XotirAI logotipiXotirAI
📜 8-sinf · O‘zbekiston tarixi · 5-mavzu

Jaloliddin Manguberdi Xorazmshohlar davlatini tiklash yo‘lida

XIII asrda Movarounnahr va Xorazm

BUGUN DARSDA

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Sind bo‘yidagi jangdan so‘ng sulton Jaloliddin qo‘shini dushmanga qarshi jang qilishi mumkinmidi? Nima uchun? 2. Hindistonning Shatra hududidagi mahalliy hind rojasi ustidan g‘alaba qozonganidan so‘ng Jaloliddinning qo‘shini bir necha mingga ko‘payganining boisi nimada? Askarlarning jangovarlik ruhini qanday voqealar ko‘targan deb o‘ylaysiz? 3. Siz yana qanday tadbirlar o‘tkazgan bo‘lardingiz? Nima uchun?

Dehli sultoni bilan munosabat

Jaloliddin Sind daryosidan kechib o‘tganidan so‘ng qolgan jangchilarini to‘plab, Shimoliy Hindiston hududidagi bir qancha davlatlar hukmdorlari bilan aloqa o‘rnatishga harakat qildi. Biroq Shatra viloyatining hukmdori Jaloliddin Manguberdining og‘ir ahvolidan foydalanib, unga hujum qildi. Bu jangda g‘alabaga erishgan Jaloliddin Manguberdiga Shatra hukmdorining mingta otliq hamda besh mingta yaxshi qurollangan jangchilari taslim bo‘ldi va uning tomoniga o‘tdi. Bu muvaffaqiyatdan so‘ng tevarak-atrofdagi yangi kuchlar Jaloliddinga kelib qo‘shildilar.

Dehli sultoni Shamsuddin Eltutmish Xorazmshohga bunday mazmunda maktub yo‘lladi: “Sening ortingda islomning dushmani turgani sir emas. Sen butun musulmonlarning sultonisan. Men bunday paytda senga qarshi bo‘lishni istamayman. Taqdir qo‘lida senga qarshi qurol bo‘lishni xohlamayman. Men kabi odam seningdek insonga qarshi qilich ko‘tarishi kechirilmas holdir!”

Dehli sultoni bilan munosabat

Shu tariqa, Jaloliddin Manguberdi Shimoliy Hindistonda davlat barpo qildi. Sulton o‘z ahvolini yaxshilab oldi, unga tobe hind mulklarida uning nomi xutbaga qo‘shib o‘qildi. Sulton o‘z nomidan kumush va mis tangalar zarb ettirib, soliqlar joriy qildi. Lekin Hindistonning katta-kichik hukmdorlari Xorazmshohning kuchayib ketishidan xavfsirardi. Ular o‘zaro til biriktirib, Jaloliddin Manguberdiga qarshi ittifoq tuzmoqchi ekanliklari ayon bo‘lib qoldi. Jaloliddin Manguberdining ikki lashkarboshisi Yazidak pahlavon va Sunqurjiq xiyonat qilib, Eltutmish tomoniga o‘tdi. Mana shunday tahlikali holatlar bilan Jaloliddin Manguberdi Shimoliy Hindistonda uch yil hukmronlik qildi.

Manbalarda

Jaloliddin davrida bir qancha fitnalar, g‘am-qayg‘u, mashaqqat-u anduhlarga, vazirlarning tarqalib ketishiga va mehnatkash ommaning atroflarda boshpana izlab yurishiga barham berildi. Ular birlashtirildi va mustahkamlandi.

