XotirAI logotipiXotirAI
📜 8-sinf · O‘zbekiston tarixi · 12-mavzu

Amir Temurning davlat chegaralarini mustahkamlashi

Amir Temur va temuriylar davri

BUGUN DARSDA

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Amir Temur davlatiga eng kuchli xavf qaysi davlatdan kelishi mumkin edi? Nima uchun? 2. Amir Temur Oltin O‘rdani o‘z ta’siriga olsa, Buyuk ipak yo‘lining yo‘nalishi qaysi tomonga o‘zgarishi mumkin edi? 3. Nima uchun Amir Temur Saroy Berka orqali o‘tadigan karvon yo‘lini Movarounnahr tomon burib yuborishni ko‘zladi? Bu g‘oya ostida qanday iqtisodiy maqsadlar yotardi? 4. To‘xtamishxon va Amir Temur o‘rtasida nima sababdan ziddiyat kelib chiqdi? 5. To‘xtamishxon Amir Temurga sodiq qolganida, voqealar qanday tus olishi mumkin edi?

Tarix saboqlari

XIV asr oxirlarida vujudga kelgan muayyan xalqaro vaziyat tufayli Amir Temur davlati, Turkiya, Misr va Oltin O‘rda eng qudratli davlatlar sifatida siyosiy maydonga chiqdi. Bu davrda Amir Temurga Mo‘g‘uliston, Oltin O‘rda va Misr bilan ittifoqdagi Usmoniylar qarshi turardilar.

Amir Temur davlati uchun eng kuchli xavf Oq O‘rda va Oltin O‘rda edi. XIV asr 70-yillarida Oq O‘rda hokimlaridan biri bo‘lgan O‘rusxon Jo‘chi ulusini birlashtirib, uni kuchli davlatga aylantirish harakatlarini olib bordi. Agar Jo‘chi ulusi birlashsa, u butun Turon yerlariga yana tahdid solar edi. Shu bois Amir Temur Oltin O‘rdani kuchsizlantirishga jiddiy harakat boshladi. U Oltin O‘rdaning Movarounnahr ga tutashgan sharqiy qismini o‘z ta’siri ostiga olishni ko‘zlagan edi.

Tarix saboqlari

1376-yili O‘rusxon uluslarni birlashtirish uchun chaqirgan qurultoyida o‘ziga qarshi bo‘lgan kishilarni o‘limga mahkum etdi. Ular orasidan To‘xtamishxon o‘z hayoti xavfsizligini o‘ylab, Samarqandga, Amir Temur huzuriga qochib keldi va uning yordami bilan hokimiyatni egalladi. Ammo To‘xtamishxon berilgan yordamni tezda unutdi va 1385-yili Amir Temur davlatiga qarashli Ozarbayjonni egallashga harakat qildi.

Natijada Temur va To‘xtamishxon o‘rtasida bir necha bor jang bo‘lib o‘tdi. To‘xtamishxon chekindi, lekin kuch to‘plab, yana Amir Temurning sarhadlariga raxna soldi.

11 qatorli bitiktosh

1391-yilda Dashti Qipchoqqa otlangan Amir Temur ikki kecha-kunduz yo‘l yurib toliqqan qo‘shinni Ulug‘tog‘ (hozirgi Qozog‘istondagi Qarsaqpay koni yaqinidagi Oltin cho‘ku nomli tog‘) yonbag‘riga hordiq chiqarish uchun tushirdi. O‘zi esa xoslari hamrohligida tog‘ tepasiga chiqib, tevarak-atrofga, yastanib yotgan dashtga nazar tashladi va bu yerda ushbu yurish haqida xotira qoldirishga qaror qildi.

