XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · O‘zbekiston tarixi · 19-mavzu

O‘zbekiston va dunyoning yetakchi mamlakatlari hamkorligi

Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat

Bilib olasiz

O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari. O‘zbekiston va Xitoy aloqalari. O‘zbekiston va AQSH hamkorligi. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari aloqalari.

O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 1992-yilda diplomatik munosabat o‘rnatilgan. Davlatlar rahbarlari ikki hamda ko‘ptomonlama tashriflarda bir necha bor uchrashdi. Jumladan, 2000-yilda Rossiya Prezidenti etib saylangan Vladimir Putin o‘zining xorijga ilk rasmiy tashrifini O‘zbekistondan boshladi. Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ham 2001-yilda davlat tashrifi bilan Rossiyaga bordi. Bu esa mamlakatlar o‘rtasida teng huquqli va o‘zaro foydali hamkorlikning yanada rivojlanishiga xizmat qildi. O‘zbekiston va Rossiya mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurashda faol hamkorlik qiladi. Ikki davlat o‘rtasida yuqori darajadagi muntazam siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari

O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida 1992-yilda Davlatlararo munosabatlar, Do‘stlik asoslari to‘g‘risida, 2004-yilda Strategik sheriklik to‘g‘risida, 2005-yilda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida shartnomalar imzolandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017–2025-yillar oralig‘ida Rossiyaga rasmiy va amaliy tashriflari o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin turli yillarda O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 2022-yilda esa davlatlar o‘rtasida Keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi. O‘zbekistonning Rossiya bilan savdosi ikki tomonlama va MDH doirasidagi ko‘ptomonlama kelishuvlarga muvofiq amalga oshiriladi. Rossiya O‘zbekistonning ikkinchi eng yirik savdo sherigidir. Savdo aylanmasi muntazam o‘sib bormoqda. Ikki davlat ishtirokida ko‘plab qo‘shma korxonalar faoliyat olib bormoqda.

O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari

Mamlakatlar o‘rtasida madaniy aloqalar keng rivojlanmoqda. O‘zbekistonda ta’lim rus tilida olib boriladigan muassasalar mavjud. Yurtimizda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasi, Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, Butunrossiya kinematografiya instituti va boshqa ko‘plab nufuzli oliy ta’lim muassasalari filiallari tashkil etilgan. Rus milliy madaniy markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. An’anaviy ravishda Rossiya va O‘zbekiston madaniyati kunlari tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin

O‘zbekiston va Xitoy aloqalari

1992-yilda O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatildi. Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo hamkoridir. Mamlakatimizda Xitoy sarmoyasi ishtirokida ko‘plab qo‘shma korxonalar faoliyat yuritmoqda. Yirik loyihalardan hisoblangan Pop – Angren temiryo‘li va Qamchiq tunneli Xitoy hamkorligida barpo etildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017–2025-yillar oralig‘ida Xitoyga davlat tashriflari o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi. Mamlakatlar o‘rtasida yangi, keng qamrovli strategik sheriklik o‘rnatildi. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida yildan yilga savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanib, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshib bormoqda. Jumladan, ikki davlat o‘rtasida transport-kommunikatsiya, avtomobilsozlik, maishiy texnika, qishloq xo‘jaligi, og‘ir va yengil sanoat sohalarida iqtisodiy aloqalar rivojlangan. Eksimbank, Xitoy davlat taraqqiyot banki, “Ipak yo‘li” jamg‘armasi kabi institutlar bilan keng ko‘lamli sheriklik o‘rnatilgan. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 30 kungacha vizasiz rejim joriy etilgan.

O‘zbekiston va Xitoy aloqalari

Madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanib bormoqda. Toshkent va Samarqand shaharlarida Konfutsiy instituti ochilgan. Xitoy Millatlar markaziy universiteti va Shanxay xorijiy tillar universitetida o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hamkorlik, tenglik va bir-birining manfaatlarini hurmat qilish tamoyillariga asoslangan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin

YODDA TUTING! O‘zbekiston Xitoy bilan BMT va SHHT kabi xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasida, shuningdek, “Bir makon – bir yo‘l”, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatlari doirasida hamkorlik qilmoqda.

O‘zbekiston va AQSH hamkorligi

O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1992-yili o‘rnatilgan. Shu yili Toshkentda AQSH, 1993-yili Vashingtonda O‘zbekiston elchixonasi ochildi. 1996-yil iyunda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov AQSHga rasmiy tashrif buyurdi. O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlik ko‘p qirrali bo‘lib, siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik va gumanitar sohalarni qamrab oladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp. Nyu York shahri, 2025-yil

2018-yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga birinchi rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Unda Strategik sheriklikning yangi davri haqida qo‘shma bayonot qabul qilindi. Shundan so‘ng 2025-yilda BMTning 80-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidenti Donald Tramp uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tashrifda muhim kelishuvlarga erishildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH “C 5+1” (Markaziy Osiyo – AQSH) formatida ham o‘zaro hamkorlik qilmoqda. O‘zbekistonda AQSHning “General Motors”, “Coca-Cola”, “Hilton”, “Honeywell” kabi ko‘plab yirik kompaniyalari faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston va AQSH hamkorligi

O‘zbekistonlik talabalar va tadqiqotchilar AQSH universitetlarida tahsil olmoqda hamda tajriba almashmoqda. Toshkentda AQSHning Vebster universiteti filiali ish boshladi. O‘zaro madaniyat va san’at kunlari tashkil etildi. Amerikalik olim Frederik Starrning “Unutilgan ma’rifat: Markaziy Osiyoning arab istilosidan to Amir Temur davrigacha bo‘lgan oltin asri” hamda “O‘zbekistonning yangi qiyofasi” kitoblari chop etildi.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari aloqalari

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan. 1996-yili Florensiya (Italiya) shahrida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi. Mamlakatimizning “ko‘hna qit’a”dagi Germaniya, Fransiya, Italiya, Belgiya va boshqa davlatlar bilan aloqalari rivojlanib bormoqda.

2017-yildan boshlab O‘zbekiston va Yevropa mamlakatlari hamkorligida yangi davr boshlandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019–2025-yillar oralig‘ida Germaniya, Fransiya, Italiya va Vengriya kabi Yevropa davlatlariga tashriflarni amalga oshirdi. Ushbu tashriflar O‘zbekiston va Yevropa mamlakatlari o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga asos bo‘ldi. O‘zbekiston Yevropa mamlakatlari bilan BMT, Yevropa Ittifoqi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti doirasida hamkorlik olib bormoqda. Shuningdek, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formati asosida ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 2025-yili Samarqandda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichlarini boshlab berdi.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari aloqalari

Germaniya va O‘zbekiston diplomatik munosabatlari 1992-yili o‘rnatilgan va turli yillarda yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirilgan. Bu davlat O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi eng yirik savdo hamkori hisoblanadi. O‘zbekistonda Germaniyaning “Volkswagen”, “Siemens”, “Knauf” kabi yetakchi kompaniyalari faoliyat olib bormoqda. Germaniya akademik almashinuv xizmati (DAAD) o‘zbekistonlik talabalarga mamlakatning yetakchi universitetlarida o‘qish uchun stipendiyalar ajratadi. Germaniyada O‘zbekiston madaniyati kunlari muntazam o‘tkaziladi. O‘zbek san’atkorlari u yerda konsertlar va ko‘rgazmalar tashkil etadi. Toshkentda Gyote instituti faoliyat yuritadi.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari aloqalari

O‘zbekiston Prezidenti va Yevropa Ittifoqi yetakchilari Samarqand sammitida. 2025-yil

Italiya 1992-yilda O‘zbekistonning mustaqilligini tan olgan va diplomatik munosabatlar o‘rnatgan. Toshkent va Rim shaharlarida diplomatik vakolatxonalar ochilgan. Toshkentda “O‘zbekiston – Italiya” do‘stlik jamiyati faoliyat yuritmoqda.

Italiya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi muhim savdo hamkorlaridan biridir. O‘zbekiston 2020-yildan buyon Venetsiyada o‘tkaziladigan zamonaviy madaniyat, san’at va arxitektura biyennalelarida ishtirok etmoqda. Italiyaning qadimiy Florensiya va Rim shaharlarida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi. Mamlakatimizda Turin va Piza universitetlarining filiallari faoliyat yuritmoqda. Ikki davlat munosabatlari o‘zaro manfaatli iqtisodiy, madaniy va texnologik rivojlanish imkoniyatlarini yaratdi.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari aloqalari

Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yilda o‘rnatilgan. O‘zbekiston Fransiyaning Markaziy Osiyodagi muhim hamkoridir. Ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot yuqori darajada. Fransiya kompaniyalari O‘zbekiston iqtisodiyotining energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalariga investitsiya kiritdi. 2018-yilga kelib, o‘zaro aloqalar rivoji yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropaga ilk tashrifini Fransiyadan boshladi. 2022-yili Luvr muzeyida Markaziy Osiyo tarixiga oid ko‘rgazma o‘tkazildi. Toshkent va Samarqand shaharlarida “Fransuz alyansi” tashkiloti fransuz tilini o‘rganishga hissa qo‘shmoqda. Arxeologiya sohasida qo‘shma ekspeditsiyalar tashkil etilgan. 2023-yilda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Tashriflar o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochib berdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil Fransiyaga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat rahbarlari strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qarorga keldilar.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari aloqalari

YODDA TUTING! *Biyennale* – xalqaro miqyosdagi yirik ko‘rgazma yoki madaniy san’at tadbiri bo‘lib, odatda har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.

Savol va topshiriqlar

1. Quyidagi jadvalni daftaringizda to‘ldiring. Har bir ustunga tegishli davlatga oid ma’lumotlarni yozing.

Savollar: 2. O‘zbekiston va Rossiya munosabatlarining asosiy yo‘nalishlari haqida so‘zlab bering. 3. O‘zbekistonning Xitoy bilan aloqalari qachon yangi bosqichga ko‘tarilgan? 4. O‘zbekiston va AQSH qaysi xalqaro tashkilot va formatlar doirasida hamkorlik olib boradi?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida diplomatik munosabat qaysi yilda o‘rnatilgan?
  1. 1992-yilda
  2. 1991-yilda
  3. 1993-yilda
  4. 1994-yilda

To‘g‘ri javob: 1992-yilda. Diplomatik munosabat 1992-yilda o‘rnatilgan.

Vladimir Putin Rossiya Prezidenti etib saylangach, xorijga ilk rasmiy tashrifini O‘zbekistondan qaysi yilda boshlagan?
  1. 2000-yilda
  2. 2004-yilda
  3. 2002-yilda
  4. 1999-yilda

To‘g‘ri javob: 2000-yilda. Putin 2000-yilda xorijga ilk rasmiy tashrifini O‘zbekistondan boshladi.

Rossiya Prezidenti etib saylangan Vladimir Putin o‘zining xorijga ilk rasmiy tashrifini qaysi davlatdan boshlagan?
  1. Qozog‘iston
  2. O‘zbekiston
  3. Belarus
  4. Xitoy

To‘g‘ri javob: O‘zbekiston. 2000-yilda saylangan Putin xorijga ilk rasmiy tashrifini O‘zbekistondan boshlagan.

Islom Karimov Rossiyaga davlat tashrifi bilan qaysi yilda borgan?
  1. 1996-yilda
  2. 1998-yilda
  3. 2004-yilda
  4. 2001-yilda

To‘g‘ri javob: 2001-yilda. Birinchi Prezident Islom Karimov 2001-yilda Rossiyaga davlat tashrifi bilan borgan.

Putinning O‘zbekistonga ilk rasmiy tashrifi va Karimovning Rossiyaga davlat tashrifi mamlakatlar munosabatlariga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
  1. Rossiya harbiy bazalari O‘zbekistonda joylashib, qo‘shma qo‘shin tuzildi
  2. Ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar birinchi marta o‘rnatilishiga zamin yaratdi
  3. Teng huquqli va o‘zaro foydali hamkorlikning yanada rivojlanishiga xizmat qildi
  4. O‘zbekistonning MDHdan chiqishiga va yangi ittifoqlarga qo‘shilishiga zamin yaratdi

To‘g‘ri javob: Teng huquqli va o‘zaro foydali hamkorlikning yanada rivojlanishiga xizmat qildi. Yuqori darajadagi tashriflar teng huquqli va o‘zaro foydali hamkorlikning rivojlanishiga xizmat qilgan.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida Davlatlararo munosabatlar, Do‘stlik asoslari to‘g‘risidagi shartnoma qaysi yilda imzolangan?
  1. 2004-yilda
  2. 1995-yilda
  3. 1998-yilda
  4. 1992-yilda

To‘g‘ri javob: 1992-yilda. Bu shartnoma 1992-yilda imzolangan.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma qaysi yilda imzolangan?
  1. 2002-yilda
  2. 2007-yilda
  3. 2004-yilda
  4. 2005-yilda

To‘g‘ri javob: 2004-yilda. Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma 2004-yilda imzolangan.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hujjatlarni imzolangan vaqti bo‘yicha qadimiysidan yangisiga tartiblang: a) Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida shartnoma; b) Keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risida deklaratsiya; d) Strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma; e) Do‘stlik asoslari to‘g‘risida shartnoma.
  1. e, d, a, b
  2. d, e, a, b
  3. e, a, d, b
  4. e, d, b, a

To‘g‘ri javob: e, d, a, b. Do‘stlik asoslari 1992-yilda, Strategik sheriklik 2004-yilda, Ittifoqchilik 2005-yilda, Keng qamrovli deklaratsiya 2022-yilda imzolangan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMarkaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishiKeyingi →O‘zbekiston va Sharqning rivojlangan davlatlari aloqalari