XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · O‘zbekiston tarixi · 15-§

Mang‘itlar davrida ijtimoiy-iqtisodiy hayot

MAMLAKATIMIZ TARIXIDA ASHTARXONIYLAR VA MANG‘ITLAR SULOLASI

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Mang‘itlarning hokimiyat tepasiga kelishi xalq hayotida qanday o‘zgarishga sabab bo‘ldi? 2. Hokimiyat boshqaruvidagi sulolalarning o‘zgarishi iqtisodiy hayotga qanday ta’sir etadi? 3. Davlat siyosati va iqtisodiyot o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

Mamlakat aholisi

Mang‘itlar hukmronligi davrida ham xalqning katta qismini o‘troq aholi tashkil etgan. Ayni paytda ko‘chmanchi va yarimko‘chmanchi turmush kechiruvchi urug‘lar ham bor edi. Mang‘itlar Buxoro va Qarshi atroflarida, xitoylar Buxoro va Karmana, naymanlar Ziyovuddinda, qipchoqlar Kattaqo‘rg‘on va Samarqandda, saroylar Mirzacho‘lda, shuningdek, Samarqanddan Qarshiga boruvchi yo‘l bo‘ylab, Qarshi va uning o‘rtasidagi tog‘larda qo‘ng‘irotlar, G‘ijduvon atrofida do‘rmonlar, Nurda burgutlar, Shahrisabzda kenagaslar yashashgan.

O‘troq aholi sug‘orma dehqonchilik qilishga qulay bo‘lgan vohalar va ularda joylashgan shahar, qishloqlarda istiqomat qilishgan. Shuningdek, yarimko‘chmanchi hayot tarzini kechirgan abdal, qarluq, qang‘li, barlos, jaloyir va boshqalar, asosan, lalmi yerlarda yashab, dehqonchilik va chorvachilik bilan ham shug‘ullanishgan. Vardanza, Samarqand, Qarshi atroflarida yashab, bozorlariga qora va kulrang qorako‘l yetkazib bergan arablar aholining uncha katta bo‘lmagan qismini tashkil etgan.

Mamlakat aholisi

Marvlik oilalarning Samarqand atrofiga ko‘chib kelishi natijasida aholi soni ortgan. Forslar, turkmanlar, dasht yerlari va mamlakatning shimolida, shuningdek, Zarafshon vodiysida yashagan qoraqalpoqlar, shimoli-sharqda yashagan Kichik va O‘rta juz qozoqlari vakillari ham aholining muayyan qismini tashkil etgan. Mamlakatda Buxoro yahudiylari, Samarqand va Qorako‘l atrofida lo‘lilar, ruslar, tatarlar, afg‘onlar, hindlar, qalmiqlar yashagan.

Manbalarda

1832-yili Buxoroda bo‘lgan ingliz elchisi Aleksandr Byorns Buxoro qovunlari haqida yozar ekan, ularni hind va fors qovunlari bilan qiyoslab bo‘lmasligini, hatto mashhur afg‘on qovunlari ham ular bilan raqobatlasha olmasligini ta’kidlagan.

Aholining mashg‘ulotlari

Mang‘it amirlari ham sun’iy sug‘orish masalasiga jiddiy e’tibor berishgan. Chunonchi, yangi ariqlar bunyod etilgan va eskilarini ta’mirlash ishlariga alohida ahamiyat qaratishgan. Jumladan, urushqoq urug‘lar ishlov berilmagan yerlarga ko‘chirilgan. Bu ayni paytda turli urug‘larning o‘troqlashuviga ham sabab bo‘lgan. Ayni paytda o‘troqlashgan aholining xo‘jalik yuritishi uchun sun’iy sug‘orish tizimlari bunyod etilgan. Bu boradagi ishlar, ayniqsa, Zarafshon vohasida faol olib borilgan.

XVIII asrning 50-yillarida Panjikent, Sheroz, Urgut va Samarqand yaqinida Oqdaryo va Qoradaryodan qazilgan ariqlar tozalandi, ta’mirtalab holga tushib qolgan Darg‘om arig‘idagi suvayirg‘ich – to‘g‘on qayta tiklandi va yangilari bunyod etildi.

Aholining mashg‘ulotlari

Bu ishlar natijasida sun’iy sug‘orish tizimi yoqalab ko‘chmanchi aholining o‘troqlashish jarayoni kechgan. Bu esa, o‘z navbatida, dehqonchilikda band yerlarning kengayishiga olib keldi. Aholi, asosan, suvli, to‘qay hamda lalmi yerlarda dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik olib borilgan yerlar suvli yer deb atalgan va uning maydoni lalmi yerlar maydonidan katta edi. Bu yerlardan yilda ikki marta hosil olingan.

XVIII–XIX asrlarda mamlakat dalalarida g‘allachilik, paxtachilik, polizchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik kabi sohalar rivojlanib, turli ekinlar, mevalar yetishtirishning hajmi ortgan. Ular ichida donli o‘simliklar – bug‘doy, sholi, arpa, tariq, jo‘xori katta o‘rin egallagan.

Aholining mashg‘ulotlari

Miyonqol va Shahrisabzda yetishtirilgan sholi nihoyatda yuqori baholangan. Jo‘xorining turli navlari ekilib, yuqori hosil olingan. Yog‘ ishlab chiqarishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan kunjut, oddiy navli zig‘ir va uning alohida bir turi bo‘lgan indiv singari ekinlar ekilgan.

Turli poliz ekinlari ekilib, ulardan olingan hosil mamlakat bozorlaridagi ichki savdoda muhim o‘rin tutgan. Aholi kashnich, rayhon, bodyon, zira, shuningdek, turli gullar yetishtirish bilan ham shug‘ullangan.

XIX asrda birgina Samarqand va uning atroflarida atirgul, nastarin, to‘q qizil rangdagi atirgul (arg‘uvon), lola, havorang, qizil va oq binafshalar, oq, qizil va qashg‘ar gullari, qizil va oq xitoy atirguli, ra’no, zebo, hindi, tugma gullari va boshqalar ekilgan. Mamlakat va undan tashqarida bedona navli Shahrisabz anorlari, Samarqand shaftolilari, Shahrisabz yaqinidagi tog‘larda yetishtirilgan bodom mashhur edi.

Aholining mashg‘ulotlari

Suv taqsimotida tegirmon, uning yarmiga teng, 10–15 tanob yerni sug‘orishga yetadigan tosh, quloq o‘lchov birliklaridan hamda ravoqdan ham foydalanishgan. Bu moslama odatda toshko‘priklar ostida bunyod etilgan bo‘lib, uning yordamida 100 tanob yerni sug‘orishga yetadigan suv taqsimlab berilgan. Samarqand yaqinida bu yerdan Karmanagacha bo‘lgan yerlarni sug‘orishga qodir Zarafshonning suvini taqsimlash uchun 21 ravoq bor edi.

Amirlik hududida chorvachilik ham rivojlangan. Chorvachilikka ixtisoslashgan hududlarda qo‘y, qoramol, tuya va otning turli zotlari ko‘paytirilgan. Ular bilan nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham katta savdo amalga oshirilgan. Parrandachilik ham rivoj topgan. Aholi kaklik va baliq ovlash bilan ham shug‘ullangan.

Aholining mashg‘ulotlari

Mang‘itlar davrida ham mamlakat hayotida shaharlar muhim o‘rin tutgan. Ulardan biri poytaxt Buxoro bo‘lib, sulola vakillari olib borgan siyosat natijasida uning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy mavqeyi va salohiyati yanada oshib boradi. Shaharda ko‘plab savdo inshootlari, madaniy muassasalar, jamoat binolari quriladi.

Bu davrga kelib Samarqand o‘zining ilgarigi mavqeyini tiklaydi. Mang‘it amirlarining harakati bilan shahar asta-sekin aholi bilan to‘lib boradi. Ichki va tashqi savdo keng rivojlanadi. Savdo taraqqiyoti natijasida Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Qarshi kabi shaharlarning iqtisodiy qudrati o‘sadi.

Buxoroda kiyinish madaniyati turli davrlarda turlicha bo‘lgan. U asrlar davomida mavjud bo‘lgan urf-odat va an’analarga asoslangan.

Aholining mashg‘ulotlari

Bu davrda milliy kiyimlarni tikishning o‘ziga xos uslubi shakllangan. O‘zbek xalqi o‘zining milliy marosimlari uchun alohida kiyingan. Urf-odat yoki marosim kiyimlari o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lgan.

Bilasizmi?

Buxoro amirlari tomonidan rus podshosiga hadya sifatida yuborilgan harbiy chodir.

U hozirda Rossiyaning eng yirik muzeyi bo‘lmish Ermitajda saqlanmoqda.

Chodirning maxsus ramka dizayni tashrif buyuruvchilarga uning bezaklarining tashqi va ichki tomonlarini tomosha qilish imkonini beradi.

O‘ylab ko‘ring

1. Rasmlarga qarab mang‘itlar davrida ayollar va erkaklarning liboslari qanday bo‘lganligini mulohaza qiling.

2. Har bir rasmdagi elementlarga e’tibor bering.

Bilasizmi?

1. Erkaklar bosh kiyimi. 2. Sallapo‘sh. 3. Ayollar bosh kiyimi – kaltapo‘shak.

4. Ayollar bosh kiyimi – peshonabog‘.

5. Kamar. 6. Peshonabog‘. 7. Ayollar oyoq kiyimi – mahsi. 8. Erkaklar oyoq kiyimi – etik. 9. Erkaklar oyoq kiyimi – kavush. 10. Kattalar kiyimi. 11. Bolalar va yoshlar kiyimi.

Hunarmandchilik

Hunarmandchilikda talab katta bo‘lgan mahsulot paxta edi. Dehqonlar uni o‘zlarining ehtiyojlari va sotish uchun yetishtirishgan. Paxta mamlakatning ko‘p yerlarida ekilgan. Shu bilan bir qatorda aynan ushbu mahsulotni yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlar mavjud edi. Buxoro, Shahrisabz, Kattaqo‘rg‘on va boshqa tumanlar shular jumlasidandir. Bu hududlarda oq va toza navli hisoblangan hamda biroz qizg‘ish tusga ega g‘o‘za urug‘lari ekilgan. Ushbu dehqonchilik mahsulotiga Rossiyada talab katta edi.

Tashqi savdo aloqalarida tovar ahamiyatiga ega paxtaga Rossiyada ehtiyojning ortishi mamlakatda bu dehqonchilik ekini ekiladigan yer maydonlarining kengayishiga olib keladi. Bu davrda tamaki ham yetishtirilgan. Ayniqsa, Qarshi atrofida, Urgut va Kattaqo‘rg‘onda yetishtirilgan tamaki yuqori baholangan.

Hunarmandchilik

Mamlakatda turli bo‘yoqlar beruvchi o‘simliklar ham o‘stirilgan. Yetishtirilgan ro‘yon, isparak, buzg‘unch ko‘p hollarda tovar ahamiyatiga ega bo‘lib, xorijga ham chiqarilgan. Masalan, buzg‘unch Buxorodan Hirotga olib borilgan.

Pul va savdo munosabatlari

1785-yilda pul muomalasi borasidagi tartibsizliklarga barham beruvchi islohot o‘tkaziladi. Kumush tangalarning og‘irligi, kattaligi, aslligi, zarb etish yo‘li, tangadagi yozuvlar mazmuni va bezaklar o‘zgartiriladi. Shayboniylar va ashtarxoniylar hukmronligi davrida qariyb ikki yarim asr mobaynida kumush tangalar har xil asllik darajasiga ega bo‘lsa-da, ularning og‘irligi bir misqolga teng bo‘lgan.

1785-yili kumush tangalar kichkina, yumaloq shaklda bo‘lib, yuqori soflik darajasiga ega edi. Ushbu islohot natijasida eski tangalar muomaladan chiqariladi. Faqat 1753–1758-yillarda amir Muhammad Rahim tomonidan chiqarilgan tanga – miri muomalada qoldiriladi.

Pul va savdo munosabatlari

Mang‘itlar hukmronligi davrida savdo-hunarmandchilik muassasalari yirik mulkdorlar – oliy hukmdor, turli toifadagi amaldorlar, qabila boshliqlari, ulamolarning yirik vakillari va boshqalar qo‘lida to‘plana borgan. Qishloq yerlari va shaharlardagi ko‘chmas mulk va savdo-hunarmandchilik muassasalaridan keladigan foydaga ular yangi mulklarni sotib olishgan.

Xalqaro savdo bilan shug‘ullanib, uzoq yurtlarga savdo karvonlarini jo‘natishgan. Bu davrda muayyan pul miqdoriga ega har bir shaxs savdo bilan shug‘ullangan. Biroq ular tomonidan o‘zlashtirilgan bu boyliklar ishlab chiqarish jarayoniga sarflanmagan va mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qilmagan.

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. Qishloq yerlari va shaharlardagi ko‘chmas mulk va savdo-hunarmandchilik muassasalaridan keladigan foydaga yangi mulklarning sotib olinishi natijasida qanday iqtisodiy jarayonlar yuzaga keladi?

2. Jahon tarixidan olgan bilimlaringizga tayanib Rus-turk urushining sabablarini eslang.

Tashqi siyosat

Bu davrda rus-turk munosabatlarining keskinlashuvi natijasida Usmonli sultonligi Buxoroga yuborgan elchisi Olamgir Mehmed Sayidog‘a amir Shohmuroddan rus hukumatiga qarshi chiqishni so‘raydi. Qipchoq dashtida yashovchi “qirg‘izlar va qozoqlar” orasida ruslarga qarshi g‘azavot g‘oyasini targ‘ib qilish, Rossiyada yuz berayotgan voqeliklar haqida usmonlilarni xabardor qilib turish kabilarni iltimos qiladi.

Amir Shohmurod qurol-aslahalar usmonlilar tomonidan yetkazib berilsa, harbiy harakatlarni boshlashi va Rossiya bilan chegaradosh yerlarda harbiy istehkomlar qurishi mumkinligini bildiradi.

Mang‘itlar Istanbulga o‘ndan ortiq elchilar yuboradi. Elchilar orqali yuborilgan maktublarda mamlakat sarhadlarida yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida bildirilib, usmonlilardan qurol-yarog‘, ishlab chiqarishning turli sohalarida ustalar, shuningdek, tog‘-kon ishlari, metallurgiya, tibbiyotga oid kitoblar, diniy adabiyotlar ham so‘raladi.

Tashqi siyosat

Biroq bunga javoban usmonlilar tomoni kitoblarni yuborish bilan chegaralanib qolgani inobatga olinsa, biror-bir amaliy yordam ko‘rsatilmagan.

Hindistonda mustahkam o‘rnashib olgan inglizlar XIX asrning ikkinchi o‘nyilligidan e’tiboran Turonga katta qiziqish bildira boshlaydi. Inglizlar turli safarlar orqali mintaqadagi siyosiy vaziyat, hududning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlari, karvon yo‘llarini o‘rganadilar. Buxoroga kelgan U. Murkroft va D. Trebek, A. Byorns, A. Konolli va Ch. Stoddartlar Ost-Indiya kompaniyasining maxfiy topshiriqlarini bajaradilar.

Buyuk Britaniyaning o‘zbek davlati bilan munosabatlari faollashishini o‘z zarariga yo‘ygan rus hukumati Turonni egallash bilan bog‘liq yangi rejalar tuza boshlaydi. Rus hukumati tomonidan yuborilgan elchiliklar o‘zbek davlatlari haqida to‘liq ma’lumot to‘plash kabi vazifalarni amalga oshiradi. Ayni paytda rus hukumati tomonidan zimdan harbiy yurishlarga tayyorgarlik boshlangan edi.

Xulosa

“Mahalliy mahsulotlarning hammasi juda arzondir va shuning uchun Buxoroning ko‘ylak bozori serhasham kiyim bilan Xitoy Tatariyasiga qadar barcha musulmonlarni ta’minlaydi”.

Arminiy Vamberi, 1863-yili Turkistonda bo‘lgan vengriyalik sayyoh va olim

Qrim aslida Rossiya tarkibiga 1783-yilda va rasmiy ravishda – Rossiya va Usmonli imperiyalari o‘rtasidagi Yassi tinchlik shartnomasiga binoan 1791-yil 29-dekabr (1792-yil 9-yanvar) da o‘tadi.

Rossiyaning Qrimda mustahkam o‘rnashib olishga qaratilgan birinchi urinishi imperator Pyotr Buyuk hukmronligining boshlanishiga (Azov kampaniyasi) to‘g‘ri keladi. Ammo Shimoliy urush natijasiga ko‘ra Rossiya uchun Yevropaga darcha ochiladi va Istanbulda Qrim bo‘yicha shartnoma tuziladi. Qrimni qo‘shib olish Pyotr I ga nasib qilmaydi. Uni imperator Yekaterina II amalga oshiradi.

Xulosa

1. Bu davrda muayyan pul miqdoriga ega har bir shaxs savdo bilan shug‘ullangan. Biroq ular tomonidan o‘zlashtirilgan bu boyliklar ishlab chiqarish jarayoniga sarflanmagan va mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qilmagan. Topshiriq:

Savollar: Ushbu holat mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatgan?
Savollar: “Ishlab chiqarish jarayoni” deganda nimani tushundingiz? Ishlab chiqarish rivojlanmasa, faqat savdoning o‘zi bilan mamlakat iqtisodi rivojlana oladimi?

2. O‘rganilayotgan davrda Yevropa davlatlari iqtisodini Buxoro davlati iqtisodi bilan solishtiring. Xulosalaringizni yozing.

Savollar: Mamlakat iqtisodiyotidagi muammolar davlat mustaqilligining barqarorligiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Fikringizni asoslang.
Savollar: Agar siz shu davrga tushib qolsangiz iqtisodiyotning qaysi sohasini rivojlantirgan bo‘lardingiz?

Xulosa

Savollar: 3. Rossiya–Buyuk Britaniya munosabatlari Buxoroning ichki siyosatiga, iqtisodiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
Savollar: 4. Mang‘itlarning Usmonli sultonligi bilan munosabatlaridan ko‘zlagan maqsadi nima edi?

5. Nima sababdan rus hukumati Buyuk Britaniyaning Buxoro amirligi bilan munosabatlari faollashishini o‘z zarariga yo‘yganligini misollar bilan tushuntiring.

O‘ylab ko‘ring

Savollar: 1. XVII–XVIII asrlarda jahon ilm-fani yuksak taraqqiy etganligiga misollar keltiring. 2. Fanning qaysi sohalari rivojlanib borgan? Bu sohalar mamlakatlar rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatgan?
Savollar: 3. XVIII asrda sanoatda qanday tub o‘zgarishlar yuz bergan? 4. Ilm-fanning rivojlanishi uchun qanday omillar zarur? Mang‘itlar bu omillarga qanchalik e’tibor berishgan?

Tarix saboqlari

“... jahonda erishilgan marralardan xabarsizlik” degan jumlani “Kimki axborotga ega bo‘lsa, u dunyoga egalik qiladi” degan fikr bilan tushuntiring. Axborotga ega bo‘lish va ilm o‘rganish, zamonaviy kasblarni tanlash mamlakat iqtisodini qay darajada belgilaydi? Misollar bilan tushuntiring.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Mang‘itlar davrida qipchoqlar qaysi hududlarda yashagan?
  1. Ziyovuddin va Karmana atrofida
  2. Kattaqo‘rg‘on va Samarqandda
  3. Mirzacho‘l va Jizzax atrofida
  4. G‘ijduvon va Vobkent atrofida

To‘g‘ri javob: Kattaqo‘rg‘on va Samarqandda. Matnda qipchoqlar Kattaqo‘rg‘on va Samarqandda yashagani aytilgan.

Shahrisabzda qaysi urug‘ yashagan?
  1. Burgutlar
  2. Do‘rmonlar
  3. Qo‘ng‘irotlar
  4. Kenagaslar

To‘g‘ri javob: Kenagaslar. Shahrisabzda kenagaslar yashagan.

Vardanza, Samarqand va Qarshi atroflarida yashab, bozorlarga qora va kulrang qorako‘l yetkazib bergan xalq qaysi?
  1. Arablar
  2. Forslar
  3. Lo‘lilar
  4. Qalmiqlar

To‘g‘ri javob: Arablar. Qorako‘l yetkazgan arablar aholining uncha katta bo‘lmagan qismini tashkil etgan.

Lalmi yerlarda yashab, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan yarimko‘chmanchi urug‘lar qaysilar?
  1. Forslar, tojiklar, arablar, hindlar, yahudiylar
  2. Turkmanlar, qozoqlar, qirg‘izlar, qalmoqlar
  3. Abdal, qarluq, qang‘li, barlos, jaloyir
  4. Ruslar, tatarlar, afg‘onlar, armanlar, yunonlar

To‘g‘ri javob: Abdal, qarluq, qang‘li, barlos, jaloyir. Matnda yarimko‘chmanchi hayot kechirgan urug‘lar sifatida shular sanalgan.

Urug‘larni ular yashagan hududlar bilan moslang. A. Naymanlar. B. Qipchoqlar. C. Do‘rmonlar. D. Kenagaslar. 1. Ziyovuddin. 2. Kattaqo‘rg‘on va Samarqand. 3. G‘ijduvon atrofi. 4. Shahrisabz.
  1. A–1, B–2, C–3, D–4
  2. A–2, B–1, C–3, D–4
  3. A–1, B–2, C–4, D–3
  4. A–1, B–3, C–2, D–4

To‘g‘ri javob: A–1, B–2, C–3, D–4. Naymanlar Ziyovuddinda, qipchoqlar Kattaqo‘rg‘on va Samarqandda, do‘rmonlar G‘ijduvon atrofida, kenagaslar Shahrisabzda yashagan.

Marvlik oilalarning Samarqand atrofiga ko‘chib kelishi qanday natija berdi?
  1. Aholi soni kamaydi
  2. Samarqand poytaxtga aylandi
  3. Aholi soni ortdi
  4. Dehqonchilik to‘xtadi

To‘g‘ri javob: Aholi soni ortdi. Matnga ko‘ra, ko‘chib kelish natijasida aholi soni ortgan.

Kichik va O‘rta juz qozoqlari vakillari mamlakatning qaysi tomonida yashagan?
  1. Shimoli-sharqda
  2. Janubi-g‘arbda
  3. Zarafshon vodiysida
  4. Mirzacho‘lda

To‘g‘ri javob: Shimoli-sharqda. Ular shimoli-sharqda yashagan.

Ingliz elchisi Aleksandr Byorns Buxoroda qaysi yili bo‘lgan?
  1. 1820-yili
  2. 1842-yili
  3. 1863-yili
  4. 1832-yili

To‘g‘ri javob: 1832-yili. Aleksandr Byorns 1832-yili Buxoroda bo‘lib, Buxoro qovunlarini yuqori baholagan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMang‘itlar boshqaruvi davriKeyingi →Mang‘itlar davrida ilm-fan va madaniyat