XotirAI logotipiXotirAI
📜 11-sinf · O‘zbekiston tarixi · 20-mavzu

O‘zbekiston va Sharqning rivojlangan davlatlari aloqalari

Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat

Bilib olasiz

O‘zbekistonning Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan hamkorligi. O‘zbekistonning Hindiston va Turkiya bilan aloqalari.

O‘zbekistonning Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan hamkorligi

Yaponiya – O‘zbekiston diplomatik munosabatlari 1992-yilda o‘rnatilgan. Turli yillarda Toshkentda va Tokioda elchixonalar ochildi. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 1994– va 2002-yillarda rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ldi.

Kunchiqar mamlakat bilan hamkorlikda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temiryo‘li, Samarqand, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlari, Navoiy va Tallimarjon IESda modernizatsiya ishlari bajarildi.

1999-yili Toshkentda “O‘zbekiston – Yaponiya” do‘stlik jamiyati ta’sis etildi. 2004-yili Soka universitetida ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy haykali o‘rnatildi. Yaponiya xalqaro hamkorlik dasturi asosida o‘zbekistonlik talabalar mamlakat universitetlarida ta’lim olmoqda. Yaponiyaning Sukuba universiteti, Tokio xorijiy tillar universitetida o‘zbek tili, shuningdek, O‘zbekistonning qator oliy ta’lim muassasalarida yapon tili o‘qitiladi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovga Vaseda va Soka universitetlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Nagoya universiteti faxriy doktori unvoni berilgan.

O‘zbekistonning Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan hamkorligi

2019-yili O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ldi. Tashrif o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga asos yaratdi. O‘zbekiston Yaponiya bilan BMT hamda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasida hamkorlik olib bormoqda. 2020–2025-yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oshib bordi. O‘zbekistonda Yaponiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida turli iqtisodiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda ko‘plab o‘zbek-yapon qo‘shma korxonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar strategik sheriklik ruhida rivojlanib, mintaqaviy va xalqaro maydonda hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonning Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan hamkorligi

O‘zbek va yapon xalqlarini o‘xshash milliy va axloqiy qadriyatlar bilan birga ilm-fan va tafakkurga, kamolotga doimo intilib yashash kabi ezgu fazilatlar birlashtirib turishini e’tirof etmoqchiman. Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nagoya universitetining faxriy doktori unvoni bilan taqdirlangan

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yili o‘rnatilgan. 2006-yilda Strategik sherikchilik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolandi. O‘zbekistonda Koreya bilan hamkorlikda “UzDaewoo” avtomobilsozlik korxonasi tashkil etildi. 2008-yildan beri “Korean Air” kompaniyasi Navoiy xalqaro aeroporti orqali yuk tashimoqda.

O‘zbekistonning Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan hamkorligi

O‘zbekiston Janubiy Koreyaga asosan tabiiy resurslar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiladi. Koreya Respublikasidan mamlakatimizga transport vositalari, mexanik va elektron asbob-uskunalar import qilinadi. Ikki mamlakat “Markaziy Osiyo – Koreya” forumi doirasida ham hamkorlik qilmoqda.

2017- va 2019-yillarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. O‘zaro tashriflar hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilab berdi. O‘zbekistonda Koreya Respublikasining “Samsung”, “LG”, “Hyundai” kabi ko‘plab yetakchi kompaniyalari faoliyat olib bormoqda. 2023-yilda “KIA” kompaniyasi bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Koreya xalqaro hamkorlik agentligi va Eksimbanki O‘zbekistonning faol iqtisodiy hamkorlari hisoblanadi. Koreya madaniyati uyi, Toshkentdagi Seul bog‘i va Seul ko‘chasi ikki mamlakat do‘stligi va hamkorligining ramziga aylangan.

O‘zbekistonning Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan hamkorligi

Koreyaning 30 dan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Qator ta’lim muassasalarida koreys tili hamda koreys madaniyati markazlari ochilgan. O‘zbekistonda Koreya Respublikasining Inha, Adju, Puchon kabi universitetlari faoliyat yuritadi. Ikkala davlat o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro manfaatli va ishonchli bo‘lib, mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotga muhim hissa qo‘shmoqda.

O‘zbekistonning Hindiston va Turkiya bilan aloqalari

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yilda o‘rnatilgan. 1995-yilda Toshkentda La’l Bahodir Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi tashkil etildi. Shuningdek, Hindistonning Amiti va Sharda universitetlari filiallari ochildi. Hindistonlik turistlar O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlariga, o‘zbekistonlik sayyohlar Dehli, Agra, Jaypur, Mumbai kabi shaharlarga sayohat qilmoqda. Hind san’ati ustalari Samarqandda o‘tadigan xalqaro “Sharq taronalari” musiqa festivalida faol qatnashib keladi. 2017-yili Dehlidagi Jamiya Milliya Islamiya universitetida o‘zbek tili va madaniyati markazi ochildi.

O‘zbekistonning Hindiston va Turkiya bilan aloqalari

Koreya davlati bizdan ancha olisda joylashgan bo‘lsa-da, xalqlarimizning urf-odat va qadriyatlari, ma’naviy olami va dunyoqarashi bir-biriga o‘xshashdir. Shavkat Mirziyoyev

2018-yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga rasmiy tashrifi o‘zaro munosabatlarning yangi davrini boshlab berdi.

2022-yili Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi SHHT sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Davlatimiz rahbari Hindistonda bo‘lib o‘tgan “Jo‘shqin Gujarat” va “Global Janub ovozi” sammitlarida faol ishtirok etdi. O‘zbekiston “Hindiston – Markaziy Osiyo” formati doirasida strategik sheriklik va amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga intilmoqda. O‘zbekiston va Hindiston xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va SHHT doirasida ham hamkorlik qiladi. 2025-yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Hindiston universitetlarining filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Hindiston texnik va iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislar ushbu mamlakatda malaka oshirmoqdalar. Ta’kidlash kerakki, ikki mamlakat hamkorligi tarixi qadim davrlarga borib taqaladi. Tarixda ming yillar mobaynida ikki xalq o‘rtasida o‘zaro madaniy almashinuvlar va savdo-iqtisodiy aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Shunga asosan, ikki xalq madaniyati, an’analari va qadriyatlari bir-birini boyitib kelgan. Toshkent va Dehli, Samarqand va Agra, Buxoro va Haydarobod kabi qadimiy va zamonaviy shaharlar tarixda ham, hozir ham dunyo tamaddunida o‘z o‘rni va salohiyatiga ega. Ikki davlat o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarning kengayishi mamlakatlar taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonning Hindiston va Turkiya bilan aloqalari

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yilda o‘rnatilgan. 1996-yilda Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. 1999-yili Samarqandda “SamKochAvto” qo‘shma korxonasi ishga tushirildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi

2024-yili Anqaraga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Turkiya Respublikasi nishoni” bilan taqdirlandi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017–2024-yillarda Turkiyaga bir necha marotaba tashrif buyurdi. Tashriflar ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochdi. O‘z navbatida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning 2018–2022-yillarda yurtimizga davlat tashriflari aloqalarni yanada rivojlantirdi. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari O‘zbekiston bozorida faol ishlamoqda. Turk biznesi ishtirokida ko‘plab loyihalar samarali amalga oshirilmoqda. Ikki davlat xalqaro maydonda BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti kabi xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasida aloqalar olib bormoqda.

O‘zbekistonning Hindiston va Turkiya bilan aloqalari

O‘zbekiston va Turkiya xalqlarini umumiy til, din, madaniyat va tarix birlashtiradi. O‘zaro hamkorlik mushtarak tarixiy ildizlarga ega mamlakatlarning strategik sherikligiga asoslangan. Ushbu hamkorlik ikki davlatning iqtisodiy va madaniy rivojlanishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston tashqi siyosatda Janubi-sharqiy Osiyoning Indoneziya, Vyetnam, Bruney, Malayziya, Singapur va Tailand kabi yangi industrial mamlakatlari, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Misr, Qatar, O‘mon kabi davlatlar bilan hamkorlik qilmoqda. O‘zaro aloqalar savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning rivojlanishiga zamin yaratmoqda.

O‘zbekistonning Hindiston va Turkiya bilan aloqalari

O‘zbekiston Turkiyaga o‘zining muhim va uzoq muddatli hamkori sifatida qaraydi, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, hamkorlikni o‘zaro ishonch tamoyillari asosida rivojlantirish tarafdoridir. Shavkat Mirziyoyev

Savol va topshiriqlar

Savollar: 1. Soka universitetida Navoiy haykalining o‘rnatilishi qanday tarixiy-madaniy ahamiyatga ega? 2. Buyuk ipak yo‘li tarixiga tayanib, O‘zbekiston va Sharqiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi bugungi aloqalarni qanday tarixiy izchillikda ko‘rasiz? 3. O‘zbekistonning Sharqiy Osiyo davlatlari bilan aloqalari global siyosiy sahnadagi mavqeyimizni qanday mustahkamlashi mumkin? 4. Hindiston va O‘zbekiston aloqalarida qadimgi Buyuk ipak yo‘lining ta’siri ko‘zga tashlanadimi? 5. O‘zbekistonning Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalari qanday tarixiy hodisalarga bog‘liq bo‘lishi mumkin? 6. O‘zbekistonning Turkiya bilan hamkorligi faqat tarixiy yaqinlikka asoslanganmi yoki strategik manfaatlar ham mavjudmi? Fikringizni misollar bilan izohlang. 7. Mavzu bo‘yicha darsda sizni eng ko‘p qiziqtirgan hamkorlik yo‘nalishi qaysi bo‘ldi? Nima uchun? 8. O‘zbekistonning qaysi davlat bilan hamkorligiga hissa qo‘shishni istaysiz? Qaysi sohada? Buning uchun sizdan qanday bilim, ko‘nikma va malaka talab qilinadi?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar qaysi yilda o‘rnatilgan?
  1. 1994-yilda
  2. 1992-yilda
  3. 1996-yilda
  4. 1991-yilda

To‘g‘ri javob: 1992-yilda. Yaponiya va O‘zbekiston diplomatik munosabatlari 1992-yilda o‘rnatilgan.

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov Yaponiyaga 1994-yilda va yana qaysi yilda rasmiy tashrif bilan bordi?
  1. 2000-yilda
  2. 2005-yilda
  3. 1998-yilda
  4. 2002-yilda

To‘g‘ri javob: 2002-yilda. Islom Karimov Yaponiyada 1994-yilda va 2002-yilda rasmiy tashrif bilan bo‘lgan.

Toshkentda «O‘zbekiston – Yaponiya» do‘stlik jamiyati qaysi yili ta’sis etilgan?
  1. 1997-yili
  2. 1999-yili
  3. 1995-yili
  4. 2001-yili

To‘g‘ri javob: 1999-yili. Toshkentda O‘zbekiston – Yaponiya do‘stlik jamiyati 1999-yili ta’sis etilgan.

Yaponiyadagi Soka universitetida Alisher Navoiy haykali qaysi yili o‘rnatilgan?
  1. 2008-yili
  2. 2004-yili
  3. 2001-yili
  4. 1999-yili

To‘g‘ri javob: 2004-yili. Soka universitetida ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy haykali 2004-yili o‘rnatilgan.

Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar qaysi yilda o‘rnatilgan?
  1. 1991-yilda
  2. 1992-yilda
  3. 1994-yilda
  4. 1996-yilda

To‘g‘ri javob: 1992-yilda. Matnda Yaponiya – O‘zbekiston diplomatik munosabatlari 1992-yilda o‘rnatilgani aytilgan.

Islom Karimov Yaponiyaga rasmiy tashrif bilan qaysi yillarda borgan?
  1. 1992 va 1999-yillarda
  2. 1996 va 2004-yillarda
  3. 1994 va 1999-yillarda
  4. 1994 va 2002-yillarda

To‘g‘ri javob: 1994 va 2002-yillarda. Birinchi Prezident Yaponiyada 1994- va 2002-yillarda rasmiy tashrifda bo‘lgan.

Voqealarni qadimiysidan yangisiga tartiblang: A) Soka universitetida Navoiy haykali o‘rnatilishi; B) Yaponiya bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilishi; C) Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi; D) “O‘zbekiston – Yaponiya” do‘stlik jamiyati ta’sis etilishi.
  1. A, B, D, C
  2. D, B, A, C
  3. B, D, A, C
  4. B, A, D, C

To‘g‘ri javob: B, D, A, C. Tartib: 1992 (B), 1999 (D), 2004 (A), 2019 (C).

Shavkat Mirziyoyevga faxriy doktor unvonini qaysi yapon universiteti bergan?
  1. Vaseda universiteti
  2. Soka universiteti
  3. Sukuba universiteti
  4. Nagoya universiteti

To‘g‘ri javob: Nagoya universiteti. Mirziyoyevga Nagoya universiteti faxriy doktori unvoni berilgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiO‘zbekiston va dunyoning yetakchi mamlakatlari hamkorligiKeyingi →O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti: o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari