Muhammad Xorazmshohning mamlakat mudofaasiga oid tadbirlari va buning oqibati
XIII asrda Movarounnahr va Xorazm
BUGUN DARSDA • Muhammad Xorazmshohning mudofaa rejasi. • Chingizxonning Movarounnahrga yurishi. • O‘tror qamali. • Buxoro mudofaasi. • Samarqand mudofaasi. • Temur Malik jasorati. • Muhammad Xorazmshohning so‘nggi farmoni. • Urganch mudofaasi.
O‘ylab ko‘ring
Muhammad Xorazmshohning mudofaa rejasi
Chingizxon Movarounnahr yurishiga katta ahamiyat berib, puxta tayyorgarlik ko‘rgan edi. Hali harbiy yurish boshlanmasdanoq u o‘z dushmanining kuch-qudrati va urushga tayyorgarligi to‘g‘risida savdogarlar orqali to‘plangan ma’lumotlarni sinchiklab o‘rgangan.
Xorazmshoh saltanatida esa urush arafasidagi harbiy kengashda o‘zaro kelishmovchilik yaqqol namoyon bo‘ldi. Dushmanga zarba berishning yagona rejasini yakdillik bilan belgilab olish o‘rniga fikrlar bo‘linib ketdi.
Sulton Muhammadning o‘g‘li Jaloliddin Xo‘jand hokimi Temur Malik singari sarkardalar harbiy kuchlarni asosiy nuqtalarga to‘plab, dushmanga zarba berishni taklif etdi. Biroq Sulton Muhammad katta qo‘shinni bir joyga to‘plashdan qo‘rqar edi. Uning nazarida bir joyga to‘plangan qo‘shin Sulton Xorazmshohni taxtdan ag‘darib tashlashi mumkin edi. Shuning uchun ham harbiy kengashda Sulton Muhammad o‘z qo‘shinlarini turli shaharlarga bo‘lib yuborib, urushda mudofaa taktikasini qo‘llashga qaror qildi.
Muhammad Xorazmshohning mudofaa rejasi
Xorazmshohlar davlati ko‘p sonli turkiy qo‘shin va yaxshi qurollangan ko‘ngillilar lashkari hamda yetarli oziq-ovqat zaxirasiga ega edi. Afsuski, Muhammad Xorazmshoh bilan sarkardalar o‘rtasida mavjud ixtiloflar avvalboshdanoq bunday ustunlikdan foydalanishga imkon bermadi.
Muhammad Xorazmshoh askariy kuchini qal’a va istehkomlarga bo‘lib yuborib, ayrim shaharlarni mo‘g‘ullarga qarshi qo‘yish bilan dushmanga zarba bermoqchi bo‘ldi. Mo‘g‘ullarning asosiy zarbasi Movarounnahrning Zarafshon vodiysiga qaratilsa kerak degan fikr bilan Samarqand va Buxoro shaharlarini mustahkamlashni buyurdi.
O‘ylab ko‘ring
Chingizxonning Movarounnahrga yurishi
Chingizxon 1219-yili o‘z o‘g‘illari boshliq 200 ming nafarga yaqin asosiy harbiy kuchlari bilan Xorazmshoh-anushteginiylar davlati ustiga anchadan beri puxta tayyorlangan harbiy yurishini boshladi. Ular yozni Irtish daryosi bo‘yida o‘tkazib, sentyabr oyida chegaradan o‘tdi.
Chingizxon lashkariga uyg‘ur ediquti (xoni) Baurchak, qarluqlar xoni Arslonxon va Olmaliq hukmdori Sig‘noqteginlar ham o‘z qo‘shini bilan kelib qo‘shildilar. Chegaradan o‘tgan Chingizxon o‘z qo‘shinini Janubiy Qozoq cho‘llarining Sirdaryoga tutashgan joyidagi O‘tror shahri yaqinida to‘plab, uni 4 qismga bo‘ldi. O‘tror voqeasi va undan keyin Chingizxon elchisi Ibn Kafroj Bug‘roning o‘ldirilishi Movarounnahrga bostirib kirish uchun bahona bo‘ldi. Bu yurishda Chingizxon dastlab Sharqiy Turkiston va Yettisuvni zabt etdi.
Chingizxonning Movarounnahrga yurishi
Chingizxon G‘arbga harbiy yurishini boshlamasdanoq o‘z dushmanining kuch-qudrati va urushga tayyorgarligi to‘g‘risida savdogarlar orqali to‘plagan ma’lumotlarini sinchiklab o‘rgangan, Xorazmshohlar davlatining ichki ahvolidan to‘la voqif edi.
Chig‘atoy va O‘qtoy qo‘shinning bir qismi bilan O‘trorni qamal etib, egallashi uchun qoldirildi. Ikkinchi qism esa Jo‘chi boshchiligida Sirdaryoning yuqori oqimidagi Jand, Yangikent, Barchinlig‘kent, Sig‘noq shaharlarini bosib olish uchun yuborildi.
Uchinchi qismdagi besh ming chog‘li qo‘shinga Aloq no‘yon va Suketu Cherbi bosh qilinib, Xo‘jand va Banokatni egallash vazifasi topshirildi.
Chingizxonning Movarounnahrga yurishi
Chingizxon o‘zi bosh bo‘lgan to‘rtinchi – asosiy qism (uning tarkibida taniqli sarkardalar Jebe va Subutoy ham bor edi) Zarafshon vohasi tomon – Buxoro hamda Samarqandni istilo etish uchun yo‘l oldi.
O‘ylab ko‘ring
Xaritadan Chingizxon qo‘shinlarining harakatini izohlang. Mo‘g‘ullar qo‘shini bir vaqtning o‘zida qayerlarda jang qilganini aniqlang va qo‘shinning harbiy tayyorgarligiga baho bering.
O‘tror qamali
O‘tror mustahkam qal’ali chegara shahar edi. Qal’a noibi G‘oyirxon (Inolchiq) boshchiligida shaharda 20 ming suvoriy bor edi. Qamal arafasida unga yana 10 minglik lashkar kelib qo‘shilgandi. Bundan tashqari, Sulton Muhammad “Lashkari berun” deb atalgan 50 ming askar yuborgan.
Mo‘g‘ullar shaharni qamalga olishi bilan mudofaachilar sarosimaga tushganlar. O‘tror qamali davrida nafaqat qamaldagilar, balki mo‘g‘ullar ham katta talafot ko‘rgan. Qamaldagilarning safi siyraklashib, oziq-ovqat tanqisligi kuchaygan. O‘tror mudofaasining eng og‘ir paytida ayrim lashkarboshilar shahar darvozasidan chiqib, mo‘g‘ullarga taslim bo‘ldi.
O‘tror qamali
Shu asnoda o‘trorliklar shaharni mudofaa qilib, uni besh oy davomida o‘z qo‘llarida ushlab turdilar. Ayniqsa, G‘oyirxon o‘zini Chingizxon savdogarlari va sarbonlarini o‘ldirishda aybdor his qilib, so‘nggi nafasigacha dushmanga qarshi kurashdi. Uning askarlari elliktadan bo‘lib, qal’adan tashqariga chiqar va bosqinchilar bilan jang qilib, halok bo‘lardi. G‘oyirxon boshliq mudofaachilarning bir qismi O‘tror arkiga joylashib olib, mudofaani yana bir oygacha davom ettirdilar. Mo‘g‘ullar qanday bo‘lmasin, G‘oyirxonni tiriklayin qo‘lga tushirishga ahd qildilar. Oqibat u qurshovga olinib, asirga tushirildi. So‘ng Chingizxon huzurida qatl etildi.
Qoracha hojib
O‘tror qamali
Manbalarda
G‘oyirxon (Inolchiq) va uning odamlari so‘nggi askari qolguncha jang qilishda davom etdilar va mo‘g‘ullar qo‘shiniga katta talafot yetkazdilar. Bir oycha ularga qarshilik qilib, so‘ng ikki jangchisi bilan qolgan G‘oyirxon jon-jahdi bilan kurashdi, taslim bo‘lmadi. Uni odamlari bilan bir uyning tomiga chiqib, iskanjaga oldilar. Tiriklayin ushlanishi buyurilgani uchun o‘ldirishga urinmadilar. Qisqa bir muddatdan keyin ikki do‘sti shahidlik sharbatini ichganidan so‘ng G‘oyirxon qo‘lidagi qurol tushib ketgach, tomga yoyilgan sopollarni mo‘g‘ullar ustiga otib, o‘zini himoya qila boshladi. Sopollar ham tugagach, atrofini to‘liq qurshab olgan askarlarga hujum qilib, bir nechtasini yiqitdi, biroq uni asirlik tuzog‘iga tushirdilar va zanjirlar bilan mahkam bog‘ladilar. Shundan keyin qal’a va devorlarni yer bilan yakson qildilar. Qilichdan qutulgan san’atkor va ayrim mulozimlarni o‘zlariga xizmat qilishi uchun olib ketdilar. Avvalroq Buxorodan Samarqandga ketgan Chingizxonga qo‘shilib olish uchun yo‘lga chiqdilar. Qarorgohda G‘oyirxonga o‘lim sharbatini ichirib, abadiylik libosini kiydirdilar.
O‘ylab ko‘ring
O‘tror qal’asi xarobalari
Buxoro mudofaasi
1220-yilning fevralida Chingizxon Buxoro ustiga qo‘shin tortdi. Mo‘g‘ullar Buxoro xalqidan taslim bo‘lishni so‘rashdi va omonlik va’da qilishdi. Dastlab himoyachilar mo‘g‘ullarga zarba berishga muvaffaq bo‘ldi. Keyin esa mo‘g‘ullarning qo‘li ustun kela boshladi. Natijada shahar himoyachilarining bir qismi Xurosonga chekinishga qaror qildi. Buxoroliklar o‘z himoyachilaridan ayrilgandan so‘ng shahar ahlini saqlab qolish niyatida o‘zaro maslahatlashib, Buxoro qozisi Badriddin boshchiligida bir guruh oqsoqollar Chingizxon huzuriga yo‘l oldilar.
Shunga qaramay, aksariyat shaharliklar o‘z qarshiliklarini davom ettirdilar, tunda askarlarga yashirincha yordam berib, mo‘g‘ul qo‘shiniga qarshi hujumlar uyushtirdilar. Tinimsiz tungi hujumlardan bezor bo‘lib, g‘azablangan Chingizxon shaharni butunlay yoqib yuborishni buyurdi.
Buxoro mudofaasi
O‘sha yilning 16-fevralida mo‘g‘ullar Buxoroni to‘liq egallab, talon-toroj etdi. Shahar ichida jang to‘xtamadi, ark qamali 12 kun davom etdi. Buxoro dushman hujumini qaytarishga tayyor emas edi. Behisob xazinalar talandi, asriy qo‘lyozma asarlar, muqaddas kitoblar yirtilib, gulxanga uloqtirildi. Ilm va ma’rifat egalari bo‘lgan ulamolar va shayxlar mo‘g‘ul jangchilariga xizmatkor qilib berildi. Buxoro yong‘in ichida qoldi. Yong‘indan faqat g‘ishtdan qurilgan katta masjid va ba’zi binolar omon qoldi xolos.
Manbalarda
Chingizxon otda jome masjidi oldiga kelib to‘xtadi va shaharning kazo-kazolarini o‘z huzuriga chaqirtirdi. Mo‘g‘ullar shahar omborxonalarini ochib, g‘allalarni tashib oldilar. Qur’on nusxalari saqlanadigan sandiqlarni otlarga oxur qildilar, masjidlarga meshlarda sharob keltirib joylab qo‘ydilar, shahar hofizlari va o‘yinchilarini chorlab, raqsga tushirdilar. Oqsuyaklar, ulamolar va shayxlar otboqarlar o‘rnida otxonalarda turar va amr-farmonlarni bajo keltirish bilan mashg‘ul edilar.
Manbalarda
Mo‘g‘ullar Buxoro xalqini qal’adagi sulton askarlariga qarshi jangga haydadi. Ikkala taraf orasida shiddatli jang boshlandi. Qal’a tashqarisidagilar ichkariga manjaniqlardan tosh, yoylardan o‘q yog‘dirar, ichkaridagilar esa tashqariga neft shishalarini otardilar. Qisqa muddat ichida hamma yoq atrofga uchqun sachratib yonayotgan bir tandirga aylandi. Mana shu tarzda jang bir necha kun davom etdi. Qal’a ichidan bir guruh jangchi tashqariga chiqar, qahramonlarcha kurashib, qal’aga qaytib kirib ketardi. Ayniqsa, jasurlikni erkak sherning qo‘lidan tortib olgan Ko‘kxon bir hamla qilganida bir necha dushmanni birdaniga o‘ldirar va hujum qilganlarni orqaga chekinishga majbur etardi.
Manbalarda
Lekin bu hol uzoq cho‘zilmadi. Ularning ishlari borgan sari og‘irlashdi, g‘alabaga olib boruvchi najot yo‘li qolmadi. Oxirida Alloh va uning yaratiqlari qarshisida shahid bo‘lib, narigi dunyoga ketdilar. Mana shu tarzda shahardagi chuqurlar va jarliklar inson-u jonzotlar jasadi bilan to‘ldi. Mo‘g‘ullar shaharni qo‘lga kiritib, qaytadan yoqib yubordi. Davrning og‘iz va quloqlari bo‘lgan olimlar oyog‘osti bo‘ldi, falak gumbazining boshiga yarashgan buyuk kishilardan ba’zilari asir olindi, ba’zilari esa yo‘qlik dengiziga g‘arq qilindi.
Samarqand mudofaasi
Buxoro zabt etilgach, 1220-yilning mart oyida mo‘g‘ullar Movarounnahrning eng mashhur va yirik shahri bo‘lgan Samarqand tomon yo‘l oldi. Chingizxon shahardan tashqarida joylashgan Ko‘ksaroy qasridan turib qamal ishiga boshchilik qildi. Xorazmshoh bu shaharga alohida diqqat-e’tibor qaratdi. Shahar qo‘shini 110 ming jangchidan iborat bo‘lgan. Bundan tashqari, Samarqandda 20 ta jangovar fil ham bor edi. Sulton Muhammad Xorazmshoh 40 ming g‘ur jangchisini o‘z tog‘asi Tog‘ayxon boshchiligida Samarqand mudofaasi uchun mas’ul qilib qoldirdi. Shahar oziq-ovqat zaxirasi, mudofaa istehkomlarining puxtaligi jihatidan bir necha yillik qamalga ham chidashi mumkin edi. Shahar ostonasida uch kun shiddatli jang kechdi. Uch kunlik qattiq qarshilikdan so‘ng Chingizxon hiyla ishlatishga majbur bo‘ldi. U shahar qamali uchun qo‘shinning ozgina qismini ajratib, asosiy kuchlarni pistirmaga qo‘ydi. Samarqand amirlari bu hiylaga uchdi, mo‘g‘ullarning ozligini ko‘rib qo‘shinning katta qismini shahardan tashqariga chiqardi.
Samarqand mudofaasi
Mo‘g‘ullar yolg‘ondakam chekinishdi, Samarqand qo‘shini esa ularni ta’qib eta boshladi. Oldindan belgilangan yerda ular qurshab olindi va bir necha soat ichida mo‘g‘ullar Samarqand jangchilarining juda katta qismini qirib tashladi. Samarqand mudofaachilarining jangovar fillar bilan ikkinchi bor shahardan chiqib jang qilishi ham muvaffaqiyatsizlik bilan yakuniga yetdi. Shundan so‘ng mo‘g‘ullar hujumni yanada kuchaytirdi, shaharni manjaniqlardan o‘qqa tutib, kamondan o‘q yomg‘iri yog‘dirdi. Ular Samarqandning bosh suv inshooti – Jo‘yi arziz (Qo‘rg‘oshin novasi)ni buzib tashlab, shaharni suvsiz qoldirdi. 20 ming chog‘li shahar mudofaachilari dastlab suv toshqini, keyinroq suvsizlik bois taslim bo‘lishga majbur bo‘ldi. Qang‘li qo‘shinlariga omonlik va’da qilindi.
Samarqand mudofaasi
Ular taslim bo‘lib, shahar talangach, 30 minglik qang‘li qo‘shini qolgan himoyachilar bilan birga qirib tashlandi. Mo‘g‘ullar Samarqandni ham Buxoro kabi vayron etdi.
Shaharning deyarli barcha hunarmandlari – 30 ming kishini mo‘g‘ullar asir qilib olib ketdi. Tirik qolganlarga shaharga qaytishga ruxsat berilib, jonlari omon qolgani uchun 200 ming dinor tovon to‘lash sharti qo‘yildi.
Temur Malik jasorati
1220-yil bahorida Aloq no‘yon va Suketu Cherbi boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shinlari Sirdaryoning yuqori oqimida joylashgan Fanokat (Banokat) shahriga yaqinlashdi. Fanokat hokimi Malik Ingu mo‘g‘ullarga 3 kun davomida qarshilik ko‘rsatishni uddalay oldi xolos. Undan keyin shahar taslim bo‘ldi. Shundan so‘ng Aloq no‘yon boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shinlari Xo‘jand shahriga qarab yurdi. Bu yerda ular kutilmaganda Xo‘jand hokimi Temur Malikning qattiq qarshiligiga uchradi. Temur Malik turkiy qo‘mondonlardan bo‘lib, Xorazmshohlar davlatida mohir sarkarda sifatida nom chiqargan, Muhammad Xorazmshoh va uning oilasiga yaqin shaxs edi. Xo‘jand qal’asi Sirdaryoning ikkiga ajralgan joyida qu rilgan bo‘lib, atrofidagi tik jarliklar va daryo tabiiy mudofaa vazifasini bajarar edi. Shu bilan birga, qal’aga manjaniq otgan tosh yetib bormas, atrofi jar bo‘lgan qal’ani qamal qilish mushkul ish edi.
Temur Malik jasorati
Aloq no‘yon Xo‘jand qamali uchun 20 ming nafar qo‘shinni safarbar qildi. Dastlab Xo‘jand atrofidagi qishloqlardan, so‘ng boshqa zabt etilgan hududlardan kelgan 50 mingga yaqin aholi qamal uchun safarbar qilindi. Ular shahardan 3 farsax masofadagi tog‘dan tosh keltirib, daryo o‘zaniga tashlashadi. Maqsad daryo suvi sathini ko‘tarib, qal’ani suvga bostirish yo‘li bilan mudofaachilarga ziyon yetkazish edi. Temur Malikning buyrug‘iga ko‘ra, 12 ta qayiq yasatilib, yondirilgan kamon o‘qi o‘tmasligi, yonib ketmasligi uchun uning usti namat bilan qoplanib, sirka shimdirilgan loy bilan suvab chiqildi.
Qayiqlarning ustida o‘q otish uchun mo‘ljallangan maxsus shinaklar bo‘lib, ular Sirdaryoning ikki tarafida suzib, mo‘g‘ul qo‘shinlariga tinimsiz o‘q yog‘dirib, hujumlar uyushtirdi.
Temur Malik jasorati
Temur Malik bu yerda turib qolish maqsadga muvofiq emasligini tushunib, daryo oqimi bo‘ylab suzib ketdi. Mo‘g‘ul qo‘shini bundan boxabar bo‘lishi bilan daryoning har ikki qirg‘og‘i bo‘ylab uni ta’qib eta boshladi. Temur Malik qayerda mo‘g‘ullar to‘dasini ko‘rsa, zudlik bilan shu tomonga barkaslarni haydab, ularning ustiga o‘q yomg‘iri yog‘dirib, to‘zg‘itib yuborar edi. U to Jand va Barchinlig‘kentga yetgunga qadar mo‘g‘ullar bilan beto‘xtov jang qilib ketdi.
Urganchga yetib borgan Temur Malik sulton Jaloliddin orqasidan Shahristonga
(boshqacha aytganda, Jurjon – qadimgi Girkaniya, Kaspiy dengizining janubisharqidagi viloyat va shahar) yo‘l oldi va unga qo‘shildi.
Temur Malik jasorati
Keyinchalik Sulton Jaloliddin halok bo‘lgach, Temur Malik so‘fiylar (ahli tasavvuf) kiyimida (jandasida) Shomga (Suriya) yo‘l oldi. Oradan ancha vaqt o‘tgach, vatanga bo‘lgan muhabbati tufayli yurtiga qaytdi. Bir necha yil yaqinlari, farzandlari haqida ma’lumot to‘plab, O‘sh shahri (qasabasi)da yashagan. Keyin esa mo‘g‘ul amaldorlari uni tanib qolib, qatl etgan.
Manbalarda
“Zafarnoma” muqaddimasida yozilishicha, Temur Malik kurashni sabot-matonat bilan davom ettirgach, unda bor-yo‘g‘i uchta kamon o‘qi qoladi: ularning ham bittasi singan va paykonsiz edi.
U paykonsiz o‘q bilan uni ta’qib qilib kelayotgan uch mo‘g‘uldan birining ko‘zini ko‘r qiladi, qolganlariga esa: “Ikkingiz uchun ikki o‘q qoldi. O‘qlarimga achinaman. Yaxshisi, orqalaringga qaytib, hayotingizni saqlab qoling!” deydi.
Mirkarim Osim TEMUR MALIK
(Hikoyadan parcha)
Tong qorong‘isida Temur Malik boshliq uch yuz bahodir yigit kemalarga o‘tirib, qirg‘oqqa yaqinlashdi. Yoylardan mo‘g‘ul soqchilari ustiga o‘q yog‘dirib, sohilga chiqib olishdi. Uyquda yotgan mo‘g‘ul lashkargohiga tuyqusdan bosqin qilib, naridan beri kiyinib chiqqan cheriklarni qilichdan o‘tkaza boshladilar. Mo‘g‘ullar es-hushlarini yig‘ib olgunlaricha birtalay askarlaridan ajraldilar.
Temur Malik uzun qilichini yalang‘ochlab, lashkargoh o‘rtasidagi ipak chodir tomon yo‘l oldi. O‘z boshliqlari uchun jon fido qilishga tayyor bo‘lgan bir to‘da azamat yigit Temur Malikni o‘rab, atrofdan tushgan qilich zarblarini daf qilib borardilar.
Mirkarim Osim TEMUR MALIK
Temur Malik yon tomondagi chodirdan yugurib chiqib, uning yo‘lini to‘smoqchi bo‘l gan barzangidek bir mo‘g‘ulning yelkasiga qilich solib, ikki nimta qilib tashladi, so‘ng baland ovozda:
- Hay, So‘ktu no‘yon, mard bo‘lsang, maydonga chiq! – deya qichqirib, mo‘g‘ul sarkardasini yakkama-yakka jangga chorladi. Biroq mo‘g‘ul lashkarboshilari yakkama-yakka jang qilib, o‘z mardliklarini ko‘rsatishdan ko‘ra ko‘pchilik bo‘lib, uyushqoqlik bilan dushmanni bartaraf qilishni afzal ko‘rardilar.
Shuning uchun So‘ktu no‘yondan sado chiqmadi. Yon tomondan bostirib kelgan bir to‘da mo‘g‘ul askarlari Temur Malikka ularning sarkardasi bilan qilichbozlik qilishga xalal berdi.
Mirkarim Osim TEMUR MALIK
U jang qila turib sohil tomon chekindi, mo‘g‘ullarning asosiy kuchlari yetib kelmasdanoq, yigitlari bilan kemalarga o‘tirib, shinaklardan o‘q yog‘dirgancha orol tomon yo‘l oldi.
Temur Malik mo‘ljallangan ishini bajargan edi. Uning asosiy maqsadi – mo‘g‘ullarni chalg‘itib, daryoga tashlangan toshlar ni u yoqdan bu yoqqa otib tashlash, ko‘tarmani buzish bilan mashg‘ul bo‘lgan yigitlariga ishlash uchun imkoniyat tug‘dirib berish edi.
Sohildagi qisqa muddatli jang vaqtida ko‘tarma buzib tashlandi.
Manbalarda
Muhammad Xorazmshoh katta o‘g‘li Jaloliddin, boshqa o‘g‘illari O‘zloqshoh va Oqshohlarni yoniga chorlab, shunday degan ekan: “Hokimiyat iplari uzildi, saltanat asoslari bo‘shashdi va buzildi. Bu dushmanning maqsadi ayon bo‘ldi: uning changali va tishlari mamlakatga qattiq sanchildi. Men uchun faqat o‘g‘lim Jaloliddingina qasos olishga qodir. Endi men uni valiahd etib tayinlayman”.
Muhammad Xorazmshohning
Chingizxon boshliq mo‘g‘ul qo‘shinlari ta’qibidan qutulgan Muhammad Xorazmshoh Xurosondagi ko‘pgina sargardonliklardan so‘ng Kaspiy dengizining janubidagi Ashuradi (Ashura) oroliga borib o‘rnashdi. Bu yerda u onasining tazyiqi bilan valiahd deb e’lon qilgan Qutbiddin O‘zloqshohning taxt vorisligini bekor qildi va katta o‘g‘li Jaloliddinni taxt vorisi deb e’lon qildi. Ham jismoniy, ham ruhiy, ham ma’naviy jihatdan ezilgan hukmdor orolda plevrit (o‘pkaga suv yig‘ilishi) kasaliga chalinib, 1220-yilning dekabr oyida vafot etdi.
Muhammad Xorazmshoh o‘limi oldidan sulton Jaloliddinni taxt vorisi deb e’lon qildi.
Jaloliddinning ukalari O‘zloqshoh va Oqshoh, Rukniddin G‘ursanchtiylar mo‘g‘ullarga qarshi kurashda halok bo‘ladilar. G‘iyosiddin Pirshoh akasi Jaloliddinga xiyonat qiladi. Ayrim manbalarda Eronning Kirmon viloyati hokimi Baroq tomonidan qatl etilganligi va boshi “Sizning ikki dushmaningiz bor edi – Jaloliddin va G‘iyosiddin. Ulardan birining kallasini sizga jo‘natdim”, degan noma bilan mo‘g‘ul hukmdori O‘qtoyga (1227-yili Chingizxon vafot etganidan keyin o‘g‘li taxtga o‘tirgandi) yuborilgani aytiladi.
Urganch mudofaasi
1221-yilning boshlarida Chingizxon qo‘shinlarining Urganchga yurishi boshlandi. Xorazmshohlar poytaxtida xorazmliklarning 110 ming nafar qo‘shini turardi. Urganchliklar dushmanning harbiy kuch va qurollar bo‘yicha ustunligiga qaramay, o‘z ona shahrini yetti oy mudofaa qildilar. Bu janglarda zamonining buyuk allomasi shayx Najmiddin Kubro nomi bilan shuhrat topgan 76 yoshli Ahmad ibn Umar Xivaqiy o‘z do‘st-u shogirdlari va izdoshlari bilan ishtirok etdi. U o‘z muridlarini yovga qarshi kurashga ilhomlantirib turdi. Najmiddin Kubro mardona jang qilib, o‘lim oldidan mo‘g‘ul navkariga tashlandi, uni yer tishlatdi, so‘ng o‘zi ham halok bo‘ldi. Najmiddin Kubroning “Yo Vatan, yo sharofatli o‘lim!” degan xitobi rahnamoligida har bir mahalla, ko‘cha-ko‘y, guzar-u rasta, masjid-u madrasa va har bir xonadon janggohga aylandi.
Urganch mudofaasi
Ko‘cha janglarida minglab mo‘g‘ul askarlari halok bo‘ldi. Mo‘g‘ullar shu paytgacha Movarounnahrning hech bir shahrida bunchalik qurbon bermagan edilar.
1221-yilning boshida sulton deb e’lon qilingan Jaloliddin o‘z ukalari Oqshoh, O‘zloqshohlar bilan Urganchga keldi. Lekin bu yerdagi siyosiy vaziyat, sobiq Jand noibi Qutlug‘xonning unga qarshi suiqasd qilishga uri nishi, qipchoq sarkardalarining o‘zlarini xoinona tutishlari Jaloliddinni shahar mudofaasiga bosh bo‘lish fikridan qaytardi.
Jaloliddin Temur Malik bilan birgalikda shaharni tark etib, kurashni Amudaryo janubida olib borish maqsadida Xurosonga yo‘l oldi. Uning ortidan esa tez orada ukalari Oqshoh va O‘zloqshohlar ham yo‘lga tushdi. Urganch mudofaasi Turkon Xotunning qarindoshlaridan biri bo‘lgan Xumortegin qo‘lida qoldi.
Urganch mudofaasi
Chingizxon Najmiddin Kubroga oilasi va shogirdlari bilan shaharni tark etishni taklif qildi. Biroq shayx: “Men bu shaharda ko‘p yillar mobaynida yashab keldim va har bir jon men uchun aziz. Ushbu og‘ir kunlarda men ularni tark eta olmayman”, deb javob berdi. Shundan keyin xon shaharga hujum qilishga qaror berdi.
O‘ylab ko‘ring
Mo‘g‘ullar Xorazm va uning viloyatlarida katta tut daraxtlari ko‘pligini ko‘rgan. Tutdan arralangan g‘o‘lalar og‘ir va toshdek qattiq bo‘lgan. Mo‘g‘ullar ulardan manjaniq uchun tosh o‘rnida foydalangan.
Urganch egallangach, 100 ming hunarmand qo‘lga olingan. Har bir mo‘g‘ul jangchisiga 24 tadan asir teggan. Shundan so‘ng mo‘g‘ullar Amudaryodagi to‘g‘onni buzib, shaharni suvga bostirganlar. Noyob madaniy yodgorliklar, kutubxonalar vayron qilingan.
Tarix saboqlari
Urganchga Chingizxonning o‘g‘illari – Jo‘chi, Chig‘atoy, O‘qtoy va bir qancha mo‘g‘ul sarkardalari o‘z harbiy kuchlari bilan yetib keldi. Mo‘g‘ullar qamalga tayyorlanish uchun manjaniqlar, “toshbaqalar” (mataris, dabbobat) tayyorlay boshlagan edi.
Mo‘g‘ullar Xorazm ahliga omonlik berishni va’da qildi. Biroq xorazmliklar ona shahrini mo‘g‘ullarga topshirishga ko‘nmadi. Poytaxt Urganch qamali yetti oy davom etdi. Xumortegin mudofaa ishlarini yetarlicha yaxshi tashkil etolmadi. Mo‘g‘ullar qamal paytida harbiy hiyla ishlatib, shahar darvozasiga bir qancha chorvalarni haydab keldi. Buni ko‘rgan bir qator Urganch mudofaachilari chorva himoyasiz degan fikrda shahardan tashqariga chiqib, suruv ortidan tushdi.
Tarix saboqlari
Mo‘g‘ullar ularning shahar devorlaridan uzoqroq borishlarini kutdi. Bu yerda pistir mada turgan otliqlar urganchliklarni qurshab olib, qirib tashladi. Mo‘g‘ul qo‘shini mudofaachilarni shahar ichkarisigacha ta’qib qilib, shaharga qadar kirib bordi. Ushbu hujumlar bartaraf etilgach, ma’lum vaqt davomida mo‘g‘ullar hujumni to‘xtatib, shaharga taslim bo‘lish evaziga jon omonligi va’dasi bilan elchilar yubordi.
Aslini olganda, bu elchilikdan maqsad vaqtdan yutish bo‘lib, bu orada Jand va Movarounnahrning boshqa hududlaridan yordamchi kuchlar yetib kelishi lozim edi. Shahar atrofida qamal inshootlari qayta tiklandi. Ammo shaharga uyushtirilgan keyingi hujumlar ham mudofaachilarning qattiq qarshiligiga uchradi. Shahar mudofaasi uchun hal qiluvchi pallada sarosimaga tushgan Xumortegin qarshilik ko‘rsatish befoyda ekanini ko‘rgach, mo‘g‘ullarga taslim bo‘ldi.
O‘ylab ko‘ring
O‘rganganlarimizdan xulosa qilamiz
O‘ziyurar minora
(Mataris)
Muhim sanalar
- 1219-yili — Chingizxon 1219-yili o‘z o‘g‘illari boshliq 200 ming nafarga yaqin asosiy harbiy kuchlari bilan Xorazmshoh-anushteginiylar davlati ustiga anchadan beri puxta tayyorlangan harbiy yurishini boshladi.
- 1220-yilning — 1220-yilning fevralida Chingizxon Buxoro ustiga qo‘shin tortdi.
- 1220-yilning — Buxoro zabt etilgach, 1220-yilning mart oyida mo‘g‘ullar Movarounnahrning eng mashhur va yirik shahri bo‘lgan Samarqand tomon yo‘l oldi.
- 1220-yil — 1220-yil bahorida Aloq no‘yon va Suketu Cherbi boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shinlari Sirdaryoning yuqori oqimida joylashgan Fanokat (Banokat) shahriga yaqinlashdi.
- 1220-yilning — Ham jismoniy, ham ruhiy, ham ma’naviy jihatdan ezilgan hukmdor orolda plevrit (o‘pkaga suv yig‘ilishi) kasaliga chalinib, 1220-yilning dekabr oyida vafot etdi.
- 1221-yilning — 1221-yilning boshlarida Chingizxon qo‘shinlarining Urganchga yurishi boshlandi.
- 1221-yilning — 1221-yilning boshida sulton deb e’lon qilingan Jaloliddin o‘z ukalari Oqshoh, O‘zloqshohlar bilan Urganchga keldi.
- 1227-yili — Ulardan birining kallasini sizga jo‘natdim”, degan noma bilan mo‘g‘ul hukmdori O‘qtoyga (1227-yili Chingizxon vafot etganidan keyin o‘g‘li taxtga o‘tirgandi) yuborilgani aytiladi.
Bilimingizni sinang
Sulton Muhammad nima uchun qo‘shinini bir joyga to‘plamay, shaharlarga bo‘lib yubordi?
- To‘plangan qo‘shin uni taxtdan ag‘darib tashlashidan qo‘rqqani uchun
- Qo‘shinni boqish uchun yetarli oziq-ovqat va mablag‘ topolmagani uchun
- Xalifa unga qo‘shin to‘plamaslik haqida buyruq yuborganligi uchun
- Mo‘g‘ullar bilan sulh tuzilishi mumkinligiga ishonganligi uchun
To‘g‘ri javob: To‘plangan qo‘shin uni taxtdan ag‘darib tashlashidan qo‘rqqani uchun. Sulton bir joyga to‘plangan qo‘shin o‘zini taxtdan ag‘darishi mumkin deb qo‘rqqan.
