XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · O‘zbekiston tarixi · 18-mavzu

Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi

Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat

Bilib olasiz

Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikning ustuvor jihatlari. O‘zbekistonning Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan hamkorligi. O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston munosabatlari.

Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikning ustuvor jihatlari

Markaziy Osiyo insoniyat sivilizatsiyasining qadimiy beshiklaridan biridir. Mintaqadagi besh mamlakat – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tarixi, dini, madaniyat va qadriyatlari mushtarak davlatlardir. O‘zbekiston mintaqadagi barcha mamlakatlar va Afg‘oniston bilan chegaradosh. Mintaqa mustaqillikning ilk yillariga qadar O‘rta Osiyo nomi bilan atab kelindi.

1993-yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanda “Markaziy Osiyo” iborasi siyosiy va hududiy atama sifatida ishlatildi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari turli yillarda o‘zaro rasmiy tashriflar, xalqaro va mintaqaviy darajadagi anjumanlar doirasida uchrashuvlar o‘tkazdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikning ustuvor jihatlari

1994-yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, keyinchalik Tojikiston ishtirokida iqtisodiy hamjamiyat tashkil etildi. 2002-yilda bu tuzilma “Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti”ga aylantirildi. 2006-yilda tashkilot Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga qo‘shilib, faoliyatini to‘xtatdi. Shundan so‘ng uzoq vaqt davomida mintaqada integratsiya sustlashib qoldi.

2017-yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlarida yangi davr boshlandi. Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi. Mintaqa davlatlari o‘rtasida chegaralarni belgilash bo‘yicha ijobiy kelishuvlarga erishildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston chegaralarni huquqiy rasmiylashtirishni yakunladi. Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegara masalalari bo‘yicha muhim natijalarga erishildi. Chegaradagi o‘nlab o‘tkazish punktlari o‘z faoliyatini tiklab, mintaqa mamlakatlariga borib-kelishni yanada yengillashtirdi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi tashkil etildi. Bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish g‘oyasi ilk bor O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan. Birinchi Maslahat uchrashuvi 2018-yili Ostonada, ikkinchisi 2019-yili Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng Maslahat uchrashuvi an’anaviy muloqot platformasiga aylandi. 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov uch mamlakat davlat chegaralari tutashgan hududda – Xo‘jand shahrida “Do‘stlik” stelasini tantanali ravishda ochdilar. Ushbu yodgorlik qardosh xalqlar do‘stligi va birligini ifoda etdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikning ustuvor jihatlari

“Do‘stlik” stelasining tantanali ochilishi. Tojikiston Respublikasi Xo‘jand shahri, 2025-yil

O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston chegaralari tutashgan hududdagi “Do‘stlik” stelasi

O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorligi

1992-yili Turkiston shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. 1998-yilda ikki davlat Abadiy do‘stlik to‘g‘risida, 2013-yilda Strategik sheriklik to‘g‘risida shartnomalarni imzoladi. O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyoda muhim ahamiyatga ega davlatlardir. Ularning o‘zaro munosabatlari mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

2018-yil Qozog‘istonda “O‘zbekiston yili”, 2019-yil O‘zbekistonda “Qozog‘iston yili” deb e’lon qilindi. Qozog‘iston O‘zbekistonning uchinchi yirik tashqi savdo hamkoridir. 2020–2025-yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash barqaror o‘sib bordi. Har ikki mamlakatda qo‘shma korxona hamda kompaniyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Qozog‘istonda O‘zbekiston kapitali ishtirokida avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorligi

Davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari amalga oshdi. 2024-yili Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Toshkentga, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa Ostonaga tashrif buyurdi. Muzokaralar O‘zbekiston–Qozog‘iston aloqalarini chuqurlashtirish, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni kengaytirishga zamin yaratdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Qozog‘istonning “Oltin Qiron” (“Oltin burgut”) ordeni bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev

Mamlakatimizda 14 ta qozoq milliy madaniy markazi, ta’lim qozoq tilida olib boriladigan o‘quv muassasalari mavjud. O‘zbekistonda qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi. Ostona shahrida Alisher Navoiy haykali o‘rnatildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorligi ko‘p qirrali va strategik ahamiyatga ega. O‘zaro munosabatlar manfaatli va ishonchli bo‘lib, mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotga muhim hissa qo‘shadi.

O‘zbekiston – Qirg‘iziston aloqalari

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 1993-yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. 1996-yili ikki mamlakat o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. O‘zaro aloqalar do‘stona va strategik sheriklik asosiga qurilgan. O‘zbekiston va Qirg‘iziston mintaqaviy integratsiya jarayonida faol ishtirok etadi.

Savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika sohalaridagi hamkorlik rivojlanib bormoqda. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘lini qurish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. 2024-yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ishtirokida Farg‘ona va Namangan viloyatlarida quyosh stansiyalarini qurish, Qirg‘iz Respublikasining Chuy viloyatida avtomobillar, Qora-Baltada to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha muhim loyihalarga start berildi.

O‘zbekiston – Qirg‘iziston aloqalari

Madaniy-gumanitar sohada ham hamkorlik rivojlanib bormoqda. Mamlakatimizda ta’lim qirg‘iz tilida olib boriladigan o‘quv muassasalari va qirg‘iz madaniy markazlari mavjud. Bishkek va O‘sh shaharlarida O‘zbekiston madaniyati va san’ati, Toshkent va Samarqandda esa Qirg‘iziston madaniyati va san’ati kunlari o‘tkazildi. 2018-yilda O‘zbekistonda qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi keng nishonlandi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston hamkorligi iqtisodiy va madaniy aloqalarni chuqurlashtirish, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov

O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yilda o‘rnatilgan. 1993-yili Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. 1998-yili Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning Toshkentga, 2000-yili O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Dushanbega rasmiy tashrifi amalga oshdi. Ushbu tashriflar asosida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

O‘zbekiston va Tojikiston chegaradosh davlatlar bo‘lib, geografik yaqinlik hamkorlik uchun qulay sharoit yaratadi. O‘zbekiston Tojikistonning beshta eng yirik savdo hamkoridan biri hisoblanadi. O‘z navbatida, Tojikiston ham O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida muhim o‘nta davlat qatorida turadi. Ikki davlat hamkorligidagi qo‘shma korxonalar ishga tushirilgan. 2021-yildan buyon “Toshkent – Dushanbe – Toshkent” muntazam aviaparvozlari, 2022-yildan buyon “Samarqand – Dushanbe”, “Panjikent – Samarqand” xalqaro avtobus qatnovlari tiklandi. Ikki mamlakatlar avtomobil va temiryo‘llari o‘zaro bog‘langan. Davlat rahbarlarining tashrifi asosida har ikki davlat uchun manfaatli kelishuvlarga erishildi. Xususan, 2024-yili O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbe shahriga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Ittifoqchilik shartnomasi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga asos bo‘ldi.

O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari

O‘zbekistonda ta’lim tojik tilida olib boriladigan maktablar, tojik milliy madaniyat markazlari tashkil etilgan. Har ikki xalq do‘stligining ramzi sifatida 2018-yili Samarqand hamda Dushanbe shaharlarida buyuk mutafakkirlar – Navoiy va Jomiy haykallari o‘rnatildi.

Ikki davlat pandemiya va tabiiy ofatlar yuz bergan og‘ir kunlarda bir-birlariga o‘zaro yordam ko‘rsatib, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamladilar.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. Markaziy Osiyo mintaqasi tashqi siyosatda qanday imkoniyatlarga ega? 2. O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorligi mintaqa barqarorligida qanday ahamiyatga ega? 3. O‘zbekiston – Qirg‘iziston hamkorligining eng muhim yo‘nalishlari qaysi sohalarda namoyon bo‘ladi?

O‘zbekiston va Turkmaniston hamkorligi

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1993-yilda o‘rnatilgan. 1996-yili Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2007-yilda Turkmanistonga va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2008-yili O‘zbekistonga tashrif buyurdi. O‘zaro hamkorlik ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hurmatga asoslangan. Ikki tomonlama munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti sifatida ilk xorijiy tashrifini Turkmanistondan boshladi. 2018-yili Turkmanistonning o‘sha vaqtdagi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, 2022-yilda esa Turkmanistonning yangi saylangan rahbari Serdar Berdimuhamedov mamlakatimizga tashrif buyurdi. O‘zaro tashriflar hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

O‘zbekiston va Turkmaniston hamkorligi

O‘zbekiston va Turkmaniston mintaqadagi muhim savdo-iqtisodiy hamkorlardir. O‘zbekiston va Turkmaniston kapitali ishtirokida har ikki mamlakatda ko‘plab qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasida erkin savdo rejimi joriy etilgan. 2025-yili O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy turizm hududida BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etdi. Shu yili O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvlar siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

O‘zbekiston va Turkmaniston hamkorligi

Mamlakatimizda ta’lim turkman tilida olib boriladigan maktablar va turkman madaniyat markazi mavjud. 2018-yili Urganch shahrida “O‘zbek – turkman do‘stlik uyi” ochildi. Buyuk shoir va mutafakkirlar Alisher Navoiy hamda Maxtumquli Firog‘iy ijodi o‘zbek hamda turkman xalqlarining umumiy merosi hisoblanadi. Toshkent shahrida turkman shoiri Maxtumquli Firog‘iy nomidagi ko‘cha ochildi. Shuningdek, poytaxtimizda “Ashxobod” bog‘ining ishga tushirilishi xalqlarimizning mustahkam do‘stligi va madaniy yaqinligining yorqin ramzi bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov

O‘zbekiston va Turkmaniston hamkorligi

Savollar: SAVOL VA TOPSHIRIQ 1. O‘zbekiston va Tojikistonning geografik yaqinligi va tarixiy qadriyatlari mushtarakligi qanday hamkorlik imkoniyatlarini yaratadi? 2. O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligining eng istiqbolli yo‘nalishi qaysi: siyosiy, iqtisodiy yoki madaniy? 3. Nima uchun Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida muhim ahamiyatga ega?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Toshkentda bo‘lib o‘tgan qaysi yilgi anjumanda “Markaziy Osiyo” iborasi siyosiy va hududiy atama sifatida ishlatildi?
  1. 1993-yili
  2. 1997-yili
  3. 1991-yili
  4. 1995-yili

To‘g‘ri javob: 1993-yili. “Markaziy Osiyo” iborasi 1993-yili Toshkent anjumanida siyosiy va hududiy atama sifatida ishlatilgan.

“Markaziy Osiyo” iborasi siyosiy va hududiy atama sifatida qaysi yili va qayerda bo‘lgan anjumanda ishlatilgan?
  1. 1993-yil, Toshkent
  2. 1991-yil, Almati
  3. 1993-yil, Ashxobod
  4. 1995-yil, Bishkek

To‘g‘ri javob: 1993-yil, Toshkent. Bu ibora 1993-yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanda siyosiy va hududiy atama sifatida ishlatilgan.

Mintaqa mustaqillikning ilk yillariga qadar qanday nom bilan atab kelingan?
  1. Turkiston
  2. O‘rta Osiyo
  3. Movarounnahr
  4. Sharqiy Turkiston

To‘g‘ri javob: O‘rta Osiyo. Mintaqa mustaqillikning ilk yillariga qadar O‘rta Osiyo nomi bilan atalgan.

Quyidagi hukmlardan qaysi biri to‘g‘ri?
  1. O‘zbekiston faqat Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan chegaradosh
  2. O‘zbekiston Eron va Afg‘oniston bilan umumiy chegaraga ega bo‘lgan davlatdir
  3. O‘zbekiston mintaqadagi barcha mamlakatlar va Afg‘oniston bilan chegaradosh
  4. O‘zbekiston Xitoy va Rossiya bilan umumiy chegaraga ega mamlakat hisoblanadi

To‘g‘ri javob: O‘zbekiston mintaqadagi barcha mamlakatlar va Afg‘oniston bilan chegaradosh. O‘zbekiston mintaqadagi barcha mamlakatlar va Afg‘oniston bilan chegaradosh.

Mustaqillikning ilk yillariga qadar mintaqa qanday nom bilan atalgan va Toshkentdagi 1993-yilgi anjumanda u qaysi yangi nom bilan siyosiy atama sifatida ishlatilgan?
  1. Turkiston; “Markaziy Osiyo hamkorligi”
  2. O‘rta Osiyo; “Markaziy Osiyo”
  3. Markaziy Osiyo; “O‘rta Osiyo”
  4. O‘rta Osiyo; “Yevrosiyo”

To‘g‘ri javob: O‘rta Osiyo; “Markaziy Osiyo”. Mintaqa avval O‘rta Osiyo deb atalgan; 1993-yildagi Toshkent anjumanida “Markaziy Osiyo” iborasi siyosiy va hududiy atama sifatida qo‘llangan.

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, keyinchalik Tojikiston ishtirokidagi iqtisodiy hamjamiyat qaysi yilda tashkil etildi?
  1. 1998-yilda
  2. 1994-yilda
  3. 1992-yilda
  4. 1996-yilda

To‘g‘ri javob: 1994-yilda. Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy hamjamiyati 1994-yilda tashkil etilgan.

Markaziy Osiyodagi iqtisodiy hamjamiyat tuzilmasi qaysi yilda “Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti”ga aylantirildi?
  1. 2006-yilda
  2. 2004-yilda
  3. 2002-yilda
  4. 2000-yilda

To‘g‘ri javob: 2002-yilda. Tuzilma 2002-yilda Markaziy Osiyo hamkorligi tashkilotiga aylantirilgan.

Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti qaysi yilda Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga qo‘shilib, faoliyatini to‘xtatdi?
  1. 2008-yilda
  2. 2004-yilda
  3. 2006-yilda
  4. 2010-yilda

To‘g‘ri javob: 2006-yilda. Tashkilot 2006-yilda Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga qo‘shilib, faoliyatini to‘xtatgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining shakllanishi va ustuvor yo‘nalishlariKeyingi →O‘zbekiston va dunyoning yetakchi mamlakatlari hamkorligi