XotirAI logotipiXotirAI
📜 8-sinf · O‘zbekiston tarixi · 21-mavzu

Amir Temur va temuriylar davrida iqtisodiy munosabatlar

Amir Temur va temuriylar davri

BUGUN DARSDA

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi uchun qanday siyosat zarur? 2. Soliqlarning davlat rivojiga qanday ta’siri bor deb o‘ylaysiz? 3. Soliqlarsiz ham davlatni rivojlantirish mumkinmi? Nima uchun? 4. Pul munosabatlarini shakllantirish uchun davlatning iqtisodiy-siyosiy mavqeyi qanday rol o‘ynaydi?

Soliq siyosati

Amir Temur soliq siyosatini mamlakat boshqaruvi va rivojining asosiy yo‘nalishi deb belgilagan.

Bu davrda yerdan olinadigan soliqning asosiy turi xiroj hisoblangan. Bu soliq mahsulot yoki pul bilan olingan.

Bu davrda soliqlarni hisoblash qoidalari ham ishlab chiqilgan. Xirojekindan olingan hosilga va yerning unumdorligiga qarab yig‘ilgan. Uzluksiz ravishda koriz, buloq va daryo suvi bilan sug‘oriladigan ekin yerlaridan olinadigan hosilning ikki hissasi egasiga qolgan, bir hissasi oliy saltanat xazinasi uchun olingan.

Lalmikor yerlardan soliq olishda uchdan bir va to‘rtdan bir qoidasiga amal qilingan.

Tamg‘a – savdo boji, savdogarlardan olinadigan soliq. Fulus – misdan yasalgan mayda chaqa pul.

Manbalarda

Amr etdimki, raiyatdan mol-xiroj yig‘ishda ularni og‘ir ahvolga solib qo‘yishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan saqlanish kerak. Negaki, raiyatni xonavayron qilish (davlat) xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa sipohning tarqalib ketishiga sabab bo‘ladi. Sipohning tarqoqligi o‘z navbatida saltanatning kuchsizlanishiga olib keladi.

“Temur tuzuklari”dan

Amir Temur yuritgan soliq siyosati o‘z davriga nisbatan soliqqa tortishning eng ilg‘or g‘oyalarini ifodalay olgan.

Amir Temur o‘zining “Rosti rusti” shiorining mohiyatiga mos keladigan va soliq to‘lovchilar manfaatini himoya qilishga qaratilgan adolatli, ibratga loyiq soliq tizimini yaratdi va uning joriy qilinishini izchil nazorat qildi.

Soliqlarning davlatni mustahkamlashdagi ahamiyati hisobga olinishi bilan birgalikda soliq to‘lashga layoqatli soliq to‘lovchilar bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilgan.

Hosil to‘la pishib yetilmasidan soliq to‘plash qat’iyan man etilgan. Soliqlar hokimiyat tomonidan belgilab qo‘yilgan uch muddatda: saraton (iyun – iyul), sumbula-mezon (avgust – sentyabr) va qavs (noyabr) oylarida to‘planar edi.

“Temur tuzuklari”dan

Soliqlardan tashqari ziroatkor aholi hukmdor va uning ma’murlari, suyurg‘ol egalari va tarxonlar, shuningdek, yirik mulkdorlar foydasiga muayyan muddat tekin ishlab berardilar. Harbiy yurishlar davrida mag‘lub etilgan aholidan sari shumor (jizya) solig‘i olingan.

Davlat xavf ostida qolib, harbiy safarbarlik e’lon qilingan paytlarda favqulodda soliq – avorizot yig‘ib olingan. Mamlakat hududidan chopar yoki elchilar o‘tayotganda, zarurat tug‘ilganda, aholi ularga ot-ulov topib berishi lozim bo‘lgan.

Amir Temurgacha xazinani idora qilish faqat dargoh tamoyiliga asoslangan bo‘lsa, u dargoh va vazirlik tamoyillarini qo‘shib olib bordi. Xazina daromadlari soliqli va soliqsiz daromadlarga ajratildi.

“Temur tuzuklari”dan

Xazina xarajatlari tarkibida obodonchilik, ijtimoiy-madaniy, shu jumladan, fan, madaniyat, ijtimoiy ta’minot xarajatlarining hissasi ortib bordi. Bularning hammasi mamlakatning iqtisodiy va madaniy jihatdan mustahkamlanishiga, uning xalqaro mavqeyi oshishiga ijobiy ta’sir etdi.

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. “Temur tuzuklari”dan olingan quyidagi parchani diqqat bilan o‘qing va Temurning soliq siyosati nimaga yo‘naltirilganini ayting. 2. Parchani “Rosti rusti” shiorining mohiyati bilan bog‘lab tushuntiring. 3. Xarob bo‘lgan yerlarni obod qilish uchun qanday tadbirlar amalga oshirilgan? Bu tadbirlarning soliq siyosati bilan qanday aloqasi bor?

Manbalarda

Yana buyurdimki, agar yer va elning amaldorlari va kalontorlari (kattalari) oddiy fuqaroga jabr-zulm qilsa va shu orqali bechoralarga zarar yetkazgan bo‘lsa, bunday vaqtlarda yetkazilgan zararni kalontorlardan undirib, jabr ko‘rganlarga bersinlar, toki ular yana o‘z hollariga kelsinlar.

Xarob bo‘lib yotgan yerlar egasiz bo‘lsa, xolisa tarafidan obod qilinsin. Agar egasi bo‘lsa-yu, lekin obod qilishga qurbi yetmasa, unga turli asboblar va kerakli narsalar bersinlar, toki o‘z yerini obod qilib olsin.

“Temur tuzuklari”dan

Xolisa – 1) davlat daromadlari va yerlari bilan shug‘ullanuvchi oliy mansabdorlardan iborat hay’at; 2) soliqlardan ozod davlat yerlari.

Pul muomalasi

Amir Temurning pul siyosati alohida e’tiborga loyiq. Tangalar asosan ikkita qiymat ko‘rinishida zarb qilingan: “tanga” deb nomlangan, og‘irligi 6 grammga teng va uning to‘rtdan bir qismi – 1,5 grammga teng bo‘lgan, “miri” deb nomlangan mayda kumush tangalar. Iste’mol tovarlari savdosida yuqorida qayd etilgan ikkita nominalga qo‘shimcha ravishda mayda chakana savdo uchun mis tangalar ishlatilgan. Amir Temur nomi bilan zarb qilingan tangalardagi gerb uchta kichik halqadan iborat bo‘lgan.

Amir Temur davri tangalari shakli go‘zalligi va ajoyib dizayni bilan ajralib turadi, bu esa Movarounnahr va Xuroson zarbxonalaridagi ustalarning yuqori darajadagi sanoat madaniyati va san’atidan dalolat beradi.

Pul muomalasi

Ulug‘bek 1428-yilda muomaladagi fulusiy pullar islohotini amalga oshirdi. Ulug‘bek yengil vaznda zarb etilgan va muomalada yurgan chaqa pullardan foydalanishni man etdi.

Eski chaqalarni yangisiga almashtirib, ichki savdoning fulusiy pullarga bo‘lgan talabini qondirish uchun bir vaqtning o‘zida u Buxoro, Samarqand, Qarshi, Termiz, Toshkent, Shohruxiya va Andijon shaharlarida zarbxonalar tashkil etib, bir xil vazndagi salmoqdor fuluslar zarb ettirdi va muomalaga chiqardi.

Bu pullar xalq o‘rtasida “fulusi adliya”, ya’ni “adolatli chaqa” nomi bilan shuhrat topgan. Yangi fuluslar ichki chakana savdo uchun keng yo‘l ochdi.

Pul muomalasi

Ulug‘bek tashqi savdodan davlat xazinasiga tushadigan daromadni ko‘paytirish maqsadida tamg‘a solig‘ini birmuncha oshirdi.

Ulug‘bek zamonida mamlakatda ichki va tashqi savdoning kengayishi hunarmandchilik mahsulotlarining hajmini oshirib, kasb-hunar tarmoqlarining rivojida asosiy omillardan biriga aylandi.

“Miri” atamasi, shubhasiz, Temurning “Amir” unvonidan kelib chiqqan.

Manbalarda

* O‘ta ziyrak, dono, tadbirkor, oqila Saroymulkxonim o‘z maslahatlari bilan davlat boshqaruvida ham ishtirok etgan, Amir Temur Saroymulkxonimning dono maslahatlariga ehtiyoj sezgan.

Sohibqiron Eronga qarshi yurish boshlaganda Isfahon qamali cho‘zilib, qo‘shinni ozuqa bilan ta’minlashga mablag‘ yetishmay qoladi. Amir Temur Samarqandga chopar jo‘natadi. Maktub qisqa bo‘lib, “Qo‘shinning zaxirasi tugadi, zar yuboring”, deyilgandi. Bunga javoban Saroymulkxonim maktubning orqa tomoniga “Ulug‘ amir, zaringiz tugagan bo‘lsa, siyosatingiz ham tugadimi?” deb yozadi va choparga tutqazadi.

Amir Temur maktubni olgach, Saroymulkxonimning kinoyali so‘zlarini o‘ylab-o‘ylab, bir qarorga keladi: lashkargohda so‘yib yeyilgan qo‘y, qora mol, ot, tuya suyaklarini o‘sha kuniyoq yig‘dirib, katta-kichik turli hajmlarda qirqtirib, qizdirilgan po‘latdan muhr bostirib, muvaqqat pul o‘rnida muomalaga kiritishga farmon beradi.

Manbalarda

Natijada qo‘shni qishloq va shaharlarda suyak pullarga oziq-ovqat sotib olinadi. Qamal tugagandan so‘ng suyak pullar tanga pullarga almashtirib beriladi.

O‘ylab ko‘ring

Bibixonim (Saroymulkxonim)

Amir Temur huzurida

Savollar: 1. Saroymulkxonim Amir Temur maktubiga “Ulug‘ amir, zaringiz tugagan bo‘lsa, siyosatingiz ham tugadimi?” deb javob yozganida nimani nazarda tutgan? 2. Nima uchun Saroymulkxonim Amir Temurning topshirig‘ini bajarmay, xat bilan javob bergan? 3. Saroymulkxonimning tadbiri qanday voqealarning oldini olgan?

Yer egaligi

XV asr davomida Movarounnahr va Xurosonda avvalgidek yer mulkchiligi asosan to‘rt shaklda: mulki devoniy – davlat yerlari, mulk – xususiy yerlar, mulki vaqf – madrasa va masjidlar tasarrufidagi yerlar va jamoa yerlari bo‘lgan.

Dehqonchilik yerlarining eng katta qismi davlat mulki hisoblangan. Bu yerlarga avvalgidek mamlakat hukmdori sulton yoki amirlar egalik qilgan. Temuriylar davrida davlat yerlarini suyurg‘ol tarzida in’om qilish ham keng tarqalgan.

Suyurg‘ol yerlar hajmi, sharti hamda yer va yorliqqa ega shaxslarning tabaqasi jihatidan turlicha bo‘lgan. Odatda shahar yoki viloyatlardan to alohida qishloqqacha suyurg‘ol shaklida in’om etilgan. Butun bir shahar yoki viloyat ko‘pincha hukmron sulola namoyandalari yoki yirik harbiy va davlat mansabdorlariga berilgan.

Yer egaligi

Amir Temur davrida bo‘lganidek, keyingi davrda ham suyurg‘ollarni ulashish amaliyoti keng tarqaldi. Markaziy hokimiyat vakillari – Shohrux, Ulug‘bek, Abu Said, Sulton Husayn yoki uluslarni boshqargan shahzodalar yerlarni meros tarzida egalik qilish huquqi bilan ulashganlar. Suyurg‘ol egasiga o‘z suyurg‘oli doirasida amaldorlar tayinlash, soliqlar va turli to‘lovlarni to‘plash hamda aybdorlarni jazolash huquqi berilgan.

Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Shohrux davrida Xorazm – Shoh Malik, Farg‘ona – Mirzo Ahmad, Tus, Mashhad, Obivard, Nisoni o‘z ichiga olgan Xuroson – Boysung‘ur, Kobul, G‘azna va Qandahor viloyatlari esa Mirzo Qaydu bahodirning suyurg‘oli edi.

Yer egaligi

Suyurg‘ol yorlig‘iga ega bo‘lgan viloyat hukmdorlari markaziy hokimiyatga faqat nomigagina qaram bo‘lib, odatda deyarli mus taqil edi. Suyurg‘ol egalari tobeligini kuchaytirish maqsadida markaziy hokimiyat ba’zan ular tasarrufidagi yer maydonlarini qisqartirar yoki ularning ma’muriy va adliya jihatidan haq-huquqini cheklab qo‘yar edi. Suyurg‘ol egasi markaziy hukumatga bo‘ysunmagan taqdirda suyurg‘ol huquqidan mahrum bo‘lar va amir uning viloyatini boshqa shaxsga berar edi.

Temuriylar davrida dehqonchilik maydonlarining ikkinchi kattagina qismi xususiy yerlardan iborat bo‘lib, yirik mulkdorlarning katta yer maydonlari ham, mehnatkash ziroatchilarning mayda paykallari ham xususiy mulk qatoriga kirgan.

Yer egaligi

Mulk yerlarining katta qismi ma’muriy, harbiy va diniy arboblarning tasarrufida bo‘lgan. Bosh hukmdor tomonidan yirik mulk egalariga biron xizmati uchun tarxonlik yorlig‘i berish keng tarqalgan.

Tarxonlik yorlig‘ini olgan mulkdorlar ko‘pincha barcha soliq, to‘lov va majburiyatlardan ozod qilingan.

Tarxonlik yorlig‘i odatda amirlar, beklar, saroy amaldorlari, sayyidlar va boshqa yuqori tabaqa vakillariga berilgan. Bunday yorliqni olgan mulkdor ismiga “tarxon” so‘zi qo‘shib aytilgan.

Dehqonchilik va sug‘orish ishlari

Shohrux va Ulug‘bek hukmronligi davrida sug‘orish ishlari yanada rivojlangan. Dashtlarga suv chiqarilib, bo‘z yerlar o‘zlashtirilgan. Xususiy sohibkorlar esa hatto bir-ikki yil davomida soliq va to‘lovlardan ozod etilgan.

Bu davrda Samarqand, Qashqadaryo, Marv vohalari, Tus vodiysi va Hirotda yirik sug‘orish inshootlari barpo etilib, dehqonchilik maydonlarining suv ta’minoti yaxshilangan.

Temur Xuroson, Eron, Kavkaz va boshqa viloyatlarda ham bir qancha yirik sug‘orish inshootlarini bunyod etgan. Uning farmoni bilan Murg‘ob daryosidan 20 dan ortiq sug‘orish tarmoqlari qazilib, Marv vohasi qayta obod etilgan.

1401-yili Kavkazning Baylakon mavzeida Araks daryosidan chiqarilgan Barlos kanali zamonasining yirik irrigatsiya inshootlaridan biri edi. Kanalning uzunligi 10 farsax (60–70 km) bo‘lib, unda kemalar qatnay olgan.

Dehqonchilik va sug‘orish ishlari

Shohrux va Ulug‘bek hukmronligi davrida Angor kanali qayta tiklanib, Zarafshon daryosi suvining bir qismi Qashqadaryo vohasiga burilgan.

Mo‘g‘ullar vayron etgan Murg‘ob daryosining bosh to‘g‘oni – Sultonband tiklanib, Marv shahri va vodiysi suv bilan ta’minlangan.

Mirzo Ulug‘bek Buxoroning Somonjuq dashtiga suv chiqargach, yangi yerlar o‘zlashtirilgan. Navoiyning tashabbusi bilan Tus viloyatida Turuqband suv ombori qurilib, kanal orqali undan 10 farsax masofaga – Mashhadga suv keltirilgan. Bu davrda qishloq xo‘jaligida g‘allakorlik, sabzavotchilik, polizchilik, bog‘dorchilikka ahamiyat berilgan. Chorvachilikda yilqichilik, qorako‘lchilik, tuyachilik muhim o‘rin tutgan.

O‘rganganlarimizdan xulosa qilamiz

Savollar: 1. Bir eslab ko‘ring-chi, Buyuk ipak yo‘lidan qanday mahsulotlar olib o‘tilgan?
Savollar: 2. Ularning ichida mamlakatimizda yetishtirilgan qanday bog‘dorchilik mahsulotlari bor edi?
Savollar: 3. Dehqonchilikning rivojlanishi qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi?
Savollar: 4. To‘yingan bozor deganda nimani tushunasiz? Bozordagi mahsulotlar qachon arzon bo‘ladi? Bunday arzonchlikdan qanday foyda ko‘zlanadi?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Amir Temur davrida yerdan olinadigan soliqning asosiy turi qaysi bo‘lgan?
  1. Xiroj
  2. Tamg‘a
  3. Avorizot
  4. Sari shumor

To‘g‘ri javob: Xiroj. Yerdan olinadigan soliqning asosiy turi xiroj hisoblangan.

Uzluksiz sug‘oriladigan ekin yerlaridan olinadigan hosil egasi va xazina o‘rtasida bo‘linganda, egasiga necha hissa qolgan (xazinaga bir hissa)?
  1. Bir hissasi
  2. Ikki hissasi
  3. Uch hissasi
  4. Yarmi

To‘g‘ri javob: Ikki hissasi. Hosilning ikki hissasi egasiga qolgan, bir hissasi xazinaga olingan.

Amir Temur davrida tamg‘a nima edi?
  1. Yerdan olinadigan hosil solig‘i
  2. Harbiy safarbarlikdagi favqulodda soliq
  3. Savdogarlardan olinadigan savdo boji
  4. Mag‘lub aholidan olinadigan soliq

To‘g‘ri javob: Savdogarlardan olinadigan savdo boji. Tamg‘a – savdo boji, savdogarlardan olinadigan soliq.

Lalmikor yerlardan soliq olishda qaysi qoidaga amal qilingan?
  1. Uchdan bir va to‘rtdan bir qoidasi
  2. Beshdan bir va oltidan bir qoidasi
  3. O‘ndan bir va yigirmadan bir qoidasi
  4. Yarim va uchdan ikki qoidasi

To‘g‘ri javob: Uchdan bir va to‘rtdan bir qoidasi. Lalmikor yerlarda uchdan bir va to‘rtdan bir qoidasi qo‘llangan.

Amir Temurning ko‘rsatmasiga ko‘ra, raiyatdan xiroj yig‘ishda ularni og‘ir ahvolga solib qo‘yish saltanat uchun qanday oqibatlar zanjiriga olib keladi?
  1. Sipohning tarqalishi, so‘ng xazinaning kamayishi, undan keyin raiyatning xonavayron bo‘lishi
  2. Saltanatning kuchsizlanishi, so‘ng sipohning tarqalishi, undan keyin xazinaning kamayishi
  3. Xazinaning kambag‘allashishi, so‘ng sipohning tarqalishi, undan keyin saltanatning kuchsizlanishi
  4. Raiyatning ko‘chib ketishi, so‘ng soliqning ortishi, undan keyin xazinaning to‘lishi

To‘g‘ri javob: Xazinaning kambag‘allashishi, so‘ng sipohning tarqalishi, undan keyin saltanatning kuchsizlanishi. Raiyatni xonavayron qilish xazinani kambag‘allashtiradi, xazina kamaysa sipoh tarqaladi, sipoh tarqoqligi esa saltanatni kuchsizlantiradi.

Amir Temur adolatli soliq tizimini qaysi shiorning mohiyatiga mos qilib yaratgan?
  1. “Birlik – kuchda”
  2. “Rosti rusti”
  3. “Ilm – nur”
  4. “Mehnat – baxt”

To‘g‘ri javob: “Rosti rusti”. Temur soliq tizimini “Rosti rusti” shiorining mohiyatiga mos qilib yaratgan.

Soliqlar uch muddatda to‘planganda, uchinchi muddat – qavs qaysi oyga to‘g‘ri kelgan?
  1. Iyun
  2. Avgust
  3. Noyabr
  4. Sentyabr

To‘g‘ri javob: Noyabr. Soliqlar saraton, sumbula-mezon va qavs (noyabr) oylarida to‘planar edi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Yerdan olinadigan soliqning asosiy turi xiroj hisoblangan. II. Hosil to‘la pishib yetilmasidan soliq to‘plash qat’iyan man etilgan. III. Soliqlar yil davomida har oy to‘planib turilgan.
  1. I va II
  2. faqat I
  3. II va III
  4. hammasi

To‘g‘ri javob: I va II. Xiroj yerdan olinadigan asosiy soliq bo‘lgan va hosil pishmasdan soliq yig‘ish man etilgan; soliqlar esa hokimiyat belgilagan uch muddatda to‘planar edi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSulton Husayn MirzoKeyingi →Ikkinchi Renessans asoschilari