Farmoni oliyga ko‘ra, jangchilar atrofdan xarsang toshlar tashib kelib, belgilangan joyga to‘pladilar. Usta sangtaroshlar ishga tushib, Sohibqironning To‘xtamishxonga qarshi qo‘shin tortib, ushbu mavzega yetgani tarixini toshga bitdilar. Turkiy yozuvda naqsh qilingan xotiraning matni quyidagicha: “Tarix yetti yuz to‘qson uchinda, qo‘y yili yoz (ko‘klam) oyi orasi Turonning sultoni Temurbek uch yuz ming cherik bilan Bulg‘or xoni To‘xtamishxonga qarshi yurdi. Bu yerga yetib, belgi bo‘lsin deb bu tepani qurdi. Tangri nusrat bergay, inshaalloh. Tangri ul kishiga rahmat qilg‘ay, bizni duo bila yod qilg‘ay”.

11 qatorli bitiktosh

Ushbu bitiktosh hozir Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyida saqlanmoqda.

1391-yili Amir Temur mashhur Qunduzcha jangida To‘xtamishxonni mag‘lub etdi.

Terek daryosi bo‘yidagi jang

To‘xtamishxon Misr sultoni bilan Temurga qarshi birgalashib harakat qilishga kelishib oldi. Shu tariqa, Amir Temurga qarshi Misr-Usmoniy-Oltin O‘rda ittifoqi yuzaga keldi. To‘xtamish tez orada Litva knyazligi ustidan ham nazorat o‘rnatib, Amir Temurga qarshi kelgusi kurashlarda ularning kuchidan ham foydalanishni rejalashtirdi.

Amir Temur Shimoliy Kavkazdagi Darband yo‘lida To‘xtamishxon bilan o‘zaro nizolarni tinchlik yo‘li bilan hal qilishga harakat qildi, lekin uning bu harakati kutilgan natijani bermadi.

1395-yil aprelda To‘xtamishxon Shimoliy Kavkazdagi Terek daryosi bo‘yidagi katta maydonga 400 ming atrofidagi qo‘shinini olib bordi. Biroq Amir Temurning harbiy mahorati sabab To‘xtamishxon Bulg‘or tomonga qoch di. Amir Temur Oltin O‘rdaga oxirigacha zarba berish maqsadida Volga va Dnepr oralig‘idagi yerlarga yurish qildi.

Terek daryosi bo‘yidagi jang

Amir Temur Dnepr daryosining chap qirg‘og‘i bo‘ylab yurib, Azov daryosi bo‘yidagi muhim qo‘rg‘on – Azov (Azoq)ni egalladi. Shundan so‘ng Rus davlati tomon yurish qilib, Ryazan, Yelets va Markaziy Rossiya hududidagi boshqa yerlarga kirib bordi. Oltin O‘rda Amir Temur qo‘shinlari tomonidan egallandi. Keyinchalik cherkaslar yurti, Dog‘iston va Kaspiy bo‘yidagi Ashtarxon shahri ham qo‘lga kiritildi.

To‘xtamishxon qo‘shinining Terek daryosi bo‘yida tor-mor etilishi, poytaxt Saroy Berkaning egallanishi Oltin O‘rdaga kuchli zarba bo‘ldi. Natijada xalqaro savdo yo‘llari yana janubga, an’anaviy o‘zanlariga qaytarildi.

Grekov va Yakubovskiy

Savollar: 1. Terek daryosi bo‘yidagi jang natijasi Rus yerlari uchun qanday ahamiyat kasb etdi? 2. Oltin O‘rdaning yengilishi Turon iqtisodi rivojlanishi uchun qaysi yo‘llarni ochib berdi? 3. Terek daryosi bo‘yidagi jangda Amir Temur qanday hiyla ishlatadi? Bu voqeani Klavixo qanday yoritadi? Bu tadbirdan siz qanday xulosa qildingiz? 4. Amir Temurning qo‘shinida ayollar ham bo‘lganmi?

Manbalarda

Jangdan oldin Temur To‘xtamishxonning hirovuli (qo‘shinning oldingi qismi)ni yanchib, Sunji daryosini jang bilan kechib o‘tadi. Ertasi kuni qulay nuqta qidirgan Sohibqiron Terekning o‘ng sohili bo‘ylab yura boshlaydi.

Daryoning so‘l qismida bo‘lgan To‘xtamishxon o‘z raqibining daryodan o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qorovul ajratadi va bu soqchi qism daryoning chap qirg‘og‘i yoqalab movarounnahrliklarni tinimsiz kuzatib boradi. Ikkala qo‘shin uch kun davomida shu alpozda asta-sekin harakat qilib boradi.

Uchinchi kuni Amir Temur lashkargohda bo‘lgan ayollarga dubulg‘alar kiyishni va jangchilar o‘rnini egallashni, erkaklarga esa ikkitadan ot olib, lashkargohni tezda tark etishni amr qiladi. Qarorgohda erlar shakliga kirgan ayollardan o‘zga kuch qolmaydi. Bu harbiy hiyla o‘z navbatida katta tavakkalchilik ham edi.

Manbalarda

Erkaklar qiyofasidagi “jangchilar”ni kuzatishda davom etgan To‘xtamishxon qismlari Amir Temur va uning asosiy qo‘shini kechuv joyiga qaytganidan bexabar qoladi. Shu tariqa, tunda Amir Temur qo‘shini To‘xtamishxon soqchi guruhining ko‘zini shamg‘alat qilib, Terek daryosidan kechib o‘tishga muyassar bo‘ladi va Oltin O‘rda qo‘shinlarining ort tomonidan yetib keladi.

Dehlining egallanishi

Amir Temurning Hindistonga yurishi 1398–1399-yillarga to‘g‘ri keladi. 1398-yilning may oyida Amir Temur 92 ming askar bilan Amudaryodan o‘tib, Hindistonga yurish qildi. Kobul va Mo‘ltonni egalladi. So‘ng Hind daryosidan o‘tdi. Dehli sultoni Sulton Mahmudxon bilan jang 1398-yil dekabrda yuz berdi.

Hindlar o‘n ming otliq, qirq ming piyoda va 120 fil bilan jangga kirdi. Har ikki filning orasida to‘p va to‘pchi turardi. Fillarga sovut ham kiydirilgan edi. Amir Temur lashkar o‘rdusining old tarafiga qamish va yog‘ochdan bir qo‘rg‘on yasattirdi. So‘ng lashkar atrofiga xandaq qazdirib, xandaqning chekkasiga Hindiston ho‘kizlaridan zich qilib bog‘latib qo‘ydi.

Dehlining egallanishi

Fillarga qarshi ko‘plab temir tikanlar yasaldi. To‘plar jihozlab qo‘yildi. Jang uzoq cho‘zilmadi. Dushman movarounnahrliklarning hujumi va siquviga bardosh berolmay, sochilib ketdi. Jangda o‘n olti yashar shahzoda Xalil Sulton qahramonlik ko‘rsatdi, u “fillardin bir filni haydovchisini nest-u nobud qilib, oldiga solib, haydab, Sohibqiron qoshiga kelturdi”. Dehli sultoni Sulton Mahmudxon to‘la mag‘lubiyatga uchrab, qochdi. Sohibqiron o‘n bir oy davom etgan Hindiston yurishidan 1399-yil bahorida qaytdi. Yurish natijasida turli xil ayirmachi harakatlarga, nizo va parokandalikka chek qo‘yildi.

Manbalarda

Amir Temur Hindiston yurishi paytida “Agar Samarqandga salomat qaytib borsam, bir jome masjidi qurdiraman” deb niyat qilib qo‘ygan edi. Shuning uchun Samarqandga keliboq masjid qurishni buyurdi.

1399-yil mayida Fors, Ozarbayjon va Hindistondan keltirilgan ikki yuz toshtarosh usta ishni boshlab yubordi. Besh yuz kishi tosh kesish uchun tog‘ga yuborilgan edi. Tog‘dan tosh keltirish uchun Hindistondan olib kelingan to‘qson beshta fildan foydalanildi. Mamlakat dagi barcha me’mor va hunarmandlar shu ish bilan mashg‘ul edi.

Sohibqiron Samarqandda bo‘lgan kezlari har kuni kelib, masjid qurilishini nazorat qilgan. Ali Yazdiyning yozishicha, “Masjidi jum’ada to‘rt yuz sakson ustun toshdin yasab, har birining uzunlig‘i yetti qari (3,5 metr) erdi, qo‘yub yasadilar. Va saqfini (shiftini) toshdin yasadilar. Masjid tugagandin so‘ng Dilkusho bog‘ig‘a borib, to‘ylar berdi. Ustakorlarg‘a to‘nlar kiydurub, otlar mindurdi”.

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Faraz qiling, siz lashkarboshisiz. Qarshi tomon maxsus o‘rgatilgan fillarni jangga kiritdi. Fillarning har ikkala tish suyaklariga maxsus qilichlar kiydirilgan bo‘lib, ular bu qilichni suqishga o‘rgatilgan. Filning ustiga kungurali taxt o‘rnatilgan, unda besh-oltita kamonchi o‘tirardi. Shunday holatda nimalarga e’tibor berardingiz? 2. Jangda yengish uchun qanday tadbir qo‘llagan bo‘lardingiz? Nima uchun? 3. Davr va sharoitni hisobga olib, jang taktikasini ishlab chiqing. 4. O‘z taktikangizni Amir Temur taktikasi bilan taqqoslang.

Anqara jangining sabablari

1389-yilda Usmoniylar imperiyasi sultoni Murod I Kosovo shahrida serblarga qarshi jang vaqtida halok bo‘ldi. Jang maydonining o‘zida taxtni sultonning 19 yoshli o‘g‘li Boyazid egalladi va serblarga qarshi jangni davom ettirdi. Boyazid yosh bo‘lishiga qaramay, tez orada ko‘plab harbiy yurishlarda zafar quchdi.

Boyazid Dunaybo‘yi davlatlarini o‘ziga bo‘ysundirib, Makedoniya, Fessaliyani bosib oldi va Gretsiyaga bostirib kirdi. U 1396-yili Nikopol yaqinida Vengriya qiroli Siguzmund boshchiligidagi, Yevropaning turli davlatlaridan yig‘ilgan otliq qo‘shinni tor-mor etib, Vizantiya imperiyasining poy taxti Konstantinopol shahrini qamal qildi. Urushlarda tezkorlik bilan g‘alaba qozongani uchun Boyazidga “Yildirim” – chaqmoq laqabi berilgan.

Anqara jangining sabablari

1400-yilga kelib Amir Temurning turk sultoni Boyazid Yildirim va Misr sultoni Faraj bilan munosabatlari keskinlashdi. Yaqin va O‘rta Sharqda ikkala qudratli davlat yakka hukmronlikka da’vogar edi.

Turkmanlarning Qoraqo‘yunli sulolasi hukmdori Qora Yusuf, Sulton Ahmad jaloyir ham Boyazid bilan ittifoq bo‘lib, Amir Temur davlati chegaralariga xavf solishar edi. Amir Temur Suriya masalasida muammoni tinchlik yo‘li bilan hal etish maqsadida 1393-yildayoq Misrdagi mamluklar sultoni Barquqqa o‘z elchilarini jo‘natgan edi. Lekin sulton elchilarni o‘limga mahkum etdi. Qora Yusuf esa Temur elchisini qo‘lga olib, Misrga jo‘natib yubordi va u zindonga tashlandi.

Anqara jangining sabablari

Barquq vafotidan keyin uning o‘g‘li Faraj ham otasining siyosatini davom ettirdi. Temurning navbatdagi elchisi ham hibsga olindi. Bu esa Misr bilan urush boshlanishini bildirar edi. 1400-yil kuz oylarida Amir Temur Suriyaning ko‘plab muhim qal’a va shaharlarini, jumladan, Halabni ham katta qiyinchiliksiz egalladi.

Manbalarda

Biron mamlakatda jabr-zulm, fisq-fasod kuchayib ketarkan, asl podsholar zulm va fisq-fasodni yo‘qotish va adolat o‘rnatish uchun o‘sha mamlakatga... borishlari lozim.

Anqara jangi

1400-yil dekabrda Amir Temur qo‘shini Damashq ostonasiga yaqinlashganida Sohibqiron masalani tinchlik yo‘li bilan hal etish maqsadida Faraj huzuriga yana bir elchilar guruhini jo‘natdi. Amir Temur sultonga yo‘llagan maktubida elchilarni hibsdan ozod qilish, Temur nomini xutbada o‘qitish, uning nomidan tangalar zarb etish talablarini qo‘yib, o‘rtada tinchlik o‘rnatish zaruriyatini ta’kidladi. Lekin Faraj yana xiyonatkorona yo‘l tutib, Amir Temur qo‘shiniga hujum uyushtirdi. O‘zaro jangdan so‘ng Faraj qochib ketdi.

Misr bilan ittifoqchi bo‘lgan Usmoniylar davlati sultoni Boyazid Yildirim (1389–1402) bilan o‘zaro nizoli masalalarni hal etish borasida Amir Temur u bilan to‘rt marta maktub almashdi, lekin natija kutilgandek bo‘lmadi.

Anqara jangi

Oxir-oqibat 1402-yilning 20-iyul kuni Anqara yaqinidagi tekislikda jang bo‘ldi. Amir Temur qo‘llagan chalg‘itish usuli urush taqdirini hal qildi. Boyazidga xavf solish uchun Temurning nabirasi Muhammad Sultonga turklarning strategik ahamiyatga ega tepaligini zabt etish vazifasi yuklandi. Sohibqiron qo‘shini Boyazid qo‘shinining qanot qismini uzib, turklar qo‘shinining har ikkala qanotini qurshab oldi.

Boyazid qo‘shinining ma’lum bir qismi siyosiy muzokaralar orqali Amir Temur tomoniga o‘tib ketdi. Kechga borib Boyazid to‘la mag‘lubiyatga uchradi va asirga olindi.

Amir Temur o‘z huzuriga keltirilgan Boyazidning oyoq-qo‘llaridagi kishanlarini bo‘shattirib, unga yaxshi muomala qildi. Uni hurmatlab, ehson va in’omlar bilan siyladi. Boyazid vafot etgach (1403-yil 9-mart), uning ta’ziyasini o‘tkazib, saltanat taxtini marhum sultonning o‘g‘li Musoga topshirdi. Amir Temur uzoqni ko‘ra biluvchi siyosatchi sifatida Usmoniylar davlatini o‘z davlatidan kuchsiz, lekin Yevropa davlatlaridan ko‘ra qudratliroq holatda qoldirdi. Bu Yevropa dunyosi bilan Temur davlati o‘rtasidagi ulkan devor edi.

Anqara jangi

Temur ilgarigi asrlarda yevropaliklarning Yaqin Sharqqa uyushtirgan salib yurishlaridan xulosa qilib, Usmoniylar davlatini o‘ziga xos himoya devori sifatida saqlab qoldi. Usmoniylar mag‘lubiyati Yevropa xalqlari uchun ijobiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Qator yevropalik hukmdorlar bundan minnatdor bo‘lib, o‘z elchilarini Amir Temur huzuriga jo‘natdilar. Aslida yevropalik elchilar Amir Temurga Anqara jangidan avval ham harbiy ittifoq tuzishni taklif qilgan. Yevropaning Vizantiya, Italiya, Ispaniya va boshqa davlatlaridan usmoniylarga qarshi kurashda yordam so‘rab Amir Temur saroyiga elchilar serqatnov bo‘lib qolgan edi. Bularning barchasi Amir Temur va Boyazidning, ya’ni ikki qudratli turkiy davlatlarning to‘qnashuvini yanada tezlashtirdi, bu esa o‘z navbatida Yevropaga qo‘l keldi.

Anqara jangi

Anqara jangi

Manbalarda

...Yildirim Boyazidni dargohi olampanohga kelturdilar. Sohibqiron farmonladikim, “Ilkini yechib, hurmat bila keltursunlar!” Bas, ani hazrat qoshida izzat bila kelturib, hazrat ani ko‘rib, ko‘p izzat tutib, o‘z qoshida o‘lturguzdi... Yildirim Boyazid uchun podshohona oq uy tikib edilar. Sohibqiron Yildirim Boyazidga inoyat va shavkatlar qilib, har anga o‘z qoshida kelturub, suhbat tutib, ko‘ngul berur edi.

Xitoy bilan munosabatlar

Sharqning eng katta davlatlaridan biri – Xitoy bilan munosabatlar Amir Temur davrida bir qadar jiddiylashib qolgan edi. Bunga Xitoy hukmdorlarining ulug‘ davlatchilik siyosati sabab bo‘lgandi. Min imperatorlari Xitoyga qo‘shni bo‘lgan mamlakatlarni qaram mamlakatlar deb hisoblardi. Amir Temurning elchilari va savdogarlari olib borgan sovg‘a-salomlarni esa o‘lpon deb sanardi. Temur ham Xitoy elchilari bilan shunga yarasha munosabatda bo‘ldi. Klavixoning ma’lumotlariga qaraganda, 1404-yilda Samarqandga kelgan Xitoy imperatorining elchilari boshqa mamlakat elchilaridan yuqoriga o‘tqazib qo‘yilgan ekan. Amir Temur buyrug‘iga ko‘ra, ular ham boshqa mamlakat elchilari qatoridan o‘ziga yarasha joyga, quyiroqqa o‘tqaziladi.

Xitoy bilan munosabatlar

Xitoy imperatori o‘z elchilarini yuborib, Amir Temurdan doimiy boj to‘lab turishni ham talab qilgan. Shu bois Amir Temur uch oylik tayyorgarlikdan so‘ng 1404-yil 27-noyabrda 200 ming kishilik qo‘shini bilan Xitoyga otlandi. O‘sha yili O‘rta Osiyo tarixida eng qahraton qishlardan biri bo‘lgan. Sirdaryoning suvi bir yarim metrgacha muzlagan, askarlardan ko‘pining quloq-burunlari, qo‘l-oyoqlarini sovuq olgan edi. Amir Temurning o‘zi ham ko‘p o‘tmay shamollab qoldi. Yanvar oyida uning huzuriga qattiq pushaymonligini bildirib, toj-u taxtini qaytarib berishni so‘rab To‘xtamishxon elchilari keldi. Elchilar Sohibqirondan xonning uzrini qabul qilishni so‘rashdi.

Xitoy bilan munosabatlar

Amir Temur xonni kechirdi va yurishdan so‘ng unga yordam berish qarorini ma’lum qildi.

1405-yil fevral oyining o‘rtalarida qo‘shin O‘trorda to‘xtadi. 11-fevral kuni Sohibqironning ahvoli ancha og‘irlashdi. Mohir tabib Mavlono Fayzulloh Tabriziyning muolajalari ham natija bermadi. 18-fevral kuni og‘ir xastalangan buyuk jahongir, Sohibqiron Amir Temur O‘trorda vafot etdi.

Rassom Alisher Aliqulov

Amir Temur 35 yil davomida harbiy yurishlar qildi. Sohibqiron Amir Temur ibn Tarag‘oy Bahodir asos solgan yirik va qudratli saltanat dastlab Movarounnahr va Xorazmda vujudga kelgan. Uning 1380–1402-yillardagi harbiy yurishlari natijasida mamlakat chegaralari Eron, Iroq, Oltin O‘rda, Usmoniylar davlati, Ozarbayjon va Hindistonning shimoliy qismigacha yoyildi. U barcha turkiy qavmlarni yagona saltanatga birlashtirishni orzu qilgan edi.

Amir Temur kuchli va markazlashgan davlat, ulkan saltanat barpo etishga muvaffaq bo‘ldi. U ona yurti Movarounnahrda mo‘g‘ul istibdodini tugatdi, o‘zaro parokandalik, nizo va fitnalarga chek qo‘ydi, mamlakatni tanglik va inqiroz botqog‘idan olib chiqdi, obodonchilik, qurilish, bunyodkorlik ishlariga keng yo‘l ochdi, madaniyat, ilm-fan taraqqiy etishiga homiylik qildi, keng xalq ommasi uchun tinch va totuv hayot tarzini yaratdi. Yuqorida qayd etilgan sa’y-harakatlar Amir Temurning aql-zakovati, zehni, irodasi va ulkan tashkilotchilik qobiliyati evaziga yuzaga kelib, uni Sohibqiron o‘z davlati ravnaqi va istiqboli yo‘lida amalga oshirdi.

Rassom Alisher Aliqulov

1403-yil mart oyida Temurning valiahd nabirasi Muhammad Sulton Qorabog‘da vafot etgan. Uning jasadi Samarqandga olib kelinib, Amir Temur maqbarasiga (keyinchalik Go‘ri Amir nomi bilan mashhur bo‘lgan) dafn etiladi.

Manbalarda

Sohibqironning ayrim fazilatlari, masalan, o‘z ishlaridan mag‘rurlanishiga qaramay, muomalada o‘ta oddiyligi, dunyoning yarmini titratgan amir bo‘la turib, bir dindor zotning oyoq tomoniga qo‘yishlarini vasiyat qilishi, sharob ichishni man qilgan holda ajoyib majlislarni tashkil qilishi, aqalli qoshini ham chimirib qo‘ymay, qirg‘inbarot urushlar qila turib, odamlarni adolatga undashi, suhbatlarda urush dahshatlarini eslashni yoqtirmasligi, ko‘p binolarni vayron qilgani holda ma’muriy qurilishlarga bosh-qosh bo‘lishi, ozgina fursatni ham qo‘ldan boy bermay ilmiy munozaralar uyushtirishi, … eng dahshatli jazo ko‘rilayotganda ham gunohkorni, agar nohaqlik bo‘lsa, afv etishdek oliyjanob fazilatni namoyish qilishi va kutilmaganda har qanday mantiqiy xulosani ham chippakka chiqaruvchi xatti-harakatlari Temur shaxsining o‘ta murakkab va buyukligini ko‘rsatadi. Temur o‘ziga teng keladiganlardan Doro, Iskandar, Sezar, Chingizxon, Bonapart kabi o‘tgan zamonning eng ulug‘ hukmdorlari qatorida turadi.

O‘rganganlarimizdan xulosa qilamiz

1. Amir Temur egallagan shaharlariga qanday talablar qo‘yishini mulohaza qiling. 2. Terek daryosi bo‘yidagi jang va Anqara jangi tafsilotlarini so‘zlab bering. Amir Temur va To‘xtamishxon munosabatlariga baho bering. 3. Yozuvsiz xaritadagi belgilarni izohlang. Har bir belgini sanalar bilan daftaringizga yozing. Ranglar qaysi hududlarni anglatadi, izoh bering.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

XIV asr 70-yillarida Jo‘chi ulusini birlashtirib, kuchli davlatga aylantirishga urinib, Amir Temur davlati uchun xavf tug‘dirgan Oq O‘rda hokimi kim edi?
  1. O‘rusxon
  2. To‘xtamishxon
  3. Qora Yusuf
  4. Boyazid

To‘g‘ri javob: O‘rusxon. O‘rusxon Jo‘chi ulusini birlashtirishga harakat qilgan, bu esa Turonga tahdid solishi mumkin edi.

Amir Temur XIV asr 70-yillaridan boshlab Oltin O‘rdani kuchsizlantirishga jiddiy kirishishining asosiy sababi nima edi?
  1. Oltin O‘rda Hindiston savdo yo‘llarini to‘liq o‘z nazoratiga olib, Samarqandga bojlar joriy qilgan edi
  2. O‘rusxon Jo‘chi ulusini birlashtirsa, bu kuchli davlat butun Turon yerlariga yana tahdid solishi mumkin edi
  3. Oltin O‘rda hukmdorlari Samarqandda hokimiyatni egallashga rasman da’vo qilgan edi
  4. Oq O‘rda Misr bilan birgalikda Turkiyaga hujum rejasini tuzgan edi

To‘g‘ri javob: O‘rusxon Jo‘chi ulusini birlashtirsa, bu kuchli davlat butun Turon yerlariga yana tahdid solishi mumkin edi. Jo‘chi ulusining birlashishi butun Turonga tahdid solishi mumkin bo‘lgani uchun Temur Oltin O‘rdani kuchsizlantirishga kirishdi.

O‘rusxon uluslarni birlashtirish uchun chaqirgan qurultoyda o‘ziga qarshi kishilarni o‘limga mahkum etgan yil qaysi?
  1. 1376-yil
  2. 1370-yil
  3. 1373-yil
  4. 1380-yil

To‘g‘ri javob: 1376-yil. 1376-yili O‘rusxon qurultoyda muxoliflarini o‘limga mahkum etdi, To‘xtamish esa Samarqandga qochdi.

To‘xtamishxon Amir Temur davlatiga qarashli Ozarbayjonni egallashga qaysi yili harakat qilgan?
  1. 1389-yili
  2. 1380-yili
  3. 1385-yili
  4. 1383-yili

To‘g‘ri javob: 1385-yili. To‘xtamishxon yordamni unutib, 1385-yili Ozarbayjonni egallashga harakat qildi.

O‘rusxon uluslarni birlashtirish uchun chaqirgan qurultoyi qaysi yilda bo‘lgan?
  1. 1385-yilda
  2. 1376-yilda
  3. 1391-yilda
  4. 1395-yilda

To‘g‘ri javob: 1376-yilda. O‘rusxon 1376-yili chaqirgan qurultoyida o‘ziga qarshi kishilarni o‘limga mahkum etgan.

O‘rusxon qurultoyidan so‘ng hayotidan xavotirlanib, Samarqandga Amir Temur huzuriga qochib kelgan shaxs kim?
  1. Mironshoh Mirzo
  2. Qora Yusufxon
  3. To‘xtamishxon
  4. Sulton Mahmud

To‘g‘ri javob: To‘xtamishxon. To‘xtamishxon Temur yordamida hokimiyatni egallagan.

To‘xtamishxon Amir Temur davlatiga qarashli Ozarbayjonni qaysi yilda egallashga harakat qildi?
  1. 1376-yilda
  2. 1391-yilda
  3. 1395-yilda
  4. 1385-yilda

To‘g‘ri javob: 1385-yilda. U Temur bergan yordamni unutib, 1385-yili Ozarbayjonga hujum qildi.

To‘xtamishxon o‘z hayotini saqlab qolish uchun Samarqandga, Amir Temur huzuriga qochib kelgan yildan to u Temurga qarashli Ozarbayjonni egallashga uringan yilgacha necha yil o‘tgan?
  1. 7 yil
  2. 11 yil
  3. 9 yil
  4. 15 yil

To‘g‘ri javob: 9 yil. To‘xtamish 1376-yili qochib kelgan, 1385-yili Ozarbayjonni egallashga harakat qilgan; farq 9 yil.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiAmir Temur markazlashgan davlat tuzish yo‘lidaKeyingi →Amir Temurning tashqi siyosati