XotirAI logotipiXotirAI
📜 7-sinf · O‘zbekiston tarixi · 53-54-mavzu

lar. Abu Rayhon Beruniy

Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar

Savollar: 1. «Beruniy asri» degan iborani eshitganmisiz? Bunda nima nazarda tutiladi? 2. Abu Rayhon Beruniy qaysi fanlar bilan shug‘ullangan? 3. Beruniy G‘aznaga qanday borib qoldi?

Ma’lumot uchun

Beruniyning qiziqqan ilm sohalaridan ko‘ra, qiziqmagan sohalarini sanab o‘tish osondir.

Sharqshunos olim

I. Y. Krachkovskiy

Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy (973-yil, qadimgi Kot shahri – 1048-yil, G‘azna) – ulug‘ o‘zbek mutafakkir olimi, o‘rta asrning buyuk daholaridan biridir.

O‘z zamonasining hamma fanlarini, birinchi navbatda, falakiyot (astronomiya), fizika, riyoziyot (matematika), ilohiyot, ma’danshunoslik fanlarini puxta egallagan.

Bu fanlar taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi tufayli uning nomi dunyo fanining buyuk siymolari qatoridan joy oldi. Beruniy 150 dan ortiq asarlar yaratgan. Uning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», «Hindiston», «Mineralogiya», «Geodeziya» kabi asarlari shular jumlasidandir.

Ma’lumot uchun

Beruniy yerning dumaloq shaklda ekanligini asoslab berdi. U 1029 ta yulduzning koordinatalari va yulduz kattaliklari qayd etilgan yulduzlar jadvalini hamda dunyoning geografik xaritasini tuzgan.

Ijodiy faoliyat

Quyidagi gapni o‘qing va undagi «xolislik va haqqoniylik bilan fikr yuritgan» degan fikrni tushuntirib bering: «Beruniy ilmiy masalalarda ham, tarixiy voqea-hodisalarga, o‘z zamondoshlariga baho berishda ham o‘ta xolislik va haqqoniylik bilan fikr yuritgan».

Beruniy o‘zining falakiyotga oid asarlarida Yerning Quyosh atrofida aylanishi haqidagi fikrni birinchi bo‘lib ilgari surdi. U shu paytgacha noma’lum bo‘lgan Amerika qit’asi mavjudligini taxmin qilib, o‘z asarlarida bu haqda bir necha bor yozgan. Allomaning g‘arbiy yarim sharda katta quruqlik borligi to‘g‘risidagi fikri XV–XVI asrlarda o‘z tasdig‘ini topdi.

Beruniy faoliyatiga haqqoniy baho bergan amerikalik tarixchi Jorj Sarton XI asrni «Beruniy asri» deb ta’rifladi. Beruniyning asarlari o‘z davridayoq dong taratgan va hozirgacha xorijiy tillarga tarjima qilinmoqda.

Ijodiy faoliyat

Beruniy ismidagi «Abu Rayhon» qismi – Rayhonning otasi (rayhonning eng yaxshisi, a’losi ma’nosida), «Muhammad» – mutafakkirning o‘z ismi, «ibn Ahmad» – Ahmadning o‘g‘li ekanini anglatadi.

Beruniy Kot (Kat) shahrining tashqarisida tug‘ilganligi uchun «Beruniy», ya’ni «tashqarilik» degan taxallus bilan atalgan. Uning ilk ustozi Abu Nasr ibn Iroq bo‘lib, Beruniy undan astronomiya, algebra va geometriyaga oid bilimlarni o‘rgangan. Abu Nasr ibn Iroq Beruniyga mehri balandligidan 12 ta asarini mazkur sevimli shogirdiga bag‘ishlagan. Beruniyning ikkinchi ustozi Abu Sahl Iso al-Masihiy bilan Jurjondagi paytida tanishgan. Beruniy undan tibbiy, astronomiya va falsafaga oid bilimlarni o‘rgangan.

Ijodiy faoliyat

Savollar: 1. Nima uchun tarixchi J. Sarton XI asrni «Beruniy asri» deb ta’rifladi? 2. Beruniyning g‘arbiy yarim sharda katta quruqlik borligi to‘g‘risidagi fikri XV–XVI asrlarda o‘z tasdig‘ini topgan. Bu qaysi qit’a?

Beruniyning Yer aylanishi chizmasi

Manbalarda

«Kitob al-tafhim» Abu Rayhon Beruniyning X-XI asrlarda yozgan astronomiya, fizika, matematika, geometriya va geografiya fanlari bo‘yicha yirik ilmiy asari. XIII asrda ko‘chirilgan nusxa.

Abu Rayhon Beruniy. «Kitob al-tafhim» asari Usturlob

Ma’lumot uchun

Abu Rayhon Beruniyning kashfiyotlari, ayniqsa, uning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», «Hindiston», «Mineralogiya», «Saydana» kabi asarlari o‘z zamonasidayoq unga shuhrat keltirdi.

«Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asari Beruniyning ko‘p qirrali olim ekanini namoyish etdi.

«Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida ajoyib jumlalar keltiradi: «Garchi biz bu kitobning ba’zi joylarida turli fanlarga o‘tib, bayonimizga aloqasi yo‘q masalalarga kirishib ketsak ham, bu gapni cho‘zish yoki ko‘paytirish maqsadida emas, balki o‘quvchini zeriktirmaslik uchundir. Chunki doim bir xil narsaga qarash malollik va sabrsizlikni olib keladi. O‘quvchi fandan fanga o‘tib tursa, turli bog‘larda yurganga o‘xshaydi...»

Ma’lumot uchun

«Hindiston» kitobining yaratilishi haqida esa shunday fikr bildiradiki, unda har qanday orzu-istakning o‘zagi mehnat va harakat degan xulosa kelib chiqadi. Bu asarning tarixiy ahamiyati va qimmati har bir davr jahon allomalari tomonidan e’tirof etilgan.

«O‘rta asr va yangi zamon mualliflaridan hech biri hind madaniyatining chigal masalalarini chuqur ilmiy ruhda tushunishda Abu Rayhon Muhammad ibn Ah-

Ijodiy faoliyat

Hind olimi Hamid Rizoning «Hindiston» filmi asosida taqdimot tayyorlang va muhokama qiling.

mad Beruniy erishgan yutuqlarga erisha olmadi. Beruniyning «Hindiston» asari klas-

«Beruniy geologiya va mineralogiya fanlarining nazariyotchisi va asoschisidir».

sik namuna bo‘lib qolishi bilan birga, o‘z muallifining qadimgi hind madaniyati va faniga qilgan tortig‘idan iboratdir», — degan edi Hindiston olimi Hamid Rizo.

H. Abdullayev, akademik

«Mineralogiya» asarida minerallar va ma’danlarning o‘z davridagi narx-navosi, ba’zilarining shifobaxshlik xususiyatlari, nodir tosh va metallar bilan bog‘liq ayrim qiziqarli etnografik ma’lumotlarni bayon etgan, bu mazkur kitobning muhim tarixiy manba sifatidagi ahamiyatini yanada oshiradi. Shuningdek, Beruniy «Mineralogiya» kitobida shunday yozadi: «Mehnatsiz shon-shavkatga, martabaga erishgan kishi hurmatga loyiqmi? Yuqori martabaga mehnatsiz erishgan kishi farog‘at va rohat soyasida yashaydi, yaxshi kiyinadi, ammo ulug‘lik libosidan mahrum, yalong‘ochdir». U insonning asosiy vazifasi mehnat orqali ko‘zlangan maqsadga erishish, yaxshilik orqali yaxshilik ko‘rishidir, deb qayd etadi.

Ijodiy faoliyat

U arab adabiyoti okeanida yagona qoyadir. Hindshunoslikda Beruniyga teng keladigan kishini na ilgari va na so‘nggi vaqtlarda o‘tganini bilmaymiz.

Zaxau, XIX asr, nemis sharqshunosi

Xorazmdagi siyosiy ziddiyatlar va notinchlik sabab Beruniy 22 yoshida ona shahrini tark etib, Kaspiy dengizi janubidagi Jurjon va Ray shaharlarida nihoyatda faqirlikda kun kechirgan. Hatto ilmiy munozaralarda ham puldor olimlar uning muhtojligi ustidan kulishgan. Bu haqda Beruniyning o‘zi shunday yozadi: «Ray shahrida bir olim astronomiya sohasida men bilan bahsga kirishdi va ilmda mendan ancha past tursa-da, mendan o‘zini yuqori olib, hatto kaminani haqorat ham qildi. Vaholanki, faqat boylik ortiqchaligi oramizdagi farq edi».

Bilasizmi?

Beruniy o‘zining birinchi astronomik tajribalarini 16 yoshda Kat shahrida boshlagan. Alloma, nafaqat astronomiya va boshqa tabiiy fanlar bilan shug‘ullandi, balki tarix, xususan, din tarixi bilan ham qiziqdi. Olim muhim asarlaridan biri bo‘lgan «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar»ni 1000-yili tugallagan. Bu asar muallifning ko‘p qirrali olim ekanini namoyish etgan.

Beruniy tibbiyotga bag‘ishlangan «Saydana» asarida mingdan ortiq dorivor moddalar nomini 30 tilda yozib chiqqan.

Abu Rayhon Beruniy «Mineralogiya».

XI asr. Suvga tushirilgan namuna asosida siqib chiqarilgan suyuqlikning hajmini aniqlash moslamasi chizmasi.

Beruniy G‘aznada

Xorazm 1017-yil Mahmud G‘aznaviy tomonidan zabt etilgach, ko‘pchilik olimlar qatori Beruniy ham G‘aznaga olib ketiladi. Mahmud G‘aznaviy Xorazm hukmdori Ma’munning sadoqatli odamlari sifatida qarab, Beruniy va ba’zi olimlarga dastlab yaxshi munosabatda bo‘lmagan. Ammo keyinchalik vaziyat o‘zgardi. Sulton Mahmud o‘zining Hindistonga qilgan bir nechta yurishlarida hatto Beruniyni munajjim sifatida yonida olib yurgan. Bu yurishlar davrida to‘plangan ma’lumotlar asosida olim o‘zining mashhur «Hindiston» asarini yozgan.

Beruniyning ilmiy faoliyati Sulton Mahmudning o‘g‘li Mas’ud G‘aznaviy (1030–1041) davrida yanada yuksaldi. U Mas’udning arab tilini o‘rganishiga, astronomiyadan xabardor bo‘lishiga ko‘maklashdi. Sulton Mas’udning homiyligidan minnatdor bo‘lgan Beruniy unga bag‘ishlab «Qonuni Mas’udiy» asarini yaratgan.

Mulohaza uchun

2009-yil iyun oyida Eron hukumati tomonidan Venadagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining bo‘limiga to‘rt mashhur olim: Ibn Sino, Beruniy, Zokiriy Roziy (Reyz) hamda Umar Xayyomni o‘z ichiga olgan pavilyonni taqdim etiladi. Hozirda u Vena xalqaro markazi Memorial maydonidan joy olgan.

O‘rganganimizdan xulosa chiqaramiz

Savollar: 1. Yuqorida berilgan rasmlarning har biriga izoh bering. 2. Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy haqida zamonamiz olimlarining fikrlarini to‘plang. 3. Beruniy ilmning qaysi sohalariga qiziqqan? 4. Tasavvur qiling, tarixda Beruniy bo‘lmaganida... Insoniyat bugungi kunda qaysi bilimlardan bebahra bo‘lgan bo‘lar edi?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Abu Rayhon Beruniy qaysi yili G‘aznada vafot etgan?
  1. 1038-yil
  2. 1041-yil
  3. 1048-yil
  4. 1055-yil

To‘g‘ri javob: 1048-yil. Beruniy 1048-yilda G‘aznada vafot etgan.

Abu Rayhon Beruniy qaysi yilda tug‘ilgan?
  1. 973-yil
  2. 983-yil
  3. 963-yil
  4. 1017-yil

To‘g‘ri javob: 973-yil. Beruniy 973-yilda qadimgi Kot shahrida tug‘ilgan.

Beruniy qancha asar yaratgan?
  1. 80 dan ortiq
  2. 150 dan ortiq
  3. 30 dan ortiq
  4. 300 dan ortiq

To‘g‘ri javob: 150 dan ortiq. Matnda Beruniy 150 dan ortiq asarlar yaratgani aytilgan.

Beruniy koordinatalari va kattaliklari qayd etilgan yulduzlar jadvalida nechta yulduzni keltirgan?
  1. 1029 ta
  2. 1039 ta
  3. 1092 ta
  4. 1019 ta

To‘g‘ri javob: 1029 ta. Beruniy 1029 ta yulduzning koordinatalari va kattaliklari qayd etilgan jadval tuzgan.

Beruniy tuzgan yulduzlar jadvalida nechta yulduzning koordinatalari qayd etilgan?
  1. 729 ta
  2. 1129 ta
  3. 1029 ta
  4. 829 ta

To‘g‘ri javob: 1029 ta. Beruniy 1029 ta yulduzning koordinatalari va kattaliklari qayd etilgan jadvalni tuzgan.

Beruniy Yerning shakli haqida qanday xulosani asoslab bergan?
  1. Yer olamning markazida harakatsiz turadi
  2. Yer yassi disk shaklida
  3. Yer Oy atrofida aylanadi
  4. Yer dumaloq shaklda

To‘g‘ri javob: Yer dumaloq shaklda. Beruniy yerning dumaloq shaklda ekanligini asoslab bergan.

Quyidagi hukmlardan qaysi biri NOTO‘G‘RI?
  1. Beruniy 1029 ta yulduzning koordinatalari qayd etilgan jadval tuzgan.
  2. Beruniy Yerning yassi shaklda ekanligini asoslab bergan.
  3. Beruniy Amerika qit’asi mavjudligini taxmin qilgan.
  4. Beruniy 150 dan ortiq asar yaratgan.

To‘g‘ri javob: Beruniy Yerning yassi shaklda ekanligini asoslab bergan.. Beruniy Yerning dumaloq shaklda ekanligini asoslab bergan, yassi deb emas.

Beruniyning g‘arbiy yarim sharda katta quruqlik borligi haqidagi fikri qaysi asrlarda o‘z tasdig‘ini topgan?
  1. XIII–XIV asrlarda
  2. XVII–XVIII asrlarda
  3. XV–XVI asrlarda
  4. XII–XIII asrlarda

To‘g‘ri javob: XV–XVI asrlarda. Beruniyning g‘arbiy yarim sharda katta quruqlik bor degan fikri XV–XVI asrlarda tasdiqlangan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← Oldingilar. Abu Nasr ForobiyKeyingi →lar. Abu Ali ibn Sino