Chingizxonga qarshi ittifoq tuzish yo‘lida

Jaloliddin Manguberdi Hindistonda muqim o‘rnashish, ittifoqchilar topish mushkul ekanini anglab, 1224-yili noiblarini tayinlab, o‘zi Iroqqa yo‘l oldi. U o‘z qo‘shini bilan dastlab Kirmon, keyin Sheroz va Isfahonga borib, mahalliy hukmdorlar bilan kelishib, biroz mustahkam kuchga ega bo‘ldi. Ammo bu yerlar ukasi G‘iyosiddin Pirshohga tegishli bo‘lgani uchun u akasining kelishidan norozi edi. Jaloliddinning kelishi mahalliy aholi tomonidan yaxshi kutib olingan, chunki G‘iyosiddin davrida o‘zboshimchalik va zo‘ravonlik avjiga chiqqan edi. Shunday qilib, Kirmon, Fors, Isfahon Xorazmshohga tobeligini izhor etib, umumiy dushman – mo‘g‘ullarga qarshi kurash istagini bildirdi. Jaloliddin bu yerlarda birlashgan davlat tuzishga kirishdi. Sulton Jaloliddin, bir tomondan, qudratli davlat tiklanayotganidan, ikkinchi tomondan, Tabariston, Damashq, Misr hukmdorlari u bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatganidan mamnun edi. Endilikda ular bilan ittifoq tuzib, katta qo‘shin jamlab, Chingizxonga qarshi yurish qilish mumkin edi. Jaloliddin bu yurishga umumrahbar bo‘lishni o‘ylab, Bag‘dod xalifasi Nosirga maktub yo‘lladi. U xalifani umumiy dushman – mo‘g‘ullarga qarshi kurashga undadi. Ammo o‘sha davrdagi Bag‘dod xalifasi avvalgidek qudratga ega emas edi. Xalifa Islom olamiga ofat yog‘dirayotgan mo‘g‘ullardan emas, balki Xorazmshohning kuchayib borishidan xavfsirardi.

Chingizxonga qarshi ittifoq tuzish yo‘lida

Bag‘dod xalifasi tobora kuchayib borayotgan Sulton Jaloliddin Manguberdi qudratini zaiflashtirish, uning ittifoqchilari o‘rtasiga raxna solish siyosatini tutdi. Xalifa

Nosir bu yo‘lda qurolli kurashdan ham qaytmadi. Uning Jaloliddin Manguberdiga qarshi yuborgan 20 minglik qo‘shini Basra yaqinidagi jangda tor-mor keltirildi.

Bu g‘alabadan so‘ng Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjon tomon yurish qildi. Ozarbayjon otabegi (hukmdori) O‘zbek maishatga berilib, davlat ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan edi, davlatni amalda uning xotini Malika Xotun boshqarardi.

Bundan tashqari, hukmdor aholini Gurjiston qo‘shinining talonchilik yurishlaridan himoya qilolmayotgan edi. 1225-yil mayda Jaloliddin

Chingizxonga qarshi ittifoq tuzish yo‘lida

Manguberdi Marog‘a shahrini jangsiz qo‘lga kiritdi. Tabriz ham Xorazmshohga taslim bo‘ldi. Ozarbayjon aholisi Xorazmshoh qiyofasida o‘zini gurjilar zo‘ravonligidan ozod etuvchi xaloskorni ko‘rdi. Gurjilar ko‘pdan beri Ozarbayjonni talar, ularga qarshi turadigan kuch topilmas edi. Endi Ozarbayjon xalqi Jaloliddin siymosida qudratli kuchga ega bo‘lgan edi. Jaloliddin Xorazmshoh Ozarbayjon harbiy yurishlar uchun qulay yerda joylashgani uchun bu o‘lkani o‘z davlatining markazi sifatida tanlaydi. Tabriz shahrini yangi barpo etgan davlatining poytaxtiga aylantirdi.

1226-yilda Ozarbayjon, Shirvon va Gurjiston Xorazmshoh qo‘liga o‘tdi. 1227-yil sentyabrda Isfahon yaqinida Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ullarning Taynol no‘yon boshliq qo‘shinini yengdi. Taynol no‘yon Jaloliddin Manguberdining jangdagi mardligiga qoyil qolib: “Zamonasining haqiqiy bahodiri, o‘z tengqurlarining sarvari ekan”, degan edi.

Chingizxonga qarshi ittifoq tuzish yo‘lida

Jaloliddin Manguberdining Ko‘niya, Jazira, Damashq va Misr hukmdorlariga nomalar yozib, ularni mo‘g‘ullarga qarshi kurashish yo‘lida birlashtirish xatti-harakatlari behuda ketdi. Sultonning o‘sib borayotgan mavqeyi Bag‘dod xalifasini, Misr, Damashq va Jazira hukmdorini tashvishga sola boshladi. Ichki fitnalar va xiyonatlar boshlandi.

Ustiga-ustak Ko‘niya sultoni Alouddin Qayqubod muxolif kuchlarni Jaloliddin Manguberdiga qarshi birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Jaloliddinning ukasi G‘iyosiddin Pirshoh birinchi bo‘lib xiyonat yo‘liga o‘tdi.

U o‘z lashkarlari bilan akasi qarorgohini tark etdi. G‘iyosiddin akasiga hasadi qo‘zg‘ab, o‘zi mustaqil davlat barpo etish va Jaloliddin kabi shuhrat qozonishni istadi.

Chingizxonga qarshi ittifoq tuzish yo‘lida

U Kirmon hokimi tomonidan qo‘lga olinib, qatl etildi. Mo‘g‘ullar ushbu voqeadan so‘ng Jaloliddin davlati ular o‘ylagandek kuchli emasligini anglab, u bilan sulh tuzish fikridan qaytishdi. Ozarbayjon va Gurjiston sari talonchilik yurishlarini boshlab yuborishdi.

Jaloliddinning bosh vaziri Sharofulmulk sultonga fitna uyushtira boshladi. Uning Jazira va Ko‘niya hukmdorlariga Jaloliddindan hokimiyatni tortib olishda madad so‘rab yozgan maktubi Jaloliddinning qo‘liga tushgach, u hibsga olinib, qatl etildi. 1230-yil avgustda Ko‘niya, Jazira, Damashq va Misrning birlashgan qo‘shini Jaloliddin Manguberdi kuchlarini Arzinjon yaqinidagi jangda mag‘lubiyatga uchratdi. Jaloliddin Manguberdining kuchsizlanganidan foydalangan mo‘g‘ullar katta qo‘shin bilan 1231-yilda Ozarbayjonga bostirib kirib, Jaloliddin Manguberdini ta’qib etadi.

Chingizxonga qarshi ittifoq tuzish yo‘lida

Mo‘g‘ullar uning qarorgohiga uyushtirgan tungi hujum natijasida oz sonli qo‘shinini tor-mor keltirdi, Jaloliddin Manguberdining o‘zi esa ta’qibdan qutulib, Kurdiston tog‘lariga chiqib ketdi. Bu yerda qaroqchi kurdlar qo‘liga asir tushib, fojiali halok bo‘ldi. Atigi o‘ttiz uch yil umr ko‘rgan, ammo nomi ellarda mashhur bo‘lgan, Chingizxonni lol qoldirgan, o‘z yurtini beadad sevgan so‘nggi xorazmshoh Sulton Jaloliddin Manguberdi yorug‘ dunyodan shu tariqa ko‘z yumdi.

Uning nomi asrlar davomida avlodlar uchun jasorat va mardlik, vatanparvarlik ramzi bo‘lib keldi. Sulton Jaloliddinning hayotlik davrida mo‘g‘ullar O‘rta Sharqni bosib ololmadilar. Bu voqea ancha keyin – 1256-yili ro‘y berdi. Jaloliddin Manguberdi o‘n bir yil davomida mo‘g‘ullarni nafaqat O‘rta Sharqqa, balki Sharqiy Yevropaga ham qo‘ymadi.

(qo‘shimcha o‘qish uchun)

Sulton Jaloliddin Manguberdi 1225-yili bir paytlar xorazmshohlar mulki bo‘lgan Shimoliy Eron va Ozarbayjon hududlarini egallash maqsadida shu o‘lkalarga yurish boshladi. Ozarbayjon va Arronning so‘nggi otabegi (hukmdori) O‘zbek mamlakat boshqaruvini o‘z holiga tashlab qo‘ygandi. Davlatni uning xotini – shijoatli va tadbirkor malika Tabriz shahridan turib boshqarayotgan edi.

Jaloliddin Tabrizga qarshi yurish boshladi, qal’a har tomondan o‘rab olindi. Malika hukmdor qal’a burjlarini mustahkamlash, oziq-ovqat zaxiralarini qamal holatiga tayyorlash kabi choralarni ko‘rdi.

Tabriz qamalining yettinchi kuni malika shaharning kattalari va amirlarini chaqirib, ularga: “Shahar oldida kuchli podshoh bor.

(qo‘shimcha o‘qish uchun)

O‘zbek unga qarshi tura olmay, qochib ketdi. Agar u bilan kelishib, shaharni unga topshirmasak, shaharni zo‘rlik bilan egallaydi va xalqqa zulm o‘tkazadi. Agar ma’qul deb hisoblasangiz, qozi boshchiligidagi obro‘li odamlarni uning oldiga yuborib, hukmdorning harami va yaqinlariga tegmaslik sharti bilan shaharni uning ixtiyoriga topshiraylik”, dedi. Yig‘ilganlar malikaning fikrini ma’qulladi.

Malika eri O‘zbek bilan ajraganini ko‘rsatuvchi Bag‘dod va Shom imomlaridan olgan fatvolarini ilova qilib bir guruh elchilarni Sulton Jaloliddin qarorgohiga yubordi.

Elchilar Sultonga malika o‘zi, odamlari, mol-mulki uchun omonlik so‘raganini, Xoy shahri (Janubiy Ozarbayjondagi o‘rta asr shahri) o‘ziga berilishi sharti bilan Tabrizni Jaloliddinga berajagini bildirdi.

(qo‘shimcha o‘qish uchun)

Shu tariqa, muzokaralar natijasida Tabriz sulton Jaloliddin tomonidan egallandi. Sultonning mulozimlari malikani yaqinlari, kanizaklari, mol-mulki bilan Xoy shahriga ko‘chirdi. Jaloliddin esa Tabrizga kirib, bu yerda o‘z boshqaruvini o‘rnatdi.

Sulton Tabrizdaligi paytida uning huzuriga Xoy shahrida turgan malika nomidan bir guruh ayollardan iborat elchilar keldi. Ular malikaning Jaloliddinga turmushga chiqish niyati borligini bildirib, malikaning nomasini unga topshirdilar.

Jaloliddin Ozarbayjon malikasini o‘z nikohiga oldi. U malikaga to‘y sovg‘asi sifatida Xoydan tashqari yana ikki shahar – Solmas va Urmiyani (bu hududlar ham Janubiy Ozarbayjonda bo‘lgan) atrof qishloqlari bilan birga mulk qilib berdi.

Jaloliddin Manguberdi halokati

Jaloliddin Manguberdi 1231-yil bahorida Ganjaga kelib, barcha gina-kuduratlarini unutib, yana mo‘g‘ullarga qarshi ittifoq tuzish uchun musulmon hukmdorlarga murojaat etdi. Jaloliddin Ganjada turib birlashish haqida qo‘shni o‘lkalar hokimlariga yuborilgan maktublarga javob kutdi. Ammo unga hech qayerdan javob xati kelmadi. Jaloliddin Kichik Osiyo tomon yo‘l olish va u yerda kuch to‘plash niyatida edi.

1231-yilning avgusti boshida Amid (Diyorbakr) yo‘li yaqinida unga to‘satdan mo‘g‘ullar hujum qilib qoldi. Uni 15 chog‘li mo‘g‘ul navkarlari ta’qib etdi. Jaloliddin o‘z sheriklaridan ajrab, Mayaforiqin (hozirgi Turkiyaning Silvan viloyati) yaqinidagi Ayndor qishlog‘iga keldi. Ushbu tog‘ qishlog‘ida u kurdlar qo‘liga tushdi. O‘zini sulton deb tanishtirganidan so‘ng kurdlar uni o‘ldirishga jazm etmadi.

Jaloliddin Manguberdi halokati

Jaloliddinni tegishli joyga yetkazib qo‘yish evaziga kurdlarga mukofot va’da qilindi. Lekin kurdlar rahbari xonadonidan joy olgan, horib-tolgan Jaloliddinni o‘lgan kurd inisi xuni evaziga o‘ldirdi. Bu voqea taxminan 1231-yilning avgust oyida ro‘y berdi. Jaloliddin Manguberdi Mayaforiqinda dafn etildi, mo‘g‘ullar kirib kelgudek bo‘lsa, xorlamasin degan maqsadda qabri yer bilan tekislab yuborildi.

Jaloliddinning ashaddiy dushmani Damashq hokimi Malik Ashrafga sulton halokati xususida xabar yetkazib, suyunchi so‘raganlarida, u qayg‘uga botib: “Sizlar uning o‘limi bilan meni qutlamoqchimisizlar? Endi siz voqeaning achchig‘ini tatib ko‘rasiz. Alloh nomi bilan qasam ichamanki, uning halokati islom olamiga mo‘g‘ullarning bostirib kirishini anglatadi. Endilikda biz bilan mo‘g‘ullar o‘rtasida devor bo‘lib turgan Xorazmshohdek odam yo‘qdir”, deb javob bergan edi.

Jaloliddin Manguberdi halokati

Ibn Vosil esa uni “mo‘g‘ullar va musulmonlar orasidagi istehkom” deb ta’riflagandi. Jaloliddinning o‘limidan so‘ng uning shonli nomi tez orada xalqlar tilida doston bo‘lib ketdi. “Jaloliddin tirik”, “Jaloliddin qaytib kelyapti” degan ovozalar uzoq vaqtgacha mo‘g‘ullarni tahlikaga solib kelgan.

Jaloliddin Manguberdining o‘limini o‘sha davr muarrixlari tili bilan “Yo‘lbars (Chingizxon nazarda tutilgan) changalidan omon chiqqan arslon chiyabo‘ri qo‘lida jon berdi”, deya ta’riflash mumkin.

Uning o‘limini ko‘pchilik mutaxassislar Arab xalifaligi tugatilishini tezlatgan omil sifatida baholashadi. Ya’ni mo‘g‘ullar va xalifalik o‘rtasida o‘ziga xos muhtasham devor 1231-yili quladi, oradan 27 yil o‘tib, 1258-yili xalifalik poytaxti Bag‘dod mo‘g‘ullar tomonidan egallandi, xalifalik esa tugatildi.

Manbalarda

Men sulton mamlakatidagi qaysi uyda bo‘lmay, qaysi joyda yashamay, hamma yoqda xalq sultonning hayot ekani, qo‘shin yig‘ayotgani, totorlar (mo‘g‘ullar) ustiga yurish boshlashga tayyorlanayotgani haqida gapirayotganini eshitdim. Bu gaplar yolg‘on, u haqdagi umidlar sarob edi. Bular sultonga bo‘lgan muhabbat, e’tiqod, sadoqat tufayli tug‘ilgandi. Men bu gaplarni Mayaforiqinga yetib kelgunga qadar eshitgandim. Bu yerga kelgach, sultonning o‘lganiga ishondim. Xorazmliklar xotirjam bo‘lgan payt totorlar Jaloliddinga qishloqda hujum qilishadi. Uning asir qilib olingan safdoshlari totorlarga qutilib qolganlar orasida sulton ham borligi haqida ma’lumot berishadi. Totorlar uning ketidan ta’qib etish uchun o‘n beshta otliqni yuboradi. Bulardan ikkitasi uning ortidan quvib yetadi. Lekin sulton ularni o‘ldiradi, boshqalari uni tutishdan umidini uzib, orqaga qaytishadi. Shundan so‘ng sulton tog‘ga ko‘tariladi. Tor yo‘llarda esa kurdlar talonchilik maqsadida pistirmalar qurgan edi. Ular sultonni tutib olishadi va xuddi boshqalarni talagani kabi uning ham bor-yo‘g‘ini tortib olishadi. Ular Jaloliddinni o‘ldirmoqchi bo‘lganda, u yo‘lto‘sar bosqinchilarning boshlig‘iga maxfiy ravishda bunday deydi: “Men haqiqatan ham sultonman, taqdirimni hal qilishga shoshma, sen uchun bir qancha imkoniyatlar bor: xohlasang, meni Malik Muzaffar (Jaloliddinning noibi, Mayaforiqin viloyati hokimi) huzuriga olib bor, u seni taqdirlaydi, xohlasang, men bilan qo‘l ostimdagi mam lakatlardan biriga yur, eng badavlat odamlardan biriga aylanasan”.

Manbalarda

Bosqinchilar yo‘lboshchisi uni sulton mamlakatlaridan biriga olib borishga ko‘nadi. Chunki Jaloliddinni uning noibi bo‘lgan Malik Muzaffar huzuriga olib borish qaroqchi uchun xavfli bo‘lib, sultonni o‘ziga qarashli biror viloyatga olib borib, evaziga mukofot olish ma’qulroq edi. Shuning uchun u sultonni urug‘-aymoqlari yashaydigan chodirga olib boradi va xotini yonida qoldiradi (so‘z Mayaforiqin yaqinidagi Ayndor qishlog‘i haqida bormoqda. Ayndor hozirgi Turkiya Respublikasining Ozarbayjon chegarasiga yaqin hududida joylashgan. Sulton Jaloliddin shu qishloqda, 1231-yil avgust oyining o‘rtalarida o‘ldirilgan). O‘zi esa tog‘ga ot olib kelish uchun ketadi.

Manbalarda

Oradan biroz fursat o‘tib, chodirga qo‘lida nayza bilan bir kurd kirib keladi. Niyati buzuq, g‘alamis bu odam ayoldan: “Bu xorazmlik kim? Nega uni o‘ldirishmadi?” deb so‘raydi. Ayol: “Uning kimligini aytishmadi, ammo erim uni sulton deb rahm-shafqat qildi”, deydi. Shunda kurd: “Sizlar uning sultonligiga ishondingizmi? U sulton emas. Hilotda mening bundan yuz chandon yaxshi bo‘lgan ukam o‘lib ketdi. Bu nima bo‘libdi”, deydi va nayzani unga shunday sanchadiki, boshqa nayza sanchishga zarurat qolmaydi.

Jaloliddin Manguberdi

Jaloliddinning ozodlik va mustaqillik uchun kurashi tarixi asrlar davomida sharq xalqlari tillarida doston bo‘ldi. Eron, Turkiya, Misr, Pokiston, Suriya,

Hindiston, Iroq va boshqa davlatlarda uning jasoratli hayot yo‘lini aks ettirgan asarlar nashr etilgani hamda buyuk sarkarda faoliyati xususida Yevropada ham tarixiy adabiyotlar chop etilgani buning dalilidir. 1941-yili, Ikkinchi jahon urushi davrida

Jaloliddin Manguberdining ozodlik yo‘lida

M.Shayxzoda 1944. Jaloliddin Manguberdi drammasi

gi kurashi madh etila boshlandi. Mustaqil lik yillarida, 1999-yil noyabrda Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi keng nishonlandi. Vatani Xorazmda unga mahobatli haykal o‘rnatildi. 2000-yili “Jaloliddin Manguberdi” ordenining ta’sis etilishi esa mohir sarkarda faoliyatining yana bir e’tirofi bo‘ldi.

2022-yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Urganch shahri markazida Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasi ochildi. Prezident buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish, uni xalq, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish zarurligini ta’kidladi. Shunday izlanishlar tufayli Turkiyaning Silvan shahrida uning taxminiy qabri topilgan.

M.Shayxzoda 1944. Jaloliddin Manguberdi drammasi

2022-yil 29-avgust kuni Xorazm viloyatining Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Manbalarda

Chaqmoqdek qisqa umri mobaynida o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan Vatanga cheksiz muhabbat va sadoqat, yuksak harbiy salohiyatni namoyon etib yashagan Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak, arziydi. Ishonaman, oradan yillar, asrlar o‘tadi, sulton Jaloliddin hamisha yurtimizni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash, unga farzandlik mehri, iymon-e’tiqod bilan xizmat qilishning o‘chmas timsoli bo‘lib qoladi.

Tarix saboqlari

Jaloliddin jangovar yurishlarida ishlatgan harbiy hiylalaridan yana biri yengil qurollangan, tez harakat qiluvchi otliq qismlarni, bo‘linmalarni tashkil etish bilan bog‘liq. Ma’lumki, jang-u jadallarda otliq qo‘shinlar og‘ir qurollar bilan qurollangan va turli xil vositalar bilan himoyalangan holda qatnashgan.

Bu ularning tez va yengil harakat qilishiga imkon bermagan. Shu sababli sarkarda yengil qurollangan, tez harakat qiluvchi otliq qo‘shinlarni tashkil etgan. Ular dushman qarshisida kutilmagan holda paydo bo‘lib qolishi, ularni esankiratib qo‘yishi, jiddiy zarba berishi bilan g‘alabaga hissa qo‘shgan.

Sulton Jaloliddinning harbiy taktikasida eng ko‘p qo‘llangan jang usullaridan biri dushman qo‘shini markaziga hujum qilib, uni parokanda qilish, uning o‘rtasiga yorib kirib, qirib tashlashdan iborat bo‘lgan.

Tarix saboqlari

Chunki markazning halokati qo‘shinning mag‘lubiyatiga olib kelgan. Shuning uchun Jaloliddin o‘z qo‘shinining markaziga mard, dovyurak, dushman qo‘shini markaziga yorib kira oladigan askarlarni to‘plagan.

Uning o‘zi hamisha qo‘shin markaziga boshchilik qilgan. Har bir jangda boshqalarga mardlik, qahramonlik borasida o‘rnak ko‘rsatgan. Jaloliddinning oz sonli lashkar bilan dushmanning ko‘p sonli qo‘shini ustidan doimo g‘alaba qilishi sirlaridan biri ham ana shunda bo‘lgan.

Xorazmshohlar davlati Jaloliddin Manguberdi timsolida Yevropa va uning taraqqiyotini mo‘g‘ullar bosqini tufayli yuz beradigan tanazzuldan o‘z joni va qoni evaziga asrab qoldi!

Sergey Tolstov

“Jaloliddin Manguberdi” ordeni

Chingizxon va mo‘g‘ul qo‘shinidan qochib, daryodan o‘tayotgan Jaloliddin Xorazmshoh.

“Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, “Jaloliddin Manguberdi” ordeni bilan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ijodiy jamoalar, harbiy bo‘linmalar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining ma’muriyhududiy birliklari ham taqdirlanishi mumkin. Masalan, 2003-yili Xorazm viloyati Prezident farmoni bilan “Jaloliddin Manguberdi” ordeni bilan mukofotlangan.

O‘rganganlarimizdan xulosa qilamiz

Savollar: 1. Jaloliddin Manguberdi Chingizxonga qarshi ittifoq tuzish maqsadida qaysi hududlarda kurashni davom ettirdi? Xaritadan ko‘rsatib bering. 2. Bag‘dod xalifasining Jaloliddin Manguberdi haqidagi xavotirlari to‘g‘ri va asosli edi deb o‘ylaysizmi? Bu qarorning oqibati xalifalik uchun qanday yakunlandi? 3. Milliy davlatchiligimiz tarixida Jaloliddin Manguberdi shaxsining ahamiyati qanday? 4. Bugungi kunga qadar Jaloliddin Manguberdining xotirasiga atab amalga oshirilgan ishlar haqida infografika tayyorlang. Qo‘shimcha ma’lumotlardan ham foydalaning.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Jaloliddin Manguberdiga “Men senga qarshi bo‘lishni istamayman” mazmunida maktub yo‘llagan Dehli sultoni kim edi?
  1. Shamsuddin Eltutmish
  2. G‘iyosiddin Balban
  3. Alouddin Xalajiy
  4. Nosiriddin Qubacha

To‘g‘ri javob: Shamsuddin Eltutmish. Dehli sultoni Shamsuddin Eltutmish Xorazmshohga shunday maktub yo‘llagan.

Shatra hukmdori ustidan g‘alabadan so‘ng Jaloliddinga qancha otliq va jangchi taslim bo‘ldi?
  1. Ming otliq va ikki ming jangchi
  2. Ming otliq va besh ming jangchi
  3. Besh yuz otliq va ming jangchi
  4. Uch ming otliq va o‘n ming jangchi

To‘g‘ri javob: Ming otliq va besh ming jangchi. Mingta otliq hamda besh mingta yaxshi qurollangan jangchi taslim bo‘lgan.

Jaloliddin Manguberdi Sind daryosidan kechib o‘tgach, Hindistonda uning qo‘shini ko‘payishiga nima turtki bo‘ldi?
  1. Shatra hukmdori ustidan g‘alaba qozonib, uning jangchilarini o‘z tomoniga o‘tkazgani
  2. Dehli sultoni Eltutmishning o‘z qo‘shinini unga yordamga yuborib, ittifoq tuzgani
  3. Hind hukmdorlarining unga qarshi ittifoq tuzib, jangda yengilgani va taslim bo‘lgani
  4. Yazidak pahlavon va Sunqurjiqning o‘z qo‘shini bilan qaytib kelib, unga qo‘shilgani

To‘g‘ri javob: Shatra hukmdori ustidan g‘alaba qozonib, uning jangchilarini o‘z tomoniga o‘tkazgani. Shatra hukmdori ustidan g‘alabadan so‘ng uning jangchilari Jaloliddin tomoniga o‘tdi va tevarak-atrofdagi yangi kuchlar ham unga qo‘shildi.

Shatra viloyati hukmdori bilan bo‘lgan jangda g‘alabadan so‘ng Jaloliddin tomoniga mingta otliq va besh mingta yaxshi qurollangan jangchi o‘tgan. Jami nechta jangchi uning safiga qo‘shilgan?
  1. 5000 ta
  2. 6000 ta
  3. 15000 ta
  4. 4000 ta

To‘g‘ri javob: 6000 ta. 1000 otliq va 5000 qurollangan jangchi qo‘shilganda jami 6000 jangchi bo‘ladi.

Jaloliddin Manguberdi Shimoliy Hindistonda necha yil hukmronlik qildi?
  1. Bir yil
  2. Ikki yil
  3. Uch yil
  4. Besh yil

To‘g‘ri javob: Uch yil. U Shimoliy Hindistonda uch yil hukmronlik qilgan.

Jaloliddin Manguberdining qaysi ikki lashkarboshisi xiyonat qilib, Eltutmish tomoniga o‘tdi?
  1. Sharofulmulk va Malik Muzaffar
  2. G‘iyosiddin Pirshoh va O‘zbek
  3. Taynol no‘yon va Qora Yusuf
  4. Yazidak pahlavon va Sunqurjiq

To‘g‘ri javob: Yazidak pahlavon va Sunqurjiq. Yazidak pahlavon va Sunqurjiq Eltutmish tomoniga o‘tgan.

Jaloliddin Shimoliy Hindistonda davlat barpo qilgach, o‘z hokimiyatining belgisi sifatida nima qildi?
  1. O‘z nomidan kumush va mis tangalar zarb ettirib, soliqlar joriy qildi
  2. Dehli sultonligi nomidan oltin tangalar zarb ettirib, soliqlarni bekor qildi
  3. Mo‘g‘ul xoni nomidan tanga zarb ettirib, xutba o‘qitdi
  4. Xalifa nomidan farmonlar chiqarib, yangi shaharlar qurdi

To‘g‘ri javob: O‘z nomidan kumush va mis tangalar zarb ettirib, soliqlar joriy qildi. Sulton o‘z nomidan tangalar zarb ettirib, soliqlar joriy qilgan.

Jaloliddin Manguberdi Hindistonda kuchaygach, Dehli sultoni Eltutmish bilan boshqa hind hukmdorlarining unga munosabati qanday farq qilgan?
  1. Eltutmish unga qarshi ittifoq tuzmoqchi bo‘lgan, boshqa hukmdorlar esa uni musulmonlar sultoni deb tan olib, unga ixtiyoriy ravishda bo‘ysungan
  2. Ikkalasi ham unga qarshi qurolli yurish uyushtirib, uning qo‘shinini Sind daryosi bo‘yida to‘liq tor-mor etib, Hindistondan haydab chiqargan
  3. Eltutmish unga qarshi bo‘lishni istamasligini bildirgan, boshqa hukmdorlar esa uning kuchayishidan xavfsirab, unga qarshi ittifoq tuzmoqchi bo‘lgan
  4. Eltutmish unga yordam uchun lashkar yuborgan, boshqa hukmdorlar esa betaraf qolib, na ittifoq tuzgan, na qarshilik ko‘rsatgan

To‘g‘ri javob: Eltutmish unga qarshi bo‘lishni istamasligini bildirgan, boshqa hukmdorlar esa uning kuchayishidan xavfsirab, unga qarshi ittifoq tuzmoqchi bo‘lgan. Eltutmish maktubida unga qarshi bo‘lishni istamasligini yozgan, Hindistonning boshqa hukmdorlari esa Xorazmshohning kuchayishidan xavfsirab, unga qarshi ittifoq tuzmoqchi bo‘lgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiJaloliddin ManguberdiKeyingi →Chig‘atoy ulusining tashkil topishi