XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · O‘zbekiston tarixi · 13-§

Ashtarxoniylar davrida me’morchilik va ta’lim

MAMLAKATIMIZ TARIXIDA ASHTARXONIYLAR VA MANG‘ITLAR SULOLASI

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Samarqanddagi Registon maydonida joylashgan inshootlarning nomini bilasizmi? Bu inshootlar kim tomonidan qurilgan va ular qanday maqsadlarga xizmat qilgan?
Savollar: 2. Nima deb o‘ylaysiz, bu inshootlar qancha vaqtda, qanday mehnat qurollari va qurilish ashyolari bilan barpo etilgan? Ularda qancha odam ishlagan bo‘lishi mumkin? Bu inshootlarni qurish uchun qaysi kasb egalari jalb qilingan?

3. Berilgan rasmni diqqat bilan kuzating va hikoya tuzing.

Me’morchilik

Ashtarxoniylar davrida ham Samarqand va Buxoro mamlakatning yirik madaniy markazlari maqomini saqlab qoldi. Yirik amaldorlar, ulamolar va jamiyatning boshqa vakillari tomonidan saroylar, madrasalar, masjidlar, xonaqohlar, bozorlar, karvonsaroylar va boshqalar qurdirildi.

Samarqandda qozi Soqiy tomonidan qurdirilgan madrasa, Yalangto‘sh Bahodir tomonidan qurdirilgan Sherdor va Tillakori madrasalari, Sayyid Ahmadxoja madrasasi, Nodir devonbegi madrasalari shular jumlasidandir.

Buxoroda ikki qavatli Mag‘oki ko‘rpa masjidi, zargarlar bozori yaqinida joylashganligi uchun “Zargarlar madrasasi” deb ham ataluvchi Abdulazizxon madrasasi, Xiyobon, Bozori Go‘sfand va Jo‘ybori Kalon madrasalari ham bunyod etildi. XVII asrda madrasa va masjidlar qurilishida ashtarxoniylar davrida yuqori nufuzga ega bo‘lgan ayrim amaldorlar ham o‘z hissalarini qo‘shishdi.

Me’morchilik

Shunday shaxslardan biri XVII asrning birinchi yarmidagi yirik amaldor va vazir Nodir devonbegi bo‘lib, uning mablag‘iga butun me’moriy ansambl – xonaqoh, hovuz va madrasa bunyod etilgan. U tomonidan bundan ilgariroq Buxoro Registonidagi Ark devorlari ostida Poyandabiy otaliq masjidi ham qurilgan.

Telpakfurushlar gumbazidan Registonga olib boruvchi yo‘lda, Bozori-av degan joyda Abdulazizxonning amaldori Muhammadyor otaliq tomonidan xonaqoh quriladi. Shu asrda bu markazda Bolohovuz masjidi ham bunyod etiladi.

Samarqand, Registon maydoni. Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari

Abdulazizxon madrasasi

Buxorodagi me’moriy yodgorliklardan biri bo‘lgan Abdulazizxon madrasasi ashtarxoniylarning beshinchi vakili Abdulazizxonning buyrug‘i bilan me’mor Mimxoqon ibn Xo‘ja Muhammadamin tomonidan Buxorodagi Ulug‘bek madrasasi qarshisida 1652-yilda bunyod etilgan.

Bu tarixiy obida o‘zidan avval qurilganlaridan uslubiy jihatdan ajralib turadi. Tashqi ko‘rinishi oddiy. Hovlisi keng, ikki qavatli. Ikki ayvon, qishki va yozgi masjidlardan iborat. Hujralari yozda salqin, qishda esa sovuq o‘tmaydigan qilib qurilgan. Naqshlarida turli mavjudotlarning quyoshga intilgan holati tasvirlangan. Xilma-xil geometrik shakllar esa tasviriy san’atning go‘zal unsurlari bilan uyg‘unlashib ketgan. O‘sha davr ustalari naqshinkor devorlarda uchayotgan semurg‘, guldon ostidan chiqayotgan ajdarlarni mahorat bilan tasvirlashgan.

Abdulazizxon madrasasi

Turli koshinlar orasidagi islimiy naqshlar – gullar surati ham ota-bobolarimizning o‘ta nozik did egalari bo‘lishganidan darak beradi. Madrasa tarkibidagi qishki masjidda o‘sha davr ustalari odam suratini bo‘yoqlar vositasida yashirin tarzda tushirganlar. Ular mehrobdagi sharafani odam boshidagi sallaga monand qilib yasaganlar. Shu bois ham kunning ma’lum bir paytida, aniqrog‘i, quyosh nuri tushgan pallada sal naridan turib mehrobga qarasangiz, u yerda sallali nuroniy bir kishini ko‘rasiz. Boshqa pallalarda esa bu tasvir “g‘oyib” bo‘lib qoladi. Bu tasvirni ko‘rgan sayyohlar esa “Buxoroning o‘zi mo‘jiza. Mo‘jizaning ichida mo‘jizani ko‘rishdan xursandmiz” deyishadi. Islimiy naqshlar qatorida afsonaviy jonivorlar tasviri ham berilgan. Madrasa hujralari, ayniqsa, janubiy ayvon peshtoqi turli-tuman naqshlar bilan bezatilgan. Naqshlar, asosan, moviy rang bo‘yoqlar bilan chizilgan.

Abdulazizxon madrasasi

Islimiy naqsh – o‘simliksimon shakldagi takrorlanuvchi taqsimlardan tuzilgan asosiy naqsh turi.

Bugungi kunda madrasa hovlisida sayyohlar uchun milliy musiqa va folklor tomoshalari ko‘rsatiladi. Shimoli-sharqiy burchagidagi miyonsaroyda Buxoro yog‘och o‘ymakorligi namunalaridan iborat ko‘rgazma tashkil etilgan.

Jo‘ybori Kalon madrasasi

Jo‘ybori Kalon madrasasi XVII asr o‘rtalarida xonlik poytaxtidagi Jo‘ybor mavzeyining Havzi nav guzarida bunyod etilgan. Buxorodagi eng nufuzli va mashhur madrasalardan edi. Tarixiy manbalarda Jo‘ybori Kalon madrasasiga oid ko‘plab ma’lumotlar berilgan. Bir qavatli madrasada 29 ta (ayrim manbalarda 21 ta) hujra va katta kutubxona bo‘lgan. Uning kutubxonasida 8 ming jilddan ortiq kitoblar saqlangan.

Jo‘ybori Kalon madrasasining bir necha nusxadan iborat vaqf hujjatlari saqlanib qolgan. Ulardan birida “Agar imoratning birorta g‘ishti siniq holda qolarkan, vazifadorlarning hech biriga bir chaqayam berilmasin!” deb yozilgan.

Jo‘ybori Kalon madrasasi

Jo‘ybori Kalon madrasasining qurilishida azaliy an’anaga rioya qilingan. Hashamatli peshtoq ichidagi darvoza orqali miyonsaroyga kiriladi. Miyonsaroydan chap qo‘lda masjid, o‘ng qo‘lda tomga chiqiladigan pillapoya va hujralar tizilmasi joylashgan. Ko‘cha va sahna tomonga qaratilgan yorug‘kirar gumbazlari orqali tutashtirilgan. Ko‘cha va sahna tomonga qaratilgan yorug‘lik kiruvchi girihlar panjaralari mavjud. Madrasa ichkari hovlisining devori bezaksiz. Hujralar yuza qismi, eshiklar ustiga obi g‘isht kesmalari bilan zeb berilgan.

Hovli o‘rtasida obrav – chiqindi suvlari tushib ketadigan yo‘l mavjud. Peshtoq chap qanot devorida uchta hujra bor. Devorlarning ko‘cha tomon yuziga arkalar bilan bezak berilgan. Peshtoq ikki tomonida guldasta, guldastada ko‘shk yo‘q. Madrasa bezaklari gulnoriy (bahor gullari rangiday bezak berish san’ati) rangda koshin bilan parchinkoriy qilingan. Peshtoq kitobasida yozuvlar bo‘lgan. Biroq bugungi kunda yozuvlardan bironta so‘z qolmagan. Peshtoqning yuza qismida koshinkoriy namunalar mavjud.

Ilm-fan

Bu davrda diniy mutaassiblik kuchaygan bo‘lsa-da, ilm ahllarining ijodi batamom to‘xtab qolgani yo‘q. Chunonchi, Abdulazizxon xattotlik san’atini mukammal egallagan bo‘lib, nas’h va nasta’liq xatlarida yuksak darajada yozish mahoratiga ega edi. Manbalarda qayd etilishicha, oliy hukmdorlik yillarida Hindiston, Eron va Usmonli davlatiga yo‘llanadigan maktublarni o‘zi tahrir qilgan. Ayrim hollarda shaxsan o‘zi ham maktub yozganligi qayd etiladi.

Sulolaning yana bir vakili Subhonqulixon davrida Buxoro Registonidagi Ark devorlari tagida 1682-yilda bir qavatli, sakkiz burchakli kasalxona qurilgan. “Buxoro taxtiga o‘tirishi bilan (Subhonqulixon) Buxoro Registoni ichida Zamzamni eslatuvchi hovuz qurishni buyurdi. Va bu yerda shifoxona uchun mo‘ljallangan bino – Dor ush-shifo qurdirdiki, unda kasallarni turli dorilar va ovqat bilan davolovchi mohir tabiblar xizmat qiladi”, deyiladi manbalarda.

Ilm-fan

Dor ush-shifoning binosi madrasa vazifasini ham o‘tagan. Unga doir vaqf hujjatiga ko‘ra, bu madrasa talabalarning tabobat va ilohiyot ilmlarini o‘rgatishga ixtisoslashgan edi. Bu yerda bemorlarga xizmat ham ko‘rsatilgan. Shuningdek, Subhonqulixonning tibbiyotga oid kitoblari jamlangan nodir kutubxonasi ham bo‘lgan.

Diniy mutaassiblik (dinga mukkasidan ketish) – o‘zi ergashgan g‘oyani birdan bir to‘g‘ri yo‘l deb qattiq ishonish, o‘zgalar va o‘zgacha qarashlarga nisbatan o‘ta murosasiz bo‘lish yoki ularni butunlay rad etish.

Subhonqulixon turli kasalliklar, ularni aniqlash va davolashga bag‘ishlangan “Ihyo at-tibbi Subhoniy” asarining muallifi sifatida mashhur bo‘lgan.

Ilm-fan

Dor ush-shifo madrasasi, 1922-yil

Subhonqulixon xonlikka qarashli hamma hududlarda yoz faslida barcha novvoylarga yopiladigan non yuziga kunjut urug‘ini sepishni buyurgan. Bundan ko‘zlangan maqsad kunjutning shifobaxsh xususiyati orqali yozgi ich ketishni kamaytirish bo‘lgan. Subhonqulixon farmoni bilan boshlangan bu tadbir keyinchalik odat tusiga aylangan.

Bilasizmi?

Tarix saboqlari

Subhonqulixonning “Ihyo at-tibbi Subhoniy” (“Subhoniy tibbiyoti bo‘yicha davolash”) asarida turli xil kasalliklarni aniqlash va davolash usullari haqida batafsil ma’lumot berilgan. Subhonqulixonning bu asari shu darajada ahamiyatli ediki, bu asar o‘sha davr hakimlari uchun yirik qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan. Uning ikkinchi asari 8 qismdan iborat bo‘lib, “Subhonning hayotbaxsh tibbiyoti” deb nomlangan.

Bu asar ham tabobat sohasidagi muhim asarlardan biri hisoblanadi. Jumladan, uning har bir qismida dorilarning sifatli tayyorlanishi va ishlatilishiga oid masalalar yoritilgan. Shuningdek, asarda insonning sog‘lig‘i uchun foydali bo‘lgan o‘simliklar haqida ham to‘xtalib o‘tilgan. Bu ikkala asar chindan ham o‘z davrining mukammal yozilgan ijod namunasi hisoblanadi.

Manbalarda

“Tib ilmida tengi yo‘q edilar, chunonchi, “Tibbi Subhoniy” buning qat’iy dalilidir. She’rga ta’bi baland edi. “Nishoniy”ni taxallus qilgan edilar”.

Husayn Boyqaro - Husayniy Shayboniyxon - shohbaxt Ubaydullaxon - ubaydiy, Qul ubaydiy Abudullaxon II - Xon Subhonqulixon - Nishoniy

Hoji Abdulazim Shar’iy, “Ayn at-tavorix” asaridan

Tarix saboqlari

XVII asrda Soqiy, Yusuf Qorabog‘iy, Turobiy, Sayido Nasafiy, Qosimxoja Samarqandiy, Fitrat, Mulham, So‘fi Olloyor, Mashrab kabi ijodkorlar faoliyat yuritgan.

Ashtarxoniylar davrida tarix fani bo‘yicha ham qator asarlar yaratilgan. Mahmud ibn Valining “Bahr ul-asror”, Xoja Samandar Termiziyning “Dastur al-muluk”, Muhammad Yusuf Munshiyning “Muqimxon tarixi”, Mir Muhammad Amin Buxoriyning “Ubaydullanoma”, Abdurahmon Tolening “Abulfayzxon tarixi”, Hojamqulixon Balxiyning “Qipchoqxon tarixi” va boshqa mualliflarning asarlari aynan shu sulola hukmronligi davrida yozilgan. Subhonqulixon adabiy soha bilan ham shug‘ullangan. Masalan, “Nishoniy” taxallusi bilan bir qancha asarlar yozgan.

Tarix saboqlari

Ashtarxoniylar hukmronligi yillarida, ayniqsa, XVII asrda matematika, astronomiya, geometriya (mulla Tursun Faroiziy, mulla Ne’mat Samarqandiy), musiqashunoslik (Abdullo Ofarinkentiy, Ali Buxoriy, mulla Rahmat Samarqandiy) sohalarida ham qator ishlar amalga oshirilgan.

Subhonqulixon astronomiyaga oid “Lub-lavoih al-qamar fi-l-ixtiyorat” (Oy nurining ixtiyorat uchun mohiyati) asarini o‘zidan oldin o‘tgan astronom olimlarning ma’lumotlariga asoslangan holda yozgan.

Ashtarxoniylar kitob san’ati rivojiga homiylik qilishgan. Bu davrda Buxoro maktabida diniy adabiyotlar – so‘fiylarning hayotiga oid asarlarga miniatyuralar ishlash rasm bo‘la boshlagan.

Tarix saboqlari

Ashtarxoniylar davrida yaratilgan miniatyuralar hoshiyalarida qayd etilgan Muhammad Sharif, Muhammad Muqim, Muhammad Darvish, Muhammad Murod, Avaz Muhammad, Muhammad Amin, Behzod, Mullo Gadoy nomlari Buxoro miniatyura maktabi vakillarining soni ko‘p bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu sulola hukmronligi davrida Hindiston bilan aloqalarning rivojlanishi tufayli miniatyura san’ati borasida ham ikki hudud musavvirlari o‘rtasida o‘zaro aloqalar rivojlanib, bu san’at turi an’analari bir-birini boyitib boradi.

Yosh olimlarning munozarasi,

1600–1630-yillar

Bilasizmi?

Kitob o‘qiyotgan o‘smir. Muhammad Sharif va Muhammad Murod

Samarqandiy. 1600–1630-yillar, Parij. Luvr

Piyola tutgan malika. Muhammad Sharif va

Muhammad Murod Samarqandiy. 1600– 1630-yillar, Frir galereyasi. Vashington

Muhammad Murod Samarqandiy. Saroydagi bazmga tayyorgarlik. Sa’diy, “Bo‘ston”, Buxoro.

1616-yil, Chester Bitti kutubxonasi, Dublin

Mustaqil faoliyat

1. “Yosh olimlarning munozarasi” miniatyurasini diqqat bilan kuzating va miniatyura asosida 10 ta gap tuzing. Berilgan voqeani tasvirlang. 2. Har bir asar haqida ma’lumot to‘plang, ularning chizilishi va o‘ziga xosligi haqida fikr bildiring. Shu davrga oid boshqa miniatyura asarlarini toping.

3. Bu asarlarning ranglari va chizilishiga, bugungi kungacha saqlanib qolganiga e’tibor qaratib, kimyo va unga yondosh bo‘lgan fanlar haqida mulohaza bildiring.

Savollar: 4. Tasviriy san’atning rivojlanishida qaysi soha ilmlariga tayaniladi?

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Ashtarxoniylar davrida yuqori nufuzli amaldorlar madrasa va masjidlar qurilishiga hissa qo‘shgan davr qaysi asrga to‘g‘ri keladi?
  1. XVIII asr
  2. XVII asr
  3. XVI asr
  4. XV asr

To‘g‘ri javob: XVII asr. XVII asrda ayrim yuqori nufuzli amaldorlar madrasa va masjidlar qurilishiga hissa qo‘shgan.

Samarqand Registonidagi Sherdor va Tillakori madrasalarini kim qurdirgan?
  1. Nodir devonbegi
  2. Yalangto‘sh Bahodir
  3. Qozi Soqiy
  4. Muhammadyor otaliq

To‘g‘ri javob: Yalangto‘sh Bahodir. Sherdor va Tillakori madrasalari Yalangto‘sh Bahodir tomonidan qurdirilgan.

Ashtarxoniylar davrida Buxoroda bunyod etilgan ikki qavatli masjid qaysi?
  1. Mag‘oki ko‘rpa masjidi
  2. Poyandabiy otaliq masjidi
  3. Bolohovuz masjidi
  4. Xiyobon masjidi

To‘g‘ri javob: Mag‘oki ko‘rpa masjidi. Buxoroda ikki qavatli Mag‘oki ko‘rpa masjidi qurilgan.

Abdulazizxon madrasasi nima sababdan “Zargarlar madrasasi” deb ham ataladi?
  1. Uni zargarlar qurdirgani uchun
  2. Hujralarida zargarlik o‘rgatilgani uchun
  3. Peshtoqi zar bilan bezatilgani uchun
  4. Zargarlar bozori yaqinida joylashgani uchun

To‘g‘ri javob: Zargarlar bozori yaqinida joylashgani uchun. Madrasa zargarlar bozori yaqinida joylashgani uchun shunday nom olgan.

Xonaqoh, hovuz va madrasadan iborat me’moriy ansambl bunyod etgan vazir Nodir devonbegi qaysi asrning birinchi yarmidagi yirik amaldor bo‘lgan?
  1. XVII asrning
  2. XVI asrning
  3. XVIII asrning
  4. XV asrning

To‘g‘ri javob: XVII asrning. Nodir devonbegi XVII asrning birinchi yarmidagi yirik amaldor va vazir bo‘lib, uning mablag‘iga ansambl qurilgan.

XVII asrning birinchi yarmida mablag‘i hisobiga xonaqoh, hovuz va madrasadan iborat me’moriy ansambl bunyod etilgan amaldor kim?
  1. Muhammadyor otaliq
  2. Yalangto‘sh Bahodir
  3. Nodir devonbegi
  4. Mimxoqon

To‘g‘ri javob: Nodir devonbegi. Yirik amaldor va vazir Nodir devonbegi mablag‘iga butun me’moriy ansambl bunyod etilgan.

Nodir devonbegi qurdirgan Poyandabiy otaliq masjidi qayerda joylashgan?
  1. Samarqand Registonida, Sherdor yonida
  2. Bozori-av degan joyda
  3. Buxoro Registonida, Ark devorlari ostida
  4. Jo‘ybor mavzeyining Havzi nav guzarida

To‘g‘ri javob: Buxoro Registonida, Ark devorlari ostida. Masjid Buxoro Registonidagi Ark devorlari ostida qurilgan.

Bozori-av degan joydagi xonaqohni kim qurdirgan?
  1. Subhonqulixonning amaldori Nodir devonbegi
  2. Abdulazizxonning amaldori Muhammadyor otaliq
  3. Imomqulixonning amaldori Qozi Soqiy otaliq
  4. Abdulazizxonning o‘g‘li Subhonqulixon sulton

To‘g‘ri javob: Abdulazizxonning amaldori Muhammadyor otaliq. Xonaqoh Abdulazizxon amaldori Muhammadyor otaliq tomonidan qurilgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiAshtarxoniylar davrida ijtimoiy-iqtisodiy hayotKeyingi →Mang‘itlar boshqaruvi davri