Qo‘shinni asosiy nuqtalarga to‘plab dushmanga zarba berishni kimlar taklif etdi?
- Turkon xotun va xalifa elchisi singari saroy a’yonlari
- Bahouddin Roziy va Yalavoch singari elchilar
- Jaloliddin va Xo‘jand hokimi Temur Malik singari sarkardalar
- Inolchiq va Xumortegin singari qal’a noiblari
To‘g‘ri javob: Jaloliddin va Xo‘jand hokimi Temur Malik singari sarkardalar. Harbiy kengashda bu taklifni Jaloliddin, Temur Malik kabi sarkardalar bildirgan.
Sulton Muhammad Xorazmshoh nima uchun o‘z qo‘shinlarini bir joyga to‘plamay, turli shaharlarga bo‘lib yubordi?
- Mo‘g‘ullarning asosiy zarbasi Sirdaryo bo‘yiga qaratilishini aniq bilgani uchun
- Ko‘ngillilar lashkari yetishmagani va oziq-ovqat zaxirasi kamligi sababli
- Katta qo‘shin bir joyda to‘planib, o‘zini taxtdan ag‘darib tashlashidan qo‘rqqani uchun
- Chingizxon bilan sulh tuzish uchun muzokaralar olib borayotgani sababli
To‘g‘ri javob: Katta qo‘shin bir joyda to‘planib, o‘zini taxtdan ag‘darib tashlashidan qo‘rqqani uchun. Sulton Muhammad bir joyga to‘plangan qo‘shin o‘zini taxtdan ag‘darishi mumkin deb qo‘rqib, mudofaa taktikasini tanladi.
Harbiy kengashda Jaloliddin va Temur Malik taklifi bilan Sulton Muhammad qarori o‘rtasidagi farq qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
- Sarkardalar kuchlarni asosiy nuqtalarga to‘plab zarba berishni, sulton esa qo‘shinni shaharlarga bo‘lib mudofaa qilishni tanladi
- Sarkardalar mo‘g‘ullar bilan sulh tuzishni, sulton esa qo‘shinni to‘plab hujum qilishni taklif etib, mudofaani rad etdi
- Sarkardalar qo‘shinni shaharlarga bo‘lib mudofaa qilishni, sulton esa kuchlarni asosiy nuqtalarga to‘plab zarba berishni xohladi
- Sarkardalar Samarqandni bo‘shatishni, sulton esa Buxoroni mustahkamlashni talab qilib, qo‘shinni ikki qismga bo‘lib yubordi
To‘g‘ri javob: Sarkardalar kuchlarni asosiy nuqtalarga to‘plab zarba berishni, sulton esa qo‘shinni shaharlarga bo‘lib mudofaa qilishni tanladi. Jaloliddin va Temur Malik kuchlarni to‘plab zarba berishni taklif qilgan, sulton esa qo‘shinni bo‘lib yuborib, mudofaa taktikasini tanlagan.
Muhammad Xorazmshoh mo‘g‘ullarning asosiy zarbasi Zarafshon vodiysiga qaratiladi deb o‘ylab, qaysi shaharlarni mustahkamlashni buyurdi?
- O‘tror va Xo‘jand
- Samarqand va Buxoro
- Urganch va Termiz
- Jand va Banokat
To‘g‘ri javob: Samarqand va Buxoro. Zarafshon vodiysidagi Samarqand va Buxoro mustahkamlanishi buyurilgan.
Xorazmshohlar davlati ko‘p sonli qo‘shin va oziq-ovqat zaxirasiga ega bo‘lsa-da, bu ustunlikdan foydalanilmadi. Sababi nima?
- Turkiy qo‘shinning mo‘g‘ullarga qo‘shilib ketgani
- Qurol va ko‘ngillilar lashkarining yetishmasligi
- Savdogarlar orqali mo‘g‘ullarga ma’lumot berilgani
- Sulton bilan sarkardalar o‘rtasidagi ixtiloflar
To‘g‘ri javob: Sulton bilan sarkardalar o‘rtasidagi ixtiloflar. Ixtiloflar avvalboshdanoq ustunlikdan foydalanishga imkon bermagan.
Chingizxon Xorazmshoh-anushteginiylar davlati ustiga puxta tayyorlangan harbiy yurishini qaysi yili boshladi?
- 1217-yili
- 1220-yili
- 1221-yili
- 1219-yili
To‘g‘ri javob: 1219-yili. Chingizxon 1219-yili o‘g‘illari boshchiligidagi asosiy kuchlari bilan yurishni boshlagan.
Chingizxon 1219-yilda Xorazmshohlar davlati ustiga necha nafarga yaqin asosiy harbiy kuch bilan yurish boshlagan?
- 400 ming
- 200 ming
- 100 ming
- 300 ming
To‘g‘ri javob: 200 ming. Chingizxon o‘g‘illari boshchiligidagi 200 ming nafarga yaqin asosiy harbiy kuch bilan yurishni boshlagan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash