XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · O‘zbekiston tarixi · 16-mavzu

Madaniyat va san’at taraqqiyoti

Ma’naviy va madaniy taraqqiyot

Bilib olasiz

Teatr va kino. Musiqa va raqs san’ati. Tasviriy san’at va badiiy adabiyot. Muzeylar – tarix ko‘zgusi.

O‘zbek milliy akademik drama teatri

Teatr va kino

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, madaniyat va san’at sohasiga katta e’tibor qaratildi. Ayniqsa, teatrlar soni ortdi, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ishlari boshlandi.

Avvalo, Farg‘ona va Xorazmda davlat qo‘g‘irchoq teatrlari tashkil etildi, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryoda ham yangi teatr guruhlari ish boshladi. Natijada turli viloyatlardagi bolalar va kattalar teatrlashtirilgan tomoshalardan bahramand bo‘la boshladilar.

Yangi teatr binolari qurildi, eskilari ta’mirlandi. 2015-yili Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri binosi qayta ta’mirlandi. Ushbu teatr mamlakatimizning iftixori hisoblanib, unda milliy va jahon mumtoz merosining betakror namunalari sahnalashtiriladi.

Teatr va kino

1993-yili Toshkentda “Turkiston” san’at saroyi ish boshladi. 1997-yilda “Teatr: Sharq – G‘arb” xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi. 2014-yilda Farg‘ona viloyati teatr-konsert saroyi ochilib, yurtdoshlarimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

2001-yilda Hamza nomidagi o‘zbek davlat akademik drama teatriga “Milliy teatr” maqomi berildi. Viloyat teatr jamoalari ham xalqaro madaniy tadbirlarda qatnashib kelmoqda. Bu borada “Yoshlar”, “Ilhom” va Qashqadaryodagi “Eski masjid” teatr studiyasi faollik ko‘rsatdi. Teatrlarda Vatan tarixini sahna asarlari orqali namoyish etishga alohida e’tibor berildi.

2017-yildan boshlab teatr san’ati sohasida ham keng islohotlar boshlandi. Teatrlarni rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlari amalga oshirildi. 2018-yilda O‘zbekistonda ilk bor “Turon” harbiy teatr studiyasi tashkil etildi.

Teatr va kino

Surxondaryo qo‘g‘irchoq teatri

Mazkur teatr nafaqat harbiylar, balki keng aholi vakillariga xizmat ko‘rsatadi. Ta’kidlash kerakki, jadidlarning Abdulla Avloniy badiiy rahbarligida Toshkentda tashkil etgan teatr truppasi ham “Turon” deb nomlangan.

O‘zbek teatr arboblari jahon teatr san’ati taraqqiyotini diqqat bilan o‘rgandilar. Ular Sharq va G‘arb san’atini milliy ruh bilan uyg‘unlashtirdilar. Natijada sahnalashtirilgan spektakllarda nafaqat milliy, balki umuminsoniy muammolar ham aks etdi. Bu esa tomoshabinlarning dunyoqarashi va estetik didini oshirishga xizmat qildi.

Mustaqillik yillarida o‘zbek kino san’ati yangi bosqichga qadam qo‘ydi. O‘zbek kinosida milliy qadriyatlar, an’analar, tarix va buyuk ajdodlar merosiga murojaat kuchaydi. Bu esa o‘zbek kinematografiyasining milliy madaniyat va tarixni asrashdagi rolini kuchaytirdi, yosh avlodga milliy qadriyatlarni yetkazishda muhim vosita bo‘ldi. 2021-yildan boshlab Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklandi va yangi formatda “Ipak yo‘li durdonasi” nomi bilan tashkil etildi. Kinoijodkorlarni munosib rag‘batlantirish uchun “Oltin humo” mukofoti ta’sis etildi. Ko‘plab kino asarlar xalqaro festivallarda faxrli o‘rinlarga sazovor bo‘lmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Tirik tarix” loyihasi doirasida eng qadimgi o‘tmishdan yaqin tarixgacha bo‘lgan davrni yorituvchi turkum filmlari yaratish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Teatr va kino

Bahodir Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, atoqli rejissyor

“Oltin humo” mukofoti

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. O‘zbekiston tarixi fanidan o‘rganganlaringiz asosida yurtimizda teatrning paydo bo‘lishi va asoschilari haqida ma’lumot bering. 2. Nima uchun teatrlar ma’naviyat va ma’rifat maskani hisoblanadi? Qaysi spektakllarni teatrda yoki televizor orqali tomosha qilgansiz? 3. Sahna va kino asarlari insonga qanday ma’naviy ozuqa beradi, tafakkurini rivojlantirishga qanday hissa qo‘shadi? 4. Qaysi mashhur teatr va kino ijodkorlarini bilasiz?

