XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · O‘zbekiston tarixi · 15-mavzu

Milliy va diniy qadriyatlarning qayta tiklanishi

Ma’naviy va madaniy taraqqiyot

Bilib olasiz

Milliy qadriyatlarning tiklanishi. Diniy qadriyatlarning tiklanishi. Islom madaniyati poytaxtlari. Islom sivilizatsiyasi markazi.

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. Nima uchun Navro‘z umumxalq bayrami deyiladi? 2. Ushbu bayram xalqning qanday ma’naviy qadriyatlarini ifodalaydi? 3. Nima uchun Navro‘z ko‘p millatli O‘zbekistonda birlik timsoliga aylangan?

Yodda tuting!

Navro‘z bayramini Markaziy Osiyo, Kavkaz, Qora dengiz havzasi, Yaqin Sharq, Bolqon yarimoroli va dunyoning boshqa mintaqalaridagi 300 milliondan ortiq inson nishonlaydi.

Milliy qadriyatlarning tiklanishi

Milliy qadriyatlarning tiklanishi mustaqillik davrining eng muhim yutuqlaridan biri bo‘ldi. O‘zbek xalqining to‘y va marosimlar, hashar, hamjihatlik, bag‘rikenglik, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, buyuk mutafakkirlar merosi va Ona tiliga hurmat singari milliy qadriyatlari qayta e’zoz topdi. Jumladan, Navro‘z bayrami azaliy qadriyatlarimizdan biri hisoblanadi. Navro‘z yer yuzidagi eng qadimiy bayramlardan biri bo‘lib, u uyg‘onish, yangi fasl darakchisidir. Navro‘z so‘zi “yangi kun” degan ma’noni bildiradi. Manbalarga ko‘ra, ushbu bayram 3 ming yildan ortiq tarixga ega. O‘zbekistonda Navro‘z milliy o‘zlikning ajralmas qismi hisoblanadi. Sovet hokimiyati davrida Navro‘z diniy bayram degan tamg‘a bilan taqiqlandi. Shunga qaramay, xalq o‘zining azaliy qadriyati va bayramini unutmadi, goh oshkor, goh yashirin nishonlayverdi.

Milliy qadriyatlarning tiklanishi

1990-yilda Navro‘z umumxalq bayrami, 21-mart esa dam olish kuni deb e’lon qilindi. Xalqimizga sevimli bayramning qaytarilishi mamlakat tarixida muhim voqea bo‘ldi.

Navro‘z bayrami chinakam umumxalq sayligiga aylandi. U O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning eng yaxshi an’analari, urf-odatlarini birlashtirdi. O‘zaro birdamlik, totuvlik ramziga aylandi. Qadimiy xalq bayrami – Navro‘zning tiklanishini respublikaning butun aholisi mamnuniyat bilan ruhda kutib oldi. 2009-yilda YUNESKO Navro‘z bayramini insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida e’tirof etdi. BMT tomonidan 2010-yilda 21-mart Xalqaro Navro‘z kuni deb e’lon qilindi. Bayramni BMT bosh qarorgohida turlicha nishonlash an’anaga aylandi.

Milliy qadriyatlarning tiklanishi

Navro‘z bayrami munosabati bilan xalqimiz ko‘chatlar o‘tqazadi, yangi bog‘lar barpo etadi, ko‘chalar, mahalla guzarlarini

obod qiladi. Bu bayramda xayriya hasharlari o‘tkazish, keksalar, bemorlar holidan xabar olish kabi ezgu ishlar an’anaga aylangan.

Barcha shahar-u qishloqlar, mahalla va ovullarda bayram sayillari tashkil qilinadi, ko‘klam dasturxonlari bezatiladi. Folklor va havaskorlik jamoalari, oilaviy ansambllar, baxshi-shoirlar, ijodkorlar ishtirokida ommaviy tadbirlar uyushtiriladi. Milliy urf-odatlarni ifoda etadigan sport musobaqalari o‘tkaziladi. Bayram sayillari xorijiy sayyohlar va mehmonlarda ham katta qiziqish uyg‘otadi.

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. Nima uchun Navro‘z insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida e’tirof etilgan? 2. Sizningcha, nima sababdan sovetlar davrida Navro‘z bayrami taqiqlangan? 3. Odamlar taqiqqa qaramay, bu bayramni qanday saqlab qolgan deb o‘ylaysiz?

Diniy qadriyatlarning tiklanishi

O‘zbekistonda sovetlar boshqaruvi davrida milliy qadriyatlar qatorida din ham qattiq nazoratga olindi. Din zararli deb e’lon qilindi, xudosizlik keng targ‘ib etildi. Butun respublika bo‘yicha juda kam, sanoqli kishilargina haj amalini bajarar edi. 1990-yildan yurtdoshlarimizning haj amalini ado etishi uchun Saudiya Arabistoniga borish imkoniyati yaratildi.

1999-yilda islom diniga oid merosni o‘rganish, bu sohada malakali kadrlar tayyorlash maqsadida Toshkent islom universiteti ochildi. Hozir ushbu ilm dargohi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi sifatida faoliyat olib bormoqda.

Islom dini taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Burhoniddin Marg‘inoniy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Imom Abu Mansur Moturidiy kabi allomalarning tavallud sanasi keng nishonlandi.

Diniy qadriyatlarning tiklanishi

2007-yilda Hazrati Imom (Hastimom) me’moriy majmuasi qayta ta’mirlandi. Majmuada uzoq vaqt davomida xalifa Usmon davriga taalluqli noyob mus’haf (Qur’on) saqlanib kelindi.

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. Qadim Toshkent va Buxoroning islom dini madaniyatiga qo‘shgan hissasi nimada? Javoblaringizni asoslang. 2. Nima uchun mamlakatimizda madaniy merosni saqlash va rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda? 3. Siz uchun oilaviy, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan buyumlar qanchalik qadrli? Ularga qaraganingizda qanday tuyg‘ularni his qilasiz?

Islom madaniyati poytaxtlari

O‘zbekistondagi ko‘plab shaharlar islom dini taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan. Ular qadimiy madrasa va masjidlari, minglab nodir qo‘lyozmalari, kutubxonalari va muzeylari bilan ham mashhurdir. Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) 2007-yilda Toshkent, 2020-yilda Buxoro shaharlarini Islom madaniyatining poytaxti deb e’lon qildi.

2024-yilda Islom hamkorlik tashkiloti Xiva shahrini “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb e’lon qildi. Shu munosabat bilan shahardagi obidalar, ziyoratgohlar va ularning atrofida obodonlashtirish ishlari, xalqaro madaniy tadbirlar tashkil etildi.

Islom sivilizatsiyasi markazi

O‘zbekistonda diniy qadriyatlarga hurmat ko‘rsatish yangi bosqichda rivojlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etildi. Markaz binosi qadimiy me’morchilik uslubida barpo etilgan.

Majmuaning to‘rt tomonida ulkan peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Mazkur noyob loyihaning qurilishi O‘zbekiston Prezidentining 2017-yildagi qaroriga binoan boshlanib, 2018-yil Ramazon hayiti kuni unga poydevor qo‘yilgan. Islom sivilizatsiyasi markazida muzey, kutubxona, ilmiy markaz faoliyat yuritadi. Markazda xalqimizning boy va noyob merosi, buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati chuqur o‘rganiladi.

Islom sivilizatsiyasi markazi

Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda” va “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” kabi bo‘limlar tashkil etildi. Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan.

Markazda qadimiy qo‘lyozma manbalar va tarixiy ashyolar restavratsiya qilinadi. Qadimiy qo‘lyozmalar va arxiv hujjatlari o‘rganiladi. Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning ma’naviy va ma’rifiy qudrati timsolidir.

Toshkentdagi Usmon mus’hafidan 2004-yilda xattot Habibulloh Solih ko‘chirgan nusxa, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Savol va topshiriqlar

Savollar: 1. “O‘z tarixini bilmagan millat boshqalarga poymol bo‘lur” degan fikrni quyidagi savol bilan bog‘lab tushuntiring: markazda xalqimizning boy va noyob merosi, buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati o‘rganiladi. Bundan qanday maqsadlar ko‘zlangan? 2. Mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarning tiklanishi xronologiyasini tuzing.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Navro‘z bayramini dunyoning turli mintaqalarida qancha inson nishonlaydi?
  1. 300 milliondan ortiq
  2. 100 milliondan ortiq
  3. 200 milliondan ortiq
  4. 500 milliondan ortiq

To‘g‘ri javob: 300 milliondan ortiq. Navro‘zni 300 milliondan ortiq inson nishonlaydi.

Navro‘z bayramini dunyo bo‘yicha kamida qancha inson nishonlaydi?
  1. 300 milliondan ortiq
  2. 30 milliondan ortiq
  3. 3 milliarddan ortiq
  4. 3 milliondan ortiq

To‘g‘ri javob: 300 milliondan ortiq. Bayramni 300 milliondan ortiq inson nishonlaydi.

Manbalarga ko‘ra, Navro‘z bayrami necha yildan ortiq tarixga ega?
  1. 3 ming yildan ortiq
  2. 2 ming yildan ortiq
  3. 5 ming yildan ortiq
  4. 1 ming yildan ortiq

To‘g‘ri javob: 3 ming yildan ortiq. Navro‘z bayrami 3 ming yildan ortiq tarixga ega.

Navro‘z so‘zi qanday ma’noni bildiradi?
  1. Bahor bayrami
  2. Yangi kun
  3. Quyosh chiqishi
  4. Hosil bayrami

To‘g‘ri javob: Yangi kun. Navro‘z so‘zi “yangi kun” degan ma’noni bildiradi.

Manbalarga ko‘ra, Navro‘z bayrami qancha vaqtlik tarixga ega?
  1. 1 ming yildan ortiq
  2. 2 ming yildan ortiq
  3. 3 ming yildan ortiq
  4. 5 ming yildan ortiq

To‘g‘ri javob: 3 ming yildan ortiq. Manbalarga ko‘ra bayram 3 ming yildan ortiq tarixga ega.

Sovet hokimiyati davrida Navro‘z nima sababdan taqiqlangan?
  1. Siyosiy bayram sanalgani uchun
  2. Xorijdan kirib kelgani uchun
  3. Iqtisodiy zarar keltirgani uchun
  4. Diniy bayram degan tamg‘a bilan

To‘g‘ri javob: Diniy bayram degan tamg‘a bilan. Navro‘z diniy bayram degan tamg‘a bilan taqiqlangan.

Sovet hokimiyati Navro‘zni taqiqlagan bo‘lsa-da, bu taqiq xalq xotirasida qanday natija berdi?
  1. Bayram butunlay unutilib, faqat 1990-yilda qayta tiklandi va yangi mazmun oldi
  2. Bayram faqat shaharlarda saqlanib, qishloqlarda esa butunlay yo‘qolib ketgan edi
  3. Bayram boshqa nom bilan rasmiy davlat bayramiga aylantirilib, taqiq olib tashlandi
  4. Xalq bayramni unutmadi va uni goh oshkor, goh yashirin nishonlashda davom etdi

To‘g‘ri javob: Xalq bayramni unutmadi va uni goh oshkor, goh yashirin nishonlashda davom etdi. Taqiqqa qaramay, xalq o‘zining azaliy qadriyatini unutmadi va bayramni goh oshkor, goh yashirin nishonlayverdi.

Navro‘z umumxalq bayrami deb qaysi yilda e’lon qilindi?
  1. 1989-yilda
  2. 1991-yilda
  3. 1993-yilda
  4. 1990-yilda

To‘g‘ri javob: 1990-yilda. Navro‘z 1990-yilda umumxalq bayrami deb e’lon qilingan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMa’naviy va tarixiy merosga munosabat. Buyuk ajdodlar xotirasining tiklanishiKeyingi →Madaniyat va san’at taraqqiyoti