XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · O‘zbekiston tarixi · 14-§

Mang‘itlar boshqaruvi davri

MAMLAKATIMIZ TARIXIDA ASHTARXONIYLAR VA MANG‘ITLAR SULOLASI

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. 1740-yilda Buxoro tarixida qanday voqea yuz bergan edi? Bu voqeadan so‘ng Abulfayzxonning taqdiri qanday kechgan?
Savollar: 2. Abulfayzxonning hukmronligi ashtarxoniylarning maqomiga qanday ta’sir o‘tkazgan?

1756-yili Buxoroda hokimiyat tepasiga yangi sulola – mang‘itlar sulolasi keladi va davlatni 1920-yilgacha idora qiladi.

XVIII asr o‘rtalarida Buxoro xonligida

XVIII asr boshlarida Buxoro xonligi tarkibidan Farg‘ona vodiysi ajralib chiqishi mamlakatning bekliklarga bo‘linish xavfini keskin kuchaytiradi.

XVIII asr 40-yillariga kelib esa Buxoro xonligida siyosiy va iqtisodiy inqiroz yanada kuchayadi. Ashtarxoniylar sulolasining so‘nggi vakili Abulfayzxon siyosati natijasida xalqning moddiy ahvoli og‘irlashadi.

Eron shohi Nodirshohning Buxoro davlatiga hujumi, mamlakatning asosiy shaharlari bo‘lgan Buxoro va Samarqandning ular tomonidan egallanishi va talanishi oqibatida siyosiy vaziyat yanada murakkablashadi.

Ana shunday qaltis va nozik bir fursatda Buxoroda hokimiyat tepasiga mang‘itlar sulolasi keladi. Ashtarxoniylar saroyida dastlab miroxur va parvonachi lavozimlarida ishlagan Muhammad Hakimbiy qisqa fursatda Buxoro xonligidagi mang‘itlar qavmining yo‘lboshchisiga aylanadi.

XVIII asr o‘rtalarida Buxoro xonligida

Muhammad Hakimbiy ko‘p sonli mang‘itlar qavmi va urug‘ yo‘lboshchilariga tayanib, qatag‘on va kenagas urug‘lari, jumladan, shahrisabzlik Ibrohim Kenagasning qavmlariga qarshi Buxoroda markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun qattiq va murosasiz kurash olib boradi. Tez orada u saroyda devonbegi lavozimini egallaydi. Abulfayzxon tomonidan Muhammad Hakimbiy saroydagi barcha shahzodalar otaliqlarining boshlig‘i etib tayinlanadi hamda unga otaliq unvoni beriladi.

Muhammad Hakimbiy otaliq va qushbegi – bosh vazir sifatida mang‘itlar sulolasining Buxoroda hokimiyat tepasiga kelishi uchun yetarli shart-sharoit yaratib bergan. 1743-yilda Muhammad Hakimbiy vafotidan so‘ng uning o‘g‘li Muhammad Rahimbiy o‘zining muntazam qo‘shinga egaligidan foydalanib, hokimiyatga intiladi. Abdulfayzxon uni otasining o‘rniga tayinlashga majbur bo‘ladi.

XVIII asr o‘rtalarida Buxoro xonligida

1747-yilda Eron shohi Nodirshohning o‘ldirilishi Muhammad Rahimbiyning Buxoro taxtini egallashiga yo‘l ochadi. 1756-yilda u hokimiyatni to‘la egallaydi. Biroq mang‘itlar chingiziy bo‘lmaganligi uchun Muhammad Rahimbiy o‘zini xon emas, amir deb e’lon qiladi. Shu davrdan boshlab davlat nomi Buxoro amirligi deb yuritila boshlanadi. Muhammad Rahimbiy yirik yer egalarining davlatni boshqarish ishlarida shu vaqtgacha davom etib kelgan aralashuvlarini keskin kamaytirishga erisha oladi. Uning o‘limidan so‘ng hokimiyat amakisi Doniyolbiyga o‘tadi.

O‘limidan oldin Doniyolbiy to‘ng‘ich o‘g‘li Shohmurodni o‘zining vorisi deb e’lon qiladi. U o‘zini diniy ishlarga bag‘ishlab, ilohiyotga oid risolalar yozadi.

XVIII asr o‘rtalarida Buxoro xonligida

1785-yilda Buxoro shahrida kelib chiqqan qo‘zg‘olon natijasida mingdan ortiq kishi halok bo‘ladi. Shunday sharoitda hokimiyatga amir Shohmurod keladi.

U hokimiyat tepasiga kelgan dastlabki kunlaridanoq poytaxt shahar aholisining talablarini qondirishga harakat qiladi. Buxoro aholisiga ularni turli soliqlardan ozod etuvchi tarxon yorlig‘ini beradi.

Bilasizmi?

A. Zamonov. Mang‘itlar sulolasi haqida

Mang‘itlar turkiy qabila bo‘lib, ular Chingizxon davrida Amudaryoning chap sohiliga ko‘chirilgan edi. Mang‘itlar turkiy qabilalarning eng jasurlaridan biri bo‘lganligi uchun boshqa qabilalardan nufuzi yuqori bo‘lgan, Xiva xonlariga xizmat qilganlar. Keyinchalik Buxoro xonligida Qarshi atrofida o‘rnashib olganlar. Bir tarafdan o‘zlarining jangovar ruhi bilan, ikkinchi tarafdan xonlik saroyidagi e’tibor va ta’sirlari bilan obro‘ qozonganlar.

Mang‘itlarning bir qismi XV asr oxiri – XVI asr boshlarida Shayboniyxon bilan birga Movarounnahrga kirib keladi. Mang‘itlarning kichikroq qismi XVI asr boshlarida aka-uka shayboniylar Elbars va Bilbars qo‘shini tarkibida Xorazmga ham o‘rnashadi. Shu tariqa, mang‘itlar ikki davlat – Buxoro va Xorazm davlatlarining tashkil topishida qatnashgan.

Manbalarda

“Muhammad Rahim Buxoro amirlari orasida mamlakatning barcha hududlarida muayyan darajada tinchlikni saqlay olgan, davlatning chegaralarini mustahkamlagan hamda tashqi dushmanlardan himoya qilgan davlat boshliqlaridan biri. Davlatni qattiqqo‘llik asosida boshqarish unga isyonchilar bilan bo‘lgan to‘qnashuvda g‘alabaga erishish hamda Hisor va Shahrisabz bekliklarini amirlik tasarrufiga to‘liq o‘tkazish imkonini tug‘dirdi”.

Akbar Zamonov, “O‘zbekiston tarixi” kitobidan

Tarix saboqlari

Shohmurod mamlakatda yuzaga kelgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy holatni barqarorlashtirishga harakat qiladi. Jumladan, urug‘larning isyon chiqarishlariga barham berish maqsadida Zarafshon vohasida egallanmagan ko‘plab yerlarni tekinga tarqatib beradi.

Oqibatda vohada ko‘plab aholi o‘troqlasha boradi. Shuningdek, mamlakatning ichki ijtimoiy-iqtisodiy hayotini tartibga solish, ma’naviy hayotni jonlantirishga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshiriladi. Uning davrida Nodirshoh tomonidan bosib olingan Marv qaytarib olinadi. Shohmuroddan Rossiyaga elchilar boradi. Elchilarni imperator Yekaterina II qabul qiladi. Imperator Buxoroda madrasa qurish uchun 50 ming oltin rubl xayriya qiladi.

Tarix saboqlari

Amirlik hududini birlashtirish masalasida amir Nasrulla keskin harakat qiladi. Shahrisabz “yigirma yil davomidagi o‘ttiz ikki yurishdan so‘ng” Buxoroga qo‘shib olinadi. Kitob ham qo‘lga kiritiladi. Amir Nasrulla 1842-yilda hatto Qo‘qonni zabt etishga muvaffaq bo‘ladi. Lekin Buxoro yerlariga Olloqulixonning qo‘qqisdan bostirib kirishi Buxoro amirining vodiydan tezda qaytishiga sabab bo‘ladi.

Amir Nasrulla Qo‘qonda Ibrohim parvonachini boshqaruvchi etib tayinlab ketadi. Mahalliy aholiga nisbatan zulm o‘tkazgan bu shaxs ikki oydan so‘ng xalqning qarshilik kuchlari tomonidan ag‘darib tashlanadi. Nasrulla qo‘shinni qayta tuzib, unda tartib-intizom joriy qiladi. U Rossiya bilan do‘stona munosabat o‘rnatishga harakat qiladi.

Tarix saboqlari

Olloqulixon – 1825–1842-yillarda Xiva xonligini boshqargan qo‘ng‘irotlar yetakchisi.

Atamalar

Qushbegi – amirlikning bosh vaziri.

Xalq orasida “amiri ma’sum” – begunoh amir sifatida nom chiqargan Shohmurod, manbalarda ta’kidlanganidek, darveshona hayot kechirgan, ovqatlanishi va yeb-ichishi ham oddiy bo‘lgan edi. Uning kundalik xarajatlari bir tangadan oshmagan. U o‘z sharafiga turli dabdabali tadbirlar uyushtirilishiga yo‘l qo‘ymas edi.

Manbalarda

“Amir Nasrulla o‘ylamasdan Qo‘qonga Ibrohim parvonachi mang‘itni tayinlab, o‘zi Buxoroga qaytib ketdi. Ibrohim parvonachi esa kechagina urushdan chiqqan mahalliy aholiga nisbatan zulm o‘tkaza boshladi, ayniqsa, oliq-soliqlar borasida.

Natijada ikki oy o‘tib-o‘tmay asli minglardan bo‘lmish, qirq besh yil davomida tog‘lik yerlarda, qirg‘izlar orasida yashagan Sherali vaziyatdan xabar topib, tezda lashkar tortib keldi va Buxoro noibini ag‘dardi. Garchi amir Nasrulla ham qo‘shin tortib kelib, Qo‘qonni yana bir bor egallashga harakat qilgan bo‘lsa-da, biroq uddasidan chiqolmadi. Shu tariqa Buxoro va Qo‘qonni birlashtirish imkoni qo‘ldan ketdi”.

Manbalarda

O‘sha zamon voqealari guvohi, tarixchi

Muhammad Hakimxonning “Muntaxab at-tavorix” asaridan

Buxoro amirligi bayrog‘i va gerbi

Bilasizmi?

Buxoro amirligiga yuborilgan rus geografi, sharqshunosi va diplomati tomonidan yozilgan “Buxoro amirligining tavsifi” kitobida Amir Nasrullaxonning portreti berilgan. Bu surat Buxoro amirlarining musavvir tomonidan chizilgan dastlabki portretidir.

Davlat boshqaruvi

Mang‘itlar sulolasi vakillari ham davlatni boshqarishni asrlar davomida shakllangan o‘zbek davlatchilik an’analariga suyangan holda amalga oshirishadi. Markaziy boshqaruv to‘laligicha dargohda mujassamlashadi.

Qushbegi – bosh vazir mang‘itlar davrida oliy hukmdordan keyingi ikkinchi shaxs bo‘lib, mamlakat boshqaruvi, moliya, soliq, xazina, poytaxtdagi ahvol bilan bog‘liq eng muhim masalalarni nazorat qilgan. Shuningdek, unga barcha viloyatlar bo‘ysungan. Xususan, qushbegi poytaxt shahar va uning viloyati hokimi ham sanalgan.

Davlat boshqaruvida muhimligi jihatidan navbatdagi o‘rinda devonbegi turgan. U moliya vaziri maqomiga ega bo‘lgan. Bu lavozim egasini odatda quyi qushbegi deb ham atashgan. Uning bunday atalishiga sabab, bosh vazir – qushbegi arkda o‘tirib, faoliyat yuritgan bo‘lsa, asosan, zakot yig‘ish bilan bog‘liq ishlarga mutasaddi bo‘lgan devonbegi qarorgohi arkdan pastda joylashgan. Uning zimmasiga Qorako‘ldagi suv ta’minoti ham yuklangan.

Davlat boshqaruvi

Otaliq – shahzodalar tarbiyasiga mas’ul bo‘lgan amaldor. Bu lavozim egalari mang‘itlar davrida mamlakatning markaziy qismi – Samarqand va Buxoro o‘rtasidagi yerlarning suv ta’minotiga, sug‘orish masalalariga ham mutasaddi bo‘lgan. Parvonachi – oliy hukmdorning yorliqlarini amaldorlarga, umuman, tegishli kishilarga yetkazuvchi, arab millatiga mansub aholi bilan shug‘ullanuvchi mansab egasi. Dodxoh – jabrlanuvchilar arzini amirga yetkazish va javobini olib berishga mas’ul bo‘lgan shaxs. Ba’zi hollarda dodxoh oliy hukmdor ruxsati bilan o‘zi ham ularning talabini qondirishi mumkin edi.

Lavozimlardan yana biri inoq bo‘lib, u oliy hukmdor buyruqlarini hukumatdagi oddiy xizmatchilarga yetkazuvchi va buyruqning amalda bajarilishini nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi mansabdor sanalgan. Harbiy sohada eng yuqori darajada harbiy vazir turgan. Uni ko‘p hollarda lashkar to‘pchiboshisi deb atashgan. Mamlakat miqyosidagi xavfsizlik xizmatini ko‘kaldosh boshqargan. Haram xodimlari boshlig‘i – bosh xoja, qurilish ishlariga mas’ul – kutvol, bakovulboshi, oliy hukmdor va amaldorlarning xizmatidagilarni nazorat qilib turuvchi – kichik o‘roq, eshikog‘aboshi, miroxur, qurol-aslahaga mas’ul – qo‘rchiboshi, shahar, yo‘llar posboni – qorovulbegi, harbiy harakatlar davrida harbiylarni turiga qarab taqsimlovchi – udaychi, elchilar qabulini uyushtiruvchi – shig‘ovul kabi mansablar ham bo‘lgan.

Davlat boshqaruvi

Bu davrda shayxulislom, qozi, muftiy singari mansablar o‘zining ilgarigi mavqeyini saqlab qolgan. Ma’muriy-boshqaruv tizimida qozilar bilan bir qatorda muftiylar ham katta o‘rin tutishgan. Muftiylik lavozimini egallagan shaxslar qozilar kabi shariat asoslari va musulmon qonunshunosligi bo‘yicha keng qamrovli bilimga ega bo‘lishlari lozim edi. Muftiylarni tayinlash huquqi poytaxt Buxoroning qozikaloniga berilgan. Boshqaruv tizimida, shuningdek, rais (muhtasib), sadr (vaqf mulklari hisob-kitobi va nazorati bilan shug‘ullanuvchi) mansab egalari ham faoliyat yuritishgan. To‘qsabo mansabi ham juda ahamiyatli bo‘lib, u davlat bayrog‘ining saqlanishiga javobgar bo‘lgan. Bu lavozim egasi bayroqdor deb ham atalgan.

Mustaqil faoliyat

Savollar: 1. Qaysi lavozimlar shayboniylar va ashtarxoniylar davridagi boshqaruvda mavjud bo‘lgan? 2. Mang‘itlar davrida ulardan qaysi birlarining vazifasi o‘zgargan? 3. Quyida berilgan manbani o‘qing hamda Amir Shohmurodning faoliyatiga baho bering.

Manbalarda

“Uning saroyida zarracha dabdaba yo‘q edi... Kun kechirish uchun nihoyatda kam pul xarj qilinardi. Shu sababli u turli qo‘l mehnati bilan mashg‘ul bo‘lardi va tirikchiligi shundan edi. U hech kimnikidan farq qilmaydigan oddiy kiyim kiyardi. Uning odatiy ovqati non va suv edi. Xalq unga alohida ehtirom bilan munosabatda bo‘lardi...”

1794-yili Rossiyadan Buxoroga kelgan Timofey Burnashevning esdaliklaridan

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Buxoroda hokimiyat tepasiga mang‘itlar sulolasi qaysi yili kelgan?
  1. 1756-yili
  2. 1768-yili
  3. 1740-yili
  4. 1785-yili

To‘g‘ri javob: 1756-yili. 1756-yili Buxoroda hokimiyat tepasiga yangi sulola, ya’ni mang‘itlar sulolasi keladi.

Mang‘itlar sulolasi Buxoro davlatini qaysi yilgacha idora qilgan?
  1. 1911-yilgacha
  2. 1920-yilgacha
  3. 1900-yilgacha
  4. 1925-yilgacha

To‘g‘ri javob: 1920-yilgacha. Mang‘itlar 1756-yildan boshlab davlatni 1920-yilgacha idora qilgan.

Buxoroda mang‘itlar sulolasi qaysi yili hokimiyat tepasiga keldi?
  1. 1756-yili
  2. 1740-yili
  3. 1743-yili
  4. 1785-yili

To‘g‘ri javob: 1756-yili. 1756-yili Buxoroda hokimiyat tepasiga mang‘itlar sulolasi keldi.

Mang‘itlar sulolasi Buxoroda davlatni qaysi yilgacha idora qilgan?
  1. 1868-yilgacha
  2. 1885-yilgacha
  3. 1917-yilgacha
  4. 1920-yilgacha

To‘g‘ri javob: 1920-yilgacha. Mang‘itlar sulolasi davlatni 1920-yilgacha idora qilgan.

Farg‘ona vodiysi Buxoro xonligi tarkibidan qaysi asr boshlarida ajralib chiqqan?
  1. XIX asr
  2. XVIII asr
  3. XVII asr
  4. XVI asr

To‘g‘ri javob: XVIII asr. XVIII asr boshlarida Farg‘ona vodiysining ajralib chiqishi bekliklarga bo‘linish xavfini kuchaytirgan.

Buxoro xonligida siyosiy va iqtisodiy inqiroz XVIII asrning qaysi yillariga kelib yanada kuchaygan?
  1. 40-yillariga
  2. 60-yillariga
  3. 20-yillariga
  4. 80-yillariga

To‘g‘ri javob: 40-yillariga. XVIII asr 40-yillariga kelib Buxoro xonligida siyosiy va iqtisodiy inqiroz yanada kuchaygan.

Ashtarxoniylar sulolasining so‘nggi vakili kim bo‘lgan?
  1. Shohmurod
  2. Abulfayzxon
  3. Muhammad Rahimbiy
  4. Nodirshoh

To‘g‘ri javob: Abulfayzxon. Ashtarxoniylarning so‘nggi vakili Abulfayzxon edi.

Ashtarxoniylar saroyida dastlab miroxur va parvonachi lavozimlarida kim ishlagan?
  1. Muhammad Rahimbiy
  2. Doniyolbiy
  3. Muhammad Hakimbiy
  4. Ibrohim Kenagas

To‘g‘ri javob: Muhammad Hakimbiy. Muhammad Hakimbiy dastlab miroxur va parvonachi bo‘lib, keyin mang‘itlar yo‘lboshchisiga aylangan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiAshtarxoniylar davrida me’morchilik va ta’limKeyingi →Mang‘itlar davrida ijtimoiy-iqtisodiy hayot