Musiqa va raqs san’ati

Milliy o‘zlikni anglash va jahon madaniy muhitiga kirib borishda musiqa san’ati muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun mumtoz musiqa, maqom san’ati, baxshichilik, dostonchilik kabi an’anaviy janrlarni o‘rganish va targ‘ib qilishga katta e’tibor berildi. An’anaviy musiqa maktablarini saqlash va rivojlantirish, ustoz-shogird an’analarini qo‘llab-quvvatlashga oid maxsus dasturlar ishlab chiqildi. “Sharq taronalari”, “Navro‘z sadolari”, “Asrlarga tengdosh navolar”, “Boqiy ovozlar”, “O‘zbekiston – Vatanim manim” kabi musiqa tanlovlari va festivallar mamlakat madaniy hayotida muhim voqea bo‘ldi.

O‘zbekistonlik musiqachilar xalqaro festivallarda faol ishtirok etib, o‘zbek musiqasini dunyoga tanitdi. Bu kabi tadbirlar, festivallar o‘tkazish an’anaga aylandi. 1996-yildan boshlab “O‘zbekiston – Vatanim manim” nomli ko‘rik-tanlov o‘tkazila boshlandi. Tanlov Vatanni anglash va ulug‘lashga xizmat qiluvchi, mustaqillikni tarannum etuvchi yuzlab qo‘shiqlar yaratilishiga sabab bo‘ldi.

Musiqa va raqs san’ati

2002-yilda Toshkent davlat konservatoriyasi O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga aylantirildi. Konservatoriyaning yangi binosi qurildi. Bolalar musiqa va san’at maktablari, oliy o‘quv yurtlari tashkil etildi. “Nihol” davlat mukofoti, “Kamalak yulduzlari” bolalar festivali, “Sozlar navosi” ko‘rik-tanlovlari o‘tkazildi. Ular yangi iste’dodlarni kashf etishga xizmat qildi.

Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi ochilishi musiqa san’ati rivojlanishida muhim omil bo‘ldi. 2020-yilda uning negizida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi tashkil etildi.

Milliy qo‘shiqchilik va estrada yo‘nalishi rivojlandi. Ko‘plab san’atkorlar milliy qo‘shiqchilik rivojiga munosib hissa qo‘shdi.

Musiqa va raqs san’ati

Munojot Yo‘lchiyeva

Ismoil Jalilov

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. Nima uchun an’anaviy jonli musiqa (maqom, mumtoz ijro)ga milliy o‘zlikni anglash vositasi sifatida qaraladi? 2. “Asrlarga tengdosh navolar”, “O‘zbekiston – Vatanim manim” kabi tanlovlar qanday maqsadlarda tashkil etiladi? 3. Mustaqillik davrida ijod qilgan yana qaysi qo‘shiqchilarni bilasiz?

Tasviriy san’at va badiiy adabiyot

Mustaqillik davrida tasviriy san’at rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratildi. 1997-yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashkil etildi. Toshkent fotosuratlar uyi, O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi, O‘zbek liboslari galereyasi tashkil etildi. Madaniyat va san’at ko‘rgazmasi kabi bir qator yirik tadbirlar o‘tkazildi. “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoni ta’sis etildi, “Hunarmand” uyushmasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida tasviriy san’at va haykaltaroshlik sohalarida muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Akmal Nur, Bahodir Jalolov, Javlon Umarbekov, Ortiqali Qozoqov, Ilhom Jabborov kabi rassom va haykaltaroshlar o‘z asarlarida O‘zbekiston tarixi, madaniyati, buyuk ajdodlarimizning obrazlarini tasvirladi. Ularda milliy qahramonlarimizning jasorati, o‘zbek xalqining turmush tarzi va qadriyatlari ifodalandi.

Tasviriy san’at va badiiy adabiyot

Badiiy adabiyotda milliylik va umuminsoniy qadriyatlarga muhim ahamiyat berildi. Inson taqdiri, Vatan tuyg‘usi, zamon qahramonlari obrazini yaratish milliy adabiyotning bosh mavzulari sifatida namoyon bo‘ldi.

Klassik o‘zbek adabiyoti vakillarning asarlari qayta nashr etilib, ularning ijodiga yangicha yondashildi. Nasrda Shukur Xolmirzayev, Said Ahmad, O‘tkir Hoshimov, Tohir Malik, Xudoyberdi To‘xtaboyev, she’riyatda Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf singari ko‘plab ijodkorlar milliy adabiyotimiz rivojiga katta hissa qo‘shdi. Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Xayriddin Sulton, Xurshid Davron, Muhammad Ali kabi ijodkorlar Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Imom al-Buxoriy kabi tarixiy shaxslarga bag‘ishlangan tarixiy romanlar, dramalar va dostonlar yaratdilar. Bu milliy tarixni qayta o‘rganish va uni adabiy shaklda aks ettirishga xizmat qildi.

Tasviriy san’at va badiiy adabiyot

Yozuvchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida “Ijod” fondi tashkil etilib, yosh ijodkorlarning kitoblari chop etila boshladi.

2020-yili Toshkent shahrida Adiblar xiyoboni barpo etildi. Xiyobonda ko‘plab atoqli shoir va adiblarning haykali o‘rnatildi. Bu yerda yozuvchi, shoirlar va yoshlar o‘rtasida ijod kechalari tashkil etish an’anaga aylandi.

Adiblar xiyoboni

Abdulla Oripov va Erkin Vohidov

O‘tkir Hoshimov va Said Ahmad

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. Mustaqillik davrida tasviriy san’at va adabiyotga qanday yangiliklar olib kirildi? 2. Abdulla Oripov yoki Muhammad Yusufning qaysi she’ri sizga eng ko‘p ta’sir qilgan va nima uchun? 3. Adiblar xiyoboni kabi maskanlarning yoshlar ma’naviy rivojidagi o‘rni qanday? Xiyobondagi nimalar sizni hayratlantiradi?

Muzeylar – tarix ko‘zgusi

O‘zbekiston muzeylari mamlakatning boy tarixi, madaniyati va san’atini aks ettiruvchi bebaho xazinadir. Mamlakatimizda tarix, arxeologiya, san’at, adabiyot, tabiat, politexnika, geologiya va boshqa sohalarga oid muzeylar mavjud.

Mustaqillik yillarida muzeylarni ta’mirlash, eksponatlar bilan boyitish, yangilarini barpo etishga alohida e’tibor berildi. 1996-yili Toshkentda Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Olimpiya shon-shuhrati muzeyi, 2002-yili Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi, Termiz shahrida Arxeologiya muzeyi tashkil etildi. Muzey sohasiga oid “Moziydan sado” jurnali faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

2017-yildan boshlab mamlakatimizda muzeyshunoslik sohasida yangi davr boshlandi. 2020-yili “Shon-sharaf” muzeyi va Toshkent muzeyi ish boshladi. Viloyatlarda yangi muzeylar ochildi. 2025-yil O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.

Muzeylar – tarix ko‘zgusi

Yoshlar tarbiyasida muzeylarning ahamiyati katta. Shu bois har yili sentyabr oyida “Muzeylar haftaligi”, 18-may kuni esa Xalqaro muzeylar kuni keng nishonlanadi. Bu tadbirlar yoshlarni muzeylarga jalb etadi, ularda tarixiy merosga hurmat, Vatanga muhabbat va g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi “G‘alaba bog‘i” majmuasida joylashgan “Shon-sharaf” muzeyining ochilishida

Temuriylar tarixi davlat muzeyi

Savol va topshiriqlar

Savollar: 1. Sizningcha, muzey nima uchun “tarix ko‘zgusi” deb ham ataladi? 2. Qaysi muzeylarga borgansiz, ular sizda qanday taassurot qoldirgan? 3. Muzeylarning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni haqida nima deya olasiz?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri binosi qaysi yili qayta ta’mirlandi?
  1. 2015-yili
  2. 2001-yili
  3. 2018-yili
  4. 1997-yili

To‘g‘ri javob: 2015-yili. Navoiy nomidagi katta teatr binosi 2015-yili qayta ta’mirlangan.

Toshkentda “Turkiston” san’at saroyi qaysi yili ish boshlagan?
  1. 1993-yili
  2. 1999-yili
  3. 1991-yili
  4. 1996-yili

To‘g‘ri javob: 1993-yili. Toshkentdagi “Turkiston” san’at saroyi 1993-yili ish boshlagan.

Farg‘ona viloyati teatr-konsert saroyi qaysi yilda ochilgan?
  1. 2010-yilda
  2. 2016-yilda
  3. 2014-yilda
  4. 2012-yilda

To‘g‘ri javob: 2014-yilda. Farg‘ona viloyati teatr-konsert saroyi 2014-yilda ochilgan.

Teatr san’ati sohasida keng islohotlar qaysi yildan boshlab boshlandi?
  1. 2013-yildan
  2. 2019-yildan
  3. 2017-yildan
  4. 2015-yildan

To‘g‘ri javob: 2017-yildan. Teatr san’ati sohasida keng islohotlar 2017-yildan boshlangan.

O‘zbekistonda ilk bor “Turon” harbiy teatr studiyasi qaysi yilda tashkil etilgan?
  1. 2022-yilda
  2. 2020-yilda
  3. 2016-yilda
  4. 2018-yilda

To‘g‘ri javob: 2018-yilda. “Turon” harbiy teatr studiyasi 2018-yilda O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan.

Toshkentda “Turkiston” san’at saroyi qaysi yili ish boshladi?
  1. 1991-yili
  2. 1993-yili
  3. 1997-yili
  4. 2001-yili

To‘g‘ri javob: 1993-yili. “Turkiston” san’at saroyi 1993-yili ish boshlagan.

“Teatr: Sharq – G‘arb” xalqaro festivali qaysi yilda bo‘lib o‘tdi?
  1. 1993-yilda
  2. 2001-yilda
  3. 1997-yilda
  4. 2014-yilda

To‘g‘ri javob: 1997-yilda. Festival 1997-yilda o‘tkazilgan.

Hamza nomidagi o‘zbek davlat akademik drama teatriga “Milliy teatr” maqomi qaysi yilda berildi?
  1. 1997-yilda
  2. 2014-yilda
  3. 2018-yilda
  4. 2001-yilda

To‘g‘ri javob: 2001-yilda. “Milliy teatr” maqomi 2001-yilda berilgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMilliy va diniy qadriyatlarning qayta tiklanishiKeyingi →O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining shakllanishi va ustuvor yo‘nalishlari