XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · O‘zbekiston tarixi · 4-§

Shayboniylar davrida davlat boshqaruvi

XV ASRNING OXIRI – XVI ASRNING BOSHLARIDA TURONDA SIYOSIY VAZIYAT

Shayboniylar davri davlat boshqaruvi ularga qadar ko‘p asrlar davomida shakllangan, asosan, o‘troq aholiga xos murakkab idora tizimi an’analari hamda ayrim hollarda yarimko‘chmanchi jamiyat an’analarini o‘zida birlashtirgan. Chunonchi, dargoh va devonlar tizimida biroz o‘zgarish yuz beradi.

Ya’ni endi devonlarning ish vazifalari dargoh huzuridagi xizmatlar zimmasiga yuklatiladi. Shu tariqa, devonlarning davlat boshqaruv tizimidagi o‘rni yo‘qolib boradi.

Davlat boshqaruvining oliy organi dargoh hisoblangan. Davlat tepasida oliy hukmdor – xon turgan. Xonlikka nomzodni taxtga o‘tqazish uni oq kigizga solib ko‘tarish orqali amalga oshirilgan. Bu marosimda kigizning to‘rt uchini xonga mansub urug‘ning qudratli vakillari, asilzoda amirlar va ulamolar ushlab turishgan.

Taxt dastlab otadan bolaga emas, balki shayboniylar orasidagi yoshi katta shaxsga nasib etgan. Lekin Abdullaxon II davriga kelib, oliy hukmdorlik mavqeyining otadan o‘g‘ilga o‘tish an’anasi shakllana boshladi.

Taxt vorisi “navvob”, “qolg‘a”, “kichik xon” deb atalgan. Masalan, Ko‘chkunchixon oliy hukmdor bo‘lgach, yosh jihatdan xondan keyin ikkinchi o‘rinda turgan uning ukasi Suyunchxo‘ja “qolg‘a” sifatida belgilangan. Suyunchxo‘janing vafoti munosabati bilan, xondan keyingi yoshi ulug‘ shahzodalardan biri – Jonibek sulton valiahd etib belgilanadi. 1529-yili u ham hayotdan ko‘z yumgach, eng katta shahzodalar Abu Said va Abdulla birin-ketin “qolg‘a”, keyin esa oliy hukmdorlik martabasiga ko‘tarilishgan. Abdullaxon II tomonidan kiritilgan tartibga ko‘ra, valiahdga boshqarish uchun Balx viloyati beriladigan bo‘ldi.

Oliy hukmdor huzurida o‘tkazilgan majlislar va qabul marosimlarida har bir mansab va lavozim egasi faqat uning uchun ajratilgan joyda o‘tirishi lozim bo‘lgan.

Bu joy lavozimning katta-kichikligiga qarab xonning o‘ng yoki so‘l tarafida, oliy hukmdorga yaqin yoki uzoqroqda bo‘lishi mumkin edi. Nufuzli amaldorlar bu majlislarda o‘tirib, ba’zilari esa faqat tik turib ishtirok etardilar.

Hokimiyat tepasiga kelgan shayboniy hukmdorlar birinchi navbatda sulola vakillari, qarindosh-urug‘larini mulk bilan ta’minlaganlar. Ular o‘zlariga ajratilgan viloyatlarning hokimi ham hisoblanishgan. Ayni paytda ular ham markaziy hokimiyatdagi kabi boshqaruv tizimini tashkil etganlar.

Dargohda yirik amaldor naqib sanalgan. Bu lavozimni egallagan shaxs oliy hukmdorning eng yaqin va ishonchli kishisi bo‘lib, xon qabulidagi marosimlarda oliy hukmdorga juda yaqin o‘tirgan. Ichki va tashqi siyosat, harbiy masalalarda xonning asosiy maslahatchisi sifatida e’tirof etilgan.

Davlat ahamiyatiga molik lavozimlardan yana biri otaliq edi. Shahzodalar tarbiyasiga mutasaddi bo‘lgan otaliqlar, odatda, qabilalarning yoshi katta amirlaridan tayinlangan.

Oliy hukmdor chiqargan hukmlar, yorliqlarni ijrochilarga, muayyan amalga tayinlangan amaldorga yetkazuvchi parvonachi ham dargohda muhim o‘rin egallagan. Harbiy harakatlar davrida parvonachi qo‘shinga qo‘mondonlik qilgan.

Aholining arz-dodlari va iltimoslari aks etgan xatlarni qabul qiluvchi va ularga javob qaytaruvchi, mamlakatdagi adolat tartiblariga rioya qilinishini nazorat qiluvchi amaldor dodxoh edi. Shuningdek, ushbu mansab egasi elchilarni qabul qilgan, elchilarni kutib olish va kuzatish ishlarini tashkil etgan va o‘zi ham elchi sifatida boshqa mamlakatlarga borib kelgan.

Shayboniylar davri boshqaruv tizimida eng muhim o‘rin tutgan lavozimlardan biri ko‘kaldosh edi. Bu lavozim egasi oliy hukmdor va sulolaga eng yaqin kishilardan biri sanalib, odatda, hukmron sulolaning biror-bir vakili bilan bir onani emgan shaxs bo‘lgan.

Hukmron sulolaga tegishli yer-suv, mol-mulk boshqaruvi, nazorati va soliq ishlarini olib borgan maxsus tuzilma manbalarda devoni sarkorixossa tarzida uchraydi. Bu davrda devonbegi – bosh vazir ham faoliyat yuritgan. Ushbu mansab egasi mamlakatning muhim ishlari, mol-mulk, moliya, soliq, yer-suv masalalari, mansablarga tayinlash va bularning barchasi haqida oliy hukmdorga har kuni hisobot berib turishga mas’ul bo‘lgan.

Oliy hukmdor bilan shahzodalar o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatilgan tartiblar asosida yo‘lga qo‘yish ishi bilan xon yasovuli shug‘ullangan.

Dargohda boshqa lavozim va mansablar ham mavjud bo‘lib, ular jumlasiga saroy xavfsizligi, tartib, keldi-ketdidan xabardorlik zimmasiga yuklatilgan eshik og‘asi, hukmdor tomonidan tortiq qilingan kiyimlar, harbiy asbob-anjomlar, shuningdek, soliq daftarlariga yig‘ilgan xirojni yozib borish yuklatilgan mushrif, tungi qo‘riqlash boshlig‘i – mirshab, oliy hukmdorga tegishli yilqi, ot-ulov, ularning ta’minoti kabilarga javobgar miroxur, xorijlik elchilarni qabul qilishga mutasaddi bo‘lgan shig‘ovul, dasturxonchi, munshiy, ovqat suzuvchi va ichimlik quyuvchi – to‘qsoba, ov qurol-aslahalari va ov qushlari, itlariga mas’ul bo‘lgan qushbegi shug‘ullangan.

Xonlikda jibochi, jarchi, qorovulbegi, kitobdor, mirzaboshi, muhrdor, xazinachi, mehtar kabi lavozimlar ham bo‘lgan. Jamiyat hayotida shayxulislom, muftiy, qozilarning ham o‘z o‘rni bo‘lgan. Ular intizom va tartibni shariat qonunlari bo‘yicha saqlab turishga harakat qilishgan. Qozilar oliy hukmdor – xon tomonidan tayinlangan.

Poytaxt shahar – Buxoro qozisi bosh qozi – qozikalon deb atalgan. Unga viloyatlar qozilari bo‘ysungan. Shuningdek, qo‘shinda qozi askar lavozimi ham bor edi. Ko‘p hollarda qozilarni tayinlashda ularning qozilar avlodidan ekaniga alohida e’tibor qaratilgan. Murakkab boshqaruv tizimida sadr, muhtasib, rais singari lavozimlar ham bo‘lgan.

Abdullaxon II davrida harbiy san’at taraqqiy etgan. Qo‘shin tarkibini nayza, qilich, manjaniq, naftandoz va shotular bilan qurollangan otliq va piyoda qismlar tashkil etgan. XVI asrning ikkinchi yarmidan qo‘shin Usmonli (sultonligi) va Rossiyadan keltirilgan pilta miltiq va zambaraklar bilan qurollantirila boshlangan.

Jevachi -

Bilasizmi?

Abdullaxon II davrida mamlakat hududi Qashqardan Orol va Kaspiy dengizlari sohillarigacha, Turkiston va Sayramdan Xurosonning sharqiy qismigacha bo‘lgan yerlardan iborat edi.

Mustaqil faoliyat

1. Temuriylar davridagi davlat boshqaruv shakli bilan shayboniylar davlat boshqaruvini solishtirib chiqing. O‘xshash va o‘ziga xos jihatlarini aniqlang.

2. Shayboniylar davridagi davlat boshqaruvi iyerarxiyasini tuzing.

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Nima deb o‘ylaysiz, yuzaga kelgan siyosiy vaziyatdan so‘ng aholining turmush tarzi qay darajada o‘zgargan?
Savollar: 2. Bu davrda aholining asosiy qismi qanday yumushlar bilan shug‘ullangan? Qaysi kasblar rivojlangan?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Shayboniylar davlat boshqaruvining oliy organi qaysi edi?
  1. Devon
  2. Majlis
  3. Dargoh
  4. Qurultoy

To‘g‘ri javob: Dargoh. Davlat boshqaruvining oliy organi dargoh hisoblangan.

Shayboniylarda xonlikka nomzod taxtga qanday marosim orqali o‘tqazilgan?
  1. Uni oq kigizga solib ko‘tarish
  2. Boshiga oltin tojni kiygizish
  3. Muqaddas kitobga qasam ichdirish
  4. Otga mindirib shahar aylantirish

To‘g‘ri javob: Uni oq kigizga solib ko‘tarish. Nomzod oq kigizga solib ko‘tarilgan.

Shayboniylar davrida devonlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni nima sababdan yo‘qolib borgan?
  1. Devonlar xon farmoni bilan butunlay tarqatib yuborilib, vazifalari bekor qilingan
  2. Devonlarning vazifalari dargoh huzuridagi xizmatlar zimmasiga yuklatilgan
  3. Devonlarning vazifalari viloyat hokimlari va ularning mahkamalariga topshirilgan
  4. Devonbegi lavozimi bekor qilinib, uning vazifalari faqat xon qarorgohiga o‘tgan

To‘g‘ri javob: Devonlarning vazifalari dargoh huzuridagi xizmatlar zimmasiga yuklatilgan. Devonlarning ish vazifalari dargoh huzuridagi xizmatlarga o‘tgani uchun ularning o‘rni pasayib borgan.

Ko‘chkunchixon oliy hukmdor bo‘lgach, uning ukasi Suyunchxo‘ja yosh jihatdan xondan keyin ikkinchi o‘rinda turgani uchun qaysi unvon bilan belgilangan?
  1. qolg‘a
  2. otaliq
  3. naqib
  4. parvonachi

To‘g‘ri javob: qolg‘a. Suyunchxo‘ja xondan keyingi ikkinchi o‘rinda turgani uchun “qolg‘a” sifatida belgilangan.

Qaysi shayboniy hukmdor davrida taxtning otadan o‘g‘ilga o‘tish an’anasi shakllana boshlagan?
  1. Shayboniyxon
  2. Ko‘chkunchixon
  3. Ubaydullaxon
  4. Abdullaxon II

To‘g‘ri javob: Abdullaxon II. Abdullaxon II davriga kelib otadan o‘g‘ilga o‘tish an’anasi shakllana boshlagan.

Shayboniylarda taxt vorisi qanday nomlar bilan atalgan?
  1. “Otaliq”, “parvonachi”, “naqib”
  2. “Navvob”, “qolg‘a”, “kichik xon”
  3. “Dodxoh”, “mirshab”, “munshiy”
  4. “Sadr”, “rais”, “muhtasib”

To‘g‘ri javob: “Navvob”, “qolg‘a”, “kichik xon”. Taxt vorisi “navvob”, “qolg‘a”, “kichik xon” deb atalgan.

Abdullaxon II kiritgan tartibga ko‘ra, valiahd boshqarishi uchun qaysi viloyat berilgan?
  1. Balx
  2. Samarqand
  3. Toshkent
  4. Hisor

To‘g‘ri javob: Balx. Valiahdga boshqarish uchun Balx viloyati beriladigan bo‘lgan.

1529-yili Jonibek sulton hayotdan ko‘z yumgach, taxt vorisligi qanday tartibda o‘tgan?
  1. Eng katta shahzodalar Abu Said va Abdulla birin-ketin “qolg‘a”, so‘ng oliy hukmdor bo‘lgan
  2. Suyunchxo‘ja yana valiahd etib belgilanib, uning o‘g‘illari birin-ketin taxtga o‘tirgan
  3. Xonning katta o‘g‘li avtomatik ravishda hukmdor bo‘lib, qolgan shahzodalar viloyatga chiqarilgan
  4. Taxtga Ko‘chkunchixonning ukasi o‘tirib, shahzodalar birin-ketin “qolg‘a” bo‘lib turgan

To‘g‘ri javob: Eng katta shahzodalar Abu Said va Abdulla birin-ketin “qolg‘a”, so‘ng oliy hukmdor bo‘lgan. Jonibekdan keyin yoshi eng katta shahzodalar Abu Said va Abdulla birin-ketin qolg‘a, keyin oliy hukmdor bo‘lgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMovarounnahrda Shayboniy hukmronligining o‘rnatilishiKeyingi →Shayboniylar davrida ijtimoiy-iqtisodiy hayot