Ashtarxoniylar davrida ijtimoiy-iqtisodiy hayot
MAMLAKATIMIZ TARIXIDA ASHTARXONIYLAR VA MANG‘ITLAR SULOLASI
O‘ylab ko‘ring
Manbalarda
“Imomqulixon nochorlar ishini yengillashtirdi, arz bilan kelganlarni qaytarmadi. Uning zamonida na kambag‘al, na bechora qolgandi.
Chiqargan buyruqlari ijrosi borasida amaldorlariga qattiq turdi, qorong‘i tushishi bilan oddiy kiyim kiyib vaziri va qo‘rchi bilan bozorlar-u mahallalarni aylanib, oddiy xalqning haqiqiy turmush ahvolidan boxabar bo‘lib turardi. Buni xalq bilardi. Shuning uchun ham uning hukmronligi yillari mamlakatda biror marta ham isyon tug‘i ko‘tarilmadi”.
Aholining mashg‘ulotlari
Ashtarxoniylar davrida ham dehqonchilikning barcha sohalari – g‘allachilik, paxtachilik, pillachilik, bog‘dorchilik va boshqalar rivojlandi. Shayboniylar davridagi kabi asosiy dehqonchilik mahsulotlari – yigirmadan ortiq navi mavjud bo‘lgan bug‘doy, sholining turli navlari, g‘o‘za, makkajo‘xori, arpa, tariq, kanop, tamaki, yasmiq, yog‘ olishda keng qo‘llanilgan kunjut, zig‘ir, piyoz, sabzi, turp, sholg‘om, lavlagi, qovoq, bo‘yoqlar (ro‘yon, buzg‘unch, qirmiz) va boshqalar ekilgan.
Mamlakatda chorva mollarini yetishtirishga katta e’tibor qaratilgan. Birgina Nadr Muhammadning o‘zida 600 qator tuyasi, 8000 oti, qorako‘l teri beruvchi 80000 ta qo‘yi bo‘lgan.
Aholining mashg‘ulotlari
Ashtarxoniylar davrida ham shayboniylar davridagi kabi davlat yerlarining hajmi ortgan. Davlat yerlari dunyoviy va diniy amaldorlarga suyurg‘ol, tiul, iqto, tanho tarzida tortiq etilgan. O‘z yer maydoniga ega bo‘lmagan aholining katta qismi esa ko‘p hollarda yerni ijaraga olib, tirikchilik qilgan.
Ashtarxoniylar davrida hunarmandchilik rivojlangan. Hunarmandchilikning an’anaviy sohalari – to‘qimachilik, duradgorlik, teriga ishlov berish, temirchilik, qurolsozlik, zargarlik, kulolchilik va boshqalarda yaratilgan tovarlar ichki va tashqi bozorga chiqarilgan.
Siyosiy vaziyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ashtarxoniylar ilm, fan, san’at va me’morchilikka homiylik qilishgan.
Moliya va pul islohotlari
Shayboniylar davrida muomalada bo‘lgan, ayniqsa, Abdullaxon II pul islohoti natijasida moliya bozorida o‘zining o‘rnini egallagan mis, kumush va oltin tangalar ashtarxoniylar davrida ham muomalada bo‘ladi. XVII asrning ikkinchi yarmida oz-ozdan har safar tangalardagi kumush ulushi 5–10 foizdan kamaytiriladi. Mamlakatda yuzaga kelgan siyosiy beqarorlik davrida davlat xazinasi bo‘shab boradi.
Bu mushkul vaziyatdan chiqib ketish uchun ashtarxoniy hukmdor Ubaydullaxon 1708-yilda pul islohotini o‘tkazadi. Natijada tarkibining to‘rtdan bir qismini kumush tashkil qilgan va bozorda muomalada bo‘lgan asosiy tanga zarb etiladi. Avvalgi tangalarning tarkibidan kumush 4 marta kamaygan bo‘lsa-da, tarkibida 9 foiz kumush bo‘lgan yangi tanga qiymati tarkibining 35 foizini kumush tashkil etuvchi oldingi tanga pulga teng deb e’lon qilinadi. Bu esa birinchi navbatda savdogarlar va aholining keskin noroziligiga olib keladi va xalq qo‘zg‘olon ko‘taradi. Qo‘zg‘olon shafqatsizlarcha bostiriladi.
Moliya va pul islohotlari
XVIII asrda muntazam ravishda oltin tangalar zarb etish yo‘lga qo‘yiladi. Bir oltin tanga (ashrafiy) 50–80 kumush tangaga tenglashtiriladi. Ashtarxoniylar davrida ham aholi xiroj (mol), ushr, tanob puli, alaf puli, zakot va boshqa soliqlarni to‘lagan. Aholi turli mehnat majburiyatlarini o‘tashda davom etgan.
Ashtarxoniylar hukmronligi davrida mulkiy munosabatlar, nikoh-oila va jinoyat-jazo masalalari hamda sud ishlarini yuritish tartibi shariat qoidalari bilan belgilangan.
Bu davr yer huquqiga oid muhim manbalardan biri – “Buxoro yer hujjatlari” to‘plami bizgacha yetib kelgan. Hujjatda vaqf mulkini almashtirish, xususiy yer egaligi huquqi, g‘alla uyumlarini muhrlash va boshqa shu kabi yerga oid munosabatlar tartibga solingan.
Manbalarda
Mamlakat qanchalik katta iqtisodiy, madaniy, ma’naviy shart-sharoit va imkonlarga ega bo‘lmasin, markaziy hokimiyatning zaiflashishi, mahalliychilik, siyosiy boshboshdoqlik davlatning qudratini yo‘qqa chiqardi.
Ashtarxoniylar hukmronligi yillari ko‘zga tashlanadigan yana bir muhim jihat xususida to‘xtalish lozim. U ham bo‘lsa, davlatimizning xalqaro hayotdagi mavqeyining susayib borishi masalasi. E’tibor berilsa, tashqi aloqalar, asosan, Xuroson doirasida, shimoldagi ko‘chmanchi xalqlar bilan munosabatlarda cheklanib qoldi. Bu vaqtda ilm-fan, texnika taraqqiyotida, harbiy san’atda ilgarilab borayotgan Yevropa davlatlari bilan aloqalar o‘rnatish, jahon siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-madaniy davrasiga kirish, buning orqasida dunyo miqyosida fikrlash, siyosat yuritish an’anasi bizning siyosatchilar, davlat arboblarida bo‘lmagan.
Manbalarda
Shuning uchun ajdodlarimiz gidravlika, mashina, mexanizmlar, eng zamonaviy harbiy qurollardan bexabar qolaverganlar.
Azamat Ziyo, “O‘zbek davlatchiligi tarixi”
Mustaqil faoliyat
1. Ashtarxoniylar davrida o‘tkazilgan moliya va pul islohotlarini shayboniylar davridagi soliq va pul islohotlari bilan taqqoslang, natijalarini daftaringizda qayd qiling.
2. Imomqulixon haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilib, munosabat bildiring.
Muhim sanalar
- 1708-yilda — Bu mushkul vaziyatdan chiqib ketish uchun ashtarxoniy hukmdor Ubaydullaxon 1708-yilda pul islohotini o‘tkazadi.
- XVII asrning — XVII asrning ikkinchi yarmida oz-ozdan har safar tangalardagi kumush ulushi 5–10 foizdan kamaytiriladi.
- XVIII asrda — XVIII asrda muntazam ravishda oltin tangalar zarb etish yo‘lga qo‘yiladi.
Bilimingizni sinang
Imomqulixon hukmronligi haqidagi manbaga ko‘ra, quyidagi hukmlardan qaysi biri to‘g‘ri?
- Uning hukmronligi yillarida mamlakatda isyon ko‘tarilmagan
- Uning davrida mamlakatda bir necha marta xalq isyonlari bo‘lgan
- U bozorlarga hech qachon chiqmasdan, savdo ahvolidan bexabar qolgan
- U arz bilan kelganlarni qaytarib, ularning shikoyatlarini tinglamagan
To‘g‘ri javob: Uning hukmronligi yillarida mamlakatda isyon ko‘tarilmagan. Manbada uning hukmronligi yillari mamlakatda biror marta ham isyon ko‘tarilmagani aytilgan.
Hukmdorlarni ular bilan bog‘liq faktlar bilan moslang. Hukmdorlar: 1) Ubaydullaxon; 2) Nadr Muhammad; 3) Imomqulixon. Faktlar: a) hukmronligi yillarida mamlakatda biror marta ham isyon tug‘i ko‘tarilmagan; b) 1708-yilda pul islohotini o‘tkazgan; c) qorako‘l teri beruvchi 80 000 ta qo‘yi bo‘lgan.
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Pul islohoti Ubaydullaxon, katta chorva Nadr Muhammad, isyonsiz davr esa Imomqulixon nomi bilan bog‘liq.
Ashtarxoniy Nadr Muhammadning qorako‘l teri beruvchi qo‘ylari soni qancha bo‘lgan?
- 60000 ta
- 80000 ta
- 40000 ta
- 120000 ta
To‘g‘ri javob: 80000 ta. Nadr Muhammadning 600 qator tuyasi, 8000 oti va 80000 ta qorako‘l qo‘yi bo‘lgan.
Nadr Muhammadning qo‘rasida qorako‘l teri beruvchi qo‘ylar soni qancha bo‘lgan?
- 600 ta
- 8000 ta
- 80000 ta
- 800000 ta
To‘g‘ri javob: 80000 ta. Nadr Muhammadda qorako‘l teri beruvchi 80000 ta qo‘y bo‘lgan.
Ashtarxoniylar davrida yer maydoniga ega bo‘lmagan aholining katta qismi qanday tirikchilik qilgan?
- Davlat yerlarini bepul olgan
- Yerni ijaraga olib dehqonchilik qilgan
- Faqat chorvachilik bilan shug‘ullangan
- Yerlarni suyurg‘ol sifatida olgan
To‘g‘ri javob: Yerni ijaraga olib dehqonchilik qilgan. Yersiz aholining ko‘pchiligi yerni ijaraga olib tirikchilik qilgan.
Ashtarxoniylar davri ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid hukmlarni ko‘rib chiqing. I. Davlat yerlari dunyoviy va diniy amaldorlarga suyurg‘ol, tiul, iqto, tanho tarzida tortiq etilgan. II. Soliqlar to‘liq bekor qilinib, aholi mehnat majburiyatlaridan ozod etilgan. III. Mulkiy munosabatlar, nikoh-oila va jinoyat-jazo masalalari shariat qoidalari bilan belgilangan. Qaysilari to‘g‘ri?
- faqat I
- I va III
- II va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va III. Aholi xiroj, ushr, zakot kabi soliqlarni to‘lashda va mehnat majburiyatlarini o‘tashda davom etgan, shuning uchun II noto‘g‘ri.
Ashtarxoniylar va shayboniylar davrlari yer munosabatlari bo‘yicha qaysi jihatda o‘xshash edi?
- Ikkala davrda ham asosiy tanga faqat oltindan zarb etilgan
- Ikkala davrda ham davlat yerlari kamayib, xususiy yer egaligi ustunlik qilgan
- Ikkala davrda ham davlat yerlarining hajmi ortgan
- Ikkala davrda ham yersiz aholi yerni bepul olib ishlagan
To‘g‘ri javob: Ikkala davrda ham davlat yerlarining hajmi ortgan. Ashtarxoniylar davrida ham shayboniylar davridagi kabi davlat yerlarining hajmi ortgan; yersiz aholi esa yerni ijaraga olib tirikchilik qilgan.
Tangalardagi kumush ulushi oz-ozdan har safar 5–10 foizdan kamaytirilgan davr qaysi asrning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi?
- XV asrning
- XVII asrning
- XVI asrning
- XVIII asrning
To‘g‘ri javob: XVII asrning. XVII asrning ikkinchi yarmida tangalardagi kumush ulushi har safar 5–10 foizga kamaytirib borilgan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash