XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · O‘zbekiston tarixi · 7-mavzu

Mamlakatda ishlab chiqarish salohiyatining oshishi va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv

Iqtisodiy islohotlar va ijtimoiy siyosat

Bilib olasiz

Iqtisodiyotni modernizatsiyalash – raqamli davr sari qadam.

Erkin va maxsus iqtisodiy zonalar – imkoniyatlar makoni.

Jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv – O‘zbekiston dunyo bozorida.

Iqtisodiyotni modernizatsiyalash – raqamli davr sari qadam

Iqtisodiyotni modernizatsiyalash mamlakat iqtisodiy tizimini zamonaviy talablar asosida yangilash va rivojlantirishni anglatadi. Bundan asosiy maqsad iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish, yangi tarmoqlarni rivojlantirish, raqobatni kuchaytirish va O‘zbekistonning jahon bozoridagi o‘rnini mustahkamlashdir.

Mustaqillikning dastlabki davrida iqtisodiyotimizda hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar bor edi. Raqobat muhiti yo‘q, ayrim zavod va korxonalar deyarli yagona ishlab chiqaruvchi bo‘lib hisoblanardi. Soliq va bojxona tizimidagi byurokratiya esa tadbirkorlar ishini qiyinlashtirardi.

Sovet Ittifoqi davrida mamlakat iqtisodiyoti asosan biryoqlama xomashyo yetkazib berishga ixtisoslashgan edi. Mustaqillikdan so‘ng ishlab chiqarish sohalari kengaydi, turli zamonaviy korxonalar barpo etildi. Masalan, Andijonda yengil avtomobil ishlab chiqaruvchi (“Uz-Daewoo”), Samarqandda avtobus ishlab chiqaruvchi (“SamKochAvto”) zavodlar, shuningdek, oziq-ovqat, to‘qimachilik va elektronika mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalar ishga tushdi.

Iqtisodiyotni modernizatsiyalash – raqamli davr sari qadam

Sovet Ittifoqi respublikalari orasida faqat O‘zbekistonda 1996-yildan boshlab izchil iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlandi. Agar 1996–2003-yillarda o‘rtacha o‘sish sur’ati 4,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2004-yildan boshlab bu jarayon yangi bosqichga ko‘tarilib, yuqori darajada – yiliga o‘rtacha 7,5 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, mustaqillik yillarida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gazkimyo majmuasi, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Dehqonobod kaliy zavodi kabi yirik ishlab chiqarish maskanlari ish boshladi. Yuzlab yengil sanoat va oziq-ovqat korxonalari barpo etilib, iqtisodiyotimiz poydevori mustahkamlandi.

Yodda tuting!

O‘zbekistonda valyutaning kutilmagan tarzda 50 foiz devalvatsiya qilinishi tijoriy shartnoma tuzuvchilarning e’tiborini tortadi.

AQSHning moliyaviy-iqtisodiy yangiliklar bo‘yicha Bloomberg agentligi. 2017-yil

2016-yildan O‘zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirishning yangi bosqichi boshlandi. Bu davrda soliq, bojxona, tashqi savdo va moliya tizimida katta o‘zgarishlar qilindi.

Avvallari odamlar xorijiy valyutani faqat “qora bozor”dan olgan bo‘lsa, endilikda banklarda bemalol valyuta sotib olish va sotish imkoniyati yaratildi. Bu odamlar uchun qulay bo‘lib, narx-navo barqarorligiga ham xizmat qiladi.

Soliq tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida korxonalar to‘laydigan 25 foizli ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizgacha tushirildi. Natijada tadbirkorlik subyektlarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Yodda tuting!

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda bozor iqtisodiyotini erkinlashtirish maqsadida mamlakatda bir qator muhim islohotlar amalga oshirildi. Avvalo, soliq tizimi soddalashtirilib, tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Soliq turlari kamaytirilib, soliq tekshiruvlari soni ham sezilarli darajada qisqartirildi. Bu esa tadbirkorlarning soliq yukini yengillashtirishga, faoliyatini erkin va shaffof yuritishiga xizmat qildi.

Bundan tashqari, soliq stavkalari qayta ko‘rib chiqilib, ularni pasaytirish orqali biznes subyektlarining moliyaviy yuklamalari yengillashtirildi. Xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) va ijtimoiy soliq stavkalarining pasaytirilishi korxonalar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi hamda ularning iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qildi.

Yodda tuting!

2017-yildan jismoniy shaxslarga chet el valyutasini tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalariga erkin sotish va konversion bo‘limlaridan sotib olish hamda chet elda hech qanday cheklovlarsiz ishlatish huquqi berildi.

Markaziy Osiyoda yagona “Falk Porsche Fiberglass” O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma korxonasi

Milliy valyutaning yagona to‘lov vositasi sifatidagi mavqeyini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududida tovar va xizmatlar (ishlar) uchun chet el valyutasida to‘lovlarni amalga oshirish taqiqlandi. Valyuta siyosatini liberallashtirish natijasida 2017–2020-yillarda ichki valyuta bozorida ishtirokchilar soni o‘sishi kuzatildi.

Yodda tuting!

2020-yildan ipoteka krediti orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning bozor tamoyillariga asoslangan yangi tartibi joriy qilinib, daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal uchun 32 million so‘m subsidiya berish va foiz stavkasining 10 foizdan oshgan qismini qoplash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekistonning “Doing Business” reytingidagi o‘rni ancha yaxshilandi. 2016-yilda 44 ball bo‘lgan bo‘lsa, 2020-yilga kelib, 58 ballga chiqdi. Bu mamlakatimizda biznes yuritish qulaylashganini ko‘rsatadi.

“e-MEHMON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi to‘liq ishga tushirilib, mamlakat bo‘yicha mingga yaqin elektron joylashtirish vositalari yagona platformaga birlashtirildi. Natijada xorijiy va mahalliy fuqarolarni ro‘yxatga olish jarayoni hamda tegishli hisobotlar yuritish to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi.

Yodda tuting!

Davlat byudjetining ma’lum qismi xalqning o‘z takliflariga asosan sarflanadigan bo‘ldi. Ya’ni odamlar “Tashabbusli byudjet” portali orqali qaysi loyihaga pul ajratish kerakligini ovoz berib tanlashadi. Eng ko‘p ovoz olgan loyihalar moliyalashtiriladi.

Shu tartibda 2025-yilgacha 2215 ta loyiha amalga oshirilgan va ular uchun 1,1 trillion so‘m ajratilgan.

Shuningdek, 2017-yildan keyingi islohotlar oddiy odamlarning hayotiga ham, tadbirkorlik va turizm sohalariga ham juda katta qulayliklar olib keldi.

Yodda tuting!

Doing Business – bu Jahon banki (World Bank) har yili chiqaradigan xalqaro hisobot bo‘lib, u turli davlatlarda biznes qilish qanchalik oson yoki qiyin ekanini ko‘rsatib beradi.

Moliyaviy bozorning rivojlanishi iqtisodiyotni yanada liberallashtirish va tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning asosiy omili hisoblanadi.

Shavkat Mirziyoyev

O‘tgan qisqa muddatda mamlakatning turizm bilan bog‘liq soha va tarmoqlarida yuz bergan o‘zgarishlar o‘zining ijobiy natijalarini berdi. O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni 2,5 barobar ortdi.

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. “Tashabbusli byudjet” loyihasi orqali o‘z hududingizdagi qaysi muammoni hal qilgan bo‘lardingiz va nima uchun? 2. Quyidagi ma’lumotlar juftligini “sabab – natija” tarzida moslang:
Savollar: 3. Valyuta erkin konvertatsiya qilinishi natijasida oddiy odamlar turmushi qanday qulaylashadi? Misollar keltiring. 4. Tasavvur qiling, siz tadbirkorsiz. Soliq turlari kamaytirilishi va litsenziya olishning soddalashtirilishi sizning biznesingizga qanday ta’sir qilardi?

Ijodiy faoliyat

“Orient Logistics Center” – Toshkent markazida joylashgan zamonaviy transport-logistika markazi

Erkin va maxsus iqtisodiy zonalar – imkoniyatlar makoni

XXI asrda mamlakatlar o‘rtasida savdo va iqtisodiy aloqalar kuchayib bormoqda. Shu sababli ayrim hududlarda soliq va bojxona yengilliklari berilgan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilmoqda. Bundan asosiy maqsad yangi ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarishni rivojlantirish va xorijiy investorlarni jalb qilishdir.

O‘zbekistonda 1996-yilda “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Unda erkin iqtisodiy zona – muayyan hududni tezroq rivojlantirish uchun alohida huquqiy tartibga ega bo‘lgan maxsus zona sifatida ta’riflangan.

Keyingi yillarda bu sohada bir qator yirik qadamlar qo‘yildi. Avval “Navoiy” logistika markazi ochildi, keyin “Jizzax” va “Angren” maxsus industrial zonalari barpo etildi. 2016-yilda esa “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp”, 2019-yilda “Termiz” erkin iqtisodiy zonalari ish boshladi. Mazkur hududlarda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyaviy faollikni oshirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilashga katta e’tibor qaratilgan.

Erkin va maxsus iqtisodiy zonalar – imkoniyatlar makoni

2021-yilga kelib, mamlakatda yigirmadan ortiq erkin iqtisodiy zona va uch yuzdan ortiq kichik sanoat zonasi mavjud edi. Ularning barchasida yangi ishlab chiqarish korxonalari uchun infratuzilma yaratildi.

So‘nggi yillarda farmatsevtika sohasi uchun ham maxsus hududlar barpo etildi. Masalan, “Nukus-farm”, “Zomin-farm” va “Kosonsoy-farm” shular jumlasidan. Buning natijasida dorilar ishlab chiqarish kengaydi va ko‘plab odamlar ish bilan ta’minlandi.

2024-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6 foizdan ortiq o‘sdi. Bu o‘sishda erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshirilgan loyihalar muhim rol o‘ynadi.

Umuman olganda, erkin iqtisodiy zonalar mamlakatimiz sanoatini rivojlantirish, eksportni oshirish, aholi turmushini yaxshilash va O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega.

Ma’lumot uchun

*Erkin iqtisodiy zona* — yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, yuqori texnologik ishlab chiqarishni rivojlantirish, zamonaviy raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan tayyor sanoat mahsulotini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, shuningdek, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport, ijtimoiy infratuzilma va logistika xizmatlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etiladigan hudud.

*Maxsus iqtisodiy zona* — tegishli hududni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun chet el investitsiyalari va mahalliy sarmoyalarni, yuqori texnologiyalar hamda boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida maxsus ajratilgan, belgilangan chegaralarga va maxsus huquqiy tartibga ega hudud.

Erkin iqtisodiy zonalar

(Xarita belgilari: Sanoat, Farmatsevtika, Turizm, Qishloq xo‘jaligi)

Andijon logistika markazi negizida tashkil etilgan “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ va “Rhenus SE & Co. KG” kompaniyalari hamkorligida “UzContargo Andijan” qo‘shma korxonasi ochildi.

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. Tumaningizda maxsus iqtisodiy zona ochilsa, qanday korxona tashkil etgan bo‘lardingiz, nima uchun? 2. Sizningcha, O‘zbekistonda erkin iqtisodiy zonalarning ko‘payishi aholi turmushiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? 3. Agar siz sarmoyador bo‘lib, “Navoiy”, “Angren” yoki “Urgut” kabi zonalardan biriga sarmoya tikmoqchi bo‘lsangiz, qaysi sohani tanlab, qanday loyiha boshlardingiz?

Jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv – O‘zbekiston dunyo bozorida

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan savdo va iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda tashqi savdo aylanmasi hajmi Xitoy, Rossiya, Hindiston, Turkiya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va qo‘shni davlatlar bilan sezilarli darajada ortib bormoqda.

Jahon iqtisodiyotiga qo‘shilish jarayonida O‘zbekiston uchun eng muhim masalalardan biri Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishdir. Bu jarayon 1994-yilda boshlangan, biroq 2005-yilda to‘xtab qolgan edi. 2018-yildan Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi islohotlar doirasida JSTga a’zo bo‘lish jarayoni yana faollashtirildi. JSTga kirish global savdo qoidalariga moslashish, eksport-import imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro bozorga erkin chiqish imkonini beradi.

Jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv – O‘zbekiston dunyo bozorida

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik faqat tashqi savdo aloqalari bilan cheklanmaydi. O‘zbekiston Xitoy, Koreya, Germaniya, Rossiya va Turkiya bilan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirdi. Shuningdek, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki kabi moliyaviy institutlar bilan hamkorlik kuchaydi.

Yodda tuting!

Investor — o‘z mablag‘ini (pulini, mulkini yoki boshqa resurslarini) foyda olish maqsadida korxona, loyiha yoki qimmatli qog‘ozlarga kiritadigan shaxs yoki tashkilot.

O‘zbekiston Islom taraqqiyot bankiga 2003-yilda a’zo bo‘lgan. 2025-yilga kelib, qiymati jami 2,5 milliard dollardan ortiq 30 ta yirik investitsiya loyihasi ma’qullangan. Ular doirasida maktablar, arzon uy-joylar, avtomobil yo‘llari, elektr va ichimlik suv tarmoqlari qurilib, sog‘liqni saqlash muassasalari zamonaviy jihozlangan.

Jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvda savdo yo‘llari ham muhim rol o‘ynaydi. Shu sababli O‘zbekiston “Transafg‘on temiryo‘li”, “Qozog‘iston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron”, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” kabi transport loyihalarida faol ishtirok etmoqda.

Yodda tuting!

2018-yilda O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi bor suveren kredit reytingini oldi, 2019-yilda esa xalqaro moliyaviy statistik tizimlarda o‘z sahifasiga ega bo‘ldi. Bu mamlakatning jahon moliya tizimida ham faol ishtirok etayotganidan dalolat beradi.

Umuman olganda, O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiyotga qo‘shilishi savdo aloqalari kengayishi, investitsiyalar jalb qilinishi, yangi transport yo‘llari ochilishi va moliyaviy hamkorlikni mustahkamlash bilan namoyon bo‘lmoqda.

2019-yilda O‘zbekiston ilk bor xalqaro yevroobligatsiyalarini London birjasida joylashtirdi. Bu mamlakatning jahon

O‘zbekiston eksportidagi yetakchi 10 davlat

(2025-yil, yanvar – avgust)

Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Turkiya, Fransiya, BAA, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Pokiston

moliya bozoriga chiqishida muhim qadam bo‘ldi. 2020-yil noyabr oyida esa yana 750 million dollarlik obligatsiyalar London fond birjasiga muvaffaqiyatli joylashtirildi. Bu jarayon xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan yuqori baholandi.

Xalqaro hamkorlikning kuchayishi O‘zbekistonga ishonchni orttirdi. 2020-yilda mamlakat birinchi marta Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) indeksiga kiritildi va Markaziy Osiyo bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni jalb qilishda yetakchi o‘ringa chiqdi.

O‘zbekiston eksportidagi yetakchi 10 davlat

Iqtisodiyot sohasida amalga oshirilgan muhim islohotlar natijasida O‘zbekistonning eksport va import hajmi keskin oshdi. Yangi bozorlarga kirib borish imkoniyatlari va savdo geografiyasi kengaydi. Mahalliy mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligi ortdi. Xorijiy investorlar uchun qator imtiyozlar joriy etildi. Erkin iqtisodiy zonalar faoliyati kengaytirildi. Jahonning yetakchi kompaniyalari va brendlari O‘zbekistonga kirib keldi. Yangi temiryo‘l va avtomobil yo‘llari qurildi. Xalqaro, mintaqaviy va mahalliy transport yo‘llari modernizatsiya qilindi. Markaziy Osiyodagi tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirildi. Turizm sanoatini rivojlantirishga katta e’tibor berildi, viza tartiblari soddalashtirildi, turizm infratuzilmasi yaxshilandi. Xorijiy sayyohlar oqimi keskin oshdi, valyuta tushumlari ko‘paydi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qildi. Ushbu islohotlar va ularning samarasi natijasida mamlakat yanada ochiq, bozor tamoyillariga asoslangan va xalqaro hamkorlikka intiluvchi davlatga aylandi.

Yodda tuting!

2023-yilda O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshdi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi

Savol va topshiriqlar

Savollar: 1. O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga to‘liq a’zoligi oddiy odamlar hayotiga qanday ta’sir qiladi deb o‘ylaysiz? 2. Xitoy, Koreya yoki Turkiya kabi davlatlardan kelayotgan investitsiyalar hududingizdagi qaysi sohada foydali bo‘lishi mumkin deb hisoblaysiz? 3. O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi mamlakat iqtisodiyotiga qanday foyda keltiradi deb o‘ylaysiz?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Mustaqillik yillarida Samarqandda barpo etilgan avtobus ishlab chiqaruvchi zavod qanday nomlanadi?
  1. BuxoroAvto
  2. SamMotors
  3. SamKochAvto
  4. Navoiy Truck

To‘g‘ri javob: SamKochAvto. Samarqandda avtobus ishlab chiqaruvchi “SamKochAvto” zavodi ishga tushirilgan.

Iqtisodiyotni modernizatsiyalash nimani anglatadi?
  1. Iqtisodiyotni sovet davridagi rejali boshqaruv tizimiga to‘liq qaytarish va mustahkamlashni
  2. Mamlakat iqtisodiyotini yopiq holda saqlab, tashqi savdoni davlat nazoratida cheklashni
  3. Faqat qishloq xo‘jaligini rivojlantirib, sanoat korxonalarini sekin-asta yopib borishni
  4. Mamlakat iqtisodiy tizimini zamonaviy talablar asosida yangilash va rivojlantirishni

To‘g‘ri javob: Mamlakat iqtisodiy tizimini zamonaviy talablar asosida yangilash va rivojlantirishni. Modernizatsiya iqtisodiy tizimni zamonaviy talablar asosida yangilash va rivojlantirishdir.

Mustaqillikning dastlabki davrida iqtisodiyotda qanday muammo mavjud edi?
  1. Xorijiy investorlar soni haddan ziyod ko‘pligi va bozor to‘lib ketgani
  2. Soliq to‘lash umuman talab etilmagani va byudjet to‘lib-toshgani
  3. Barcha tarmoqlar xususiylashtirilgani va davlat nazorati yo‘qligi
  4. Raqobat muhiti yo‘q, ayrim korxonalar deyarli yagona ishlab chiqaruvchi edi

To‘g‘ri javob: Raqobat muhiti yo‘q, ayrim korxonalar deyarli yagona ishlab chiqaruvchi edi. Raqobat muhiti yo‘q edi va ayrim zavodlar deyarli yagona ishlab chiqaruvchi bo‘lgan.

Sovet Ittifoqi davrida O‘zbekiston iqtisodiyoti asosan nimaga ixtisoslashgan edi?
  1. Biryoqlama xomashyo yetkazib berishga
  2. Yuqori texnologik mahsulotlar eksportiga
  3. Mashinasozlik mahsulotlari ishlab chiqarishga
  4. Moliya va xizmat ko‘rsatish sohasiga

To‘g‘ri javob: Biryoqlama xomashyo yetkazib berishga. Iqtisodiyot asosan biryoqlama xomashyo yetkazib berishga ixtisoslashgan edi.

Andijonda yengil avtomobil ishlab chiqaruvchi qaysi korxona ishga tushirildi?
  1. SamKochAvto
  2. Orient Logistics
  3. Falk Porsche Fiberglass
  4. Uz-Daewoo

To‘g‘ri javob: Uz-Daewoo. Andijonda “Uz-Daewoo” yengil avtomobil ishlab chiqaruvchi zavodi ishga tushgan.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Sovet Ittifoqi davrida O‘zbekiston iqtisodiyoti asosan biryoqlama xomashyo yetkazib berishga ixtisoslashgan edi. II. Sovet respublikalari orasida faqat O‘zbekistonda 1996-yildan boshlab izchil iqtisodiy o‘sish ta’minlandi. III. 1996–2003-yillarda iqtisodiy o‘sishning o‘rtacha sur’ati yiliga 7,5 foizni tashkil etdi.
  1. faqat I
  2. I va II
  3. II va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. I va II hukmlar to‘g‘ri; yiliga o‘rtacha 7,5 foiz o‘sish 2004-yildan keyingi davrga xos, 1996–2003-yillarda esa 4,3 foiz bo‘lgan.

O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishning o‘rtacha sur’ati qaysi yillarda 4,3 foizni tashkil etdi?
  1. 1996–2003-yillarda
  2. 1991–1995-yillarda
  3. 1998–2005-yillarda
  4. 1992–1999-yillarda

To‘g‘ri javob: 1996–2003-yillarda. 1996–2003-yillarda o‘rtacha o‘sish sur’ati 4,3 foiz bo‘lgan.

O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi yangi bosqichga ko‘tarilib, yiliga o‘rtacha 7,5 foizni tashkil etgan davr qaysi yildan boshlangan?
  1. 2007-yil
  2. 2010-yil
  3. 2001-yil
  4. 2004-yil

To‘g‘ri javob: 2004-yil. 2004-yildan boshlab o‘sish yiliga o‘rtacha 7,5 foizni tashkil etdi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMilliy iqtisodiyotning barpo etilishiKeyingi →Ijtimoiy siyosat va uni amalga oshirish bosqichlari