XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · O‘zbekiston tarixi · 17-mavzu

O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining shakllanishi va ustuvor yo‘nalishlari

Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat

Bilib olasiz

O‘zbekistonning geosiyosiy holati. Tashqi siyosiy faoliyatning shakllanishi. Tashqi siyosatdagi asosiy tamoyillar.

YODDA TUTING! Ikki tomonlama munosabatlar ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy yoki boshqa sohalardagi aloqa va hamkorlikdir.

O‘zbekistonning geosiyosiy holati

O‘zbekiston tarixan muhim geosiyosiy va geostrategik hududda joylashgan. Mamlakatimiz qulay geografik sharoit va boy tabiiy resurslarga ega. Bu omillar ichki va tashqi siyosatni belgilash hamda mamlakat rivojida juda muhim. Ta’kidlash kerakki, hech bir mamlakat jahon hamjamiyati bilan hamkorliksiz taraqqiy eta olmaydi. Tashqi siyosat davlatlarning geosiyosiy imkoniyati va rivojlanishini belgilaydi.

O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida qator geosiyosiy imkoniyatlarga ega. Tarixan Sharq va G‘arb mamlakatlarini savdo-iqtisodiy hamda madaniy jihatdan tutashtirgan Buyuk ipak yo‘li O‘zbekiston hududidan o‘tgan. Yurtimiz hozir ham Sharq va G‘arb, Shimol va Janub mamlakatlari bilan faol hamkorlik aloqalarini olib bormoqda. Mamlakatimiz Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hamkorlik, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalar rivojlanishida muhim o‘rin tutadi hamda qulay iqlim sharoiti, boy tabiiy resurslar hamda intellektual salohiyatga ega.

O‘zbekistonning geosiyosiy holati

Biroq O‘zbekiston geosiyosiy joylashuvining o‘ziga xos noqulayliklari ham mavjud. Xususan, xalqaro dengiz portlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyati yo‘q. Markaziy Osiyo mintaqasiga yaqin hududlardagi beqarorlik, xalqaro terrorizm, ekstremizm va turli ekologik muammolar mintaqa tashqi siyosati uchun noqulay omillar hisoblanadi. Shunga qaramay, O‘zbekiston tashqi siyosatda muhim yutuqlarga erishib kelmoqda.

Tashqi siyosiy faoliyatning shakllanishi

O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining bosh maqsadi davlat mustaqilligi va suverenitetini, xalqaro maydondagi o‘rni va rolini mustahkamlashga, mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, respub-likaning tashqi iqtisodiy manfaatlarini faol tarzda ilgari surishga qaratilgan.

likaning tashqi iqtisodiy manfaatlarini faol tarzda ilgari surishga qaratilgan.

O‘zbekiston istiqlolning ilk yillaridayoq mustaqil tashqi siyosat yuritish, dunyo mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘ptomonlama hamkorlik o‘rnatishga harakat qildi.

Mustaqil tashqi siyosat olib borish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun mamlakatning sohaga mas’ul tuzilmalarini shakllantirish zarurati yuzaga keldi. Shunga asosan, O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatini amalga oshiruvchi Tashqi ishlar vazirligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Tashqi siyosiy faoliyatning shakllanishi

Jahon siyosati, diplomatiya va xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasida milliy kadrlar tayyorlash maqsadida 1992-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-bobi “Tashqi siyosat” deb nomlanib, undagi 17–18-moddalar mamlakatning tashqi faoliyatini huquqiy jihatdan asoslaydi.

2017-yildan boshlab mamlakatimiz jahonning turli mamlakatlari va xalqaro tashkilotlari bilan ikki va ko‘ptomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirdi. Xalqaro va mintaqaviy muammolar bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusi bilan Toshkent, Samarqand, Xiva va Buxoro shaharlarida nufuzli anjumanlar, forumlar, sammitlar tashkil etildi. Ushbu yirik anjumanlarda O‘zbekiston global va mintaqaviy muammolar bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangi, ochiq va faol tashqi siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanib, keng e’tirof etilmoqda. Xususan, nufuzli xalqaro tahlilchilarning fikricha, O‘zbekistonning tashqi siyosiy tashabbuslari nafaqat mamlakat, balki Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham yangi hamkorlik va taraqqiyot imkoniyatlarni ochmoqda.

Tashqi siyosiy faoliyatning shakllanishi

Xalqimiz yaqin istiqbolda jahon iqtisodiyoti, madaniyati va siyosatida o‘zining munosib o‘rnini egallaydi. Chunki jahon sivilizatsiyasida bizning qadimiy va mustahkam ildizlarimiz bor. Shavkat Mirziyoyev

YODDA TUTING! O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘ptomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi davlatning, xalqning oliy manfaatlaridan, uning farovonligi va xavfsizligidan kelib chiqqan holda ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi hamda ulardan chiqishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. 18-modda

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. Buyuk ipak yo‘li O‘zbekiston tarixida qanday ahamiyatga ega bo‘lgan? Bugungi kunda-chi? 2. O‘zbekistonning tashqi siyosiy faoliyatida qanday muammolar va imkoniyatlar mavjud? Sizningcha, eng katta muammo qaysi? 3. Mustaqil O‘zbekistonda tashqi siyosat asoslari qanday shakllangan? Tashqi siyosatning huquqiy asoslari haqida ma’lumot bering.

Tashqi siyosatdagi asosiy tamoyillar

O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy tamoyillari quyidagilar:

Mamlakat harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaydi, barcha qarama-qarshiliklar va nizolarni faqat tinch siyosiy yo‘l bilan hal qilish tarafdoridir.

Tashqi siyosatdagi asosiy tamoyillar

2025-yil holatiga ko‘ra, O‘zbekiston 163 ta davlat, turli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, 10 ga yaqin Markaziy Osiyo+ platformalari faoliyatida ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston boshqa davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qiladi. Tinchliksevar tashqi siyosat mamlakatning barqaror rivojlanishi, mintaqaviy xavfsizlik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Savol va topshiriqlar

Savollar: 1. Tashqi siyosiy faoliyatning shakllanishiga oid bilimlaringiz bilan o‘rtoqlashing. 2. Tashqi siyosatning asosiy tamoyillari qanday ustuvor masalalarni qamrab olgan? 3. Markaziy Osiyo + platformasi bo‘yicha qanday ma’lumotlarga egasiz? O‘qituvchingiz yordamida qo‘shimcha ma’lumotlarni topib o‘rganing.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qaysi yilda tashkil qilingan?
  1. 1992-yil
  2. 1996-yil
  3. 1991-yil
  4. 1994-yil

To‘g‘ri javob: 1992-yil. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 1992-yilda tashkil etilgan.

1992-yilda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar qaysi sanada o‘rnatildi?
  1. 23-oktyabr
  2. 20-noyabr
  3. 10-oktyabr
  4. 20-oktyabr

To‘g‘ri javob: 20-oktyabr. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 20-oktyabrda o‘rnatilgan.

1992-yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida diplomatik munosabatlar qaysi sanada o‘rnatildi?
  1. 23-oktyabr
  2. 23-noyabr
  3. 3-noyabr
  4. 13-noyabr

To‘g‘ri javob: 23-noyabr. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 23-noyabrda o‘rnatilgan.

1993-yilda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar qaysi sanada o‘rnatildi?
  1. 8-fevral
  2. 8-yanvar
  3. 28-yanvar
  4. 18-yanvar

To‘g‘ri javob: 8-yanvar. O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1993-yil 8-yanvarda o‘rnatilgan.

1993-yilda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida diplomatik munosabatlar qaysi sanada o‘rnatildi?
  1. 6-fevral
  2. 26-fevral
  3. 16-mart
  4. 16-fevral

To‘g‘ri javob: 16-fevral. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1993-yil 16-fevralda o‘rnatilgan.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar qachon o‘rnatilgan?
  1. 1992-yil 20-oktyabr
  2. 1992-yil 23-noyabr
  3. 1993-yil 8-yanvar
  4. 1993-yil 16-fevral

To‘g‘ri javob: 1992-yil 20-oktyabr. Matnga ko‘ra Tojikiston bilan diplomatik munosabatlar 1992-yil 20-oktyabrda o‘rnatilgan.

O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan qo‘shni davlatlarni eng avval o‘rnatilganidan keyingisiga tartiblang.
  1. Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston
  2. Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston
  3. Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston
  4. Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston

To‘g‘ri javob: Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston. Tartib: Tojikiston (1992-yil 20-oktyabr), Qozog‘iston (23-noyabr), Turkmaniston (1993-yil 8-yanvar), Qirg‘iziston (16-fevral).

O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan davlatlarni qadimiysidan yangisiga qarab tartiblang: 1) Qirg‘iziston; 2) Qozog‘iston; 3) Tojikiston; 4) Turkmaniston.
  1. 2–3–4–1
  2. 3–2–1–4
  3. 3–2–4–1
  4. 3–4–2–1

To‘g‘ri javob: 3–2–4–1. Tojikiston bilan 1992-yil 20-oktyabrda, Qozog‘iston bilan 23-noyabrda, Turkmaniston bilan 1993-yil 8-yanvarda, Qirg‘iziston bilan 16-fevralda munosabatlar o‘rnatilgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMadaniyat va san’at taraqqiyotiKeyingi →Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi