti 5 soatdan 3 soatga qisqaradi. Bu esa ham iqtisodiy o‘sishga, ham avtohalokatlarning kamayishiga xizmat qiladi.

Mustaqillik yillarida transport sohasi bilan bir qatorda avtomobilsozlik ham rivojlandi. 1996-yilda Andijonda ishga tushirilgan “Uz-DaewooAuto” zavodi keyinchalik “GM Uzbekistan” nomi bilan mashhur bo‘ldi. 2020-yilga kelib esa

yangi raqobatchilar paydo bo‘ldi. Masalan, “ADM Jizzakh” zavodi 2021-yilda, “BYD Uzbekistan Factory” esa 2023-yilda ish boshladi. Ayniqsa, BYD korxonasi O‘zbekistonda elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Bunday avtomobillar esa ekologiya uchun ham foydali, iqtisodiyot uchun ham samarali hisoblanadi.

O‘zbekistonning zamonaviy transport-kommunikatsiya tizimi

Bugungi kunda mamlakatimizda transport tizimi va avtomobil sanoatidagi raqobat odamlar uchun tanlov imkoniyati va sifatli xizmatni ta’minlamoqda. Shuningdek, O‘zbekistonning geografik joylashuvi transport tarmoqlarini rivojlantirish orqali uni mintaqaviy logistika markaziga aylantirish imkonini bermoqda.

2025-yil uchun ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, O‘zbekiston avtomobil yo‘llari bo‘yida zamonaviy xizmat ko‘rsatish obyektlari — “Service point” (xizmat nuqtasi) va “Service area” (xizmat hududi) tashkil etilmoqda.

Xizmat nuqtasi (Service point) bu — avtomobil yo‘llari bo‘yida yo‘lovchilar va haydovchilarga zarur xizmatlarni ko‘rsatadigan kichik obyektlar majmuasi. Unda quyidagi xizmatlar mavjud bo‘ladi:

O‘zbekistonning zamonaviy transport-kommunikatsiya tizimi

– yonilg‘i quyish shoxobchasi; – elektromobillarni quvvatlash stansiyasi; – ovqatlanish maskani (kafe, choyxona); – sanitariya-gigiyena shoxobchasi (hojatxona, yuvinish joyi); – texnik xizmat ko‘rsatish nuqtasi; – do‘kon va dorixona.

Yodda tuting!

O‘zbekistonda 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish asosiy maqsad qilib belgilangan.

Bunda kelgusi yillarda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Xizmat hududi (Service area) esa xizmat nuqtasidan kengroq va to‘liqroq obyekt bo‘lib, unda quyidagi qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi:

– TIR park (yuk mashinalari uchun to‘xtash joyi); – motel yoki mehmonxona; – avtomobillarni yuvish joyi; – dam olish maskani; – Wi-Fi va aloqa nuqtalari; – bolalar maydonchasi.

Yodda tuting!

Bu obyektlar yo‘lovchilarga qulaylik yaratish, transport-logistika xizmatlarini yaxshilash va elektromobil infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi. Ular zamonaviy me’morchilik asosida qurilib, tadbirkorlarga foydalanish uchun taklif etiladi.

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. Toshkent – Andijon yangi magistral yo‘li ishga tushgach, odamlarning hayot tarzi qanday o‘zgaradi deb o‘ylaysiz? 2. O‘zbekistonda BYD elektr avtomobillari ishlab chiqarilishi transport sohasida va ekologiya yo‘nalishida qanday o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin? 3. Sizningcha, Toshkent metrosi 70 kilometrga cho‘zilgani poytaxt aholisi turmushini qanday osonlashtirdi? Yana qaysi hududlarga metro liniyasi borishini xohlardingiz?

Qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning hayotimizga ta’siri

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, qishloq xo‘jaligida ham katta islohotlar boshlandi. Mulk egaligi tizimi o‘zgardi va yangi xo‘jalik yuritish shakllari paydo bo‘ldi.

1990-yilda aholiga kerakli g‘allaning 82 foizi, kartoshka, go‘sht va sut mahsulotlarining yarmi chetdan olib kelinar edi. Import tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari 70 foizdan ortiqni tashkil qilgan.

1992-yilda “Yer to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, yerlar davlat mulki deb belgilandi. Lekin dehqon va fermerlarga ularni uzoq muddatli ijara asosida ishlatish huquqi berildi. Keyinchalik “Oziq-ovqat dasturi” qabul qilinib, g‘alla mustaqilligi siyosati boshlandi. 1996-yilda “Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi va natijada mayda shirkat xo‘jaliklari tugatilib, fermer xo‘jaliklari tashkil etildi va shu yili O‘zbekiston g‘alla mustaqilligiga erishdi.

Qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning hayotimizga ta’siri

2008–2009-yillarda xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda zamonaviy texnologiyalarga asoslangan qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarildi va fermer xo‘jaliklariga yetkazib berildi. Natijada fermer xo‘jaliklari soni ortdi, g‘alla va paxta hosildorligi barqarorlashdi.

2016-yildan boshlab qishloq xo‘jaligida yangicha yondashuv joriy qilina boshladi. Bozor munosabatlari asosida agroklasterlar va kooperatsiyalar hamkorligi o‘rnatilib, yetishtirilgan paxta tolasini mamlakatimizda to‘liq qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi. Natijada:

– eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari 34 turdan 119 turga, ularning eksport geografiyasi esa 43 tadan 92 ta davlatga kengaydi;

Qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning hayotimizga ta’siri

– suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi. 2017-yildan oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida dasturlar joriy etilib, imtiyozli kreditlar ajratildi.

2018–2024-yillar davomida iqtisodiy islohotlar natijasida O‘zbekistonda qo‘shimcha 1 milliondan ortiq yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi va 2 millionga yaqin odam doimiy ish bilan ta’minlandi.

Mamlakatni daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga qo‘shish maqsadida 2016–2025-yillarda har bir sohada tizimli islohotlar amalga oshirildi.

2021-yildan boshlab paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, ularning o‘rniga eksportbop ekinlar ekila boshlandi. Jumladan, 1 gektar paxta yetishtirishdan uzum yetishtirish 7 baravar, gilos 6 baravar, yong‘oq esa 5 baravar daromadliroq ekani sababli ko‘plab yerlar bog‘dorchilikka ajratildi.

Qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning hayotimizga ta’siri

Suvni tejash va hosildorlikni oshirish uchun tomchilab sug‘orish kengaytirildi, nasos stansiyalariga onlayn nazorat tizimlari o‘rnatildi, xususiy sheriklik asosida tejamkor nasos va quyosh panellari joriy qilinadi.

Savol va topshiriqlar

Savollar: 1. Suvni tejovchi texnologiyalar va tomchilab sug‘orish tizimlarining joriy etilishi fermer xo‘jaliklari samaradorligini qanday oshirdi? 2. “Yer to‘g‘risida”gi va “Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi qonunlar mustaqillik davrida agrar sohaning rivojlanishida qanday rol o‘ynadi? 3. 2021-yildan paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilgach, ularning o‘rniga ekilayotgan eksportbop ekinlar mamlakat iqtisodiyoti va fermer xo‘jaliklari daromadiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

O‘zbekistonda milliy valyuta – so‘m qaysi yilda muomalaga kiritildi?
  1. 1996-yil
  2. 1993-yil
  3. 1994-yil
  4. 1992-yil

To‘g‘ri javob: 1994-yil. Milliy valyuta – so‘m 1994-yil 1-iyulda muomalaga kiritilgan.

Asaka shahrida “UzDaewoo” avtomobil zavodi qaysi yilda ish boshladi?
  1. 1996-yilda
  2. 2000-yilda
  3. 1998-yilda
  4. 1994-yilda

To‘g‘ri javob: 1996-yilda. Asakadagi “UzDaewoo” avtomobil zavodi 1996-yilda ish boshlagan.

Tezyurar “Afrosiyob” poyezdi O‘zbekistonda qaysi yildan boshlab qatnay boshladi?
  1. 2011-yildan
  2. 2009-yildan
  3. 2013-yildan
  4. 2015-yildan

To‘g‘ri javob: 2011-yildan. Tezyurar “Afrosiyob” poyezdi 2011-yildan Toshkent – Samarqand yo‘nalishida qatnay boshlagan.

O‘zbekiston ilk bor xalqaro yevroobligatsiyalarini London birjasida qaysi yilda joylashtirdi?
  1. 2019-yilda
  2. 2018-yilda
  3. 2017-yilda
  4. 2021-yilda

To‘g‘ri javob: 2019-yilda. O‘zbekiston yevroobligatsiyalarini London birjasida ilk bor 2019-yilda joylashtirgan.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qaysi yilda tashkil etildi?
  1. 2016-yilda
  2. 2018-yilda
  3. 2020-yilda
  4. 2022-yilda

To‘g‘ri javob: 2020-yilda. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi 2020-yilda tashkil etilgan.

Haftaning juma kuni “Mehr va saxovat kuni” deb qaysi yildan boshlab belgilandi?
  1. 2022-yildan
  2. 2024-yildan
  3. 2025-yildan
  4. 2023-yildan

To‘g‘ri javob: 2024-yildan. Haftaning juma kuni 2024-yildan boshlab “Mehr va saxovat kuni” deb belgilangan.

Milliy valyuta – so‘m qaysi sanada muomalaga kiritildi?
  1. 1994-yil 1-iyulda
  2. 1993-yil 1-noyabrda
  3. 1991-yil 18-noyabrda
  4. 1996-yil 1-iyulda

To‘g‘ri javob: 1994-yil 1-iyulda. So‘m 1994-yil 1-iyulda muomalaga kiritilgan.

“UzDaewoo” avtomobil zavodi 1996-yilda qaysi shaharda ish boshladi?
  1. Jizzax
  2. Asaka
  3. Samarqand
  4. Qarshi

To‘g‘ri javob: Asaka. Zavod 1996-yilda Asaka shahrida ish boshlagan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiQurolli kuchlar va milliy armiyaKeyingi →Mamlakatda ishlab chiqarish salohiyatining oshishi va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv