XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · O‘zbekiston tarixi · 7-§

Shayboniylar davrida madaniy hayot

XV ASRNING OXIRI – XVI ASRNING BOSHLARIDA TURONDA SIYOSIY VAZIYAT

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Xalqlar madaniyatining rivojlanish darajasi nimalar asosida belgilanadi? 2. Ilm-fan, madaniyat rivojlanishi uchun qanday omillar zarur?

Tarix saboqlari

O‘rta Osiyodagi XVI asrga oid me’morchilik obidalarining asosiy qismi Abdullaxon II davrida bunyod etilgan bo‘lib, manbalarning ma’lumot berishicha, ularning soni 1000 dan oshadi.

Umumiy manzara

Shayboniylar davrida ham madaniy hayotning ko‘plab jabhalari: adabiyot, tarix, xattotlik, musiqa, epigrafika, me’morchilik, naqqoshlik san’ati, tasviriy san’at, fiqh, tibbiyot, riyozat (matematika), handasa (geometriya), astronomiya (ilmi nujum) rivojlandi. Bu davrda yaratilgan adabiy asarlar orasida buxorolik adabiyotshunos olim va shoir Hasanxo‘ja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” (Do‘stlar yodnomasi) asari davr haqida qimmatli ma’lumotlarni taqdim qiladi. Abdullaxon II ga atab yozilgan mazkur asar O‘rta Osiyo, Eron va Hindistondagi adabiy muhit haqida boy ma’lumotlar beruvchi muhim manba hisoblanadi.

Hukmron sulola vakillari adabiyot rivojiga homiylik qilish bilan birga o‘zlari ham ijod bilan shug‘ullanganlar. Xususan, Shayboniyxon, Ubaydullaxon, Abdullaxon II, Do‘st Muhammad Sulton (Navro‘z Ahmadxonning o‘g‘li) kabilarning ayrim asarlari va g‘azallari bizgacha yetib kelgan.

Umumiy manzara

Shayboniylar davrida mamlakat madaniy hayotining asosiy markazlari an’anaviy ravishda Samarqand va Buxoro bo‘lib qolavergan. Abdullaxon II Buxoroni uzil-kesil davlat poytaxtiga aylantirgan va u yerda “madrasa, masjidlar, darvishlar xonaqolari, daryolardagi ko‘priklar, savdo yo‘llarida yaxshi himoyalangan to‘xtash joylari (rabotlar) va boshqa foydali binolarni qurishda cheksiz xatti-harakatlarni amalga oshirgan”. Shahar hududiy jihatdan ham kengayib borgan. Uning yaqinidagi Sumiton qishlog‘ining poytaxt hududiga kiritilishi munosabati bilan shahar devorlari qayta qurilib, bu yerda Yangi darvoza – Darvozayi nav barpo etilgan.

Umumiy manzara

Mamlakatning Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qarshi, Karmana, Turkiston, Marv, Balx, Hirot, Xiva kabi ko‘plab shaharlarida turli me’morchilik inshootlari – madrasa va masjidlar, xonaqohlar, timlar, minoralar, hammomlar, karvonsaroylar, sardoba va ko‘priklar bunyod etilib, shaharlar devorlari ta’mirlangan.

Misol uchun, Samarqanddagi Shayboniyxon qurdirgan Xoniya, Abu Said va Qulbobo Ko‘kaldosh nomlari bilan bog‘liq madrasalar, Samarqand yaqinidagi suvayirg‘ich, Buxoroda shahar devorining ta’mirlanishi, Mir Arab, Abdullaxon, Modarixon madrasalari, Toshkentdagi Baroqxon (hozirgi Hazrati Imom) va Ko‘kaldosh madrasalari, Turkistonda Shayboniyxon masjidi, Karmanada Qosim Shayx masjidi, Balxda qal’a devorining ta’mirlanishi, Abdullaxon madrasasi, Hirotda Ko‘kaldosh madrasasi kabilar shular jumlasidandir.

Umumiy manzara

Bu davrda miniatyuralar ishlangan qo‘lyozma kitoblar soni salmoqli edi. Ularda oldingi davrlardagi miniatyuralardan farqli ravishda oddiy xalq vakillari – baliqchilar, yog‘och kesuvchilar, bog‘bonlar va boshqalar aks ettirilgan. Bu davrda portret janri ham rivojlangan. Bunga Abdullaxon II portreti (1570) misol bo‘la oladi. Abdullaxon II ning Xuroson va Mashhadga yurishlari davomida Buxoro kutubxonasi to‘ldiriladi va bu yerga safaviylar miniatyura maktabi an’analari ham kirib keladi.

O‘zbek davlatining Hindiston bilan munosabatlari mustahkamlanishi natijasida Buxoro qo‘lyozma kitoblarida hind uslubidagi miniatyuralar chizish rasm bo‘la boshlagan.

Umumiy manzara

Xattotlar tomonidan yuqori saviyada ko‘chirilgan asarlar rassomlar tomonidan go‘zal miniatyura va zarvaraqlar bilan ziynatlanib, Abdulazizxon (1509–1550) kutubxonasida saqlangan. Kutubxonani shaxsan ko‘rgan va undan foydalangan mashhur adib va shoir Hasanxoja Nisoriy: “Abdulazizxonning kutubxonasida kotiblar podshohi Amir Ali Husayniy, kitobdor (kitobxona boshlig‘i) mavlono Sulton Mirak Munshiylar faoliyat yuritgan”, deya qayd etgan.

Manbalarda

Muhammad Shayboniyxonning saroy majlisida uyushtirilgan ilmiy munozaralarda Movarounnahrning yirik olimlari ishtirok etib, o‘z fikrlarini bildirganlar.

Masalan, 1502-yil Samarqand yaqinidagi Konigilda o‘tkazilgan shunday majlislarning birida urushlar va o‘zaro tortishuvlar natijasida qarovsiz qolgan mulk yerlaridan foydalanish haqida qaror qabul qilingan edi. Shuningdek, uning hukmronligi davrida tarixiy va badiiy adabiyotda o‘zbek tilining mavqeyi kuchayadi. Xonning buyrug‘i bilan fors tilida va mo‘g‘ul yozuvida bitilgan asarlar turkiy tilga tarjima qilinadi.

Bundan tashqari, mashhur tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning tarixiy asarlari, xususan, “Zafarnoma”si, Ulug‘bekka bag‘ishlangan “Muntaxabi Jome’ va tavorixi shoni” nomli asarlari ham o‘zbek tiliga o‘girilgan.

Tarix saboqlari

Mazkur davrda uzluksiz va ko‘p qirrali ilmiy-adabiy muhit yuzaga keladi. XVI asrdagi mumtoz an’analarni davom ettirgan holda yangi asarlar yaratiladi. Xususan, bunday mumtoz asarlar qatoriga Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Muhammad Shayboniyxonning “Devon” va “Bahr ul-hido” (“Hidoyat dengizi”) nomli dostonlarini kiritish mumkin. Shayboniyxon devoni hozirgi kunda Istanbulning To‘pqopi saroyi muzeyida, “Bahr ul-hido” esa Britaniya muzeyida saqlanadi.

Bu davrda yaratilgan tarixiy asarlar ichida “Shayboniynoma” asari ajralib turadi. Asar muallifi Muhammad Solih – shoir, tarixchi, davlat arbobi. “Shayboniynoma” asari she’riy uslubda yozilgan bo‘lib, unda Shayboniyxonning tug‘ilganidan boshlab, 1505-yillar orasida Qipchoq dashti, Movarounnahr hamda Xorazmda ro‘y bergan ijtimoiy-siyosiy voqealargacha hikoya qilinadi. Muhammad Shayboniyxon, Ubaydullaxon, Abdullaxon II kabi hukmdorlar fan va madaniyatni rivojlantirishga alohida e’tibor berishi natijasida Movarounnahrda adabiy muhit yuzaga keladi. Ushbu hukmdorlar tomonidan asarlar, she’r va g‘azallar yaratildiki, ular bevosita ilmiy-madaniy jarayonlarning rivojlanishiga turtki berdi.

Manbalarda

Tibbiyot sohasida tabib va olim Sulton Ali inson tanasi kasalliklari va davolariga bag‘ishlangan “Dastur al-iloj”, “Muqaddimayi dastur al-iloj” risolalarini yozgan.

Muhammad Yusuf “Isitmani o‘rganishga doir”, “Qon tomiri va peshob” kabi asarlarni yaratgan.

Buxoro darvozalari tarixi

Tarix saboqlari

Shayboniyxon ta’lim sohasida ham islohotlar o‘tkazgan. Bu islohotlarning o‘tkazilishiga amaldorlar qatlamini shakllantirish va ularni jamiyatning asosiy tayanchiga aylantirish zarurati sabab bo‘lgan. Xonlar va sultonlarga barcha sohalar bo‘yicha ilmli, diplomatlik qobiliyatga ega bo‘lgan amaldorlar zarur edi. Islohotga ko‘ra, ko‘p bosqichli o‘qitish tizimi joriy etilgan.

Ta’limning quyi bosqichi maktab hisoblangan. Bolalar maktabga 6 yoshidan qabul qilingan. Maktabda ikki yil o‘qigach o‘quvchilar madrasaga o‘tkazilgan. Madrasada 3 bosqichli ta’lim joriy etilgan bo‘lib, uning har bir bosqichida 8 yildan o‘qilgan. Shu tariqa o‘qish 26 yil davom etgan.

Mustaqil faoliyat

Savollar: 1. Nima uchun Shayboniyxon va uning davomchilari mamlakatda ilm-fanning rivojlanishi uchun sharoit yaratishga harakat qildilar?
Savollar: 2. Shayboniyxonning ta’lim sohasidagi islohotlaridan ko‘zlangan maqsad nima edi?
Savollar: 3. Siz Shayboniyxonning o‘rnida bo‘lganingizda mamlakatni iqtisodiy nochorlikdan olib chiqish uchun qanday tadbirlar ko‘rgan bo‘lardingiz? Ilm-fan rivojiga e’tibor berarmidingiz? Javobingizni asoslang.

Bilasizmi?

Buxoroda mashhur Abdullaxon kutubxonasi tashkil qilingan.

Manbalarda

“Kunlardan bir kun shoir va adabiyotshunos Mutribiy Samarqandiy Samarqandning Aliobod nohiyasidagi Xoja Guzor nomli hayvonot va nabotot olami namunalari qo‘riqlanib, parvarishlanadigan joyda Abdullaxon II bilan ko‘rishish sharafiga musharraf bo‘ladi. Shunda xon unga she’riyat sohasiga oid 3 ta savol beradi.

Mutribiy Samarqandiy esa savollarning barchasiga to‘g‘ri va aniq javob beradi. Abdullaxon II shoirning bilimi va topqirligidan mamnun bo‘lib, unga tahsin aytadi hamda uni movut chakmon va tilla tangalar bilan mukofotlaydi”.

Tazkiranavis olim Mutribiy Samarqandiy

Tazkirati shuaro

Qosim Shayx maqbarasi.

Navoiy shahri

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Mamlakatda oliy ta’lim muassasalarining ko‘pligi nimadan dalolat beradi? 2. Siz yashayotgan hududda XVI asrda qurilgan tarixiy majmualar, yodgorliklar bormi? Ular haqida nimalarni bilasiz?
Savollar: 3. Mamlakatimizdagi qaysi tarixiy yodgorliklar Butunjahon nomoddiy ma’naviy merosi ro‘yxatiga kiritilgan?

Tarix saboqlari

Shayboniylar 100 yil mobaynida (1500–1601) Markaziy Osiyoda hukmronlik qilib, tarixda salmoqli iz qoldirdi.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

O‘rta Osiyodagi XVI asrga oid me’morchilik obidalarining asosiy qismi qaysi hukmdor davrida bunyod etilgan?
  1. Muhammad Shayboniyxon
  2. Ubaydullaxon
  3. Abdullaxon II
  4. Abdulazizxon

To‘g‘ri javob: Abdullaxon II. XVI asr me’morchilik obidalarining asosiy qismi Abdullaxon II davrida bunyod etilgan.

Manbalarga ko‘ra, Abdullaxon II davrida bunyod etilgan XVI asr me’morchilik obidalarining soni qancha?
  1. 1000 dan oshadi
  2. taxminan 300 ta
  3. taxminan 500 ta
  4. taxminan 100 ta

To‘g‘ri javob: 1000 dan oshadi. Manbalarda ularning soni 1000 dan oshishi aytilgan.

“Muzakkiri ahbob” (Do‘stlar yodnomasi) asarining muallifi kim?
  1. Mutribiy Samarqandiy
  2. Hasanxo‘ja Nisoriy
  3. Muhammad Solih
  4. Sulton Ali

To‘g‘ri javob: Hasanxo‘ja Nisoriy. Asar buxorolik adabiyotshunos olim va shoir Hasanxo‘ja Nisoriyga tegishli.

Abdullaxon II qaysi shaharni uzil-kesil davlat poytaxtiga aylantirgan?
  1. Samarqand
  2. Toshkent
  3. Hirot
  4. Buxoro

To‘g‘ri javob: Buxoro. Abdullaxon II Buxoroni uzil-kesil davlat poytaxtiga aylantirgan.

Sumiton qishlog‘i poytaxt hududiga kiritilgach, Buxoroda shahar devorlari qayta qurilib, qaysi darvoza barpo etilgan?
  1. Darvozayi nav
  2. Darvozayi Samarqand
  3. Darvozayi Shahriston
  4. Darvozayi Hisor

To‘g‘ri javob: Darvozayi nav. Yangi darvoza – Darvozayi nav Sumiton qo‘shilishi munosabati bilan barpo etilgan.

Savdo yo‘llarida qurilgan yaxshi himoyalangan to‘xtash joylari qanday atalgan?
  1. Sardoba
  2. Tim
  3. Rabot
  4. Xonaqoh

To‘g‘ri javob: Rabot. Savdo yo‘llaridagi yaxshi himoyalangan to‘xtash joylari rabotlar deb atalgan.

Abdullaxon II Buxoroni uzil-kesil davlat poytaxtiga aylantirgach, shaharning kengayishi qanday me’moriy natijaga olib keldi?
  1. Samarqand poytaxt qilinib, Buxoroda faqat ko‘priklar va hammomlar qurilib, devorlar buzib tashlandi
  2. Buxoro devorlari butunlay buzib tashlanib, shahar ochiq qoldirildi va Darvozayi nav ham vayron etildi
  3. Sumiton qishlog‘i poytaxt hududiga kiritilib, shahar devorlari qayta qurildi va Darvozayi nav barpo etildi
  4. Shahar hududi qisqartirilib, aholi Sumiton qishlog‘iga ko‘chirildi va yangi devorlar qurilmadi

To‘g‘ri javob: Sumiton qishlog‘i poytaxt hududiga kiritilib, shahar devorlari qayta qurildi va Darvozayi nav barpo etildi. Sumiton qishlog‘i poytaxt hududiga qo‘shilgani uchun shahar devorlari qayta qurilib, yangi darvoza – Darvozayi nav barpo etilgan.

Toshkentdagi Baroqxon madrasasi hozirgi kunda qaysi nom bilan ataladi?
  1. Abu Said madrasasi
  2. Hazrati Imom
  3. Qulbobo Ko‘kaldosh
  4. Mir Arab madrasasi

To‘g‘ri javob: Hazrati Imom. Toshkentdagi Baroqxon madrasasi hozir Hazrati Imom deb ataladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiShayboniylar davrida ichki va tashqi savdoKeyingi →Shayboniylar davri me’morchiligi