XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · O‘zbekiston tarixi · 14-mavzu

Ma’naviy va tarixiy merosga munosabat. Buyuk ajdodlar xotirasining tiklanishi

Ma’naviy va madaniy taraqqiyot

Bilib olasiz

Ma’naviy va tarixiy merosga munosabatning o‘zgarishi. Buyuk ajdodlar xotirasining tiklanishi.

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. Sizningcha, ma’naviyat nima? U inson hayotiga qanday ta’sir qiladi? 2. Nima uchun mustaqil davlatda ma’naviyatga alohida e’tibor qaratilishi muhim? Fikringizni misollar bilan asoslang. 3. Ma’naviy salohiyatning yuksalishi nimalarga bog‘liq deb o‘ylaysiz?

Ma’naviy va tarixiy merosga munosabatning o‘zgarishi

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ma’naviy tiklanish masalasiga katta e’tibor qaratildi. 1994-yilda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat jamoatchilik markazi tashkil etildi. Markaz faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi respublikada ma’naviy va mafkuraviy ishlarni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

2006-yildan Respublika Ma’naviyat targ‘iboti markazi hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi alohida tashkilot sifatida ish boshladi.

2017-yildan so‘ng ma’naviyat sohasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda uning huzurida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti ochildi. Markaz muassisligida “Tafakkur”, “Ma’naviy hayot” jurnallari chop etilmoqda. Markaz “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” g‘oyasi asosida xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini shakllantirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishda samarali faoliyat yuritmoqda.

Ma’naviy va tarixiy merosga munosabatning o‘zgarishi

Jamiyat hayotida g‘oyaviy tahdid va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish muhim vazifadir. Bu borada madaniyat, adabiyot, kino, teatr, musiqa va san’at sohasi hamda ommaviy axborot vositalari muhim ahamiyat kasb etadi. Ular fidoyi, vatanparvar va o‘z mustaqil fikriga ega avlodni tarbiyalashda alohida o‘rin tutadi.

Ma’naviy salohiyatning yuksalishi kitobxonlik bilan bevosita bog‘liq. Mamlakatimizda yoshlarning bilimi va saviyasini oshirish, ularni ma’naviy barkamol inson etib tarbiyalash borasida kitobxonlik madaniyatiga alohida e’tibor qaratildi. 2011-yili Toshkentda milliy va zamonaviy me’morchilik uslubidagi O‘zbekiston xalqaro anjumanlar saroyi va Alisher Navoiy nomidagi

Ma’naviy va tarixiy merosga munosabatning o‘zgarishi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasini birlashtirgan “Ma’rifat markazi” bunyod etildi.

Barcha viloyatlarda yirik, olis hududlarda kichik kutubxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida kitobxonlik va intellektual o‘yinlar tashkil etildi. “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Mushoira”, “Zakovat” intellektual tanlovlarining o‘tkazilishi an’anaga aylandi. “Ma’rifat karvoni” tadbirlari doirasida 3 milliondan ortiq kitob yoshlarga yetkazib berildi.

“Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida ko‘plab badiiy adabiyotlar chop etilib, respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalari kutubxonalariga tarqatildi.

Ma’naviy va tarixiy merosga munosabatning o‘zgarishi

Amir Temur haykali. Samarqand

Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq, birinchi navbatda, o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbayi esa, avvalo, insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalardir.

Shavkat Mirziyoyev

Buyuk ajdodlar xotirasining tiklanishi

Tarixiy xotira va buyuk ajdodlarimiz nomini qayta tiklash, ma’naviy, ilmiy va ijodiy merosini o‘rganish muhim masalalardan biridir. 1991-yilda O‘zbekistonda Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Alisher Navoiy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etildi.

Buyuk alloma haykali Toshkent va Navoiy shaharlarining markaziy xiyobonlariga o‘rnatildi. Toshkent shahridagi markaziy istirohat bog‘i Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i deb ataldi. Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga Alisher Navoiy nomi berildi.

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. Siz ma’naviyat va ma’rifat atamalarini qanday tushunasiz? Ma’naviyatli inson, ma’rifatli kishi deganda qanday shaxslarni tasavvur qilasiz? 2. “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” g‘oyasining mazmun-mohiyatini asoslang.

3. “G‘oyaviy va axboriy xurujlar” hamda “mafkuraviy immunitet” tushunchalarini izohlang.

Savollar: Mafkuraviy immunitet nima? Uning shaxs va jamiyat uchun ahamiyati qanday?
Savollar: Mafkuraviy immunitet qanday shakllanadi?

Ijodiy faoliyat

Savollar: Dunyoning qaysi shaharlarida buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning haykali va byustlari o‘rnatilgan?

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy haykali. Ostona shahri, Qozog‘iston

1994-yil O‘zbekistonda “Mirzo Ulug‘bek yili” deb e’lon qilindi. Buyuk allomaning 600 yilligi O‘zbekistonda va YUNESKO qarorgohida keng nishonlandi. Mirzo Ulug‘bekning tarixiy va ilmiy asarlari nashr etildi.

1996-yilda Amir Temur tavalludining 660 yilligi xalqaro miqyosda nishonlandi. “Temur tuzuklari” bir necha tilda chop etildi. Toshkentda Temuriylar tarixi davlat muzeyi bunyod etildi. 1993-yili Toshkentda, 1996-yili Samarqand va Shahrisabzda Amir Temur haykali o‘rnatildi. Shu yili Samarqand va Shahrisabz, 2014-yilda Termiz shaharlari “Amir Temur” ordeni bilan mukofotlandi. Shu bilan birga, mamlakatimizda ko‘plab tarixiy shaxslar hamda Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi qadimiy shaharlarning yubiley sanasi keng nishonlandi.

Ijodiy faoliyat

1999-yildan mamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilindi. Toshkent, Nukus va barcha viloyatlarning markaziy shaharlarida Xotira maydonlari barpo etildi.

Mustaqillik yillarida jadidlarning nomi va boy ma’naviy merosi qayta tiklandi. Jadid namoyandalari Abdulla Qodiriy hamda Abdulhamid Cho‘lpon “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlandi. Toshkentda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi hamda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi tashkil qilindi. 31-avgust Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida belgilandi. Vatanimiz ozodligi va xalqimiz baxt-saodati yo‘lida jonini fido qilgan jadidlarning ilmiy-ma’rifiy, adabiy-badiiy merosi bugungi kunda ham muhim ahamiyatga ega.

Ijodiy faoliyat

2017-yildan boshlab buyuk ajdodlar xotirasi tiklanishi bo‘yicha ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan jadid namoyandalarining nomini tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Ijodiy faoliyat

Badiiy va hujjatli filmlar, ko‘rsatuvlar tayyorlandi, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro konferensiyalar o‘tkazildi. Ko‘chalar va xiyobonlar ularning nomi bilan ataldi. Qatag‘on qurboni bo‘lgan vatandoshlarimizning nomi oqlandi. 2020-yilda jadid namoyandalari Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi. 2024-yildan “Jadid” deb nomlangan gazeta nashr etilmoqda. 2025-yilda Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlandi.

Usmon Nosir, Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov va boshqa ijodkorlarning tavallud sanalari keng nishonlandi. Is’hoqxon Ibrat, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf, Hamid Olimjon va Zulfiya nomi bilan ataladigan markazlar hamda ijod maktablari ochildi.

Ijodiy faoliyat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yilda davlat arbobi Sharof Rashidovning 100 yilligi, 2018-yilda Islom Karimovning 80 yillik tavallud sanasi nishonlandi. Jizzax shahrida Sharof Rashidov haykali o‘rnatildi, muzeyi barpo etildi. Jizzax tumaniga Sharof Rashidov nomi berildi.

Islom Karimov – O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi, mamlakat taraqqiyoti va xalqaro nufuzini yuksaltirish yo‘lida ulkan xizmatlar ko‘rsatgan davlat arbobidir. Birinchi Prezidentimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent xalqaro aeroportiga, Toshkent davlat texnika universitetiga, Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko‘chalarga Islom Karimov nomi berildi hamda Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida Islom Karimov haykallari o‘rnatildi. Bundan tashqari, Rossiyaning Moskva va Turkmanistonning Turkmanobod shaharlarida Islom Karimov haykali ochildi. Mamlakatimizda 2-sentyabr Islom Karimov xotirasi kuni sifatida belgilandi.

Ijodiy faoliyat

Bu tashabbuslar Islom Karimovning tarixiy xizmatlarini yodda saqlash, uning mustaqil O‘zbekiston davlatini barpo etishdagi ulkan hissasini kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamlardan hisoblanadi.

2020-yil 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Toshkentda “G‘alaba bog‘i” majmuasi va “Shon-sharaf” muzeyi ochildi. Majmuada xalqimizning Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasi ko‘rsatib berilgan.

Yodda tuting!

Xotirani abadiylashtirish faqat shaxsga emas, balki uning g‘oyalariga va ilmiy merosiga bo‘lgan hurmatni anglatadi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, oliyjanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida o‘chmas iz qoldirdi.

Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021-yili Toshkentda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etildi. Bog‘dagi Mustaqillik monumentida milliy davlatchiligimiz asoslari hamda o‘zbek va jahon xalqlari tarixida ulkan iz qoldirgan buyuk shaxslar, alloma va mutafakkirlar siymosi aks ettirildi.

Yodda tuting!

“Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti. Toshkent

Loyiha ishi

Savollar: 1. Agar tarixchi yoki yozuvchi bo‘lganingizda, qaysi tarixiy shaxs haqida asar yozar edingiz va nima uchun? 2. Nima uchun Amir Temur, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek singari tarixiy shaxslar siymosi milliy g‘ururimizga aylangan? 3. Cho‘lpon va Abdulla Qodiriy asarlaridan qaysi birini o‘qigansiz? Undagi mustaqillik, erk g‘oyalarini tahlil qiling. 4. Guruh shaklida ishlanadigan ijodiy faoliyat. Sinf 4 guruhga bo‘lingan holda har bir guruh quyidagi mavzulardan birini tanlab, taqdimot ishi tayyorlasin. 1-guruh: Alisher Navoiy – ma’naviyat va adabiyot timsoli. 2-guruh: Mirzo Ulug‘bek – ilm-fanning buyuk namoyandasi. 3-guruh: Amir Temur – milliy davlatchilik va adolat ramzi. 4-guruh: Jadidlar – maorif va milliy uyg‘onish harakatining peshqadamlari.

Loyiha ishi

Taqdimotda quyidagilar aks etishi lozim:

Savollar: 5. Sizningcha, nega aynan 2017-yildan boshlab buyuk ajdodlar xotirasini tiklash ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi? 6. Qaysi qadimiy shahar yoki tarixiy shaxsning tavallud sanasi keng nishonlanganini bilasiz? 7. Nima uchun ijod maktablari va markazlar buyuk shaxslar nomi bilan ataladi? 8. O‘zbekistonda jadidchilik harakati vakillarining nomini qayta tiklash borasida qanday ishlar amalga oshirildi? 9. Fikringizcha, tarixiy xotira va tarixiy ong nima uchun muhim hisoblanadi? 10. O‘zbekiston xaritasidan Is’hoqxon Ibrat, Muhammad Yusuf, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktablari joylashgan manzilni toping va belgilang.

Loyiha ishi

Sharof Rashidov haykali. Jizzax

Savol va topshiriqlar

Savollar: 1. O‘zbekistonda ma’naviy va tarixiy merosning tiklanishi haqida so‘zlab bering. 2. Mamlakatimizda qaysi buyuk ajdodlar xotirasi tiklandi? 3. Ajdodlar merosini o‘rganish nima uchun zarur? Fikringizni asoslang. 4. Birinchi Prezidentimiz davrida amalga oshirilgan ishlar va uning xotirasiga bo‘lgan munosabat yosh avlod ongida qanday tuyg‘uni shakllantiradi deb o‘ylaysiz?

“G‘alaba bog‘i” majmuasi. Toshkent

Islom Karimov haykali. Toshkent

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

O‘zbekistonda Navro‘z umumxalq bayrami deb qachon e’lon qilindi?
  1. 1991-yil 20-iyunda
  2. 1990-yil 3-mayda
  3. 1992-yil 27-martda
  4. 1999-yil 2-martda

To‘g‘ri javob: 1990-yil 3-mayda. Navro‘z 1990-yil 3-mayda umumxalq bayrami deb e’lon qilingan.

Toshkentda Temuriylar tarixi davlat muzeyi qachon ochildi?
  1. 1993-yil 18-oktyabrda
  2. 1999-yil 2-martda
  3. 2020-yil 9-mayda
  4. 1996-yil 18-oktyabrda

To‘g‘ri javob: 1996-yil 18-oktyabrda. Muzey 1996-yil 18-oktyabrda ochilgan.

9-may qaysi sanadan boshlab O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilindi?
  1. 1999-yil 2-mart
  2. 1990-yil 3-may
  3. 1992-yil 27-mart
  4. 2020-yil 9-may

To‘g‘ri javob: 1999-yil 2-mart. Qaror 1999-yil 2-martda qabul qilingan.

Voqealarni qadimiysidan yangisiga tartiblang: 1) “G‘alaba bog‘i” ochildi; 2) “Mirzo Ulug‘bek yili” e’lon qilindi; 3) Navoiy 550 yilligi nishonlandi; 4) Temuriylar tarixi davlat muzeyi ochildi.
  1. 2 – 3 – 4 – 1
  2. 3 – 4 – 2 – 1
  3. 3 – 2 – 1 – 4
  4. 3 – 2 – 4 – 1

To‘g‘ri javob: 3 – 2 – 4 – 1. Navoiy 1991, Ulug‘bek yili 1994, muzey 1996, G‘alaba bog‘i 2020.

Respublika Ma’naviyat targ‘iboti markazi hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi qaysi yildan alohida tashkilot sifatida ish boshladi?
  1. 2004-yildan
  2. 2006-yildan
  3. 2009-yildan
  4. 2001-yildan

To‘g‘ri javob: 2006-yildan. Ikki markaz 2006-yildan alohida tashkilot sifatida ishlay boshlagan.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat jamoatchilik markazi qaysi yilda tashkil etildi?
  1. 1991-yilda
  2. 2006-yilda
  3. 1994-yilda
  4. 2017-yilda

To‘g‘ri javob: 1994-yilda. Markaz 1994-yilda tashkil etilgan.

2006-yildan alohida tashkilot sifatida ish boshlagan markazlar qaysilar?
  1. Respublika Ma’rifat va jamoatchilik markazi hamda Milliy tarix va madaniyat ilmiy-amaliy markazi
  2. Respublika Yoshlar targ‘iboti markazi hamda Fuqarolik jamiyati ilmiy-amaliy markazi
  3. Respublika Ma’naviyat targ‘iboti markazi hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi
  4. Respublika Axborot targ‘iboti markazi hamda Milliy qadriyatlar va an’analar ilmiy markazi

To‘g‘ri javob: Respublika Ma’naviyat targ‘iboti markazi hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi. Ikki markaz 2006-yildan alohida tashkilot bo‘lib ish boshlagan.

2017-yildan so‘ng Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzurida qaysi institut ochildi?
  1. Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti
  2. Ma’naviyat va jamiyat tadqiqotlari instituti
  3. Huquq va ijtimoiy fanlar instituti
  4. Madaniy meros va tarix tadqiqotlari instituti

To‘g‘ri javob: Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti. Markaz huzurida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti ochilgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatiKeyingi →Milliy va diniy qadriyatlarning qayta tiklanishi